background
logotype

Shaxmat: Garri Kasparov - "Piyoda"likdan "shoh"likkacha

«PIYODA»LIKDAN «SHOH»LIKKACHA

XX asrning 70-yillari oxirida shohmot o‘yini nihoyatda ommalashib, deyarli futbol, boks, karate kabi miqyosga chiqqanda jahon arenasida bir yangi nom, yorqin iste’dod yulduzi asta porlay boshladi. Bu sovuqqon yigitcha barchani hayratga solib, goh shunday yumushlarni bajarib qo‘yardiki, hatto uncha-muncha kishini nazariga ilmaydigan kazolar ham qalqib-qalqib tushishardi. 
U avval piyoda edi... Hammasini piyodalikdan boshladi...

Garri Kasparov 1963 yil Ozarboyjon poytaxti Bokuda dunyoga keldi. Otasi Vaynshteyn Kim, sobiq maxsus muhandis-energetik, onasi Klara Kasparova, avtomatika va telemexanika bo‘yicha mohir muhandis edi. 

Garri Kasparov oilali, rafiqasi Yuliya, ikki farzandi bor: Polina (1993 yil tug‘ilgan), Vadim (1996 yilda tug‘ilgan). Bo‘lajak jahon chempioni oliy ma’lumotni Ozarboyjon pedagogika institutining xorijiy tillar fakultetida olishiga qaramay, aniq fanlarga nihoyatda qiziqishi baland edi.

Garri shohmat o‘yiniga ehtimol, hali dunyoga kelmasdanoq oshno bo‘lib qolgandir, chunki ota-onasi bo‘sh vaqtlarida shohmotni berilib o‘ynashardi. U besh yoshligidayoq «jiddiy» o‘yinchiga aylandi. Tengdoshlari ichra biror marotaba mag‘lub bo‘lmagan otasini besh yashar bolaning osongina yengishi — buyuk kelajakdan mujda berib esgan yengil shabboda edi. Garridan sharmandalarcha mot bo‘lganidan quvongan yagona shohmotchi uning otasi bo‘lsa kerak. Kim Moiseevich ko‘pqirrali shaxs, poeziya, shohmot va musiqaning ashaddiy muxlisi edi. O‘g‘lidagi g‘ayritabiiy qobiliyatni o‘z vaqtida payqab qolgan ota uni tarbiyalashga kirishdi.

Ilk jiddiy darslarni Garri Boku o‘quvchilar saroyida egalladi. Nihoyatda oz muddat ichida Kasparov Butunittifoq shohmot maktabiga qabul qilindi, unga dunyoning sobiq chempioni, mashhur Mixail Botvinnik rahbarlik qilardi. 
U «zobit»lik darajasiga chiqdi... 

Chin iste’dod egalariga xos bo‘lgan kutilmagan voqealar Garri bilan ham tez-tez sodir bo‘la boshladi. U o‘n sahifali daftar hoshiyasiga kattakon o‘yinning butun boshli ibtidosi va intihosini joylashtirib qo‘ygach, ulug‘vor kelajagi yorqinlashdi.

Birinchi tayyogarliklarni Kasparov shohmot ustalari A.Nikitin hamda A.Shakarov bilan birga amalga oshirdi. O‘tkir xotira va zakovatni qayta-qayta charxlab, tobiga keltirish natijasida Kasparov sobiq ittifoq qobig‘ini yorib chiqib, dunyo sahniga chiqib borardi. 

Kasparov dastlabki katta o‘yinni 1973 yili ona Vatani Ozarboyjon termasida Butunittifoq yoshlar chempionatida boshladi. O‘shanda «jang»lar Vilnyus shahrida bo‘lgandi. Shundan yarim yil o‘tgach, shu shaharda sobiq ittifoq yoshlari (18 yoshgacha) chempionati ham o‘tkazildi. Unda chempionat kashfiyoti sifatida G.Kasparov ham ishtirok etdi. Shuni unutmaslik kerakki, u mahalda Kasparov bor-yo‘g‘i 14 yoshda bo‘lib, chempionat ishtirokchilari o‘rtasida eng kenjasi edi. Lekin shohmot o‘yini yoshiga qarab emas, tafakkuriga qarab insonni baholaydi. Shu bois u bu matchlarda ham eng yuqori o‘rinlarni zabt etdi. Keyingi ikkita yoshlar chempionatida ham G.Kasparov «ochildi», g‘alaba qozondi. Uning avvalgi zafarlari tasodifiy emas ekanligiga ko‘pchilik amin bo‘ldi. 
U endi «otni mindi», «otni qamchiladi»... 

Garri Kasparov katta shohmot olamiga birinchi qadamni Sokolskiy xotirasi — (Minsk, 1978 yil)ga bag‘ishlangan xalqaro turnirda tashladi hamda «uloqboshi»lardan natijalar so‘ngida 3,5 ochko o‘zib ketdi. Bu bilan Garri ungacha hech bir kishi erisholmagan cho‘qqiga ko‘tarildi. U hech kimni siylab o‘tirmas, qaqshatqich intellektual zarbalarini yog‘diraverardi. Unda, avvalo, g‘oliblik ruhi ustun edi. Endilikda u xashaki sportchi emas, professional shohmotchi edi.

1979 yildayoq Kasparov grossmeysterlik talablarini bajarib, jahon rekordini o‘rnatdi. U birinchi o‘n o‘yinda 8 marotaba g‘alaba qozondi. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, bu ko‘rsatkich amaldagi chempiondan ham a’loroq natija edi. 1980 yil G.Kasparov yodiga zarhal harflar bilan bitilgan bo‘lsa, ajab emas. O‘sha yili u sobiq ittifoq termasida Yevropa chempionati o‘yinlarida (Skara shahri) 5 marotaba qozongan muvaffaqiyati evaziga oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi oltin medal Butundunyo maktab bitiruvchilari turnirida egallandi. Uchinchi oltin medalga 20 yoshlilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida erishildi. To‘rtinchi oltin medal esa sobiq SSSR tarkibida butun dunyo olimpiadasida nasib etdi. 
U shu ondayoq «to‘ra» unvoniga erishdi... 

Ulkan o‘yinlar 1982—83 yillarda shohmotdagi eng oliy nuqta — jahon chempioni degan nom uchun kechgan shiddatli janglarga ostonalik qildi. Unda Garri Aleksandr Belyavskiy, Vasiliy Smislov hamda Viktor Korchnoy bilan to‘qnash keldi. O‘sha damlarda bu o‘yinchilarni mag‘lub etish u yoqda tursin, bir stol yonida o‘tirib dona surishning o‘ziyoq sharafli va o‘rnida murakkab edi. Ammo Garri Kasparov bungacha shunday shov-shuvli matchlarda o‘zini ko‘rsatganligi bois hatto yengilmadi!

Endi navbat, voqealar rivoji faqat va faqat bir narsani ko‘rsatardi: Kasparovning amaldagi chempion Anatoliy Karpov bilan bellashuviga kelib yetilgandi. U davrlarda barcha-barcha, hatto shohmotga mutlaqo qiziqmaydiganlar xayolida ham shu olamshumul savol charaqladi: Kasparovning navqiron «oqimi»ga Karpov mustahkam «to‘g‘on»lik qila olarmikin?!

Bu kabi ajoyib savollarga 1985 yil 10 noyabrda Moskvaning Chaykovskiy nomidagi katta kontsert zalida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi jang javob berdi.

U shu kundan boshlab «shoh»lik «toj»ini kiydi! Anatoliy Karpov «to‘g‘on»i tor-mor etildi! 
Bu kelajagi porloq yigitning buyuk g‘alabasi edi!

Zohidjon XOLOV

 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.