background
logotype

Qimmatga tushgan g'irromlik

Siemens kontserni bilan bog‘liq mahkama jarayoni ko‘pga cho‘ziladiganga o‘xshaydi


“Siemens” savdo belgisi butun dunyoda tan olinadi. XIX asrda asos solingan kontsern kishilik jamiyati uchun shu qadar ko‘p yangiliklar tuhfa qildiki, Siemens  degan nomning o‘zi yuqori sifat, ishonchli hamkor kabi birikmalar bilan deyarli bir ma’noda ishlatiladigan bo‘ldi. Lekin ishongan tog‘da kiyik yotmas deganlari rost chog‘i, kontsern bir necha yuz yil davomida misqollab yiqqan obro‘sini bir lahzada yo‘qqa chiqarayozdi...

Hammasi 2005 yili Shveytsariyada Siemens kontserniga qarashli bo‘linmalardan birida noqonuniy pul o‘tkazilishi aniqlanganidan ke­yin boshlandi. Dastlab kunda-kunora ro‘y beradigan qoidabuzarlik bo‘lib tuyulgan ushbu hodisa dunyoning 190 dan oshiq davlatida o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lgan kontsern uchun katta yo‘qotishlar olib keldi. Kontsern xususida shov-shuv va mish-mishlar ko‘payganidan keyin Germaniya soliq idoralari ham Siemens faoliyatini tekshirishga kirishdi. Birgina Germaniyaning o‘zida kontsernning 30 dan oshiq idorasi tintuvdan o‘tkazildi. Tekshiruv jarayonida Siemensning Myunxen shahridagi markaziy idorasi hamda bosh direktor Klaus Klaynfeldning ofisi ham e’tibordan chetda qolmadi. Kontsernni noqonuniy pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda ayblagan nemis politsiyasi besh nafar xodimni hibsga oldi.

Germaniyada ochilgan jinoyat ishi zanjirsimon reaktsiyaning boshlanishi bo‘ldi. Siemens bilan bog‘liq ishga Shveytsariya va Italiya huquq idoralari ham qo‘shildi. Ma’lum bo‘lishicha, kontsernning zikr etilgan davlatlardagi xodimlari tender shartnomalarida yutib chiqish uchun mansabdorlarni pora evaziga sotib olishgan. Masalan, Italiyada 80 million yevro miqdoridagi mablag‘ mahalliy amaldorlarni og‘dirish uchun sarflangan. Kontsernning bank hisob raqamidan soxta firmalar nomiga o‘tkazilgan mablag‘lar naqd pulga aylantirilib, katta miqdordagi buyurtmalarga mutasaddi bo‘lgan rahbarlarga berilgan.

Siemens ishiga ko‘p o‘tmay Gretsiya huquq idoralari ham qo‘shildi. 2004 yilda mazkur mamlakatda o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida nemis kontserni asosiy ijrochilardan biri bo‘lgan edi. Grek huquq idoralari ana shu shartnomalarni tekshirishga kirishgan bir paytda Vengriyada yana bir mojaro yuzaga chiqdi. Vengriya politsiyasi Siemens mamlakat mudofaa vazirligiga qarashli harbiy ob’ektlarni ta’mirlash buyurt­masini olish uchun mansabdorlarga pora berganini tasdiqladi.

Kuzatuvchilar Siemens bilan bog‘liq jinoiy ish Yevropaning yaqin tarixidagi eng yirik mahkama jarayoni bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Haqiqatan ham, yirik kontsernga qarashli o‘nlab bo‘linmalarning birin-ketin tergovga jalb etilayotgani bu jarayon hali-beri to‘xtamasligidan dalolat bermoqda.

Myunxen cudi o‘tgan hafta Siemens bilan bog‘liq jinoiy ishlardan birini ko‘rib chiqdi. Kontsern noqonuniy to‘lovlarni amalga oshirgani uchun  201 million yevro miqdorida jarimaga tortildi. Siemens rahbariyati jarima to‘g‘risidagi qaror bilan bahslashib o‘tirmadi. Belgilangan jarimadan tashqari soliq idorasiga qo‘shimcha 179 million yevro to‘lashga tayyorligini ham izhor qildi. Biroq butun Yevropada ovoza bo‘lgan korruptsiya bilan bog‘liq ish bir martalik jarima yoki to‘lov bilan yopilishi amri mahol.

Siemens faoliyati bilan bog‘liq tekshiruvlar hozir ham davom etmoqda. Bu borada surishtiruv va tergov harakatlari bir vaqtning o‘zida turli mamlakat idoralari tomonidan olib borilyapti. O‘tgan davr mobaynida Siemens ishi bo‘yicha bir qancha shaxs hibsga olindi, o‘nlab ofislar tintuv qilindi. Tekshiruvlar to‘lqini Siemensning prezidenti va kuzatuv kengashi raisini ham ishdan ketkazdi. Biroq g‘irromlik va nohalol faoliyat o‘rnini to‘ldirish uchun katta rahbarlarning iste’fosi ham kifoya qilmadi.

Nemis kontserni faoliyatiga daxldor tekshiruvlar shu taxlit davom etadigan bo‘lsa, yo‘l qo‘yilgan g‘irromlik juda qimmatga tushishi turgan gap. Yo‘qotilgan moliyaviy mablag‘lar, jarimalar o‘rnini qoplash mumkindir, lekin boy berilgan nufuz va obro‘ni tiklash qiyin kechishi shubhasiz. Negaki, hozirdanoq nufuzli kompaniyalar Siemens bilan hamkorlik bitimlari imzolashga ikkilanib qolishmoqda.

Sobirjon Yoqubov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.