OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Moliyaviy inqiroz ildizi qayerda?

(Birinchi maqola)

Davom etayotgan iqtisodiy inqiroz oddiy odamlar uchun ko‘pam tushunarli bo‘lmagan ajabtovur iboralarni muomalaga kiritdiki, bu yanada ko‘proq vahimaga sabab bo‘lmoqda. «Real iqtisodiyot», «Chayqov kapitali», «moliyaviy pufak» singari g‘ayrioddiy iboralar to shu paytgacha ko‘pchilikka noma'lum edi, inqiroz tahliliga bag‘ishlangan maqolalar, nashrlar ko‘paygani uchun bu gaplar tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi.

Bu xil iboralarni, shuningdek, inqiroz sabablarini ham ta'lil qilib ko‘rish kerak. Shunda iqtisodiyotni tashkil etishning qaysi modeli eng ishonchli va matsqul yo‘l ekani oydinlashadi.

Taniqli iqtisodchi, doktor Munzir Kaxfning fikriga ko‘ra, iqtisodiy tanazzulning qo‘yidagi sabablari bor:

Birinchidan, qarzga va katta foiz olish maqsadida beriladigan mablag‘lar miqdorining asossiz ravishda haddan ziyod ko‘paytirib yuborilishi;

Ikkinchidan, qarz majburiyatlari yozilgan qimmatli qog‘ozlarning bir bank tomonidan boshqasiga sotilishi. Bu holda qarzdor o‘z qarzini qog‘oz egasiga to‘lashi nazarda tutiladi.

Uchinchidan, moliyaviy oldi-sotdilar, amaliyotlarga real iqtisodiyot ehtiyojlarini e'tiborga olmagan holda ruju qo‘yilishi;

To‘rtinchidan, valyuta bozoridagi chayqovchilik, valyutani qayta-qayta olib sotishning avjga chiqishi.

Yuqorida sanab o‘tilgan omillarning dunyoning yetakchi mamlakatlari iqtisodiyotiga qanchalik salbiy tatssir ko‘rsatganini tushunib yetish uchun real iqtisodiyot bilan chayqov kapitaliga asoslangan iqtisodiyot orasidagi farqni tushunib olish kerak. 

Real iqtisodiyotning uch tarmog‘i

Real iqtisodiyot deb real ishlab chiqarishga - sanoatga, shuningdek, real mahsulotlar va xizmatlar savdosiga asoslangan iqtisodiyotga aytiladi.

Real iqtisodiyotning taraqqiy etishi uning uch asosiy tarmog‘i mutanosibligiga bog‘liq. Birinchi tarmoq xom ashyo olish va uni qayta ishlash, yarim tayyor mahsulotga aylantirish bilan bog‘liq sohalarni o‘z ichiga oladi. Bu tarmoqqa qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, o‘rmon xo‘jaligi, ovchilik va tabiiy ashyolarni (ko‘mir, neft, metall rudalar va h.k.) qazib olish kabilar kiradi.

 Bu insoniyat tarixida paydo bo‘lgan ilk tarmoq sanalib, ibtidoiy odamlarning ilk iqtisodiy faoliyatlari asosida shakllangan - ovchilik, yig‘ish-terish va h. k.

Sanoat inqilobi yuzaga kelgunga qadar iqtisodiyotning bu tarmog‘i jahon iqtisodiyotida alohida o‘rin egallagan va uning asosiy jabhasi bo‘lmish qishloq xo‘jaligi necha yillar mobaynida eng muhim tarmoq hisoblangan.

Bugungi kunda esa yetakchi tarmog‘i qishloq xo‘jaligi bo‘lgan mamlakat yoki mintaqa iqtisodiy jihatdan qoloq hisoblanadi. Bunga aholisining katta qismi hozirgacha ham qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan Afrika qittsasi mamlakatlarini misol qilish mumkin.

Albatta, bu o‘rinda ayrim istisnolar ham mavjud, Misol uchun, iqtisodiyotning birlamchi tarmog‘iga mansub hisoblangan  uzluksiz neft qazib olish va qayta ishlash sanoati Fors ko‘rfazidagi o‘ziga to‘q mamlakatlar - Saudiya Arabistoni, Katar, Quvayt va boshqalar iqtisodiyotining asosi bo‘lib qolmoqda.

Biroq, faqat birlamchi tarmoqqa suyanib qolish iqtisodiy taraqqiyotga olib bormaydi va alal oqibat foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin.

Real iqtisodiyotning ikkinchi tarmog‘i qayta ishlash va qurilish sanoatini o‘z ichiga oladi. Mazkur tarmoq G'arbiy Yevropa iqtisodiyotida XIX asrning birinchi yarmi, yatsni Sanoat inqilobi davrida yetakchi o‘rinni egallab keldi va to ikkinchi jahon urushining oxiriga qadar shunday bo‘lib qoldi. Iqtisodiyotning ikkinchi tarmog‘i yetakchilik qiladigan jamiyat sanoatlashgan deyiladi.

Iqtisodiyotning uchinchi tarmog‘i xizmat ko‘rsatish sohalari bilan bog‘liq.

Vaqti-soati keldiki, bu tarmoqning mavqei juda kuchayib ketdi. Sababi, sanoatda mehnat unumdorligining o‘sishi natijasida xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shimcha mehnat resurslari - imkonlar yuzaga keldi. Ushbu tarmoq transport, aloqa, savdo, sayyohlik, sog‘liqni saqlash, maorif, ilmiy izlanishlar va shu kabilarni o‘z ichiga oladi.

Bu sohalar yetakchi hisoblangan jamiyatlar postindustrial davlatlar deyiladi. G'arb dunyosining eng taraqqiy etgan zamonaviy markazlari - AQSh, Kanada, Yevropa mamlakatlari, Yaponiya va boshqalar shular jumlasiga kiradi.

Chayqov iqtisodiyotining paydo bo‘lishi

XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib uchinchi tarmoqdan hech narsa ishlab chiqarmaydigan yana bir butoqcha - bank va moliya xizmatlari tarmog‘i yuzaga keldi. Bu soha tez ravnaq topib, shoxlab ketdi. Uning ildam-chaqqon vakillari qimmatbaho qog‘ozlar va valyutalarni olib-sotish, chayqash, valyuta bozoridagi aldam-qaldam o‘yinlar, kamxarj fuqarolarga foydasi haminqadar qarz berish, qarz majburiyatlarini bir-birlariga qayta-qayta sotish kabi yangi, ajabtovur, ko‘pam halol bo‘lmagan ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldilar.

Real iqtisodiyotning real ehtiyojlarini hisobga olmaydigan, sotuvchidan issiq xonada o‘tirib kompyuter tugmachalarini shiqqillatishdan boshqa hech qanday harakat, urinish talab etmaydigan bu tarmoq bozorining kengayishi  iqtisodiyotda moliyaviy chayqov kapitalining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Va bu kapital aynan shunday moliyaviy oldi-sotdilar hisobiga juda tez fursatlarda rivoj topib, kuchayib ketdi.

 Mutaxassislarning fikricha, aktsiyalar, qimmatbaho qog‘ozlar, valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan har qanday moliya bozorining zamirida chayqov yotadi. Bu bozor piramida qoidalari asosida tashkil etilgan bo‘lib, piramidaga nisbatan xatar tug‘ilishi hamoni mablag‘ini olib chiqib ketishga ulgurmagan ishbilarmon albatta yutqazishi turgan gap.

«Ahmoq izlash» o‘yini

Bu bozor ishtirokchilari orasida «ahmoqni izla» yoki «katta ahmoq qonuni» degan uyin bor. Yana buni chayqovchilar tomonidan «pufak puflash» deb ham ataladi.

Moliyaviy pufak mablag‘ yo‘naltirilayotgan muayyan sohadir, uning aktsiyalari va qimmatbaho qog‘ozlarini qayta-qayta olib-sotish - chayqash orqali mo‘may daromad olish mumkin. Ana shu qog‘ozlar atrofida shov-shuv ko‘tariladi, chayqov kapitalining katta miqdori shu tomonga oqib keladi, mazkur soha boshqalaridan ko‘ra afzalroq, samaraliroq qilib ko‘rsatiladi.

Chayqov bozoridagi shov-shuv natijasida nekbin kayfiyatdagi chayqovchilar («ahmoqlar») narxi ataylab ko‘tarilgan qog‘ozlarni ko‘plab sotib ola boshlaydilar, ularning maqsadi bu qog‘ozlarni «kattaroq ahmoqlar» ga - yirikroq chayqovchilarga sotmoqdir. Toki bitta «ahmoq» ikkinchisini topib savdo yurib turar ekan, bu ish foyda keltiraveradi.

Shu xil faol, qizg‘in oldi-sotdi chayqov bozorida «pufak» paydo bo‘lishiga olib keladi, vaqti soati yetganda esa bu pufak qarsillab yoriladi, nimagaki, haligi qog‘ozlar uchun eng baland narxni to‘lagan eng yirik ahmoq ularni sotish uchun xaridor topa olmay qoladi. Chayqov piramidasi ham qulaydi, yiqiladi.

Islom iqtisodiyoti chayqov iqtisodiyotiga qarshi

Chayqov pufagining yorilishi real iqtisodiyotning ko‘plab sohalariga yomon tatssir qiladi. Bu gal ham shunday bo‘ldi: bir qator rivojlangan mamlakatlarning ipoteka qarzlari beradigan, bank xizmatlari ko‘rsatadigan, valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan ko‘pgina tashkilotlarida pufaklar gumburlab yorildi-yu, butunjahon moliyaviy inqirozi degan ofat yuzaga keldi.

Mazkur tanazzul asossiz ravishda qimmati oshirib yuborilgan qog‘ozlar oldi-sotdisini, banklarning «foiz» uchun qarz berishini, real tovar ishlab chiqarilmagan yoki xizmat ko‘rsatilmagan holda boyishning har qanday turini mants qiladigan boshqa iqtisodning nechog‘lik afzal ekanini yana bir marotaba isbot qildiki,  buni  bugun  g‘arb mutaxassislarining o‘zlari ham tan olmoqdalar. Keyingi mavzularimiz shu xususda bo‘ladi.

Nodira Abdullaeva tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.