OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jurnalistlar o`limi hamon jumboqligicha qolmoqda

Jahon gazetalari assotsiatsiyasi o‘tgan 2006 yilni jurnalistlar uchun og‘ir va xavfli bo‘ldi, deb baholadi. Chunki 2004 yil hisobiga ko‘ra 72 jurnalist halok bo‘lgan bo‘lsa, 2006 yil noyabr oyigacha bo‘lgan vaqt davomida 88 jurnalistning o‘limi kuzatilgan. Ommaviy axborot vositalari vakillari turli holat va sabablarga ko‘ra o‘lim bilan yuzlashishdi. Ularning ayrimlari "qaynoq nuqta"lardan reportaj tayyorlash jarayonida daydi o‘q qurboni bo‘lgan bo‘lsa, ayrimlariga qasddan hujum uyushtirilgan. Ayniqsa, Iroqdagi vaziyat ko‘plab jurnalist­larning hayotiga raxna soldi.

Jurnalistlarga bot-bot uyushtirilayotgan hujumlar sababi to‘liq ochilmagan. Biroq bu borada taxminlar mavjud. Taxminlarlardan biri axborotni chetga chiqishidan saqlash yoki davlat va jamiyat tuzumini tanqid qilib chiquvchi muxbirlardan "qutulish"dir. Masalan, Filippinda siyosat va narkobiznes mavzusida eshittirishlar tayyorlagan radioboshlovchi Armando Peykni yo‘lda otib o‘ldirishgan. Yana bir pokistonlik fotograf Hayatulloh Xon "al-Qoida" harakatlari aks etgan suratlardan so‘ng qatl etilgan. 7 oktyabr kuni Moskvada sodir bo‘lgan muxbir Anna Politkovskayaning o‘limi ko‘pchilikka ma'lum. U ham Checheniston masalasi, inson huquqlari va bosh­qa mavzularda tanqidiy maqolalar muallifi edi. Hujumlar esa kim tomonidan uyushtirilgani ko‘p hollarda noaniqligicha qoladi. Jahon gazetalari assotsiatsiyasi vakili Timoti Bolding juda kam qotillar qo‘lga olinganini, shuningdek, bu hujumlar birgina shaxsga, ya'ni jurnalistga qarata emas, bu orqali butun bir davlatga uyushtirilayotgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidlaydi. Zero, halok bo‘lganlarning aksariyati professional muxbirlardir.

Masalaning yana bir tomoni ham borki, halok bo‘lgan jurnalistlar ichida siyosiy mavzu yoki biror davlatdagi salbiy holatlarni yoritmagan, bunday masalalar bilan umuman shug‘ullanmagan muxbirlar ham bor. Misol uchun qasddan o‘ldirilgan iroqlik jurnalist Akil Sarxan sport kanalida faoliyat ko‘rsatardi. Filippinlik Melendres esa sariq matbuot nashr­laridan birida muxbir edi. Shu sabab jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo‘mitalar bu kabi jurnalistlarning o‘limi kasbiy faoliyatga daxldormikin, deya o‘yga tolishmoqda. Undan tash­qari, qurbon bo‘lganlarning hammasi ham muxbir bo‘lib qolmay, ular orasida fotograf, tasvirchi yoki jurnalistlarning haydovchilari ham bor.

O‘tgan 10 yil ichida 500 dan ortiq jurnalistning o‘limi kuzatilgach, xorij OAV vakillari orasida "Yomon maqola yozsang ishingdan, yaxshi maqola yozsang joningdan ayrilasan" iborasi paydo bo‘lgani ham bejiz emas.

Durdona Alimova

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.