background
logotype

Tennis: Mariya Sharapova - Baqiroq Kuloyim

Mariya Sharapova
Tug‘ilgan sanasi: 1987 yil 19 aprel Nyagan shahri
Bo‘yi: 187 sm. 
Og‘irligi: 59 kg. 
O‘ng qo‘lida o‘ynaydi. 2001 yildan beri professional. 
Murabbiylari: Robert Lensdorp va Maykl Joys. 
Sport homiysi: Nike.
Paketka rusumi: Prince.

Mariya Sharapovaning o‘yin payti qattiq baqirishini ko‘pchilik yoqtirmaydi. Hatto ayrimlar bu kabi qattiq ovozdan titroqqa tushishini ham ta’kidlashgan. Shuning uchun uning sportdagi laqabi —«Baqiroq Kuloyim». Biroq bular haqiqiy talant va chiroyli o‘yin oldida mayda-chuydadek tuyuladi, ko‘zga tashlanmaydi. Mariya tennisdan tashqari fotomodellikda ham o‘zini sinab ko‘rgan. «Moda jurnallari sahifalarida suratim chiqishi men uchun emas ekan. Men kortda tennis o‘ynash va g‘alaba uchun kurashishdan ko‘proq rohat olaman», — deydi u. 

U haqiqiy — vatanparvar. Fuqaroligini almashtirish to‘g‘risidagi savollarga Masha har doim qat’iy va aniq qilib javob beradi: «Men o‘zimni hamisha rus deb his qilganman. Fuqaroligim ham Rossiyaniki va shunday bo‘lib qoladi. To‘g‘ri, yarim hayotim AQSh bilan bog‘liq. Garchi sportchilik faoliyatim gullab-yashnashiga Amerikadagi akademiya katta hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, men o‘zimni haqiqiy rus deb bilaman va erishgan g‘alabalarimni Vatanim uchun bag‘ishlashda davom etaman».

Chempionlar, jumladan Monika Selesh va Andre Agassining murabbiysi Nik Bolleteri u haqida shunday deydi: «U mashg‘ulotlarga ortiqcha vaqt sarflamaydi. Maksimal darajada tayyor turishga intiladi. Turnirlarda har bir to‘pni yutib olish uchun ter to‘kadi. Qat’iylik va pozitiv ustunlikka erishish u uchun qiyin emas. Lekin ruhiyati juda nozik. 

Ishlarni amalga oshirish rejasini esa otasi ishlab chiqadi. Yuriy — bosh qo‘mondon. Mariya esa ishlangan dasturni amalga oshiruvchi jangchidir”.

Turli shov-shuvlarning sababchisi tennis olamida allaqachon o‘z nomiga ega bo‘lgan 20 yosh ostonasida turgan Mariya Sharapova qanday qilib shu darajaga yetishdi? 

Mariya Sharapova 1987 yilning 19 aprelida Sibirdagi kichik shaharlardan biri Nyaganda dunyoga keldi. Uning ota-onasi asli Ukrainaning Gomel shahridan bo‘lib, Chernobl AESda ro‘y bergan halokatdan so‘ng boshqalar qatori sovuq o‘lkaga evakuatsiya qilingan edi. Ko‘p o‘tmay, ular Sochiga ko‘chib o‘tishdi. 

Raketkani birinchi bor qo‘liga olganda, Mariya 4,5 yoshda edi. Tennisning ashaddiy muxlisi bo‘lgan Yuriy Sharapov qizidagi iste’dodni o‘z vaqtida ilg‘ay oldi va farzandini murabbiy adashi Yuriy Yudkinga shogirdlikka berdi. Ota mashhur tennischi Yevgeniy Kafelnikovning otasi bilan qadrdon bo‘lgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Yevgeniy o‘zining raketkalaridan birini endi besh yoshga qadam qo‘yayotgan qizaloqqa sovg‘a qilgandi. 

«Meni hayron qoldirgan narsa — Masha murg‘akligidayoq yaxshi fikrlay olar, aytgan va ko‘rsatganlarimni bekamu ko‘st bajarardi. Hozir ham ko‘pchilik tushunmaydigan zarba berish usullarini u o‘sha paytdayoq o‘zlashtirib olgani hamon yodimda. Yetti yoshga to‘lib-to‘lmay, burama zarba berishni o‘rgandi va shu bilan mitti usta tennischiga aylandi, — deya eslaydi ustozi Yuriy Yudkin. — Aslida hayotda u mehribon, sodda, samimiy va quvnoq qiz. Qo‘liga raketka olganda esa uni to‘xtatib qolish qiyin. Shu paytdan boshlab g‘alaba va faqat g‘alaba haqida o‘ylay boshlaydi. Uch yil mobaynida mashg‘ulot olib borgan bo‘lsam, u menga biror marta ham “Charchadim !” demagan”.

Yosh boladagi talantga guvoh bo‘lgan Martina Navratilova uning otasi bilan suhbatlashar ekan, AQShning Florida shtatidagi Nik Bolleterening tennis akademiyasi haqida gapirib qoldi. Ko‘pdan beri farzandining kamolini ko‘rishni orzu qilib kelayotgan Yuriy Sharapov boshqa mashhur tennischilardan ham shu kabi maslahatlarni eshitgach, qizi bilan Amerikaga yo‘l oldi. Safar muammolarini hal qilishda Rossiya tennis federatsiyasi (RTF) yaqindan yordam berdi. Mariyaning onasi Yelena ham ikki yil o‘tib, xorijga chiqish uchun ruxsat olgandan so‘ng, okean ortiga ravona bo‘ldi. Sharapov esa akademiyada murabbiylarning ish uslublari bilan yaqindan tanishib chiqqandan keyin, Robert Lensdorp variantini ma’qul topdi. Sababi ushbu mutaxassisning qo‘l ostida o‘z vaqtida Pit Sampras, Lindsey Devenport va Treysi Ostin singari tennis yulduzlari yetishib chiqishgandi.

«Tennis uning borlig‘i. O‘yin payti koptok, raketka, kort va setkaga bog‘liq bo‘lmagan barcha narsalarni esdan chiqaradi. Jurnallarda chop etilgan mish-mishlar, oldi-qochdi gaplar hamma-hammasi bu payt unga yot. Kortda erishilgan natija u uchun eng muhimi. Boshqa narsalar ikkinchi darajali. Masalan, uning mashg‘ulotlarini tomosha qilishning o‘zi kifoya. Ammo asosiy match boshlanganda, u maydonning o‘rtasida turib tayyorgarlik ko‘rishni yoqtirmaydi. «Tezroq boshlash va tugatish». Uning shiori shunday. Arenaga kirib kelib, u shunday deydi: «Boshladikmi, jin ursin!» Uni haqiqiy jangchiga qiyoslash mumkin. Men faoliyat yuritayotgan maktabda Mariya raqiblari bilan sparringga kirishganda, dugonasi tajriba quyonini eslatardi»,— deydi akademiya prezidenti. 

Masha Xalqaro Tennis Federatsiyasi (XTF) tasnifiga kiruvchi musobaqalarda debyutini 2001 yil Sarasota shahrida nishonlagan va afsuski, birinchi o‘yindayoq imkoniyatni boy bergandi, biroq bir yildan keyin Ayollar Tennis Asotsiatsiyasi (ATA) doirasida Kolambus shahrida tashkil etilgan turnirning birinchi matchida dunyo tennis reytingida kuchli 300 nafar sportchining biridan ustun keldi. O‘shanda uning nomi hatto rasmiy jadvallarda ham yo‘q edi. U shu yilgi mavsumda XTFning uchta titulini qo‘lga kiritdi. 

2003 yildan boshlab qahramonimiz oliy maqomdagi turnirlarda o‘zini ko‘rsata boshladi. Yanvar oyida Avstraliya ochiq chempionati saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Fevralda ATAning kompyuter-serveridagi ro‘yxatning 153-qatoridan joy oldi. Mayda Say-Aylend (AQSh) shahrida yakunlangan XTFning yana bir birinchiligida zafar quchdi. Oz o‘tib, Rolan Garros turnirining kvalifikatsiya bahslaridan o‘tib, «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi birinchilikda ishtirok etish imkoniyatiini qo‘lga kiritdi. Navbati bilan Mariyaning jonu dili bo‘lgan chimli kortlarda o‘tkaziladigan musobaqalar ham yetib keldi. Birmingem shahrida u ketma-ket uch nafar raketka ustasi — frantsiyalik Natali Deshi, shveytsariyalik Mari-Gayan Mikaelyan va hamyurti Yelena Dementevani mag‘lubiyatga uchratdi. Yarim final tay-brekida yaponiyalik Shinoba Asagoga yutqazib qo‘ydi. Shundan so‘ng tashkilotchilar iste’dodli o‘yinchini Uimbldon turniriga taklif etishdi. U yerda kuchli 16 talik safiga kirdi. 

2003 yilning ikkinchi yarmini esa chin ma’noda omadli keldi, deyish mumkin. ATA turkumiga kiruvchi Tokio va Kvebek-Siti shaharlaridagi turnirlarda birinchi o‘rinni egallab, dunyo reytingiza 32-o‘ringa ko‘tarilib oldi hamda 16 yoshidayoq asotsiatsiya tomonidan «yil kashfiyoti» nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.

2004 yilgi mavsum ham muvaffaqiyatlarga boy tarzda kechdi. Rolan Garrosda chorak final, keyin chimli kortlardagi mag‘lubiyatsiz seriya, uch hafta o‘tib erishilgan afsonaviy g‘alaba uni yanada mashhur qilib yubordi. Uimbldon turnirining finalida okean ortilik «dahshat soluvchi» — Serena Uilyamsning dog‘da qoldirilishi eng katta yutuq edi. Hisob ham o‘ziga yarasha — 6:1, 6:4. O‘shanda ikkinchi bo‘limda Sharapova 2:4 hisobida ortda qolayotgan bo‘lsa ham, yakunda o‘zining mahoratiga tayanib ko‘rsatgan o‘yini tufayli bahsni o‘z foydasiga hal qilishga erishgandi. Bu nafaqat uning, balki rus tennischilarining Uimbldondagi dastlabki g‘alabasi bo‘ldi. Shundan so‘ng, u ATA tasnifida 8-o‘rin egasiga aylandi. 

Keskin ko‘tarilishning pasayishi ham shunga monand tarzda kechadi. AQSh ochiq chempionatida Mari Pirsga yutqazib qo‘yish unga kuchli ruhiy ta’sir o‘tkazdi, ammo rossiyalik sportchi to‘siqlarni yengishda o‘zida kuch topa bildi va mavsum so‘ngida bu o‘z mevasini berdi. Seul va Tokioda erishilgan g‘alabalar Los- Anjeles shahrida tashkil etiladigan yilning markaziy musobaqasi eshiklarini ochib berdi. «Farishtalar shahri»da u yana finalga chiqdi va yana Serena Uilyams bilan to‘qnash keldi. Qiyin o‘tgan uchrashuvda Mariya yana g‘olib bo‘ldi — 4:6, 6:2, 6:4 va 2004 yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritib, dunyoning to‘rtinchi, Rossiyaning ikkinchi raketkasi bo‘ldi. Xalqaro tennis jurnalistlari asossatsitsiyasi tomonidan yilning eng yaxshi tennischisi deb topildi. 

2005 yili ham tennis toji uchun kurash davom ettirildi. Avstraliya ochiq chempionatida Mariya yarim finalda Serena Uilyams to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Yaponiya poytaxtida Toray Pan Pacific Openda o‘z faoliyatidagi 8-yutug‘iga erishdi. Finalda bir ustozning ikki shogirdi yuzma-yuz keldi — Mariya Sharapova va Lindsey Devenport. Oxir-oqibat taqdir rossiyalik sportchiga kulib boqdi. 

Doxadagi g‘alaba, Indian-Uellsda yarim finalgacha yetib borish va Mayamidagi final uni ATA ro‘yxatining norasmiy muvaqqat (4 apreldan 11 aprelgacha) yetakchisiga aylantirdi. 18 yoshiga kirishiga bir hafta qolganda u rasman ikkinchi o‘ringa tushdi va bu uning yoshida yomon natija emasdi. Mayamida tashkil etilgan tennis asotsiatsiyalarining yil yakuniga bag‘ishlangan an’anaviy tadbirida Mariya Sharapova uchta yo‘nalish bo‘yicha tengsiz deb topildi — “2004 yilning eng yaxshi ayol tennischisi”, “O‘sib borayotgan eng yosh o‘yinchi” va “Muxlislar mehrini qozongan raketka ustasi”.

Shu yili Kremlda prezident Vladimir Putin ham uni muvaffaqiyatlar bilan qutlab, Mariya singari yoshlar boshqalarga o‘rnak bo‘layotganini ta’kidlar ekan, yosh sportchiga omad tiladi.

Mariya maysali maydonda yaxshiroq o‘ynay olardi. Afsuski, Birmingemda ham, Uimbldonda ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmadi. Xususan, Uimbldondagi yarim finalda Vinus Uilyamsga yutqazib qo‘ydi. Shunday qilib, chimli kortlarda davom etgan 22 matchdan iborat g‘alabali seriyaga chek qo‘yildi. Lekin u Forbes jurnali tomonidan «Dunyoning eng mashhur 100 kishisi» tarkibiga kiritildi. U ro‘yxatdagi yagona rossiyalik edi. Mariyaga Los-Anjelesdagi yana bir obro‘li unvon — ESPY Awards topshirildi. Shuningdek, ESPN telekanali ham Mariyani «Yilning eng yaxshi tennischichi» deb e’lon qildi. 52 hafta mobaynida ATA tasnifida karvonboshilikka asosiy da’vogar sifatida qarab kelinayotgan Masha, haqiqatan ham, oliy maqomdan bir qadamgina ortda kelayotgandi. U yetakchi Lindsey Devenportga yetib olish uchun u Los-Anjeles turniri — JPMorgan Chase Openning chorak finalida slovakiyalik Daniela Xantuxovani mag‘lubiyatga uchratsa kifoya edi. Baxtga qarshi, oldingi yili Syurixda orttirib olgan ko‘krak muskullaridagi jarohat va gripp uni musobaqani muddatidan avval tark etishga majbur qildi. Shunga qaramay, hafta o‘tib, 22 avgustda ATAning rasmiy saytida e’lon qilingan yangi reytingda uning ism-familiyasi birinchi raqamda turardi. 365 kun davomida ko‘rsatilgan natijalar boshqa tennischilarnikidan yaxshiroq bo‘lib chiqdi. US OPEN — 2004dagi g‘alabadan keyin tashkil etilgan 17 turnirning oltitasida birinchi, ikkitasida ikkinchi, oltitasida yarim final va uchtasida chorak final ishtirokchisi bo‘lish uning azaliy orzusini ro‘yobga chiqardi. Masha 1975 yildan beri muntazam e’lon qilinadigan «Katta dubulg‘a» tasnifi yetakchiligini qo‘lga olgan 15- va o‘z o‘rnida Rossiyaning 1-tennischisi bo‘ldi. Navbatdagi AQSh ochiq chempionatiga u birinchi raqamli raketka ustasi sifatida tashrif buyurdi va yarim finalda bo‘lajak chempion belgiyalik Kim Kliystersni yuta olmadi — 2:6, 7:6, 3:6. Shunday bo‘lsa ham, 2005 yil sentyabr oyida raqibalarini 365 ochko farqi bilan ortda qoldirib, maqomini saqlab qoldi, biroq uni jarohatlari qiynay boshladi. Pekindagi bellashuvlarning yarim finaligacha yetib bordi va dugonasi Mariya Krilenkodan yengildi. Keyin va’dasiga binoan Moskvaga Kreml Kubogida qatnashish uchun tashrif buyurdi. RTF Prezidenti Shamil Tarpishev unga «Rossiya kubogi» va «2004, 2005 yilgi mavsumlarda Rossiyaning eng yaxshi tennischisi»ga atalgan sovg‘alar hamda «Rossiya federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan sport ustasi» guvohnomasini topshirdi. Vatanida Masha o‘zini ko‘rsata olmadi. Dastlabki o‘yinda raqibasi unchalik ham taniqli bo‘lmagan Anne-Lene Gryonfeld jarohat olgani uchun yutqazib turgan Mariya keyingi bosqichga chiqdi. Ikkinchi matchda Dinara Safina mashhur yurtdoshini ayab o‘tirmadi. 24 oktyabrga kelib, ketma-ket yuz bergan muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng «baqiroq qiz»ning reytingi pastlab ketdi. Jismoniy toliqish va turli jarohatlar uni yetti haftaga safdan chiqardi. Shu jumladan Filadelfiyadagi turnirni ham o‘tkazib yubordi. Ammo Los-Anjelesdagi yilning eng yirik musobaqasiga bora olmaslik katta xato ekanligini anglab yetgach, unda ishtirok etishga qaror qildi. Guruh bosqichida yaqqol favorit Lindsey Devenport, so‘ngra Patti Shnider mag‘lubiyatga uchratildi. Yarim finalda esa Ameli Moresmo Mariyaning orzularini yo‘qqa chiqardi. Shunday qilib, u uchun 2005 yilgi mavsum nihoyasiga yetdi. 

«Men ikkinchi setda o‘zimni yomon his qildim, — deydi u uchrashuvdan keyin. — Agar jarohatim bezovta qilmaganida, o‘yinni yaxshiroq nazorat qilgan va balki g‘alaba qozongan bo‘lardim. Umid qilamanki, kelayotgan yil bunday bo‘lmaydi va men tennis taxtiga ko‘tarilish uchun urinib ko‘raman». 

Bu yil haqiqatdan ham maqsadini amalga oshirishga qattiq bel bog‘lagan ko‘rinadi.

Saidjon MAXSUMOV

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.