OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Osiyo ko`chasida... bayram

Xitoy va Hindiston o‘zaro ixtiloflarni bartaraf etmasa, bayram ko‘pga borishi dargumon

Oxirgi yillarda Hindiston va Xitoy davlatining dunyo geosiyosatidagi mavqe keskin oshdi. Ko‘p asrlik davlatchilik an'anasiga ega bo‘lgan bu ikki saltanat yaqin tarixda ham bo‘lingan dunyoni qayta taqsimlashga ahd qilgan mustamlakachi hukumatlar nazarida bo‘lib kelgan.

Yangi ming yillikda esa qadimiy tamaddun sohiblari bo‘lgan ikki davlat iqtisodiy va demografik salohiyati bilan ham dunyoni zabt etdi.

Bu o‘rinda "zabt etdi" iborasi hech qanday mubolag‘asiz qo‘llanilmoqda. Dunyo aholisining beshdan biri istiqomat qiladigan Xitoy bugun rivojlangan G‘arbdan tortib qashshoqlikdan  boshi chiqmayotgan "uchinchi dunyo" davlatlariga qadar - butun sayyorani o‘z mahsulotlari bilan egalladi. Hatto Lotin Amerikasining Osiyo uchun bir paytlar imkondan xorijda bo‘lgan bozoriga tinib-tinchimas xitoyliklar qadami yetib bordi.

QoloQ "eski dunyo" rivojlangan Yevropa bo‘lgunga qadar, ya'ni aqlini tanigunga qadar "boyliklar mamlakati" deya orzulagan Hindiston poyoniga yetgan so‘nggi yuz yillikda yana qadimiy tsivilizatsiyasini esga oldi. Eng qizig‘i, qashshoqlik uchiga chiqqan davlatda bir paytning o‘zida G‘arb mamlakatlari bilan bemalol bellasha oladigan ulkan iqtisodiyot vujudga keltirildi. Bu borada Hindiston birgina kompyuter va axborot texnologiyalari dasturlari bo‘yicha 
dunyoda birinchi o‘ringa chiqqanini eslash kifoya (Hozirda AQShning axborot texnologiyalari sohasidagi ko‘zoynak taqqan aqlli olimlariga jon ko­yitishga hojat ham qolmadi. Hindiston faqat ishq-muhabbat to‘g‘risidagi filmlari bilan emas, har biri mamlakatga ulkan valyuta zahirasi keltirayotgan axborot-kommunikatsiya sohasidagi mahsulotlari bilan ham dunyoni hayratga solmoqda).

Hindiston va Xitoyning dunyo siyosatida tobora oshib borayotgan o‘rni xususida ko‘plab dalillar keltirish mumkin. Ikki mamlakat ham jahondagi eng ko‘p aholi, demakki, ishchi kuchiga ega. Boshqa jihatdan har ikki davlat dunyo iqtisodi korchalonlari uchun tuganmas bozor, daromad manbai hamdir.

Xalqaro siyosatda tosh bosadigan omillardan yana biri bu har ikki davlatning yadro quroliga ega ekanligidir. Hindiston ham, Xitoy ham ommaviy qirg‘in quroli sohibi ekani to‘g‘risidagi ma'lumot allaqachon maxfiylik doirasidan chiqib ulgurgan. "Sovuq urush" davrida sobiq Ittifoq va AQShning ayovsiz kurashi panohida Hindiston va Xitoy atom tad­qiqotlarini muvaffaqiyat bilan yakunlab, "yadro klubi"ga a'zolik chiptasini qo‘lga kiritgan edi. Shu bois dunyoga hukmronlik da'vosidagi Oq uy kattalari ham, kommunistik o‘tmish vorisi bo‘lgan Kreml rahnamolari ham bu ikki mamlakat bilan hisoblashishga majburlar.

Hindiston va Xitoyning yadro quroliga ega ekani geosiyosatda amaliy ahamiyat kasb etadi. Dunyo ahli 1990-yillarga qadar ikki qutbli muhitda nafas olgani sir emas. O‘tgan asrning so‘nggi yillaridan esa xalqaro siyosatda ko‘p qutbli dunyo haqida gapirila boshlandi. Ikki qutbli 
dunyoda ko‘p qutblar vujudga kelishida esa aynan Hindiston va Xitoy muhim o‘rin tutadi.

Hozirgi paytda dunyo siyosati sahnasida qo‘yilayotgan "pesa"da bosh rolni ijro etishga da'vogarlar oldingiday ikkita emas. "AQShning 51-shtati" degan kinoyaomuz ta'riflardan bezor bo‘lgan Yevropa mamlakatlari qatori Hindiston va Xitoy ham "pesa"ning kulminatsion nuqtasida ishtirok etishga da'vo qilmoqda.

Olimlarning "Yangi ming yillik Osiyo davri bo‘ladi" degan taxminlari tasodifiy emas. G‘arbning yetti emas, yetmish o‘lchab bir kesadigan siyosatdonlari bunday qat'iy va keskin xulosaga kelish uchun o‘z qarashlarini necha-necha chig‘iriqlardan o‘tkazganlari aniq. Bizning davrimizda "yo‘lbarslar" deya nomlanuvchi Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Gonkong kabi davlatlardagi shiddatli iqtisodiy o‘sish, Xitoy va Hindistonning xalqaro minbarlarda tenglar ichra teng tamoyilda o‘z qarashini erkin bildirayotgani Osiyo davri boshlangani - ko‘p yillardan beri jahon siyosatida o‘z so‘zini yo‘qotgan qit'a ko‘chalarida ham bayram boshlanayotganidan dalolat berayotganday.

Oxirgi paytlarda AQSh bilan global kurashda dastyorlar qidirib qolgan Rossiya Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlashga ulgurdi. Harqalay, prezident Vladimir Putinga Pekinning Mao Szedun zamonlaridan buyon Kreml bilan yaqin bo‘lib kelgani qo‘l keldi. Boz ustiga, Xitoyning yangi raisi Xu Szintao vaziyatni yaxshi tushunishi, o‘zining o‘tmishdoshlari kabi kommunistik mafkura qobig‘ida fikrlamasligi ham Moskvaning Xitoy kabi ittifoqchi do‘st orttirishida asqotdi. Xitoyning kim bilan do‘st bo‘lishi masalasi-ku, hal bo‘ldi. O‘z siyosatida millatparvarlik bilan Amerikaga qarshi kayfiyatni uyg‘unlashtirgan Xitoy raisi Xu Szintao oltin-kumushga ko‘mib tashlashsa ham, Rossiyadan voz kechmasligi turgan gap...

BiroQ bu o‘rinda Hindistonning aniq bir pozitsiyani egallashi qi­yinroq kechyapti. Ayni paytda Rossiya ham, AQSh ham Hindiston kabi ishonch­li (bu sifat, albatta, nisbiy ma'noga ega) va, asosiysi, qudratli hamkor davlatni qo‘ldan chiqarmaslik uchun kurashyapti. AQSh bu yo‘lda hattoki Hindistonning yadro quroliga ega ekanini tan oldi va bunga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini ham e'tirof etdi. Rossiya Hindistonni hammaslak, hammatlab davlatga aylashtirish uchun qurol-aslahalarni imtiyozli narxlarda sotishga ham tayyor. Biroq hozircha Hindiston bosh vaziri Manmoxan Singx qaysi tomonga quchoq ochishni aniqlolmay turibdi. Vashing­ton va Moskvaning Dehli tomon uzatgan qo‘llari esa hozircha havoda muallaq qolmoqda...

Gap geosiyosatdagi o‘zgarishlar xususida ketar ekan, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabat haqida ham ozroq to‘xtalib o‘tish zarur.

Hindiston va Xitoy munosabatlari hozirga qadar rasmiy diplomatik darajada bo‘lib kelgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh-Sovet Ittifoqi raqobati davrida Xitoy va Hindiston aloqalari biroz yumshaganday bo‘ldi. Biroq ikki o‘rtada azal-azaldan mavjud bo‘lib kelgan chegara mojarosi 1962 yili yana bo‘y ko‘rsatdi. Shu tariqa endigina iliqlashayotgan munosabatlar yana dushmanchilik kayfiyati bilan almashdi.

Hozirga qadar Xitoyning Pokiston bilan yaqin aloqalari rasmiy Dehlida norozilik uyg‘otadi. Hindis­ton hukumatining Xitoyda ta'qibga uchragan Dalay Lama va uning izdoshlariga boshpana bermoqchi bo‘lgani esa kommunistik tuzum vakillarining jahlini chiqaradi. Xullas, ikki o‘rtada hal qilib olish zarur bo‘lgan masalalar yetarli.

MubaloG‘asiz, Hindiston va Xitoy munosabatlari nafaqat Osiyo, butun dunyo siyosatiga bevosita ta'sir ko‘rsatadi. Darvoqe, Osiyo ko‘chalarida boshlangan bayramning bardavomligi ham ko‘p jihatdan Pekin va Dehli o‘rtasidagi ziddiyatlarning tez fursatda bartaraf etilishiga bog‘liq.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.