OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

08.01.2005. SUV BALOSIDAN ASRASIN! (arxiv)

Ko‘pchilik yangi yilni kutib olish va uni ko‘ngildagidek qilib o‘tkazish niyatida yurgan bir paytda OAVlarda tarqalgan bir xabar hammani karaxt holga solib qo‘ydi. «Voy yomon bo‘libdi, yangi yil arafasida-ya, shuncha odam o‘libdi» degan bir-biridan xavotirli va vahimali gap-so‘zlar tarqala boshladi.

Ha, Janubiy Osiyo davlatlari ustiga yopirilgan kuchli to‘fon shu kungacha 150 mingga yaqin kishilar hayotiga zomin bo‘ldi. Yana minglab odamlar esa, tabiatning bu injiqligi sabab uy-joysiz qoldi.

Sunamilar tarixiga nazar tashlar ekanmiz, 1998 yilning 17 iyulida Papua-Yangi Gvineya orollari Shimoliy sohili yonida kuchli zilzila ro‘y berganini va bu kuchli tsunamini keltirib chiqarganligini aytib o‘tishimiz kerak. O‘shanda 2000 kishi qurbon bo‘lgan, minglab aholi boshpanasiz qolgandi.

1976 yil 16 avgust kuni dahshatli katta to‘lqin Filippindagi Moro ko‘rfazida 5 mingdan ortiq kishining umrini tugatgan. 1964 yil 28 martda Alyaska qirg‘og‘i yaqinida kuchli zilzila bo‘ldi. Sunami uchta qishloqni yer yuzidan supurib tashladi, 107 kishi halok bo‘ldi. 1960 yilning 22 mayi Tinch okeanida vujudga kelgan 17 metrlik tsunami ko‘pchilikning esida qoldi. Chilida mingga yaqin, Gavayya orollarida 61 kishi ko‘z yumdi. Filippinda, Okinava va Yaponiyada inshootlar vayron bo‘ldi. 1896 yil 15 iyul. Yaponiya aholisining 26 mingi balandligi 20 metrdan oshgan tsunami tufayli bu yorug‘ olam bilan xayrlashgan.

So‘nggi 40 yillikning eng dahshatli tabiiy ofati deb atalayotgan tsunamidan zarar ko‘rganlar va ko‘rayotganlar kundan-kun ko‘paymoqda. Ushbu tabiiy ofat qanday ekologik muammolarni keltirib chiqaradi? Undan zarar ko‘rgan davlatlarda endi qanday muammolar paydo bo‘ladi?

Birinchi muammo shundaki, buni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ham har lahzada ta’kidlab turibdi, agar jasadlar vaqtida ko‘milmasa yoki kuydirilmasa, u yerda turli yuqumli kasalliklar ko‘payishi, buning oqibatida yana minglab kishilar bu dunyo bilan xayrlashishi mumkin. Toza ichimlik suvi, dori-darmonlar yetkazilmas ekan, o‘sha yerda turli zararli hashoratlarning ko‘payishi ehtimoli yuqoriligicha qolaveradi.

Tabiiy ofat keltirgan yana bir zarar, u eng qadimiy qabila hisoblangan negritlarning yer yuzidan butunlay supurib tashlaganidir. Negritlarning yo‘q bo‘lib ketishi insoniyat va ilm-fan uchun katta yo‘qotish bo‘ladi, deb xabar bermoqda axborot agentliklari.

Sunami nafaqat tabiiy ofat, balki u iqtisodiy ofat hamdir. Janubiy Osiyo mamlakatlarining tsunamidan zarar ko‘rgan davlatlari rahbarlari bu hududlarda iqtisodiy vaziyat ham keskin darajada yomonlashganligini, iqtisodiy ko‘rsatgichlar tsunami tufayli tushib ketganligini bildirmoqda. Jahon hamjamiyati bu falokat oqibatlarini bartaraf etish uchun 250 milliard dollar sarflash kerakligi to‘g‘risida aytmoqda.

Jahon banki esa, fojeadan jabr ko‘rganlar uchun 250 mln. ajratdi. Deyarli hamma mamlakatlarda qator xayriya marafonlari, xayriya kechalari o‘tkazilib, tsunamidan zarar ko‘rganlarga yordam berish jamg‘armasi hisobiga pul ishlanmoqda.

Tabiiy ofat o‘z nomi bilan tabiiy. Uning qarshisida odamzot ojiz va notavon bo‘lib qoladi. Janubiy Osiyo davlatlarida bo‘lgan kuchli to‘fon ham insoniyatning qanchalik kuchsiz ekanligini yana bir bor isbotladi.

Maqolaga nuqta qo‘yishdan avval xalqimizning «o‘t balosidan, suv balosidan asrasin» degan gapi behikmat emasligini aytib o‘tmoqchi edik.

Mahmud ILHOMOV, 
Toshkent moliya instituti dotsenti,
Fazilat FOZILOVA, 
Toshkent moliya instituti talabasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.