background
logotype

Nyu-Yorkdagi osmono’par binolar portlatilgan edi

 Nyu-Yorkda 2001 yil 11 sentyabrda amalga oshirilgan teraktga 6 yil bo‘lgan esa-da, aslida nima ro‘y bergani haligacha to‘la aniq emas. Buning ustiga, hodisaning muqobil versiyalari soni ortib bormoqda.

Yevroparlament deputati Juletto K'eza rahbarligidagi xalqaro eks­pert va tadqiqotchilar guruhi tomonidan tayyorlangan «ZERO» (inglizcha - «nol». 

Bu yerda yo‘qlik, mavhumlik ma'nosida) kitobi joriy yil kuzining asosiy shov-shuvli voqealaridan biri bo‘ldi. Kitobda ta'kidlanishicha, FBR va MRB hisobotlari nafaqat asosiy savollarga javob bermaydi, balki yaqqol faktlardan ko‘z yumadi yoki ularni buzib ko‘rsatadi. Rossiyaning «Argument? i fakt?» gazetasi sharhlovchisi Georgiy Zotov bu ayblovlar qanchalik asosga ega bo‘lishi mumkinligini aniqlash uchun Strasburg shahrida sin'or K'eza bilan uchrashib, suhbatda bo‘ldi.

«PENTAGON USTIGA SAMOLYOT QULASHI MUMKIN EMAS»

 

- Kitobingiz bugun Yevropada ulkan muvaffaqiyat bilan tarqalmoqda. Bu, insonlarning tabiatan «fitna nazariyasi»ni yaxshi ko‘rishlaridan emasmikan? Rasmiy nuqtai nazarga  ishonadiganlar, hatto u to‘g‘ri bo‘lganida ham, ozchilikni tashkil qiladi.

- Men umuman «fitna nazariyasi»ning tarafdori emasman. Shunchaki, siyosatchi va jurnalist sifatida AQSh hukumatiga bundan olti yil avval Nyu-Yorkda «egizak binolar» qulagani yuzasidan savollar berishdan tortinmaslik kerak, deb hisoblayman. Savollar esa juda ko‘p. Teraktlar to‘g‘risidagi rasmiy versiya - to‘liq soxtalashtirish va yolg‘ondir, biz buni hech qanday muammosiz isbot qila olamiz.

- U yerdagi nima sizni ko‘proq shubhaga soladi?

- Birinchi navbatda, go‘yoki Pentagon ustiga qulagan samolyot. Barcha mustaqil ekspertlar, shu jumladan, portlash paytida Pentagon ichida bo‘lgan kishilar ham (masalan, uning xodimi Barbara Xoneyger) shunday fikrga kelishdi - «Boing-757» samolyoti Mudofaa vazirligi binosiga qulashi to‘liq ehtimoldan xoli. Masalan, havo hujumidan himoyalanish tizimi shu kuni ishga tushirilmagan. Ular, agar HAR QANDAY havo kemasi bortida «o‘zimizniki-begona» tanish tizimiga ega bo‘lmasdan «beshburchak»ka yaqinlashsa, avtomatik ravishda qo‘shilishga majbur. Pentagon atrofida 68 ta videokuzatuv kamerasi ishlaydi - ular samolyot qulayotganligini tasvirga olmasliklari mumkin emas: shunday bo‘lganda buni plyonkalar ko‘rsatar edi. Biroq, tepadagilar shunday deyishadi - rasmiy versiyani qabul qiling, hech kim sizga izohlash va dalil-isbot keltirishga majbur emas.

- Kechirasizu, ammo bunday samolyot haqiqatan ham Boston aeroportidan havoga ko‘tarilgan hamda uning bortida real shaxslar, jumladan, taniqli teleboshlovchi va uch farzandi bilan bir oila ham bor edi. U qaerga g‘oyib bo‘lgan?

- Yana bir bor ta'kidlashni xohlar edim: men kitobda hech qanday versiyalarni ilgari surmayman, faqatgina javobini olishni istaydigan savollar beraman. Biroq agar portlash ro‘y berganida Pentagon ichida bo‘lgan o‘nlab guvohlar hech qanaqa samolyot yo‘q edi, deb turishsa, kimga ishonishim kerak? Marhamat, yuqorida aytib o‘tganim plyonkalarni menga ko‘rsating. Ammo ular yo‘q edi, hozir ham yo‘q.

«O‘LIMGA MAHKUMLARGA MRB VIZA BERGAN»

 

- Yana qanday hodisalar sizda ishonchsizlik tug‘diradi?

- Terrorchilarning shaxsi. Samolyot­larni olib qochganlardan yetti nafari «Islom brigadasi» a'zosi sifatida Bosniyada jang qilishgan. MRB bu brigadani o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantirganligini tan oldi. Biz yuqori martabali diplomat, AQSh­ning Jidda (Saudiya Arabistoni)dagi sobiq  konsuli bilan uchrashdik. Besh  nafar bo‘lg‘usi o‘limga mahkum qilinganlar viza so‘rab murojaat qilishganida, ular shubhali ko‘rinishadi hamda konsul ularga rad javobi beradi. Shundan so‘ng unga MRBdan qo‘ng‘iroq qilishib, viza berishni qat'iy «maslahat berishadi», shu bilan birga, unga qattiq bosim ko‘rsatishadi. U o‘zidan talab qilishganini bajaradi, ammo norozilik belgisi sifatida iste'fo beradi. 11 sentyabrdan so‘ng ushbu  diplomat MRBga hisobot yozib, unda o‘zi bilan telefonda muloqotda bo‘lgan kishining ismi-sharifini keltiradi. Unga shunday javob berishdi: «Biz sizga yana qo‘ng‘iroq qilamiz». Unga qo‘ng‘iroq qilishmadi. Kitobimda u bu haqda juda batafsil izoh bergan. G‘alati-a?

- Albatta. Lekin sizga bir narsani aytaman -  MRBning dunyodagi har qanday hodisaga biror-bir dalilsiz hukm chiqarishi ba'dga urgan. Bu aslo beg‘araz struktura emas, ammo keling, har holda realist bo‘laylik.

- Men aynan Nyu-Yorkdagi teraktlarni MRB rahbariyati uyushtirgan, deb hisoblamayman. Faktlarni buzib ko‘rsatish va yashirishda amerika razvedkasidan - bo‘lim boshliqlari darajasidagi ba'zi kishilar ishtirok etishgan. Amerika maxsus xizmatlarining «oshxonasi»ni juda yaxshi biladigan Germaniyaning sobiq mudofaa vaziri Andreas fon Byulovning ta'kidlashicha, «Razvedkaning 95 foiz ishi - bu aldov va yolg‘on xabarlar bilan chalg‘itish. Hatto surishtiruv olib borish bilan shug‘ullanadigan jurnalistlar ham ommani targ‘ibot bilan to‘ydirishadi. Rasmiy versiyaga shubha bildirgan har qanday kishi aqldan ozgan, deb e'lon qilinadi». Uni terrorchilarning yetakchisi Muhammad Attaning pasporti Butunjahon savdo markazida samolyot portlaganida, garchi avialayner parcha-parcha bo‘lib ketsa-da, nega hech qanday ziyonsiz qolgani qiziqtiradi. Ushbu hujjatni vayronaga keyinroq tashlab qo‘yishgan, deb o‘ylash mumkin. Nima uchun ko‘plab savollarni berishmaganligi meni ham ajablantiradi. Biz ikkita urush ibtidosidan o‘tdik, hozir uchinchisiga - Eron bilan urushga qarab borayapmiz, bu aslida nima ro‘y berganligi yuzasidan o‘ylab ko‘rishga imkon beradi.

- Yaxshi. Ammo «egizak binolar» voqeasida - u yerga samolyotlar urilganmi?

- Ha. Biroq nima uchun 1945 yili «Empayr-steyt-bilding»ga qurol-yaroqqa ega harbiy qiruvchi samolyot urilganida, bino sochilib ketmagan? 1991 yili Filadelfiyada osmono‘par binoning 8 ta qavati yonib ketganida, u nega qulamagan? «Egizaklar» bir soatdan so‘ng qat'iy vertikal, «erkin qulash» tartibida o‘pirilib tushdi, 100 ming tonna beton va shisha mayda-mayda changga aylandi - aslida osmono‘par binolar qism­larga ajralib, «o‘tirib qolishi» kerak edi. Agar binoni ko‘tarib turuvchi poydevor portlatilib yo‘q qilinsagina shunday bo‘lishi mumkinligini sizga istalgan mutaxassis aytib beradi... «Egizaklar» ulkan barqaror infrastrukturaga ega edi va ular chiqitga aylanishdi. Kitobimda tilga olingan guvohlardan biri Uilyam Rodriges soat 8.30 da BSMning shimoliy binosi birinchi qavatida bo‘lgan. Janob Rodriges bino o‘pirilib tushishiga bir daqiqa qolguniga qadar podvallarda kuchli portlashlarni eshitganligini aytadi - uning so‘zlarini 117 nafar kishi tasdiqlaydi. Uilyamni teraktlarni tergov qilish komissiyasi so‘roq qiladi, ammo rasmiy hisobotdan uning ko‘rsatmalari olib tashlangan. Janob Rodriges kimsan - qahramon, o‘sha kuni 20 nafar jabrlanuvchini qutqargan, shaxsan AQSh prezidenti buning uchun unga medal bergan edi. Ammo uning so‘zlarini hatto rad qilishmadi - shunchaki hisobotdan chiqarib tashlashdi, tamom.

- Hm... bilasizmi, ba'zan kishilar shok holatni boshdan kechirganlaridan so‘ng, muloyim qilib aytganda, o‘zlariga kelmagan bo‘lishadi. Rodriges ham kuchli shok holatida bo‘lgan...

- «Zero» kitobimda 65 nafar yuqori martabali guvohlar - rasmiy tushuntirishlarga IShONMAYDIGAN AQShning sobiq vazirlari va generallari chiqish qilishgan. Ular orasida MRBning sobiq direktori Jorj Tenet ham bor. Sizning fikringizcha, bu kishilarning barchasi aqldan ozgan, janob Bush, Donald Ramsfeld va bosh­qalar esa sog‘lom? Endi aytaman - siz hali eng asosiysini bilmaysiz...

«Ben Ladenning barcha tasviri - yasama»

- O‘ylab qolaman: so‘zlaringizga kim ajablanishi mumkin bo‘lsa - bu  Usama ben Laden. Jilla qursa, «Al-Qoida» yetakchisining terrorchilik xuruji uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani hamda bu masala yuzasidan videomurojaat bilan chiqish qilganini eslaylik.

- Sizga bir voqeani aytib beraman. Yaqinda Yevroparlament deputatiga yopiq seansda bir film­ni ko‘rsatishdi: agar «al-Qoida» Bryusseldagi NATO shtab-kvartirasida atom bombasini portlatsa, nima ro‘y beradi? Juda ta'sirli qilib suratga olingan, ayniqsa shahar markazida yadro portlashi. Va ekranda shunda (tasvir sifati - a'lo darajada) Usama ben Laden paydo bo‘ladi hamda arab tilida deydi: «Bryusseldagi islom sherlarining qahramonliklari uchun javobgarlikni o‘z zimmamga olaman». Buni originaldan farqlash mumkin emas edi. Shuning uchun  sizni ishontirib aytamanki - ben Ladenning aksariyat murojaatlari ham soxtalashtirilgan, har qanday videoni yasash cho‘t emas: zamonaviy texnik imkoniyatlar bunga imkon beradi. Shu bilan birga, ben Laden va uning o‘rinbosari al-Zavohiriy - xayoliy emas, 11 sentyabr voqealariga jalb  qilingan to‘liq real shaxslar. «Zero» kitobimda ular AQSh va Pokiston maxsus xizmatlari bilan anchadan buyon hamkorlik qilib kelishayotganini isbotlovchi maxfiy hujjatlar keltirilgan. Bunday kishilar butun dunyoga qo‘rqinchli shaxs sifatida juda o‘ng‘ay hamda hammaga to‘g‘ri keladi.

- Ya'ni, aytmoqchisizki, ularni hech qachon qo‘lga tushirishmaydi?

- Bunga qanday shubha bo‘lishi mumkin? Albatta, agar ular hamon tirik bo‘lishsa: ularni allaqachon - 11 sentyabrdan keyinoq dafn qilgan bo‘lishlari mumkin, shundan so‘ng sizga hozirgina aytib bergan tizim bo‘yicha uydirma videoroliklarni tarqatishadi. Besh yildan so‘ng bizga afg‘on tog‘larida Usama ben Ladenning jasadini ko‘rsatishlari mumkinligi ehtimoldan xoli emas, ammo bu eng oxirgi chora. Uni tiriklayin tutishga hech kim urinmayapti.

- Yaxshi - biroq shunda bunday terakt «al-Qoida»dan boshqa kimga zarur edi? Siz AQSh maxsus xizmatlaridan bo‘lgan kishilarga shama qilayapsiz. Qanday ma'noda? Afg‘oniston va Iroqqa qo‘shinlar kiritish, u yerlarda minglab askarlarni yo‘qotish va yuzlab milliard dollar sarf qilish-ko‘ngil ochish uchunligi ehtimoldan uzoq.

- O‘ta shaxsiy  farazimni bayon qilishim mumkin (kitob doirasidan tashqari). AQSh anchadan beri eksport qilayotganidan ko‘ra ko‘proq mablag‘ sarflayapti, ammo hozircha dollar barcha valyutalarni boshqarayapti, jahon iqtiso­diyo­ti unga tayanadi. Amerika qolgan butun dunyo hisobiga yashayapti - har kuni uch milliard dollar darajasida. Agar dollar zaiflashsa, moliyachilar mablag‘larini yevroga qo‘ya boshlaydilar hamda vaziyatni hech kim to‘xtatib qololmaydi, shunday ham bo‘lmoqda. Shunday hisoblaydigan kishilar ham bor: Amerika bu vaziyatdan, har qanday vosita bilan bo‘lsa-da, chiqishi kerak: yirik terakt singari radikal bo‘lsa ham. Ular uchun eng asosiysi - Yaqin Sharqdagi neft konlarini egallash edi.

- Hamma gap faqat iqtisodiyotda deng. Ishonish qiyin.

- Boshqa jihati ham bor. Kitobda yetti yil oldingi, AQShning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Donald Ramsfeld imzolagan hujjatni keltirganman. Unda shunday deyilgan: 2017 yilga borib aynan Xitoy Qo‘shma Shtatlar uchun eng ulkan xavf tug‘diradi hamda xitoyliklarni to‘xtatib qolish mumkin bo‘lmaydi. «Xitoy tahdidi»ni to‘xtatish uchun maqsadi AQShni tish-tirnog‘igacha qurollantirish bo‘lgan dastur zarur. Va biz endi nimani ko‘rayapmiz? Amerikaning haddan ortiq qurollanishi «sovuq urush» davrining eng yuqori darajasidan bir necha martaga ortib ketdi. SSSR singari miqyosdagi raqib yo‘q, unda bularning barchasi nega qilinayapti? Ular katta to‘qnashuvga tayyorlanishayapti. Ha, Xitoy sayyora yo‘nalishini o‘zgartirishga qodir va ular bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi. Biroq amerikaliklar bunga tayyor emas. Amerika dunyoning saksonta davlatidan qarz olib ulgurgan hamda bu qarzlar hech qachon to‘lanmaydi. Aytgancha, qarzdorlikning 10 foizi xitoy banklariga tushadi.

«REJANI 30 YIL AVVAL ISHLAB CHIQISHGAN»

- Kelib chiqayaptiki, rejalashtirilgan natijaga baribir erishib bo‘lmaydi. Dollar yanada zaiflashmoqda, neft esa yana va yana qimmatlashayapti.

- To‘g‘ri, Amerika Xitoy bilan ziddiyatga tayyorlanish maqsadida ikkita urushni boshlaganiga qaramasdan, dollar pastga sho‘ng‘imoqda, shuning uchun 2008 yili Eronga qarshi zarba muqarrardir. Nufuzli moliyaviy doiralar yo‘lda davom etishayapti, negaki, ular uchun variantlar yo‘q, ular hamma narsasini qimorga tikishgan. Qaysi AQSh prezidenti ertaga uch yuz million amerikaliklarga qarab shunday deyishga jur'at eta oladi: «Hurmatli vatandoshlar! Biz yarim asr o‘z imkoniyatlarimizdan yuqori yashadik, resurslardan kamroq foydalanishimiz, havoni kamroq ifloslantirishimiz, hayot tarzimizni o‘zgartirishimiz, ko‘plab qulayliklardan voz kechishimiz kerak»?

- Agar bunday variantni ko‘rib chiqish kerak bo‘lsa. Albatta, hech kim.

- Ana! Biroq boshqa variant ham bor - bu neft konlarini nazoratga olish maqsadidagi urush. 2001 yilning 11 sentyabri - jahon miqyosidagi keskin davlat burilishi bo‘lib, mayda-chuyda tafsilotlari bir necha yuzlab kishilar: MRB xodimlari, Saudiya razvedkasi zobitlari, Pokiston maxsus xizmatlari generallariga ma'lum qilingan edi. «Al-Qoida» nima o‘zi? Yashirin maxfiy tashkilot. Biroq o‘limga mahkum - terrorchilar ro‘yxati uch kundan so‘ng barcha ma'lumotlar bilan e'lon qilingan  edi. Bunday osonlikning sababi shundanki, bu shaxslar allaqachon MRB hisobida turishgan. Shunday filmni ko‘rganmisiz - «Kondorning uch kuni»? Unda shunga o‘xshash vaziyat bashorat qilingan: syujetga ko‘ra, MRB neft manbalarini egallash rejasini ishlab chiqadi. Maxsus xizmat xodimi shunday deydi: «Bu iqtisodiyot. Bugun - neft, ertaga - oziq-ovqat bo‘lishi mumkin. Amerikaliklardan so‘rab ko‘ring-chi, ularning uyidan issiqlik g‘oyib bo‘lsa, nima bo‘ladi? Mashinalarining dvigateli o‘chib qolsa-chi? Ochlik nimaligini bilishganida-chi? Ular shunchaki, biz borib, buni ular uchun olishimizni istashadi».

- Bu haddan tashqari muallif fantaziyasi.

-         Afsuski, bu allaqachon reallikka aylangan. Har bir maxsus xizmat ichida o‘z o‘yinlarini olib boradigan kishilar mavjud. Hayotga ochiq ko‘z bilan qarang, biz aynan shunday dunyoda yashayapmiz. Men MRBda iblislar bor deb tasvirlamoqchi emasman hamda muammoga tahliliy yondashaman. 11 sentyabr teraktlariga bog‘liq g‘alati faktlar mavjud. Ularni qandaydir izohlash mumkinmi? Yo‘q. Ularni bizga tushuntirib berishni xohlashadimi? Yo‘q. Xo‘sh, shundan so‘ng men qanday o‘yga borishim mumkin?

- Ammo, agar maxsus xizmatlardagi bu shaxslar shunday fitnani amalga oshira oladigan darajada qudratli bo‘lishsa, nega bir qator xatoliklarga yo‘l qo‘yishdi?

- Yo‘q-yo‘q - ular a'lo darajada ishlashgan! Mana, olti yildirki, hech kim buni muhokama qilmaydi. Agar kimdir shunga jur'at qilsa, demak, u paranoik. Maxsus xizmatlar professionallarcha ishlashadi hamda axborotlarni kerakli kalitda boshqarishadi - tasavvur qiling: Eronga qarshi havo hujumi amalga oshirilsa, butun dunyo olqish­laydi. Bunga ishonishingiz qiyin-a? Biroq ular Iroqdagi urushni sun'iy tashkil qilishdi, 500 ming kishini o‘ldirishdi - bunday mayda detallar ularni to‘xtatadi, deb o‘ylaysizmi? Sau­diya razvedkasining hisoblashicha, qirg‘inbarot Erondagi bir yarim mingta ob'ektni, jumladan, fabrika va ko‘priklarni mo‘ljalga olgan. Eronni tosh asriga qaytarishadi, negaki, aslida MRBdagi odamlar aqldan ozgan: qirg‘inbarotdan so‘ng, ular chin dildan, Eronda inqilob yuz beradi hamda hokimiyat tepasiga arzon neft ta'minlab beradigan Amerikaning do‘stlari keladi, deb hisoblashadi.

- Kitobingizga AQSh tomonidan qandaydir reaktsiya bo‘ldimi?

- Yo‘q, qabriston sukunati. Biroq bundan ajablanmayman.

Husan Nishonov tarjimasi
“Ma'rifat” gazetasidan olindi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.