background
logotype

Suiqasdlar tarixidan: Yakka o’zi Gitlerga qarshi

 Birinchi bo‘lib Gitlerga qarshi qo‘l ko‘targan odam – Georg Elzer 1945 yilda qatl etildi. Agar 1939 yilda Myunxendagi pivoxonada u uyushtirgan suiqasd amalga oshganida ehtimol insoniyat ikkinchi jahon urushi dahshatlaridan qutilgan bo‘larmidi...

Maxfiy qatl

Qirq beshinchi yilning aprel oyida reyx rahbarlari kunlari sanoqli bo‘lib qolganini tushunib yetishdi, shekilli, o‘z jinoyatlarining izlarini yo‘qotishga kirishdilar. Mavjud rejimga qarshi chiqqanlarning ko‘pchiligi qamoqxonalarda azob chekib yotishar, endi ularni butkul yo‘qotish zarurati vujudga kelgandi. Har qalay Gitler va Gimmler ana shunday qaror qilishdi. Bu ishni amalga oshirish esa gestapo rahbari Genrix Myullerga topshirildi. U esa o‘z navbatida «ijrochilik»ka SS shtandartenfyureri Valter Xuppenkottenni tanladi.

Xuppenkotten dastlab Zaksenxauzen kontsentratsion lagerida antifashist Xans fon Donanya ustidan «sud jarayoni»ni o‘tkazib, uni qatl etdi. Ertasi kuni Flossenburg kontsentratsion lagerida ruhoniy Ditrix Bonxeffer, abver (harbiy razvedka. Tahr.) sobiq rahbari admiral Vilgelm Kanaris, uning xodimi Lyudvig Gere, yuqori martabali huquqshunos bo‘lgan Karl Zak ustidan qisqacha «sud» o‘tkazib, 9 aprel kuni ular osib o‘ldirildilar.

O‘sha kuniyoq Daxau lageri rahbari, shturmbanfyurer Eduard Vayter  nomiga gestapo boshlig‘i Myuller yuborgan maxfiy maktubda shunday deyilgandi.

«...Shuningdek, alohida, mahbus Eller taqdiri ham yuqori darajada qaytadan ko‘rib chiqildi. Berilgan ko‘rsatmaga binoan Eller navbatdagi bombardimonlardan biri paytida go‘yoki «halok bo‘lishi» lozim. Mening nomimga quyidagi mazmunda rasmiy xat yuborilsin: «Bombardimon oqibatida boshqalar qatorida mahbus Eller ham halok bo‘ldi.»
Bu uslub Myuller uchun yangilik emasdi. 1944 yil 23 avgustda nemis kommunistlari rahbari Ernst Telman ham Buxenvaldda shu taxlit qatl etilgandi.

Daxau rahbarlari bombardimonni kutib o‘tirishmadi. O‘sha kuniyoq Eller lager hovlisida otib tashlandi va krematoriyga solib, kuydirildi. «Eller» deganlari aslida Georg Elzer degan kishi bo‘lib, u 1939 yilda fashizm dohiysi, fyurer Adolf Gitler hayotiga suiqasd qilishga jazm qilgandi.

Xo‘sh, Elzer o‘zi kim va u nega fyurer hayotiga tajovuz etdi?

Kenigsbronlik usta

U 1903 yilda Xermaring shahrida tug‘ilgan bo‘lib, keyinroq ota-onasi Kenigsbronga ko‘chib kelgan. Otasi yog‘ochfurush, onasi dehqonchilik qilardi. Yetti yillik maktabni bitirgach, u tokarga shogird tushadi. So‘ng sog‘lig‘i imkon bermagach, tokarlikni tashlab, duradgorlikni o‘rgandi. 1922 yilda hunar maktabiga imtihon topshirdi va u yerdan Georg yaxshi usta bo‘lib yetishib chiqdi. Shu bilan birga u adolatparvar, haqsizlikka chiday olmaydigan bola bo‘lib o‘sdi. U bir joyda muqim ishlay olmas, ko‘p hollarda maosh bobida chiqisholmay, bo‘shab ketardi. Do‘stlarining qistovi bilan 1928 yilda qizil frontoviklar uyushmasiga a’zo bo‘ldi. Garchand o‘zi kommunist bo‘lmasa-da, saylovlarda GKP uchun ovoz berib yurdi, zero, kommunistlar maoshlarni oshirish, durustroq ish va yashash sharoiti yaratishni va’da qilishardi.

U qanday qilib  antifashist bo‘ldi?

Millatchi sotsialistlar hokimiyat tepasiga kelgach, boshqa ko‘plab mehnatkashlar qatori Georg Elzerning orzulari ham chippakka chiqdi. Keyinroq, so‘roqlarda u fashistlarni nega yomon ko‘rib qolganini quyidagicha izohlaydi:

«Maoshlar kamaydi, to‘lov va soliqlar oshib boraverdi. Duradgorning bir soatlik maoshi 1 reyxsmarkadan 68 pfenninga tushib qoldi. Ishchilarning ishdagi, hatto oiladagi huquqlari chegaralab qo‘yildi...» Darvoqe, gitleryugend (Gitlerchi yoshlar tashkiloti. Tahr) tomonidan Elzer o‘z bolalariga otalik qilish huquqidan ham mahrum etilgan, uning diniy e’tiqod borasidagi huquqlari ham kamsitilgandi. Buning ustiga gitlerchilar urushga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar.

Ana shunda Georg Elzer bu qabohatlarning ilhomchisi va tashkilotchisi bo‘lmish Adolf Gitlerni yo‘q qilish kerak, degan qarorga keldi. O‘shanda 1938 yilning kuzi edi.

O‘z qo‘llari bilan yasagan

O‘z hayotidagi eng muhim va dahshatli qarorga kelgach, Elzer bu ishni amalga oshirish chorasini izlashga kirishdi. Bu paytda u urush jihoz-uskunalari yasovchi fabrikada ishlardi. U yerda portlovchi modda topish oson edi. Elzer kam-kam porox olib chiqib, uni uyida ikki qavatli jomadon ichida yig‘di. Ishdan bo‘sh paytlarida portlovchi uskuna yasadi. Uni harakatga keltirish uchun soat mexanizmini tanladi, zero, u yoshlik kezlarda Shveytsariyadagi soatsozlik zavodida ham ishlashga ulgurgandi.

1938 yil 8 noyabrda u Myunxenga yo‘l oldi. Bu yerda natsistlar «pivo to‘ntarishi» (hokimiyatni qo‘lga kiritish. Tahr.)ning besh yilligini tantana qilishmoqda edi.
Gitler o‘zining otashin nutqini tugallagach, Elzer «byurgerbroykeller», deb nomlangan pivoxonani bemalol ko‘zdan kechirib chiqdi. Fyurerning tansoqchilari ketgan, hech kim xalal bermasdi. Shu taxlit Georg suiqasdni mana shu joyda uyushtirishga qaror qilib, yana Kennigsbronga jo‘nab ketdi. Endi «ish»ga puxta hozirlik ko‘rish kerak edi...

1939 yilning aprel oyida u yana Myunxenga keladi. Suiqasd joyiga kirib, bombani qaerga o‘rnatish ustida bosh qotiradi. Nihoyat u bombani minbarning tagida joylashgan tosh ustun ichiga joylashga ahd qiladi. Uyga qaytib, tosh kesish fabrikasiga ishga joylashadi, tosh portlatishni o‘rganadi, keraklicha portlatuvchi modda yig‘adi. So‘ng, o‘rganganlarini o‘z bog‘ida sinab ko‘radi.

Avgustda Elzer yana Myunxenga keladi. Bombani yasashni nihoyasiga yetkazishi va uni o‘rnatish uchun joy hozirlashi kerak edi. Shu maqsadda, Tyurkenshtrosse 94-uyda Alfone va Roza Lemnolar xonadonida ijarada yashaydi.

Gestapo so‘roqlaridan ma’lum bo‘lishicha, 5 avgustdan 6 avgustgacha Elzer «byurcherbroykeller» pivoxonasining yerto‘lasida yashirincha ishlab tosh ustun ichiga bombani joylaydi. Portlash masalasini 8 noyabr soat 21.20 ga belgilab qo‘yadi.
Bu oradi ikkinchi jahon urushi boshlanib ketgan, Gitlerning bosh qashishga qo‘li tegmasdi. Shu bois u avvaliga pivoxonadagi har yillik tantanaga bu gal bormaslikka qaror qildi.  Tantanali nutqini safdoshi Rudolf Gessga topshirdi.

Elzer buni bilmasdi. Shu bois u 7 noyabr kechasi bombani yana bir karra ko‘zdan kechirib Myunxendan chiqib ketdi.

Yillik tantana soat 1800 da boshlandi. Hurmatli mehmonlar safida fashistlarning ko‘ziga ko‘ringan vakillar Gimmler, Rozenberg, Frank, Gebbels, Ribbentrop va Zep Ditrixlar bor edi. Shu orada Gitler o‘z fikrini o‘zgartirgani, qisqa muddatga bo‘lsa-da tantanaga kelib ketishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Darhaqiqat, u yetib keldi va o‘z nutqini odatdagidek 2100da emas 2000 da boshladi. Kechki to‘qqizdan yetti minut o‘tganda u nutqini tugallab, o‘z  a’yonlari bilan Berlinga jo‘nab ketishga ulgurdi.

Portlash moslamasi esa aynan Elzer belgilangan vaqtda harakatga keldi. Ammo... kech edi! Yetti kishi o‘ldi, o‘ndan ziyod odam yaralandi. Biroq ular orasida na Gitler, na uning yaqin safdoshlari bor edi.

Gestapo tergovni boshladi. Mamlakatga kiradigan va chiqadigan yo‘llar berkildi. Butun davlat politsiyasi harakatga kelib, shubhali odamlarni qamoqqa olishni boshladi.
Aslida esa, portlash tashkilotchisi allaqachon... qamoqda edi. Qanday qilib?

Uni tizzalari fosh etib qo‘ydi

Georg Elzer bombani joylab bo‘lgach, Shveytsariya chegarasi tomon jo‘nadi. Ammo omadi kelmadi. 8 noyabr 2045da chegarani yashirincha kesib o‘tayotganda qo‘lga tushib qoldi. Xolbuki, u ilgari bu joydan ko‘p bora o‘tib-qaytgan, bu safar ham qo‘shni mamlakat hududiga o‘tishga 30 metr qolgandi...

Bojxonachilar uni obdon tekshirishdi. Elzer «adashib qoldim», dedi. Undan shubhali biron narsa topolganlari ham yo‘q. Har ehtimolga qarshi, hujjatlar yaxshilab tekshirilguncha, qamab qo‘yishdi. Ertasiga 9 noyabr edi.

Xullas, ertasiga u «chegarani buzib o‘tayotgan gumondor shaxs» sifatida gestapoda so‘roq qilindi. Pixini yorgan tergovchi, SS obershturmbanfyureri Yozef Xuberda bomba yerto‘lada joylanganini aniqlagan va uni o‘rnatgan kishi cho‘kkalab ishlagan, degan taxmin bor edi.

U birinchi so‘roqdayoq Elzerning tizzalarini ochib ko‘rdi. Shilinib, qorayib ketgan tizzalar El’zerni fosh etib qo‘ydi...

U o‘z aybiga iqror bo‘ldi. Gitlerga suiqasd qilishi sababini «adolat uchun kurash», deb izohladi. «Sheriklaring kim?» degan savolga «bir o‘zim qildim», deya javob berdi.

Gestapo unga ishonmadi. Qattiq qiynoqqa soldi. German matbuoti buni «ingliz josuslari ishi», deb jar soldi. SD maxsus komandasi Gollandiyada qo‘lga olib, o‘g‘irlab kelgan ikki ingliz fuqarosi – Stiven va Bestlar ana shu ish tashkilotchilari, deb ko‘rsatildi. Shuningdek, bu jinoyat ishiga Gitlerning raqiblaridan bo‘lmish Gregor Shtrasser (u fashistlar tomonidan otib o‘ldirilgandi)ning ukasi Otto Shtrasserni ham qo‘shmoqchi bo‘lishdi. Bu vaqtda Parijda yashayotgan Otto esa «byurgerbroykeller»dagi portlashni ham xuddi Reyxstagni yondirgani singari fashistlarning o‘zlari, ataylab uyushtirgan, dedi.

Uning aytishicha, hatto Georg Elzerning o‘zi ham SS xodimi bo‘lgan emish.
Afsuski, bu xil uydirmalar ancha vaqtgacha og‘izdan og‘izga ko‘chib yurdi. Zero Georg Elzerning Gitlerday dahshatli kuchga qarshi yakka o‘zi kurash olib borganiga hamma ham ishonmas, antifashist kuchlar, kommunistlar ham uni o‘zlariga aloqador emas, deb hisoblardilar. Shu taxlit jamiyatdagi past tabaqadan chiqqan, kambag‘al bir yigitning bu ishga qo‘l urishiga hech kimning aqli bovar qilmasdi.

Mixail KARPOV
«Sovershenno sekretno» gazetasidan
“Nur” gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.