background
logotype

Maykl Jordanning tengsiz parvozi

 Maykl Jordan 1963 yili qo‘l uchida kun ko‘radigan,  o‘rtahol amerika oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Jeyms elektrik bo‘lib ishlar, onasi Deloris esa bankda oddiy xizmatchi edi. Er-xotin ko‘pbolali oilani bir amallab tebratishardi. Maykl besh farzandning to‘rtinchisi edi. Go‘daklik paytlarini eslaganida Maykl o‘zining yalqov bo‘lganini kulib tan oladi.

Dars tayyorlashga kelganda uning dangasaligi tutar, biroq sportda tirishqoqligi tengdoshlarining havasini uyg‘otardi. Dastlab u otasiga taqlid qilib, beysbolga mehr qo‘ydi. Bolalar jamoasida o‘ynab, Shimoliy Karolina chempioni bo‘ldi va jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi, deb tan olindi. Yuqori sinfga o‘tgach, Mayklning beysbolga qiziqishi susaydi, endi unda basketbolga ishtiyoq tug‘ildi. Unda sportning bu turiga havas uyg‘onishida akasi Larrining ta’siri bo‘ldi. Larri basketbol bilan shug‘ullanar, mashqlarga o‘zi bilan Mayklni ham birga olib borardi. Larri undan ko‘ra qoruvli va bo‘ychan edi, yakkama-yakka o‘ynaganlarida Maykl doim yutqazardi. Biroq u taslim bo‘lmadi —  akasini yutadigan darajaga  yetguncha tinimsiz mashq qildi. Darvoqe, o‘sha paytda bo‘lajak sport yulduzining bo‘yi basketbol o‘lchovlariga to‘g‘ri kelmas, atigi 1 metr 75  santimetr edi. Maykl buning ham ilojini topdi: u maxsus gimnastika bilan muttasil shug‘ullandi va maqsadiga yetdi, ya’ni uning bo‘yi 1 metr 98 santimetrgacha o‘sdi. Qat’iy intizom va tirishqoqlik — Jordanga bolalikdan xos bo‘lgan fazilatlar edi. Har qanday mavsum va har qanday ob-havo sharoitida u mashqqa kelar, hatto gohi-gohida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi uni sport zalidan darsga majburlab quvib chiqarardi.

1978 yili Mayklni bo‘yi past deb maktab terma jamoasiga olishmaydi. Bundan u qattiq qayg‘uradi. “Jamoaga kirmay qolganim o‘sha paytda men uchun sharmandalik edi, — deb xotirlaydi Jordan. — Ular maktab jamoasi a’zolari ro‘yxatini ilib qo‘yishdi, ro‘yxatda mening ism-familiyam yo‘q edi. Mendan yomon o‘ynaydigan bir o‘quvchini jamoaga olishgani battar g‘azabimni qo‘zg‘adi...” Biroq bu omadsizlik uning irodasini buka olmadi. Bir yil tinimsiz mashq qilib, Maykl o‘zining imkoniyatlarini yuzaga chiqara oldi. Uning yutuqlari chindan e’tiborga loyiq edi va murabbiylar maktab jamoasining birinchi mavsum musobaqalaridan so‘ng uni Fire Stars yozgi basketbol lageriga taklif qilishdi. Odatda, lagerdagi uchrashuvlarga universitetlarning jamoalari murabbiylari kelib, iste’dodli bolalarni ko‘z ostiga olishardi. Bu yerdagi uchrashuvlarda Maykl o‘zining iste’dodini namoyon etdi — uning yashin tezligida hujumlar uyushtirganini, turli nuqtalardan savatga to‘pni juda aniq tashlashi va himoyada bexato o‘ynaganini ko‘rgan bir necha murabbiylar darhol unga o‘z universitetlarining sport bo‘yicha stipendiyalarini taklif etishdi.

Maykl Jordan Shimoliy Karolina universitetini tanladi. O‘sha paytda bu universitetning basketbol bo‘yicha terma jamoasi mamlakat talabalar jamoalari orasida eng kuchlisi edi. Jamoa murabbiysi Din Smit, an’anaga zid bo‘lsa-da, birinchi kursdayoq Mayklni terma jamoa tarkibiga qo‘shdi. U adashmagan edi, yangi o‘yinchi mamlakat talabalari chempionatida hal qiluvchi uchrashuvning so‘nggi daqiqasidagi zarbasi bilan hisobni 63:62ga yetkazib, g‘alabani ta’minladi. “Bu bolakay o‘zining tarixga kirganini hali bilmaydi. Uning mana shu zarbasini odamlar 25 yildan keyin eslashadi”, degandi o‘shanda bosh murabbiy yordamchisi Eddi Fogler.

Bu so‘zlar chindan bashorat ekan, zero, oradan 25 yil o‘tib, odamlar nafaqat Jordanning o‘sha zarbasini, balki chorak asr  mobaynida sport maydonida ko‘rsatgan g‘aroyib mo‘’jizalarini bugun bot-bot eslashadi. Maykl umid qilsa bo‘ladigan yosh basketbolchidan shu tariqa jahon miqyosidagi sport yulduziga, millionlab ishqibozlarning suyukli o‘yinchisiga, haqiqiy sportchi va inson namunasiga aylandi.

1984 yili Jordan ilk bor AQShning olimpiya jamoasi tarkibiga qo‘shildi. O‘shanda Xitoy bilan bo‘lgan uchrashuvda 14 ochko, Kanada bilan uchrashuvda 20 ochko oldi. Ayniqsa, Ispaniya jamoasiga qarshi o‘yinda Maykl to‘la ochildi: u o‘z jamoasiga 24 ochko olib berdi. Mag‘lubiyat alamida qattiq kuyungan ispanlarning murabbiysi Antonio Dias Migel o‘shanda Jordan haqida: “U odam emas. U xuddi rezinadan yasalganga o‘xshaydi”, degan edi.

Los-Anjelesdagi ulkan zafar M.Jordanning havaskorlik karerasida erishgan eng baland cho‘qqisi edi. Shundan so‘ng u professionallar safiga o‘tib ketdi. NBAning uchinchi raqamli o‘yinchisi sifatida u Chicago Bulls jamoasining taklifini qabul qildi. O‘shanda klubning bosh menejeri Jerri Krauze Jordanga juda katta umid bog‘lamayotganini shunday e’tirof etgandi: “Maykl chempionatda bizning jamoamiz ahvolini tubdan o‘zgartirishga qobil o‘yinchi emas. Biroq biz ham undan buni kutayotganimiz yo‘q”. Haqiqatan ham,  Chicago Bulls  1980 yili chempionatning final bosqichi — pley-offga chiqa olmadi. Lekin bu ham Jordanning mashhurligi ortib borishiga xalal bergani yo‘q. Chunki birinchi mavsumdayoq u eng yaxshi yangi o‘yinchi, deb tan olindi va erishgan natijalariga ko‘ra ligada uchinchi o‘rinni egalladi. Shu yili Chicago Bulls  o‘yinlariga tushadigan tomoshabinlar soni ikki  baravarga ortdi. Chicago Bulls ning uchrashuviga tushganlar aksar hollarda yulduz Maykl Jordanning o‘yinini ko‘rish, uning aql bovar etmaydigan favqulodda harakatlaridan zavqlanishni istashar va ularning umid-istaklarini har gal Maykl a’lo darajada amalga oshirardi.

Adolat nuqtai nazaridan aytish kerakki, Jordanga faqat sport maydonidagi yuksak mahorati emas, shu bilan birga, sport kiyimlari ishlab chiqaradigan mashhur Nike firmasi bilan hamkorlik ham katta shuhrat keltirdi. Bu hamkorlik 1984 yili boshlangan edi.

Bu paytda Nike ham nisbatan yosh kompaniya sanalar (faoliyatini 1972 yili boshlagan), biroq o‘z mahsulotlarini o‘tkazishning noan’anaviy yo‘llarini tanlab, yangi tajribalarga dadil qo‘l urardi. 70-yillarning o‘rtalarida Nike yangi krossovkalarni keng targ‘ib qilish maqsadida taniqli atlet Stiv Prifonteyn bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. O‘shanda S.Prifonteyn Monrealda o‘tadigan 1976 yilgi Olimpiadaning oltin medaliga asosiy da’vogar edi. O‘yinlar boshlanishiga bir necha oy qolganda Stiv avtomobil halokatiga uchrab vafot etadi. Oradan sakkiz yil o‘tib, Nike rahbari Filki Nayt kompaniya mahsulotlari reklamasi uchun bir necha nomzodlar orasidan Jordanni tanlaydi. Dastlab Jordanga Nikening qizil rangli krossovkasi yoqmaydi (krossovkani Maykl rangi sabab “iblisona” deb tanqid qiladi). Biroq besh yil davomida har yili bir million dollar berilishi bois,va’da qilingan shartnomani rad etmaydi.

Oradan bir yil o‘tib, bu krossovka bolakaylarning orzu-havasiga aylanadi — har bir amerikalik bolada “Jordannikiday krossovka”ga ishtiyoq tug‘iladi. Bunday samarani Nike rahbari F.Nayt xayoliga ham keltirmaganini tan oladi. Maykl Jordanning mahorati, inson sifatidagi jozibasi va supermenligi chinakam mo‘’jizani sodir etadi: Jordan bilan hamkorlik qilib 10 million daromad qilishni mo‘ljallagan Nike kompaniyasi Air Jordan tipidagi krossovkalar sotuvidan naqd 130 million dollar foyda ko‘radi.

Jordan tufayli krossovka kiyish urfga aylanadi, sportga aloqasi bo‘lmagan kishilar ham bu oyoq kiyimini xarid qila boshlaydi. Agar 30 yil oldin bir nafar amerikalik o‘smirga bir juft sport oyoq kiyimi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda amerikalik bola bir yilda o‘n juft krossovka sotib oladi: oltitasidan sportning har xil turlariga qatnashganda, to‘rttasidan esa qulay poyafzal sifatida foydalanadi. Bu oyoq kiyimini tanlashga kelganda esa “Jordannikiga o‘xshagan”i birinchi o‘rinda turadi.

Jordanga havas, Jordanga o‘xshab sog‘lom, epchil va kuchli bo‘lishga ishtiyoq nafaqat Amerikaga, balki undan tashqariga ham keng yoyildi. Bundan bir necha yil burun Xitoyda so‘rov o‘tkazilib, ishtirokchilardan barcha zamonlar va dunyo xalqlari orasidan eng buyuk inson nomi so‘ralganda birinchi o‘rinni Mao Szedun egallagan. Biroq ikkinchi o‘rin uchun inqilob qahramoni Chjou Enlay bilan Maykl Jordan nomlari orasida chinakam kurash ketgan. F.Nayt “uchinchi dunyo” mamlakatlarida Jordanning haykaliga sig‘inganlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini ta’kidlaydi.

Kompaniyaning yuzi sifatida Maykl Jordanni tanlab, Nike rahbari nishonni aniq urgan edi: kompaniya tez orada eng yirik “nahang”lar safidan joy oldi, Reebok kabi raqobatchilariga yaxshigina zarba berdi. Maykl ham quruq qolmadi, albatta. 1998 yili u Nikedan 130 million dollar ishlab oldi.

Sportning juda katta foyda keltirishi uning ommaviylashishiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi, ayniqsa, basketbol o‘ziga xos shouga aylandi. Bu sport turida jamoaning o‘yin uslubidan ko‘ra, unda shaxsiy mahoratni namoyon etish, yulduzlar ishtiroki millionlab muxlislarni tomoshaga chorladi. Taniqli basketbol o‘yinlari tashkilotchisi Devid Stern zamonaviy NBAni Disney kompaniyasi bilan qiyoslab, shunday, deydi: “Ularning har bir mavzuga doir alohida  parklari bor, bizda ham shunday faqat ularni biz “arenalar”, deb ataymiz. Ularning qahramonlari nomlari Mikki va Gufi, biznikilar esa — Metik (“Metik” Jonson nazarda tutilgan) va Maykl..”

1998 yili “Fortune” jurnali “Jordan effekt” sarlavhali maqola e’lon qildi. Unda ta’kidlanishicha, Maykl Jordan NBAda paydo bo‘lgan 1984 yildan beri assotsiatsiya 10 milliard dollarga yaqin daromad qilgan. Bu daromad, asosan, uchrashuvlarda sotilgan biletlar narxining oshishi va Jordan ishtirokidagi musobaqalar translyasidan tushgani ta’kidlanadi. Jordanning 1997-1998 yilgi bir mavsumda olgan rasmiy ish haqi 33,1 million dollar bo‘lib, bu rekord natija haligacha biror-bir professional sportchi tomonidan takrorlangani yo‘q.

Shundan kelib chiqib aytish o‘rinliki, Jordanning bir necha marta qo‘lga kiritgan “eng qimmatli o‘yinchi” unvoni moliyaviy jihatdan ham haqiqatga to‘la mosdir. Biroq uning yuksak mahorat bilan o‘ynaganini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Agar Jordan o‘rtamiyona basketbolchi bo‘lganida Nike va boshqa kompaniyalar bu qadar katta pul ishlab olisholmasdi.

90-yillar boshida Chicago Bullsga yangi murabbiy Fil Jekson keldi va u nihoyat jamoani anchadan beri kutilayotgan chempionat g‘olibi darajasiga olib chiqdi. Bunda, albatta, asosiy rollardan birini Jordan o‘ynadi, u zamonaviy o‘yin uslubi soyasida yo‘qolib ketmadi. Yuqorida eslatilgan 1992 yilgi Olimpiada o‘yinlaridan so‘ng esa uning nomi jahon sporti afsonalari nomlari bilan bir qatorda tilga olinadigan bo‘ldi.

1993 yili otasi noma’lum vaziyatda fojiali halok bo‘lgandan so‘ng Maykl havaskorlar klubini tark etishini e’lon qiladi. U otasining orzusini amalga oshirish — professional basketbolda kuchini sinab ko‘rishga kirishadi. Jordan muttasil mashqlarga beriladi, va nihoyat Birmingham Barons jamoasini oldingi safga olib chiqishga erishadi. Bu bilan uning mashhurligi yanada oshadi, Jordan ishtirokidagi musobaqalarga tomoshabinlar daryoday oqib keladi...

Shundan so‘ng orada bir yarim yil Jordan maydonga chiqmaydi. Nihoyat ruhiy muvozanatini tiklab olgach, u yana basketbolga qaytishga qaror qiladi. Bu haqdagi uzunquloq gaplardan birjalarda jonlanish sodir bo‘ladi — Jordan bilan hamkorlik qilgan Nike, McDonald’s va  boshqa bir qator yirik firmalarning aktsiyalari bahosi keskin ko‘tariladi va bundan mazkur firmalar 2,3 milliard daromad ko‘rishadi. 1995 yil 18 martda Maykl Jordanning: “Men basketbolga yana qaytayapman”, degan gapi butun Amerikani hayajonga soladi, uning o‘yinlariga tushish uchun patta olish mashaqqatga aylanadi. Biroq basketbolga qaytgan mashhur o‘yinchining birinchi mavsumdagi o‘yinlari oldingi Jordanning soyasi edi, xolos. Keyingi mavsumga kelib u o‘zining asl formasini tiklab oladi va Chicado Bulls jamoasi qatorasiga uch yil mamlakat chempionligini qo‘lga kiritadi.

1999 yili Jordan yana katta basketbolni tark etadi. Bundan millionlab ishqibozlar karaxt holga tushishadi, biroq ularni bir ilinj — Jordan yana qaytishi mumkin, degan umid uchquni yupatardi. Ularning umidi puchga chiqmadi — Maykl yana maydonga qaytdi: dastlab Washington Wirards jamoasining tashkilotchisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Chunki u mazkur jamoa aktsiyalariga egalik qilardi. Bir yarim yilcha jamoani boshqarishda yordam bergan Jordan oxir-oqibat sabri tugab, 2001 yili (11 sentyabrdagi fojiali voqealardan ko‘p o‘tmay) yana basketbol libosini kiydi. U o‘zining bunday qarorga kelganining sababini izohlab shunday degandi: “Nazarimda, o‘zingning bilganlaringni yoshlarga o‘rgatishning eng yaxshi usuli ularni mashq qildirish, maydonda hamkorlik qilishdan ko‘ra, ular bilan haqiqiy musobaqalarda tengma-teng birga o‘ynashdir”.

Xorij matbuoti materiallari asosida A.Otaboyev tayyorladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.