background
logotype

Sobir Mirvaliyev. Serfayz bog‘ sohibi

http://ziyouz.uz/images/ulmas_umarbekov.jpg

Umr — oqar daryo, deydilar. Qarang, atoqli adib O‘lmas Umarbekovning yilning eng yaxshi hikoyasi, deya e’tirof etilgan «Xatingni kutaman» nomli ilk asarini gazetada o‘qiganimga ham, mana, oltmish yil bo‘libdi. Voajab, vaqt bunchalar tez o‘tmasa. Birinchi hikoyasidan keyin yozuvchining «Boboyong‘oq» nomli yangi asari bosildi, tez orada kitobxonlarning, adabiy jamoatchilikning tiliga tushdi. Hozir eslasam, o‘sha paytdayoq muallif bugungi kunda insoniyat oldida ko‘ndalang bo‘lgan katta muammoni — ekologiya mavzusini dadil ko‘tarib chiqqan, tabiatga xos uyg‘unlikni asrashga da’vat etgan ekan.

Ha, iste’dodli yozuvchi va dramaturg O‘lmas Umarbekov adabiyotga chaqmoqdek yarq etib kirib kelgandi. U umri bo‘yi ijodiy izlanishlar jarayonida yashadi, havas qilsa arzigulik samaralarga erishdi: o‘nlab hikoyalar, qissalar, romanlar, drama va kinofilmlar yaratdi. Eng muhimi, qaysi janrda, qanday mavzuda yozmasin, asarlari mazmuniga imon, e’tiqod, vijdon tushunchalarini, ma’naviyat muammolarini singdirishga intildi va ijodiy niyatlarini badiiyatning eng muhim talablari darajasida aks ettirishga erisha oldi. Ayniqsa, umri poyonida, xastalik yillarida yaratgan «Yer yonganda», «Bo‘ribosar», «Oqsoqol» kabi hikoyalari, «Qizimga maktublar» essesi hamda «Fotima va Zuhra» nomli romani adibning metin iroda va badiiy salohiyat sohibi ekanini namoyon etdi.

Bu asarlar yozilgan yillarni eslasam, matonatli ustoz adib Oybek ko‘z oldimga keladi. Axir, og‘ir xastalik davrini boshidan kechirgan bir paytda Oybek qanday ajoyib asarlar bitgan edi. O‘lmas ham bu jasoratni takrorladi, chinakam xalq yozuvchisi ekanligini ko‘rsata oldi.

Chamamda, 50-yillarning oxiri edi. Yozuvchilar uyushmasida yillik adabiy hisobot majlisi, bahs-munozara avjida. Muzokara davomida yosh yozuvchilardan Uchqun Nazarovning «Odamlar» va O‘lmasning «Boboyong‘oq» hikoyasi tilga tushib qoldi. Abdulla Qahhordek talabchan ustoz ham bu ikki yosh muallif asarlari haqida iliq gaplar aytdi. Yonimda o‘tirgan shoir Qudrat Hikmat (biz birga o‘qirdik) oldingi qatordagi istarasi issiq, soch, qoshlari qop-qora yigitchani ko‘rsatib, “Shu O‘lmas bo‘ladi, yaxshi yigit, kamtar, iste’dodli bola”, deb ta’riflagani yodimda. O‘shanda yuzma-yuz uchrashib, suhbatlashmagan bo‘lsam-da, unga juda-juda havasim kelgandi.

U bilan yuzma-yuz uchrashib, suhbat qurish 70-yillarga to‘g‘ri keldi. Avgust oyi oxirlari edi. Bir guruh adiblar Farg‘ona safariga otlandik. Maqsad Charxiy domlaning 70 yilligi, qolaversa, paxta mavsumi bilan bog‘liq tadbirlarda qatnashish. Oramizda O‘lmas ham bor edi. Qamchiq dovoni orqali yurib, yo‘lda dam olgani to‘xtadik. Biz yoshlar kichik avtobusda, oqsoqollar yengil mashinalarda. Dam olish chog‘i Laziz Qayumov meni O‘lmas bilan tanishtirdi. Adib kulib: «E, qarang-a, siz «O‘zbek romani» kitobining muallifi bo‘lasizmi? Men kitobning salmog‘iga qarab, sizni ham katta yoshli odam bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim», dedi. Kulishdik. O‘sha paytda O‘lmas Respublika radiosining adabiy-dramatik eshittirishlar bo‘limini boshqarardi. Ishi ko‘pligi boisidandir, u ertasiga Toshkentga qayta turib, meni radio bilan hamkorlikka taklif etdi, telefonini yozib qoldirdi. Hamon radio uyiga borib qolsam, kulib turgan bir nurli qiyofa ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Shundan keyin ham u turli lavozimlarda xizmat qildi.

Biroq O‘lmas qaysi lavozimda ishlamasin, muntazam ijod bilan mashg‘ul bo‘ldi, yaratgan hikoyalari, qissa va romanlari, sahna asarlari, kinofilmlari qizg‘in adabiy munozaralarga turtki berardi. Jumladan, “Yoz yomg‘iri” qissasi ham.

Bir kuni O‘lmas meni yo‘qlab qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, uni Qarshi davlat pedagogika instituti ijodiy uchrashuvga taklif etibdi. «Yoz yomg‘iri» asari ham muhokama qilinarkan, birga boradigan bo‘ldik. Poezdda suhbatimiz qo‘r olib tong otganini, manzilga yetib kelganimizni ham payqamabmiz. Avvaldan tanish bo‘lsam ham hali uni shaxs sifatida yaqindan bilmas ekanman. Safarimiz davomida u dilbar, kamtar, tafakkuri teran, bilimdon, elparvar fidoyi inson sifatida menda chuqur taassurot qoldirdi. Men uni o‘zim uchun yangidan kashf etdim. «Badiiy asar odamni kuldirishi, yig‘latishi, unda fojea yuz berishi-bermasligidan qat’iy nazar, kitobxonni o‘ylatishi kerak», derdi adib. Chindan ham kishini o‘ylatmaydigan, fikr yuritishga majbur etmaydigan asar tezda e’tibordan qoladi. O‘lmas Umarbekovning asarlarini har gal o‘qiganimda, ularga ana shu mezon bilan qarayman va yozuvchining o‘ziga talabchanligi yutuqlariga omil bo‘lganini ko‘rib quvonaman. U yaratgan «Sevgim sevgilim», «Kimning tashvishi yo‘q», «Odam bo‘lish qiyin» kabi nasriy asarlar, «Arizasiga ko‘ra», «Komissiya», «Qiyomat qarz» singari dramalarning qizg‘in bahs-munozaralarga turtki bergani boisi ham shunda bo‘lsa kerak. Bu asarlarda oddiy insonlarning xarakteri, obrazlari tasvirlangani ham yozuvchi ijodiy muvaffaqiyatini ta’minlagan omillardan biri deyish mumkin.

O‘lmas Umarbekov ellik yoshga to‘lganida «Sharq yulduzi» jurnalining taklifiga ko‘ra kichik bir maqola yozgan edim. Ammo maqoladan ko‘nglim to‘lmadi. Uning ijodi haqida bir risola yozishga ahd qildim. Buning ikkita sababi bor edi: birinchidan, adibning ijodiy faoliyati har jihatdan salmoqdor, ikkinchidan, uning shaxs sifatidagi fazilatlarini ko‘pchilikka, ayniqsa, yosh ijodkorlarga ibrat qilib ko‘rsatsa arzirdi. Xayriyat, «Iste’dodning qo‘sh qanoti» (1993) nomli risolam chop etilib, vafotidan chamasi ikki-uch oy ilgari adib qo‘liga yetdi. Shunda u Said Ahmadga qarab: «Said Ahmad aka, Sobir aka men haqimda yaxshi asar yozibdilar», deb quvondi. Uning quvonganini ko‘rib ko‘nglimiz yorishdi. Og‘ir xasta ekaniga qaramay, O‘lmas yana bir roman yozgan ekan, asarni o‘qib berishimni so‘radi. Men o‘qib chiqdim. Ko‘p o‘tmay, bu yangi roman «Fotima va Zuhra» nomi bilan avval «Sharq ­yulduzi» jurnalida, so‘ng alohida ­kitob holida bosmadan chiqdi.

O‘lmas Umarbekov ijodini o‘ziga xos serfayz, serhosil bog‘ga qiyoslayman. Bu bog‘ o‘zining so‘limligi va chiroyi bilan ko‘ngillarga ezgu tuyg‘ularni bag‘ishlaydi. Qolaversa, qalbimiz bu bog‘dan taskin ham topadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 4-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.