OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

22.10.2004. 2004 YILGI NOBEL MUKOFOTI SOHIBLARI (arxiv)

Nobel mukofotini barcha yaxshi biladi. Yilda bir marotaba e’lon qilinadigan ushbu sovrin Yer kurrasida qilingan olamshumul kashfiyotlar va ixtirolar uchun beriladi. Alfred Nobelning vasiyatiga ko‘ra, taqdimot faoliyati 1895 yilning 27 noyabrida boshlandi.

Dunyo bo‘yicha eng katta pul mukofoti ham ayni Nobel tashkiliy qo‘mitasi tomonidan taqdim etiladi. Ushbu sovrin 5 yo‘nalish bo‘yicha ajratiladi. Bular — fizika, kimyo, fiziologiya va tibbiyot, adabiyot va ona zaminda tinchlikni mustahkamlashdagi mehnatlari uchun. Tinchlik uchun kurash yo‘nalishi ichiga ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga doir loyihalar ham kiritiladi. Birinchi pullik mukofotlar miqdori 1901 yilda 150 ming shved kronini tashkil qilar edi. 2001 yildan boshlab mukofotlar miqdori 10 mln shved kronasi, ya’ni 1 million dollar miqdorida to‘lanadi.Bu yil ham mukofot o‘z egalarini topib, dunyo ilmiy va adabiy rivojiga hissa qo‘shayotgan shaxslarga topshirildi.

ADABIYOT
Elfrida Yelinek — dunyo adabiyotining rivojiga qo‘shgan alohida o‘rni uchun. Uning qalamiga mansub novellalar va pesalar o‘ziga xos musiqiy tarz-da ifoda etilib, ba’zi insonlarning bir-birlariga bo‘lgan jirkanch munosabatlarini original tarzda ochib bergan, deya izohlandi. Biroq avstriyalik yozuvchi Elfrida Yelinek mukofotni olish uchun Stokgolmga borishdan bosh tortdi. Uning aytishicha, oxirgi vaqtlarda sog‘ligi biror yerlarga borishga yo‘l qo‘ymayapti. Uning nazarida undan ko‘ra Nobel mukofotiga ko‘proq yozuvchi Peter Xondke loyiq edi. Mukofot ta’sis etilgandan buyon adabiyot yo‘nalishida faqatgina 10 nafar ayol kishi ushbu yutuqni qo‘lga kiritgan edi. Pul miqdori 1,1 mln yevro deb belgilab berildi.

IQTISODIYOT
Iqtisodiyot yo‘nalishida ikki shaxs — bular norvegiyalik Finn Kyudland va amerikalik bankir Edvard Preskott-ga nasib etdi. Ular iqtisodi-yotda yangi nazariya yaratib va shu bilan biznesni yangi iqtisodiy pog‘onaga ko‘taradigan loyiha ustida bosh qotirib, g‘olib chiqishdi.

TINCHLIK UCHUN KURASH
Yer kurrasida tinchlikni mustahkamlash va ona zaminni asrashga qo‘shgan alohida o‘rni uchun mukofot 64 yoshli keniyalik ayol Vangari Maataiga taqdim etildi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha juda ko‘plab dastur va loyihalar Nobel mukofoti tashkiliy qo‘mitasiga topshirilgan edi. Hattoki taqdimotdan oldin ko‘plab sotsiologlar umuman boshqa kishilarning ism-shariflarini ko‘rsatishgan. Birlamchi taxminlarga ko‘ra, sovrin MAGATE bosh direktori Muhammad al-Baradeyga topshirilish ehtimoli ham bor edi. Biroq tashkiliy qo‘mita bu gal mukofotni afrikalik ekolog, jahonda tinchlik uchun faol kurashayotgan ayolga topshirdi. Vangari Maataining aytishicha, u buni umuman kutmagan edi. Ushbu qaror 21 sentyabrda o‘z tasdig‘ini topdi.

Nobel mukofoti tashkiliy qo‘mitasining matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yildagi mukofotni qo‘lga kiritish uchun 194 nomzodning loyihalari ko‘rsatilgan bo‘lib, ulardan elligini tashkilotlar tashkil qildi. Jamg‘arma qoidalariga ko‘ra, hech qaysi tashkilot, jamg‘arma yoki shaxsning nomi marosimdan oldin oshkor qilinmaydi. Shu sababdan so‘nggi kungacha jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bu yilgi eng yuksak mukofot sohibi kimligini bilishmas edi. 
Afrikaning Keniya davlatida yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan Vangari xonim birinchilardan bo‘lib 1977 yilda «Yashil kamar» deya nomlangan ekologik harakatga asos soldi. Chamasi, o‘n yillardan keyin ijtimoiy ekologik harakat Keniya chegaralaridan chiqib ketib, butun mintaqada o‘zining ezgu maqsadlarini tarqata boshladi. Harakatning asosiy maqsadi Keniya va butun Afrika qit’asida imkon qadar ko‘proq daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirishni targ‘ib qilishdir. Ayniqsa, Keniya davlati uchun bu juda muhim vazifa edi. Chunki birlamchi ko‘kalamzorlashtirish daryolar muhofazasi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lsa, mamlakat aholisining 90 foizi o‘tin yoqish bilan qozonini qaynatar edi.

«Yashil kamar» tabiatni muhofaza qilish harakati chorak asr ichida 25 milliondan ziyodroq daraxt ekkan. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Nobel sohibasi Keniyada birinchilardan bo‘lib doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan va professor darajasini qo‘lga kiritgan. Unga bir necha bor suiqasdlar uyushtirilgan bo‘lsa-da, o‘z maqsadi va yo‘lidan qaytmagan.

2002 yilda Keniya prezidentligiga bo‘lgan saylovlarda qatnashgan. Nobel mukofoti faoliyatida ayni shu yo‘nalish bo‘yicha Vangari Maatai o‘n birinchi ayoldir. Unga ajratilgan pul mukofoti 1,3 mln. yevroni tashkil qildi.

TIBBIYOT VA FIZIOLOGIYA
Britaniyalik va amerikalik olimlar genetik regulyatsiya, ya’ni inson organizmidagi hujayralarning rivojlanishi hamda o‘zini o‘zi muhofaza qilish ustida uzoq yillar mehnat qilishdi. Ushbu tadqiqotchilar OITS, saraton va boshqa hozircha bedavo kasalliklarning inson organizmida bo‘lgan hayotini yoritib berishga o‘z hissasini qo‘shdi. Genetik va fiziologlar, britaniyalik olimlar Sidni Brenner, Jon Salston va amerikalik olim Robert Xorvitslar oliy mukofotga sazovor bo‘lishdi.

KIMYO
Shvetsiya qirollik akademiyasi kimyo yo‘nalishi bo‘yicha sovrinlarni ikki isroillik bioximik va bir amerikalik bioximik mehnatlari uchun ajratdi. Avraam Gershko va Aaron Sixanoverlar Isroilning Xayf shahridagi Texnion instituti bioximiklari. Irvin Rouz esa, amerikalik bioximik, Kaliforniya universitetida faoliyat ko‘rsatadi.

Ushbu olimlarning ixtirolari 1980 yillarda amalga oshirilgan edi. Oradan bir necha o‘n yillar o‘tgach, bu olimlarning mehnati o‘z mevasini berdi. Uning ahamiyati yetuk olimlar tomonidan tan olindi. Ixtironing mohiyati shundaki, tirik organizm hujayralari o‘lik, ya’ni keraksiz bo‘lgan oqsillardan voz kechadi. Bular hammasi organizm immunitetiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Olimlar ko‘p yillik mehnatlari mobaynida inson organizmini himoyalash va saraton kasalligiga qarshi birmuncha yordam beradigan dorivor preparatlar yaratishdi. 2000 yilda olimlar Albert Lasker mukofotiga sazovor bo‘lishgan edi.

FIZIKA
AQShlik fiziklar o‘z mukofotlarini 30 yil mobaynida kutishdi. Ular Devid Groos, Devid Politser va Frenk Vilchek. Ularning yadro fizikasidagi tadqiqotlari endigina e’tiborga sazovor bo‘ldi. Uchovlon olim AQShning turli universitetlarida faoliyat yuritishadi. Ularga ajratilgan pul mukofoti 1,1 mln yevroni tashkil qildi. Xuddi shunday holat rus olimi Petr Kapitsa bilan ham sodir bo‘lgan edi. Rus fizigi geliyning o‘ta o‘tkazgichligi uchun mukofotni ixtiro qilganidan 40 yil keyin olgan.

Jahon ilmi va madaniyati rivojida Nobel mukofotining o‘rni beqiyos. Jamg‘arma tomonidan ko‘rsatiladigan moddiy rag‘bat izlanishlarni jadal davom ettirishga imkoniyat beradi.

Sarvar Sayyor o‘g‘li tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.