OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Temir Mayk ringni sog’ingan

 So‘nggi paytlarda mashhur charm qo‘lqop ustasi Mayk Taysonning katta ringga qaytishi to‘g‘risidagi xabarlar ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinadigan bo‘lib qoldi. Xorij matbuoti temir Maykning juda yaxshi sport firmasiga kirib borayotganligini qayd etmoqda. Ko‘pchilik muxlislari Taysonni haligacha «boks qiroli va dahosi», deb bilishadi.

Darhaqiqat, uni Jo Luis va Muhammad Ali kabi moziy yulduzlari bilan bir qatorda tilga olinishi bejiz emas.

Yuksak texnika va kuchli zarbalar sohibi bo‘lgan Mayk raqiblarini ringga chorlamoqda. Sport turlari orasida boks kabi janjal va mojarolarga boyi kamdan-kam topiladi. Bizning qahramonimiz ana shu janjallarning «oloviga kerosin quyuvchi», «gugurti» sifatida ham nom chiqargan.

Mukammal texnika va qudratli hamda albatta nokaut bilan yakun topadigan zarbalari uning «Temir Mayk» nomi bilan shuhrat qozonishiga sabab bo‘lgan. Shuning uchun ham professional boks tarixida jahonning eng yosh mutloq chempioni bo‘lgandi. Xo‘sh, chempion Mayk nega ringdan chiqib ketdiyu, qanday qilib yana boks olamida paydo bo‘lib qoldi? Uni ringga qaytishga nima majbur qildi?

Ismiga «temir» nisbati qo‘shib aytiladigan Mayk Jerald Tayson 1966 yil 30 iyunda AQShning Bruklin shahrida tug‘ilgan. Otasi Pasel Tayson ichkilikka ruju qo‘ygan bo‘lishiga qaramay, ancha vazmin odam edi. Onasi Lorna Tayson esa farzandlaridan zahrini ayamaydigan badjahl ayollardan bo‘lgan.

Maykning boksga kirib kelishi qiziq voqea bilan boshlangan. U birinchi murabbiyining ofisiga borganida hali juda yosh, shunday bo‘lsa-da, 85 kg tosh bosadigan vaznga ega, gavdasi ham uni yoshiga nisbatan ancha katta ko‘rsatardi. Murabbiy Maykka boshdan-oyoq razm solib: «Kechir, o‘g‘lim, sen kechikibsan, biz o‘n sakkiz yoshga borib qolganlarni olmaymiz», deganida, «Qanaqasiga o‘n sakkiz? Endigina o‘n uch yoshga kirayapman-ku», deydi Mayk shosha-pisha. Bu gapni eshitgan murabbiy uni shu zahoti zalga boshlaydi. Maykning tezkor harakatlariyu, to‘xtovsiz urishlarini kuzatgan murabbiy bir umr orzu qilib kutgan odami shu o‘smir ekanligini his etadi.

Mayk boksni shunday o‘zlashtirdiki, mutaxassislar uning «total bokschi»ligini tan olishdi. U ham himoyani, ham hujumni birdek mahkam ushlay olardi. Zarur vaziyatda raqibni chalg‘itgan holda shoshirib qo‘yar, ringni erta tark etishga majbur etardi. Maykning temir irodasi to‘g‘risida uning raqiblari ham iliq fikrlarni bildirishadi.

Dastlabki o‘tkazgan janglarida Maykning raqiblari birinchi raund tugar-tugamas mag‘lubiyatini bo‘yniga olardi. Jang mahali Mayk «yo‘lbars»ga aylanar, unga yaqinlashish esa raqib uchun havas qilib bo‘lmaydigan holat bilan tugardi. Uning «ishtahasi ochilgan» paytda to‘xtatib qolish nihoyatda mushkul edi. Hatto uning murabbiysi: «Maykning qonga to‘lgan ko‘zlarini ko‘rsam, ring tashqarisida turganligimga shukr qilaman», degandi.

Temir Mayk jang boshlanishi bilan to‘xtovsiz do‘pposlashga kirishib ketar, raqiblarning bunga bardosh berishi esa juda mushkul vazifa edi. Natijada raqib himoyasi parokanda bo‘lardi. U  professional boks olamiga chaqmoqdek yaraqlab kirib keldi. O‘zining birinchi mavsumidayoq u 15 ta jang o‘tkazib, barchasini nokaut bilan yakunladi. Endilikda raqiblari Maykka qarshi ringga alohida tayyorgarlik bilan chiqadigan bo‘lishdi. Shundan so‘ng Mayk mashhur promouter Don King bilan ishlay boshladi.

Ketma-ket g‘alabalar yosh Taysonni esankiratib qo‘ygandi. U bora-bora o‘ziga teng kuch yo‘qligiga ishona boshladi. G‘alabalar abadiy emasligini u hali idrok etolmasdi. Bu esa unga qattiq pand berdi. 1990 yil Tokio ringida Mayk Jeyms Duglasdan alamli mag‘lubiyatga uchradi. Duglas Taysonning ruhiyatini tushirib yubordi. Bu dramatik jang yakunlangandan so‘ng Evander Xolifild shunday degandi: «Jeyms Taysondan qo‘rqmagan birinchi bokschi bo‘ldi. Endi men ikkinchi bo‘lishim kerak». Bu mag‘lubiyat Maykka qattiq ta’sir qildi.

Ustiga-ustak «Qora miss Amerika» tanlovi g‘olibasi Dezire Vashington uni sudga berdi. 1991 yil 9 sentyabr kuni Indiana shtati Katta sudi Taysonni qonunning 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor, deb topdi. Jumladan, unga Dezireni zo‘rlaganlik aybi qo‘yildi. 1992 yil 10 fevralda sud uni qamoqqa hukm qildi. Mayk qamoqda Bibliya va Lek Tolstoyning kitoblarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qidi. Bu bilan u o‘tmishning buyuk bokschisi Muhammad Alining taqdirini eslatib yubordi.

Nihoyat, vaqt malham deganlaridek, Mayk o‘ziga kela boshladi. 1996 yili WBA yo‘nalishida u chempionlik unvonini qaytarib oldi. Ammo voqealar rivoji Taysonning yana omadsizliklari boshlanayotganligidan darak berardi. Chindan ham Evander Xolifildga qarshi jangdagi xurmacha qilig‘i, ya’ni, raqibining qulog‘ini tishlab olganligi uning obro‘siga jiddiy putur yetkazdi. Jangdan so‘ng doktorlar va komissiya a’zolarining tibbiy xulosalari «temir Mayk» uchun ijobiy bo‘lib chiqmadi.

Uzoq vaqt boksdan chetda qolgan Mayk vrachlarning yozma roziligini olgach, Janubiy afrikalik Fransua Botaga qarshi kechadigan jangga hozirlik ko‘ra boshladi. Jangda Bota Taysonni yenga oladigan kuchga ega emasligi oydinlashdi. U Maykning zarbalariga 4-raundgacha dosh berdi, xolos. Birgina xato uning muddatdan oldin mag‘lubiyati uchun yetarli bo‘ldi.

Eski shuhratini tiklagan ham ediki, Mayk yana bir mojaroga o‘ralashib qoldi. Merilend shtatining ikki fuqarosini savalagani uchun qamoqda bir necha kun o‘tirib chiqishga majbur bo‘ldi. Uch oylik qamoq muddatini o‘tab chiqqan qahramonimiz hashamatli «MGM Grand Hotel» saroyida 86.2 kggacha bo‘lgan vaznda WBA yo‘nalishi bo‘yicha jahon eks-chempioni Orlin Norrisga qarshi ringga ko‘tarildi. Birinchi raunddayoq Taysonning kuchli zarbasi raqibni nokdaun holatiga tushirib qo‘ydiyu, Norris jangni davom ettirmaslikni ma’qul ko‘rdi.

Mayk 2000 yil 29 yanvarda Manchesterda Buyuk Britaniyaning tengsiz bokschisi Julius Frensisni ajoyib tarzda  mag‘lub etdi. Julius birinchi raundda uch marta, ikkinchi raundda ikki marta polga yiqildi. Bu g‘alabasi bilan Mayk o‘zini hammaga yana bir bor eslatib qo‘ydi.

Shuni aytish kerakki,  Taysonni butun umr shon-shuhratu, ayanchli omadsizlik, quvonchu tashvish ta’qib qilib kelmoqda. Keyingi yillarda u qarzga botib qoldi, o‘zining tan olishicha, hatto giyohvand moddalar bilan savdo qiluvchilardan tilamchilik qilishgacha borib yetdi. Hayotning achchiq saboqlari uning hushini joyiga keltirdi shekilli, vaqtida o‘zini jinnilikka ham solganman, aslida aql-hushim joyida, degan gaplarni aytdi. Ayanchli ahvoldan qutilish uchun boksga qaytishni e’lon qildi. Maykning ruhiy holati joyida ekanligi bot-bot tilga olinmoqda.

«Men o‘zimni juda yaxshi his qilayapman. O‘ylashimcha, bunday yuqori kayfiyatda g‘alaba qozona olmaslik adolatdan emas», deydi «temir Mayk».

Ko‘rinib turibdiki, Tayson katta ringga qaytishga qat’iy bel bog‘lagan. Balki u barcha bashoratlarni chippakka chiqarib, deyarli tarixga aylangan g‘alabalarini davom ettirar?! Nima bo‘lganda ham qahramonimizning  ringdagi «sarguzashtlari» hali-veri tugamaydi, shekilli. Qani, ko‘raylik-chi, Mayk 38 yoshida chempion bo‘la olarmikan?!
Millionlab muxlislari ham xayrixohlik bildirib, ring qiroli janglarini orziqib kutmoqdalar.

Otabek Yo'ldoshev
“Nur” gazetasidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.