OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tayland: Behalovat “Osiyo yo'lbarsi”

Tailandda harbiylar bitta ham o‘q uzmasdan hokimiyatni egallashdi.
Yangi hukumat mamlakatni inqirozdan olib chiqa olarmikin?..
Hindixitoy yarim orolida joylashgan Tailand mamlakati davlat to‘ntarishlari borasida boy tajriba va tarixga ega. Konstitutsiyaviy monarxiya tuzumi o‘rnatilgan 1932 yildan beri mamlakatda oz emas — 17 marta davlat to‘ntarishi amalga oshirildi. O‘tgan hafta tailandliklar inqilobiy harakatning o‘n sakkizinchisiga ham shohid bo‘lishdi. 

Qurol ishlatishga hojat qolmadi


20 sentyabrga o‘tar kechasi Tailand poytaxti Bang­kokda harbiylar tomonidan davlat to‘ntarishi amalga oshirildi. Siyosiy inqilob boshida Tailand quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, general Sontxi Bunyaratklin turdi. General rahbarligidagi harbiylar hukumat uyi, markaziy televidenie va boshqa muhim strategik ob’ektlarni bitta ham o‘q uzmasdan bir necha soat ichida zabt etishdi. Isyonchilar korruptsiya va poraxo‘rlik botqog‘iga botgan bosh vazir Taksin Chinavat lavozimidan chetlashtirilgani, hukumat, parlament, Konstitutsiyaviy sud tarqatib yuborilganini ma’lum qilishdi. Amaldagi Konstitutsiya ham bekor bo‘ldi.
Aslida mojaro 19 sentyabr kuni bosh vazir Taksin Chinavat tomonidan quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, general Sontxi Bunyaratklinni iste’foga chiqarish to‘g‘risida buyruq berilganidan boshlandi. Nyu-Yorkda — BMT Bosh Assambleyasi yig‘inida ishtirok etayotgan bosh vazir voqealarning bunday keskin tus olishini tasavvur ham qilmagan bo‘lishi aniq. Biroq ko‘pdan beri hukumat rahbariga muxolif fikrda bo‘lib kelgan general bu safar ochiq-oshkora buyruqqa bo‘ysunmadi va pirovardida siyosiy to‘ntarishga jur’at qildi.
Hukumat va parlament tarqatib yuborilishi bilan davlat boshqaruvidagi bor vakolatlar muvaqqat bosh vazir vazifasini bajarib turgan general Sontxi Bunyaratklin qo‘liga o‘tdi. Hozirda butun mamlakatda harbiy holat joriy etilgan. Tailandning chekka muzofotlarida ham ofitserlar rahbarlik qilib turibdi.
Davlat to‘ntarishi tashkilotchilari harbiylar hokimiyati uzog‘i bilan ikki hafta davom etishiga va’da berishmoqda. Hukumat o‘rnida tashkil etilgan muvaqqat boshqaruv idorasi — Siyosiy islohotlar o‘tkazish kengashi rahbari, general Bunyaratklin ikki hafta ichida yangi bosh vazir tayinlanishini ma’lum qildi. Harbiy qo‘mondonning fikricha, yaqin kunlarda keladigan yangi hukumat ham uzoq ishlamaydi. 2007 yilning okyatbrida butun mamlakatda hukumat va parlament uchun saylov o‘tkaziladi. Unga qadar esa maxsus komissiya mamlakatning yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqadi.
 

Qirol nomi bilan!


Tailand xalqi davlat rahbari, qirol Pumipon Adul­yadetni qattiq hurmat qiladi. Mamlakatni 60 yildan beri idora qilib kelayotgan qirol allaqachon millat iftixoriga aylangan (Darvoqe, davlatni idora etish borasida Yer yuzida qirol Adulyadetga yetadigan biror hukmdor yo‘q. 1946 yilda taxtga o‘tirgan Tailand qiroli dunyoda eng uzoq muddat hukmronlik qilib kelayotgan monarx sanaladi).
General Sontxi Bunyaratklin boshchiligidagi isyonchilar televidenie orqali dastlabki chiqishlaridayoq qirol Adulyadetga sodiq ekanliklarini bildirishdi. Bu jihatdan harbiy qo‘mondonning uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatiga tan bermay iloj yo‘q. Chunki qirol millat ramzi darajasida ulug‘lanadigan Tailand sharoitida davlat to‘ntarishi tashkilotchisi hukmdorga sodiqligini e’lon qilmaganda edi, inqilobiy harakat oldingi qo‘zg‘olonlardek ommaviy noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin edi.
O‘zining 78 yillik umri davomida 17 ta davlat to‘ntarishi, 15 ta Konstitutsiya, 20 ta bosh vazirni ko‘rgan qirol Adulyadet dastlab davlat to‘ntarishi borasida ochiq munosabat bildirmadi. Biroq ko‘p o‘tmay, hukmdorning bosh vazir Chinavat iste’fosini qo‘llab-quvvatlashi va muvaqqat rahbarlikka general Sontxi Bunyaratklinni ta­yinlagani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan general Sontxi Bunyaratklin tarafdorlari ko‘chasida bayram boshlandi.
 

Poraxo‘rlikda ayblanayotgan bosh vazir


Tabiiyki, Tailanddagi davlat to‘ntarishi dunyo hamjamiyati uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Biroq mamlakat xalqi ana shunday keskin voqea bo‘lishi va Taksin Chinavat hukumatdan chetlashtirilishini sezib, balki kutib turgan edi...
Davlat to‘ntarishini bir guruh harbiylar xohishi bilan amalga oshirilgan tasodifiy hodisa deyish noto‘g‘ri bo‘lur edi. Aslida Tailandda so‘nggi paytda yuzaga kelgan siyosiy va iqtisodiy inqiroz ana shunday keskin o‘zgarishni taqozo etar edi. General Bunyaratklin boshchiligidagi harbiylar esa ana shu zaruriy vazifaning ijrochilari bo‘lishdi, xolos.
Davlat to‘ntarishi tashkilotchilari tomonidan bosh vazir Taksin Chinavatning korruptsiya va poraxo‘r­likda ayblanayotgani yangilik emas. Telekommunikatsiya sohasidagi biznesi bilan katta davlatga ega bo‘lgan millioner bosh vazir ko‘pdan beri daromadini yashirish, soliqlarni to‘lamaslik, mansabidan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanish kabi jiddiy jinoiy ayb­lovlar bilan tanqid qilib kelinar edi. Oxir-oqibat Tailand bosh vazirining taqdiri ham italiyalik hamkasbi — media-biznes orqasidan boylik orttirgan Silvio Berluskoni qismatiga o‘xshash bo‘ldi. Faqat Berluskonining omadi chopgani — iqtisodiy jinoyatlarda ayb­langan Italiya bosh vaziri tinchgina iste’foga chiqib oldi.
 

Tailandliklar nimadan norozi?


Taksin Chinavat obro‘sining keskin tushib ketishiga sabab bo‘lgan yana bir hodisa yil avvalida ro‘y berdi. Fevral oyida kutilmaganda bosh vazir ikki palatali parlamentni tarqatib yubordi va muddatdan oldin saylov joriy qildi. Saylovda esa bosh vazirning “Tailandliklar tailandliklarni sevadi” partiyasi g‘alabaga erishdi. Muxolifat ovoz berish jarayoni qonunga zid o‘tgani, natijalar soxtalashtirilganidan shikoyat qilib Konstitutsiyaviy sudga murojaat qildi. Sud muxolifat fikrini to‘g‘ri deb topdi. Chinavat tashabbusi bilan o‘tkazilgan saylov natijalari bekor qilindi. Bu esa bosh vazirning siyosiy nufuziga katta putur yetkazdi. Oxir-oqibat muddatdan oldingi saylov muddatdan oldingi iste’foga olib keldi.
Tailand davlati 1990-yillarda Janubiy Koreya, Tayvan, Malayziya kabi Osiyo mamlakatlari qatori yuqori iqtisodiy yutuqlarga erishdi va mamlakatga “Osiyo yo‘lbarsi” degan nom berildi. Biroq so‘nggi yillarda Tailand iqtisodida yuzaga kelgan depsinish holati qiyinchilik va muammolar keltirib chiqardi. Minglab insonlarni hayotdan olib ketgan dahshatli to‘fon, parranda grippi kabi ofatlar ham “Osiyo yo‘lbarsi” iqtisodiga kuchli zarar yetkazdi. Tabiiy ofat va iqtisodiy inqiroz keltirgan moliyaviy zararni tiklashdek zalvorli vazifasini Taksin Chinavat hukumati uddalay olmadi. Boz ustiga, Hindixitoy mamlakatining fohishabozlik borasida hali-hanuz dunyoda eng oldingi o‘rinlarda turishida ham hukumatning hissasi yo‘q emas...
Balki shuning uchundir, tailand­liklar hukumat tepasiga zo‘rlik bilan bo‘lsa-da, harbiylar kelishini qo‘llab-quvvatlashdi. “Bangkok post” gazetasi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, 83,9 foiz aholi general Bunyaratklin rahbarligida amalga oshirilgan davlat to‘ntarishini ma’qul deb hisoblaydi.
 

Yangi hukumat taraddudi


Darvoqe, Tailandda amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi borasida yetakchi davlatlar munosabati xususida. AQSh Tailanddagi so‘nggi hodisalardan xavotirda ekani va hammasi qonuniy yakun topishiga umid qilajagini bildirdi. Biroq Oq uy ma’muriyati Vashingtonning yaqin ittifoqchilaridan bo‘lib kelgan Taksin Chinavatning yana bosh vazirlikka qaytishi masalasiga to‘xtalib o‘tirmadi. Boshqa yetakchi davlatlar tashqi siyosat mahkamalarining Bangkokdagi voqelikka munosabatida diplomatik betaraflik sezilib turadi. Yevropa Ittifoqi esa Tailanddagi harbiy to‘ntarishni keskin qoraladi va bu holatni demokratiyaga zid deb baholadi.
Biroq Yevropa Ittifoqining tanqidiy munosabatini baribir tailandliklar eshitisholmadi. Sababi, muvaqqat hukumat tomonidan xalqaro telekanallarning kabel va sun’iy yo‘ldosh orqali efirga berilishi to‘xtatib qo‘yilgan. Shuning­dek, mamlakatda chop etiladigan matbuot nashrlari va teleradiokanallar ham qattiq nazoratga olingan. Albatta, mamlakatda harbiy holat joriy etilgan va hukumatni ham pogonli zobitlar idora qilayotgan holatda bundan yaxshisini umid qilib bo‘lmaydi.
Hukumatdan chetlashtirilgan Taksin Chinavat esa Nyu-Yorkdan to‘g‘ri Londonga ravona bo‘ldi. Ayni payt­da maxsus komissiya tomonidan sobiq bosh vazir va uning yaqinlariga qarashli bo‘lgan mol-mulk tekshirilmoqda. Muvaqqat hukumat rahbari bosh vazir o‘z qilmishiga yarasha jazo olajagini ham ma’lum qilgan. Shunday bo‘lgach, millioner Taksin Chinavat vataniga kelib qamalgandan Londonda xotirjam yashashni afzal bilsa, ehtimol.
General Bunyaratklin tsivilizatsiyalashgan dunyoda harbiylar hokimiyati uzoq turmasligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham u obro‘-e’tibori borida hukumatni munosib odamga topshirish taraddudida. Asosiysi, harbiy to‘ntarish tufayli general qo‘mondonlik lavozimini saqlab qoldi. Yangi keladigan bosh vazir ham ortiqcha dushman ko‘paytirmaslik uchun generalni o‘z mansabida qoldirishi ehtimoli kuchliroq.
Hozircha Tailand hukumati rahbarligiga asosiy nomzodlar BMTning savdo va rivojlanish bo‘yicha tashkiloti (YUNKTAD) bosh kotibi Supachay Panichpakdi hamda Tailand banki boshqaruvchisi Pridyatorn Devakula bo‘lib turibdi. Bungacha uzoq yillar Jahon savdo tashkilotiga rahbarlik qilgan Supachay Panichpakdi Tailanddan chiqqan, xalqaro miqyosda katta nufuzga ega diplomat sanaladi. Mamlakatning yetakchi banki boshqaruvchisi bo‘lgan Pridyatorn Devakulaning ham imkoniyati yomon emas. Ana shu arboblardan biri yaqin kunlarda Tailand hukumati rahbarligiga kelishi mumkin. Biroq so‘nggi xabarlarga qaraganda, sobiq bosh vazir Taksin Chinavat tarafdori bo‘lgan yuqori lavozimli harbiylar ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q...

Sobirjon Yoqubov
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.