background
logotype

Yevropaning tinchini buzgan voqea

Airbus kompaniyasi naqd 10 ming xodimini ishdan bo‘shatishga qaror qildi!..

So‘nggi paytlarda Yevropaning eng yirik samolyot ishlab chiqarish zavodi sanalgan Airbus kompaniyasining ishlari yurishmay qoldi. Shu bois ham kompaniya rahbariyati oz emas, naqd 10 ming nafar xodimini ishdan bo‘shatishga qaror qildi.

Yevropa fuqarolari o‘z haq-huquqlarini qanday talab qilishlarini yaxshi bilasiz. Demokratiya atalmish muhitda tarbiya topgan yevropaliklar boshliq ishdan haydasa, «xo‘p» bo‘ladi deb tinchgina ketaveradigan toifadan emas.

Bu safar ham Airbus rahbariyati o‘z ishchilarining kattagina qismidan voz kechishini e'lon qilishi bilan kutilgandek qit'a­ning qator mamlakatlarida norozilik chiqishlari avj oldi...  

Aslida Airbus kompaniyasining ishlari orqaga ketayotgani ko‘pdan beri xavotir bilan aytib kelinayotgandi. Airbus eng asosiy raqobatchisi - AQShning Boeing kompaniyasi bilan bellashuvda bir necha bora yon berdi va so‘nggi 6 yilda ilk marta imzolangan shart­nomalar miqdori bo‘yicha ham ortda qoldi. Qolaversa, noqulay iqtisodiy muhit Airbusning butun Yevropa mamlakatlariga yoyilgan ulkan tizimiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Odatda kichik korxona inqirozga uchrasa, yo‘qotishlar ham uning mavqeiga yarasha bilinmaydigan darajada bo‘ladi. Biroq bir necha o‘n mamlakatda tarqalgan yirik kompaniyaning iqtisodiy inqirozi tabiiy ravishda butun hududda aks-sado beradi. Airbusning hozirgi og‘ir iqtisodiy holati ham butun Yevropa mamlakatlarida sezilyapti.

Kompaniya inqirozi A380 samolyotlarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq uzilishlardan keyin boshlandi. Airbus rahbariyati bir qator yirik aviatashuvchi kompaniyalar bilan bitimlar imzolanganiga qaramay, yuqorida zikr etilgan rusumdagi samolyotlarni o‘z vaqtida yetkazib bera olmadi. A380ni ishlab chiqarish muddati bir necha marta orqaga surildi. Iqtisodi haqiqiy bozor munosabatlariga asoslangan davlatlarda bunday lafzsizlik kechirilmaydi. Shu tariqa Airbusning  bir qator nufuzli mijozlari kompaniya xizmatidan voz kechishdi va raqib tomonga o‘tib ketishdi. Masalan, Amerikaning FedEx kompaniyasi Airbusga bergan buyurtmalardan voz kechib, Boeing 777 samolyotlaridan 15 tasini sotib oldi.

InQiroz shamoli esa boshlagan dast­labki paytlardayoq kompaniya rahbari Gustav Xumbert ishdan ketishga majbur bo‘ldi. Mantiqan olib qaraganda, asosiy aybdor ketishi bilan hammasi izga tushib ketishi kerak edi. Biroq sobiq rahbarning o‘rnini egallagan Kristian Shtref ham vaziyatni o‘zgartira olmadi. U ham bor-yo‘g‘i uch oygina turib berdi, xolos. Shundan keyin Airbus kompaniyasiga hamma mojarolarning «ixtirochi»si bo‘lgan Lui Gallua boshliq bo‘lib keldi. Aynan Galluaning tashabbusi bilan «Power8» nomi bilan atalgan kompaniyani qutqarish rejasi ishlab chiqildi. Ushbu reja 10 ming xodimni ishdan ketkazishni nazarda tutgan edi.

Bu reja Airbusning zavodlari joylashgan birorta ham davlatga ma'qul kelmagani aniq. Xususan, Frantsiya va Germaniya «Power8» dan eng aziyat chekadigan bo‘ldi. Chunki ishdan ketadigan 10 ming xodimning 4300 nafari Frantsiya, 3700 nafari Germaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, L. Galluaning «yovuz» rejasiga ko‘ra, Buyuk Britaniyadan 1600, Ispaniyadan 400 ishchining bahridan o‘tish mo‘ljallangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, kompaniya o‘z shtatini qisqartirish bilan 5 milliard dollargacha iqtisod qilishi mumkin. Biroq bu o‘rinda yana bir muhim jihatni ham esdan chiqarmaslik kerak: kompaniya ularga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan ishdan bo‘shatgani uchun har bir xodimga ma'lum miqdorda kompensatsiya ham to‘lashi zarur. 10 ming xodimga beriladigan «tovon puli» esa bir necha milliardga yetishi aniq.  

Airbus kompaniyasi rahbariyati ishchilarning shiddatli noroziligiga ham e'tibor bermasdan o‘z ahdida qattiq turib kelayotgani bejiz emas. Sababi, asosiy ikki «jabrdiyda» davlat Frantsiya va Germaniya rahbarlari - prezident Jak Shirak ham, kantsler Angela Merkel ham «Power8» dasturini qo‘llab-quvvatlashlarini ma'lum qilishgan. Qolaversa, Frantsiya bosh vaziri Dominik de Vilpen ham murakkab vaziyatdan tezroq chiqib olish uchun kompaniya ko‘rayotgan choralarni yoqlashini bildirgan.

Xullas, endilikda «Chiqmagan jondan umid» qabilida norozilik namoyishlarida davom etayotgan ishchilarning harakatlari amaliy samara berishiga ham ishonish qiyin. Chunki asosiy masalani hal etuvchi katta siyosatdonlar o‘z so‘zlarini aytib bo‘lishdi...

Sobirjon YOQUBOV

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.