background
logotype

"Buyuk final"ga qo'l tekkiza ko'rmang!

 Jahon chempionati finallari har xil bo'lgan: oddiysi, zerikarlisi, qiziqarlisi, shiddatlisi, bir jamoaning yaqqol ustunligi, g'irromi va… Shuningdek, ba'zan buyuk finallar guvohi ham bo'lganmiz. 2006 yilgi final ayni shu - oxirgisiga kiradi: "Buyuk final"! Buyukligi shundaki, unda zamonaviy futbolning ikki buyuk jamoasi o'zaro to'qnash keldi. Ular to finalga qadar bir-birlariga munosib o'yin ko'rsatishdi. Guruh bahlaridagi o'yinlari ham bir-biriga o'xshash bo'ldi: Fransiya ham, Italiya ham ikkinchi turdan so'ng pley-offda ishtirok  etadimi yoki yo'qmi, kattakon so'roq ostida turgan edi! Ushbu finalning buyukligiga yana bir dalil shuki, unda g'olibni 1994  yildagi final singari zerikarli 0:0 hisobi evaziga penaltilar seriyasida  aniqlanmadi. Balki, tom ma'noda bu kecha PENALTI bo'lmaganida chempion  ma'lum bo'lmasligi turgan gap edi. Bu ikki buyuk jamoaning bir-biriga teng raqib ekanligi yaqqol ko'rinib turganidan, o'yindan keyingi seriya barcha masalaga oydinlik kiritdi. Nima uchun penaltidan Italiya yengdi, degan savolga birozdan so'ng javob qidirib ko'ramiz. Oldin esa, bu buyuk finalning boshqa jihatlarini o'rganaylik. 

Italiya ham, Fransiya ham bir-biri bilan bir xil yashamoqda. 1994 yilgi jahon chempionati yakuniga yetganidan so'ng, bu ikki grand deyarli taqdirdosh bo'lib kelmoqda. 1998 yilgi mundialda Italiya penaltilar seriyasida fransuzlarga imkoniyatni boy bergani ko'pchilikning yodida. Zidan bu seriyada qatnashgan edi. Ikki yildan so'ng Fransiya va Italiya yana o'zaro hisob kitob qilishdi. Bu safar ham fransuzlarning qo'llari baland keldi. Italiya Yevro-2000 finalini uzoq vaqt esdan chiqirmasa kerak. Chunki o'yin tugashiga 13 soniya qolganida skuadro adzurra chempionlik ostonasida edi. Ammo...

Italiya ham, Fransiya ham ushbu jahon chempionatiga bir xil kayfiyat bilan tashrif buyurdi. 2002 yilda Fransiya gol ura olmay, chempionlik taxtini Braziliyaga topshirgan bo'lsa, Italiya fransuzlardan qolishmagan suratda musobaqani tark etdi. Qayoqdagi koreyslar skuadro adzurrani dog'da qoldirishdi. Agar hozir istalgan italiyalikdan Fransiyaning ahvoli og'irmidi, yoki Italiyanikimi, deb so'rasangiz, u Italiyaniki, deb javob beradi. Chunki italyanlar uchun guruhda gol ura olmaslik Pak Ji Sunn jamoadoshlaridan yutqazishdan ko'ra yaxshiroq hisoblanadi.

Ushbu jahon chempionatidan oldin o'tkazilgan Yevro-2004da ham Fransiya va Italiyaning taqdiri o'xshash bo'ldi. Bu safar fransuzlar emaklab guruhdan chiqqan bo'lishsa, Italiya guruhda telbalarcha qolib ketdi. Bu telbalik shunday bo'ldiki, mashhur Italiyani Skandinaviyaning ikki vakili - Daniya hamda Shvesiya kelishib turib qoldirib ketishdi. Bu o'ta alamli holat edi. Lekin tan olaylik, Fransiya garchi guruhdan chiqqan bo'lsa-da, Italiyadan ko'ra yaxshiroq qismatga ega bo'lmadi. 2002 yili mundialni golsiz tark etgan yulduzlar bu safar bo'lajak chempion Gresiyaga marra tayoqchasini topshirishdi. Hozir istalgan fransuzdan "o'shanda Italiyaga og'irmidi, yoki Fransiyagami", deb so'rasangiz, javob bitta bo'ladi: Fransiyaga!
 
Mana shu o'xshashliklar 2006 yilgi jahon chempionati finali ishtirokchilarini bir-biriga bog'lab turardi. Ularning bir necha yillardan beri o'z o'yinlarini topa olmayotganliklari va nuqul nimadir yetishmasligi evaziga musobaqalarni tark etayotganliklari barcha-barchani o'ylantirib kelayotgandi. Shuning uchun ham, bu ikki jamoa finalgacha raqiblarini ayamasdan yengib kelishganligi hech kimni ajablantirmadi.

Eng asosiy jihat shuki, Italiya bilan Fransiya finalgacha har o'yinda raqiblaridan ustun bo'lishdi. Biron-bir uchrashuvda ular hatto durang o'ynab qo'yib ham, penaltilar seriyasiga ehtiyoj sezishmadi. Guruh bahslari poyoniga yetishi bilanoq bu jamoalar o'zlarini erkin his qilishdi. Albatta, Fransiya va Italiya finalda o'zaro o'ynashi uchun kimdir ikkinchi o'rinni egallashi kerak edi. Shu bois ham bu jamoalar o'rtasidagi birgina farq faqat shu - guruhdagi o'rinda bo'ldi. Oxir-oqibat adolatni qarangki, o'z guruhida birinchi o'rinni egallagan jamoa chempion nomini qo'lga kiritdi.

Fransiya pley-offga chiqa solib barchaning diqqat e'tiborini o'ziga qaratgan Ispaniyani ozgina hursand qildi. Guruh bosqichida yuz foizlk natija qayd etgan ispanlar hammani cho'chitayotgan edilar. Musobaqadan oldin ispanlar haqida gapirilganida, ko'pchilik bu jamoani tarkibi yosh yulduzlardan tashkil topganidan kelib chiqib g'oliblik uchun asosiy da'vogar deb hisoblayotgan edi. Hatto Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlos Alberto Parreyra o'z intervyusida guruh bahslari besh kara chempionlar uchun hal bo'lganini, uni faqat va faqat chorak finalda ispanlar qo'rqitayotganini aytgan edi. Demakki, Braziliya yulduzlari Ispaniya to'sig'idan ochiqchasiga hadiksirayotgan edilar. Ammo Fransiya Parreyrani ham, Ispaniyani ham tinchlantirdi: "Qo'rqmang, janob Parreyra, siz chorak finalda Ispaniya bilan o'ynamaysiz. Unga biz kafilmiz, havotir olmang. Ammo... siz bizdan cho'chisangiz bo'ladi!"

Ispaniya-Braziliya juftligining jahon chempionatidagi rejasini Fransiya buzib yubordi, buzganda ham ikki terma jamoani musobaqadan chiqarib buzdi. Ispaniya nimchorak finaldayoq Zidan va Viyeraning uyg'onganiga dosh bera olmagan bo'lsa, Braziliya sakkiz yil o'tib ham fransuzlar darvozasiga birgina gol urishni o'rganmagani aniq bo'ldi. Haliyam o'sha Zidan 34 yoshga kirganida braziliyalik "afsungarlar"ga to'p bilan qanday muomala qilish kerakligidan dars berdi. Butun Braziliya tushunmadi, Ronaldino deb atalmish yulduz Zayniddinning oldida maktab bolasi bo'lib qoldi.

Bu paytda esa "buyuk final"ning yana bir ishtirokchisi - Italiya esa o'z yo'lida Avstraliyani, so'ngra Ukrainani sidirib tashlab musobaqa mezboni bilan bo'ladigan o'yinga yetib kelayotgan edi. Italiyaning finalgacha o'tkazgan uchta o'yini bir-biriga o'xshash bo'ldi. Uchchalasida ham skuadro adzurra so'nggi soniyalarni kutdi, ayniqsa, Avstraliya bilan kechgan bahsda. Ukrainani ham ozgina aldadi, Shevchenkoning hurmati bor ekan - unga hisobni tenglashtirish imkoniyatini berdi. Ammo Bloxin shogirdlari shundog'am boshidan yuqori sakrab yuborganini his qilib, bu balandlikda muvozanatni ushlolmay qoldi. Natijada, Toni "tipirchilayotgan mahluqni qiynamaygina bo'g'izladi-qo'ydi". Ukraina jon berdi.

Germaniyaga butun dunyo yig'ladi. Musobaqa mezbonlarini yig'latish bo'yicha ustasi farang bo'lgan italiyaliklar 2000 yilgi Yevropa chempionatida Gollandiya muxlislarini telba qilishayozgandi. Klyuyvert jamoadoshlari o'sha o'yinga qadar ham, undan keyin ham bunchalik xo'rlanmagan edi. Xullas, bu safar ham Germaniya 20-asrda o'ziga tegishli uslubi bo'yicha jazolandi. So'nggi daqiqada!

 JCH-2006 finaliga har tomonlama bir-biriga loyiq jamoalar chiqishgani ayni shu faktlar asosida ko'rinadi. Ularning ikkisi ham bu gal chempionlikka haqli edilar. Ammo futbolning go'zal qonuni borki, g'olib hech qachon ikkita bo'lmaydi. Kimdir yig'lashi kerak edi. Bu safar Fransiya yig'ladi. Bu safar Zidan finalni uzoq eslab yurishga taklif etdi. Ozgina musulmonchilikdan xabari bor inson uchun ONA degan zot naqadar muqaddas ekanligini Zayniddin butun dunyoga final uchrashuvida eslatib qo'ydi. Unga bu muqaddas tushunchalarni himoya qilish uchun hatto oltin kubok ham mone' bo'la olmasligi oydinlashdi. Materassi endi umri bino og'ziga olmaydigan so'zlarni Zidan 111-daqiqada munosib jazoladi. Bugun bu haqda hamma o'zining fikrini bildirmoqda. Biz o'ylaymizki, Zidan nima bo'lgan taqdirda ham to'g'ri qildi. Chunki dunyoda futboldan ko'ra azizroq bo'lgan tushunchalar ham mavjud ekanligini insoniyat unutmasligi kerak. Xullas, finallar ichida hozircha juda ko'p jihati bilan afzal bo'lib turgan bu "buyuk final"ni tomosha qilgan barcha-barchani tabriklaymiz. Chunki bu kabi ajoyib bahslar har doim ham bo'lavermaydi. 

... Lekin dunyoning ishlari haqiqatan ham qiziq ekan, ko'pgina hamkasblarimiz ushbu uchrashuv takroran o'tkazilishi lozimligi xususida bong urishmoqda. Ular extimol final boshqatdan o'tkazilsa, bundan-da qiziqroq va buyukroq bo'ladi, deb o'ylashayotgandir. Yo'q, bu fikrlarni to'xtatish kerak. Uning jozibasiga putur yetadi. U shunday qolishi lozim:

... Zidanning fantastik zarbasi va Buffonning to'pni kuzatishi...
... Materassining Viyeradan balandroq sakrab Bartezni ojiz qoldirishi...
... Anrining superreydi-yu, Tonining bir necha bora darvozani ishg'ol etish uchun urinishlari...
... Fransiyadan Riberi deb nomlanmish yangi yulduzning ajoyib harakatlari...
... Kannavaro tomonidan ko'rsatilgan "go'zal himoya", katinachchioning 21-asr jozibasi...
... Zidan tomonidan bosh bilan berilgan zarba va Buffon ko'rsatgan matonat!!!
... O'yin oxirida Materrassi hamda Zidan o'rtasidagi muloqot va oxirida italiyalik himoyachining nokaut holatiga tushishi...
... Penaltilar seriyasida Italiya 20-asrdagi faoliyatidan farqli ravishda zarbalarni aniq yo'llashi...
... Trezege har doim ham Italiyani yig'lata olmasligi - noaniq zarba!
... Yulduzlar o'rtasidagi bahsda jamoaviy o'yinga ko'proq e'tibor qaratgan terma jamoaning chempionlik shoxsupasiga ko'tarilishi...

Kechirasizlar-u, o'rtoq hamkasblar, bunday finalni takrorlab bo'lmaydi. 21-asr avlodiga yaqin o'tmish haqida rohatlanib so'zlab berishga imkoniyat qoldiringlar!. Buyuk final joyida qolsin, iltimos!!!

Xayrulla Hamidov,
“Interfutbol” gazetasdan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.