OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bo`lingan dunyoni qayta bo`lishga urinish

Sayyoramizning shimoliy qutbi bo‘lgan Arktika katta energiya manbalariga ega bo‘lgan hudud. Olimlar muzliklar makonida ulkan neft va gaz zaxiralari borligini aytishganidan buyon hududga yaqin bo‘lgan davlatlarning tinchi buzildi (Taxminlarga ko‘ra, hali o‘rganilmagan neft va gaz konlarining 25 foizi shu yerda). O‘zi shundoq ham kurash maydoni bo‘lib qolgan dunyo sahnasida yana bir raqobat chizig‘i yuzaga keldi.

Xabaringiz bor, yaqinda Rossiya Arktikaga o‘z kemalarini yubordi va muzliklar makoniga o‘z bayrog‘ini o‘rnatdi. Asrlar davomida sukunat hukm surib kelgan hududda kemalar paydo bo‘lishi Arktika uchun kurash boshlanganiga chaqiriq bo‘ldi go‘yo. Rossiya shimoliy qutbni egallash uchun jiddiy kirishgan ko‘rinadi. Federatsiya tomonidan Frants-Iosif yerida va Barents dengizining shimoli-sharqiy qismida harbiy va fuqarolik ob’ektlari qurilayotgani ham Kremlning maqsadi jiddiy ekanini tasdiqlaydi.

Muzliklar makoniga jug‘rofiy jihatdan eng yaqin sanalgan Kanada davlati ham Arktikaning shimoliy-g‘arbiy qismiga asosiy da’vogar. Shimoliy muz okeanining bir bo‘lagi, ayni paytda Atlantika va Tinch okeanini tutashtirib turuvchi ushbu hudud strategik nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega. Agar muz erishi shu tariqa davom etsa, mazkur hududda Shimoliy Amerikaning Osiyo bilan bog‘lovchi eng yaqin yo‘l ochilishi ham mumkin. Bu hozirda Panama orqali o‘tayotgan yo‘ldan 6500 km yaqinroq bo‘ladi.

Yaqindagina rasmiy Ottava ushbu hududda Kanada suverenitetini ta’minlash uchun patrul kemalari nazorat o‘rnatishi haqida ma’lum qildi. Mamlakat rahbariyati bu yo‘lda 2 milliard dollardan oshiqroq mablag‘  ajratishga ham tayyor. Tinchliksevarlik va harbiy mojarolardan har doim chetda bo‘lgan davlatning bu galgi bayonoti boshqa da’vogarlarni ham hushyor torttirdi. Aftidan, Rossiyaning dadil qadami ko‘pdan buyon Arktikaga ko‘z tikib turgan Kanada hukumatini ham keskin harakatga undadi chog‘i...

Balki shu boisdir, Rossiya bayrog‘i hududga tikilishi hodisasiga javoban Kanada bosh vaziri Stiven Xarper muzliklar maskaniga uch kunlik safar uyushtirdi.

Hudud uchun asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan AQSh mazkur ikki mamlakatning sa’y-harakatini diqqat bilan kuzatib turibdi. Biroq Vashingtonning sinchkov tomoshabin roli ham vaqtincha. Qo‘shma Shtatlar hisob to‘g‘ri kelishi bilan amaliy harakatga tushishi aniq. Bu yoqda esa muz ostiga yashirilgan xazina uchun Daniya, Norvegiya davlatlari ham da’vo qilyapti.

Bu xalqaro huquq deganlari har doim ham tushunarsiz va munozarali bo‘lib kelgan. Balki shu boisdir, katta-katta tashkilotlar shafeligida ishlab chiqilgan yuzlab hujjatlar, bitimlar ijrosiz tarix mulkiga aylanib ketyapti. BMTning dengiz huquqi bo‘yicha Konventsiyasiga asoslanayotgan Moskva nazdida mamlakat o‘ziga chegaradosh va yaqin mintaqada joylashgan hududning tabiiy boyliklariga egalik qilish huquqiga ega. Kanada esa shimoliy-g‘arbiy qismni mamlakatning ichki dengiz hududi deb hisoblaydi. Ottava nazdida Michiganga Amerika qanday haqli bo‘lsa, Kanada ham shimoliy hududlarga shunchalik haqli. Vashington esa mintaqa ochiq ummonning bir qismi ekani, shunday ekan, har qanday mamlakat Kanada yoki Rossiya ruxsatisiz u yerga kirishi mumkinligiga urg‘u beradi. Ochig‘i, ushbu muammoni ham xal­qaro huquq emas, mamlakatlarning harbiy qudrati hal qiladi. Kimki ulkan harbiy salohiyatga ega bo‘lsa va tashabbusni o‘z nazoratiga ola bilsa, o‘shaning aytgani aytgan, degani degan bo‘ladi. Ana shu ishonchga suyangan Rossiya 
Arktikaga kemalar yuboryapti, Kanada esa hukumat rahbari safarini uyushtiryapti. Hozirdan aytish mumkinki, agar katta davlatlar shu tariqa dadil harakatda davom etsa, iqtisodiy va harbiy imkoni cheklangan davlatlar ilojsiz ularga yon beradi. Hudud nazorati ham birinchi bo‘lib harakat qilgan tomonga o‘tib ketadi.

Rossiyaning harbiy qudratiga-ku shubha yo‘q. Sovuq urush zamonidan beri qurollanishga zo‘r berayotgan mamlakatning jangari tabiati borasida gap bo‘lishi mumkin emas. Lekin Kanada haqida yakuniy xulosa aytish qiyin. Garchi hududda o‘z nazoratini o‘rnatishni iddao qilayotgan bo‘lsa-da, Ottava boshqa mamlakat kemalariga qarshi turolmaydi.

Tarixda ham, bugungi kunda ham dengiz makoniga hukmron bo‘lish uchun ikki omil talab etiladi: harbiy qudratda tengsizlik va geografik jihatdan hududga yaqin bo‘lish. Mazkur shartlardan kelib chiqilsa, ustunlik Rossiya tomonidan degan dastlabki taxminiy xulosaga kelish mumkin. Nega deganda, Rossiya zikr qilingan shartning har ikkisiga javob beradi. Boshqa da’vogarlarda esa u yoki bu imkoniyat yetishmaydi. AQShda talab qilingan darajada harbiy qudrat mavjud, lekin mamlakat Arktikadan biroz uzoqroqda joylashgan. Kanada Arktika bilan devordarmiyon qo‘shni, lekin muhojirlar mamlakati yetarli harbiy qudratga ega emas.

Ko‘plab G‘arb tahlilchilari hozirgi sharoitda yangi tabiiy zaxiralardan tuzukroq ulush olish uchun Kanada va AQSh birgalikda harakat qilishi muhimligini ta’kidlashmoqda. To‘g‘ri, Vashington ham shimoliy hududni Kanada tomonidan yakka nazorat qilinishini istamaydi. Lekin yuqorida aytilganidek, harbiy sohada oqsayotgan Ottava baribir ikkinchi darajali muammo. Obrazli qilib aytganda, okean orti mamlakati uchun asl xavf-xatar Kanada “bo‘rsig‘i”dan emas, rus “ayig‘i”dan...  

G‘arblik siyosatdonlar xavotirlanganicha bor. Agar bugungi vaziyatda Kanada va AQSh  o‘zaro raqobatda davom etsa, Rossiya juda uzoqqa borishi mumkin.

Kanada baribir shimoliy qutb yerlarni bir o‘zi nazorat qilolmaydi. O‘z navbatida Qo‘shma Shtatlar uchun ham bo‘lingan dunyoni qayta bo‘lish operatsiyasida yordamchi zarur. Shundan kelib chiqib, AQSh va Kanadani Arktika raqobatida ixtiyoriy-majburiy ittifoqchilar deb atash mumkin. Ittifoq zanjiri qanchalik mustahkamligi haqida aniq aytish qiyin, lekin ko‘zlangan marra har ikki tomon uchun katta manfaat keltirishini taxmin qilsa bo‘ladi. Chunki yovvoiy otni birinchi bo‘lib qo‘lga kiritgan uning sohibiga aylangani kabi Shimolni birinchi bo‘lib nazoratga olgan davlat uning boyliklariga egalik qiladi.

Abdul Sobir

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.