OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’rifat asri muammosi

Dunyoning ayrim mamlakatlarida xotin-qizlar huquqini himoyalash masalasi dolzarbligicha qolmoqda

Eng muhtaram va mukarram zot sifatida ayol sha'niga ko‘p yaxshi so‘zlar aytiladi. Dunyodagi barcha yaxshiliklar sababchisi, buyuk jahongiru tengsiz allomalar tarbiyachisi bo‘lgan xilqat haqli ravishda ta'rif-tavsif etiladi. Yurtimizda ham asriy qadriyatlarimizga muvofiq xotin-qizlarga yuksak darajada ehtirom ko‘rsatilmoqda. 

Ayollarning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga davlat ahamiyatiga molik masala sifatida e'tibor qaratilmoqda.

Lekin dunyo ayvonida ro‘y berayotgan turfa hodisalar, ixtilof va ziddiyatlarni kuzatar ekanmiz, ona sayyoramizning barcha mintaqalarida ham xotin-qizlarga munosabat mamlakatimizdagi kabi ijobiy emasligi, kelajak tarbiyachilari bo‘lgan ayollarga hamma joyda ham birdek g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmayotganiga amin bo‘lish mumkin. Achinarlisi, mazkur noxush holatlar ma'rifat asri deb atalayotgan yangi yuzyillikda ro‘y bermoqda. Quyida keltirilayotgan ma'lumotlar ham jahonning ko‘plab davlatlarida ayollarni asrab-avaylash, ular huquqini ta'minlash hamon dolzarb muammo bo‘lib qolayotganini yana bir karra tasdiqlaydi.

Tojikistonlik muHojir ayollarning mamlakat prezidentiga murojaati

Rossiya Federatsiyasidagi tojikis­tonlik ayollar 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mamlakat prezidenti Imomali Rahmon nomiga maktub yo‘llashdi, deb xabar beradi www.tajmigrant.com sayti. Rossiyada tirikchilik vajidan sarson bo‘lib yurgan yuzlab ayollar nomidan yuborilgan murojaatda tojik xotin-qizlari o‘zga yurtda qanchalik og‘ir sharoitda mehnat qilishayotgani, davlat tomonidan esa ularga amaliy ko‘mak berilmayotgani aytiladi. Maktubda quyidagi muammolar tilga olingan:

"Bugungi kunda biz - tojikistonlik ayollar, Rossiya Federatsiyasidagi mehnat muhojirlarining 30 foizini tashkil etamiz. Og‘ir va kam haq to‘lanadigan sohalarda mehnat qilishga majburmiz. Bizlar Vatanni haddan ziyod muhtojlik tufayli tark etganmiz. Bolalarimiz uyda qarovsiz, mehrsiz qolmasligi uchun ularni ham o‘zimiz bilan olib kelganmiz. 2003 yilga qadar turmush o‘rtoqlarimiz va o‘g‘illarimiz Rossiyaga pul topish uchun kelishgandi, ular yuborgan mablag‘ bilan tirikchilik o‘tkazayotgan edik. Bugunga kelib ular hammalari kasal va  mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishdi, ayrimlari esa nogironga aylanishdi. Shundan keyin biz onalik burchini ado etish va oila boshliqlari o‘rnini bilintirmaslik uchun respublikamizni tark etishga majbur bo‘ldik. Farzandlarimiz, keksa ota-onalarimizni boqish uchun kuniga yigirma soatdan mehnat qilamiz.

Janob Prezident, Sizning ham qizlaringiz bor va, o‘ylaymizki, ayollar muammolarini tushunarsiz. Xotin-qizlarga bo‘lgan bunday mehrsizlik qachongacha davom etadi?

Biz o‘z uyimizda, yaqinlarimiz bilan birga, oila bag‘rida yashash va ishlashni istaymiz. Hozir barcha yaqinlarimiz butun dunyoga tarqab ketgan go‘yo. Ularning ayrimlari bilan yillab uchrasholmaymiz. Yana ayrimlari esa domu daraksiz yo‘qolgan.

Ommaviy axborot vositalari, televidenie va radio orqali har kuni eshitamiz, siz mamlakatni idora eta oladigan yagona inson ekansiz. Balki shundaydir. Lekin respublikamiz tashqarisida ham deputatlikka, davlatning yuqori lavozimlariga, jumladan, mamlakat prezidentligiga loyiq bo‘lgan kadrlarni ko‘ryapmiz. Agar demokratik tartib kafolatlansa, ular ham saylovlarda qatnashishlari mumkin.

Bugungi kunda tojik ayoli boshi xam holatda yuribdi. Bu suveren davlatimizni boshqarayotgan erkaklar uchun nomus bo‘lmog‘i kerak".

Shundan keyin maktubda davlat rahbariga iltimos va talablar ilgari suriladi:

"Birinchidan, ayni paytda hukumat tarkibida kadrlar almashuvini amalga oshirish kerak. Sizning atrofingizga asosan yaqin qarindoshlaringizdan iborat jamoa yig‘ilib olgan. Biz Iroqdagi Saddam Husayn (mamlakatni o‘g‘il va kuyovlari bosh­qargan), Qirg‘izistondagi Asqar Akaev (hokimiyatdan ag‘darilishiga qizlarining erkaliklari sabab bo‘ldi) taqdiri takrorlanishini istamaymiz.

Ikkinchidan, respublikada demokratik tamoyillr mavjud emas, ommaviy axborot vositalari korruptsiya botqog‘iga botgan amaldorlar nazoratida.

Uchinchidan, respublikada faqatgina qog‘ozda ko‘p partiyaviy tizim amal qiladi. Buning yaqqol isboti, ayni paytda parlamentdagi o‘rinlarning 90 foizi siz rahbarlik qilayotgan partiya tomonidan egallangan.

To‘rtinchidan, biz o‘sib kelayotgan yoshlarimizni bilimli ko‘rmoqni istaymiz. Bizning xalqimiz ham qachondir yuqori salohiyat va bilim egasi, yuksak madaniyat  sohibi bo‘lgan. Hozir esa bolalarimiz bilim olish o‘rniga arzimas choy-chaqa evaziga qullarcha ishlashga majbur. Ularning aksariyati o‘qish-yozishni ham bilmaydi".

Maktubda Tojikiston rahbari 2008 yilning 21 fevralida Rossiya Federatsiyasiga tashrifi chog‘ida hamyurtlarining umidlarini oqlamagani aytiladi.

"Biz sizdan Rossiyadagi Tojikiston jamoatchilik tashkilotlarini yagona kuch qilib birlashtirish va muhojirlar huquqi uchun kurashish yo‘lida amaliy harakatlar kutgan edik. Buning o‘rniga tashrifingizdan keyin Rossiyadagi tojik jamoalari o‘rtasidagi bo‘linish yanada kuchaydi".

Murojaatda Rossiya Federatsiyasidagi Tojikiston xalq­larining birinchi s'ezdi qarori bilan 2007 yil 10 noyabrda «Tojikiston mehnat muhojirlari» umumrossiya jamoatchilik harakati tashkil etilgani ijobiy baholanadi. Ushbu harakat mavjud og‘ir vaziyatdan chiqishda yordam berishi ta'kidlanadi.

"Biz Tojikiston Respublikasi havo va temir yo‘llari kompaniyalari vakillari xatti-harakatlariga e'tibor qaratishni talab qilamiz. Tijorat tuzilmasi bo‘lgan ushbu kompaniyalar davlat tomonidan nazorat yo‘qligi sababli bizlarni xo‘rlashmoqda, qonunsizlik va Vatandan yiroqdagi fuqarolarni qaqshatish evaziga boyishmoqda".

«Tojikiston mehnat muhojirlari» umumrossiya jamoatchilik harakati qoshidagi xotin-qizlar qo‘mitasi nomidan yo‘llangan maktub so‘nggida mamlakat rahbari xalq talabiga quloq osishi va qiyinchilikda qolgan aholi tomon yuz burishiga umid bildirilgan.

BMT BOSH KOTIBI TASHVISHDA

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun xal­q­aro hamjamiyatni xotin-qizlar huquqini himoya qilish uchun sarmoya miqdorini oshirish va milliy byudjetlarni shakllantirishda ular manfaatlarini ham e'tiborga olishga chaqirdi.

Pan Gi Mun xotin-qizlarga hali ham noteng munosabatda bo‘linayotgani va zo‘ravonlik holatlari uchrayotgani, ularda kerakli resurs va iqtisodiy imkoniyat mavjud emasligi, muhim qarorlarni qabul qilishda ularning fikri inobatga olinmayotganini tashvish bilan qayd etdi.

Bosh kotib ayollarni himoyalash yo‘lida ajratiladigan qo‘shimcha mablag‘  butun dunyoda iqtisodiy barqarorlikka sabab bo‘lishini ta'kidladi.

BMT rahbari bu borada ma'lum ijobiy natijalarga erishilayotgani, xususan, dunyoning 50 ga yaqin davlati byudjetni shakllantirishda xotin-qizlar manfaatlarini inobatga olish tashabbusiga qo‘shilganini ma'lum qildi.

Yaqinda Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari ayollarning ish bilan bandligi bo‘yicha hisobot e'lon qilgan edi. Hisobot mualliflari ayollar ko‘p holatlarda kam maosh to‘lanadigan sohalarda band degan xulosaga kelishgan.

Ma'lumotlarga qaraganda, so‘nggi 10 yil ichida mehnatda band bo‘lgan ayollar soni 1,2 milliardga yetgan. Lekin xotin-qizlar orasidagi ishsizlik yuqori ko‘rsatkich (6,4 foiz) da qolmoqda (erkaklarda - 5,7 foiz).

Eslatib o‘tamiz, 1945 yili San-Frantsisko shahrida imzolangan BMT nizomi xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini e'lon qilgan birinchi xalqaro hujjat sanaladi. Tashkilot a'zolari tomonidan ayollarni himoyalash ustuvor maqsad etib belgilangan.

HAR BESHTADAN TO‘RTTASI SAVODSIZ

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistondagi xotin-qizlarning holati bo‘yicha bayonot e'lon qildi. Unda tengsizlik va savodsizlik mamlakat uchun eng katta fojia bo‘lib qolayotgani ta'kidlanadi. Shuningdek, xal­q­aro tashkilot bayonotida ko‘plab ayollar tibbiy xizmat yo‘qligi tufayli tug‘ish paytida vafot etayotgani aytilgan.

2003 yili qabul qilingan Afg‘onis­ton Konstitutsiyasida ayollar va erkaklar teng huquqliligi mustahkamlangan. Asosiy qonunda xotin-qizlarning ta'lim olish, mehnat qilish, siyosiy hayotda ishtirok etish huquqlari ham tiklangan. Amaldagi tartibga ko‘ra, parlamentning quyi palatasida 25 foiz, senatda esa 17 foiz joy ayollarga tegishli bo‘lishi kerak. Ayni paytda qonunchilik idorasidagi 250 o‘rindan 64 tasini ayollar egallaganlar.

Ayrim ijobiy natijalarni e'tirof etgan holda afg‘on davlatida ayollar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar mavjudligini ham aytib o‘tish kerak. Kuzatishlarga qaraganda, hozirda afg‘on ayollarning bor-yo‘g‘i 2 foizi shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega. Qolgan 98 foiz ayollarda hech qanday hujjat yo‘q. Shuning­dek, mamlakat ayollari orasida savodsizlik darajasi juda yuqori. Afg‘onistondagi har besh ayoldan to‘rttasi yoki 85 foizi o‘qish-yozishni bilmaydi (erkaklarda bu ko‘rsatkich 51 foiz). Qizlarning bor-yo‘g‘i 20 foizi boshlang‘ich maktablarga qatnaydi. O‘rta maktablarda ta'lim olish darajasi esa 5 foizdan oshmaydi.

MUAMMO YECHIMI BO‘YICHA TAKLIFLAR

BMTga a'zo davlatlar tomonidan xotin-qizlar huquqlarini himoyalashga qaratilgan bir qancha rezoltsiyalar taklif etilmoqda. Muhokama etilayotgan hujjatlarda bu boradagi turli muammolarga e'tibor qaratilgan. 

Ozarboyjon agar ayollar va bolalar garovga olingudek bo‘lsa, ularni zudlik bilan ozod etilishini talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi.

Antigua va Barbuda davlati Falastin ayollariga yordam berish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilish tarafdori. Ushbu davlat taklif etayotgan hujjatda G‘azo sektorida xotin-qizlarning og‘ir ahvoli muhokama etiladi.

"Hurriyat"dan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.