background
logotype

Irodaning qaytishi

 Darhaqiqat, yakuniga yetgan Osiyo chempionati Iroda To‘laganovaning katta tennisga butkul qaytganligini ko‘rsatib berdi. Zero, tez orada yigirma besh yoshini nishonlaydigan Iroda To‘laganovaning o‘zi ham ushbu turnirni yirik zafarlarga yetaklovchi omil sifatida qarayotgan edi. Boisi, Toshkent kortlaridan Melburnga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eltadigan yo‘l tennischimizning “elita” orasiga qaytishini ta’minlovchi omillardan biri sanalishi sir emas.

Finalgacha bo‘lgan yo‘l


Sizga barchasi tushunarli bo‘lishi uchun maqolani bir boshidan boshlashga qfaror qildik. Garchand, tennischilarimiz Osiyo chempionati ishtirokchilarining katta qismini tashkil etsada, ikkinchi davra bahslaridan so‘ng, ularning faqat uch nafari kurashni davom ettirish huquqiga ega bo‘lishdi. Aslida ularning barchasi chempionatning yetakchilari sifatida baholanayotganligi sababli ham ularning keyingi bosqichga yo‘l olishi u qadar katta shov-shuv keltirib chiqarmadi. Chempionat boshida yigitlarning zafariga u qadar katta ishonch bildirilmagan bo‘lsada, Oqgul Omonmurodova va Iroda To‘laganovaga ko‘pchilik katta ishonch bildirayotgan edi.

Kutilganidek, finalga Iroda To‘laganova va Denis Istomin yo‘l oldi. Ularga finalda taypeylik Yung-Jun Chan va yaponiyalik Go Soeda raqiblik qilishdi. O‘tgan yilgi chempion — Oqgul Omonmurodova esa o‘z vakolatini yarim finaldayoq topshirib ulgurgan edi. Bu safar Oqgul Yung-Jun Changa imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Ta’kidlash lozimki, Oqgul oyog‘idan olgan jarohatiga qaramasdan, chempionatning birinchi saralangan tennischisiga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Oqgul dastlabki setni g‘alaba bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq ikkinchi va uchinchi setlarda esa harakatlanishida muammolar kelib chiqqangili bois, bir joyda turib o‘ynashga majbur bo‘ldi. Shu tariqa, bir kundan keyin finalda Iroda To‘laganovaga jamoadoshi uchun “qasos” olishdan o‘zga chora qolmagan edi.

Bir stsenariy ostida


Iroda To‘laganova ishtirokidagi o‘yinlarni ana shunday baholash mumkin. Boisi, Iroda uchun kortdagi har bir ochko, g‘alaba osonlik bilan kelmadi. Hatto, toshkentlik 14 yoshli tennischi Albina Habibullina bilan kechgan bellashuvning birinchi setida ham ish tay-brekkacha cho‘zildi. Bunday jiddiy qarshilikni faqat bir paytlar katta tennisning yorqin yulduzi bo‘lgan Iroda To‘laganova ustidan g‘alaba qozonish ishtiyoqi, deb baholash mumkin xolos. Irodaning raqibalari mag‘lubiyatga uchragan taqdirda hech narsa yo‘qotmasligi mumkin. Chunki Iroda To‘laganovadan mag‘lubiyatga uchrash Osiyo chempionatidagi ko‘pgina tennischilar uchun katta yo‘qotish emas, balki tajriba maktabi sanaladi. Aksincha, uning ustidan qozonilgan g‘alaba esa tennischini bir kunda mutaxassislar nazariga tushirishi mumkin.

Xullas, Iroda uchun har bir bellashuvda o‘z irodasini namoyish etishga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, yarim final va final bellashuvlarida. Dastlab yarim finalda hindistonlik Shikxa Uberoy birinchi setni o‘z foydasiga hal qilganda, ko‘pchilik ajablanmagan edi. Boisi, Iroda undan ham kuchsizroq bo‘lgan raqibalariga ham birinchi setni boy berayotgan edi. Ikkinchi va uchinchi setlar esa kutilganidek Irodaning to‘la ustunligi ostida o‘tdi. U kuchli zarbalari bilan Shikxa Uberoyni mag‘lubiyatni tan olishga majbur qildi. Ustiga-ustak, o‘ziga bo‘lgan ishonchni ancha mustahkamladi.

Final bellashuvi ham odatdagidek notekis holatda o‘tdi. Dastlab birinchi geymni o‘z foydasiga hal qilgan Iroda To‘laganova o‘z geymlarini birin-ketin boy bera boshladi. Ammo raqibasi to‘pni o‘yinga kiritgan geymlarni yutgan Iroda bahsning murosasiz bo‘lishini ta’minladi. Ammo birinchi setning yakuniga kelib, Irodaning xatolari Yung-Jun Channi yetakchiga aylantirdi — 5/7. qolaversa, ikkinchi setning dastlabki ikki geymi boy berilgach, optimist muxlislar ham g‘alabadan umidlarini uzishdi. Biroq Iroda ketma-ket olti geymni o‘z foydasiga hal etish bilan o‘chayotgan umidlarni yana alangalantirdi — 6/2. Hal qiluvchi uchinchi set esa avvalgilaridan ham hayajonliroq o‘tdi. 4/1 hisobida oldinga o‘tib olgan Iroda To‘laganova birin-ketin xatolarga yo‘l qo‘ydi va raqibasining hisobni tenglashtirishiga zamin yaratib berdi. Matchning yakunida taranglashgan vaziyat yuzaga keldi va birinchi bo‘lib Yung-Jun Chan bunga bardosh bera olmadi. Uning xatolari bellashuvning Irlda To‘laganova foydasiga hal bo‘lishini ta’minladi — 7/5.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ushbu g‘alaba Iroda To‘laganovani yana kuchli tennischilar orasiga yo‘llovchi yo‘llanma sifatida baholanmoqda. Taxmin va bashoratlarning qanchalik rost ekanligini esa faqat vaqt ko‘rsatadi.

G‘olib va mag‘lub Denis Istomin


Bunday sarlavha qo‘yishimizning boisi bor. Keling, dastavval g‘alaba haqida. Denis Istomin jamodoshi Murod Inoyatov bilan Osiyo chempionatining juftlik bahslarida tengsiz ekanliklarini isbotlashga muvaffaq bo‘ldi. Ular o‘z yo‘lida uchragan barcha raqiblarini mag‘lub etishdi va Osiyo chempionligini o‘z qo‘llarida saqlab qolishdi. Ta’kidlash joizki, ushbu chempionlik hamyurtlarimiz uchun uchinchisi sanaladi. Ularning bu natijasini esa o‘ziga xos rekord sifatida ham baholash mumkin.

Oradan bir kun o‘tgach, Denisning zimmasiga yana bir mas’uliyatli vazifa yuklandi. U endi yakkalik bahslarida ham o‘z chempionligini himoya qilishi shart edi. Uning raqibi Go Soeda ancha tajribali sanalsa-da, ko‘p jihatlari bilan Denisga munosib raqib edi. Ochig‘ini aytganda, finalda g‘alaba qozonish uchun Denisda imkoniyatlar yetarlicha topilardi. U birinchi setni ko‘tarinkilik bilan boshladi. Kuchli zarbalari, kutilmagan harakatlari bilan raqibini dovdiratib qo‘yishga ham erishdi. Ammo bahsning o‘rtalarida barcha tennischilarimizning umumiy kamchiligi unga xalaqit bera boshladi. Ya’ni, arzimas xatolardan ta’sirlanish, bo‘lar-bo‘lmasga asabiylashish oxir-oqibat o‘z ta’sirini o‘tkazdi — 5/7. Birinchi setni o‘z foydasiga hal qilgan Go Soeda ikkinchi setda hujumni yanada kuchaytirdi. Denis esa, aksincha, taqdirga tan bergandek taassurot qoldira boshladi. Ikkinchi set Denis Istomin tomonidan ancha osonlik bilan topshirildi — 4/6. Shu tariqa, Denis Istomin chempionligini Go Soedaga topshirib qo‘ydi. Shu bilan birga Avstraliya ochiq chempionatiga beriladigan yo‘llanmani ham.

Osiyo chempionati tennischilarimizga ko‘p narsani ko‘rsatib berdi. Ularning kuchli va ojiz jihatlarini ko‘zgu misoli ochib berdi. Bu bir jihatdan mamlakat tennis feleratsiyasi mutasaddilari uchun ham katta saboq vazifasini o‘tashi tabiiy. Agar ular ham mavjud kamchiliklarni hal qilishda sportchilarga ko‘makdosh bo‘lishsa, natijalar bundan ham yirikroq bo‘lishi tabiiy.

Toshpo‘lat Xoliqov,
“Turkiston”gazetasidan olindi

 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.