background
logotype

Afzal Rafiqov: “Ma’naviyatli, zukko tomoshabinni tarbiyalashimiz kerak” (2009)

O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov bilan suhbatimiz yurtimizda kino, teatr san’ati erishayotgan muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda, ayrim muammolar, kelajakda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar umuman, u kishining betakror rollari-yu sohir ovoz sehri, ijod mashaqqatlari haqida kechdi.

– Afzal aka, suhbatimizni inson hayotining eng shaffof onlari hisoblangan bolalik pallasi haqidagi xotiralaringizdan boshlasak. Qolaversa, san’at maydonidagi qiyinchiliklarni yengib, bu kunlarga yetib kelishingiz oson bo‘lmagandir...

– Bolaligim mustabid davrining ayanchli kunlariga to‘g‘ri kelgan. Xizmatchi oilasida tug‘ilganman. Oilamiz moddiy jihatdan to‘kin-sochin emasdi. U paytlari hamma narsa taqchil. Uyda yegulik hech vaqo yo‘qligidan onam rahmatlik kunu tun do‘ppi tikardi. Onamga ko‘maklashish maqsadida bola bo‘lsam-da, do‘ppi tikishga yordam berardim. Hech qachon mehnatdan qochmaganman. Faylasuflardan biri «Mehnatsiz hayot o‘g‘rilik, san’atsiz hayot — vahshiylik» degani kabi oilamizda san’atkor bo‘lmasa-da, lekin adabiyot, san’at har doim e’zozlangan. Boshlang‘ich ta’limni rus tilida olganim bois Tolstoy, Dostoevskiy, Pushkin, Lermontov, Turgenev asarlarini o‘qiganman. Lekin o‘zbek adabiyotidan biroz uzoq edim. San’at bilan chinakam shug‘ullanganimdan so‘ng Alisher Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat ijodiga duch keldim. Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini 17 yoshimda o‘qiganman. Menimcha, bu juda kech. U paytda davr shunaqa edi. Xalqimiz o‘z tarixi bilan bog‘lab turuvchi ildizlaridan uzilgandi. Hatto buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz haqida kitoblardan bir satr ham topolmasdik. San’at menga o‘zbekligimni, tomirimda buyuk ajdodlarimiz qoni oqayotganligini, milliy madaniyatimizga xizmat qilishim kerakligini anglatdi. Buyam taqdirning bir in’omi bo‘lsa kerak.

– Yurtimizda shunday yorqin iste’dodli aktyorlar borki, ularning mahorati va ijro etgan rollari ibratlidir. Ana shunday iste’dodlardan biri sifatida sizni ham elimiz e’zozlaydi. Harakatlaringiz, mimikangiz, bir xillikdan qochish, har bir jumlaga, bo‘g‘inga alohida e’tibor qilish, faqat o‘zingizga xos sehrli ovozingiz... Balki, bu dublyaj olamiga yaqinligingiz tufaylidir...

– Rahmat. Dublyaj – mashaqqatli mehnat. Eng qiyin kasblardan biri deb o‘ylayman. Buni ulug‘ ustozlarim ko‘magida ilk bor shu sohaga kirib kelganimda anglaganman. Avval, ommaviy sahnalarda qatnashganman, keyin bir-ikki so‘zli epizodlarda ovoz berganman. To bosh rolga ovoz berishim uchun oradan olti-etti yil o‘tib ketgan. O‘zbek dublyajini yaratgan Ilyos Yoqubov, Sofa Imomqulova, Eson Karimov, Sobit Saidov va boshqa rejissyorlar ovoz tanlashda mohir edi. Ular tanlagan ovoz ekrandagi qahramonlarning ham botinan, ham zohiran dunyosiga mos tushardi. Dublyajda bu eng muhim jarayon hisoblanadi.

– Sizningcha, haqiqiy dublyaj aktyori qanday bo‘lishi kerak. Haqiqiy aktyor-chi?

– Haqiqiy dublyaj aktyori birinchi navbatda mahoratli artist bo‘lishi kerak. Ijobiy va salbiy obrazga ovoz berayotganda uning qahramoniga aylansagina muvaffaqiyat qozonadi. Aktyor ba’zan ruhiyatiga teskari obrazni ham yarata olishi kerak. Masalan, salbiy obraz aslida qanday bo‘lsa – ayyor, uzoqni ko‘ra oladigan, uddaburon, epchil, makkor va kuchli qilib ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. O‘zingda yo‘q xislatlarga duch kelish bir tomondan qiziqarli hamdir. Eng asosiysi, tomoshabinni ishontira olish kerak. Men «Marina Klara» serialidagi erkaklarga bir o‘zim ovoz berganman. Serial ekranda namoyish etilganda ustozim Bahodir Yo‘ldoshev: «San’atda sizlardek aktyorlar borligidan faxrlanaman», degandi. Hamkasbim Hojiakbar Nurmatov ham iliq fikr bildirgan. Demak, men ishimni baholiqudrat uddalayapman. Hamkasblar e’tirofi bu — juda katta gap!

Ammo kino san’ati menga “buyurmagan” ekan. Tashqi ko‘rinishim milliy emasligi bois, faoliyatim boshida muammo tug‘dirdi. Teatrda menga G‘ofur yoki Yo‘lchini emas, Viktor, Aleksandrov kabi rus qahramonlari rollarini berishardi. Shundan so‘ng, menga milliy obrazni yaratish nasib etmasa kerak, degan xayol­da teatrni butunlay tashlab ketmoqchi ham bo‘lganman. Lekin 1991 yilda Alisher Navoiy obrazini yaratish baxtiga muyassar bo‘ldim. Navoiy rolini ijro etgach, o‘zimni dunyoda qayta tug‘ilgandek sezdim.

– Har bir aktyor ko‘nglidagidek rolni o‘ynashini yillab, kerak bo‘lsa hatto bir umr kutishi mumkin. Siz o‘zingizni to‘laqonli namoyon qilishga turtki bo‘lgan rol haqida to‘xtalsangiz?

– O‘zimni aktyor sifatida qo‘limdan u-bu narsa kelishini namoyon etgan rollar – Alisher Navoiy obrazi hamda V. Vasilevning «Ro‘yxatlarda yo‘q» spektaklidagi bosh qahramon obrazidir.

– Xalqimizda «Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar», — degan ajoyib naql bor. Siz ko‘rgan ustozlar va ularning talabi, jonkuyarligi qay darajada bo‘lgan? Sizningcha, ustoz va shogird an’analari bugun qanday davom etmoqda?

– Xalqimizda «Yaxshi buzoq ikki onani emadi», — degan naql ham bor. Teatr sahnasida o‘z o‘rnimni topishim uchun menga rahnamolik qilgan ustozlarim ko‘p bo‘lgan. Mannon Uyg‘ur nomidagi san’at institutida sirtdan o‘qib, Milliy akademik drama teatrida amaliyot o‘taganman. U paytlar buyuk aktyorlar – Olim Xo‘jaev, Shukur Burhonov, Qudrat Xo‘jaev kabi san’atkorlarning ayni kuchga to‘lgan, gullagan payti edi. Ularning salobati bizni hayratga solardi. Ustozlar rol ijro etayotgan jarayonlarni qunt va maroq bilan kuzatardim. Baxtimga ularning barchasi yuksak darajadagi san’atkor bo‘lishgan. Keyin ustoz tanlay bilish ham kerak. Nazarimda, ustoz va shogird an’analari hozir ham uzviy bog‘liqdek ko‘rinadi.

– Keyingi paytda o‘zbek dublyaj san’ati dunyoga chiqmoqda. Bu albatta, ana shu sohada xizmat qilayotganlarning mehnati sharofati emasmi?

– Azaldan “O‘zbekfilm” studiyasida dublyaj qilingan kino asarlar chet ellarda o‘tkaziladigan kino festivallarda nufuzli o‘rinlarni egallab, yuqori baholangan. Bugun ham muvaffaqiyatlar bor-u, ammo hozirgi paytda biz ana shu cho‘qqiga yeta olmayapmiz. Ochig‘i, hozir haqiqiy dublyaj yo‘q. Agar e’tibor bersangiz, o‘zbek tiliga o‘girilgan kino asarlar ostidan asl qahramonlar ovozi ona tilisida eshitilib turadi. Buni dublyaj emas, kadr ortidan sinxron tarjima deyiladi. Sof tarjimalar uchun bizda hali imkoniyat yaratilmagan. Menimcha, dublyaj televidiniedan ajralib chiqishi shart. Ilgari dublyaj qilingan filmlarda tasvir, musiqa, shovqinlar, aktyor­lar ovozi yozilgan kino lentalar alohida saqlanardi va alohida yozilardi. Keyin dublyaj qilingan filmlar faqat o‘zbekchada eshitilardi. Menimcha, bugun xorij seriallari efirga uzatilayotganda O‘zbekiston teleradiokanalida dublyaj qilindi emas, balki o‘zbek tiliga o‘girildi deyilsa o‘rinliroq bo‘lardi...

– Matbuotda bugun ekranlashtirilayotgan o‘zbek filmlari, sahnalashtirilayotgan spektakllar haqida tanqidiy fikrlar ham bildirilmoqda. Misol uchun «Boyvachcha», «Armon», «Po‘sht arava», “Ulfatlar” singari kinolar ham muvaffaqiyat qozonolmadi. Siz aktyor sifatida bunga nima deysiz?

– Bugungi filmlarimiz, spektakllarimiz haqida ranjib gapirilayaptimi, demak, buning sababi bor, albatta. Chunki kuchli xarakterlarni ko‘rsatuvchi filmlarimiz yo‘q. Shu bois ham kino bozorida ko‘pso‘zlik, qaytariqlar ko‘p va siyqasi chiqqan jo‘n filmlar urchib ketayapti. Xalqimiz esa buni hazm qila olmaydi. Haqiqiy san’at tomoshabinning ortidan ergashib ketishi emas, balki tomoshabindan bir qadam oldinda yurib, ezgulikka boshlashi lozim. Kinoteatrlarda «shaxs—inson» tushunchasining chuqur ma’nosini ochib beradigan, bugungi davr ruhini, o‘y-fikrini tarix bilan qiyoslay oladigan, chinakkam kechinmalar aks etgan filmlar namoyish etilsa, kimga ma’­qul bo‘lmaydi, deysiz.

Axir, tomoshabinlar orasida kam o‘qiydigan, lekin kino, teatrga tez-tez boradigan, bo‘sh vaqtida televizor qarshisida o‘tirib telespektakllar ko‘radigan odamlar bor. Ular uchun adabiyotni bilmaslik hech qanday fojia bo‘lmasligi, bugunning nafasi, muammolari qorong‘u bo‘lib qolayotganligi sezilmasligi mumkin. Ammo ba’zilar teleekrandagi seriallarni, sarguzasht, detektiv filmlarni ko‘rib, o‘zlaricha dunyoni idrok etadi. Mana bu — fojia.

Bugun mustabid tuzum davridagi takrorlanaverib siyqasi chiqqan jumlalarning ta’sir kuchi qolmadi. Avval biz yaratgan obrazlar shaklan milliy bo‘lsa ham mazmunan o‘sha davr g‘oyalariga xizmat qilardi. Hozir zamon o‘zgardi. Endi boshqa uslubda ijod qilish lozim. Endi ijro etayotgan rollarimiz ham shaklan, ham mazmunan milliy. Yangi sharoitga moslashish uchun esa vaqt kerak. Mohiyatdan tomoshabinlar qalbida chuqur iz qoldirish uchun yangi avlodning kuch-g‘ayrati, tub o‘zgarishlari kerak. Biz hozir murakkab jarayonni boshdan kechirayapmiz. Buni san’atkorlar ham, tomoshabinlar ham to‘g‘ri anglab yetishlari zarur.

– Bizdagi stsenariylar, pesalar birmuncha bo‘sh, shunday emasmi?

– To‘g‘ri, teatr zarur miqdorda munosib pesalar olmayapti. O‘ylab ko‘rsam, o‘sha paytlari ham yaxshi dramaturglar asarlarining sahnaga ko‘chirilishi juda kam hodisa bo‘lgan. Hatto Komil Yashin, Uyg‘un, Izzat Sulton asarlari ham sahnalashtirilgachgina pesaga aylangan. Hozir ham pesalar qo‘yilayapti, o‘ynalayapti – ayrimlari uzoq “umr” ko‘rsa, ayrimlari kam “yashayapti”. Lekin bugun kino va teatrning dunyoda yuz berayotgan voqealarni, xalqning orzu-umidlari, o‘y-fikrlari nima bilan band ekanligini ifodalovchi yirik va teran stsenariylarga ehtiyoji bor. Bu albatta, san’at va adabiyotning ham katta muammolaridan biri.

– Kino san’atimizdagi og‘riqli nuqtalardan yana biri: hozir xususiy studiyalar tomonidan jahon filmlari hajviy usulda o‘zbekchalashtirilib xalqimizga taqdim etilayotganligidir. Mana shu “tarjimalar”ga munosabatingiz qanday?

– Asli mohiyatan milliy bo‘lmagan filmlarni o‘zbekchalashtirishga urinish kutilgan natijani bermaydi. Tragediyaning mavzusi bir xil bo‘lishi mumkin, lekin komediya janrining millati bo‘lak. U ruhan milliy bo‘lishi shart. Xususiy kinostudiyalarda milliyligimizga rahna solayotgan va shu orqali yaxshigina pul topayotgan «tadbirkor»larni, prokatchilarni tartibga solish zarur. Bu bizning dunyo bilan madaniyat sohasidagi aloqalarimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Keyin bunday filmlarga ko‘proq yoshlarning qiziqishi ortishi mumkin, lekin baribir qabul qilishi qiyin kechadi.

– O‘zbek kino va teatr san’atining rivojlanish jarayonlari haqida qanday fikrdasiz?

– Yuqorida aytganimdek, san’atimiz murakkab jarayonni boshdan kechirayapti. Eski tuzumdagi fikrlashdan, mezonlardan to‘laligicha qutila olganimiz yo‘q. Xususiy kino studiya­larda olingan saviyasiz filmlar bozorni egallab oldi. Bu yaxshi aktyorlar faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Biz bu muammolarga ma’naviyatli, zukko tomoshabinlarni tarbiyalab yechim topishimiz mumkin, xolos. Eng asosiysi, yurtimizda iste’dodli san’atkorlar ko‘p. Ular vaqti kelib shunday kinoasarlar yaratishadiki, bugungi san’atimizda kechayotgan salbiy jarayonlarni oqlab ketishga ishonaman.

– Inson hayotida do‘st va dushman kimligi yillar sinovida bilinadi. Ba’zi odamning bittayam do‘sti bo‘lmasligi mumkin...

– Savolingizga tushundim. Ha, yaxshi do‘st topish ham Yaratganning inoyati bo‘lsa kerak. Do‘stlik — ulug‘ rishta. Hayotimning tushkun payt­larida ko‘nglimni ko‘taradigan hamkasblarim, ulfatlarim bor. Haqiqiy do‘stim esa yo‘q. Ammo hamma havas qiladigan oilam bor. Shohidaxon bilan 40 yildan beri baxtli hayot kechirib kelmoqdamiz. 3 ta o‘g‘limiz, 5 ta nabiramiz bor. Kenja o‘g‘lim Sarvarjon san’at yo‘lini tanlagan. Qolganlari boshqa kasbda.

Adiba Umirova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.