OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

«Eng yaxshi himoya...»

Yevropa Ittifoqi energiya bozorini Rossiya kompaniyalaridan muhofaza qilishga urinyapti


Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan munosabatlarda ehtiyotkorlikni afzal bilib kelgan. Ziddiyatlarga asos ko‘p bo‘lsa-da, Bryusselning Kreml­ga nisbatan bag‘rikeng­lik siyosatini yuritib kelgani bejiz emas: Yevropa ijtimoiy-iqtisodiy soha uchun suv va havoday zarur bo‘lgan gazning katta qismini aynan Rossiyadan sotib oladi. Biroq shu kunlarda vaziyat kutilmagan tomonga o‘zgarib, Yevropa Ittifoqi ehtiyotkorlik siyosatidan keskin harakat yo‘nalishiga o‘tayotgani oshkora namoyon bo‘lmoqda.

O‘tgan hafta Yevropa Komissiyasi (YeIning ijroiya idorasi) gaz va elektr energiya bozorini tartibga soluvchi beshta qonun loyihasini Yevroparlamentga taqdim etdi. Yangi hujjatlar Ittifoqning elektr energiya bozorini tartibga solish, xususan, ushbu yo‘nalishda ishlab kelayotgan gigant kompaniyalar faoliyatini alohida qismlarga ajratishni ko‘zda tutadi. Yevrokomissiya bu bilan monopol mavqedagi kompaniyalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish hamda raqobat muhitini yuzaga keltirishni ko‘zlamoqda. 

Mazkur shartlar Yevropa Ittifoqiga juda katta miqdorda gaz yetkazib beradigan Rossiya davlatiga, xususan, «Gaz­prom» kompaniyasiga qaratilganini qonun ijodkori — Yevrokomissiya rahbariyati ham yashirmayapti. Mazkur tashkilot raisi Joze Manuel Barrozu YeI hamkorlar uchun ochiq ekani, lekin ochiq bozorni ham himoya qilishga to‘g‘ri kelayotganini ta’kidlagan.

Agar e’tibor berilsa, oxirgi yillarda «Gazprom» tomonidan YeIga eksport qilinayotgan energiya manbasi miqdori barqaror o‘sib borayotganini ko‘rish mumkin. Yevropa iqtisodi Rossiya energiyasiga bog‘liq bo‘lib qolgan bir vaziyatda, tabiiyki, Kremlning ta’siri ham oshib boryapti. Aslida Bryussel rasmiylarini xavotirga sol­gan va harakatga undagan sabab ham shu — YeIning energiya masalasi Moskva uchun siyosiy ta’sir ko‘rsatish vositasi bo‘lib qolishidan tashvishlanayapti.

Hozircha tasdiqlanmagan yangi tartibga ko‘ra, «Gazprom» ham gaz ishlab chiqarish va yetkazish tizimini ajratishi kerak. Ayni paytda rus kompaniyasi 155 ming km. ga cho‘zilgan ulkan gaz quvurlari tizimiga egalik qiladi. Dunyoning katta qismini qamrab olgan ushbu yaxlit tizimni bo‘lib tashlash esa kompaniya manfaatlariga to‘g‘ri kelavermaydi.  

Mavjud tartibga ko‘ra, ijroiya idorasi taklif qilgan qonunlar kuchga kirishi uchun ular Yevroparlament va Yevropa Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Hujjatlar hali yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, Yevropaning energiyaga muhtoj bo‘lib turgan paytda tavakkalga qo‘l urgani, eng asosiy hamkoriga oshkora chaqiriq bilan murojaat etgani hayratlanarli bo‘ldi.

Futbolda «eng yaxshi himoya hujum» tamoyili oltin qoida sanaladi. Sportdagi beozor bu qoida ayrim paytlarda katta siyosatda ham qo‘llaniladi. Joze Manuel Barrozu  boshchiligidagi Yevrokomissiyaning harakatlarini ham ana shu tamoyil bilan izohlash mumkin. Energiya bozori to‘g‘risidagi loyihalar bilan YeI rus gazisiz ham yashay olishi mumkin degan da’voni isbotlamoqchi.     

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.