background
logotype

«Tirik Shoh». Shimoliy Koreyaning yangi prezidenti kim bo‘ladi?

 Yaqinda KXDR yetakchisi Kim Chen Irning futbol musobaqasiga borganligi haqida xabarlar tarqatildi. Bungacha esa uning vafoti haqidagi gap-so‘zlar jahon ommaviy axborot vositalarida yangragandi. Bunday ikki xabar fonida bir xavotir yuzaga keladi. Xo‘sh, yadro zaryadlari kimning qo‘liga tushar ekan?.. Bunday tushunmovchilik to‘satdan boshlandi. Hammasi Shimoliy Koreyaning «sevimli rahbari» Kim Chen Irning navbatdagi o‘limidan boshlandi.

Kim Chen Ir: fikrlar uchun ma’lumot

Pullari. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya prezidenti maoshi oyiga 25 yevro. (xuddi boshqa fuqarolar kabi uning daromadi ham soliqqa tortilmaydi, ammo Markaziy razvetka boshqarmasi ekspertlarining fikricha, Kim Chen Irning Gankong bankidagi hisobida 20 milliard yevroga yaqin mablag‘i bor).

Bolalari. Rasman tan olingani 3 nafar (ularning birortasi qonuniy xotinidan tug‘ilmagan). Janubiy Koreya matbuoti shuningdek, prezidentning yana 13 nafar noqonuniy bolalari borligini aniqlagan.

Ayollar. Prezident san’at sohasidagi ayollarga befarq qarolmaydi. Balerina, aktrisa, rassom xonimlar uning jonu dili.

Yaponiyaning «Sukan Genday» kundalik nashrining yozishicha, 5 yil avval «millat quyoshi» diabet tufayli qabrga yotgandi. O‘shandan buyon mamlakat darg‘asini unga o‘xshash shaxs almashtirib kelmoqda. Ammo shunisi aniqki, Kim Chen Ir apreldan buyon omma orasiga ko‘rinmay qolgan. Kimdir uni falaj, yana boshqalar esa yurak xurujiga chalingan deb hisoblaydi. Ayrim OAV 67 yoshli diktatorning bosh miya operatsiyasi arafasida ekanligini yozadi. 

Shimoliy Koreyada hukumat so‘nggi marta avloddan avlodga o‘tish yo‘li bilan topshirilgandi. Shu sababli mazkur voqea mashhur ertaklardagidek davom etadi - «Shohning uchta o‘g‘li bor edi...». Kim Chen Irning ham ikki sevgilisidan uch nafar o‘g‘li bor. Uzoq vaqtlardan buyon taxt vorisi sifatida otasining erkatoyi 37 yoshli Kim Chen Nam asosiy da’vogar bo‘lib kelmoqda. 

U 1983-1985 yilllar davomida Moskvada yashab, frantsuz tilini o‘rganish bo‘yicha maxsus maktabda tahsil olgan. Ammo yigitcha oqsoqlangan baholariga qaramay, poytaxt diskotekalariga ko‘ngil qo‘ygan. Ammo yetti yil oldin Tokio aeroportida soxta pasport bilan ikki fotomodel og‘ushida qo‘lga tushgan to‘ng‘ich o‘g‘il darg‘azab ota tomonidan merosxo‘rlikdan mahrum etilgandi.

Taxtga ikkinchi da’vogar – 27 yoshli Kim Chen Cher. Uning onasi mashhur balerina Ko Yon Xi. Ayrim fikrlarga ko‘ra, odatda taxt merosxo‘ri sifatida podshohning eng sevimli xotinidan ko‘rilgan farzand e’tirof etilishi kerak. Kim Chen Ir balerina rafiqasini juda sevgan, u vafot etganda esa ruhiy tushkunlikka tushib qolgandi. Ammo boshqa bir manbalar ushbu shahzodaning taxtga chiqishiga qarshi fikrlar ilgari surilmoqda. Masalan, Shimoliy Koreya yetakchisining sobiq oshpazi Kendzi Fudzimoto o‘z xotiralarida yigitchaning tabiatida ko‘proq qizlarga xos xususiyatlar ko‘zga tashlanishini aytadi — u tez arazlab qoladi, asabiylashib, shaytonlab yig‘lay boshlaydi. Biroq aytish lozimki, yosh shahzodaning asosiy tarafdorlarini armiya generallari tashkil etadi va bu Kim Chen Cherga amaldorlar orasida yetarlicha obro‘ qozonishni ta’minlaydi.

Kenja o‘g‘il — 24 yoshli Kim Chen Ur (u ham balerina xonimning o‘g‘li) hozircha o‘zini siyosat olamida namoyon etmagan. Lekin yuqorida fikrlari keltirilgan oshpazning fikricha, qattiqqo‘l ota aynan uni yetakchi timsolida ko‘rgan. Otaga o‘rtancha o‘g‘ilning qizlarga xos tabiati anchadan beri yoqmay kelayotgandi. Aytishlaricha, kichik o‘g‘il hatto eng kichik harakatlari bilan ham otasiga o‘xshashga astoydil harakat qiladi. Masalan, u basketbol o‘ynaydi, tirik baliqdan tayyorlangan sushi yeydi, otasining sevimli aktyori — Mel Gipsonning surati tushirilgan futbolka kiyib yuradi. 

Ammo taxtga da’vogarlar ro‘yxati shu bilan tugab qolmaydi. Boshqa bir necha shaxslar ham Shimoliy Koreya prezidenti bo‘lishi mumkin. Bular Kim Chen Irning pochchasi – Armiya generali O Kuk Ryol ham asosiy da’vogarlardan sanaladi. Shuningdek, 42 yoshli Kim Chen Irning shaxsiy kotibasi Kim Ok. Prezident bu ayolni hatto eng muhim uchrashuvlarga ham birga olib borishga odatlangandi.

Seuldagi Shimoliy Koreyalik qochoqlar ittifoqi rahbari Li Yer Xonning aytishicha, vaziyat allaqachon chigallashib bo‘lgan. Birinchi o‘g‘ilni Shimoliy Koreyaning jamoat xavfsizligi vazirligi qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkinchisi armiya, uchinchisini partiya apparati. Shuningdek, «mustaqil» tarmoq ham mavjud – ko‘plab general va amaldorlar Kimlar sulolasiga mansub bo‘lgan yetakchilarga bo‘ysunishdan charchagan. Shu sababli ular taxtga umuman kutilmagan odamni chiqarishlari ham mumkin. Har qalay hukumat uchun kurashlar boshlanish ehtimoldan xoli emas. Biroq gap mamlakatni kim boshqarishida emas, balki ko‘plab mamlakatlarni bu vaziyatda yadro quroli nazorati kiming qo‘liga o‘tishi qiziqtiradi.

Umuman olganda, hammasi juda oddiy bo‘lib chiqishi ham mumkin. Kim Chen Ir ichimdagini toplardan. U suyuqasdlardan, samolyotda uchishdan qo‘rqadi, kim bilan qo‘l berib ko‘rishmasin, albatta barmoqlarini maxsus qog‘oz sochiq bilan dizenfektsiya qiladi. Butun umri davomida hech qachon shaxsiy intervyu bermagan. Ehtimol, hozir tirik shoh ommaviy axborot vositalaridagi to‘polondan bahra olayotgandir. Bir vaqtning o‘zida xalqaro hamjamiyatni ham quyon kabi sinovdan o‘tkazayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni, u mensiz atom bombasi nazorati barbod bo‘lishi mumkin, deb ko‘rsatib qo‘ymoqchi. Keyinroq mish-mishlar tingach, u navbatdagi marta tiriladi, xuddi qaqnus kabi.

Behbud Botirov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.