background
logotype

Futbol: Garrincha - mittigina o'rmon qushchasi

1960 yilning 27 martida Braziliyadagi mashhur «Marakana» stadionida «Fluminense» va «Botafago» jamoalari o‘rtasidagi futbol uchrashuvida bir ajoyib an’anaga asos solindi. Gap shundaki, «Botafago»ning ketma-ket uyushtirayotgan hujumlaridan biri gol bilan yakunlanishi yuz foiz aniq bo‘lib turgan bir vaziyatda jamoaning o‘ng qanot hujumchisi Manoel dos Santos to‘pni ochiqdan-ochiq darvozaga yo‘llamay, maydon tashqarisiga chiqarib yuboradi. Chunki u to‘p bilan muomala qilayotgan bir paytda raqib himoyachilaridan biri jarohat olib, maydonda uzala tushib yotar edi. Raqib futbolchining og‘riqdan ingranib yotganini ko‘rgan Manoel, ataylab gol urmasdan to‘pni autga tepib yuborgan edi. «Fluminense» a’zolari esa to‘pni o‘yinga kiritayotganlarida biroz ikkilanib turishdi-yu, darhol Manoelning xatti-harakatiga munosib javob berish maqsadida ular ham (avval to‘pni maydonga kiritishib, so‘ngra) to‘pni maydondan tashqariga chiqarib yubordilar. Ana o‘shandan boshlab Braziliya futbolida bu voqea unutilmas an’anaga aylandi. Ya’ni, biror futbolchi jarohat olgan vaziyatda to‘pni egallab turgan jamoa darhol to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuboradigan, raqib jamoa esa to‘pni yana ularga qaytarib beradigan bo‘lishdi. Bu an’ana hozir jahon futbolida amal qilinayotganini barcha futbol muxlislari yaxshi bilishadi. Xo‘sh, unga asos solgan «jentelmen» — Manoel dos Santos kim va u qanday futbolchi edi?..

«MITTIGINA O‘RMON QUSHCHASI»NING PARVOZLARI

...Bu futbolchi ikki oyog‘i bilan ham bir xil chiroyli o‘ynay olar edi. U o‘ynamasdi — raqs tushardi. U hayotda qo‘li ochiq, ko‘ngli ochiq inson edi. Odamlar uchun jonini ham berishga hamisha tayyor edi. Ammo maydonda... Yo‘q, u to‘pni sheriklariga uzatishni xohlardi, lekin to‘p uning oyog‘idan ajralishni istamasdi go‘yo...

1933 yilning 28 oktyabrida Braziliyaning kichkina Pau Grande shaharchasida bir oddiy qorovul oilasida dunyoga kelgan Manoel Frantsisko dos Santos yoki siz-u biz qisqagina qilib Garrincha (bu uning laqabi. Laqabining ma’nosi: «Mittigina o‘rmon qushchasi») deb ataydigan futbolchini keksa yoshdagi futbol muxlislari yaxshiroq eslasalar kerak. U maydondagi harakatlari bilan ham, mashhurligi bilan ham futbol qiroli Pele bilan bemalol raqobatlasha olardi. Professional faoliyatini boshqalarga nisbatan anchayin kech boshlaganiga qaramay, u darrov muxlis-u mutaxassislar nazariga tushdi. To‘g‘ri, uni ilk bor maydonda ko‘rganlar uning ustidan kulganlari rost. Ammo tezda ular bu qiyshiq oyoq yigitni yaxshi ko‘rib qoldilar. Negaki, to‘p Garrinchaning o‘sha qiyshiq oyoqlariga kelib tushgach, u shunday fintlarni amalga oshirar ediki, natijada raqiblarini butunlay karaxt qilib qo‘yar, muxlislar esa hayratdan yoqa ushlab qolishardi. U hammani lol qoldirishni yaxshi ko‘rardi va bunga erishardi ham. Bir oyog‘i olti santimetr kalta bo‘lishiga qaramay Garrincha mo‘’jiza ko‘rsatishdan charchamasdi. U faoliyati davomida ikki marta jahon chempioni bo‘lishga erishdi: 1958 yil Shvetsiyada va 1962 yil Chilida. Aynan Chilidagi o‘yinlarda o‘zining nimalarga qodirligini namoyish etgan Garrincha, Braziliya erishgan g‘alabaning asosiy qahramoni bo‘ldi. 6 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol muallifi bo‘lgan Garrincha, gollardan 2 tasini finalda Angliya terma jamoasi darvozasiga kiritdi. Dublga erishishdan tashqari, chiroyli o‘yin ko‘rsatib yana bir golga asissentlik qilganidan so‘ng jamoasi 3:1 hisobida ustun kelib, Angliyani musobaqadan chiqarib yubordi. Garrincha o‘sha kuni faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinni o‘tkazgan edi. O‘yin tugagach, mag‘lub jamoa ustozi Vinterbattom shunday degan ekan:
—Men 4 yil mobaynida shogirdlarimni futbol jamoalari ustidan g‘alaba qozonishga tayyorlagan edim. Afsuski, Garrincha degan futbolchiga duch kelishimizni o‘ylamagan ekanman.

O‘ynayotgan davrida muxlislari tomonidan daho darajasiga ko‘tarilgan qahramonimiz faoliyatini yakunlagach deyarli e’tibordan chetda qoldi. Uning yordami bilan qancha-qancha odamlar boyib ketgan edi, qancha-qancha odamlar uning obro‘yi tufayli mansab cho‘qqisiga ko‘tarilgan edilar. Ammo barchasi unutildi. Garrincha g‘arib bir holda qoldi. Negaki, u o‘z vaqtida pul-boylik to‘plamagan, borini ham odamlar uchun, ya’ni o‘z xalqi uchun sarflab bo‘lgan edi. Bora-bora uni o‘z oilasi ham tashlab ketdi. Haqiqiy darbadarga aylangan Garrincha najotni ichkilikdan axtara boshladi. Va buning natijasida xastalanib, 1983 yilning yanvar oyida yorug‘ dunyodan ko‘z yumdi.

Futbol! Meni asra shu futbol haqqi!
Nahot xatolarga kunlarim bog‘liq?
Umrim — yuzga nogoh tushgan tarsaki,
Yam-yashil maydonda qoldi daholik.
Menga ochilmagay qayta bu eshik...
Stadion! Qara! Bu men—Garrincha!
Menga to‘p tekkanda qalqigansan tik,
Qarsaklar chalgansan qo‘ling tolguncha.

(Usmon Azim)

U vafot etganida butun Braziliya yig‘ladi. U bilan vidolashish uchun millionlab kishilar ko‘chalarga chiqdilar. Ularning bir vaqtlar olovday yonib so‘ngra so‘ngan Garrinchaga bo‘lgan eski muhabbat tuyg‘ulari yana qaytadan uyg‘ongan edi.

Elmurod NISHONOV

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.