background
logotype

Yosir Arofat: Qo‘lda qurol tutgan ... muhandis

Falastin yetakchisi Yosir Arofatning biz bilgan va bilmagan hayoti

O‘tgan hafta payshanba kuni tongida Parijdagi “Persi” harbiy shifoxonasida Falastin muxtoriyati yetakchisi Yosir Arofat vafot etdi. Juma kuni Misr poytaxti Qohirada Falastin rahbari bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘p yillardan buyon qarshilik urushini olib borayotgan va tinchlik, osoyishtalik kalimalarini allaqachon unutib yuborayozgan Falastin xalqi o‘z milliy yetakchisini so‘nggi yo‘lga kuzatdi. Muxtoriyat yetakchisini Quddusi sharif tuprog‘iga qo‘yish to‘g‘risidagi taklif Isroil hukumati tomonidan rad etildi. Ozodlik kurashi tashkilotchisi va yalovbardori bo‘lgan siyosiy arbob Ramalloh shahriga dafn etildi.

Oq-qora arabiy ro‘moli, harbiy mundiri hamda ko‘zoynak ortidan boqib turuvchi sinchkov nigohi bilan falastinliklar qalbini zabt etgan va butun dunyoga tanilgan Yosir Arofat qirq yil davomida Falastin Ozodlik tashkilotiga rahbarlik qildi. Siyosiy arbob va harbiy qo‘mondon sifatida ozodlik kurashlarida ishtirok etdi. O‘tgan vaqt mobaynida Yosir Arofat nomi jahon ommaviy axborot vositalarida son-sanoqsiz marotaba tilga olindi, Falastin yetakchisining suratlari minglab matbuot nashrlarida chop etildi. Xullas, Falastin yetakchisi kamdan kam davlat arbobiga nasib etadigan shavkat va shon-shuhratga burkandi, butun dunyoga mashhur bo‘ldi. Biroq ko‘zlangan maqsadga erishish, asrlar bo‘yi yonib turgan urush olovini o‘chirish va mintaqada tinchlik o‘rnatish sharafi, afsuski, unga nasib etmadi...

Yosir Arofat — Muhammal Abdul Rahmon Abdul Rauf Arofat Qadva Husayniy 1929 yilning 24 avgustida Misr poytaxti Qohira shahrida tug‘ildi. Uning otasi tadbirkor-sarmoyador kishi edi, onasi esa farzandi to‘rt yoshga yetganida vafot etgandi. Arofatning avji bolalik yillari Quddusda yashaydigan amakisi uyida o‘tdi. Hali dunyo sir-sinoatlarini to‘la anglab yetmagan bolakay arablar va yahudiylar o‘rtasida kechayotgan shafqatsiz kurashlar, qirg‘inlarga ilk bor shu yerda guvoh bo‘ldi. Uning go‘dak tafakkuri va ongi aynan ana shu kurashlar girdobida shakllandi.

Oiladagi farovonlik va to‘kinlik sabab, Arofat Qohira universitetida o‘qish, o‘z bilimlarini chuqurlashtirish imkoniga ega bo‘ldi. Eng qizig‘i, Arofat universitetda siyosat yoki iqtisod kabi nufuzli fakultetlarda emas, muhandislik yo‘nalishida o‘qidi (Aytishlaricha, u Yosir ism-laqabini ayni shu Qohiradagi tahsil yillarida olgan).
1948 yilgi voqealar Arofatning hayotiy maslak va maqsadlarini mutlaqo o‘zgartirib yubordi. Ko‘pchilikka ma’lumki, zikr etilgan yilda Falastinga qarashli hududlar qo‘shni millat tomonidan egallandi va yangi davlat tarkibiga qo‘shib olindi.

Shu tariqa hozirgacha davom etib kelayotgan Falastin-Isroil ixtilofi yuzaga keldi. Arablar 1948 yil voqeasini “Nakba” (Fojia) deb atashdi. Shu yillarda Arofat va uning tarafdorlari tomonidan Falastinni ozod qilish bayrog‘i ostida FATX harakatiga asos solindi. Arofat esa bosib olingan hududlarni qaytarish yo‘lida kurashgan birlashmaga rahbarlik qildi. Ayni shu davrda harbiy sarkardalik va siyosiy yetakchilik qobiliyatini namoyish etgan Yosir Arofat xalqaro miqyosda obro‘-e’tibor qozona boshladi. Xalqaro maydondagi e’tirof ifodasi o‘laroq, u Arab davlatlari Ligasi tomonidan 1965 yili tashkil qilingan Falastin Ozodlik tashkiloti rahbari etib saylandi.

Arofat qo‘mondonligidagi FATX harakati o‘tgan yillar davomida goh Livan, goh Iordaniya hududlarida harbiy operatsiyalar olib bordi. Xususan, 1968 yili Iordaniya hududiga Isroil qo‘shinining kiritilishi va bu hujum Arofat boshqaruvidagi kuchlar tomonidan qaytarilishi FATX hamda uning yetakchisiga bo‘lgan ishonchni oshirib yubordi. Iordaniyada FATX faoliyatining taqiqlanishi, Livanga qo‘shni davlat qo‘shini kiritilishi bilan mintaqadagi ahvol yanada og‘irlashdi. Arofat ham murakkab vaziyatdan kelib chiqib, Tunisdan panoh topishga majbur bo‘ldi.

1988 yili Falastin tarixida katta siyosiy voqea ro‘y berdi va, aytish kerakki, bu hodisa sababchisi ham aynan Arofat bo‘ldi. Ozodlik tashkiloti va harakati rahbari Iordan daryosining g‘arbiy hududi hamda G‘azo sektorida Falastin davlati tashkil topganini e’lon qildi. Yil oxiriga borib, yangi davlat dunyoning 70 mamlakati hukumatlari tomonidan tan olindi. 1993 yili Norvegiya poytaxti Oslo shahrida esa Isroil bosh vaziri Ishoq Rabin va Yosir Arofat ishtirokida tarixiy tinchlik shartnomasi imzolandi. Bu, aytish kerakki, Arab-Isroil ixtilofini bartaraf etish yo‘lida tashlangan dadil qadamlardan biri edi.

Oslo shartnomasi garchi Quddusi sharifga egalik borasida mavjud bo‘lgan azaliy va abadiy masalaga oydinlik kiritmagan bo‘lsa-da, harqalay, ushbu bitimdan keyin hammasi sekin-asta izga tushayotganday edi. Biroq 1995 yili Isroil bosh vaziri Ishoq Rabinga qilingan suiqasd tinch muzokaralar eshigini taqa-taq yopib qo‘ydi.
Qaysar va qat’iy fikrli siyosatdon sifatida tanilgan Arofat hayotida davomida bir necha bor kutilmagan qarorlari bilan dunyo ahlini hayratga soldi. Ba’zilar hayratlanarli voqealarni Arofatning xatosi sifatida baholashdi, yana ba’zilar muxtoriyat yetakchisi harakatlarini mardlik yoki boshqa so‘zlar bilan sifatlashdi.

Bularning birinchisi 1990 yili Saddam Husayn Kuvayt davlatiga qarshi urush boshlagan paytda kuzatildi. O‘sha tahlikali davrda Arofat ochiq-oshkora Iroq rahbari tarafini oldi. Ko‘pchilik muxtoriyat rahbarining tavakkal harakati tushunolmadi. Chunki Falastinga har yili millionlab dollar birodarlik yordami ko‘rsatayotgan davlatlarning barchasi Iroq xatti-harakatini qoralayotgan edi o‘sha paytda...

Ikkinchi kutilmagan voqea oradan bir yil o‘tib — 1991 yili ro‘y berdi. O‘zining islom aqidalariga sodiqligini ko‘p bora takrorlaydigan Arofat hammani hayron qoldirib Suxa Tavil ismli xristian ayoliga uylandi...

2000 yili yana bir muhim hodisa yuz berdi. AQSh Prezidenti Bill Klinton Isroil bosh vaziri Yoxud Barak va Yosir Arofatni o‘sha mashhur Kemp-Devidda bir stol atrofiga to‘pladi. Biroq o‘zaro muzokaralar jarayonida Yoxud Barak tomonidan taklif qilingan tinchlik bitimi... Arofat tomonidan rad etildi. Ko‘pchilik kuzatuvchilar muxtoriyat yetakchisining bu harakatini katta xato, deb baholashdi (Bu qarash hozir ham saqlanib qolmoqda). Boshqa bir guruh siyosatdonlar Arofatni “tushunganday” bo‘lishdi va uni oqlashdi...

Xullas, Yosir Arofat rahbarligi davrida Falastin xalqi ham quvonchli, ham qayg‘uli kunlarni boshdan kechirdi. Lekin Arofatning turfa siyosiy qarorlaridan qat’i nazar, u falastinliklar tomonidan har doim ham qo‘llab-quvvatlandi. Falastin xalqi Arofat siymosida o‘z mustaqalligi va ozodligini ko‘rib keldi. Ko‘pchilik falastinliklar Arofatsiz o‘z hayotlarini hatto tasavvur qilolmasliklarini ham bayon etishardi.

Bugun esa falastinliklar haqiqat ko‘ziga tik boqib, Arofatning o‘limini e’tirof etishlari va uning o‘rnini bosadigan siyosiy yetakchi nomini aniqlashlari talab etilmoqda.

Ayni paytda Arofatning o‘rnini kim egallaydi, degan savol ko‘pchilikning diqqat markazida turibdi. Falastin qonunchiligiga ko‘ra, muxtoriyat rahbari vazifasini 60 kungacha parlament spikeri Ravi Fatux bajaradi. Ushbu muddat davomida esa davlat rahbari lavozimiga saylov o‘tkaziladi. Ko‘pchilik kuzatuvchilar hozirda Falastin Ozodlik tashkiloti rahbari bo‘lib turgan, ungacha bosh vazir lavozimida xizmat qilgan Mahmud Abbos Arofatning o‘rnini egallashga asosiy da’vogar ekanini aytishmoqda. Parlament spikerining esa imkoniyati u qadar yuqori emas. Chunki FATX harakati a’zolari orasida uning tarafdorlari ko‘pga bormaydi.

Shuningdek, ayni paytda bosh vazir sifatida ijroiya hokimiyatini idora qilayotgan Ahmad Qurey ham Falastinda ancha yaxshi obro‘-e’tiborga ega. Lekin kuzatuvchilarning bu taxminlari to‘la darajada tasdiqlanadi, deb bo‘lmaydi. Buni Falastinda Yosir Arofat o‘limi arafasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari ham tasdiqlab turibdi.

Xorijlik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqot yakuniga ko‘ra, falastinliklar nazdida Yosir Arofatdan keyin eng nufuzli arbob Ahmad Qurey yoki Mahmud Abbos emas, FATX harakatining G‘arbiy sohildagi rahbari Marvan Bargutiy sanaladi. 
Xullas, Yosir Arofat vafoti bilan Falastin katta o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi. Bu o‘zgarishlar qay tariqa kechishi va falastinliklar hayotida qanday iz qoldirishini vaqt ko‘rsatadi.

Sobirjon Yoqubov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.