background
logotype

Inqirozdan olingan saboq (yoxud G’arbning ko‘zi ochildimi?)

(Ikkinchi maqola)
 
Inqirozning ibtidosi

Global moliyaviy inqiroz Lehman Brothers deb nomlangan eng obro‘li moliya tashkilotining sinishi bilan boshlandi. Kompaniya rahbariyati tashkilot inqirozini 13-14 sentyabr, ya'ni dam olish kunlari rasman e'lon qildi. So‘ngra dushanba kuniyoq Bank of America boshqa bir mashhur bank -  Merril Lynch investitsiya bankini sotib olganligi to‘g‘risida bayonot berdi.

Xuddi shu vaqtda yana bir yirik moliya tashkiloti - American International Group(AIG) - taniqli sug‘urta kompaniyasi tubsizlikka qarab ketayotgan edi. Biroq u AQSh hukumatining marhamati bilan bu inqirozdan amallab qutulib qoldi. Hukumat tez fursatda kompaniyaga 85 milliard dollar miqdorida qarz berdi. Moliya olamida yuz bergan bu voqealar hafta o‘rtasiga kelib jahonning deyarli barcha fond bozorlarida narx navoning tushib ketishiga , pasayishiga olib keldi. Narxu navo keskin tushib ketgani bois Rossiyaning hatto eng yirik banklarida ham oldi-sotdi to‘xtatib qo‘yildi.

Bundan ham avvalroq, AQSh hukumati Fannie Mae va Freddie Mac kabi yirik kompaniyalar ustidan boshqaruvni o‘z zimmasiga olgan edi. Bu voqealar aslida 2006-2007 yillarda boshlangan ipoteka qarzlari bilan bog‘liq tanazzulning uzviy davomidir. O'shanda yuz minglab mijozlar 2001-2006 yillar mobaynida olgan qarzlarini to‘lamay qo‘ygan edilar. (Ipoteka qarzlari mol-mulkni garovga qo‘yib olinadigan qarzdir). Ko‘chmas mulk narxining keskin ko‘tarilishi boshlangan kezlarda aksariyat mijozlar yana qarz olishdi. Ular uy-joylar narxining oshib borayotganidan umid qilgan va ko‘chmas mulklarining narxi qarzlarini qoplaydi deb ishongan edilar. Biroq, ko‘chmas mulk narxining tushib ketishi mijozlarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi, ya'ni garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkning narxi olingan qarz miqdoridan ko‘ra kamayib ketdi. Buning ustiga foizlar ham ortib bordi, oqibatda ko‘p odamlar bu qarzlarni to‘lay olmay qoldilar. Faqat 2007 yilda 1,6 mln dona ko‘chmas mulk sud orqali musodara qilindi. Bu 2006 yildagidan 79 foizga ko‘pdir.

Global tanazzul sababi

Yuqorida sanab o‘tilgan voqealar AQShda sodir bo‘lgan esa-da, bu tanazzul butun dunyo iqtisodiyotida aks sado berdi. Globalizatsiya, moliya olamidagi yangi-yangi o‘zgarishlar va soha chayqovchilarning hakalak otgan nafsini bu hodisalarning bosh sababchisi, asl aybdori, deb hisoblash mumkin.

Gap shundaki, aslida yaroqsiz va ishonchsiz bo‘lgan moliya aktivlari, ya'ni jamg‘armalarining asl qiymatini yashirish, ularni yaltiroq o‘ramlarda yuqori baholab bozorga kiritish jarayoni substandart ipoteka qarzlariga ham ta'sirini ko‘rsatdi. Bunday faoliyat bilan shug‘ullanadigan banklar va boshqa moliya tuzilmalari qarz majburiyatlarini qimmatbaho qog‘ozlarga aylantirishga va daromadli sarmoya sifatida bozorda pullashga kirishdilar. Kredit tashkilotlari bergan yuqori baho mazkur qarz majburiyatlarni qimmatbaho qog‘ozlar bozorida eng ishonchli hisoblangan AQSh davlat obligatsiyalariga tenglashtirish imkonini berdi. Oqibatda ko‘plab markaziy banklar, sarmoyadorlik banklari va xususiy sarmoya jamg‘armalari aslida shubhali bo‘lgan bu qimmatbaho qog‘ozlarni sotib ola boshladilar.

Shunday qilib, AQSh kredit tashkilotlarining mijozlari ipoteka bo‘yicha to‘lovlarni vaqtida to‘lay olmay qolgach yoki to‘lamay qo‘yishgach, tabiiyki, mazkur holat bu jarayonga sarmoya kiritgan barchani tashvishga solib qo‘ydi. Voqealarning shu taxlit rivojlanishi natijasida ipoteka inqirozi ro‘y berdi. Xullas, mana shu noto‘g‘ri tadbir oqibatida butun jahon jamg‘arma birjalarida moliyaviy bo‘hron yuzaga keldi.

Shubhali sarmoya amaliyotlarining tashabbuskorlari sifatida maydonga chiqqan moliyaviy tuzilmalarning ochko‘zligi shunda yaqqol namoyon bo‘ladiki, ular bu qog‘ozlarning nechog‘li shubhali va xatarli ekanini bila turib, yaxshi daromad keltiradigan, ishonchli deya, zar qog‘ozlarga aylantirib sotganlar. Bu esa - tovlamachilik. Buni boshqacha atab ham bo‘lmaydi.

Buning ustiga, bozordagi narx-navo tebranishlaridan muhofaza tarzida sotish mo‘ljallangan boshqa ko‘plab moliyaviy "tovarlar" o‘ylab topildi. Fyuchers, optsiya deb ajabtovur ataladigan bu qimmatbaho qog‘ozlarni real aktivlarga mutlaqo tenglashtirib bo‘lmaydi, shunga qaramay ular real aktivlar kabi olib-sotilaverdi. Aslida esa bular qarz majburiyatlari o‘zga narsa emas. Pirovardida, jamg‘arma bozorida kechayotgan savdo-sotiq ana shu qarzlarni "aylantirish" hisobiga gullab-yashnadi.   

 Sarmoyadorlik shirkatlari va banklarda xizmat qilayotgan odamlar bu jarayonni yaxshi tushunadilar, ya'ni treyder, broker, menejer deb ataladigan zamonaviy hunar sohiblari moliya tizimi kun kelib har xil shubhali va noreal sarmoyaviy va moliyaviy mahsulotlar bilan to‘ldirilgan bozor bosimini ko‘tara olmay qolishini va bu iqtisodiyotni yomon ahvolga solib qo‘yishini yaxshi bilganlar. Ammo tizimning chuqur ildiz otib ketgan chirkin qonun-qoidalarini o‘nglashga urinish oqimga qarshi suzishdek gap. Qiyin-qiyin, kimga qiyin..? Moliya tizimiga hech qanday daxli yo‘q, soliqlarni o‘z vaqtida bekamu-ko‘st to‘lab kelayotgan oddiy ishchi-xizmatchilarga qiyin. Endi moliyaviy bo‘shliqni to‘ldirish, uyum-uyum qarzlarni to‘lash ularning hisobidan amalga oshiriladi.

Moliyaviy tanazzul Uoll-stritda joylashgan moliya muassasalarining oddiy xodimlari hayotiga ham salbiy ta'sir qildi.

Tabiiyki, moliya tashkilotlarining tanazzuldan qutulish uchun qo‘llayotgan choralari sirasida ish o‘rinlarini qisqartirish tadbiri ham bor. Shunga ko‘ra, moliya tashkilotida xizmat qilgan ko‘p odamlar o‘z tirikchik manbaidan ayrilgan. "KVB-Partners" nomli shirkatda hisobchi bo‘lib ishlaydigan Vilson Chouning aytishicha, uning bank va sarmoya kompaniyalarida faoliyat yuritgan ko‘plab hamkasblari ishsiz qoldilar. Shu paytgacha moliya sohasida ishlab kelgan yana bir nechta mutaxassislar ta'lim maskanlarida dars berish yoki boshqa bir barqaror sohani kasb qilish harakatiga tushganlar. Bu holatni ekspertlar, Uoll-stritning bir necha yillik mo‘l-ko‘lchilikdan keyin zulmatga cho‘mishi, deya ta'riflamoqdalar.

Xo‘sh, bu jarayon dinimiz nuqtai nazaridan qanday baholanmoqda? Ma'lumki, shariatga muvofiq faoliyat yuritadigan moliyaviy tuzilmalar qarzlarni berilgan miqdor darajasida qaytarib oladilar. Bu miqdorni ko‘paytirib, oshirib ko‘rsatishga ularning hech qanday haqqi yo‘q.

Kuala-Lumpurda joylashgan Islomiy moliya tizimini o‘rganish xalqaro markazining professori Muhammad Mahmud Avan ushbu inqiroz xususida shunday fikr bildiradi: "Agar Islom dini tamoyillariga amal qilinganida, bugungi ipoteka inqirozi yuzaga kelmagan bo‘lardi, chunki shariatga ko‘ra qarzni qarzga sotish, ya'ni sudxo‘rlik qilish aslo mumkin emas".

Demak, islom banklari ipoteka bo‘yicha chiqarilgan qimmatbaho qog‘ozlarni sotish bilan shug‘ullanmaydilar. Bu o‘rinda islomda riboning, sudxo‘rlikning qat'iyan ta'qiqlangani katta ahamiyat kasb etadi. Hattoki, qarzni to‘lash muddati cho‘zilib ketganda ham uni o‘z tannarxidan yuqori bahoda undirish gunohi azim sanaladi.

Islom iqtisodiyoti moliyaviy inqirozni bartaraf etish uchun qanday takliflarni kirita oladi?

Tezlik bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tabdirlarning birinchisi, jamg‘arma bozorlarida qarz majburiyatlari bilan savdo qilishni butunlay ta'qiqlash yoki hech bo‘lmaganda cheklashdan iboratdir.

Ikkinchidan, real iqtisodiyotga hech qanday manfaat keltira olmaydigan, bozorda faqat olib-sotarlik, chayqovchilikni kuchaytiradigan savdo-sotiqqa oid har qanday usullar, loyihalar, vositalarni moliyalashtirishni cheklash lozim.

Mutaxassislarning fiklariga ko‘ra, shariatga muvofiq ish yuritib kelgan moliya muassasalari bu tanazzuldan jiddiy talofotsiz o‘ta oldilar. Demak, turli mamlakatlarning mas'ul rahbarlari islom iqtisodiyoti va moliya tizimini e'tibor bilan o‘rganib chiqsalar yomon bo‘lmasdi. Zero, bu ehtiyoj, zaruratdir. Islom moliya tizimi turfa xil inqirozlarni vujudga keltirayotgan mavjud moliya tizimi o‘rniga maydonga chiqa oladigan eng munosib nomzod bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Yevropada chop etiladigan baobro‘ iqtisodiy nashrlar ham sudxo‘rlikka asoslangan moliya tizimini islom iqtisodiyoti tamoyillari asosida isloh etishga chaqirmoqdalar. Jumladan, "Challenge" jurnalining birinchi sahifasida bosh muharrir Bosif Vinsentning "Papa va Qur'on" sarlavhali maqolasi bosilgan. Muallif kapitalistik tuzumning ma'naviy-axloqiy xususiyatlarini, shuningdek Katolik cherkovi va Xristianlikning sudxo‘rlikni oqlashga va joriy etishga qo‘shgan hissasini tanqid ostiga oladi. Uning ta'kidlashicha, aynan mana shu salbiy holatlar insoniyatni misli ko‘rilmagan iqtisodiy tanazzulga olib keldi.

"Mening nazarimda, -  deya fikrini davom ettiradi muallif, - ayni paytdagi tanazzul oqibatida banklarimizda nimalar sodir bo‘layotganini bilish uchun bizda Qur'oni karimni o‘qib-o‘rganishga ehtiyoj paydo bo‘lganligi ko‘rinib turibdi. Agarda banklar rahbariyati Qur'onda bayon etilgan ko‘rsatmalar va tartib-qoidalarni hurmat qilib, amalda ham ularga rioya etganlarida bugungi inqiroz yuzaga kelmas, iqtisodiyotimiz bunday ayanchli holga tushib qolmasdi".

 "Le Journal des Finances" jurnalining bosh muhariri Rolan Laskin esa o‘z maqolasida bundan buyon o‘zaro iqtisodiy munosabatlardagi tartiblarni alg‘ov-dalg‘ov etgan, noqonuniy olib-sotarlik asosida rivojlangan, dunyo bozorlarini chig‘iriqdan o‘tkazgan inqirozni bartaraf etish, iqtisod va moliya sohalarida islom shariati tartib- qoidalari va ko‘rsatmalarini qo‘llash taklifini o‘rtaga tashladi. "Uoll-strit islom shariati qoidalarini qo‘llashga tayyormi?" nomli maqolasida muallif kapitalizmga tahdid solayotgan muayyan xavf-xatar xususida  fikr bildirib, bu xatardan xalos bo‘lishning yagona yo‘li - mavjud moliya tizimi o‘rnini egallay oladigan munosib tuzilmani aniqlab olishdadir, deydi. Muallif bir nechta mulohazalarni, takliflarni o‘quvchilar hukmiga havola etar ekan, iqtisodiyotda islom shariati huquq va tamoyillariga amal qilish taklifini eng asosiy to‘g‘ri yo‘l, deya e'tirof etadi.

Yuqoridagi takliflarga javoban Moliyaviy nazorat bo‘yicha Frantsiya oliy qo‘mitasi bir tomondan faqat ko‘z ko‘rarga tuziladigan soxta, qalbaki oldi-sotdilarni, sudxo‘rlikka asoslangan savdo bitimlari tuzishni ta'qiqlovchi, ikkinchi tomondan esa to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng uch kun ichida buyurtma qilingan mahsulotni yetkazib berish majburiyatini belgilovchi farmon ishlab chiqdi. Bu esa aynan shariat belgilab bergan tartiblarga muvofiqdir. Shuningdek, Frantsiyaning ushbu qo‘mitasi mamlakat bozorida moliyaviy bitimlarni amalga oshirish jarayonida islomiy chek tizimini qo‘llashga ruxsat etuvchi farmonni ham e'lon qildi.

Islom moliya tizimini o‘rganish halqaro markazining ekspertlari kelajakda Qur'oni karim tamoyillari asosida ish yuritish bozor munosabatlarining faol ishtirokchilari mentalitetini yaxshi tomonga o‘zgartirish imkonini beradi, degan fikrdalar.

Yolg‘iz Allohga e'tiqod etish, uning qahridan qo‘rqish, o‘limdan keyingi hayotga ishonish, ribodan voz kechish, oldi-sotdi ishlardagi hallollik va xolislik, butun insoniyatning birodarlashuvi va boshqa umuminsoniy tamoyillarga amal qilinsagina, bozor munosabatlariga kirishganlar, shuningdek, butun insoniyat ham o‘zini turli kulfatlardan, shuningdek, moliyaviy tashvishlardan ham muhofaza etgan bo‘lur edi.

Islomga ko‘ra, hamma ne'matlar Allohga tegishli, inson esa Allohning yerda manzil-makon topgan bandasi sifatida barcha ne'matlarning qandaydir bir guruh manfaatlari uchun emas, balki butun insoniyat manfaati, farovonligi uchun xizmat qilishini ta'minlashga yo‘naltirilgan, javobgar etib tayinlangandir.

Hayotimizda yuz beradigan har qanday yaxshi-yomon holatdan kerakli saboq va xulosa chiqarish kerak. Insoniyat boshidan kechirayotgan inqiroz ham shu ma'noda ijobiy sifatga ega. Negaki, odamlar shu orqali yuzaga kelgan vaziyatning nechog‘li jiddiy ekanini anglab yetsinlar, kerakli saboq olsinlar, aqlu-idroklarini ishga solib, vaziyatni o‘nglash tadbirini ko‘rsinlar. Sodir bo‘layotgan voqealarga ibrat ko‘zi bilan qarab, Alloh taoloning hikmatini anglasinlar.

Nodira Abdullaeva tayyorladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.