OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

BMT: Barcha qulayliklar tashiloti

To‘g‘ri, ko‘pchilik BMT amalga oshirayotgan ishlar to‘g‘risida jurnalistlar orqali tanishib borishga ko‘nikkan. Shu boisdan ham BMT asosan diplomatik takliflari, jahondagi yetakchi liderlarning Markaziy assambleyadagi chiqishlari, tabiiy ofat qurbonlariga ko‘rsatayotgan yordami-yu, shuningdek, (ko‘p hollarda muvaffaqiyatli bo‘lmasa-da) BMTning tinchlikparvarlik faoliyati bilan muvofiqlashib ketgan. Biroq mazkur tashkilot ishi bilan gazetalar orqaligina tanish bo‘lmaganlar esa BMTning asosiy faoliyat qismi uning biz ko‘nikib qolgan vazifalariga hech qanday aloqasi yo‘qligini qayd etmoqdalar. «Bu yer — qog‘ozbozlar o‘rni bo‘lib, ular jahondagi muammolar bilan imkon qadar kamroq munosabatda bo‘lishga urinadilar. Yo‘qsa, Nyu-York, Parij yoki Jenevadan ketish yoxud Sharqiy Timorning qay burjigadir borib qolishdan nima naf, — deydi tashkilotning sobiq xodimlaridan biri. — Masalan, BMT Bosniyada tinchlikparvarlik missiyasini o‘rnatishga bel bog‘laganda, u yerga tashkilotning bor-yo‘g‘i 19 nafar kotibiyat xodimlari tashrif buyurgandi. Albatta, ular bu «qaynoq nuqta»ga borganlari uchun qo‘shimcha haq ham oldilar. Ammo yaxshilik qilishdan manfaat ko‘zlash kerak emas-ku».

Vaqt


Aslida BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasining o‘zidagina deyarli 9000 xodim ishlaydi. Biroq ularning bari anchayin band odamlardir. Ular asosan Markaziy assambleya har yili qabul qiladigan yuzlab tavsifnomalar hisobidan kun ko‘rishadi. BMT apparati sobiq xodimlaridan yana biri esa bu qanday yuz berishini quyidagicha izohlaydi: 
«Hammasi nihoyatda oddiy. BMT departamenti vakili o‘zaro do‘stona munosabatga moyil bo‘lgan delegatlardan biri bilan uchrashadi va unga Markaziy assambleyada ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan biror-bir rezolyutsiyani taklif etadi. Masalan, «Markaziy Afrikadagi o‘rmonlar miqdorining kamayib ketishining jahonga ta’siri» qabilida. Matn, albatta, allaqachon tayyorlab qo‘yilgan. Unga BMTning yuqoridagi jarayonlarning aholiga yetkazishi mumkin bo‘lgn zararidan xavotirda ekani to‘g‘risida ham bir-ikki band kiritiladi. Qisqasi, ahvol shunchalik siyosiy aniqlikda ifodalanadiki, biror-bir mamlakat bunga qarshi lom-mim deyolmaydi. Matn oxirida esa BMT bosh kotibidan keyingi assambleyada mazkur mavzuga doir ma’ruza qilib berishini taklif etuvchi band ham bo‘ladi. 
Taklif bir ovozdan qabul qilinadi. Va shu bilan birga BMT departamentining harakatdagi kotibiyati yil davomida yangi ish bilan ta’minlanadi. Yana deng hamma — Afrika iqtisodiyoti sohasida ish yurituvchi xodimlardan tortib, mazkur muammoga bag‘ishlangan hujjatlarni tashkilotning barcha ish tiliga o‘girishi lozim bo‘lgan tarjimonlargacha.

Pullar


O‘z mehnatlari evaziga esa BMT qog‘ozbozlari munosib mukofot oladilar. To‘g‘ri, maxsus bilimsiz bu pullarning aniq raqamini faqat taxmin qilish mumkin. Chunki tashkilotning rasmiy saytida BMTdagi ish haqiga doir masalalar Millatlar Ligasining urushga qadar bo‘lgan rahbarlaridan biri nomi bilan ataluvchi Noblmer printsipiga asosan belgilanar ekan. Ushbu tartibga muvofiq tarzda tashkilot, hattoki eng yuqori maosh oluvchi mamlakatlar xodimlarini ishga taklif qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Shu bois maoshlar raqobatbardosh bo‘lishi shart.
Bu esa yillik eng kam (32 ming $) hamda eng yuqori (116 ming $) bo‘lgan ish haqidagi BMT funktsionerlarining asosiy daromadini ifodalamaydi. Axir bu maoshlarda xodimlarga beriladigan turli-tuman qo‘shimcha haqlar ko‘rsatilmagani kabi, har bir xodimning soliq va diplomatik immunitetga ega bo‘lishi, turar joy va istalgan transport vositasidan tekin foydalanishi mumkinligi ham kiritilmagan. «Ko‘p hollarda rag‘batlantirish va qo‘shimcha haqlar berilayotgan maoshning 100% miqdoriga teng bo‘ladi. Masalan, 50 ming $ maosh oladigan odam ishonch bilan haqiqatda uning oyligi 100 ming $ga teng ekanligini ayta oladi», — deydi BMT agentliklaridan birining xodimi.
Noblmer printsipi faqatgina BMT apparati xodimlari va ularning maxsus agentlarigagina tegishlidir.
Tashkilot vakolatxonasiga ega hamda tinchlik va insonparvarlik harakatlarini amalga oshirayotgan mamlakatlarda esa xodimlarga faqat mahalliy narx bo‘yicha maosh to‘lanadi. Shu boisdan ham Nyu-Yorkdagi aql bovar qilmas darajadagi «dala harakatlari» uchun kengaytirilgan shtatlar bo‘lishiga qaramay, Bosniya va Kosovadan tortib Pokiston va Sharqiy Timorgacha halokatli tarzda mutaxassislar yetishmaydi. «O‘ylashimcha, BMT missiyasi bilan hamkorlikda ish yuritishga rozilik bildirganlarning ko‘pchiligi maoshlar o‘rtasidagi keskin farqni bilib qolgach, tez orada bu lavozimni tark etadilar. Chunki BMT xodimlari va tinchlikparvarlari oyiga o‘rtacha hisobda 9 ming $ olgan bir paytda, mahalliy aholi vakillari bo‘lgan ishchilarning oyligi bor-yo‘g‘i 149$ni tashkil etadi», — deydi BMTning Sharqiy Timordagi faoliyatini kuzatib borgan Avstraliya eksperti Kris Teylor.

Qo‘shimcha haqlar


Jahondagi korruptsion janjallarga doir axborotlar tez-tez berib boriladi. Ko‘pchilik poraxo‘rlikning bu darajaga yetganidan hayratdan yoqa tutadi. Ammo BMT faoliyati bilan tanish bo‘lganlar bundan zarracha ham hayron bo‘lmaydi. «Tashkilotning rasmiy vakillari bunday hodisalarga nisbatan: «Bitta qurtlagan olmani deb butun boshli daraxt haqida xulosa chiqarish yaramaydi, deydilar. Ammo aslida esa bunaqa emas, — deydi nyu-yorklik ekspertlardan biri. — Magarki siz ulkan tashkilot barpo etsangizu, unga tashqi nazoratsiz faoliyat yuritish hamda javobgarlik va hisobot topshirishning oddiygina tartiblariga ham bo‘ysunmay ishlash imkonini berar ekansiz, haqiqiy korruptsiyalashgan tashkilotga ega bo‘lasiz».
Ha, korruptsiya uchun chegaralanmagan imkoniyatlarning bisyorligining o‘zi ham BMTda ishlashga jalb etuvchi sabablardan biri hisoblanadi. Tashkilotdagi va uning bo‘limlaridagi haqiqiy poraxo‘rlik hududlari haqida hech kim bilmaydi. Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti amaldorlarining 10 ming $dn kam bo‘lmagan sovg‘a-salomni qabul qilmasliklarining o‘zi ko‘p narsani anglatmasmikan? Va nafaqat BMT amaldorlarigina xuddi «Savdoga alishiladigan neft» dasturining sobiq rahbari Benon Sevan bilan bo‘lgani kabi haqiqiy jinoiy ish bilan qo‘lga olingan holda ham o‘z xizmat vazifasida qolishi, maosh va qo‘shimcha ish haqidan mahrum bo‘lmasliklari mumkin. Va faqat BMTdagina millionlab dollar «yo‘qotilishi» va buning uchun hech kim jazolanmasligi mumkin. Masalan, BMTdagi eng katta miqdorda «yo‘qotilgan» pul — 1994 yilda Somalida bo‘lib, bu deyarli 4 mln. $ edi. Qizig‘i, tinchlikparvarlik operatsiyalarini amalga oshirish uchun moliyalashtirilgan mazkur pullarni topish uchun Skotlend — Yardda maxsus bo‘linmasining xodimlari ham jalb etilganiga qaramay, hali-hamon yo‘qolgan millionlar o‘g‘risini topishning iloji bo‘lmaydi. Xuddi shunday hol Kombojada ham sodir bo‘ladi. BMT vakillari bu yerda o‘z uskunalarini (avtomobillar, kompyuterlar, aloqa vositalari) «yo‘qotib» qo‘yishadi. Va bu «ehtiyotsizlik» 4 mln. $ga teng bo‘lgani bois Kombojadagi tinchlikparvarlik operatsiyalari tashkilot tarixidagi eng qimmatga tushgan ishlardan biri bo‘lib qoladi.
Yana bir misol tariqasida tashkilotning sobiq bosh kotibi ispaniyalik Federiko Mayorning YUNESKO tashkil topgan kun sanasi — 16 noyabrning butunjahon Qanoat kuni deb nishonlanishining o‘zini olsak. Bu haqda tashkilotning sobiq xodimlaridan biri quyidagilarni gapirib bergan: «Biz birgina o‘sha bayram bayrog‘ini a’zo mamlakatlarning barchasida ko‘tarilishi lozim bo‘lgan oltita tolerantlik loyihasining o‘zigayoq olam-jahon mablag‘ sarfladik. Biroq bu bilan nimaga erishdik? Hech kim buning nimaligini so‘ramadi ham».
Yana bir janjalli voqea ham aynan Mayor nomi bilan bog‘liq bo‘lgan. Iste’foga chiqishidan bir necha kun ilgari u yuzdan ortiq kishini yuqori maoshli ishga o‘tkazgan va yangi shtatlarga qabul qilgan. Bu esa (umumiy byudjeti 800 mln. $ni tashkil etuvchi) YUNESKO uchun 11 mln. $ga tushgan. Tashkilotning yangi bosh direktori lavozimiga kelgan Kontiro Matsuuri o‘zidan oldingi rahbarning bu buyrug‘ini bekor qilgach esa, uning bu harakatidan ranjigan ikki nafar xodim tashkilotning Parijdagi shtab-kvartirasining o‘zidayoq norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan.

Islohotlar


BMT, YUNESKO va boshqa qator agentliklardagi janjalli voqealar, shuningdek, barcha xalqaro ko‘zbo‘yamachilardagi (Iroq voqelaridan tortib, BMTning Janubiy-Sharqiy Osiyodagi tsunami va Pokistonda sodir bo‘lgan zilzilalarga nisbatan harakatigacha) yuzaga kelgan noxush vaziyatlarni ifodalovchi qoniqarsiz ishlardan so‘ng, tashkilot rahbariyatidan ahvolni o‘zgartirish talab etila boshlandi. Bunga javoban esa bosh kotib Kofe Annan nimadir chora ko‘rishga va’da berish bilan hamda BMT xodimlaridan halolroq ishlashlarini so‘rash bilangina chegaralandi, xolos.
«Janob Annanning bu chaqiriqlari janob Gorbachyovning bir paytlar Sovet Ittifoqi fuqarolarini kamroq ichishga qilgan da’vati kabi ta’sirli bo‘ladi», — deb kinoyali izohlaydi bu holni nyu-yorklik tadqiqotchilar. Hozircha BMTdagi korruptsiya bilan kurashish natijalari bor-yo‘g‘i tashkilot amaldorlarining shu vaqtga qadar olib kelishgan kamida 10 ming $lik sovg‘a-salomlardan o‘zlariga faqat 125 dollardan qimmat bo‘lmaganlarini qoldirishga ruxsat berish bilan chegaralangan. Ochig‘i, bu taklif ham hali bor-yo‘g‘i ko‘rib chiqish arafasida turibdi, xolos.

«Власть» jurnalidan Dilfuza Qo‘ziyeva tarjima qildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.