OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

LOTIN AMERIKASI AQSHGA QARSHI BIRLASHYAPTI

Geosiyosatda “Kimki Lotin Amerikasiga egalik qilsa, u dunyo boshqaruvi kalitini qo‘lga kiritadi” degan qarash mavjud. So‘nggi paytlarda jahonda yetakchi bo‘lishga ochiq harakat qilayotgan AQSh va Rossiya o‘rtasida mintaqa uchun kurashning kuchayib borayotgani mazkur munozarali fikrni tasdiqlayotgandek... Shafqatsiz raqobatga asoslangan bu kurashda Vashington tomoni ko‘pdan buyon boy berib kelyapti. Buning bosh sababi esa Lotin Amerikasi mamlakatlarida birin-ketin so‘l qanot siyosiy partiyalari hukumat tepasiga kelayotgani va “amerikacha liberalizm”­ga qarshi bo‘lgan yetakchilarning o‘zaro yagona ittifoqqa birlashayotganidir...

Kolumb boshlab bergan yo‘l

Dunyo xaritasida Lotin Amerikasi degan jug‘rofiy nom Xristofor Kolumbning mashhur dengiz sayohatlaridan keyin paydo bo‘ldi. Biroq jahonda hukmronlik qilish orzusi, oltin vasvasasi “Yangi dunyo” deb atalgan hududning xalqaro maydondagi o‘rni va ahamiyatini qisqa fursat ichida oshirib yubordi. O‘tmish paytda ulkan imperiya sanalgan Buyuk Britaniya, Ispaniya, Frantsiya kabi davlatlar Lotin Amerikasi uchun qonli urushlar olib borgani ma’lum. 
Bugun dunyo siyosati manzarasi o‘zgargan. Bir paytlar gegemon mavqe egallagan imperiyalar o‘z o‘rnini aynan Kolumb kashf etgan diyorda paydo bo‘lgan davlatga bo‘shatib bergan. Biroq siyosiy manzara o‘zgargani bilan siyosiy maqsadlar hozir ham o‘sha-o‘sha: birinchilik da’vosidagi davlatlar hali-hanuz Lotin Amerikasini strategik ahamiyatga molik hududlardan biri sifatida o‘zgacha qadrlashadi.
Amerika qit’asining asosiy qismini egallagan va 20 ga yaqin davlatni o‘z ichiga olgan Lotin Amerikasida 400 milliondan oshiq aholi istiqomat qiladi. Bizningcha, ana shu birgina raqamning o‘zi hudud nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekanini tasavvur qilish uchun kifoya.

“Katta tayoq”dan “yaxshi qo‘shnichilik”ka

XX asr boshlaridan Lotin Amerikasi hududida AQSh nufuzi oshganini kuzatish mumkin. Endigina mustaqillikka erishgan va hali o‘zini tash­qi bosimlardan muhofaza qilishga qodir bo‘lmagan Braziliya, Argentina, Chili, Meksika kabi hudud davlatlari Qo‘shma Shtatlarning iqtisodiy va siyosiy ta’sir doirasiga tushib qoldi. Oq uy bu yerda dastlab qo‘rqitishga asoslangan “katta tayoq” siyosatini olib bordi. Lotin Amerikasi mamlakatlari o‘z erkini talab qila boshlagan bir paytda zo‘ravonlikning o‘ziga xos madaniy ko‘rinishi bo‘lgan bu siyosat “dollar diplomatiyasi”ga almashtirildi. Ya’ni, mamlakatlar endi iqtisodiy tobelikka mahkum etildi. Shu tariqa Birinchi va Ikkinchi jahon urushi davrida Lotin Amerikasi Vashington tomonida bo‘ldi. 
Qo‘shma Shtatlarning mashhur prezidentlaridan biri Franklin Delano Ruzvelt davrida Lotin Amerikasiga nisbatan yangi “yaqin qo‘shnichilik” siyosati ishlab chiqildi. Shiddat bilan o‘zgarayotgan muhit va odamlar oshkora bosimlarni ko‘tara olmay qolgan edi. 
Urushdan keyingi davrlar Lotin Amerikasi tarixidagi qorong‘i sahifalar bilan yodda qoldi. Hududi va shunga yarasha iddaosi ham kichik bo‘lgan Chilidan tortib Argentina, Braziliya kabi yirik davlatlarda hokimiyat tepasiga kelgan diktatorlik tuzumi davrida mintaqa butunlay tashqi ta’sir ostida bo‘ldi. Bu davrda umummilliy manfaatlardan ko‘ra shaxsiy hokimiyatni saqlab qolishni ustun qo‘ygan diktatorlar o‘z davlatlarini qo‘shqo‘llab “katta og‘a”larga topshirib qo‘yishdi.
1990 yillardan Lotin Amerikasi mamlakatlarida diktatorlik rejimlari ag‘darilib, demokratik hukumatlar tashkil etilishi bilan siyosiy yetakchilar yana milliy manfaat haqida bosh qotira boshlashdi.

“Amerikacha liberalizm”ning umri tugadimi?

Lotin Amerikasi siyosiy sahnasida oxirgi paytlarda so‘l kayfiyatdagi siyosiy partiyalar mavqei tobora mus­tahkamlanib bormoqda. Mamlakatni rivojlantirishning sotsialistik variantini yoqlayotgan Venesuela, Boliviya kabi davlatlar rahbarlari “amerikacha liberalizm” davri yakunlangani, endi “imperializm” ularni alday olmasligini bildirishmoqda. “Imperializm” deganda qaysi davlat nazarda tutilayotganini o‘quvchilar sezib turgan bo‘lsalar kerak.
Bir paytlar vasiy va homiy vazifasini bajargan davlatdan voz kechgan mintaqa mamlakatlari har qancha siyosiy mustaqillik da’vo qilmasin, baribir buyuk ittifoqchisiz uzoqqa borolmasligi aniq. Diplomatiyaning ana shu yozilmagan qoidasi Lotin Amerikasida Qo‘shma Shtatlardan keyin yana boshqa bir buyuk davlat ta’siri oshishini taqozo qiladi. Demak, mintaqa davlatlarining endigi tayanchi Rossiya...

Moskva hamkorini yakkalab qo‘ymadi

Venesuela — Amerika qit’asidagi Oq uy hukumatiga ochiq qarshi bo‘lgan davlat. Mamlakatni 1998 yildan beri idora qilib kelayotgan prezident Ugo Chaves AQShni bosqinchilik siyosatida ayblaydi va xalqaro hamjamiyatni Jorj Bush rejimiga qarshi kurashga chaqiradi. Turli shov-shuvli chiqishlari, mojaroli bayonotlari bilan tanilgan Ugo Chaves hattoki Amerika prezidenti unga qarshi suiqasdga hozirlik ko‘rayotganini ham iddao qiladi. 
Xullas, neft zahirasi bo‘yicha mintaqada birinchi, gaz zahirasi bo‘yicha dunyoda sakkizinchi o‘rinni egallagan istiqboli nurli Venesuela allaqachon Vashington amlokidan chiqib ketgan. Bu Ugo Chavesning o‘tgan hafta Rossiyaga qilgan tashrifi mobaynida yana bir karra isbotlandi. 
Federatsiyaga tashrif davomida Ugo Chaves Moskva bilan 1 milliard dollarlik harbiy shartnomalarga imzo chekdi. Bitimga ko‘ra, Venesuela Rossiyadan 24 ta Su-30 qiruvchi samolyoti va 53 ta Mi-35 vertolyoti sotib oldi. Bundan tashqari, Lotin Amerikasi davlatiga 100 ming dona Kalashnikov avtomati yetkazib berildi. Yaqin kunlarda esa Venesuelada AK-103 avtomatini ishlab chiqaruvchi zavod ham ishga tushadi. 
Bir paytlar to‘laligicha Amerika harbiy texnikasidan foydalangan Venesuelaning endilikda Rossiya bilan rosmana ittifoq tuzayotgani Vashington tomonidan xotirjam qabul qilinayotgani yo‘q, albatta. Vladimir Putin va Ugo Chaves o‘rtasida harbiy shartnoma imzolanishi arafasida Oq uy ma’muriyati tomonidan Karakas hukumatining bu qadar ko‘p harbiy texnika sotib olishi mintaqadagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida bildirilgan xavotir Moskva tomonidan rad etildi. Har­qalay, raqib harbiy texnikasidan butunlay voz kechib, to‘la Rossiya aslahalari bilan qurollanayotgan, boz ustiga, o‘z hududidagi ulkan neft konlarini o‘zlashtirishdek manfaatli hamkorlikka taklif etayotgan davlatni Moskva og‘ir vaziyatda yakkalab qo‘ymadi.

Kengayib borayotgan ittifoq 

Bundan o‘n yillar oldin ham Oq uy siyosatdonlari bu qadar murakkab holatga tushishmagandi. Chunki mintaqada Vashingtonga qarshi kayfiyatdagi birgina Kuba davlati bor edi. Qaysar va o‘zbilarmon Fidel Kastro har qancha urinmasin, baribir yolg‘iz edi. Yolg‘iz otning esa changi chiqsa ham, dong‘i chiqmaydi...
Bugungi kunda esa Lotin Amerikasida Qo‘shma Shtatlarga qarshi butun boshli ittifoq shakllandi va tobora mustahkamlanib bormoqda.
Boliviyada o‘tgan so‘nggi prezidentlik saylovida so‘l partiya yetakchisi Evo Morales g‘alabaga erishdi. Kastro va Chaves bilan yaqin do‘stlik aloqalariga ega bo‘lgan yangi prezident ishni xorijiy sarmoyadorlar qo‘liga o‘tib ketgan neft va gaz sanoatini hukumat nazoratiga olishdan boshladi. Ayni paytda Morales Venesuela tomonidan tuzilgan ittifoqda faol ishtirok etyapti.
Mintaqaning eng yirik davlati Braziliyada esa mo‘’tadil qarashli Lula da Silva ma’muriyati hukumat tepasida. Da Silva garchi Vashington siyosatiga ochiq qarshi bo‘lmasa-da, lekin mus­taqil va erkin boshqaruv tarafdori. 
Haligacha general Pinochet yetkazgan jarohat og‘riqlari bilan yashayotgan Chilida ham yil boshida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida so‘l kuchlar g‘alabaga erishdi. Sotsialistlar partiyasi rahbari Michel Bachelet xonim mamlakat tarixidagi ilk ayol prezident bo‘ldi. 
100 milliondan oshiq aholi istiqomat qilayotgan Meksikada o‘tgan oyda bo‘lgan prezidentlik saylovida so‘l partiya vakili Andreas Obrador raqibi Filip Kalderondan bor-yo‘g‘i 0,5 foiz kam ovoz oldi. Biroq Meksikada kechayotan hozirgi siyosiy jarayonlar so‘l kuchlarning bu muvaffaqiyatsizligi ham muvaqqat ekanidan dalolat berayotgandek...

Qazzofiy, Lukashenko va Ugo Chaves 

So‘l ittifoq tashkilotchisi bo‘lgan Venesuela rahbari Ugo Chaves Oq uyga qarshi kurashga qattiq bel bog‘lagan ko‘rinadi. Karakas yetakchisining so‘nggi xorijiy safarlarini tahlil qilganda, Siz ham ana shunday xulosaga kelishingiz aniq.
Ugo Chaves bir muddat avval Liviyaga rasmiy tashrif bilan keldi. Tripolida uni Liviya rahbari, xalqaro doiralarda AQShga qarshi siyosatdon sifatida tanilgan polkovnik Muammar Qazzofiyning o‘zi kutib oldi va qabul qildi.
Safarning mantiqiy davomi sifatida Venesuela rahbari o‘tgan hafta Belorus poytaxti Minskka tashrif buyurdi va Oq uy tomonidan diktator deb e’lon qilingan hamda Amerika hududiga kirishi taqiqlangan Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tash­qi tahdidlar va imperializmga qarshi kurash borasida ikki davlat o‘rtasida strategik ittifoq tuzildi.
Lotin Amerikasida sersoqol Fidel Kastro orzu qilgan damlar keldi go‘yo. Biroq ana shunday quvonchli kunlarda, taassufki, “shakarqamish oroli” dohiysining qo‘lidan ish kelmaydi. Biroq keksa Kastro hech afsuslanmasa ham bo‘ladi. U xuddi o‘zi kabi ser­g‘ayrat, serharakat va aynan o‘zidek shoshqaloq, shov-shuvlarga o‘ch izdosh tayyorladi. Harqalay, jiddiy ishlarda unga ishonsa bo‘ladi. Axir, Kastroning izdoshi butun boshli Amerikaga qarshi ittifoq tashkil etishdek murakkab vazifani uddaladi-ku...

Sobirjon YOQUBOV

 
P. S. Yaqin kunlarda Lotin Amerikasining Peru, Ekvador, Nikaragua kabi davlatlarida ham prezidentlik saylovi bo‘lishi kutilyapti. Agar ushbu mamlakatlarda ham so‘l kuchlar zafarga erishsa, demokratiyani hatto Yaqin Sharq va Afg‘onistonga eksport qilish harakatida bo‘lgan davlatga qiyin bo‘lishi aniq...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.