background
logotype

OSMON UZOQ, YER QATTIQ...

Jahon banki prezidenti Pol Vulfovits mansabini suiiste'mol qilgani uchun iste'foga chiqadigan bo‘ldi

Dunyoga taniqli bo‘lgan arboblar, siyosatdonlar, rahbarlarga ham qiyin: yurgan har qadami jamoatchilik nazarida. Tinib-tinchimas va shov-shuvga o‘ch G‘arb jurnalistlarini-ku aytmasa ham bo‘ladi: mashhur zotlar oyoqdan toyib, biror xatoga yo‘l qo‘yarmikin degan ilinjda ularni nigoh uzmay kuzatishadi. Agar ozgina e'tiborsizlikka yo‘l qo‘yildimi, tamom, yuksak pog‘onalarni zabt etgan arboblarni zumda yerga tushirib qo‘yishadi. Ayniqsa, ayollar bilan bog‘liq munosabatda hushyor bo‘lmagan rahbar uzoqqa borishi dargumon...

Pol Vulfovits Jahon banki prezidenti sifatida xalqaro maydonda nom qozongan obro‘li shaxs­lardan biri edi. Biroq maishiy hayotga daxldor mojarolar ana shunday nufuzli arbobni ham sindirdi, baland obro‘sini past qildi.  

Agar bundan ikki-uch yil oldin kimdir AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan Pol Vulfovits birgina ayolning ortidan ishdan ketadi desa, katta siyosatga tishi o‘tadigan odam bu gapga shunchaki bo‘lmag‘ur taxmin sifatida e'tibor bermasdi ham. Nega deganda, bir necha yil oldin Pentagon rahbarining o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan Pol Vulfovits AQSh mudofaa siyosatining asoschilaridan biri sifatida juda katta ishonchga sazovor bo‘lgan edi. Qolaversa, Iroq urushi kabi juda jiddiy amaliyot tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan arbobdan ma'shuqasini deb (turmush o‘rtog‘i emas!) mansabini suiiste'mol qilishdek yengiltaklikni hech kim kutmacdi. Biroq kutilmagan voqealarga boy xalqaro siyosatda bunday mojarolar kunda-kunora ro‘y berib turadi.

Avvalo, mojaro qahramon haqida ikki og‘iz ma'lumot. Hozircha Jahon banki prezidenti bo‘lib turgan Pol Dandes Vulfovits 1943 yilning 22 dekabrida Nyu-York shahrida polyak yahudiysi oilasida tug‘ilgan. 1965 yili AQShdagi Kornell universitetini matematika mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. Universitetda o‘qib yurgan paytlarida Vulfovits  matematikaning murakkab masalalaridan ko‘ra siyosatning nozik aldovlariga ko‘proq qiziqdi. Bu qiziqish uni Chikago universiteti politologiya fakultetiga yetakladi. Bo‘lajak arbob shu universitetda dastlab magistrlik, keyinroq doktorlik ilmiy darajasini oldi. 30 yoshidayoq siyosatshunoslik doktori bo‘lgan yigitning kelajagi porloq ekanini ko‘pchilik bashorat qilgandi. Pol Vulfovits ish faoliyati davomida ana shu bashoratlarni ro‘yobga chiqarishga intildi. 

Bir necha yil davomida AQSh hukumatining turli idoralarida xizmat qilgan polyak muhojiri farzandi 1989 yili mamlakat mudofaa vazirining strategik masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Fors ko‘rfazidagi harbiy amaliyotlar, xususan, birinchi Iroq urushi rejasini ishlab chiqishda qatnashdi.

Vaqtlar o‘tishi bilan Qo‘shma Shtatlar mudofaa sohasining yetakchi rahbarlaridan biriga aylangan Pol Vulfovits Pentagonning zamonaviy strategiyasini tayyorlashga bosh-qosh bo‘ldi. Bir zamonlar katta Jorj Bush ma'muriyatida xizmat qilgan arbob keyinroq uning o‘g‘li davlat boshlig‘i bo‘lishiga ham katta hissa qo‘shdi. 2000 yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan kichik Jorj Bushning  tashqi siyosat strategiyasini ishlab chiqish ham Kondaliza Rays va Donald Ramsfeld bilan birga Pol Vulfovits chekiga tushdi.

2001 yili ikkinchi bora mudofaa vazirining o‘rinbosari lavozimida tayinlangan Pol Vulfovits Amerikaning butun dunyo­ga yoyilgan aksilterror amaliyoti g‘oyaviy "ota"laridan biriga aylandi. Vulfovitsni arbob sifatida omadi chopganlar qatoriga qo‘shish mumkin. Iroq urushi tufayli xalqaro hamjamiyat va Amerika xalqining noroziligi kuchaygan paytlarda Pentagon rahbarining o‘rinbosari o‘laroq u ham "shef"i Donald Ramsfeld kabi lavozimdan ketishi kutilgandi. Biroq bir sakrab ochiq siyosatdan yashirin siyosatga o‘tdi: 2005 yilning 31 martida Jahon banki prezidentligiga saylandi. Albatta, bu tayinlovda Vulfovitsning amaldagi hukumat uchun qilgan xizmatlari asosiy o‘rin tutganini aytib o‘tish shart emas.

Tabiatan keskin va shov-shuvli chiqishlarga o‘ch Vulfovits Jahon banki prezidenti sifatida ish boshlagan ilk paytlardanoq korruptsiyaga qarshi ayovsiz kurash e'lon qildi va ayni shu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilingan hukumatlarni moliyaviy ko‘makdan mahrum qildi. Biroq, ne ajabki, korruptsiyaga qarshi urush e'lon qilgan rahbarning o‘zi oxir-oqibat mazkur ayblov bilan ishdan ketadigan bo‘lib turibdi.

Pol Vulfovitsning ixtiyoriy-majburiy ravishda iste'foga chiqayotgani sababi quyidagicha. Ma'lum bo‘lishicha, Jahon banki rahbari ko‘p vaqtdan beri asli arab millatiga mansub bo‘lgan va aynan shu muassasada ishlaydigan Shaxa Ali Riza ism­li ayol bilan nikohsiz munosabatda bo‘lib kelgan (oilaviy kelishmovchiliklar tufayli 2002 yili xotini Kler Selgin bilan ajrashgan Vulfovitsning birinchi nikohidan ikki qiz va bir o‘g‘li ham bor). U  Jahon banki prezident­ligiga o‘tganidan keyin bank axloq kengashining maslahati bilan Shaxa Ali Riza boshqa ishga - Davlat departementiga o‘tkazildi (rahbar va bo‘ysunuvchi o‘rtasida ishqiy munosabatlarning bo‘lishi Jahon banki qoidalariga to‘g‘ri kelmas edi). Albatta, G‘arb jamiyati uchun rahbarning nikohsiz ishqiy munosabat o‘rnatishi odatiy va oddiy hol. Shu bois ham Jahon banki rahbarining shaxsiy hayotiga ko‘p-da e'tibor berishmadi. Biroq keyinroq Pol Vulfovits yuqori lavozimidan foydalanib ma'shuqasiga belgilangan me'yordan ham baland tarifda oylik maosh tayinlagani ma'lum bo‘ldi. Garchi Davlat departamentida ishlasa-da, Jahon banki shtatiga biriktirilgan Shaxa Ali Riza oz emas 193590 dollar yillik ish haqi olib kelgan. Eng qizig‘i, erkatoy xonimning maoshi Davlat departamenti rahbari Kondoliza Raysning oyligidan ham ko‘payib ketgan. Boz ustiga, Shaxa Ali Riza norasmiy xo‘jasining qo‘llovi bilan tez orada yuqori mansabga ham tayinlangan.

Agar Pol Vulfovitsning hotamtoyligi bilan bog‘liq bu holat jamoatchilikka ma'lum bo‘lib qolmaganda, yopiqliq qozon yopiqlig‘icha qolgan va Jahon banki rahbari ham o‘z kursisida xotirjam o‘tirgan bo‘larmidi... Biroq ommaviy axborot vositalari orqali nog‘ora chalib jar solingandan keyin (Jahon banki kabi nufuzli idoraning prezidenti nega shaxsiy manfaati yo‘lida mansabidan foydalanadi?) xalqaro moliya muassasasi direktorlar kengashi tomonidan maxsus tekshiruv komissiyasi tuzildi. 24 kishilik a'zolardan tashkil topgan komissiya (tabiiyki, ularning har biri eng kamida direktor maqomidagi shaxs) bir oydan oshiqqa cho‘zilgan tekshiruvlardan keyin Pol Vulfovitsni Jahon bankining axloqiy tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan deb topdi.

To‘g‘risi, prezidentning o‘zi dastlab ilgari surilayotgan barcha ayblovlarni qat'iyan rad etdi. Biroq hamma-hammasi isbotlab berilganidan ke­yin aybini bo‘yniga oldi, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘z ixtiyori bilan 2007 yilning 30 iyunidan iste'foga chiqishini ham ma'lum qildi.

Shu tariqa Jahon banki prezidenti katta siyosatga aylanib ketgan kichik maishiy masala tufayli lavozimidan ketadigan bo‘ldi. Bank direktorlar kengashi esa hozirdanoq yangi nomzodlarni qidirishga tushib ketdi.

Sobirjon YOQUBOV

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.