OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hayot ringlaridagi mamot janglari

 Boks... Uning o‘ziga xos moziysi bor. Shu moziysida dong‘i dunyoni larzaga solgan nomlari bor. Unda shuhrat qozonish oson, unda mag‘lub bo‘lish oson. Har ikkovini ham birgina zarba hadya qiladi... Yaqin o‘tmish Osiyo boks sardaftarida Rufat Risqiev ismli o‘zbek bokschisi ringlarning ko‘rku fayzi bo‘lgandi. Uning shiddatli olishuvlari, hech kimni takrorlamaydigan xatti-harakatlari, bir-biridan go‘zal va hayratlanarli g‘alabalari o‘ziga imij bo‘lib qaytdi: “Osiyo yo‘lbarsi”. Osiyolik “yo‘lbars” katta sahnani tark etgach, sahna ancha vaqtgacha huvillab qoldi, qarovsiz qoldi. Qo‘nimsiz, beqaror bokschilar suyakka qadalay-qadalay deb turganda, yap-yangi nom shakllanayotganligi, uning yo‘llari porloqligi ayon bo‘ldi.

U – Artur Grigoryan edi...

1-raund.
Xaloskorning tug‘ilishi...


Mustaqillikning ilk yillarida boks arenasida chinakam boks “shlyager”iga aylangan bolakay 1967 yilning 20 oktyabrida Toshkenti azimda tavallud topdi. Unga qadimgi Rim ertaklarida jasurlik va donolik ramzlaridan biri hisoblangan Arturning ismi ko‘chirildi. Ayni kuz... mevalar g‘arq pishgan... Ona-tabiat butun insoniyat uchun rizq hosilotini ulashayotganda Ramzik aka(Arturning otasi) hali “asari”ning kezi kelib, o‘zbekistonliklar, qolaversa, armanlar(Arturning millati)ning nomini dunyoga tanituvchi faxrga aylanishini xayoliga ham keltirib ko‘rmagan bo‘lsa, ajab emas. Boisi Artur chaqaloqligida o‘ta nimjon bo‘lib, tez-tez og‘ir og‘rib turardi. Uning qotmadan kelgan tanasi, ichkariga botgan ko‘zlari, holsizligi, imunitetining pastligi ota-onani ko‘p bora tashvishga solar va o‘g‘illarning kelajagi qattiq o‘ylantirardi. Shifokorlarning tashxislari, davolari kor qilmasdi, doim kasallikning qaysidir miqdordagi asorati qolib ketganligi va u sal o‘tmay yana og‘riq qo‘zg‘ashi oqibatida ota-onaning shifokorlarga deyarli ishonchi qolmadi. Shu sababli Ramzik aka ota-bobolarning qadimiy aqidasiga binoan, o‘g‘lini sport bilan shug‘ullantirishga jiddiy qaror qildi. Va Artur o‘n bir yoshida “kichik boks”ning shonli manziliga eltuvchi ostonasiga qadam qo‘ydi. Ilk “tabibi” ustozi L. Ahmadjonov Arturni “sog‘aytirish” uchun bor mahoratu tajribasidan tashqari mehrini ham baxsh etdi. Bir ustoz bo‘lsa, shunchalik bo‘lar-da... 

2-raund.
 Ehtiyoj tug‘dirgan orzu...


Ota yanglishmagan edi. Sport bilan muntazam shug‘ullanish Arturning sog‘ayishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ota o‘zi bilmagan tarzda, ammo taqdir izmida o‘g‘lining didini, qiziqishini topgandi. O‘g‘il ham kutilmaganda boksga qalb-qo‘rini berdi. Qiziqarli kitob yoxud film tomosha qilayotgan kishilardek boksga “kallasi bilan sho‘ng‘idi ketdi”. Bu buyuk hofizimiz aytgan “Qaro tun ortidan oppoq tong”ning kelgani, aniqrog‘i, kelayotganidan xush darak edi.
Artur Grigoryan 1986 yili birinchi ustozi qo‘lidan “uchirma” qilindi. Kelishgan qad-qomatida avvalgi “Artur”dan asar ham qolmagan Grigoryan endilikda V.Shin qo‘lida “nafas ola boshladi”. Tinimsiz mehnat natijasida bir necha bor O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga munosib topildi. Ana o‘sha paytlar Ramzik aka turmush o‘rtog‘i bilan ko‘ziga yosh olib farzandi ishtirokidagi janglarni kuzatdi, o‘g‘lini “tanimay-tanimay” g‘alabalari bilan tabriklashdi. Ular aslida ham tom ma’noda ana shunday baxtga munosib ota-ona edi. Ular “mevasiz daraxt”dan oltin undirishagandi...

3-raund.
 Professional havaskorlik ibtidosi va intihosi...


Havaskorlik olamida 387 marotaba ring sanab, ularning 372 tasida raqiblarining “mazasini qochirish”ga erishdi. Bu fantastik natija edi. Garchi nisbatan yengil vazn toifasida jang o‘tkazsa-da,  kurashlarning nafosati, zarbalarining nazokati tufayli muxlislar orttirdi. O‘zining ajralmas ishqibozlariga ega bo‘ldi. Axir kechagi Arturning bugungi kunlari uchun bu xashaki natija emas edi-da, albatta.
1993 yilga qadar V.Shin rahbarligida ichki va tashqi chempionatlarda bemalol shohsupalarga ko‘tarila oldi. Shuni aytsalar kerak, g‘alaba uchun to‘qson to‘qqiz foiz mehnat va bir foiz omad kifoya qiladi, deb. Ta’bir joiz bo‘lsa, Artur yuz foiz mehnat qilardi.
Bokschining “achchiq-chuchugi”, “qo‘rqoq-botiri” havaskorlik maktabidayoq ma’lum bo‘ladi. Artur otasining ishonchini a’lo darajada, balki oshig‘i bilan oqlayotgan otao‘g‘il edi. 1991 yil yurtimiz Istiqlol bilan yuzlashdi. Bu ayyom, bu shodiyona Grigoryanga qanot bag‘ishladi, yangi-nurli ufqlar eshigini lang ochib berdi. U yengil-engil ucha boshladi, parvoz qila boshladi. Demak, endi havaskorlikni tark etib, bemalol “Qaydasan, professionalizm” desa ham bo‘lardi. Shunday ham bo‘ldi...

4-raund.
 Salom, Germaniya...

1994 yili Artur ustozlarining “oq fotiha”lari bilan professional boks olamiga qadam ranjida qildi. Shu vaqtdan e’tiboran u diqqatini dunyoviylashish va xalqaro metin reytingga ega bo‘lishga qaratdi. Va o‘zining go‘zal orzulariga yetishish maqsadida chinakam bel bog‘lagan sportchi Germaniyaga yo‘l oldi. Boisi Olmoniyada boks san’at darajasiga ko‘tarilgandi. Jahonning eng ulkan bokchilari o‘rtasidagi klassik janglarga mezbonlik qilardi. Bu esa Arturga ring atrofida o‘tirib, bevosita kuzatishiga, o‘rganishiga katta imkoniyat edi. Qolaversa, Germaniya “tramplin”idan muvaffaqiyatli parvoz qilish oson edi. A.Grigoryan juda to‘g‘ri qaror qabul qildi. Muhimi, qanday jang o‘tkazmasin, albatta, O‘zbekiston bayrog‘i ostida ringga ko‘tarilardi. “Shirin-shirin” g‘alabalarini O‘zbekiston madhiyasi jarangida qabul qilib olardi.
Germaniyalik Frits Sdunek rahbarligida birin-ketin xalqaro janglarda qatnasha boshladi. Yaxshi otga bir qamchi: 1995 yildayoq Qit’alararo chempion degan nomga sazovor bo‘ldi. Artur shu taqlid dunyoda porlay boshladi. Bir mahal u ko‘rishniyoq orzulagan bokschilar Muhammad Ali, Mayk Tayson, Roy Jons, Xolifild kabilar qatori uning ham ismi tilga olinadigan bo‘ldi. Boksning moviy osmonida g‘olibona odimlardi u...

5-raund.
Raqiblarga tashvish tug‘dirish...


Bu hamma sportchining qo‘lidan kelmaydigan murakkab yumush. Lekin kuchlilarga ushbu mavzuga oydinlik kiritish u qadar muammo emas.
Grigoryan World Boxing Organization (WBO) tasnifi bo‘yicha 61,2 kg vazn toifasida 16 marotaba jahon chempioni degan sharafli titulni qo‘lga kiritganda, sayyoramiz Arturni yaxshi tanirdi. Bu g‘alabalar 1996 – 2002 yillarda qo‘lga kiritilgan ajoyib ko‘rsatkichlardir. Janglar Berlin, Gamburg, Kotbus shaharlaridan tortib to AQSh “kvadrat to‘r”larida ham o‘tkazildi o‘shanda. Ammo g‘alaba ruhida sug‘orilgan “daraxt” “hasharot”larga yem bo‘lmadi...

6-raund. 
Balog‘at fasli... Tarkiboks...


Professional boksda “butun non” yeyish hazilakam ish emasligi ta’kidlanadi. Ko‘pchilik ”suvi qochgan” yoxud “allakimlar tomonidan avvalroq ushatilgan” nongagina yolchishadi. Artur esa “but-butun issiq patirga saryog‘ surkab” tanovul qilish baxtiga sazovor bo‘la oldi. 
34 bora jang qilib, hammasida qo‘li baland kelgan bokschi Yevropada, keyinchalik jahon boks olamida “Koing”, ya’ni “Qirol” nomi bilan tanildi! Bu ham chakana nufuz emasdi!
Artur Grigoryanning chempionlik “Oltin kamar”laridan biri Respublikamiz poytaxti Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida saqlanmoqda. 1996 yili  hukumatimiz uni “Mehnat shuhrati” ordeniga loyiq topgan bo‘lsa, 1998 yili “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. 
Va nihoyat... Kuz ham, qish ham vaqtida kelgani ma’qul, deganlaridek, 2003 yil BOKS bilan xayrlashdi... 
Ayni kunlarda Germaniyaning Gamburg shahridagi “Universium Box Promotion” (UBP) klubida murabbiylik qilmoqda. Hali bu raundlar uzoq davom etadi!

Zohidjon Xolov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.