background
logotype

Ravshan Ermatov muvaffaqiyatlarining siri

 Shu kunlarda barcha o‘zbekistonlikni quvontirayotgan xabar vatandoshimiz Ravshan Ermatov FIFA rasmiylari tomonidan iliq so‘zlar bilan qarshi olinayotganligidir. Ravshan Ermatovga tarbiya bergan otasi, uni bugungi darajaga yetkaza olgan birinchi ustozi, Respublika toifasidagi hakam, O'zbekiston futbol Federatsiyasi nazoratchi-inspektori Sayfitdin Ermatov bilan o‘g‘lining faoliyati xususida suhbat uyushtirdik.

Futboldan nega erta xayrlashdi?

- Ravshan oilamda to‘ng‘ich o‘g‘il, tug‘ilganida quvonchim cheksiz edi. Barcha yaqinlar, qarindoshlar va o‘rtoqlarim ana endi haqiqiy futbolchi tug‘ildi, deb xursandchiligimizga sherik bo‘lishgandi. Men ham o‘shanda yaxshi bir niyat qilgandim... Ammo Ravshan to‘rt yoshga to‘lganida bolalar velosipedida uchayotganida, bexos oyog‘idan jarohatlanadi. O'sha kichik jarohat 15 yildan keyin, ya'ni 1997 yili uni katta futboldan ketishiga sabab bo‘lishini biz hali bilmasdik... Ravshanni kichikligidan o‘zim bilan stadionga olib borardim, ya'ni unga bolaligidan futbol muhitida o‘sishiga imkoniyat yaratdim. Keyin sekin-asta maxsus futbol maktablarida tarbiya oldi. Bundan tashqari, uni yoshligidan murabiylik kasbiga ham o‘rgatdim.

Sayfiddin Ermatov va Ravshan Ermatov. Toshkent, 1982-yil

Ravshan 1996 yili, bolalar murabbiyi litsenziyasini olish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu paytda «Paxtakor» o‘smirlar va yoshlar maktabida hamda O'zbekiston yoshlar terma jamoasida ishladim. Ravshan esa menga yordam berib turardi. Bundan tashqari, bir kun bu kasb ham kerak bo‘lib qolar, deb unga hakamlik qilish sirlarini ham o‘rgata boshladim. Chunki unda hakamlarga xos xarakter, odillik, zudlik bilan to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatlari bor edi. O'sha paytda Ravshan birinchi ligada ishtirok etgan Toshkent viloyatining «G'azalkent», sal keyinroq esa poytaxtning «Istiqlol» jamoalarida to‘p surayotgandi.

Hakamlikni taklif qilgan ota

- Ravshan jarohati tufayli 1997 yili 19 yoshida katta futbol bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, agar jarohat bo‘lmaganida, undan yaxshi futbolchi chiqardi. Afsus, nasib qilmagan ekan... O'sha og‘ir damlarda uni yolg‘izlatib qo‘ymadik, qo‘ldan kelganicha har taraflama yordam berdik. Men unga futboldan ketmaslik, futbol hakami kasbini chuqurroq o‘rganishni maslahat berdim. O'g‘lim meni diqqat bilan tinglaganidan xursand bo‘ldim. U tishini tishiga qo‘yib salomatligini tiklab, kelajakda otasi kasbini davom ettirishga bel bog‘ladi.

Professional faoliyatning ilk dasturlari

- O'g‘lim bilan kelajak rejalarini jiddiy o‘ylab, olti yo‘nalishli dastur tuzdik. Unga ko‘ra, yaqin orada va kelajakda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan individual ish rejasini ishlab chiqdik. Olti yo‘nalish quyidagilarni o‘z ichiga oldi:

birinchidan, jismoniy tayyorgarlikni yanada yaxshilash choralari;

ikkinchidan, hakamlikning professional salohiyatini oshirish choralari;

uchinchidan, nazariy va amaliy bilimlarni yanada chuqurroq o‘rganish;

to‘rtinchi - ruhiy, psixologik holatlarni boshqara bilish, turli nostandart vaziyatlarda o‘zini tuta bilishlik, hakam uchun zarur bo‘lgan boshqa kerakli xislatlarni chuqur o‘rganish;

beshinchidan, xorijiy tillarni jiddiy o‘rganish;

oltinchidan, xalqaro toifadagi hakamlarning tajribalarini tahlil qilish yo‘li bilan malaka oshirish. O'z navbatida men ham Ravshanni kelajakda yaxshi hakam bo‘lib yetishishi uchun astoydil kirishib, bor tajribamni o‘rgatishga kirishdim.

Bularni amalga oshirish uchun qora terga botib ko‘p ishlash, sabr va matonat talab qilinardi. Bugungi kunga kelib, Ravshan buning uddasidan chiqdi, deyishimga asosim bor. Uni har doim o‘zim bilan birga barcha o‘yinlarga olib bordim. Keyin birgalashib o‘yin tafsilotlarini birma-bir tahlil qilardik. Uning fikrini bilishni istab, ko‘pgina muammoli savollarni ko‘ndalang ko‘yardim. Har bir o‘yinga alohida e'tibor qaratib, so‘z yuritardik. Turli sabablar tufayli men borolmagan o‘yinlarni do‘stlarimiz videotasmaga tushirib olishardi va uni uyda birma-bir tahlil qilib, uning kamchiliklarini ko‘rsatib tushuntirardim. Bu ishni yo‘lga qo‘ygunimcha bir necha yillar kerak bo‘ldi. Bundan tashqari, Ravshan individual reja asosida jismoniy holatini saqlash borasida doimo jiddiy shug‘ullandi. Keyinchalik sekin-asta o‘zi ham hakamlik qilishni boshladi. 1998 yildan boshlab ikkinchi liga jamoalari o‘yinlarini boshqardi. 1999 yildan birinchi va 2001 yildan oliy liga o‘yinlariga hakamlik qildi. Oliy ligadagi birinchi o‘yini - «Zarafshon»-«Semurg‘» to‘qnashuvi bo‘ldi. Aynan shu yildan boshlab Ravshanning hakamlik hayotida tub burilish ro‘y berib, faoliyati ancha rivojlanib ketdi. Men esa ham ota, ham ustoz sifatida bularni ko‘rib, unga bildirmay ichimdan suyunardim...

Ustozidan o‘zgan shogird

- Til masalasiga kelsak, uyda ingliz tili muhitini yaratish maqsadida oilaviy ingliz tilini o‘rganish markaziga qatnay boshladik. Shu bahonada o‘zim ham bu tilni biroz o‘rgandim. Ravshan esa, ikki yil deganda bemalol ingliz tilida gaplasha oladigan darajaga yetib, FIFAning xorijiy tillarni bilish maxsus testlaridan bemalol o‘tib turibdi. Tuzgan dasturning natijasi o‘laroq, u ikki-uch yildan keyin o‘z hosilini bera boshladi. O'zbekiston chempionatida unga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarishi, OFK tasarrufida obro‘si oshishi, FIFA hakami unvoniga sazovor bo‘lishi, qit'alararo va jahon darajasidagi yoshlar chempionatlarida hakamlik qilishi, mehnatlari zoe ketmaganligini ko‘rib, parvardigorga shukrlar aytdim va shogird ustozidan ancha ilgarilib ketganligidan ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Shu bilan birga unda dimog‘dorlik, takabburlik xislatlari yo‘qligi meni ancha quvontirardi.

Xalqaro maydonga chiqish

Ravshan Ermatov - 2008-2009 yillarda Osiyoning eng yaxshi hakami.

- Ravshan xalqaro hakamlik faoliyatini 2003 yili 25 yoshida boshladi. 2008-2009 yillarda OFKning eng kuchli hakami, deb tan olingani biz uchun quvonchli voqeaga aylandi. Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi (IFFHS) shu yilning boshida jahonning 2009 yildagi eng kuchli 26 hakami nomini e'lon qildi. Unga ko‘ra, Ravshan 11 ochko bilan 14-pog‘onani egallab turibdi (2008 yili 17-pog‘onada edi). FIFA tasarrufida oxirgi yillarda oltita yirik chempionat va xalqaro turnirdagi muvaffaqiyatli faoliyati va ayniqsa, «pley-off» musobaqasida Saudiya Arabistoni va Bahrayn terma jamoalari o‘rtasidagi o‘ta muhim va murakkab o‘yinni boshqarishi uni FIFA mutasaddilari tomonidan JARda o‘tadigan 19-jahon chempionatida ishtirok etuvchi 30 hakam qatoriga qo‘shilishiga zamin tayyorladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni so‘zda aytish oson, amalda qanchadan-qancha kuch, chidam, iroda va matonat talab etilishini bir xayolingizga keltirsangiz... Bundan tashqari, 2007 yildan buyon davom etayotgan FIFA seminarlarida ishtirok etuvchi 120dan oshiq referidan faqat 30 nafar qolishi kerak edi. Har seminarda test va boshqa sinovlardan o‘tgan va eng asosiysi, FIFAning barcha talablariga to‘liq javob bera oladigan kuchli hakamlar saralab olingan. Joriy yilning 5 fevralida Ravshanning FIFA ro‘yxatiga kiritilishi to‘g‘risidagi rasmiy xabarni eshitib, juda xursand bo‘ldik...

Shu kungacha ham Ravshan ayrim masalalarda mendan maslahat so‘rab turadi. Janubiy Afrikada o‘tayotgan jahon chempionatining ochilish o‘yini boshqarish qanchalik sharafli ekanini ko‘pchilik tushunsa kerak. Shunday mas'uliyatli vazifani O'zbekiston vakiliga topshirilishiga birinchi navbatda, mamlakatimizga bo‘lgan katta ishonch, deb qarash kerak. Shu tarixiy o‘yin arafasida Ravshan Afrikadan telefon qilganida, men uni duo qildim va quyidagi gaplarni aytdim: «O'g‘lim, avvalo, Parvardigor qo‘llasin, senga juda mas'uliyatli vazifa yuklatildi, juda diqqatli bo‘lgin. Senga jahon ko‘z tikmoqda, shuni unutmaginki, orqangda butun O'zbekiston turibdi, Vatanimizni obro‘sini yanada oshirishga o‘z hissangni qo‘shgin!»

Orzular ro‘yobi

Ravshan Ernatov haqida fikrlar:

Valeriy ButenkoFIFA hakami:«Turnirning eng yaxshi hakami esa, shubhasiz bu meni quvontirmay qo‘ymayapti, o‘zbekistonlik Ravshan Ermatovdir». 

Aleksey SmertinRossiya termasi sobiq a’zosi, Angliya premer-ligasida munosib to‘p surgan  mashhur hujumchi: «Hakamlar yuqori saviyalarini ko‘rsatishmoqda. Misol uchun, ochilish o‘yinida Meksika gol urgan vaziyatda bir lahzada o‘yindan tashqari holatni aniqlash juda murakkab edi. Shunchaki, hayratlanar: 32 yoshli referi o‘yinni misli ko‘rilmagan darajada sovuqqonlik bilan boshqardi! O’yin Rossiyalik bo‘lmasada, yarim xorij - o‘zbekistonlik hakamga ishonib topshirilgani yoqimli. Asosiysi, Ermatov zimmasidagi vazifani kamchiliksiz uddaladi».

- Janubiy Afrikadagi chempionatning ochilishi uyimizda katta bayramga aylanib ketdi. Barcha yaqinlarimiz oilalari bilan uyimizga kelishdi. Hammamizda ko‘tarinki kayfiyat, ammo o‘yin boshlanganidan to 90 daqiqa tamom bo‘lmaguncha, diqqat bilan Ravshanning hakamligini kuzatib turdim. Nazoratchi hakam sifatida aytishim mumkin, Ravshan o‘z vazifasini to‘liqligicha bajardi. Buni FIFA hakamlari komissiyasi ham o‘yin tafsilotlarini tahlil qilib, tasdiqladi. Shuni hisobga olib Ravshanga juda murakkab bo‘lgan Angliya-Jazoir o‘yini topshirildi, deb o‘ylayman. Mendan tez-tez so‘rab turishadi, Ravshan JARdagi chempionatning qaysi o‘yiniga hakamlik qilishni orzu qilyapti? O'g‘limga bitta narsaga jiddiy ahamiyat berishini o‘rgatganman. Professional hakamga birinchi darajali yoki ikkinchi darajali jamoalar bo‘lmasligi kerak. Hakam hammaga birday qarab, qaerga yuborishsa, o‘sha yerda o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi shart. Shundagina hakamni hamma hurmat qiladi. Bu uning prfessional burchi bo‘lishi kerak. Undan tashqari, ikkinchi turning o‘ta murakkab - Angliya-Jazoir uchrashuviga hakamlik qilish Ravshanga topshirilishini eshitganimizda, sevinchimiz ichimizga sig‘masdi... Ravshanning ikkinchi o‘yinini ko‘rib, ko‘nglim ancha xotirjam bo‘ldi. Uchinchi o‘yinni esa  hech qanday hayajonsiz kuzatdim. O'ylaymanki, uni oldinda hali yanada mas'uliyatli o‘yinlar kutmoqda...

Yashil maydon tashqarisidagi faoliyat

- Ravshan bolaligidan zukko bo‘lib o‘sdi, maktabda a'lo va yaxshi baholarga o‘qigan. Bilimga intiluvchan bo‘lganligi uchun ham otasiga o‘xshab ikkita diplomi bor. Oldin Toshkent Davlat jismoniy tarbiya instituti, keyinroq esa Iqtisodiyot universitetini bitirdi. Bolaligidan adabiyotga qiziqardi, ko‘p kitob o‘qirdi. O'zbek mumtoz va zamonaviy estrada qo‘shiqlarini tinglashni yoqtiradi. Bo‘sh vaqti kam bo‘lsada, o‘rtoqlari bilan tennis o‘ynab turadi. Shuningdek, kelinimiz Murodaxon bilan internet sahifalarini kuzatib turadi. Biroz bo‘sh vaqt topildi deguncha, internetdagi skayp dasturi asosida bir-birlari bilan gaplashib olishadi... Bugun oilamizda katta xursandchilik, kelinimiz Toshkent Davlat tibbiyot institutida oxirgi imtihonlarni a'lo baholarga topshirib, uni bitirdi. Bu diplom Ravshanning Afrikadan kelishiga Murodaxondan tuhfa... Ular bir-birlarini juda sevishadi, ilohim baxtli bo‘lishsin.

O'g‘lim barcha o‘zbek yigitlariga xos odat va udumlarimiz, milliy mentalitetimiz ruhida tarbiyalangan. Ravshan palov damlaganida mazza qilaman. Bundan tashqari, o‘zi qo‘y so‘yib, mehmon kutishni juda yoqtiradi... Bo‘sh vaqtlarida hovli ishlariga, gul va daraxtlarga qarashni yaxshi ko‘radi. O'g‘lim va kelinimning mehmondo‘stligi sababli uylari doimo mehmonlar bilan gavjum. Ravshanning do‘stlari juda ko‘p, lekin eng yaqini - bu Hamid Rasulov, ular ko‘p yildan beri inoqlar. Aslida Hamidjon FIFA komissiyasi imtihonlaridan o‘tish paytida biroz kasal bo‘lib qolgandi. Keyinchalik imtihonlardan yaxshi o‘tgan bo‘lsada, zaxira guruhida qolib, Janubiy Afrikaga borolmadi. Aminman, keyingi chempionatda iqtidorli hakamimiz Hamid Rasulov ham albatta, ishtirok etadi. Uning o‘rnini qirg‘izistonlik o‘zbek hakami Bahodir Qo‘chqorov egalladi. Uning asli kelib chiqishi Andijondan. Otalari sobiq ittifoq davrida Qirg‘izistonga borib qolishgan ekan. Bundan tashqari, Valentin Kovalenko bilan ham yaqin. Ravshan futbolimiz faxri Mirjalol Qosimovni ham akasiday hurmat qiladi.

Ustoz otangday ulug‘

 - Osiyoda hakamlik sohasida mashhur FIFA instruktori, OFK hakamlar Departamenti direktori Abdulla Nazriy ismli bilimdon kishi bor edi. U Ravshanning yaqin do‘sti bo‘lib, hakamlik sohasini o‘rganishida juda ko‘p yordam bergan. Ravshan uni o‘z ustoziday ko‘rardi. Xalqaro o‘yinlarda qanday hakamlik qilish tavsiyalari va boshqa amaliy yordamlari bilan o‘g‘limga doimo maslahatlarini berib turardi. U asli malayziyalik. Abdulla Nazriy 1995 yili Osiyoning eng yaxshi hakami ham bo‘lgan. Yurak xastaligi tufayli bu dunyodan ko‘z yumdi. Ravshan ustoziga bo‘lgan cheksiz hurmatini bildirib, 2009 yili olgan «Osiyoning eng yaxshi hakami» faxriy unvoni va kubogini uning xotirasiga bag‘ishlaganida ko‘pchilikning hurmatiga sazovor bo‘ldi. O'g‘limning bunday qaror qabul qilganini eshitib, ichimdan xursand bo‘lib, uni duo qildim... Ravshanning Malayziyaga yo‘li tushib qolganida har doim Abdulla Nazriyning oilasidan xabar olib, uning qabrini ziyorat qilib keladi. Rahmatli juda olijanob inson edi. U uyimizning doimiy va aziz mehmoni bo‘lgan. Ravshan Nazriydan tashqari, hakamlik sohasida jahonda dongdor Valentin Ivanov, Perluiji Kollina, Orasio Elizondo kabi tajribali referilardan o‘rnak olib, ulardan o‘zi uchun yetishmayotgan amaliy tajribalarni oldi. Umuman, hozir ham izlanishdan to‘xtamagan.

Mavlon Shukurzoda

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.