background
logotype

Tanganing ikkinchi tomoni

"Demokratiyani ko‘rsatma bilan emas, shaxsiy namuna orqali tashviq etgan ma'qul"

So‘nggi paytlarda dunyo maydonida ro‘y berayotgan ziddiyatlar va siyosiy mojarolar demokratiya borasidagi munozaralarni yana ham kuchaytirmoqda. Bunga esa ixtiloflar davrida demokratiya da'vosidagi davlatlar tomonidan olib borilayotgan ikki tomonlama siyosat sabab bo‘lmoqda. Buyuk Britaniyaning "The Guardian" gazetasida e'lon qilingan quyidagi maqolada ham ana shu munozarali mavzuda so‘z yuritilgan.

 

Bugun dunyo miqyosida demokratiyaning ahvolini ijobiy baholash qiyin. 2008 yilning ilk kunlaridanoq Cherchil tomonidan "eng yomon boshqaruv, lekin insoniyat undan yaxshisini o‘ylab topgan emas" deb baholangan demokratiya jiddiy sinovlarga duch kelyapti: "xalq hokimiyati" Pokistonda o‘ldirilyapti, Keniyada e'tiborsiz qoldirilyapti, Iroqda portlatilyapti, yana ayrim buyuk davlatlarda bo‘g‘ilyapti yoki savdoga qo‘yilyapti. Bu o‘rinda "demokratiya" deganda siyosat ahli aynan nimani nazarda tutganini ham inobatga olish kerak.

O‘tgan hafta dunyo miqyosida sodir bo‘lgan turli hodisalar odatdagi kabi xavotir bilan qabul qilindi. Keniyada prezident saylovi ortidan ro‘y bergan to‘qnashuvlar, Pokiston poytaxti Islomobodda radiostantsiya yopilishi, Moskvada jurnalistning o‘ldirilishi keskin muhokama etildi.

Britaniya hukumati, garchi mantiqsizdek tuyulsa ham, odatdagi kabi aybdorlarni "barmoq bilan ko‘rsatish"dan o‘zini tiya olmadi (Ayni paytda qirollikda qiziq siyosiy holatni ko‘rish mumkin. Bir tomonda torilar (konservatorlar) Britaniyani qayta qurish haqida bong urishyapti. Bosh vazir Gordon Braunning leyboristlar partiyasi esa dunyo miqyosida nom chiqarishga urinyapti). 

O‘tgan yilning dekabrida Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Milibend Pokiston bosh vaziri Shavkat Azizga rasmiy London Islomoboddan nimalar kutayotganini aniq-tiniq tushuntirgandi. Keyinroq bosh vazir Gordon Braunning o‘zi prezident Parvez Musharrafga qo‘ng‘iroq qilib, "demokratik islohotlarni davom ettirish va belgilangan saylovni o‘z vaqtida o‘tkazish" zarurligi haqida gapirdi.

So‘ngra ingliz hukumati rahbari demokratiya asosini o‘rganishga muhtoj bo‘lib turgan Keniya boshliqlari bilan bog‘landi. Ularni mas'uliyat bilan ish tutishga chaqirdi. Gap orasida, go‘yo bir zamonlar kabi Keniya  hali ham ingliz mustamlakasidek, dunyo hamjamiyati nomidan mamlakatdagi turli siyosiy yetakchilar bilan muzokaralar olib borishini ham qistirib o‘tdi.

Agar Keniya rahbari yoki Parvez Musharrafning o‘rnida boshqa arbob bo‘lganida bormi, bu kabi valine'matona maslahatlarni tinglagandan keyin, zudlik bilan kerakli javobni bergan, "og‘izdan chiqqanni yoqaga yopishtirgan" bo‘lardi. Ayni paytda ingliz bosh vazirining nufuzi ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Buning tasdig‘i shuki, o‘tgan yilning oktyabrida Gordon Braun demokratik saylovda o‘z mandatini yo‘qotishdan qo‘rqayotganini bildirib qo‘ydi. Bundan tashqari, Braun tomonidan xorij fuqarolarini tekshirish bo‘yicha taklif etilayotgan biometrik tizim ham aybsizlik prezump­tsiyasiga zid deb baholanmoqda.

Tahlilchilar Gordon Braunning narkotikaga qarshi kurash siyosatini ham qoralamoqdalar. Ularning ta'kidlashlaricha, bosh vazirning bu boradagi xotirjam siyo­sati sababli dunyo miqyosida geroin narxi keskin oshib ketyapti, bu esa Benazir Bxuttoga qarshi sui­qasd kabi teraktlarning kucha­yishiga sabab bo‘lyapti.

Xalq tomonidan saylangan arboblarni muhofaza qilish masalasiga kelganda, Iroqning inglizlar nazoratida bo‘lgan janubiy hududidagi ahvolni eslash kifoya. Darvoqe, Britaniya askarlari tomonidan Afg‘oniston yoki Iroqda olib borilayotgan urushning demokratiya bilan umumiyligi yo‘q. Agar umumiylik bor bo‘lsa, uni Pisarra qo‘shini tomonidan Peru mamlakatining bosib olinishidan ziyod deb bo‘lmaydi.

Demokratiya hamma davr­da ham mukammal bo‘lgan emas. "O‘z-o‘zini idora etish" tushunchasi Afina agoralaridan chiqib, dunyoga yoyilgan paytdan boshlab, turfa xalq va mamlakatlar hayotiga moslashib bordi. Demokratik institutlar Medison, Mill va de Tokvilning g‘oyalaridan ham ko‘ra ma'lum mamlakatning tarixi, madaniyati va an'analariga bog‘liq. Masalan, Pokiston xalq partiyasining rahbari kim bo‘lishi demokratik jarayonlarda emas, vorislik an'anasi asosida hal etildi.

Osiyo va Afrikaning aksariyat demokratik davlatlarida saylov tamoyili siyosiy qotilliklar, korruptsiya va hokimiyatning merosxo‘rga o‘tishi tufayli cheklanadi. Qiziq tomoni, shunday holatda ham ular demokratik davlatlar deb tan olinaveradi.

Siyosatshunoslik bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarga seminarlarda davlatni demokratik deb e'tirof etish uchun zarur bo‘lgan talablar o‘rgatiladi. Bu o‘rinda mamlakatda oshkora va adolatli saylovlar o‘tkazilishi, bu jarayonda fuqarolarning hokimiyatni o‘zi istagan shaxsga topshira olishi, qonun ustuvorligi, so‘z va matbuot erkinligi mavjudligi, demokratik institutlarning nechog‘li faoliyat yuritishi inobatga olinadi. Lekin hokimiyat tepasida bo‘lgan siyosiy guruhlar o‘z manfaatidan kelib chiqib, u yoki bu tamoyilga ustuvor o‘rin beradigan sharoitda mazkur talablar ham demokratiyaning mavjudligini anglatmaydi.

Pokiston va Keniyada sodir bo‘lgan so‘nggi hodisalardan keyin ham G‘arb tomonidan butun dunyo xalq hokimiyati tamoyiliga rioya etmog‘ining talab etilishi mantiqsizlik bo‘lar edi. Liberal demokratiyani yagona to‘g‘ri yo‘l deb e'lon qilish bilan Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi yaxlit ittifoqni parchalab bo‘lmaydi. Boshqa mamlakatlar kabi ular ham xavfsizlik  va farovonlikni birinchi o‘ringa qo‘yishadi.

Davlat uchun eng ma'qul boshqaruv yo‘li qaysi degan masalada G‘arb tomonidan demokratiya sabog‘i berilishi ham munozarali. Nega deganda, mazkur davlatlardagi siyosiy muhitni G‘arbning o‘zi turli moliyaviy yordamlar, qarzlar, savdo cheklovlari va chegara mojarolari bilan "loyqalashtirgan". 

Balki bugungi kunda Pokiston va Keniyada demokratiya aziyat chekayotgandir. Lekin G‘arb davlatlarining o‘zida ham u korruptsiya tufayli to‘siqqa uchrayapti. Saylov paytida partiyalarning oldindan tuzilgan ro‘yxati g‘alaba qozonishi, saylovchilar hay'ati deb atalgan tizimning amal qilishi, ijroiya hokimiyati vakolatining chegaralangani... Shu bois, ayni paytda Britaniya yoki AQShning ma'lum sonli fuqarolari o‘z konstitutsiyalari demokratiya idealiga to‘g‘ri kelmasligi vajidan tanqidiy fikrdalar. Masalan, Amerikada o‘tgan  2000 yilgi prezident saylovi paytida umumiy natijani saylovchilar ovozi emas, tanlangan oligarxlardan tashkil topgan hay'atning qarori hal etdi.

Demokratiya - jamiyat barqarorligi va gullab-yashnashi yo‘lida samarali yo‘l. Vaqt va tajriba sinovidan o‘tgan demokratik tamoyillar esa insonning hurlikka intilishi bilan bevosita bog‘liq. Pokiston aholisi soni bo‘yicha dunyo­da oltinchi o‘rinda turadi. Bu yerda demokratiyaning mo‘rtligi yaqin o‘tmish fojialari va qashshoqlik oqibati deyish mumkin. Mamlakatni diktaturadan demokratiya sari yetaklash uchun turli yo‘llar mavjud. Aytish kerakki, bu yo‘lni Britaniya ikki asrlik muddat ichida kichik qadamlar bilan bosib o‘tgan. Baribir bir kunmas-bir kun Pokiston va Keniya ham qudratga ega bo‘ladi. Muhimi shundaki, mamlakatlar shu yo‘ldagi bos­qichlarni mustaqil bosib o‘tishlari kerak, degan xulosani butun dunyo siyosatdonlari ilgari surishmoqda.

S. Kamol

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.