background
logotype

Konstitusiyasiz ittifoq

Yevropa hamjamiyati nisbatan tushunarli va shaffofroq bo‘lgan hujjatni 2009 yilda qabul qilishni mo‘ljallamoqda

Yevropa Ittifoqi 2009 yilgi boshqaruvni yagona rasmiy hujjat asosida boshlashga umid qilgandi. Ammo harakatlar har doim ham xohishga to‘g‘ri kelmas ekan. 2007 yilda imzolanib, Ittifoqqa a'zo davlatlar muhokamasiga qo‘yilgan Lissabon shartnomasi ayrim mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy pozitsiyasiga to‘g'ri kelmayotgani tufayli ratifikatsiya qilinmay turibdi.

Bu esa Ittifoqning integratsiyalashuvi, yaxlit mintaqa sifatida faoliyat olib borishga to‘sqinlik qilmoqda.

• «Lissabon shartnomasi» ikkita muhim yangi lavozimlarni ta’sis etishni nazarda tutadi. Bular 2,5 yilga saylanuvchi YeI prezidenti va tashqi siyosat bo‘yicha rahbar.
• 2008 yil 27 dekabr holatiga ko‘ra, shartnomani YeI 27 davlatidan 24 tasi ratifikatsiya qilgan. 2007 yilda Vengriya, 2008 yilda 24 davlat ratifikatsiya qilgan.
• Ittifoqqa 12 yangi mamlakat qo‘shilgandan so‘ng yangi shartnoma ishlari sezilarli ravishda qiyinlashgan. Xususan, tilchilar YeI doirasida deyarli har kuni o‘tkaziladigan yig’ilishlarni qariyb 20 tilda tarjima qilishlariga to‘g’ri kelmoqda. Bu esa anchagina mablag’ni talab etadi, qolaversa, hisobotlar, xulosalar va boshqa muhim hujjatlar tegishli mutaxassislarga o‘z vaqtida yetib bormayotgani ham kuzatilmoqda.

 

Bundan avval YeI davlatlari yagona Konstitutsiyani qabul qilishga astoyidil kirishgandi. Biroq 2007 yilda Frantsiya va Niderlandiyadagi referendum natijalari, ya'ni aholining Konstitutsiya qabul qilinishiga rad javobi berishi Yevropani boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi. ¥arakatni davom ettirish uchun ishdagi tartib va printsiplarni soddalashtirish, faoliyatni nisbatan tushunarli va shaffofroq qilishni taqozo etdi. Shunda o‘sha yil 13 dekabrida 27 a'zo mamlakat yetakchilari Konstitutsiya o‘rniga YeIning asosiy qonunchilik me'yorlarini belgilovchi yangi Lissabon shartnomasini imzolashdi va bu hujjatni ratifikatsiya qilishga yo‘l ochdi. Shunga qaramay, hozirgi kunda 250-betlik shartnomani qo‘llab-quvvatlash xamirdan qil sug‘urganday oson kechayotgani yo‘q. Unga 2008 yilda 24 davlat qoniqarli javob bergan bo‘lsa-da, jarayon Irlandiya, Polsha va Chexiyaga kelganda "to‘xtab" qoldi.

¥ar bir mamlakat mustaqil davlat sifatida shakllanishi uchun belgilangan rasmiy hujjatga ega bo‘lishi lozim. Dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlarda hech bir fuqaro o‘z ijtimoiy-shaxsiy hayoti, qonuniy manfaatlarini himoya qilishni Konstitutsiyasiz tasavvur etolmaydi. Ular kundalik hayotida Konstitutsiya belgilab bergan qoida va huquqlarga tez-tez murojaat qiladi, unga o‘zining suyanchi sifatida qaraydi. Lissabon shartnomasi ham barbod bo‘lgan Konstitutsiya loyihasi (2004 yil iyunda imzolangan)ning soddalashtirilgan varianti, ikki yillik tajribadan kelib chiqib yangilangan shartnomada tomonlar «konstitutsiya» so‘zini ishlatmaslikka qaror qilishgan. Buning o‘rniga hujjatning ishchi nomi «islohotlar haqida shartnoma» deb atalib, undagi YeI bayro²i va madhiyasi haqidagi barcha joylar olib tashlandi.

Lissabon shartnomasi deb nom olgan yangi shartnoma 1992 yil Maastrixtda imzolangan YeI haqidagi kelishuv hamda 1957 yilda Rimda imzolangan Yevropa hamdo‘stligini tashkil etish haqidagi kelishuvga o‘zgartirish kiritadi. Yevropa mutaxassislarining fikricha, «Lissabon»ni qabul qilishdan maqsad YeIga a'zo davlatlarning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashdan iborat. Boshqacha aytganda, bu hujjat Ittifoqning rivojlantirishga tayanch vazifasini bajarishi darkor.

Lissabon shartnomasini rad etganlardan biri bu - irlandiyaliklardir. 2008 yilning iyun oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, aholining 65 foizi mazkur shartnomani ratifikatsiya qilishga qarshi ovoz bergandi. Oradan yarim yil o‘tib, YeIning Bryusselda o‘tkazilgan sammitida «Lissabon»ning keyingi taqdirini belgilovchi kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, 2008 yil iyun oyida shartnomani ratifikatsiya qilishdan bosh tortgan Irlaniyada 2009 yilning sentyabr yoki oktyabr oylarida takroriy referendum o‘tkaziladigan bo‘ldi. Buning evaziga Irlaniyaga Yevropa komissiyada o‘z «irlandiyalik» yevrokomissariga ega bo‘lish huquqi berilgan.

Kuzatuvchilar fikricha, bu kelishuv bir tomondan Lissabon shartnomasi qoidalarini buzadi. Negaki, unda YeI ijrochi hukumati bosh organida komissarlar sonini chorak qismga qisqartirish nazarda tutiladi. Bundan tashqari Irlandiya bundan avval maxsus deklaratsiya qabul qilishni talab qilib, unda mamlakatning davlat daxlsizligi va abortlarni ta'qiqlash kabi qonunlarning saqlanib qolishini kafolatlashni so‘ragan. Yevropalik diplomatlar so‘zlariga ko‘ra, kelishuvning yuridik jihatlari yaqin orada rasmiylashtiriladi. Germaniya ichki ishlar vaziri V.Shoyblening aytishicha, «Yevropa birlashuvining davom etishi qo‘llab-quvvatlanadi. «Albatta, Irlaniyadagi natijalarga jiddiy qarashimiz lozim. Lekin bir necha millionlik Irlandiya fuqarolari 495 millionlik yevropalik nomidan qaror qabul qila olmaydi».

Kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, ayni paytda YeIning Irlandiya bilan yakuniy muzokaralari ancha muvaffaqiyatli kechmoqda. Bunga qaysidir ma'noda moliyaviy inqiroz ham muhim rol o‘ynamoqda. Amerika ipoteka bozoridan boshlangan iqtisodiy tur²unlik hozir Irlandiyani ham cheklab o‘tayotgani yo‘q. Bugunga kelib rasmiy Dublin jahon hamjamiyatining moliyaviy ko‘maklariga muhtoj bo‘lib turibdi. Bundan esa Yevropa Ittifoqi unumli foydalanishi mumkin.

«Lissabon» atrofida ikkilanib turgan davlatlardan yana biri bu - Chexiya. Bu yerda ratifikatsiya bilan bo²liq vaziyat ancha jiddiy. Mamlakat parlamenti hozircha Lissabon shartnomasini ko‘rib chiqishga kirishgani yo‘q. Mamlakatning Konstitutsion sudi Lissabon shartnomasi davlat Konstitutsiyasiga to‘²ri kelmasligini aytgan. Ammo mamlakat prezidenti Vatslav Klausning fikricha, parlament va sudning qaroridan qat'iy nazar shartnomaga Irlandiyadan keyin qo‘l qo‘yishini ta'kidlagan. Chexiya parlameniga navbatdagi ovoz berish jarayonida 2009 yil 3 fevralda bo‘lib o‘tadi. Mazkur shartnomani imzolamagan uchinchi davlat Polsha sanaladi. ¥ujjat prezidentning imzosini kutib turibdi. Buyuk Britaniya ayni paytda YeIning viza immigratsiya siyosatiga qo‘shilmayapti. Yangi kelishuvga ko‘ra, ushbu mamlakatlar mazkur masalalar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishayapti. Bu masalada Polsha ham Britaniyaga ergashmoqda. Daniya esa ichki siyosatning ayrim sohalarida o‘z qoidalari bo‘yicha harakat qilishni davom ettirmoqda.

Umuman, yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘li shartnomaning o‘zida ham ko‘rsatilgan. Ya'ni, unda bir vaqtning o‘zida 27 mamlakatning bir ovoz bilan ma'qullashini talab qiluvchi konsensus asosida emas, «ikki barobar ko‘p» ovoz bilan qaror qabul qilishning yangi tizimi nazarda tutilgan. Ya'ni, agar shartnomaning qabul qilinishini YeI mamlakatlarining kamida 55 foizi qo‘llab-quvvatlasa, u qabul qilingan hisoblanadi. Aynan shu holat Polshaga ma'qul kelmayapti. Negaki, Polsha qaror qabul qilishning mazkur tizimi Germaniyaga o‘xshash yirik mamlakatlar ta'sir doirasini kuchaytirib, Polsha kabi kam aholili mamlakatlarning kuchsizlantirishidan xavotirda. Shuningdek, qoidaga ko‘ra, istalgan mamlakat YeI qaroriga veto qo‘yish huquqiga ega edi. Yangi tizim esa qaror qabul qilishga to‘sqinlik qiluvchi mamlakatlar soni to‘rtadan ko‘p bo‘lishini talab etadi.

Eng ko‘p talablari qondirilgan mamlakat bu Buyuk Britaniya bo‘ldi. Bu yerda amal qiluvchi anglosakson huquqi shunga zamin yaratdi. Shunday qilib, u inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Xartiyasiga qo‘shilmaslik (Polshadan tashqari YeIga a'zo boshqa davlatlar uni imzolashgan), mustaqil ravishda tashqi siyosatni amalga oshirish va soliq va mehnat siyosati sohasida o‘z me'yorlariga amal qilish huquqini oldi. Shuningdek, Britaniya unga yondosh Irlandiya immigratsiya, viza siyosati va boshpana berish masalalarida boshqaruvni o‘z qulida qoldirdi.

Jahon tajribalari shuni ko‘rsatadiki, mustaqil demokratik huquqiy davlatning tashkil topishi va rivojlanishining asosiy sharti davlat va jamiyatning siyosiy qurilish tizimini belgilaydigan, fuqarolarning erkinliklari va huquqlarini himoya qiladigan Bosh Qomusning mavjudligidir. Aholi soni qariyb yarim milliardga yetgan Yevropa Ittifoqi ham aynan shu maqsadda jiddiy harakat qilmoqda va bu ishni 2009 yildayoq nihoyasiga yetkazish harakatida. Kuzatuvchilarning fikricha, sayyoramizda rivojlanayotgan mintaqalarning ko‘paygani yaxshi. Ammo Yevropa yirik ittifoq sifatida qoladimi yoki barcha Yevropa hududlari yo‘lidan ketadimi? Dunyo siyosiy xaritasida paydo bo‘layotgan yangi yirik ittifoq qaysi shartlar asosida tuziladi?  Yevropa Ittifoqi faoliyati doirasida a'zo davlatlarning o‘ziga xos roli qanday bo‘ladi? Ko‘p hollarda ana shu savollar ochiq qolmoqda.

Behbud Botirov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.