OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sakkiz yillik surishtiruvdan so‘ng

Ukraina sudi taniqli jurnalist Georgiy Gongadzening uch nafar qotiliga qarshi hukm o‘qidi

So‘nggi yillarda turli siyosiy mojarolar tufayli dunyo matbuoti e'tiboridan tushmay kelayotgan Ukrainada yana bir shov-shuvli hodisa ro‘y berdi. Mamlakat huquq idoralari taniqli jurnalist Georgiy Gongadzening qatl etilishi bilan bog‘liq jinoiy ishning bir qismini yakunladi. Deyarli sakkiz yil davom etgan tergov va surishtiruvlardan keyin mamlakat ichki ishlar vazirligining uch nafar ofitseri jurnalist joniga qasd qilishda ayb­landi va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

"Ukraina haqiqati" internet saytining asoschisi bo‘lgan Georgiy Gongadze 2000 yilning 16 sentyabrida izsiz yo‘qolgan edi. Ikki oylik qidiruvdan keyin 2 noyabrda uning jasadi Kiev shahridan 100 km. masofada joylashgan qishloqdan topilgandi. Jurnalist boshi tanasidan judo qilingan holda ko‘mib yuborilgan edi. O‘sha payt­dayoq ushbu jinoyat tasodifiy bo‘lmay, bu jurnalistning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ekani taxmin qilingandi. Chunki bunga qadar G. Gongadze Ukraidagi katta amaldorlarni doimiy tanqid qilishi bilan tilga tushgan, "Ukraina haqi­qati" internet saytida e'lon qilinayotgan korruptsiya va poraxo‘rlik to‘g‘risidagi materiallar ham ko‘pchilik mansabdorlarga yoqmasligi tabiiy edi.

Ma'lumki, 2005 yili Ukrai­nada «rangli inqilob»dan ke­yin hokimiyat tepasiga Viktor Yushchenko rahbarligidagi siyo­siy kuchlar keldi. Sobiq prezident Leonid Kuchmaning muxolifi bo‘lgan V. Yushchenko Gongadzening o‘limi bo‘yicha jinoiy ish tez muddatda ochilishiga va'da berdi.

Tergov va surishtiruv natijasida qotillik mamlakat ichki ishlar vazirligi tashqi kuzatuv va razvedka departamenti rahbari Aleksey Pukach va uning xodimlari Nikolay Protasov, Valeriy Kostenko va Aleksandr Popovich tomonidan sodir etilgani aniqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, sobiq ofitserlar jurnalistni o‘ldirish amaliyotini oldindan rejalashtirganlar. Yovuz reja 2000 yilning 16 sentyabrida amalga oshirilgan.

Tergov davomida jinoyatning bevosita ijrochilari bo‘lgan shaxslardan faqatgina uchtasi - Nikolay Protasov, Valeriy Kostenko va Aleksandr Popovich qo‘lga olindi va ularga sud hukmi bilan 13, 12 va 12 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Asosiy ayb­dor - IIV departament rahbari, general-leytetant Aleksey Pukach esa qochib ketishga ulgurgan.

Aytish kerakki, Georgiy Gongadzening o‘limi bilan bog‘liq sud  jarayonining o‘zi uch yilga yaqin davom etdi. Prokuratura idorasi tergovni yakunlab, 2005 yilning 19 dekabrida sudga topshirgan edi. Xalqaro hamjamiyat e'tiborida bo‘lgan jinoiy ish yopiq eshiklar ortida, jurnalistlar ishtirokisiz o‘tkazildi. Sud jarayonining mutlaqo maxfiy tam­g‘asi ostida o‘tishi bejiz emas edi. Bunga qadar Gongadzening o‘limida Ukrainaning IIV ofitserlaridan-da martabaliroq amaldorlari qo‘li borligi taxmin qilingan edi...

O‘shanda Ukraina prezidenti Leonid Kuchmaning qo‘riqlash xizmatida ishlagan mayor Nikolay Melnichenko tomonidan huquq idoralariga audiokasseta taqdim etilgani katta ovozalarga sabab bo‘ldi. Chunki ushbu yozuvning haqiqiyligi tasdiqlangudek bo‘lsa, ushbu shov-shuvli ishda mamlakat rahbarining ham qo‘li bor deyishga asos bo‘lar edi.

Kassetada go‘yoki mamlakat prezidenti Leonid Kuchma va ichki ishlar vaziri Yuriy Kravchenko o‘rtasidagi telefon muloqoti yozilgandi. Dastlab Ukrainaning sobiq rahbariniki deb taxmin qilingan ovoz vazirga qotillik detallarini aytayotgani edi. Biroq qayta-qayta ekspertizalarda keyin yozuvning haqiqiyligi tasdiqlanmadi va u tergovda ham daliliy ashyo sifatida inobatga olinmadi.

Kuzatuvchilarning fikricha, garchi jurnalistning o‘limida aybdor deb topilgan uch nafar shaxs jazoga tortilgan bo‘lsa-da, ushbu ishni to‘la xotima topdi deb bo‘lmaydi. Nega deganda, qotillikning asosiy ishtirokchisi va ijrochisi bo‘lgan general Aleksey Pukach hali ham odil sudlovdan qochib yuribdi. Taxminlarga ko‘ra, agar sobiq general qo‘lga olinsa, jinoyat ortida turgan buyurtmachilar kimligini ham aniqlash mumkin.

"Hurriyat"dan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.