background
logotype

“Kichkina demang bizni...”

Germaniya maxsus xizmati tomonidan o‘tgan haftada amalga oshirilgan operatsiya mojaroga sabab bo‘ldi

Yevropadagi mitti davlat - Lixtenshteyn knyazligi va ko‘hna qit'a yetakchilaridan biri Germaniya davlati o‘rtasida diplomatik ixtilof yuzaga keldi. Ayni paytda kattagina daromadning qo‘ldan ketish ehtimoli mo‘'jazgina knyazlikni qudratli qo‘shnisiga qarshi borishga undamoqda.

Hammasi Germaniya huquq idoralari davlatga soliq to‘lashdan bosh tortgan bir guruh mansabdorlarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘ashidan boshlandi. So‘nggi ikki hafta ichida nemis prokuraturasi Bonn va Kyoln shaharlarida bir qancha shaxslarni daromadini soliq idorasidan yashirish aybi bilan hibsga oldi. Yirik operatsiya davomida Germaniyadagi nufuzli shaxslardan biri, mamlakat pochtasi (Deutsche Post) rahbari Klaus Sumvinkel ham gumondorlar qatorida tergovga jalb etildi. Tergov idorasi taxminiga ko‘ra, yirik sarmoyador qo‘shni Lixtenshteyndagi bankda bir million yevrodan oshiqroq mablag‘ini soliq idorasidan yashirib kelgan. Ish ko‘lami kengayib, xalqaro darajaga yetganidan ke­yin unga Federal razvedka xizmati (BND) ham qo‘shildi.  Ke­yinroq ma'lum bo‘lishicha, xorijdagi bank hisob raqamlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning topilishi tasodif ham, maxsus xizmatning uddaburonligi va topqirligi ham emas ekan. Maxfiy axborot Lixtenshteyndagi LGT bankining sobiq xodimidan olingan ekan. Nomi oshkor etilgan sobiq bankir 4,2 million yevro mukofot evaziga knyazlikdagi banklarga katta miqdorda sarmoya qo‘ygan mijozlar xususidagi qimmatli ma'lumotlarni taqdim etgan.

Ushbu hodisa mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarga ta'sir etmay qolmadi. Lixtenshteyn knyazi vorisi Alois Germaniyadagi hibslarga munosabat bildirib, mazkur harakatni knyazlikka qarshi hujum deb baholadi. Taxt vorisi Germaniyani qonunsizlik va kichik davlatning suverenitetiga daxl qilishda aybladi. Bo‘lajak knyaz ushbu ish bo‘yicha tergovga tortilgan fuqarolarini himoya qilishga ham va'da berdi.

Shahzoda Aloisning diplomatiya qoidalarini ham pisand qilmasdan Germaniyaga qarshi bayonot berganini tushunish mumkin. Lixtenshteyn davlatida iqtisodiy ishlab chiqarish u qadar qudratli emas, knyazlikning kam sonli aholisi asosan xizmat ko‘rsatish ortidan kun kechiradi. Bank-moliya muassasalari g‘aznaga eng ko‘p (30 %) daromad keltiruvchi soha sanaladi. Maxfiy tamg‘asi bilan yashirib kelingan ma'lumotlarning huquq idoralari qo‘liga tushishi esa butun dunyo sarmoyadorlarini o‘ziga jalb etayotgan Lixtenshteyn banklarining nufuziga putur yetkazishi mumkin.

Lixtenshteyn adliya vaziri Klaus Chucher bankdan maxfiy axborotlarni o‘g‘irlab sotgan xodimga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishini ma'lum qildi. Biroq oldindan aytish kerakki, nemis maxsus xizmati qimmatli axborot manbasini qo‘shni davlatga oshkor etmasligi aniq. Taxminlarga qaraganda, maxfiy ma'lumotlarni tuzukkina mablag‘ evaziga pullagan sobiq bankir allaqachon Avstraliyaga chiqib ketgan.

Daromadni soliqdan yashirish bilan bog‘liq hibslar nemis jamiyatining o‘zida ham turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holatni tanqidiy baholayotgan huquqshunoslar noqonuniy yo‘l bilan sotib olingan maxfiy axborotdan sudda foydalanish mumkin emasligiga e'tibor qaratmoqdalar.

Aslida Germaniyada bu kabi yirik amaliyot o‘tkazilishi ko‘pdan beri kutilayotgandi. Nega deganda, so‘nggi yillarda federal byudjet birgina soliqlarning to‘la undirilmasligi tufayli 30 milliard yevro miqdorida zarar ko‘rayotgandi (hisob-kitoblarga ko‘ra, Germaniya g‘aznasiga tushishi kerak bo‘lgan 8 milliard yevro qo‘shni knyazlik banklarida qolib ketmoqda).

Ortida millionlar turgan mazkur ish oxir-oqibat davlat rahbarlari darajasida muhokama etilayotgan masalaga aylandi. O‘tgan hafta ikki tomonlama munosabatlarni oydinlashtirish maqsadida Berlinda Germaniya kantsleri Angela Merkel va Lixtenshteyn bosh vaziri Otmar Xasler ishtirokida yig‘in bo‘lib o‘tdi. Biroq hukumat rahbarlari ishtirokidagi uchrashuv ham muammo yechimiga xizmat qilmadi. Bil'aks, tomonlar o‘rtasida munozarali masalalarni yanada ko‘paytirdi.

Lixtenshteyn qonunlariga ko‘ra, bank mijozlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar hattoki tergov maqsadida ham oshkor etilmaydi. Germaniya kantsleri ana shu jihatni tanqid qildi va knyazlik bosh vaziriga bu boradagi qonunchilikni o‘zgartirish kerakligi, jinoyatchilikka qarshi kurashda moliya muassasalari ham yordam berishi kerakligini ta'kidladi. Merkel xonim so‘z orasida nemis tomonining talabi shunchaki yerda qolib ketadigan gap bo‘lmasligi zarurligini eslatib qo‘ydi. Kantslerning ogohlantirishicha, Berlin tomonidan qo‘yilgan talablar bajarilmasa, Germaniya knyazlikka nisbatan sanktsiyalar joriy etadi, bu esa mamlakatga kelayotgan pul oqimini to‘xtatib qo‘yishi  ham mumkin...

Tabiiyki, Germaniya kantslerining ogohlantirishi Lixtenshteyn tomonidan olqishlar bilan kutib olinmadi. Shunga qaramay, garchi talablar ma'qul kelmasa ham ayrim siyosatchilarning fikricha, knyazlik Berlin qo‘ygan shartlarni bajarsa kerak. Chunki yillar davomida osoyishta va tinch hayotga o‘rgangan Lixtenshteyn baribir Kosovo (yoki aksincha Serbiya) yo‘lini tuta olmaydi. Mitti davlat qudratli qo‘shnilar talabini bajarmay, shu taxlit oyoq tirab tursa, bundan-da kattaroq yo‘qotishlarga uchrashini yaxshi biladi...

Abdulla Sobirov, "Hurriyat" gazetasi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.