OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omad hamisha kelavermaydi: Demokratlar g‘alabasi jiddiy siyosiy o‘zgarishlarni boshlashi mumkin

O‘tgan hafta Amerika Qo‘shma Shtatlarida yirik siyosiy tadbir — parlament va ijroiya hokimiyati saylovlari bo‘lib o‘tdi. Kongressning quyi va yuqori bo‘g‘ini — Vakillar palatasi va Senat saylovida ham, ayrim shtatlar gubernatorlari uchun ovoz berish jarayonida ham amaldagi hukumatni boshqarayotgan respublikachilar partiyasiga muxolifatda bo‘lgan demokratlar g‘alaba qozondi. Shu tariqa mamlakat siyosiy sahnasida chigal bir vaziyat vujudga keldi.

Davlat rahbari — prezident respublikachilar vakili bo‘lgani holda, mamlakat parlamentining ikkala palatasini muxolif partiya o‘z nazorati ostiga oldi. Dunyo siyosatida yetakchi bo‘lishga urinayotgan mamlakatda yuzaga kelgan yangi siyosiy tizim esa jiddiy o‘zgarishlardan dalolat berayotganday...

Respublikachilar partiyasining otashin saylovoldi chiqishlari ham, prezident Jorj Bushning mamlakat bo‘ylab poezdda yurib o‘tkazgan targ‘ibot kampaniyasi ham bu safar foyda bermadi. Hattoki oldingi prezidentlik saylovida Bushning osonlik bilan Jon Kerridan “uloq”ni ilib ketishiga sabab bo‘lgan terrorchi Usama bin Lodin omili ham bu gal samara bermadi (Milliy xavfsizlik masalasini har galgiday birinchi planga olib chiqqan respublikachilar agar demokratlar parlamentga saylansa, Usoma bin Lodin yana Amerikaga tahdid qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi televizion roliklarni tinimsiz namoyish qilishgandi).

Prezident boshchiligidagi respublikachilar navbatdagi jiddiy siyosiy sinovdan o‘tisholmadi. Demokratlar 12 yillik tanaffusdan keyin yana Kongressni “zabt” etishdi.

Kongressning quyi bo‘g‘ini — Vakillar palatasining 435 o‘rni uchun bo‘lgan saylovda demokratik partiya yaqqol peshqadamlik qildi. 1792 yili millat “ota”laridan biri bo‘lgan mashhur arbob Tomas Jefferson tomonidan asos solingan partiya vakillari 226 ta o‘rinni band qilishdi. Respublikachilarga esa quyi palataning 191 o‘rni nasib etdi.

Parlamentning yuqori palatasi — Senat a’zoligi uchun bo‘lgan shiddatli kurashlarda ham omad demokratlarga kulib boqdi. Muxolif partiyaning 51 vakili senator lavozimini egalladi. Respublikachilardan esa 49 nafar nomzod Senat a’zoligiga saylandi.

Bir paytning o‘zida tashkillashtirilgan gubernatorlar saylovida ham demokratik guruh qo‘li baland keldi. Mazkur g‘alabadan keyin mamlakat hududlari bo‘ylab rahbarlik ham ramziy ma’noda muxolif partiya qo‘liga o‘tdi (Ayni paytda Amerikaning 50 ta shtatidan 28 tasida demokratlar rahbarlik qilmoqda). 

Eslatma. Amerika qonunchiligiga binoan mamlakat parlamenti (Kongress) va shtat gubernatorlari bir paytning o‘zida yangilanmaydi. Belgilangan muddatda o‘tkazilidagan oraliq saylovlarda ijroiya va qonun chiqaruvchi idora tarkibi qisman o‘zgarib boradi.

Darvoqe, oraliq saylovlarning kutilmagan natijalaridan biri dunyoga aktyor sifatida tanilgan Arnold Shvartseneggerning ikkinchi muddatga Kaliforniya gubernatorligiga saylangani bo‘ldi. Aksariyat tahlilchilar Gollivud yulduzining siyosiy sahnadagi erkaliklari tugadi deb turgan bir paytda respublikachilar vakili ishonchli g‘alabaga erishdi (“Terminator” uchun saylovchilarning 62 foizi ovoz berdi). Bu esa noxush yangiliklar bilan yodda qolgan “qonli seshanba” kuni respublikachilar ko‘ngliga chiroq yoqqan nodir hodisa bo‘ldi deyish mumkin.

Respublikachilar siyosiy kurashda yengilganlarini tan olishdi. Partiyasining mag‘lubiyati kutilmagan hodisa bo‘lganini e’tirof etgan Oq uy rahbari Jorj Bush saylov natijalaridan hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi. Prezidentning matbuot kotibi Toni Snou esa biroz alamzadalik aralashgan sovuqqonlik bilan respublikachilarni tinimsiz tanq­id qilib kelgan demokratlarning nimalarga qodirligini ko‘rish payti kelganini aytdi.

Milliy xavfsizlik va xalqaro terrorga qarshi kurash kabi so‘zlar bilan Amerika xalqini sehrlab olgan Jorj Bush boshchiligidagi respublikachilarning saylovdagi mag‘lubiyati tasodif yoki kutilmagan natija bo‘ldi de­yish biroz mubolag‘ali. Gap shundaki, respublikachilar Kongressni idora qilgan davrda Qo‘shma Shtatlar bir qator jiddiy xal­qaro mojarolar markazida qoldi. Yevropadagi yashirin qamoqxonalar, Guantanamodagi og‘ir ahvol, Oq uy tomonidan dunyo mamlakatlarining ichki ishlariga aralashuv va boshqa ko‘plab parda ortidagi haqiqatlarning oshkor bo‘lishi bilan partiya hamda uning rahnamolari nufuzi tushib ketdi. Amerika xalqining millionlari evaziga olib borilayotgan va davlatga emas, alohida shaxslarga manfaat keltirayotgan Iroq urushi masalasida esa ko‘p to‘xtalib o‘tirish shart emas. Amerika jamiyatining asosiy qismi Iroq urushini kechirib bo‘lmas xato deb hisoblayotgan bir paytda mazkur yirik harbiy amaliyotga izn bergan respublikachi deputatlarning g‘alabasiga umid qilish esa yoz chillasida qor kutishday gap edi.

Qolaversa, respublikachilar rahbarligi davrida xavfsizlikka ustuvor o‘rin berilgani tufayli mamlakat ichki hayotida, xususan, iqtisodiyotida ham sezilarli muammolar yuzaga keldi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, respublikachilarning Kongressdagi 10 yildan oshiq muddatga cho‘zilgan hukmfarmoligi yakunlandi. Vakillar palatasi va Senatni to‘la nazoratga olgan demokratlar kelishi bilan esa mamlakat siyosiy hayotida jiddiy o‘zgarishlar allaqachon boshlandi. Prezident Jorj Bush saylov natijalari chiqqan paytdayoq demokratlarning birinchi raqamli dushmanlaridan biri, Iroq urushi tashkilotchisi — mudofaa vaziri Donald Ramsfeldni lavozimidan ozod qildi. Prezidentning o‘zi eng yaqin safdoshi, Iroq urushidagi “quroldosh”­ini ishdan bo‘shatgani Oq uy murosa yo‘lini tanlashga majbur bo‘lganini ko‘rsatadi. Chunki prezident obro‘ borida avvalroq harakat qilmaganida, demokratik partiya baribir  bosim bilan bo‘lsa-da, Pentagon rahbari iste’fosiga erishgan bo‘lardi. Aytish kerakki, Donald Ramsfeld oxirgi “qurbon” emas. Prezident demokratlar ra’yiga ko‘ra yana ko‘plab safdoshlaridan voz kechishi mumkin.

Shuningdek, yaqin kunlarda yana bir muhim siyosiy yangilanish bo‘lishi kutilmoqda. Demokratik partiya Vakillar palatasi spikerligiga Nensi Pilozi nomzodini taqdim etmoqchi. Mamlakat tarixida ilk ayol spiker bo‘lishga yaqin turgan siyosatdon xonim palata raisligiga saylansa, mamlakat prezidentini Iroq urushi borasida noxush yangiliklar kutishini eslatib qo‘yishga ulgurdi.

Endilikda prezident Jorj Bushning demokratik Kongress bilan ishlashi anchayin qiyin kechadi. Chunki bundan buyon Vakillar palatasi va Senatda davlat rahbarining hammaslak partiyadoshlari emas, muxolif siyosiy guruh a’zolari yetakchilik qilmoqda.

Prezidentning ma’lum siyosiy hujjat yoki qonunlarni parlament tasdig‘idan o‘tkazolmasligi istiqboldagi qiyinchiliklarning bir qismi, xolos.

Eng asosiysi, demokratlar yaqin kunlarda qonun chiqaruvchi idora vakolatidan foydalanib, mamlakat boshqaruv tizimlarining yaxshi ishlamayotgani, iqtisodiy taraqqiyotning orqaga ketayotgani kabi holatlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishi mumkin. Qolaversa, demokratlar faoliyat dasturida atrof-muhitga oid muammolardan tortib, oxirgi paytda cheksiz vakolatlar berib qo‘yilgani tufayli fuqarolar huquqlarini buzishga jur’at etayotgan maxsus xizmatlar hovurini bosib qo‘yish rejalari ham bor...

Garvard universiteti tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov Amerika yoshlarining har uchtadan bittasi mamlakat no­to‘g‘ri rivojlanish yo‘lida deb hisoblashini ko‘rsatdi. Jamiyatdagi ana shunday tushkunlik holatida “Amerikaga yangilanishlar kerak!” degan shior ostida harakat qilayotgan demokratlar mamlakatda tub o‘zgarishlar amalga oshira olisharmikin? Bu savolga ertangi kun javob beradi...

Sobirjon Yoqubov
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.