background
logotype

Manfaat va xolislik muammosi

Nega bashoratlar hamisha ham  o‘ng kelmaydi?

Xalqini farovon, Vatanini obod ko‘rish orzuligicha qolib ketsa, boshqa birov uni hayotining mazmuniga, dasturilamaliga aylantiradi: rejalar tuzadi; tavsiyalar ishlab chiqadi; eng muhimi, sinchi sifatida tahlil va voqealar rivojiga asoslangan holda muayyan bashoratlar qiladi. Mabodo, ular ko‘ngildagidek chiqmasa, jug‘rofiy-siyosiy jarayonlarni xalqi, Vatani manfaatiga mos o‘zanga burish taraddudiga tushadi. Bu - tabiiy.

Biroq eng puxta ilmiy dalillar, kuzatuvlar va jarayonlar tahliliga asoslangan bashoratlar ham kelgusida tabiat, iqtisodiyot yoki siyosatda bo‘ladigan siltanishlarni, ular hayot maromini buzib, taraqqiyot o‘zanini boshqa tarafga burib yuborishining aniq hisobini ola bilmaydi va shu sababli notugal bo‘lib qolaveradi.   

Uzoqqa bormaylik. Ikki yilning nari-berisida neft narxi osmonga sakrab ketgan kezlari, ahvol shu tarzda davom etaversa, yana ellik yoki yuz yilning nari-berisida yoqilg‘i-energetika resurslari tugaydi, qabilida tushkun bashoratlar qilmagan ommaviy axborot vositasi qolmadi hisob. Garchi voqealar hamisha spiral bo‘ylab rivojlanishi, ba'zan uzoq davom etadigan ishlab chiqarish, tovarlarga talab, narx-navo pasayishi - retsessiya ro‘y berib turishi hisobga olingan taqdirda ham  nimadir e'tibordan chetda qoladi, istakni haqiqat deb bilish ustunlik qila boshlaydi.

Masalan, hozirgi yalpi moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida neft yoki gaz zaxirasi qachon tugashi haqida hech kim gapirmay qo‘ydi. Balki bu shov-shuvlar ipoteka bozoridan "qochgan" milliardlab dollar erkin pulning  neft bozoriga tashlanishi oqibatida yuzaga kelgan chayqovchilik bilan ham bog‘liqdir, ammo sinchi haqiqatni safsatadan  farqlay bilishi kerak emasmi?

G'arbdagi ayrim sinchilar "sovuq urush" tugagandan keyingi xalqaro ahvolni liberal demokratiya g‘alabasi deb atagan bo‘lsa, bugungi kunda kasod bo‘lish arafasida turgan yirik-yirik banku kompaniyalar aktsiyalarini davlat sotib olayotganini marksizm g‘oyalariga qaytish deb ta'riflamoqda.

Boz ustiga, xalqaro munosabatlarda yangi tamoyillar ham ko‘zga tashlanmoqdaki, bundan besh-o‘n yil oldin ularni tasavvur qilish ham mahol edi. Hatto bugungi kunda  moliyaviy-iqtisodiy inqiroz globallashuv jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatib, regionalizatsiya - mintaqaviy siyosiy, savdo-iqtisodiy munosabatlar kuchayadi, degan tushkun qarashlar ham mavjud. Global muammoga aylanib ulgurgan inqirozdan chiqish uchun nafaqat xalqaro moliya institutlari, qolaversa, iqtisodiyoti yirik davlatlarning faol ishtiroki masalasi kun tartibiga chiqayotgan bir sharoitda  regionalizatsiyaga o‘ralashib qolish unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Buni dunyoning bir chekkasida birin-ketin kasodga uchrayotgan korporatsiya va kompaniyalarni sotib olish uchun  boshqa bir chekkasidagi milliy yoki transmilliy kompaniyalardan taklif tushayotgani ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ehtimol, vaqti kelib, xuddi Yevropa Ittifoqiga o‘xshash ish kuchi, kapital, pul va xizmatlarning erkin va optimal harakatlanuvini yo‘lga qo‘yadigan mintaqaviy, amerikalik siyosatshunos olim Semyuel Hantington ta'biri bilan aytganda, yagona tamaddun doirasidagi bozorlar   ham vujudga kelar. Boshqa olimlar esa bugungi jarayonlarni  glocalisation[1] deb ataydi.

Ko‘ryapmizki, joriy inqiroz Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyingi davrda unda g‘olib chiqqan davlatlar manfaatiga moslab tashkil etilgan xalqaro munosabatlar (BMT Xavfsizlik Kengashiga 5 doimiy a'zoning veto qo‘llash huquqi, xalqaro moliya institutlarining G'arb nazorati ostida faoliyat yuritishi va hokazo) uchun  o‘zga xos sinov bo‘lmoqda. U  "sovuq urush"dan keyin vujudga kelgan jug‘rofiy-siyosiy vaziyatga ham ta'sir o‘tkazadimi yoki xalqaro munosabatlar sohasidagi asosiy tamoyillar saqlanib qolaveradimi? S.Hantington iddao qilganiday, mafkuralar o‘rtasidagi kurash o‘rnini madaniyatlar o‘rtasidagi kurash egallay boradimi? Yangi mustaqillikka erishgan davlatlarda milliy o‘ziga xoslikni shakllantirishga oid sa'y-harakatlar bilan S.Hantingtonning AQSh tashqi siyosati doktrinasi sifatida qabul qilingan tamaddunlararo ixtiloflar  kontseptsiyasi o‘rtasida bog‘liqlik bormi? Sinchilar tilida «Markaziy Osiyo subkontinenti"[2] deb nom olgan mintaqaning kelajagi nima bo‘ladi?

Shu kabi savollarga "Tamaddunlar to‘qnashuvi va dunyo tartibini o‘zgartirish" kitobi mutolaasi jarayonida javob izlab ko‘ramiz.  Maqsad atrofimizda kechayotgan jug‘rofiy-siyosiy jarayonlarga, ushbu kitob yozilgandan beri o‘tgan 12-13 yil mobaynida qanday o‘zgarishlar yuz bergani va G'arbda muallifning ogohlantirishlariga amal qilinmayotgani qanday oqibatlarga sabab bo‘layotganiga bir qur nazar tashlashdir.

Magna  MacDonald's emasMagna  Carta!

S.Hantingtonning "Tamaddunlar to‘qnashuvimi?" maqolasi 1993 yili o‘zi tashkil etgan "Foreign Affairs" jurnalida bosilib chiqqach, katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Muallifning e'tirof etishicha, XX asrning 40-yillaridan beri chop etilgan birorta maqola bu qadar ko‘p fikr qo‘zg‘amagan, tahsin olmagan yoki e'tiroz uyg‘otmagan. Olim ayni shu hol maqolani kitobga aylantirishga turtki berganini urg‘ulaydi: "Bu kitobning maqsadi maqolada qo‘yilgan savolga to‘liqroq, teranroq va hujjatlarga asoslangan javob berishdir... Gap tamaddunlar kontseptsiyasi; universal tamaddun masalasi; hokimiyat bilan madaniyatning o‘zaro munosabati; tamaddunlar o‘rtasida hokimiyat balansi o‘zgarishi; G'arbdan boshqa tamaddunlarning madaniy  manbasi; G'arb universalizmi, musulmon jangariligi va Xitoyning da'volari  sababli vujudga kelgan ixtiloflar; Xitoy qudratining kuchayishiga javob sifatida muvozanat saqlash va "moslashish" taktikasi; darz chiziqlari[3]dagi urushlar sababi va dinamikasi; G'arb dunyo tamaddunlarining kelajagi haqida ketmoqda"[4].

S.Hantington tamaddunlar o‘rtasidagi ixtiloflar avj olishini bashorat qilar ekan, G'arbda paydo bo‘lgan mafkuralar (liberalizm, sotsializm, fashizm, anarxizm, korporativizm, marksizm, kommunizm, sotsial-demokratiya, konservatizm, natsionalizm, xristian demokratiyasi) birin-ketin yo‘q bo‘la borgani sari uning  ta'siri susayib, o‘rnini o‘ziga xoslikning diniy va boshqa madaniy shakllari egallay borishini ta'kidlaydi va bunga qarshi turishning sa'y-harakatlari namunasi sifatida  asli kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan ingliz yozuvchisi V.S.Naypol ilgari surgan "universal tamaddun" kontseptsiyasiga to‘xtalib o‘tadi.  Uning mohiyati insoniyatni umumiy qadriyatlar, e'tiqod, tartib, an'ana va institutlar asosida birlashtirishni nazarda tutadi. Biroq teranroq mulohaza yuritilsa, unga aynan G'arb qadriyatlari asos qilib olinganini uqib olish qiyin emas.

Birinchidan, G'arbning ommaviy madaniyat industriyasi  dini, tili va millatidan qat'i nazar, barchaning "muhabbat, jinsiy aloqa, sir, qahramonlik va boylik orttirish"ga bo‘lgan ishtiyoqini ekspluatatsiya qilib, milliardlab dollar boylik orttirayotgani hisobga olinsa, bu yaqin orada unga na Sharqdan va na Janubdan raqobatchi  chiqmasligi tayin. Aslida "universal tamaddun" g‘oyasi G'arbning madaniy ekspansiyasidan boshqa narsa emas.

Ikkinchidan, G'arb iste'mol madaniyatining boshqa hududlarga kirib borishi ham shu maqsadga xizmat qiladi.

Uchinchidan, yetakchi transmilliy ommaviy axborot vositalari nazorati G'arbning qo‘lida ekani, ularning mazkur tamaddun qadriyatlari, an'analari, turmush tarzi, mentalitetini tinimsiz targ‘ib qilishi ham Naypol orzu qilgan "universal tamaddun" g‘oyasini dunyoga yoyishdan iborat.

Biroq S.Hantington ommaviy madaniyat bilan iste'mol tovarlarining butun dunyoga tarqalishini "G'arb tamaddunining siyqalashishi" deb ataydi. Uning nazarida bu tamaddun mohiyati   Magna  MacDonald's, emas, aksincha, Magna  Carta[5]dir. Olim o‘z fikrini asoslash uchun Rim imperiyasi davridan beri G'arb tamadduniga xos bo‘lib kelgan  va keyingi ikki asr mobaynida uning yuksak taraqqiyotini ta'minlagan omillardan 1) katolitsizm (protestantizm); 2) tillarning lotin tilidan kelib chiqqani; 3) davlatning cherkovdan ajratilgani; 4) huquqning hukmronlik printsipi; 5) ijtimoiy plyuralizm; 6) hokimiyat vakillik organlari an'anasi va 7) individualizmni sanab o‘tadi.

Bu tamaddun vakillari ilgari bosib olingan jamiyatlarga o‘z qadriyatlari, an'analari, urf-odatlari va e'tiqodini kuch ishlatib yoyishga urinib kelgan bo‘lsa, keyinchalik bunday ekspansiya dini, tili, tutumi boshqa bo‘lgan jamiyatlarni G'arb andozalari asosida modernizatsiya qilish va g‘arblashtirish siyosatida zuhur bo‘la boshladi.

G'arb andozasidan ulgi olmay modernizatsiyalashgan sobiq sovet respublikalarigaMagna  Carta vositasida ta'sir o‘tkazishning o‘zgacha taktikasi  - "rangli inqiloblar" tanlangani ham e'tiborga molik.

"Rangli inqiloblar"

Jorj Bush 2005 yil 27 may kuni AQSh Harbiy-dengiz akademiyasi bitiruvchilari huzurida qilgan ma'ruzasida "Ozodlik butun dunyo bo‘ylab odim tashlamoqda, biz oxirgi bir yarim yil mobaynida Gruziyada "atirgul inqilobi", Ukrainada "zarg‘aldoq inqilobi", Iroqda "qirmizi inqilob", Livanda esa "kedr inqilobi"ga guvoh bo‘ldik. Bu hali boshlanishi, xolos" (http://www.polemics.ru/articles/?articleID=6178&hideText=0&itemPage=1), deya iftixor bilan gapirgan edi.

Oradan ma'lum vaqt o‘tgandan so‘ng sakkiz yil davomida yuritilgan bunday g‘arazli siyosat oqibatida dunyoning turli nuqtalarida beqarorlik o‘choqlari paydo bo‘lgani va G'arb davlatlarining o‘z jug‘rofiy-siyosiy kurash marralarini sobiq sotsialistik lager chegaralaridan post-sovet respublikalari hududiga ko‘chirishga intilayotgani oydinlashdi. Ukrainada to‘rt yildan beri davom etayotgan siyosiy tanglik  ham, Kosovoning Serbiya, Janubiy Osetiya bilan Abxaziyaning esa Gruziya tarkibidan de facto ajralib chiqishi ham ayni shu tadbirlar sistemali tarzda amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Ko‘pchilik sinchilar Kavkaz va Markaziy Osiyoning jug‘rofiy-siyosiy kurashlar maydoniga aylanishi sababini  ushbu mintaqaning boy mineral-xomashyo resurslariga ega ekani va G'arb, Xitoy, Rossiya hamda ta'sir kuchi ikkinchi darajali bo‘lgan davlatlarning (Turkiya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston va boshqalarning)  ularni o‘z nazorati ostiga olish uchun kurashi bilan izohlaydi. Biroq masalaning yana bir jihatiga e'tibor qilinmasa, mintaqadagi bugungi jug‘rofiy-siyosiy kurash manzarasi to‘liq bo‘lmay qoladi.

"Rangli inqiloblar" siyosatini faqat kichik J.Bush ma'muriyatining "ermak"lariga yo‘yish unchalik to‘g‘ri emas. Chunki Bill Klinton 90-yillarning boshidayoq, Amerika boshqa mamlakatlarda demokratiyani himoya qilish orqali o‘z kelajagiga sarmoya yotqizadi, deb aytgan va "Milliy demokratiya jamg‘armasi"ni moliyalashtirishni 1,35 barobar ko‘paytirish taklifi bilan chiqqan edi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis, AQShning Jons Hopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va  Kavkaz instituti direktori Frederik Starr ta'biri bilan aytganda, "AQSh tashqi siyosati ikkala partiyaning (respublikachilar va demokratlar - F.N.) qarashlariga asoslanadi; u inqilobiy emas, tadrijiydir" (http://sato.kloop.kg/files/).

AQSh ma'muriyati SSSRning parchalanib ketishini global demokratik inqilob tantanasi deya baholadi. "Demokratiyaning ommalashishi g‘arbliklarning asosiy maqsadi bo‘lib qoldi. Ushbu maqsadni Bush ma'muriyati ham qo‘llab-quvvatladi: davlat kotibi Jeyms Beyker 1990 yil aprelida "tiyib turish siyosati zamirida demokratiya bor", deb aytdi"(O'sha kitob, 299-bet).

Ushbu maqsadlar XXI asrning boshlariga kelib, muayyan loyihalarga, doktrinalarga do‘na boshladi.  Shular sirasiga Frederik Starrning "Foreign Affairsjurnalining 2005 yil 4-sonida chop etilgan "Markaziy Osiyo hamkorligi" maqolasini misol qilib keltirish mumkin. Muallif unda "Katta Markaziy Osiyo hamkorligi va taraqqiyoti bo‘yicha mintaqaviy forum" loyihasini ilgari surdi. O'zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston barobarida Afg‘onistonni ham qamrab oluvchi bu loyihaning maqsadi Markaziy Osiyoda iqtisodiy, siyosiy, xavfsizlik sohasida hamkorlikka asoslangan mintaqaviy struktura yaratish va uning yordamida bu yerda joylashgan davlatlarni Rossiya va Xitoy singari katta davlatlar ta'siridan xalos etib, demokratik siyosiy sistema o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Lekin F.Starr rangli inqilob  "eksportchi"laridan farqli o‘laroq, mintaqadagi post-sovet respublikalariga boshqacha nazar bilan qaraydi: "AQSh Markaziy Osiyoning sobiq sovet respublikalarida ildiz otgan dunyoviy davlat tuzilmasi ravnaqidan manfaatdordir. Markaziy Osiyo muvaffaqiyati butun islom olami uchun muhim ahamiyatga ega hamda bu teokratik va avtoritar fikrlash tarzining eng yaxshi muqobilidir" (http://sato.kloop.kg/files/).  

F.Starrning qarashlari ham S.Hantingtonning G'arb an'analari va qadriyatlarini boshqa tamaddunlarga mansub mintaqalarga tiqishtirmaslik xususidagi mulohazalariga hamohangdir. Ayni paytda ular tutgan pozitsiyani umumlashtirib turuvchi yana bir jihat ham bor: nima qilib bo‘lsa-da, Amerika ta'sirini chetga yoyish. Lekin ular taklif etayotgan usul madaniyat ekspansiyasi yoki demokratiya eksportidan ko‘ra, "yumshoq hokimiyat" deb ataluvchi fenomenga yaqinroqdir.

"Yumshoq hokimiyat"

S.Hantington "G'arb mustamlakachiligi ortda qolib, Amerika gegemonizmi poyoniga yetayotgan" (o‘sha kitob, 132-bet), G'arb madaniyatiga muqobil bo‘lgan boshqa madaniyatlar qayta tug‘ilayotgan bir sharoitda uning ustunligini saqlab qolish uchun nima qilish kerak, degan savolga javob izlar ekan, Harvard universiteti professori Jozef Nay 90-yillarning boshida muomalaga kiritgan va hozirgi kunda siyosatchiyu ekspertlar tilidan tushmay qolgan "yumshoq hokimiyat" tushunchasini tilga oladi. Xo‘sh, uning asl mohiyati nima?

Elektron entsiklopediyalarda ta'rif berilishicha, "yumshoq hokimiyat"  o‘zing istagan narsaga "qattiq hokimiyat" kabi majburlash va pul to‘lash yo‘li bilan emas, aksincha, tarafdor orttirish va jalb qilish orqali erishishdir (www.wikipedia.com).  J.Nay har bir davlatning "qattiq hokimiyati" (iqtisodiy va harbiy qudrati) resurslari qatoriga uning madaniyati, tayanadigan siyosiy printsiplari va yuritayotgan tashqi siyosatini ham qo‘shish mumkin, deb hisoblaydi. Ushbu omillar  davlatning   dunyo jamoatchiligi ko‘z o‘ngida obro‘sini oshirishga xizmat qilsa, "yumshoq kuch"ga aylanishi va oldiga qo‘ygan maqsadiga harbiy yoki iqtisodiy resurslarni ishga solmay ham erishishi mumkin bo‘ladi.

J.Nay "yumshoq hokimiyat" har doim "qattiq hokimiyat"ga tayanishini alohida ta'kidlaydi: "Yumshoq hokimiyat" "qattiq hokimiyat"ga tayansagina, chin ma'nodagi hokimiyatga aylanadi" (O'sha kitob,  133-bet).

Bugungi kunda "yumshoq hokimiyat"ni ommaviy axborot vositalari yoki ommaviy madaniyat yordamida yoyish muhim omilga aylanmoqda. Lekin XXI asrning ilk yillarida Amerika obro‘sining ma'lum ma'noda tushib ketishi - "yumshoq hokimiyati"ga putur yetishiga ham aynan shu vositalar sabab bo‘ldi.  G'arbiy Yevropada yuksak ma'lumotga ega guruhlar ommaviy madaniyatni (Hollivud filmlari, estrada qo‘shiqchiligi, teleseriallar, pop-art, melodrama, rok-musiqaning ba'zi turlari va hokazo) saviyasi pastligi uchun istehzo bilan qarshi olsa, islom dunyosi va Sharq mamlakatlari  diniy va milliy mentalitetga yot bo‘lgani uchun inkor qiladi yoki muayyan cheklovlar joriy etadi. Bundan ayrim G'arbiy Yevropa davlatlari ham mustasno emas. Masalan, Frantsiya ham o‘z kinoteatrlarida Hollivud filmlarini ko‘rsatishni  qonun yo‘li bilan cheklab qo‘ygan. 

Bundan tashqari, Jorj Bush ma'muriyatining na ittifoqchilari va na BMTni ogohlantirmay Iroqqa bostirib kirgani; u yerda ommaviy qirg‘in qurollari bor, deb jahon jamoatchiligini chalg‘itgani; harbiy asirlarni  xalqaro huquq me'yorlariga xilof ravishda qiynoqqa solgani hamda ularni Kubadagi Guantanamo harbiy bazasi va Yevropadagi ba'zi qamoqxonalarda sudsiz ushlab turgani; Afg‘onistonda aksilterror harakatlari boshlangandan so‘ng yetakchi ommaviy axborot vositalarida ma'lum cheklovlar joriy etgani; terrorizmga qarshi kurash bahonasida fuqarolarning shaxsiy hayotiga daxl qilib, ularning telefonda so‘zlashuvlarini noqonuniy eshitib, Internetdagi yozishmalarini o‘qiy boshlagani "yumshoq hokimiyat" jozibasini yo‘qqa chiqarayozdi.

Bunga zikr etilgan "rangli inqiloblar"  ham qo‘shilsa, nega boshqa tamaddunga mansub mintaqalarda S.Hantington aytmoqchi, indigenizatsiya - milliy o‘ziga xoslikni anglash yo‘li bilan jamiyatni turli fundamentalizmlar (diniy, demokratik) ta'siridan ihotalash muhim masala sifatida kun tartibiga chiqayotganini tushunib olish qiyin emas.

Osiyocha madaniy o‘ziga xoslik G'arbga javob sifatida

Ayrim hollarni istisno qilganda na modernizatsiya va na g‘arblashtirish siyosati   hech yerda quchoq ochib kutib olinayotgani yo‘q. S.Hantington Turkiya o‘zining ilk prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning g‘arblashtirish siyosatini olqishlab kutib olganini yozadi. Garchi turk jamiyati dunyoviy yo‘ldan ketayotgan bo‘lsa-da,  uni modernizatsiya qilishning birinchi prezident nomi bilan atalgan  "kamolizm" fenomeni bugun ham e'zozda, deyish qiyin. 80-yillarning boshida qabul qilingan yangi  konstitutsiyaga ko‘ra, mamlakatda fuqarolik boshqaruvi yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng oradan 20 yil o‘tib, hokimiyat tepasiga mo‘‘tadil islomchilar kelgani fikrimiz dalilidir.

Bu SSSR inqirozidan so‘ng mustaqil bo‘lib, dunyoviy davlat qurish yo‘lini tanlagan sobiq sovet respublikalariga ham tegishli. Ateistik imperiyaning vorisi bo‘lgan ushbu mamlakatlar G'arb andozasidagi demokratiyani ham, tutumlarni ham qabul qilishga tayyorday edi, biroq indigenizatsiya - milliy  madaniyatlarning qayta  tug‘ilish jarayoni bu jamiyatlarni ham chetlab o‘tmadi. Lekin unga sabab bo‘lgan hol S.Hantington bergan ta'rifga unchalik ham mos emas edi.

Uning nazarida, G'arb andozalari asosida modernizatsiyalashgan jamiyatda inson milliy an'analaridan uzilib qoladi va o‘ziga xoslikka ehtiyoj sezib, G'arb tutumi va qadriyatlarini inkor qila boshlaydi. U, o‘zlikni anglashda din asosiy rollardan birini o‘ynaydi, XX asr so‘nggiga kelib, diniy qadriyatlar qayta tiklanishi  oqibatida aksilg‘arbchilik kayfiyati avj oladi, deb hisoblar edi. Muallif bu xavfni, avvalo, islomning "yalpi madaniy, ijtimoiy va siyosiy qayta tug‘ilishi"da ko‘radi hamda islom dinidagi "ijtimoiy mobillik va aholining tez sur'atlar bilan o‘sishi" barobarida Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining jadal iqtisodiy o‘sishi va "o‘z kuchiga ishona borishi"dan jiddiy tashvishga tushadi.

Biroq Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining keyingi 30-40 yillik tarixiga nazar tashlagan kishi mutlaqo o‘zgacha manzaraning guvohi bo‘ladi. O'sha mamlakatlarda jamiyatni modernizatsiyalashga  ijtimoiy munosabatlarning g‘arbcha andozasini emas,  milliy an'analar (tartib, intizom, oilaviy mas'uliyat, mehnatsevarlik, sabr-qanoat) asos qilib olingan edi. Boz ustiga, rivojlanishning G'arbga xos siyosiy va iqtisodiy andozalaridan voz kechilib, demokratiya printsiplarini mahalliy sharoitga moslash yo‘lidan borildi.

Albatta, bunday holatlarni baholashda ayrim nazariyotchilarning, demokratiya bu - homiladorlikka o‘xshash narsa, u muayyan jamiyatda  bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin, qabilidagi bolalarcha injiqligiga tayanish o‘rniga uni ma'lum jarayon  sifatida olib  qarash va baholash to‘g‘riroq bo‘lur edi.

Misolni  "Tamaddunlar  to‘qnashuvi"ning o‘zidan olib qo‘ya qolamiz. Singapur hukumati ingliz tilini o‘qitishni o‘z siyosatidagi ustuvor yo‘nalish qilib belgilagach, bu mamlakat fuqarolari G'arb tamadduni ta'siriga tushib qola boshladi. Oqibatda prezident Vi Kim Vi 1989 yili mamlakatda yashayotgan turli din va millat vakillari manfaatini umumlashtiruvchi  to‘rt banddan iborat  ma'naviy qadriyatlar mezonini ishlab chiqadi va parlament deputatlari hukmiga havola etadi. Ikki yillik qizg‘in bahsu muhokamalardan so‘ng o‘sha mezon yana bir band bilan to‘ldiriladi va singapurliklarning besh banddan iborat umumiy qadriyatlari tusini oladi: 1) millat (etnik) guruhdan, jamiyat esa shaxsdan ustun; 2) oila - jamiyatning  asosiy yacheykasi; 3) shaxsni hurmat qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash; 4) bahs o‘rniga murosa; 5) irqiy va diniy uyg‘unlik.

Bu o‘rinda Magna  Cartadan farqli o‘laroq, shaxs manfaatidan guruh va jamiyat manfaati ustun ekaniga alohida urg‘u beriladi. Shaxs huquq va erkinliklarini ustuvor qilib belgilash o‘rniga uni "hurmat qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash" yo‘lidan boriladi.  Shu tariqa  ular qatoridan, S.Hantington tili bilan aytganda, siyosiy qadriyatlar o‘rin topmadi.  

Bunday o‘ziga xoslikni Malayziya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Tayvan singari davlatlar tajribasida ham ko‘rish mumkin.

Ayrim siyosatshunoslar ushbu masalaga amerikalik olimdan ko‘ra boshqacharoq yondashib, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari o‘tgan asrning 70-80-yillarida G'arbning siyosiy va iqtisodiy rivojlanish retseptini rad etgani uchun ham sobiq metropoliyalaridan ko‘ra jadalroq taraqqiyotga erishganini qayd etadi.

Ba'zi bir sinchilar esa Markaziy Osiyo davlatlari demokratiyaning G'arbcha andozasini emas, osiyocha yo‘lini tanlagani ma'qul, degan qarashni ham ilgari surmoqda. Bu klassik demokratiyaning asosiy printsiplarini inkor etmagan holda Sharq xalqlari an'analariga muvofiq bo‘lgan ba'zi o‘ziga xosliklarni ham hisobga olish zarurligini nazarda tutadi. Shuning uchun ham ushbu mintaqada G'arb andozasidagi demokratiyani zo‘rlab tiqishtirishga bo‘lgan urinishlar "demokratik fundamentalizm" degan bahoni oldi.

Milliy identitet nima uchun kerak?

SSSR o‘rnida tashkil topgan yangi mustaqil davlatlardagi vaziyat S.Hantington tavsiflagan de-westernization - aksilg‘arblashishdan tubdan farq qiladi.    Qizig‘i shundaki, Markaziy Osiyo davlatlarida ushbu fenomen  kommunistik o‘tmishdan voz kechish barobarida boshqa bir xavf - diniy fundamentalizmga qarshi kurash uchun kerak bo‘lgan edi. Biroq aksilg‘arblashish muayyan ma'noda ushbu mintaqani ham chetlab o‘tmadi. U modernizatsiyalash yoki g‘arblashuvga emas, balki "rangli inqiloblar"ga javob chorasi sifatida yuzaga chiqdi. Rossiya dastlab G'arb davlatlari mablag‘i hisobiga  faoliyat yuritayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatini  (masalan, J.Sorosning "Ochiq jamiyat" instituti) taqiqladi. So‘ngra  federatsiya sub'ektlari rahbarlarini saylash amaliyoti bekor qilindi va ular nomzodini mahalliy vakillik organlari tasdig‘iga kiritish vakolati federatsiya prezidentiga  berildi. Bu amaliyot "suveren demokratiya" nomini oldi va G'arbda keskin tanqidga uchradi. Xuddi shunday amaliyotlar boshqa postsovet respublikalarida ham ko‘zga tashlanmoqda. Qo‘shni Qirg‘izistonda urchib ketgan xalqaro NNT va ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solish borasidagi sa'y-harakatlar "demokratiya oroli"dagi siyosiy beqarorlikka barham berishga qaratilgandir.

Endi bevosita milliy identitetni (ingl. Identity - o‘ziga xoslik, boshqalardan ajratib turuvchi belgi, farqlovchi xususiyat ma'nolarini anglatadi) shakllantirish zarurati xususida fikr yuritadigan bo‘lsak, bu ish oson kechmayotganini tan olish kerak bo‘ladi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida moliyaviy yordam va xayriyalar berish, islom diniga e'tiqod qiluvchi aholining diniy bilimlarini oshirish  bahonasida mintaqaga yopirilib kelgan turli vaqf, nodavlat tashkilotlari va shaxsiy mulk egalari quchoq ochib kutib olindi. O'shanda hali hech kim o‘sha xatti-harakatlar zamirida g‘arazli siyosiy, jug‘rofiy-siyosiy maqsadlar borligini, bo‘shab qolgan "katta og‘a" kursisi talash bo‘layotganini anglab yetmagan edi. Yetmish yil davomida ateistik siyosat yurgizgan kommunistik mafkuraga o‘z diniy identitetini qarama-qarshi qo‘ygan Markaziy Osiyo musulmonlarining endi bu xavfga qarshi hali milliy "immuniteti" yo‘q edi. O'shanda sovet davrida lof urilgan milliy ong haqidagi gaplar safsatadan boshqa narsa emasligi ayon bo‘ldi-qoldi.

Buni S.Hantington ham qayd etadi: "Tarixan Markaziy Osiyoda milliy o‘ziga xoslik yo‘q edi... islom eng kuchli biriktiruvchi kuchga ega edi... milliy davlatning unchalik ahamiyati yo‘q edi..." (O'sha kitob, 172-bet)

Tilni aytmasa, an'ana, urf-odat, qadriyatlar, tutimlar deyarli bir xil edi. Bu ham yetmaganday, e'tiqodi tushovlangan, diniy bilimlari sayozlashgan xalq mazhablarni bir-biridan farqlay olmas darajaga borib yetgan edi.  Oqibatda turli diniy oqimlar ta'siri kuchayib, hali mustahkam oyoqqa turib olmagan jamiyatlarda beqarorlik vujudga kela boshladi. Ahvol hukumat oldiga ultimatum qo‘yish, tinch aholida vahima uyg‘otish uchun terroristik hujumlar uyushtirishgacha borib yetdi. Tez orada buning oldi olinib, diniy-ekstremistik guruhlarning payi qirqilmasa, Markaziy Osiyo bo‘yicha yana bir amerikalik ekspert  Grehem Fuller bashorat qilganiday, butun mintaqa olov ichida qolishi tayin edi.

Tobora taranglashib borayotgan vaziyat o‘sha guruhlarni ta'qib qilish bilan ish bitmasligini oshkor etib qo‘ydi. Negaki, milliy ongi rivojlanmagan xalq nafaqat diniy-ektremistik guruhlar, qolaversa, boshqa turli tashqi salbiy ta'sirlar domiga tushib qolishi mumkin edi.

Shuning uchun diniy qadriyatlar umumiy bo‘lgan jamiyatlarda shoshilinch tarzda odamlarning milliy g‘ururini uyg‘otish, o‘zini boshqa dindoshlaridan farqlash uchun madaniyat, san'at, adabiyot, an'anayu urf-odatlar, tarix va millat, hatto folklor qahramonlaridan foydalanish yo‘li tanlandi. Sababi, Afg‘oniston mintaqa davlatlariga narkotiklar savdosi, xalqaro terrorizm barobarida diniy-mafkuraviy xavf ham tug‘dirayotgan edi.  Sovet bosqiniga qarshi urush yillarida bu mamlakatga moliyaviy yordam va qurol-yarog‘ bilan birga vahhobiylik, "Hizb ut-tahrir" singari ko‘plab diniy oqim missionerlari ham kirib kelgan va tinch aholi o‘rtasida g‘oyalarini mujohidlar qatori yoyishga ulgurgan edi. Ular safiga Pokistonning Peshavor va boshqa shaharlaridagi madrasalarni bitirib chiqqan ming-minglab toliblar ham qo‘shilsa, bugungi mojarolar sababi etnik kelishmovchiliklar bilangina cheklanmasligi, turli diniy-ekstremistik oqimlar g‘oyalarining Markaziy Osiyoga yoyilishiga, asosan, afg‘on mojarosi sababchi ekani ayonlashadi. Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) singari mintaqaviy xavfsizlik tuzilmalari Markaziy Osiyo davlatlariga chetdan bo‘ladigan har xil tajovuzlarga qarshi kurashda samara berishi shubhasiz, biroq mafkuraviy xuruj yo‘liga to‘siq qo‘yish nihoyatda mushkul.

Milliy identitet  muammosi faqat Markaziy Osiyo yoki Kavkaz respublikalariga xos deyish noto‘g‘ri. Bu hol Ukrainada ham kuzatilmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga iqtisodiy omillar bilan tazyiq o‘tkazishga va bu masalada u yerda mavjud etnik va konfessional muammolardan ham foydalanib qolishga urinayotgani ushbu jarayonni jadallashtirib yuboryapti. Keyingi paytda  XX asrning 30-yillarida ro‘y bergan va millionlab odamlarning qirilib ketishiga sabab bo‘lgan yalpi ocharchilik qurbonlariga haykal qo‘yilgani, rus tarixchilari sotqin deb hisoblaydigan Ivan Mazepa xotirasi abadiylashtirilgani, ukrain pravoslav cherkovini rus pravoslav cherkovidan ajratib olishga urinish, Ikkinchi jahon urushi yillarida es-eschilar tarafida turib kurashgan banderachilarning millat qahramonlari sifatida tilga olinayotgani  milliy o‘ziga xoslikni Rossiyadan ayri holda anglash uchun bo‘layotgan sa'y-harakatlar deb baholanishi mumkin.

Shu o‘rinda S.Hantingtonning milliy davlat chegarasiga sig‘maydigan "katta" yoki buyuk madaniy hamjamiyatlar to‘g‘risidagi fikrini eslab o‘tishga to‘g‘ri keladi.  Uning fikricha, siyosatchilar "Buyuk Serbiya", "Buyuk Rossiya", "Buyuk Eron" singari umumiylikka da'vat qiladi, odamlar esa o‘zini shunga mansub deb biladi (O'sha kitob, 189-bet). Rossiya o‘sha umumiylikni siyosiy, iqtisodiy va hatto mafkuraviy vositalar bilan saqlab qolishga harakat qilmoqda.

S.Hantington "Ukraina ukraincha so‘zlashuvchi, uniat millatchiligi  xos g‘arb va rus tilli pravoslav aholi yashaydigan sharqqa bo‘linib ketgan" (O'sha kitob, 208-bet), deb yozadi. Lekin uniat cherkovi katolik cherkovi aqidalarini tan olsa-da, pravoslav urf-odatlariga amal qilishini, hatto S.Yanukovich singari pravoslav sharqi vakili va "rangli inqilob"ga tish-tirnog‘i bilan qarshi siyosatchilar ham Ukrainaning Yevropa strukturalariga integratsiyalashuvini yoqlab chiqayotgani nazarda tutilsa, amerikalik siyosatshunosning tamaddunlararo chegara haqidagi fikrlari bahsli ekani ayon bo‘ladi.

Bir vaqtlar Rossiya bilan ittifoq tuzish haqida shartnoma imzolagan Belarus ham, garchi "milliy identiteti boshqa respublikalardagidan zaifroq" (O'sha kitob, 253-bet) bo‘lsa-da, bugungi kunda mazkur davlat bilan integratsiyaga shoshilayotgani yo‘q. Sobiq prezident Vladimir Putinning yoqilg‘i-energetika resurslarini bu respublikaga Rossiyaning ichki baholarida sotmaslik to‘g‘risidagi keskin pozitsiyasidan so‘ng Aleksandr Lukashenko G'arb bilan aloqalarni qayta tiklash yo‘lini tanlashga majbur bo‘ldi.

Masalaning boshqa bir jihatiga ham e'tibor qaratmasdan bo‘lmaydi. Milliy identitetni barcha balo-qazolarni daf qiluvchi vosita deb bo‘lmaydi. Nomaqbul tashqi ta'sirga qarshi immunitet sifatida ijobiy rol o‘ynayotgan ushbu omil mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarga soya solmasligi lozim.   Aks holda u siyosiy, madaniy, iqtisodiy aloqalar sustlashuviga olib kelishi mumkin.

Markaziy Osiyo subkontinenti

S.Hantington ham G.Fullerga hamohang ravishda tamaddunlarning qonli to‘qnashuvi boshqa mintaqalar qatori Markaziy Osiyoda ham katta urushlarga  aylanib ketishi mumkin, deb yozgan edi. Muallifning bu xavotiri bir tarafdan, Afg‘onistondagi beqarorlik, Tojikistondagi fuqarolar urushi, ikkinchi tarafdan esa istiqlolga erishgan yosh mustaqil davlatlarning taraqqiyot istiqboli mavhumligi, shuningdek, mintaqani Turkiya, arab mamlakatlari, Eron singari davlatlar o‘z ta'sir doirasiga olish harakatiga tushib qolganiga asoslangan bo‘lsa ajab emas.

2001 yil 11 sentyabrda AQShda ro‘y bergan voqealardan so‘ng xalqaro terrorizmga qarshi boshlangan kurash mintaqadagi jug‘rofiy-siyosiy kurashlar nisbatini o‘zgartirib yubordi. Amerika boshchiligidagi aksilterror koalitsiyasi Afg‘onistonga qo‘shin kiritib, toliblar hukumatini ag‘darib tashlagach, hamma bu yerda tinchlik o‘rnatilishidan umidvor bo‘la boshlagan edi. Biroq vaqt o‘tgan sayin aksilterror kuchlari "boshqariluvchi krizis" taktikasini tanlagani va terrorizmga qarshi kurash barobarida oldiga boshqa jug‘rofiy-strategik maqsadlar ham qo‘ygani oydinlasha bordi.

Bu hol Markaziy Osiyoni milliy manfaatlari hududi deb bilgan Xitoy va Rossiyani tashvishga solib qo‘ydi, ular G'arb davlatlari, xususan, AQShni sobiq sovet respublikalari hududidan siqib chiqarish uchun ShHT va KXShT singari harbiy-siyosiy tuzilmalarni ishga sola boshladi.  Shu bilan birga Afg‘oniston muammosini hal etish uchun ShHT va KXShT bilan NATO o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini ham o‘rtaga tashladi. Bundan Rossiya bilan Xitoyning Markaziy Osiyodagi manfaatlari to‘la uyg‘un ekan, degan xulosa kelib chiqmaydi.  Rossiya bilan Xitoy faqat o‘z manfaatlari zonasi deb hisoblaydigan hududlarda G'arb ta'sirini kamaytirish yo‘lidagina birlashishi mumkin. Lekin Markaziy Osiyo bozorini egallash, mintaqa davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, bu yerdan mineral-xomashyo resurslarini eksport qilish masalasida tomonlar manfaati o‘zaro zid kelib qolgan o‘rinlar ham yo‘q emas.  Sanab o‘tilgan omillar qatoriga  Rossiyaning harbiy-siyosiy ta'sirini ham qo‘shish mumkin.

Rossiya ShHTga a'zo bo‘lib kirgan davlatlarni o‘z ta'sir doirasidan chiqarib yuborishni istamaydi. Bu tashkilotning sobiq SSSR respublikalari va Xitoy o‘rtasidagi chegaraviy muammolarni hal qilib bo‘lgandan so‘nggi missiyasi, asosan, G'arbning Markaziy Osiyodagi Afg‘oniston voqealari bilan bog‘liq ta'sirini kamaytirishdan iborat edi. Binobarin, Afg‘oniston va Pokistondagi vaziyat bir yoqli bo‘lmaguncha ShHTning mintaqaviy xavfsizlik borasidagi siyosati dolzarbligicha qolaveradi. Bu esa AQSh strateglari ilgari surayotgan "Katta Markaziy Osiyo" doktrinasini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishi turgan gap. Negaki, Afg‘oniston bilan sobiq sovet respublikalari o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish uchun bu yerdagi vaziyat izga tushib, barqarorlashishi va chegaralar ochilishi kerak bo‘ladi.  

AQSh prezidenti B.Obamaning Afg‘oniston muammosini hal etishni o‘z siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilab, ushbu hududdagi qo‘shinlari sonini 30 ming askarga ko‘paytirishga qaror qilgani mintaqa xavfsizligini ta'minlashda tub burilishi yasashi mumkin, ammo bu bilan mintaqadagi jug‘rofiy-siyosiy kurash to‘xtab qolmaydi. Chunki Rossiyaning Yevropa mamlakatlari bilan Energetika xartiyasini imzolamagani va post-sovet respublikalaridan gaz eksportini nazoratdan chiqarishni istamayotgani Yevropa Ittifoqining ham Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishini orttirib yubordi va Markaziy Osiyo gazini muqobil yo‘llar orqali Yevropaga uzatish loyihalari yana qizg‘in muhokama qilina boshladi.

Afg‘onistondagi vaziyat va Markaziy Osiyo mamlakatlari mineral-xomashyo resurslari nazoratini qo‘lga olish borasidagi kurash, mintaqa kelajagi tamaddunlar o‘rtasidagi ixtiloflarga bog‘liq  bo‘lib qoladi, degan taxmin haqiqatdan yiroq ekanini ko‘rsatadi.

Hozirgi kunda siyosiy elitalarning  qo‘shnilar bilan munosabatda milliy manfaatni har narsadan ustun qo‘yayotgani mintaqaviy integratsiya muammosini keltirib chiqarmoqda.  Boshqa tarafdan ular o‘ziga dasturilamal qilib olgan  ko‘pvektorli, ya'ni buyuk davlatlardan "hech birini xafa qilmaslik" siyosati mintaqada jug‘rofiy-siyosiy kurash olib borayotgan tomonlardan birortasi ham ustun mavqega ega emasligini ko‘rsatadi.

Yana shuni ham qayd etish lozimki, jug‘rofiy-siyosiy o‘yinchilarning mavqei mintaqa davlatlarini turli ta'sir yo‘llari orqali o‘z tomoniga og‘dirib olishidan tashqari yo‘l qo‘yayotgan xato qadamlariga ham bevosita bog‘liqdir. Agar G'arb davlatlari "rangli inqiloblar"ni zo‘rlab tiqishtirish orqali yangi davlatlar rahbariyatini cho‘chitib qo‘ygan bo‘lsa, Rossiya  mintaqadagi suv-energetika muammolarida muayyan davlatlarning yonini olishi bilan norozilik kayfiyati uyg‘otmoqda. Bu Kremlning Markaziy Osiyoga mo‘ljallangan yaxlit strategik rejasi yo‘qligini ko‘rsatadi.

XX asr boshlarida britaniyalik siyosiy jug‘rof ser Halford Makkinder, kim quruqlik bilan o‘ralgan "hartlend" - markaziy  Yevroosiyoni nazorat qilsa, dunyoga hukmron bo‘ladi, degan  edi. Markaziy Osiyo uchun davom etayotgan jug‘rofiy-siyosiy kurash  ana shu hukmronlikka erishish yo‘lidagi sa'y-harakatlardir. Hozircha bu kurashda qaysi tomonning qo‘li baland kelishini taxmin qilish qiyin. Lekin bir narsa aniq - mintaqa bundan buyon qizg‘in jug‘rofiy-siyosiy kurashlar markazi bo‘lib qolaveradi. 

G'arb gegemonligini saqlab qolishning sakkiz sharti

S.Hantington bashoraticha, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida iqtisodiy taraqqiyot barobarida madaniy o‘ziga xoslikning kuchayishi va bu jarayonga Xitoyning boshchilik qilishi G'arb tamadduni mavqeiga putur yetkaza boshlaydi. U buning oldini olish uchun sakkiz banddan iborat tavsiya ishlab chiqdi: 1) ko‘proq siyosiy, iqtisodiy va harbiy integratsiyaga erishish va boshqa tamaddunlarga mansub mamlakatlar G'arb mamlakatlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklardan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik  uchun o‘zaro kelishib siyosat yuritish; 2) Yevropa ittifoqi va NATOga Markaziy Yevropa g‘arbida joylashgan davlatlar, xususan Vishegrad guruhi (Polsha, Vengriya, Chexiya va Slovakiya), Boltiqbo‘yi respublikalari, Sloveniya va Xorvatiyani qabul qilish; 3) Lotin Amerikasini imkon qadar g‘arblashtirish, u yerdagi mamlakatlarning G'arb bilan bir blokda bo‘lishiga erishish; 4) islom va chin davlatlari (Xitoy, Tayvan, Hongkong, Singapur) ning harbiy qudrati - oddiy qurollardan tortib ommaviy qirg‘in qurollariga - o‘sishini tiyib turish; 5) Yaponiyaning G'arbdan Xitoyga moslashuv tomon "siljishi" sur'atini susaytirish; 6) Rossiyani pravoslav tamadduni o‘zagi, yirik mintaqaviy  davlat sifatida va uning janubiy chegaralari xavfsizligini ta'minlash borasidagi manfaatlarini tan olish; 7) G'arbning boshqa tamaddunlar ustidan texnologik va harbiy ustunligini saqlab qolish; 8) eng muhimi, G'arbning boshqa tamaddunlar ishiga aralashishi, eng katta beqarorlik manbai va ko‘ptamaddunli dunyoda bo‘lg‘usi global ixtiloflar manbai ekanini tushunib yetish (O'sha kitob, 514-bet).

Xalqaro munosabatlarning hozirgi ahvoli va bu borada G'arb davlatlari yuritayotgan siyosatga e'tibor berilsa, ular bilan S.Hantington tavsiyalari o‘rtasida muayyan uyg‘unlik borligini ko‘rish mumkin. Yevropa Ittifoqi bilan NATOning Sharq tomon kengayishi, G'arbning ommaviy qirg‘in qurollari musulmon davlatlar qo‘liga tushib qolishiga jon-jahdi bilan qarshi turishi, Iroq va Afg‘onistondan xalqaro terrorizmga qarshi kurash bahonasida musulmon davlatlari, Xitoy va Rossiyani tiyib turishda foydalanish borasidagi urinishlar  shular jumlasidandir.

Boz ustiga, G'arbda musulmon olamiga qarshi boshlangan o‘ziga xos salb yurishi - xalqaro terrorizmga qarshi kurash bahonasida Iroq va Afg‘onistonning ishg‘ol qilinishi, Yevropa mamlakatlarida musulmon immigrantlarga qarshi hukumatlar tomonidan qonun yo‘li bilan bosim o‘tkazish, mahalliy  aholi o‘rtasida ularga nisbatan norozilik kayfiyatining paydo bo‘lishi va skinhedlik harakati kuchayishi, Muhammad payg‘ambar karikatura qilinib, musulmonlarning hissiyotlari tahqirlanishi, Turkiyaning Yevropa ittifoqiga a'zoligiga qarshilik ko‘rsatilishida katta ta'sir kuchiga ega bo‘lgan S.Hantington singari siyosatshunoslarning qo‘li yo‘q deb bo‘lmaydi.

S.Hantington maqolasida ham, kitobida ham «islom chegaralari qonlidir" deb yozadi va "musulmon davlatlari xalqaro ixtiloflar chog‘ida zo‘ravonlik qilish tamoyilini afzal biladi; 1928 yildan 1979 yilgacha sodir bo‘lgan va musulmon mamlakatlari qatnashgan  142  ta ixtilofdan 76 tasida muammoni hal etish uchun kuch ishlatilgan. Musulmon jangariligi va ixtiloflarni hal etishda kuch ishlatishga moyillik XX asrning so‘nggidagi voqelikka aylanib qoldi, buni na musulmonlar va na musulmon bo‘lmaganlar inkor eta oladi" (O'sha kitob, 419-bet), deb da'vo qiladi. Islomning obro‘sini to‘kishga qaratilgan bunday da'volarda haqiqatdan ko‘ra biryoqlamalik ustuvor ekanini anglash qiyin emas. Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun Bostondagi Shimoli-sharqiy universitetning iqtisodiyot bo‘yicha professori Shahid A'lamning "S.Hantingtonni tanqid" maqolasiga murojaat qilamiz: "Hantington, 90-yillarda ular  (musulmonlar)  boshqa tamaddunlar vakillaridan ko‘ra ko‘proq guruhlararo zo‘rovonlik qilishdi", deb ta'kidlaydi. Lekin ma'lumotlar buni rad etadi. Jonatan Foks o‘zining etnik ixtiloflar haqidagi risolasida ma'lum qilishicha, islom dunyosi 1945-1989 yillarda ro‘y bergan tamaddunlararo ixtiloflarning 23,2 foizida, 1990-1998 yillari esa 24,7 foizida ishtirok etgan. Bu musulmonlarning dunyo nufusidagi ko‘rsatkichidan uncha ko‘p emas. Sovuq urush tugagandan so‘ng bu ko‘rsatkich keskin o‘sib ketganini ko‘rganimiz yo‘q" (http://www.counterpunch.org/alampeddle.html).

Ayni tutim amerikalik olimning islom dunyosi bilan bog‘liq qarashlari ancha bahsli va biryoqlama ekanini ko‘rsatadi. U musulmon mamlakatlarida vaqti-vaqti bilan xuruj qilib turadigan etnik yoki diniy mojarolar haqida gapirganda ularning kelib chiqish sabablariga to‘xtalib o‘tirmaydi.

Janob Hantington bu urushlar G'arbning yetakchi davlatlari bir vaqtlar yuritgan mustamlakachilik siyosatining hamda o‘sha siyosat ta'sirida vujudga kelgan G'arb andozasidagi milliy davlatchilik instituti oqibati ekanini eslab o‘tirmaydi. Aslida Iroqning 90-yillarning boshida Kuvaytga bostirib kirishi yoki Isroil-Falastin mojarosini faqat musulmonlarning boshqa din yoki tsivilizatsiya vakillariga nisbatan bag‘rikeng emasligi oqibati deb qarash unchalik to‘g‘ri emas.

Mustamlakachilik siyosatining ta'siri o‘laroq paydo bo‘lgan ixtiloflar bugun yoki erta intiho topishi juda qiyin. Beqaror mintaqalar sifatida tilga olinayotgan Iroq ham, Sudan ham, Hindiston va Pokiston ham bir vaqtlar Britaniya mustamlakasi bo‘lgan va unga qarshi olib borilgan mustaqillik kurashi chog‘ida parchalanib ketgan imperiya qoldiqlaridir. Yoki Sharqiy Timorni oladigan bo‘lsak, u 1975 yilga qadar Portugaliyaning mustamlakasi bo‘lgan va mahalliy aholi katolik dinini qabul qilgan. Shuning uchun uni islom bilan xristianlik o‘rtasidagi ixtilof deb emas, aksincha, mustamlaka oqibati deb qarash to‘g‘riroq bo‘ladi.

Shu bilan birga, S.Hantingtonning "imperiyaparvar" qarashlarida ijobiy jihatlar ham bor edi, albatta, lekin  AQSh hukumati bu doktrinaga  to‘liq amal qilyapti, deyish qiyin. Bunga muallif "eng muhim" deb bilgan "boshqa tamaddunlar ishiga aralashmaslik" printsipini misol qilib keltirish mumkin.  AQShning sobiq prezidenti kichik J.Bush ma'muriyatining demokratiyani butun dunyoga yoyish bahonasida yuritgan sakkiz yillik "rangli inqiloblar" siyosati yoki terrorizmga qarshi kurash bahonasidagi okkupatsiyalari buning yorqin dalilidir.

*  *  *

Ikkinchi jahon urushidan keyin qaror topgan xalqaro munosabatlardagi mavjud tartib bugungi muammolarni hal etishga qodir bo‘lmay qolgani uchun uni o‘zgartirish talabi kundan-kunga balandroq yangramoqda. S.Hantington kitobida tilga olingan ko‘pqutbli dunyo tobora reallashib bormoqda. Lekin G'arb o‘sha ko‘pqutbli dunyoni ham o‘z ta'sir doirasidan chiqarib yubormaslikni istaydi  va manfaatlarini o‘z chegarasidan minglab chaqirim narida himoya qilish uchun  jug‘rofiy siyosat yurgizadi.

Sir emaski, bunday siyosatning tanqidchilari barobarida o‘ziga yarasha himoyachilari ham bo‘ladi. Davlat manfaatini  himoya qilayotgan kishidan ob'ektiv bo‘lishni talab qilish esa qiyin.

S.Hantington kitobidan olinadigan saboq shu.

Faxriddin Nizom,
siyosatshunos
"Tafakkur" jurnalining 2009-yil 3-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.