OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jahon sahnasida 2008 yil: Voqealar va tahlillar

Yangi tarix kitobining 2008-sahifasiga bitilgan satrlar ham o‘z poyoniga yetib qoldi. Hayot atalmish muallifning shafqatsiz, lekin odil qalami hech bir voqeani nazardan chetda qoldirgani yo‘q. Ayrim o‘rinlarda u quvonchu shodlik nomalarini bitgan bo‘lsa, ba’zan satrlarda siyoh emas, qon oqdi. 366 qatordan iborat sahifa shonli va qonli voqealarga boy. Syujet esa murakkab. Ko‘p o‘rinlarda Muallif o‘ta shafqatsiz yo‘l tutgan, qalamidan qon tomadi, ayrim satrlarda esa uning nega bunchalar saxiy ekanidan hayratlanamiz. Ammo voqealar to‘qima emas. Kitobdagi bitiklarning barchasi haqiqat. Zero u hayot kitobidir...
Tarix solnomasiga ana shunday tarzda muhrlanib borayotgan 2008 yil, darhaqiqat, turfa voqea-hodisotlarga boy bo‘ldi. Jahon sahnasi xilma-xil o‘yinlarning guvohiga aylandi. Hodisalar rivoji tarix qonuniyatiga binoan o‘tgan yillardagi kabi bir maromda davom etib bordi. Lekin yil o‘ziga xos, bir necha o‘n yilliklarda ko‘rilmagan va kutilmagan voqealarga ham shohidlik qildi.
2008 yilda Iroq, Afg‘oniston, Yaqin Sharq, Somali kabi dunyoning qaynoq nuqtalaridagi nizo va urush o‘choqlari yonishda davom etdi. Gruziyadagi siyosiy inqiroz esa kutilmagan va xunuk oqibatlarga boy yangi mojaro bo‘lib tarixga kirdi. Pekindagi yozgi olimpiada o‘yinlari dunyo xalqlari birodarligini kuchaytirgan global sport bayrami sifatida keng nishonlangan bo‘lsa, yil oxiriga kelib bosh ko‘targan dunyo moliyaviy inqirozi ko‘p rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarni tizzasiga cho‘ktirdi. AQShda Barak Obamaning prezident sifatida saylanishi esa nafaqat yilning, balki butun Amerika siyosiy tarixining eng unutilmas va o‘ziga xos saylovlaridan biriga aylandi. 
Keling, shu kabi yilning eng muhim voqealarini batafsilroq sarhisob qilamiz.

Iroq urushi qachon tugaydi?

So‘nggi o‘n yillikning eng bahsli siyosiy mojarosi bo‘lgan Iroq urushi atrofidagi ko‘ngilsizliklar 2008 yilda ham davom etdi. Yil mobaynida minglab harbiy va tinch aholi vakillari qurbon bo‘ldi. Ayni urush AQSh prezidenti Jorj Bush va u mansub Respublikachilar partiyasi obro‘siga jiddiy putur yetkazib, prezidentlik saylovida respublikachilar nomzodi Jon Makkeynning mag‘lub bo‘lishida asosiy sabab vazifasini bajardi. Joriy yilda Iroq qurboni bo‘lgan AQSh askarlari soni 5000 ga yaqinlashdi. Halok bo‘lgan iroqliklar soni esa 100 mingdan oshgan. Bu yil Iroq urushiga oid yana bir muhim voqea shu bo‘ldiki, Iroq parlamentida yangi bitim imzolanib, unga ko‘ra, AQSh harbiy kuchlarining 2011 yilgacha Iroqni butunlay tark etishi kelishib olindi. Ungacha Iroqdagi boshqa ittifoqchi kuchlar, xususan, ular orasida AQShdan keyin ikkinchi o‘rinni band etuvchi Angliya askarlari 2009 yilning iyun oyigacha mamlakatni butunlay tark etishi kutilmoqda. Bu axborot kuni kecha Birlashgan Qirollik Bosh vaziri Gordon Braun tomonidan ham tasdiqlandi.
AQSh va boshqa ittifoqchi kuchlar Iroqni butunlay tark etib, mamlakat boshqaruvi to‘la iroqliklar qo‘liga o‘tgan taqdirda ham o‘lkada kutilgan barqarorlik va tinchlik o‘rnatilishi dargumon. Chunki bir necha yildan beri davom etayotgan urush mamlakatning xavfsizlik tizimini, siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy infratuzilmalarini butunlay izdan chiqargan. Davlat yaxlitligi milliy va etnik nizolar ta’sirida alohida-alohida boshqariluvchi shia va sunniylar Iroqi hamda Kurdiston o‘lkalariga bo‘linib ketish xavfi ostida turibdi. Etnik nizolarning avj olishiga AQSh boshliq ittifoqchi kuchlarning demokratiya niqobi ostida olib borayotgan ayirmachilik siyosati aybdor. Shunday ekan, Iroq urushining qachon yakun topishi hali noma’lum. Hozircha shunisi aniqki, u 2009 yilda ham davom etadi.

Pekinda global birodarlik

Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida shu yil avgustning 8-kunidan 24-kuniga qadar yirik sport bayrami – 29-Olimpiya o‘yinlari o‘tkazildi. Mazkur sport oyligi, shubhasiz, yilning eng muhim voqealaridan biriga aylandi. Ilk bor 1896 yili qadim Gretsiya poytaxti Afina shahrida o‘tkazilishi boshlangan zamonaviy Olimpiya o‘yinlari bugunga kelib turfa siyosiy-iqtisodiy tizimlarga ega, do‘st-dushman mamlakatlar uchun sport olamida birodarlik timsoli vazifasini bajarmoqda. Xitoyda o‘tkazilgan navbatdagi o‘yinlarda dunyoning 200 dan ortiq mamlaktidan 10500 nafar sportchi ishtirok etdi. 
Musobaqalar davomida yangi 43 ta dunyo va 132 ta Olimpiya o‘yinlari rekordlari o‘rnatildi. Medal olgan mamlakatlar sonining ko‘pligi bo‘yicha ham musobaqa Olimpiya o‘yinlari tarixida rekord ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Shuningdek, u eng ko‘p xarajat sarflangan sport musobaqasi sifatida ham tarixda qoladi. Xitoy Olimpiya o‘yinlariga hammasi bo‘lib 42 mlrd. dollar mablag‘ sarflandi. Xarajatlarni o‘tgan musobaqalar bilan qiyoslasak, quyidagi manzaraning guvohi bo‘lamiz: 2004 yilgi Afina o‘yinlarida 15 mlrd., 2000 yilgi Sidney musobaqari uchun esa 7 mlrd. dollar sarflangan. 2012 yili Londonda o‘tkaziladigan 30-Olimpiya o‘yinlari uchun, Britaniya Olimpiya Assosiatsiyasi e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, ko‘pi bilan 19 mlrd. dollar mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilari ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, vatanimizga bir oltin, ikki kumush va uch bronza medali bilan qaytdi.

Gruziyada siyosiy inqiroz

Olimpiya o‘yinlari boshlanishi arafasida mazkur tinchlik va birodarlik bayramining mashhur bir an’anasi qo‘pol tarzda buzildi. 7 avgust kuni Gruziya mintaqasida urush olovi yoqildi. Bu ish jahon jamoatchiligi tomonidan dunyoning tinchlik ramzi sifatida alangalangan Olimpiya gulxaniga nisbatan amalga oshirilgan qo‘pol haqorat tarzida qabul qilindi.
Aslida hududdagi inqiroz urug‘lari avvalroq qadalgan edi. Gruziyaning NATO a’zoligi uchun qilayotgan harakatlari uning katta og‘asi Rossiya tomonidan xush qabul qilinmadi. Natijada Rossiya Gruziya tarkibidagi tan olinmagan Abxaziya va Janubiy Osetiya respublikalari bilan aloqalarni kuchaytirib, ularning mustaqilligini tan olish borasida amaliy qadamlar tashlay boshladi. Bu Gruziya hukumati va ayni paytda Yevropa Ittifoqining nomaqbul xatti-harakatiga nisbatan ogohlantirish edi.
Rossiya Gruziyani Abxaziya va Janubiy Osetiya chegaralarida askarlar sonini ko‘paytirib, ularni kuch bilan o‘ziga qo‘shib olishga tayyorlanayotganlikda aybladi va ikki o‘lkada tinchlikparvar rus askarlari sonini oshirishga qaror qildi. Bu Rossiya va Gruziya munosabatlarini yanada yomonlashtirdi. 31 may kuni Rossiya Abxaziyadagi buzilgan temiryo‘llarni ta’mirlash uchun maxsus temiryo‘lchilar harbiy qismini jo‘natdi. Gruziya hukumati bu harakatni Abxaziya hududiga rus askarlarining kiritilishi sifatida baholadi.
9 iyul kuni Rossiya harbiy qiruvchi samolyotlari Gruziya osmonidan uchib o‘tdi. Rasmiy Moskva mazkur xabarni tasdiqlab, u Abxaziyada saqlanayotgan to‘rt nafar askarni ozod qilish uchun Gruziya harbiy kuchlari tayyorlayotgan amaliyotga qarshi ogohlantirish sifatida uyushtirilganini aytdi. Bundan keskin norozi bo‘lgan rasmiy Tbilisi Moskvadagi elchisini Gruziyaga chaqirib oldi. Vaziyat keskinlashgan ayni pallada AQSh Davlat kotibi Kondaliza Raysning Gruziyaga tashrif buyurishi hamda NATOga a’zo bo‘lish masalasida Gruziyani rasmiy Vashington qo‘llab quvvatlashini e’lon qilishi inqiroz oloviga yog‘ sepgandek bo‘ldi.
Va nihoyat 7 avgust oqshomida Gruziya harbiy kuchlari o‘zboshimcha ikki o‘lkaning tanobini tortib qo‘yish uchun quruqlik va havo orqali Janubiy Osetiya poytaxti Sxinvaliga hujum boshladi. Gruziya rasmiylarining aytishicha, mamlakat harbiy kuchlari Janubiy Osetiya uyushtirgan artilleriya hujumiga javoban chegarani kesib o‘tgan. Natijada Rossiya ham zudlik bilan Janubiy Osetiyaga qo‘shin kiritdi. Gruziya kuchlari hujumi qaytarilib, harbiy amaliyotlar Gruziya hududida davom ettirildi. Besh kunga cho‘zilgan og‘ir janglardan so‘ng Gruziya kuchlari Janubiy Osetiya va Abxaziya hududidan butunlay surib chiqarildi. Gruziya g‘arbidagi bir necha shahar rus askarlari nazoratiga o‘tdi. Yevropa Ittifoqi vositachiligida erishilgan tinchlik bitimidan so‘ng Rossiya qo‘shinlari Gruziya hududini tark etgan bo‘lsa-da, chegaradagi tinchlikparvar kuchlar o‘z o‘rinlarida qoldirildi.
26 avgust kuni Janubiy Osetiya va Abxaziya respublikalarining Rossiya tomonidan tan olinishi mazkur siyosiy inqirozning kulminatsion nuqtasi bo‘ldi, deyish mumkin. AQSh va Yevropa Ittifoqi vakillari voqeaning bu tarzda rivoj topishini keskin qoralab, mazkur harakat Gruziya davlati yaxlitligiga rahna solishi bilan mamlakat ichki hududiy ishlariga noqonuniy aralashish sifatida baholandi.
Gruziya va Rossiya munosabatlari hanuz beqarorligicha qolmoqda. Janubiy Osetiya va Abxaziya bilan Gruziya o‘rtasidagi chegara hududlaridagi harbiy nizolar to‘la bartaraf etilgani yo‘q.

Jahon nazariga tushgan saylov

Shu yil dunyo siyosiy sahnasida barcha xalqlar, davlatlar e’tiborini o‘ziga jalb etgan muhim voqealardan yana biri bu AQShda o‘tkazilgan prezidentlik saylovi ekani shubhasiz.
AQSh davlatchilik tizimida har to‘rt yilda bir bor o‘tkaziladigan prezidentlik saylovi bu gal bir necha jihatlari bilan oldingilaridan ajralib turdi hamda mamlakat saylovi tarixida, shuningdek, dunyo siyosiy saylovlari solnomasida o‘ziga xos hodisa sifatida muhrlanib qoldi.
2008 yilning 4 noyabrida o‘tkazilgan saylovda Demokratlar partiyasi vakili Barak Obama raqibi Respublikachilar vakili Jon Makkeynni yirik hisobda mag‘lub etib, AQShning 44-prezidenti etib saylandi.
Obama AQSh prezidentligiga saylangan birinchi qora tanli fuqarodir. Shuningdek, u tarixda mamlakatning asosiy hududidan tashqarida tug‘ilgan birinchi AQSh prezidenti bo‘lib qoladi. Obamaning onasi AQSh fuqarosi bo‘lgan oq tanli ayol, otasi esa keniyalik qora tanli kishi bo‘lib, Gavayi orolida tug‘ilgan.
Mazkur saylov ko‘p mablag‘ sarflanishi bo‘yicha ham odingi saylov kampaniyalarini ortda qoldirdi. Saylov jarayoni uchun barcha nomzodlar tomonidan yig‘ilgan umumiy mablag‘ 1 mlrd. 644 mln. 712 ming dollardan oshib ketdi. Shaxsan Barak Obamaning o‘zi saylov targ‘iboti uchun 513 mln. 557 ming dollar sarfladi. Bu borada uning asosiy raqibi Jon Makkeyn ishlatgan pul 346 mln. 666 ming dollarni tashkil etdi.
Mazkur saylov dunyo jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish va ishtiyoq bilan kuzatildi. BBS xizmati so‘rov o‘tkazgan 22 mamlakatning barchasida ishtirokchilarning aksariyati Barak Obamani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Obama saylovda g‘alaba qozongan kun nafaqat AQShning o‘zida, balki dunyoning ko‘plab boshqa mamlakatlarida ham yangi prezidentning muxlislari tomonidan xursandchilik namoyishlari o‘tkazildi. Obamaning ota yurti Keniyada g‘alaba keng bayram sifatida nishonlanib, prezident Kibaki tomonidan 6 noyabr g‘alaba sharafiga rasman dam olish kuni deb e’lon qilindi.
Obamaning katta farq bilan g‘alaba qozonishida AQShning ichki va tashqi siyosatida yuzaga kelgan muammolar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Respublikachilar vakili, amaldagi Prezident Jorj Bushning mamlakatda obro‘si tushib ketgani, xalqaro hayotda Bush ma’muriyati olib borgan Iroq va Afg‘oniston urushlari oqibatida AQSh obro‘siga putur yetgani, mamlakat iqtisodining pasayishi kabi omillar mazkur prezidentlik saylovida Demokratlar vakili Obamaning mutlaq g‘alabasini ta’minladi. 
Endilikda jahon jamoatchiligi, xususan, Amerika xalqi avvalgi prezidentlardan ko‘p jihatlari bilan farq qiluvchi yosh, serg‘ayrat Barak Obamadan katta ijobiy o‘zgarishlar olib keluvchi ishlarni kutishmoqda.

Dunyo tiz cho‘kdi...

2008 yilning oxirgi choragiga kelib dunyo moliyaviy inqiroz domiga tushdi. AQShda Lehman Brothers moliya firmasining bankrotlikni e’lon qilishi bilan boshlangan jahon moliyaviy bo‘hroni tez fursatda dunyoning boshqa rivojlangan mamlakatlari moliya va bank tizimlarini ham qamrab oldi. Oz vaqt ichida dunyoning bir necha yirik bank va firmalari inqirozga uchraganlarini e’lon qildi. Inqirozning kelib chiqishiga uy-joy qurilishi loyihalari uchun chiqarilgan katta miqdordagi kredit mablag‘larining qaytarilmagani asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, dunyo iqtisodini tizzasiga cho‘ktirgan mazkur bo‘hron erkin bozor iqtisodiyoti o‘z-o‘zini nazorat qilib turishi haqidagi afsonaviy qoidaning haqiqatga har doim ham to‘g‘ri kelavermasligini ko‘rsatdi. AQSh boshliq yirik kapitalist o‘lkalarning mamlakat iqtisodini qutqarib qolish uchun davlat himoyasi va aralashuvi zarurligini tushunib yetganlari ular ajratayotgan ulkan miqdordagi yordam loyihalaridan ham anglashilmoqda.
Mutaxassislar jahon iqtisodiyotidagi mazkur global depsinishni 1929-33 yillarda dunyo iqtisodini vayron etgan Buyuk Tushkunlik inqirozidan so‘ng ro‘y bergan eng katta bo‘hron ekanini ta’kidlashmoqda. Hanuz davom etayotgan inqiroz hozirgacha 3 trillion dollardan ortiq moddiy zarar keltirdi. Uni bartaraf etish uchun shu kungacha sarflangan mablag‘ esa 8 trillion dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
Nobel mukofoti sovrindori, Jahon bankining sobiq bosh iqtisodchisi Jozef Stiglitzning aytishicha, inqirozning asosiy sababi bugun dunyoda hukm surayotgan bank-moliya tizimining munofiqona qonun-qoidalaridir. Uning ishonishicha, shu paytgacha AQSh boshliq kapitalist dunyosi e’tiqod qilib kelayotgan to‘la erkin bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalari va ularning rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiga shart-sharoitlar hisobga olinmagan holda “eksport” qilinishi o‘zini bugun amalda mutlaqo oqlamasligi ayon bo‘ldi. Shu boisdan ham mutaxassislar dunyo moliya-iqtisodiyot tizimini o‘z monopoliyasida tutib turgan Jahon banki, Xalqaro Valyuta Fondi kabi global tashkilotlarni isloh qilish, ularda rivojlanayotgan mamlakatlar ko‘proq ovoz va ta’sirga ega bo‘lishlariga yo‘l qo‘yish lozimligini aytishmoqda. Jahon iqtisodiyotining muttasil va bir maromda rivojlanib borishi rivojlangan yetakchi davlatlarga bu kabi islohotlar haqida o‘ylab ko‘rishga imkon bermayotgan edi. Ularni chulg‘ab olgan hozirgi moliyaviy inqiroz esa ayni masalani qayta ko‘tarish uchun vaqt pishib yetilganini ko‘rsatmoqda.

Qisqa satrlarda...

Endi qisqa satrlarda yilning boshqa muhim voqealarini yodga olamiz.
2008 yilning 22 aprel kuni Londondagi Murfilds shifoxonasida ikki nafar ko‘zi ojiz insonga ko‘z ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha dunyodagi birinchi jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
28 aprel kuni Hindiston fazoga bir urinishda 10 ta sun’iy yo‘ldosh chiqarib, bu borada jahon rekordini o‘rnatdi.
23 may kuni Gaagadagi Xalqaro tribunal hudud talashish bo‘yicha Malayziya va Singapur o‘rtasida 29 yil davom etgan mojaroga yakun yasab, Midl Rokni Malayziyaga, Pedra Brankani esa Singapurga berish to‘g‘risida hukm chiqardi. 
28 may kuni Nepalning 240 yil davom etgan monarxiya tizimi bekor qilinib, o‘rniga Nepal federal demokratik respublikasi tashkil topgani e’lon qilindi.
10 iyun kuni atoqli adib Chingiz Aytmatov 80 yoshida vafot etdi.
17 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Turkiya, Avstriya, Yaponiya, Uganda va Meksikani BMT Xavfsizlik Kengashining ikki yillik muvaqqat a’zoligiga sayladi.
21 oktyabr kuni dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarining 10 000 dan ziyod olimlari hamkorligida proton energiyasi bo‘yicha tajribalar o‘tkazish maqsadida yaratilgan Katta Adron Kollayderi (KAK) ning rasman ochilish marosimi o‘tkazildi. 
22 noyabr kuni Mars sayyorasidan muzlagan suv parchasi topildi.

O‘ZBEKISTON YILNOMASI

O‘tgan 2008 yil yurtimiz uchun ko‘p yangilik va o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Avvalo, vatanimiz 1 sentyabr kuni 17 yillik navqiron yoshini katta tantana bilan nishonladi. Joriy yilning “Yoshlar yili” deb e’lon qilinishi ham istiqlol farzandlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. “Yoshlar yili” Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Respublikamizda shu kunga qadar barcha manbalar hisobidan 1 trillion 248 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Ayni reja doirasida 184 zamonaviy litsey va kollej barpo etildi. 1 ming 875 maktabda yangi qurilish, rekonstruktsiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 
O‘tgan oylar mamlakatimiz iqtisodiy ko‘rsatkichlari uchun ham yomon kechmadi. Yil oxirigacha 1,5 mlrd. AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Ularning 70 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etilgan mablag‘ tashkil etgan. Keyingi yilda ham 1,8 mlrd. AQSh dollaridan ziyod xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Inflyatsiya darajasi 2008 yilning o‘tgan 11 oyi davomida 6,6 foizni tashkil etdi. 
Quyida yilning shu kabi Vatanimizga oid boshqa muhim voqealarini umumlashtirib, yana bir bor yodingizga solmoqchimiz. Qilingan ishlar kelgusidagi ish-rejalarimiz uchun  unumli saboqlar chiqarishimizda bizga katta yordamchi bo‘ladi deb umid qilamiz. Zero, tarixni bejiz ustozga o‘xshatishmaydi.

2008 yil 1 yanvar. Shu kundan boshlab O‘zbekison Respublikasida o‘lim jazosi bekor qilindi.
2 aprel. “Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori chiqdi. Unda 2009 yil martda Toshkent shahrida “Toshkentning jahon tsivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferentsiya o‘tkazish ko‘zda tutildi. Yil davomida yubileyga tayyorgarlik ishlari davom etdi.
28 aprel–4 may. O‘zbekistonda birinchi marta Kimyo fanidan 42-Xalqaro fanlar olimpidasi o‘tkazildi. Unda 15 davlatdan 104 o‘quvchi ishtirok etib, jamoa hisobida birinchi o‘rin O‘zbekison Respublikasi vakillariga nasib etdi.
1 may. “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilindi. Shu asosda yurtimiz o‘quv maskanlarida  yil davomida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, undagi haq-huquqlar kafolatlari va ahamiyati haqida turli tadbirlar o‘tkazildi. 10 dekabr kuni Respublikamiz maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkazildi.
Sentyabr oyida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 90 yilligi nishonlandi.
4–18 oktyabr kunlari. Toshkent shahrida futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazildi.
14 noyabr. O‘zbekston yoshlari Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finalida ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni egallashdi.
2 dekabr. “Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb etish maqsadida Navoiy viloyati xalqaro aeroporti hududi atrofida 30 yil muddatga “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Bu muddat keyinchalik yana uzaytirilishi mumkin. Mazkur hududda eksport mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 3 million yevrodan 10 million yevrogacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar 7 yilgacha yer solig‘i, mulk solig‘i, daromad solig‘i, obodonchilik va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, yagona soliq to‘lovi (kichik korxonalar uchun), Respublika yo‘l jamg‘armasi va Respublika maktab ta’limini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan ozod etiladi. 10 million yevrodan 30 million yevrogacha mablag‘ kiritganlar esa 10 yilgacha yuqoridagi soliqlardan ozod qilinib, keyingi 5 yil davomida foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovi hajmi amaldagi stavkadan 50 foiz miqdorida belgilanadi. Yuqoridagi shart bilan 30 million yevrodan ortiq mablag‘ kiritilganda esa, investorlar15 yilgacha soliqlardan ozod etiladi hamda keyingi 10 yil davomida foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovi hajmi amaldagi stavkadan 50 foiz miqdorida belgilanadi. Hozirda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini tashkil etishning iqtisodiy-huquqiy asoslarini yaratish ishlari davom etmoqda.

Ertaga 2009 yil

Bir kundan so‘ng yangi yilga qadam qo‘yamiz. Shovullab oqayotgan vaqt esa ra’yimizga qaramasdan shitob bilan oldinga intilishda davom etyapti. Bir donish zot kun kelib vaqt atalmish yaratiliqning o‘z mezonidan ko‘ra tezroq aylanishini bashorat qilgan ekan. Shunday paytlar kelar emishki, yillar oy kabi, oylar kun kabi, kunlar esa soat kabi qisqa va tez o‘tar ekan. Ko‘z yumib ochguncha o‘tib ketayotgan kunlarni ko‘rib, darhaqiqat, kunlar soatga aylanib qoldimikin, deya o‘sha mashhur bashorat yodga tushadi. Balki vaqtimizdan baraka qochgandir? Ha, vaqtning nisbiy ahamiyatga ega ekani, u insonning kayfiyati, nima ish qilayotganiga qarab turlicha tasavvurdagi tezlik bilan o‘lchanishi ham bor gap. Ishonchim komil, nasib qilsa, “ko‘z yumib ochguncha” yana siz bilan 2009 yil sarhisobini qilib, shu sahifa orqali diydor ko‘rishamiz. Umid qilamizki, u kunlar bugungisidan ko‘ra nurafshonroq, vaqtimiz esa barakaliroq bo‘ladi. 

Behzod Mamadiyev

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.