background
logotype

Bir asrning ikki dahosi (Vahob Rahmonov bilan suhbat) (2013)

– Sir emaski, bugungi globallashuv davri­da yoshlarni goh ko‘ngilochar kompyuter o‘yin­­la­ri, goh qiziqarli multfilmlar yoki sarguzashtnamo kitoblar shaklida kirib kelayotgan bo‘hronlardan, dinu diyonatimiz, yashash tar­zi­­miz, qarashlarimizga zid bo‘lgan vahshiy g‘oya­­lar­­dan asrash masalasi kun tartibida tur­gan muhim mavzulardan biridir. Inson ongini asrash esa qalbni asrashdan boshlanadi. Buyuklardan biri aytganidek, qalb aynigan joyda butun vujud xastalikka yuz tutishi ta­­biiy. Xo‘sh, qalbni qanday asrash mumkin? U ko‘zga ko‘rinmasa, shoirlar tasvirlab bergan mav­hum suratlaridan boshqa shaklu shamoyili bo‘l­ma­sa?

Bu o‘rinda bizga boy adabiyotimiz, uning umr­­boqiy mavzulari, inson kamolotiga doir o‘l­­mas asarlar yordamga keladi. Xususan, o‘zbek mum­­toz adabiyoti tarixidagi ikki buyuk siymo –­ Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o‘rganish orqali chinakam inson hayoti qanday bo‘lishi kerakligi haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Navoiy va Bobur asarlarining tub mohiyatiga yetish uchun ularni tushunib o‘qish kerak bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, jarayon o‘z-o‘zidan mumtoz adabiyotni o‘qitish masalasiga borib taqaladi. Taassufki, haligacha maktab o‘quvchilarining Alisher Navoiy va Za­hiriddin Muhammad Bobur ijodi haqidagi tasavvurlari “G‘urbatda g‘arib” yoki “Tole’ yo‘­q” deb boshlanuvchi ruboiylardan yoxud “Sher bi­lan Durroj” hikoyatidan nariga o‘tgani yo‘q. Aminmanki, qorako‘z farzandlarimizga adabiyot fanidan saboq berayotgan muallimlarning mumtoz adabiyot borasidagi bilimlari ham talab darajasida emas. Holbuki, adabiyot muallimi mumtoz adabiyotimizda mavjud vaznlar, she’riy san’atlar haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishi, maktab darsligiga kiritilgan she’­riy matnlar va rivoyatlarni tahlil qila oli­shi zarur. Bu borada sizning fikrlaringiz qanday?

– “Qalbni qanday asrash mumkin?” Bu juda jiddiy savol. Ruhshunoslik nuqtai nazaridan yondashsak, yosh kitobxonlar qalbini asrash yoki aniqrog‘i, egallash uchun ularni mumtoz adabiyot namunalariga qiziqtirish kerak. Mening jahon adabiyoti haqidagi teleko‘rsatuvlarimiz ancha qiziqarli ekan­­ligiga ha­­­­­­vasim keladi. Biz navoiyshunos va bo­burshunos­lar ham chiqishlarimizda qiziqarlilik bilan mu­him­likni qorishtira olsak, bunga erishamiz. Qu­­­­yidagi misol qiziqtirishga ikki asos beradi: bi­rin­­­­chisi, hikoyaning o‘zi qiziq, ikkinchisi, chala bilim xavf­li ekanligidan ogohlantiradi. Mir­zo Ab­dul­qo­dir Bedil “Chala bilim bilimsiz­likdan yomon”, degan. Maktabda a’lo o‘qish, bilimlarni asosli, har to­monlama teran egallash lozim. Alisher Navoiy “Lison ut-tayr” dostonida “Ko‘rlar va fil” hi­koya­si­ni keltirgan. Sanoiyning “Hadiqatul haqiqa va shariat ul-tariqa” (“Haqiqat bog‘lari...”) va Jaloliddin Ru­miyning “Ma’naviy mas­­naviy”larida mazmuni kel­tirilgan bu hikoyatni da­ho shoirimiz o‘z dos­toni orqali o‘zbek adabiyotiga olib kirdi.

Mazmuni: bir guruh ko‘rlar taqdir taqozosi bi­lan Hindistonga borib qoladilar. So‘ngra o‘z vatanlariga qaytganlarida, bir kishi ulardan: “Filni ko‘r­dilaringmi?” deb so‘raydi. “Ha” deyishadi ular. Savol bergan kishi: “Dalil keltiring-chi” deydi. Ular ayta boshlaydilar: Filning oldingi oyoqlarini ushlab ko‘rgan basir: "Ustun” deydi. Qornini paypaslagani: “Ustunsiz” deydi. Xartumini ushlagani: “Ajdaho” desa, tishlarini tutib ko‘rgani: “Ikki suyak” deydi. Quyrug‘idan tutgani: “Bir ilon osilib turibdi” desa, filning boshiga qo‘l urgani: “Bir qoyaning tumshug‘i” deydi. Qulog‘ini ushlab ko‘rgan basir esa: “Qimirlab turgan ikki yelpug‘ich!” deydi. Bu so‘zlarni tinglab turgan hindistonlik filbon elga qarab: “Bular filni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmaganlar, lekin hammalari to‘g‘ri aytayaptilar. Ana shu aytilganlarning hammasi yig‘ilsa, fil haqida to‘g‘ri tasavvur hosil bo‘ladi” deydi. Bu hikoya haqidagi xulosalar:

– filbon basirlarni xijolat qilmadi. Andisha qildi. Komil odam o‘zgani mulzam qilmaydi.

– ularning gaplarini tasdiqlab, fil haqidagi ha­qiqatni aytdi.

– shuncha ko‘rlar, ya’ni bilimi chalalardan ko‘ra, bitta filbon-bilimdon odam haqiqatni bilar ekan, bilimi mukammal ekan. Shuning uchun ko‘p o‘qish va o‘qi­ganini uqish kerak ekan.

Endi xuddi shu voqeani eslatadigan ikkinchi bir qiziqarli holatga murojaat etaylik. Hatto ilmning eng murakkab sohasi – matnshunoslikka ham o‘quvchini qiziqtirish mumkin. Chunonchi, men “Ruboiy ichidan odam chiqdi!” desam, balki sizning ensangiz qotar... Biroq men matnshunoslik – sehrgarlik va donishmandlikdir deya gap boshlasam siz balki qiziqarsiz.

Boburning yarim asr davomida kitobdan kitob­ga o‘tib kelayotgan quyidagi ruboiysi, (balki bu­nisi o‘ninchi marotaba takror nashridir) to‘g‘ri o‘qil­ma­gan, bunda na sog‘lom mazmun bor va na qo­fiya, deb da’vo qilsam-chi?

Gar ruh dam etsa ohangi na g‘am,
Majlista ne huzn qolur erdiyu ne g‘am,
To borg‘ali ruh dam bering majlisdin,
Majlis eliga ne ruh qoldiyu, ne dam.

(“Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur" “Sharq”, 1996, 93- bet)

Birinchi misra mazmuni: Arvoh musiqa chalsa na g‘am?! Ie, arvoh musiqa chaladimi? Qofiyalar: g‘am- g‘am-dam... Ruboiyning biror misrasi Bobur asliyatiga mos emas. Demak, olimlarimiz Bobur matnini to‘g‘ri o‘qiy olmadilar. Holbuki, ular Navoiyga nisbatan Boburni tushunish oson deb da’vo qiladilar.

Men shoir asliyati – arab yozuvidagi Bobur qo‘lyozmasiga qaramasdan bu ruboiy tahririga kirishaman va epaqaga keltirolmagan joyda asliyatga qarab olaman. Bunda menga Bobur va uning muhitidagi kishilar haqida bilishim va lug‘at so­hasidagi tajribam asqotadi.

“Boburnoma”da uch-to‘rt o‘rinda Bobur bazmlarining guli – xushovoz hofiz Ruhdam haqida so‘z boradi. Bu haqda men “Bobur majlislarining Masihosi” nomli maqola ham yozganman. Tahrirga kirishdim; nag‘am – nag‘ma, kuy, ashula; ohang – boshlamoq.

Gar Ruhdam etsa ohangi nag‘am,
Majlista na huzn qolur erdiyu na g‘am.

Mazmuni: bazmda Ruhdam ashula boshlasa, bazmdagilarda g‘amu hazinlik degan narsa qolmaydi.

Ana shunaqa sehrli ovoz sohibi bo‘lgan Ruhdam! Balki bu ism ham emas, laqabdir, kim bilsin... Ruhdam nafasi jon bag‘ishlovchi demakdir. Bu so‘z (Ruhdam) Iso alayhissalomga nisbatan qo‘l­la­ni­lar edi, xolos.

Uchinchi misraga intuitsiyam kuchi yetmaydi: “bering” so‘zi xato! Buni tuzatolmayman. Nochor Shafiqa Yorqin va Bilol Yujel tuzgan Bobur “Devon”laridan shu ruboiyni topaman. Mana, gap qayoqda: “bering” emas, “bizing” ekan! Bizing – bizning demakdir. Ma­na bu masala ham hal bo‘ldi hisob.

To borg‘ali Ruhdam bizing majlisdin,
Majlis eliga na ruh qoldiyu, na dam.

Mazmuni: bazmimizdan Ruhdam chiqib ketgach, bazm ahlining halovati buzildi. E’tibor ber­yap­sizmi? Men sehrgarlik qilib Bobur ruboiysi ichidan Ruhdam ismli mashhur hofizni tortib chi­qardim-a! Endi xulosa: bu hikoyada olimlik zakosi tantanasi va sharafi bor! Balki o‘quvchi shu bir misol kashfidan olimlikka biroz qiziqa boshlar. Axir men o‘nlab olimlar hal qilmagan matn muammosini hal qildim-a?! Axir, Ruhdam masalasini jahon olimlari, hatto Bilol Yujel ham to‘g‘ri hal qilolmagan. Birgina “Bobur “Devon”ida (1994 yil, “Fan”) bunday matn nuqsonlari yuzlab topilishini aytsak, millatimiz chinakam sinchkov olimlarga muhtoj ekanligi ma’lum bo‘ladi. Buni ham yoshlar bilishlari lozim.

Qiziqtirishning ikkinchi usuli: yoshlarni jid­diy ravishda komillikka chorlashdir. Aytish mum­­­kinki, mum­toz adabiyot javohirlar koni. Bu xa­­­­zinaga tushganlar axloq-odob jannatiga tushadi­lar va haqiqiy adabiy-estetik lazzat tuyadilar, his-tuyg‘ulari, mu­shohadalari barkamol Shaxs bo‘­la­­­dilar. Buning uchun ular avvalo o‘z oldilariga yuksak orzu qo‘yib olmoqlari kerak. Yuksak orzusiz bola – odam emas! Odam hayvondan orzulari bilan ajralib, farq qilib turadi. Vatanga Shaxslar kerak! Shaxs bo‘lish uchun har tomonlama mukammal bilim kerak. Shaxs – insoniyat gultoji! Ey farzand, kelajakning mas’uliyatli fuqarosisan, deb eslatib turaylik yoshlarga!

“Navoiy va Bobur asarlarining tub mo­hiyatiga yetish uchun ularni tushunib o‘qish kerak”. Bu – haq gap. Biroq buning hozircha iloji, imkoni juda oz. Buning uchun Navoiy va Bobur asarlarining asosiy qismi hozirgi o‘zbek adabiy tiliga tabdil qilinishi kerak. “Xamsa” dostonlari, “Lison ut-tayr”, “Mahbub ul-qulub” va “Boburnoma” tabdili bor, xolos. Mumtoz adabiyotni kitobxonga yetkazishning ko‘plab usullarini o‘ylab topmog‘imiz lozim. Professor Anvar Hojiahmedovning “Xamsa” dostonlarini hikoya qilish asosidagi yangi talqinlarini men tabriklayman. Bu “Xamsa” “Yangi asr avlodi” nashriyotida 4-5 marotaba qayta nashr etildi. Endi bu estafetani “Sharq” ham davom ettira boshlagani juda yaxshi ish bo‘ldi.

Endi dadillik bilan “Xamsa” dostonlarining janrini saqlagan holda hozirgi tilga o‘gi­rish masalasi ham dolzarb bo‘lib qoldi. Muammo shundaki, olimlarimiz xalqdan Navoiy va Bobur asarlari asliyatini tushunishni talab qil­moqdalar. Tabdilga yuzlab ayb qo‘ymoqdalar. To‘g‘ri, buyuk ijodkorlarning yirik hajmdagi asarlarini ho­zir­gi o‘zbek tiliga o‘girish asnosida xatoliklarga ham yo‘l qo‘yilishi mumkin. Shuning uchun tabdilni mukammallashtiraylik, saralaylik! Hol­­buki, o‘zlari olim bo‘laturib, asl matnni to‘g‘ri o‘qiyol­mayaptilar-u, malakasiz, lu­g‘at bilmaydigan kitobxonga daholarni asliyatdan tushunib olinglar, de­moqdalar. Ana xolos! Bilim bosqichma-bosqich erishiladigan jarayon bo‘ladi. Kitobxon avval asar­ning hozirgi tildagi tabdilini o‘qisin, qiziq­sa, asliyatga intiladi...

“Adabiyot” fanidan saboq berayotgan muallimlarning mumtoz adabiyot borasidagi bilimlari talab darajasida emas”ligi qanchalik achchiq bo‘lmasin – bu haqiqat. Bunga ham biz, tabdil dushmani bo‘lgan olimlar aybdormiz. Navoiy va Boburni ularga ham avval tabdilda tushuntirish lozim. Ming ta’na qil­maylik, ular asliyat nashrini o‘qimaydilar. Bu so­hada yuz yilni zoe qildik, desam mubolag‘a bo‘lmas. Agar biz olimlar, Navoiy va Bobur do‘sti, xalq do‘sti bo‘lsak, birinchi navbatda Navoiy va Bobur asarlarining janrini saqlab, hozirgi tilga to‘la tabdil qilmog‘imiz kerak. Shundagina o‘qituvchi o‘qiydi, o‘quvchi o‘qiydi, millat o‘qiydi.

Respublika maktab, kollej va litseylaridagi til va adabiyot o‘qituvchilarining teng yarmini men haydovchiga o‘xshataman. Ular diplom olgach, badiiy asar o‘qish va yodlashni yig‘ishtirib qo‘yib, faqat tirikchilik ko‘yida kuymalanadilar. Lekin ularni ham g‘alvirga solish payti yaqinligini qayd etgim keladi. O‘ziga talabchan bo‘lmagan adabiyot o‘qituvchisiga kuni qolgan millatga rahmim keladi.

Ustozlar, o‘z-o‘zimizga talabchan bo‘laylik! Bu o‘rindagi talabchanlik Navoiy va Bobur asarlarini lug‘at orqali mukammal o‘qib chiqish va yuzlab she’rlarni yod bilish demakdir. Buning ustiga, ustozga ta’magirlik emas, talabchanlik fazilat!

– Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Mu­ham­mad Bobur o‘zbek mumtoz adabiyotini yoritib turgan ikki yorug‘ yulduzdir. Ularning za­mondosh bo‘lishi, bitta asrda yashashi Yaratganning bu­yuk hikmati bo‘lsa ajab emas. Ijodining ilk bos­qichlarida Navoiy Bobur uchun uning o‘z ta’biricha aytganda, “naziri yo‘q ustod” vazifasini bajargan. Tarixiy kitoblar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning o‘zaro maktub yozishganlari haqida ma’lumot beradi. Boburning o‘zi ham “Boburnoma” asarida Navo­iydan maktub olgani haqida yozar ekan, “Bu ikkinchi navbat Samarqandni olg‘onda Alisher ti­­­rik edi. Bir navbat manga kitobati ham ke­lib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim. Javob kelguncha tafriqa va g‘avg‘o bo‘ldi”, degan so‘zlarni keltiradi. Mazkur asarida Alisher Navoiy ijodi va shaxsiyati haqidagi fikrlarini ochiq-oydin yozgani, Navoiyning tur­­kiy tilda bitgan g‘azallariga yuksak baho bergani ham uning Navoiyga bo‘lgan chuqur eh­tiromidan dalolatdir. Lekin ayni paytda Bobur rostgo‘y tanqidchi hamdir. Chunonchi u Navoiy ruboiylarining vaznlari haqida fikr bildirar ekan, ayrim o‘rinlarda xatolar borligini ta’kidlaydi. Shuningdek, buyuk shoirning forsiy devonidagi g‘azallar ancha bo‘sh ekanini aytadi: “Yana “Mezon ul avzon” nomli aruz kitobini bitgan, ancha mulohazatalab: yigirma to‘rt ruboiy vaz­­­nining to‘rt vaznida xato qilgan. Ba’zi bahrlarning vaznlarida ham yanglishgan. Bu aruzdan xabardor odamga ma’lum bo‘ladi. Forsiy devon ham tartib bergan. Forsiy nazmda “Foniy” taxallusini qo‘llagan. Ba’zi baytlari yomon emasdur. Biroq aksari sust va bo‘shtobdir”. Umu­man olganda, Boburni Alisher Navoiy asarlari haqida tan­qidiy fikr bildirgan kam sonli ijodkorlardan biri deyish ham mumkin.

– Boburning Alisher Navoiyga nisbatan tanqi­diy munosabati siri hozirgacha keng ommaga ma’lum emasligida biz olimlar ham aybdormiz. Ma’lum bir asarni baholashda ikki xil fikr bo‘ladi. Birinchisi, umum ilm ahli fikri. Ikkinchisi, shaxsiy fikr.

Avvalo, Boburning ruboiy vaznidagi Navoiy xa­tolari haqidagi fikri bir jihatdan andisha­ta­lab. Kotib xatosini Bobur Navoiy xatosi deb hi­sob­lagan. Aruzshunoslarimiz bu masalaga qiziqib, ob­don tekshirib ko‘rganlar va Bobur xulosasiga qo‘­­shilmaganlar. Navoiy kotiblarining ko‘pchiligi for­siyzabon kishilar bo‘lganini hisobga olsak, buni tushunish qiyin emas.

Boburning “Devoni Foniy” haqidagi tanqidiy fik­riga kelsak, bunda ham ikki jihatni hisobga ol­moq joiz. Birinchidan, bu tanqid Boburning shax­siy fikri. Bu – umum ilm fikri emas. Navoiy za­mondosh­lari, ustoz va shogirdlari, keyingi asrlardagi forsiyzabon olimlar, eron olimi Said Nafisiy va akademik Abdulg‘ani Mirzoevlar “Devoni Foniy” ha­qidagi tadqiqotlarida Navoiy she’rlarini Hofiz va Sa’diy she’rlari darajasida mahorat bilan yozilganligini qayd etganlar. Ulardan biror kishi Bobur fikrini yoqlamagan.

Ikkinchi bir jihatni mulohaza qilaylik. “Xazoyin ul-maoniy” barcha temuriy hukmdorlarga sovg‘a tariqasida elchilar orqali yuborilgan. Bobur Navoiyning ona tilidagi she’rlari bolidan bahramand bo‘lib kamol topgan shoir. Aftidan u 1506 yili Hi­rotga kelgandan so‘ng “Devoni Foniy” bilan tanishgan va ikkinchi tildan Bobur avvalgi asalni to­pa olmagan. Asal yeb yurgan odam shakarni pisand qilmaydi. Qolaversa, jahon Boburday ikkinchi bir qattiqqo‘l adabiyotshunosni bilmasa kerak. Uning biror shoir haqidagi “Yomon yozmaydur” degan bahosini oliy darajadagi maqtov tarzida qabul qilmoq kerak. Masalan, Muhammad Solihning “Shayboniynoma” dostoniga nihoyatda salbiy baho beradi. Uni o‘qigan kishining Muhammad Solih she’riyatidan ko‘ngli soviydi, deydi. Shuningdek, dostondan birgina tuzuk bayt topadi:

Bo‘ldi Tanbalga vatan Farg‘ona,
Qildi Farg‘onani tanbalxona.

Holbuki, men Muhammad Solihni Muhammad Shay­­­­boniyxon maddohi sifatida qanchalik yomon ko‘r­mayin, uning dostonini maqtagim keladi. U o‘n yet­­ti yoshli Boburni ilk marotaba o‘z dostoniga qah­ramon qilib oldi va uning haqqoniy, to‘laqonli ijobiy obrazini yaratdi. Biroq dostonni dashtli o‘zbak o‘quvchisi didiga moslab yozganini ham inobatga olmoq kerak bo‘ladi. Muhammad Solihni umrida bir marotaba ko‘rgan Bobur esa uni yaramas, zolim deb baho beradi. Alisher Navoiyning Muhammad Solihga bergan bahosi ham ijodi, ham shaxsiga nis­batan ijobiydir.

Demak, Bobur fikri bilan umum fikri keskin farq qilmoqda...

– Maqsud Shayxzodaning Alisher Navoiy va Za­hi­riddin Muhammad Bobur munosabat­lariga doir so‘zlari ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan: “Albatta, Navoiy Bobursiz Navoiy bo‘lib qoldi, lekin Boburni Navoiysiz tasavvur qilish qiyin”. Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy yaratgan adabiy va she’riy an’analarning davomchisi sa­naladi. Aytaylik, Navoiy she’riy vaznlar xususida “Mezon ul-avzon” asarini yoz­gan bo‘lsa, Bobur aruz qoidalari haqida “Mufassal” nomli bebaho asarni bitdi. Ma’lumki, Navoiy ijodida hayot mohiyatini anglashga urinish istagi ustunlik qiladi. Shoirning qator dostonlari, “Tarixi hukamo va anbiyo” nomli tarixiy asari, ayniqsa falsafiy mazmundagi “Lison ut-tayr” dostoni shundan da­rak beradi. Ayni xususiyatdan Bobur ijodi ham holi emas. Chunonchi, u islomiy aqidalar, shariat qonunlari haqida “Mubayyin” nomli asarni yaratdi. Temuriylar saltanatida katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan Xoja Ubaydulloh Ahrorning “Volidiya” asarini kat­­ta qunt bilan tarjima qildi.

“Boburnoma”da u hatto mana shu asar xosiyati tufayli og‘ir xastalikdan tez kunda oyoqqa turganini bayon qilgan. Navoiy va Bobur ijodi o‘rtasida mushtarak jihatlar borligi ko‘pchilikka ma’lum. Lekin ayni paytda bu ikki muhtasham ijod olami o‘rtasida bir-biridan farq qiladigan holatlar ham mavjud. Misol uchun, garchi ular o‘rtasida davr nuqtai nazaridan katta farq bo‘lmasa-da, “nazmiy tillari” turlicha. Navoiyni tushunishimiz qiyin-u, Boburni osonroq tushunamiz. G‘azallarining vaznlari esa bir-biridan keskin farq qiladi. Navoiy ijodida to‘qqiz baytdan kam g‘azallarni deyarli uchratmaysiz. Bobur g‘azallari esa ol­ti yoki yetti baytli, besh baytlilari ham bor. Bu tafovutning sababi nimada?

– Bobur va Navoiyning din, din arboblari va ahkomlariga munosabatlarida ham yaqqol sezilarli farqlar bor. Bobur – musulmoni komil, fiqh olimi, din va pirlarni ikki olam xaloskorlari, najotkorlari deb biladigan, din amaliyotiga katta ahamiyat beradigan shoh. Din uni ko‘proq amaliy faoliyat jihatidan qiziqtiradi. Bobur dinga chuqur kirmoqchi emas, Navoiy singari so‘fiy va tasavvuf arbobi ham emas. Shu jihatdan ularning qarashlari bir-biridan farqlanadi. Agar Bobur tasavvufga qiziqqanida edi, Badriddin Hiloliyning “Shohu darvesh” dostoniga (jinsdosh oshiqlar masalasi) tanqidiy yondashmagan bo‘lardi. (Kompozitsiya haqidagi fikrida Bobur haq, albatta) Kishilar haqida kelajak odamlariga ma’lumot berishda Boburni dunyoviylik, Navoiyni so‘fiyona sehrlilik band etadi. Buni muhtasib Shayx Husaynning Bobur va Navoiy talqinidagi keskin farqi ko‘rsatib turadi.

“Boburnoma”dan: “Yana Mavlono Husayn Shayx edi... Hikmat ilmini, aqliy ilmlar va kalom (“Qur­’on”) ilmini yaxshi bilardi. Oz so‘zdan ko‘p ma’no to­­pib, diqqat bilan nozik fikr yuritmoq uning ix­ti­ro­si­dir... Muhtasiblikni (diniy va dunyoviy tartib nazorati) ham hech kim undan yaxshi bajargan emas. Sulton Abusaid mirzoga yaqin bo‘lgani tufayli Sulton Husayn mirzoning zamonida shunday mislsiz kishini tahqirladilar”.

“Nasoyim ul-muhabbat”dan: “Husayn Shayx Is­­moil ota farzandlaridindur. Mustahsam mu­oma­laliq kishi ermish. Xalq aning atvoriga mahliyo bo‘­­lub­turlar. Dunyo asbobi sari mayl qilmaydur. Bovujudi faxr o‘zni ul nav’ g‘aniy ko‘rguzur ermishki, xalq rioyat yo‘lin topmaslar ermish. Olamdin o‘tgan zamonida (naql qiladilarki) eldin g‘oyib bo‘lg‘ondur. Hozir bo‘lg‘och boshi ustida bir qush qo‘n­g‘on ermishki, hech kim ul naqshu ranglik qush ko‘r­magan ermish. Elni ko‘rgach uchubtur, vallohu a’lam (Alloh eng ko‘p bilguchidir)”.

Bobur Husayn Shayxni jamiyatning eng faol shax­­si sifatida, so‘z san’atida sohir kishi tarzi­da talqin etmoqda. Saltanat o‘zgarishi tufayli tah­qirlanganini bayon etmoqda. Navoiy esa uni faqr (darvish) ahliga mansubligi va vafotiga doir afsonaviy taf­silotlar bilan shug‘ullanmoqda...

Ana shu birgina tarixiy shaxsga nisbatan Bobur va Navoiy qarashlaridanoq Boburning din­ga faqat amaliyot tarzida yondashgani, Navoiyning din­ga chuqur kirib ketgani, hatto shaxsni ilo­hiy­lashtirishga moyilligi sezilmoqda. Chunki Navoiy – so‘fiy, Bobur – podshohdir!

Bobur va Navoiyning “nazmiy tillari” turli­chaligi ham to‘g‘ri. Buning sababini men bunday mu­shohada etaman: hamma zamonlarda ham podshoh shoirlar kitobxonni keng xalq ommasi deb tasavvur etgan va omma tushunsin degan andishada tilning soddaligiga ahamiyat berishgan. Bu masalaning bir jihati. Lekin bu bilan Bobur o‘z mahoratini pasaytirgan emas. Navoiy nazarida, aftidan, kitobxonlar ommasining idrok darajasini yuksaltirish niyati ham bo‘lgan. Navoiyona baytlarning mazmun qamrovi benihoyat kengligi, so‘z gavhariga ma’nolar dengizini joylash kabi ma’naviy jasoratlar shoir dahosigagina xos. Hatto o‘zining bu mislsiz ulug‘vorligini Alisher Navoiy lo‘nda qilib aytib ham qo‘ygan:

Dur bo‘lur bahr ichra pinhon nazmidin shah madhida
Bahr yoshurmish Navoiy har durri maknun aro.

Shoh madhidagi Navoiy nazmidan xijolat tortib gavhar dengizga yashirinadi. Chunki u (Navoiy) har bebaho gavhar (so‘z)ga ma’nolar dengizini joylagandir.

Boburda bunday ulkan da’vo yo‘q. U shoh va shoir. Ya’ni, uning asl orzusi – davlat, hokimiyat. Lekin ko‘n­gil xushi – mashqiy ijodi bilan ham Navoiy yonida turishi uning beqiyos mahoratidan xushxabardir.

Bobur hayotidagi doimiy harbiy safarlar, qo‘­nimsizlik, vaqt imkoni bilan bog‘liq holatlarga ko‘ra Bobur g‘azallarining baytlari – 5-7 baytli bo‘l­gan bo‘lsa ajabmas. Navoiy bu tomondan hamma imkoniyatga ega edi. Hatto devonni barcha harflarga tegishli qofiyali qilish g‘amini ham yer edi u...

Men Navoiy va Boburni qayta-qayta sinchiklab o‘qib, shogirdning ustozdan ikki marotaba o‘zganini ko‘rdim. Birinchisi, aruz vaznlari talqinida. Navoiy “Mezon ul-avzon”da 130 vazn atrofida fikr yuritgan bo‘lsa, Bobur aruz risolasida 537 vaznni kashf etgan. Hatto harfiy san’atlarni qo‘llashda ham bir marotaba mo‘‘jiza ko‘rsatgan desak bo‘ladi. Sanoyi’ ilmida istixroj (keltirib chiqarmoq) san’ati bor. Shoir aytilgan harflardan yoki sirli (nazarda tutilgan-u, aytilmagan) harflardan so‘z yaratadi. Ayniqsa, quyidagi baytlarda narsalar aytilgan-u, ularning o‘xshash harflari aytilmay “Olloh” so‘­zining yaratilgani istixroj san’atidagi Bobur ixtirosi, “sehri haloli”dir.

Qaddi bila ikki zulfu og‘zi
Jonimg‘a balo bo‘lubtur “Olloh”.

Qad – alif, ikki zulf – ikki lom, og‘zi “h”dir. Shu harflar yig‘ilsa Olloh so‘zi hosil bo‘ladiki, Navoiy tirik bo‘lsa-yu, bu baytni o‘qisa, qoyil qolib “Olloh-Olloh!” deb hayrat izhor qilishi mumkin edi!

– Alisher Navoiy “Muhokamatul- lug‘atayn” asarini yozib, turkiy tilning tarixiy nufuzini tiklab berdi. Mazkur bebaho asarda u turkiy til fenomeni borasida to‘xtalib, turkiy folklor va etnografiyaning boyligi haqida so‘z yuritdi, turkiy tilning ichki imkoniyatlarini, afzalliklarini ko‘rsatib berdi. Xo‘sh, ona tiliga munosabat masalasi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodida, hayot tarzida qay shaklda namoyon bo‘lgan? Ma’lumki, bir safar Bobur o‘g‘li Humoyunga maktub yo‘llab, uni yozish uslubining balandparvozligi, ortiqcha takalluflari uchun koyiydi. Bundan keyin tushunarli va ravon yozishga undaydi. Holbuki, Humoyun mirzo Boburiylar saltanatining vorisi edi. Uning uchun ravon jumla tuzishdan ham muhimroq ishlar, aytaylik, siyosat ilmi va harbiy san’atlarni puxta egallash kabi masalalar ham bo‘lganligi shubhasiz. Lekin podshoh otaning voris o‘g‘liga yozgan maktubi uni til va yozuv masalasiga jiddiy yondashuvga da’vat etishdan boshlanadi.

– Garchi Bobur Navoiy kabi til haqida maxsus asar yozmagan bo‘lsa-da, qomusiy “Boburnoma”da til va tilshunoslikka oid o‘z mulohazalarini bayon etgan. Hatto bu sohada kashfiyot ham qilgan. Uchta turli tillar oilasiga mansub tillarni qiyosiy o‘rganish jahon tilshunosligida Boburdan boshlangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Boburni ko‘proq etimologiya so‘zlarning kelib chi­qish tarixi qiziqtiradi va bu sohada o‘rnak bo‘­larli yangi ilmiy xulosalarni o‘rtaga tashlaydi. Bundan tashqari so‘zlardagi assimilyatsiya va dissimilyatsiya hodisalarining turli tillardagi amaliyotiga ham qiziqadi.

Yangi yozuv ixtiro qilgani esa Boburning novator tilshunos sifatidagi o‘ktam qiyofasini namoyon etadi. Bobur nazdida mahorat she’rni ortiqcha bejash va murakkab yozishda emas. Bobur mahoratli tilshunos bo‘lganligi bois sodda va aniq fikr nazoratida mahorat ko‘rsatishni muhimroq deb biladi.

– Mumtoz adabiyotni o‘rganish jarayoni tad­­qiqotchidan chuqur bilim, sabr-toqat va mus­tah­kam irodani talab etadi. Chunki arabiy imlodagi qo‘lyozma asarlarini o‘qish oson yumush emas. Yaxshi adabiyotshunos bo‘lishni maq­sad qilgan, mumtoz shoirlarimiz asarlarini nashr etish chog‘ida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga bel bog‘lagan inson esa matnshunoslikdan ham yaxshi xabardor bo‘lishi zarur. So‘ramoqchi bo‘lganim shu­ki, bugungi yosh tadqiqotchilardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?

– Yo‘q. Matn yaratish sohasida 1970 yilgi holat bilan hozirgi nashrlar (mumtoz adabiyot va tarixiy manbalar nazarda tutilsa) orasida nuqsonlarga boylik jihatidan aytarli farq ko‘rmaganimdan g‘oyat afsusdaman. Bunda kek­sayu yoshni ajratmayapman. Bi­­roq noumid shayton. Bizdan keyingilar bizdan aqlliroq, do­nish­man­droq bo‘lishlari, bizdek chalalik balosidan quti­lish­lariga ishonaman.

– Istiqlol yillarida barcha sohalar kabi ada­biyotga munosabat borasida ham yangiliklar ro‘y berdi. Mumtoz shoirlar ijodini o‘r­ganish, ularning asarlarini to‘liq shaklda nashr etish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Alisher Na­voiyning “Mukammal asarlar to‘plami” qay­tadan nashr etildi.

Muazzam “Boburnoma”ning siz va Karomat Mul­laxo‘jaeva tomonidan hozirgi o‘zbek tiliga tabdil qilingan yangi nashri amalga oshirildi. Aytish mumkinki, bu asarning barchaga birdek tu­shunarli bo‘lgan shaklda nashr etilishi Bobur ijodi, shoir yashagan murakkab tarixiy sharoit haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lish uchun imkon yaratdi. Umuman olganda, bunday ishlar davomli bo‘lishi kerak. Zahmatkash olimlarimiz­dan ekanligingiz ko‘pchilikka ma’lum. Sir bo‘l­­masa, ayni kunlarda qanday rejalarni amalga oshiryapsiz?

Istiqlol yillarida o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyondalari asarlarining to‘liq nashrlari chop etilgani yuzaki qaraganda xushxabar va kishini xotirjam qilgudek voqea bo‘lib ko‘rinadi. Ammo Alisher Navoiyning yigirma jildlik va o‘n jildlik kulliyotlari mening matnshunoslik nuqtai nazarimda, ya’ni shaxsiy fikrimcha, yaroqsiz nashrlardir.

Men yigirma tomlik haqida “Ma’rifat” gazetasidagi (9 fevral, 2005 yil) maqolamda, tomlikka ikki jild tuzatish ilova qilish kerak, deb da’vo qilgan edim. O‘sha tuzatishlarning asosiy qismini men keyingi o‘n jildlikka kiritsam ham nashr baribir epaqaga kelmadi. Har bir jildda yuzlab nuqsonlar sodir etilgan, yuzlab so‘zlar 2, 3, 4, 5, 8 xil yozilgan nashr haqida men ijobiy gap aytolmayman.

Kuni kecha “Boburnoma”ning hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi tabdili ikkinchi marotaba nashr etildi. “O‘qituvchi” nashriyoti bizni ogohlantirmay takror nashrni amalga oshirgan. Men ham, olima Karomat Mullaxo‘jaeva ham barmoq tishlab qolaverdik. Besh yil burun yo‘l qo‘ygan nuqsonlarimizni bu nashrda tuzatish imkoni bizga berilmadi.

Chunonchi Boburning mashhur toshbitigi Bobur qo‘li bilan toshga o‘yib yozilgan-u, men buyurib yozdirgan, deganman. Shunda yana bir jiddiy nuqsonim bor: matnni “Guliston”dan deb ko‘rsatganman, holbuki “Boburnoma”da zikr etilgan uch bayt she’r “Bo‘ston” asaridan ekan...

Karomatxon ham asar asliyatiga ishonib, Bobur Ibrohim Lo‘diyning otasiga yer-mulk berganligini aytganlar. Holbuki, uning otasi allaqachonlar o‘lgan, yer-mulk uning onasi Bu’aga berilgan edi...

Bunday jiddiy nuqsonlarni bartaraf etishni uchinchi nashrga saqlab qo‘yishimizga to‘g‘ri keldi. Uzr va afsus!

– Suhbatimiz yakunida “Yoshlik” jurnali mux­­­lis­lariga tilaklaringiz...

– Men “Yoshlik” jurnali muxlislariga – Siz buyuk imkoniyatlar zamonida yashayapsiz, o‘z oldingizga kasb ma’nosida ulug‘ orzuni qo‘ying va umrbod unga intilib, yetib, kasbingizni san’at darajasiga yetkazib jahon ilm-faniga yangiliklar kiriting, hayot-mamot masalasi – axloq-odob ekanligini biling, axloq jannatiga shu dunyoda kiring, deyman. Axloqsiz odam milliarder bo‘lishi mumkindir, ammo baxtli bo‘lolmaydi.

Keng ma’noda ma’rifatli bo‘ling, ma’rifatsiz odam o‘zini johillikka mubtalo qilgan sho‘r­likdir.

Suhbatdosh: Gulnoz Mo‘minova

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 2-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.