OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Davos forumi»

Dunyo biznes-rahbarlarining eng katta yig‘ini ham moliyaviy inqirozni bartaraf etishga yetarli bo‘lmadi

Shveysariyaning Davos shahrida o‘tkazilgan Butunjahon iqtisodiy forumi qariyb 40 yillik faoliyati davomida bugungiday doirasi keng, mavzusi dolzarb bo‘lmagan. Forum 2008 yilda vujudga kelgan va tobora kuchayib borayotgan jahon moliyaviy inqirozi paytiga to‘g‘ri kelgani uning ahamiyati va nufuzini yana bir karra oshirdi.

O'tgan yilning o‘rtalaridan bo‘y ko‘rsata boshlagan inqiroz AQShda katta miqdordagi ipoteka kreditlarining o‘z vaqtida qaytarilmasligi oqibatida kelib chiqqandi. Uy-joy kreditlari berish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bozorni to‘la o‘rganmay, iqtisodiy talablarni yetti o‘lchab bir kesmagani ulkan miqdorda kamomad yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Oqibatda inqiroz AQSh, Yevropa, Osiyodagi ko‘plab "beli baquvvat" banklarni «ishdan chiqardi», uning real sektorga ta'sir qilishi esa aholi daromadining kamayishiga olib keldi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, bu jarayonda eng katta muammolardan biri - ishsizlikning haddan tashqari kuchayishi bo‘ldi. Butunjahon mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda 2005 yilda ishsizlar soni 191 million kishiga yetgan bo‘lsa, 2006 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 4 millionga oshgan. Bugungi kunga kelib esa, ularning soni 210 milliondan oshishi kutilmoqda. Bunday yuqori ko‘rsatkich yaqin o‘n yillar davomida kuzatilmagan edi.

Rossiyalik iqtisodchi Mixail Bergerning fikricha, bugungi vaziyat boshqalaridan mutlaqo farq qiladi. Boisi, hozirgi moliyaviy inqirozni bartaraf etish maqsadida ham siyosatchilar, ham prezidentlar, ham xalqaro tashkilotlar birgalikda kurash olib bormoqda. Shu jihatdan asrning eng katta muammosini hal etishga qaratilgan mazkur forum avvalgilariga nisbatan ancha jiddiy ruhda o‘tdi. Kurort shaharda 1971 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Davos forumlarini xalqaro sammit yoki konferentsiyalarga qiyoslash qiyin. Davos - jentelmenlar klubi bo‘lgani uchun unda hech qanday qaror qabul qilinmaydi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan hozirgi forum esa, mamlakatlar uchun jiddiy qarorlar qabul qilishda o‘ziga xos sammit vazifasini o‘tashi kutilgan edi.

Mazkur forumda qariyb 40 nafar davlat rahbarlari, 1400 nafardan ortiq turli xalqaro kompaniya vakillari - jami 2600 delegat ishtirokidagi yiQin biznes-rahbarlar tarixidagi eng katta uchrashuv bo‘ldi. Unda soha mutaxassislari, siyosatdonlar inqirozdan chiqish borasida turli taklif-mulohazalarni ko‘rib chiqishgan. Xususan, ko‘pchilik bunday vaziyatda moliya tashkilotlar faoliyati bo‘yicha nazorat va kuzatuvni kuchaytirish kerakligini yoqlab chiqqan. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor: milliy tizimlar ustidan nazoratni oshirish asrlar davomida shakllangan erkin iqtisodiy munosabatlarga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Ayni paytda dunyo miqyosida moliyaviy inqirozdan chiqish uchun hukumatlar tomonidan katta miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda. AQSh hukumati tomonidan ba'zi hususiy banklar sotib olinmoqda, ayrim davlatlar esa qiyin ahvolda qolgan banklarga sarmoyalar o‘tkazayapti. Kuni kecha Avstraliya hukumati keyingi 4 yilda mamlakat infrastrukturasini rivojlantirish uchun 26,5 milliard dollar ajratishini ma'lum qilgan. Davosda Yaponiya bosh vaziri Taro Aso kunchiqar davlati hukumati Osiyo-Tinch okeani hududidagi davlatlar uchun 17 milliard dollar miqdoridagi moliyaviy yordam ko‘rsatishini aytgan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, inqiroz Buyuk Britaniyadagi ko‘plab xususiy maktablar faoliyatiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatgan. O'ozir rasmiy London mazkur muassasalarni o‘z qaramog‘iga olmoqda.

Moliyaviy inqiroz paytida mijozlar banklarga qo‘ygan pullarini qaytarib olish payiga tushadilar. Bu, so‘zsiz shundayiga ham qiyin ahvolda turgan banklarning naqd sarmoyasiga ta'sir ko‘rsatadi va hatto ularni bankrot yoqasiga olib keladi. Shuning uchun, ba'zi davlatlar banklardagi pul egalariga kafolatlar bermoqda. Boisiki, moliyaviy inqiroz oqibatida banklar qiyin ahvolda qolsa, iqtisodda barqarorsizlik paydo bo‘ladi. Vaziyatdan chiqishning eng maqbul yo‘li - bu ishchi-xodimlarni ishdan bo‘shatish amaliyotidir. Minglab, balki millionlab bo‘shatilgan xodimlar ham bunday paytda qarab o‘tirishmaydi, aksincha, ishsizlik sug‘urtasidan foydalanishga o‘tadi. Bu esa sug‘urta kompaniyalari uchun yetarlicha bosh oQriqqa aylanib, ulkan miqdordagi talablarni bajara olmaslikka olib keladi. Iqtisodiy tanglik hukm surgan bunday vaziyatda davlatning banklarni qutqarish rejasi eng kamchiqim va oson yo‘l sanaladi.

Davosdagi forum doirasida ko‘p va xo‘p gaplar aytildi. Jiddiy tortishuvlar ham kuzatildi, vaqti-vaqti bilan aholi tomonidan ayrim davlatlar inqirozning oldini olish borasida chora-tadbir ko‘rmayotganlikni vaj qilib, norozilik namoyishlari ham o‘tkazib turildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Gordon Braun dunyo davlatlari rahbarlaridan o‘zlariga ishonch va doimo harakatda bo‘lishga chaqirdi.

- Bizga har bir mintaqada inqiroz haqida oldindan ogohlantiruvchi tizim zarur, - deydi Gordon Braun. - Biz moliyaviy boshqaruvning yangi tizimini ishlab chiqishimiz kerak va unda asosiy e'tibor nafaqat banklar, balki boshqa moliyaviy tashkilotlar, muassasalar javobgarligiga qaratilishi lozim.

Ahamiyatli jihati shundaki, G.Braun janoblari bu qanday tizim bo‘lishi, qaysi tamoyillarga asoslanishi haqida gapirgani yo‘q.

Germaniya kantsleri Angela Merkel xonim ham inqiroz yakunlari bo‘yicha butunjahon iqtisodiy xartiyasini imzolashni taklif qilgan. Uning fikricha, bunday xartiya yangi tizimni vujudga keltirishda muhim omil bo‘ladi. Ammo tizimning aniq ko‘rinishlari haqida so‘z yuritilmadi.

Xullas, iqtisodiy forum hozircha inqirozni batamom bartaraf etish borasida jo‘yali chora topa olganicha yo‘q. Har bir davlat o‘z imkoniyati doirasida ko‘rayotgan tadbirlar esa ushbu global muammoni yechish uchun yetarli emas, albatta. Esingizda bo‘lsa, 2008 yilning noyabr oyida Vashingtonda, jahon yalpi mahsulotining 85 foizini ishlab chiqaradigan 20 ta yirik davlat ishtirokida bo‘lib o‘tgan sammit global moliyaviy inqirozning ko‘lami tobora kengayib borayotganini tasdiqladi. Sammitda bo‘lib o‘tgan muhokamalar shuni ko‘rsatdiki, bugun jahon moliyaviy inqirozining oldini olish haqida so‘z borayotgani yo‘q, balki undan qanday qilib chiqish yo‘llari izlanmoqda, xolos. Ya'ni, bu masalada vaziyat shu darajaga yetdiki, endi avvalgi marralarga qaytish haqida so‘z yuritishga asos qolmadi.

Muhokamalarda inqirozni keltirib chiqargan sabablar tahlili bo‘yicha sammit ishtirokchilarining yagona yondashuvga ega emasligi, shu bois ushbu global moliyaviy inqirozning jiddiy va uzoq davom etadigan oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan umumiy va samarali dastur ishlab chiqish haqida gapirishga hali erta ekani ayon bo‘lgandi. Davos forumi ham shulardan farq qilmadi, deyish mumkin.

Behbud Botirov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.