background
logotype

Erkin Vohidov: “Insonni pul, mol-dunyo emas, noto‘g‘ri tarbiya, haqsizlik buzadi” (1989)

http://ziyouz.uz/images/erkin_vohidov2.jpg* Jamiyatning o‘z vagonlari, o‘z lokomotivlari bo‘ladi. Biz lokomotivlarni yo‘qotib, hammani vagonga aylantirib qo‘yganmiz.

* Erishgan darajam yetarli demasdan, kuch borki, hayot borki, oldinga intilib yashamog‘imiz kerak.

— Erkin aka, qayta qurish boshlanganiga to‘rt yildan oshdi. To‘rt yildan buyon biz ertamiz bugunimizdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lib qolar, degan ilinjda yashaymiz. Men bu o‘rinda iqtisodiy muammolarni nazarda tutayapman. Lekin ahvol yaxshilanish o‘rniga tobora yomonlashmoqda. Kecha go‘sht, sifatliroq tikilgan kiyim uchun navbatda turgan bo‘lsak, bugun shakar, sovun, ba’zi joylarda un ham tanqis bo‘lib qoldi. Bozorda narx-navo kunaro osmonga sapchimoqda. Hammaning ko‘zida tahlika «Nega?» degan javobsiz savol. Siz iqtisodchi emassiz. Ammo bu haqda o‘ylashingizga shubham yo‘q. Mamlakatimizning iqtisodiy ahvoli nega yaxshilanish o‘rniga tobora tanglashmoqda? Axir biz Ulug‘ Vatan urushidan abgor holda chiqib ham, ahvolimizni tezda yaxshilashga erishgandik-ku?!

— Ha, shunday bo‘lgandi. Urush tugagach, oradan bor-yo‘g‘i ikki yil o‘tgach, kartochka sistemasi bekor qilinib, bozorlarda narx-navo tusha boshlagan. Buni men juda yaxshi eslayman. Hozir qayta qurish davrida nega ana shunday keskin iqtisodiy burilishga erisha olmayapmiz?

Tuzumimiz — avtoritar, ya’ni rahbarning qattiqqo‘lligiga moslashgan. Iqtisodimiz ham albatta. Qayta qurish tufayli paydo bo‘la boshlagan demokratiya va oshkoralik mamlakatimizda necha o‘n yillardan buyon hukmronlik qilib kelgan bu qattiqqo‘llikning — ma’muriy-buyruqbozlik silsilasining ildiziga bolta urdi. Eski sistema qulay boshladi. O‘rniga muqobil yo‘lga ega bo‘lgan mukammal harakat hali paydo bo‘lganicha yo‘q. Umri tugagan qat’iy plan xo‘jaligi o‘rnida o‘sib chiqishi kerak bo‘lgan bozor-savdo munosabatlari hali kuchga kirganicha yo‘q. Xo‘jalik yuritishda yo ilgarigidek, qattiqqo‘llik o‘z kuchini ko‘rsatishi yoki xususiy mulk egasi bozor raqobatiga dosh berish yo‘lida o‘z jonini saqlab qolish uchun kurashishi kerak. Keyingisi bizning sotsialistik jamiyatda yangi, kutilmagan iqtisodiy siyosat. Ammo o‘zga yo‘l yo‘q. Qattiqqo‘llikka tayangan eskicha siyosat bilan xasta iqtisodiyotni (ekonomikani) oyoqqa turg‘azib bo‘lmaydi. Ma’lumki, marksizm-leninizm ta’limotiga ko‘ra, ishlab chiqarish vositalariga bo‘lgan xususiy egalik — kapitalizmga, kollektiv egalik sotsializmga xosdir... Endi ochiq-oydin tan olishimiz kerakki, yer, suv, ishlab chiqarish vositalariga bo‘lgan yakka davlat egaligi jamiyatimizni yaxshi natijalarga olib kelmadi. Boshqacha aytganda, sotsializmning biz qurgan modeli o‘zini oqlamadi. Umumxalq egaligi deganimiz, aslida umumxalq egasizligi bo‘lib chiqdi.

O‘yla, kim qayg‘urar ochmizmi, yo to‘q,
Azizim, befoyda da’vodan kechgin.
Davlat degan so‘zning bosh-oyog‘i yo‘q,
Davlat bu — hammamiz, davlat bu — hech kim.

— Siz yuqorida aytgan qonun qoidalar qabul qilinsa, mamlakatimizda shu kungacha huqmronlik qilib kelgan sotsialistik munosabatlar o‘rnini kapitalistik dunyoga xos munosabatlar egallamaydimi?

— To‘g‘ri, bunday yangicha qonun, iqtisodiy siyosat, hozircha bizning tasavvurimizga sig‘maydi. Lekin bir zamonlar biz sotsializm va kapitalizm mavjud ekan, ularning o‘rtasida urush chiqishi muqarrar degan falsafaga ham ishonib yashaganmiz. Biz mulk shakllarining har xilligini tan olmog‘imiz kerak. Chunki jahon iqtisodiyo taraqqiyoti shunga olib kelmoqda. Ilg‘or kapitalistik mamlakatlarda davlat korxonalari xususiy shaxslarga tobora ko‘proq sotilmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada hukumat siyosati xuddi shu yo‘ldan bormoqda va natijada, mamlakat ekonomikasi yuksak sur’atlarda rivojlanayotganligini ko‘rib turibmiz.

Har qanday sohadagi kabi, iqtisodda ham raqobat bo‘lishi kerak. Davlat — kollektiv — xususiy mulk o‘zaro raqobatda yashashi kerak. Bu raqobatda jamiyat rivojlanishining asosiy omili yotibdi. Hozir bizda raqobat yo‘q hisobi. Savdoda tanlash yo‘q. Davlat korxonasi nimani ishlab chiqarsa, yaxshimi-yomonmi, o‘shani xarid qilishga majburmiz. Ekonomikada davlat korxonalari monopoliyasini tugatib, uni erkin raqobatga tortmog‘imiz kerak.

— Shunday deymiz-u, Erkin aka, davlat korxonalariga raqobatchi bo‘laman deb chiqqan shirkatchilarning (kooperativchilar) boshidan o‘tayotgan issiq-sovuq kunlarni ko‘rib turibmiz. Shirkatchilarga yo‘l ochilgach, narx-navo, shunchalar qimmatlashib ketdiki, chidash qiyin bo‘lib qoldi.

— Biz juda ko‘p yillar mobaynida odamlarni boylikka, kapitalizmga nafrat ruhida tarbiyaladik. Hozir ham xalqning asosiy noroziligi boyib ketayotgan shirkat a’zolariga qaratilgan. Buning boshqa sababi ham bor. Hozir shirkatchilar jamiyatiga foyda keltiradigan ishlardan ko‘ra, ko‘proq o‘zlari boylik orttirishga harakat qilishmoqda. Ularning faoliyati kamyoblikning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Negaki, ular sanoat va oziq-ovqat mahsulotlarini davlat bahosida sotib olib, buyumlarga ozgina ishlov berib, yoki tanqis taom tayyorlab, o‘ta qimmat narxda pullamoqdalar. Bizning qonunlarimiz shirkatchilarning jamiyat farovonligi uchun foydali bo‘lgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlamog‘i lozim. Hatto xalqimiz muhtoj bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga kirishgan shirkatchilarni dastlabki vaqtlarda soliqdan ozod qilish kerak. Masalan, go‘sht, sut, boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirayotgan, to‘qimachilik buyumlari, tibbiyot asboblari, falaj-aravalar, yog‘och oyoqlar ishlab chiqaruvchi shirkatlar...

Biz odamlarning boyishidan, halol mehnat bilan boyishidan cho‘chimasligimiz kerak. Ularning mulki birikib, xalq boyligini, davlatimiz boyligini tashkil qiladi.

— O‘zbek millionerlari paydo bo‘lsa-chi? Axir biz necha zamonlardan beri ana shunday mulkiy tengsizlikka qarshi kurashib kelmoqdamiz? Pul, mol-dunyo odamni buzadi, degan aqidalarimiz bor?

— Haqiqatdan ham, vujudga kelayotgan ayrim shirkatlar ana shunday savolni o‘rtaga qo‘ymoqda. Men bu savolga shunday javob bergan bo‘lardim: Men o‘zbek millionerlari paydo bo‘lishini orzu qilaman. Nega?

AQShda bo‘lganimda shuni sezdimki, Amerika hukumati o‘z fuqarolarining boyishidan manfaatdor. Millionerlar soni ko‘payishi bilan davlat xazinasiga tushadigan soliqlar miqdori ham ortadi. Bundan manfaatdor bo‘lgan hukumat rdamlarning boyishi uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qiladi. Shuning uchun ham AQShda millionerlar soni oy sayin, kun sayin ko‘payib bormoqda.

Bizda ham shunday bo‘lishi kerak, menimcha. Hozirda mavjud bo‘lgan (buni yashirib nima qilamiz!) yashirin, o‘g‘ri millionerlar o‘rniga halol, oshkor millionerlar bo‘lsa, nimasi yomon?

Axir millionerlarning egasi buncha mablag‘ni yolg‘iz o‘z ehtiyojlari uchun sarf qilmaydi-ku?! Jo‘nroq qilib aytganda, millioner ham o‘sha «oddiy odam» kiygan kiyimni kiyadi, u yegan ovqatni iste’mol qiladi. Orttirgan mol-mulkini u dunyoga orqalab ham ketmaydi. Qurgan zavod-fabrikasi, o‘stirgan bog‘i oxir-oqibatda xalq boyligini tashkil qiladi. Qolaversa, shaxs egalik qilgan millionlar bilan davlat egalik qilgan millionlar o‘rtasidagi farq shuki, shaxs o‘z pullarini behuda isrof qilmaydi. Bir miri hayon, o‘n miri ziyon ko‘rishlarga sarflab yuboravermaydi. U ko‘kartirgan bog‘da mevalar isrof bo‘lavermaydi. U hosil ko‘targan dalada mahsulotning yarmi nobud bo‘lmaydi. Axir bug‘doyzor, poliz va mevazorlarimizda hozir hosilning uchdan bir qismi, balki undan ham ko‘prog‘i, yerda qolib ketayotganligi sir emas-ku! Mamlakat bo‘yicha har kuni sabab-besabab yo‘q qilinayotgan va yo‘q qilinish qonunlashtirayotgan boylikning hisobi bormikan?

Ma’muriy buyruqbozlik silsilasi o‘rnini erkin bozor va egalik huquqi juda zudlik bilan egallamasa, hozirgi boshboshdoqlik davom etadigan bo‘lsa, jamiyatimiz inqirozga butkul yuz tutishi shubhasiz. O‘z yer-suviga, o‘z mulkiga ega bo‘lgan inson — ozod insondir. O‘zining mustaqil do‘kon-dastgohi bo‘lgan odam birovning oldida boshini xam qilib kun ko‘rmaydi.

Bizning jamiyatda ham bir kishining taqdirini ko‘proq amaldorlar hal qiladi. U xoh ishchi, xoh shoir, xoh olim bo‘lsin, amaldorga bog‘lanib qolgan. Hozirgi sharoitimizda arbob bizni har bob bilan urushi mumkin. Chunki bizning qonun bilan mustahkamlangan xususiy mulkimiz yo‘q. Mulksiz odam — erksiz odam.

Qonunda yozilgan huquqlarimiz esa ma’muriy buyruqbozlik silsilasi oldida shaxsni himoya qilishga ojiz. Shuning uchun amaldorlik pog‘onalarining hammasida barcha o‘zidan yuqoridagi odamga qulluq qilib, yuragida hadik bilan yashaydi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda hukumat tepasida turgan odamlarning hammasi o‘z sarmoyasiga ega. Shuning uchun ular o‘z kursisiga yopishib olmagan. Quyidagilar ham ularga sajda qilmaydi. Chunki ularning ham o‘z sarmoyasi bor.

Biz uzoq yillar qonunsiz davlatda yashadik va bunga ko‘nikib qoldik. Kolxozda rais, rayonda raykom, oblastda obkom kotibining hokim-u mutlaqligiga o‘rgandik. Konstitutsion huquqlarimiz masxara bo‘ldi, shaxs huquqlari haqida-ku gapirmaylik ham. Mustaqil umumxalq davlati bilan jumhuriyatlarning yozilgan huquqlari so‘z o‘yiniga aylanib qoldi. O‘zining mustaqil Konstitutsiyasi, gerbi, bayrog‘i, gimniga ega bo‘lgan jumhuriyatning o‘z yer usti va yer osti boyliklariga erkin egalik qilolmasligi, hatto O‘zbekistonday «mustaqil» (suveren) respublikaning o‘z yeriga qancha paxta ekishini o‘zi belgilay olmasligini nima bilan izohlash mumkin?

O‘z mulkiga ega bo‘lgan inson — ozod inson ekan, o‘z yer-suv, zavod fabrikasiga o‘zi erkin egalik qila oladigan jumhuriyatgina mustaqildir. Chet mamlakatlar bilan mustaqil savdo, iqtisodiy va madaniy aloqalar qilish huquqiga ega respublikagagina Tashqi ishlar ministrligi yarashadi!

Siz mulkiy tengsizlik haqida gap ochdingiz. Aytingchi, hozir bizda bunday tengsizlik yo‘qmi? Bo‘lganda qanday! Bizda uchar, g‘irrom poraxo‘r, o‘g‘ri, yulg‘ich odamlar haddan tashqari boyib ketgan. Mehnatkash, halol aqlli, ulug‘ ishlarda bosh bo‘lishi mumkin bo‘lganlar tobora kambag‘allashib bormoqda. Insonni pul, mol-dunyo emas, noto‘g‘ri tarbiya, haqsizlik buzadi. Shunday bo‘lmasligi uchun mehnatkash, ishbilarmon, halol odamning boyishidan cho‘chimasligimiz kerak. Chunki, takror aytaman, millatning, xalqning, davlatning boyligi oxir-oqibatda shaxslarning boyligidan tashkil topadi. Hozir odamlarimizning ham, davlatimizning ham iqtisodiy tang ahvolga tushib qolganligi buni isbotlab turibdi. Fuqarolari g‘arib mamlakat hech qachon boy bo‘lmagan.

— Siz aytgan haqiqiy odil taqsimotga erishmog‘imiz uchun demak, avvalo uni vujudga keltiradigan qadriyatlarni avaylamog‘imiz kerak bo‘ladi?

— Busiz adolatga erishish mumkin emas. Har bir narsaning narxi bo‘lgani kabi, har bir insonning vaqti, aqliy, jismoniy kuchi o‘z bahosiga ega bo‘lishi kerak. Butun jahonda bu qoida, qonun tarzida qabul qilingan. Biror do‘xtur, muhandis yoki o‘zga kasb egasining vaqtini istifoda etsangiz, uning Siz uchun sarflangan fursatiga haq to‘lashingiz lozim.

Bizda odamlar vaqtining bahosi yo‘q. U akademikmi, shoirmi, taniqli artistmi, qilni qirq yoradigan zargar tanqidchimi, oddiy ishchimi — vaqti bilan hisoblashmaymiz. Umrimizning yarmi bekorchi majlislarda yonib ketadi. Deylik, har yili kuzda minglab, millionlab shaharliklarni paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yig‘ib-terib olida uchun safarbar qilamiz. Hatto olimlar chiqib paxta terishga majbur bo‘ladilar. Ularning hasharga ketgan vaqti nima bilan o‘lchanadi? Ishxonasida belgilangan maoshini olaveradi. Ishlaydimi, ishlamaydimi — bari bir, tayin maosh oqib kelaveradi. Bizda sun’iy tenglashtirish, bilimli bilan bilimsizning, uddaburron bilan uquvsizning, talantli bilan noshud mehnatining sun’iy tenglashtirilishi natijasida ulug‘ bir falokatli iqtisodiy sharoit vujudga kelgan. Millionlab odamlar ertalab ishga borib, kechqurun uylariga qaytib keladilar va qilgan ishlariga emas, o‘tkazgan vaqtlariga maosh oladilar!

Men AQShda yurib bunday holni ko‘rmadim. Ko‘chalarda odamlar juda xotirjam. Chunki ular o‘z vaqtining egasi. Faqatgina dastgohlar tepasida va vaqtbay ishlaydigan odamlargina korxonasiga o‘z vaqtlarida borishlari kerak. Lekin ijod ahli, biznes odamlari qachon, qanday, qancha ishlashni o‘zlari belgilaydilar. Ular bir kunda bir soat ham, zarur bo‘lsa yigirma soat ham, ishlashlari mumkin. Shuning uchun ular salomatliklarini yaxshi asrab-avaylaydilar. Umrining biror daqiqasini behuda sarflamaslikka harakat qiladilar. Ularning yuz-ko‘zlarida shunday ma’no ko‘rdimki, bir-ikki soatimni ushbu odamga bag‘ishlasam, menga qancha foyda bo‘ladi?.. Bunday tadbirkorlik natijasida o‘sha odam ham o‘zining, ham mamlakatining boyligiga boylik qo‘shadi. Axir vaqt eng katta boylik-ku!

Biz ham ana shunday tejamkorlik yo‘liga tushishimiz kerak. Yo‘qsa, tarix aravasining orqasida qolib ketamiz. Biz odamlarga, ularning halol va uddaburonligiga ishonch bilan qarashimiz kerak. Vatandoshlarimizda uxlab yotgan EGALIK tuyg‘usini uyg‘otmog‘imiz, yoshlarimizni ham shu ruhda tarbiyalamog‘imiz lozim.

— IQTISODIY inqirozlar odamlarning ma’naviy olamiga, e’tiqodiga ham ta’sir etadi. Bu hol zamondoshlarimiz hayotida qanday namoyon bo‘lmoqda. Sizningcha?

— Shu kunlarda odamlar yuzida bir-biriga mehrdan ko‘ra, nafrat, alamzadalik ko‘proq. Har bir odam portlashga tayyor turgan poroxli idishga o‘xshaydi. Bunday olib qaraganda, oshkoralik, demokratiya bizga ko‘p narsa berdi. Ilgari o‘ylashga ham jur’ating yetmaydigan muammolar haqida bugun matbuotda o‘qiyapsan, radio-televideniedan eshitayapsan. Odatda yuragingdagi dardlaringni to‘ksang, yengil tortishing kerak. Dunyoda eng yomon dard ichga, yurakka haydalgan darddir. Shu jihatdan olib qaralsa, odamlar dardlarini aytib, yengil tortib yurishlari kerak edi. Lekin men ulardan ana shu yengillikni, ruhiy hurriyatni ko‘rmayapman. Ular fig‘onlari falakka chiqib gapirishadi. Uchrashuvlarda alamli savollar, alamli gaplarni eshitib, ezilib ketasan, kishi. Buning sabablarini izlaysan. Meningcha sababi: oshkoralik xalqning ko‘zini ochdi. Bugun yetuklik yoshiga yetganlar o‘zlarining ongli hayotlarini yolg‘onga bag‘ishlaganliklarini, sarobga e’tiqod qilib yashaganliklarini angladilar. Oshkor bo‘lgan achchiq haqiqat birinchi navbatda qalb ehtiyoji bo‘lgan e’tiqodga zarba berdi. Yashab turgan tuzumimiz, qurgan jamiyatimiz uchun bo‘lgan, g‘urur va iftixor tuyg‘ulariga zarba berdi. Biz uzoq yillar mobaynida kapitalizm dunyosining inqirozini bashorat qilib yashadik. Jamiyatimizning porloq istiqboli, gullab yashnajakligini doston qildik.

Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon,
Ul shirin yolg‘onga mendek, aldanib qolg‘on yomon.

Gazeta, radio va televideniemiz, biz eng baxtli odamlarmiz, olamdagi eng adolatli va eng ilg‘or tuzumda yashamoqdamiz, deb jar soldi. O‘sha paytlarda ham dunyoga ochiq ko‘z bilan qaragan odamlar bu gaplarning yolg‘on ekanligini anglaganlar. Xalq og‘zaki ijodining zamonaviy nodir namunalari— latifalarda bu yolg‘onni fosh qilganlar. Shoir va yozuvchilar o‘zlarining eng nozik istioralarini ishlatib, noyob iste’dod qudratlarini sarflab, bu yolg‘on yuzidagi niqobni ko‘tarishga harakat qilganlar. Bu ish oson bo‘lmagan. Iste’dodlar shu, yo‘lda qanchadan-qancha zarbalarga, ta’qiblarga uchraganlar. She’riyatimiz ishoralar she’riyatiga aylanib qolgandi. Mana endi, hamma gapni aytish mumkin paytda o‘sha ishoralar oldida lol bo‘lib qoldik. Biz umr bo‘yi niqobni ko‘tarishga urinib yashadik. Yolg‘onningyuzidagi niqobni yirtib otish rasmiy matbuotda mumkin emasdi, norasmiy matbuot esa bo‘lmagan! Lekin, bari bir, bunday ijod namunalari fosh qiluvchi she’riyat ertadan kechgacha, kechqurundan tonggacha quloqlarga quyilgan rasmiy yolg‘on targ‘ibot va tashviqot oldida dengizdan tomchi bo‘lgan.

Endi ko‘zning ochilish jarayoni boshlandi. Odamlar dunyodagi hayot tarzi haqida tasavvurga ega bo‘lmoqdalar. Jahon taraqqiyotida bizning jamiyatimiz qaysi o‘rinda turganligi ham bilinib qoldi. Bularning hammasi odamlar qalbiga iztirob bo‘lib cho‘kdi.

Ikkinchidan, to‘rt yildan buyon cho‘zilayotgan qayta qurish haqidagi quruq gaplarning ko‘zga ko‘rinarli natijasi bo‘lmayotganligi, iqtisodiy tanglik ham odamlarda norozilik tuyg‘usini kuchaytirmoqda. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ma’muriy buyruqbozlik silsilasining ildiziga bolta urib, o‘rniga yangi sistema barpo etishga ulgurmadik.

— Nega shunday bo‘ldi? Bu siyosatimizdagi navbatdagi xatomi yoki tarixiy zarurat? Qizig‘i shundaki, biz ilgari yo‘l qo‘ygan barcha xatolarimizni tarixiy zarurat taqozosi bilan shunday bo‘lgan deb kelamiz. Nahotki, navbatdagi «zarurat»ga duch kelgan bo‘lsak?

— Ilgarigi xatolarimiz haqida bahslashib o‘tirmayligu, lekin men hozirgi jarayonni tarixiy zarurat deb hisoblayman.

— Nega?

— Gap shundaki, iqtisodiy qayta qurishda eski qoliplardan voz kechishimiz juda qiyin bo‘lyapti. Ministrliklarning o‘rganish bo‘lib qolgan vazifalarini o‘zgartirib, yuqoridan plan va ko‘rsatmalar berish uslubini uzil-kesil tugatmaguncha, yer-suv hamda ishlab chiqarish vositalari zudlik bilan egalari qo‘liga berilmaguncha, iqtisodiy qayta qurish mumkin emas. Negaki, mamlakatimizda butun ekonomika jilovini qo‘lidan tutib turgan va zanjir xalqalari kabi bir-biriga ulanib ketgan hamda mavjud sistema barqarorligidan benihoyat manfaatdor bo‘lgan katta bir qudrat bor. Bu qudrat o‘rnini o‘z ixtiyori bilan boshqa bir qudratga, ya’ni erkin raqobat iqtisodiyotiga bo‘shatib bermaydi. Bu qudrat bizning jamiyatda sinf sifatida shakllanishga va mustahkam ildiz otishga ulgurgan.

Na ishchi, na dehqon, na ziyolisan,
Mustaqil sinfsan qatoring bo‘lak.
El boshiga yoqdan qor senga yog‘mas,
Uying bo‘lak, toming, devoring bo‘lak.
 
Bizning ehtiyojdan na parvoying bor,
Do‘koning bo‘lakdir, bozoring bo‘lak,
Har kas oxiratda hoki turobdir,
O‘shanda ham sening mozoring bo‘lak.

Bu ma’muriy-buyruqbozlik silsilasi vujudga keltirgan To‘ralar sinfidir.

— Yoshlar Sizning ashaddiy muxlisingiz. O‘n yilcha burun «Hozirgi yoshlar» deb nom olgan she’riy majmuangiz chiqqan. Bugungi yoshlar haqida fikringiz qanday?

— Meni yoshlarimiz hayotidagi bir muammo hammasidan ko‘proq o‘ylantiradi. Ularning bilim saviya-sini jahondagi ko‘pgina mamlakat yoshlarining didi, bilimi bilan solishtiraman va har gal amin bo‘lamanki, yigit-qizlarimiz bu borada hali orqadalar. Bir voqea esimga tushdi. 1976 yili Kanadada bo‘ldik. Toronto shahri talabalari bizni mehmon qilish uchun musofirxonadan o‘z mashinalariga o‘tqazib olib ketishdi. Yo‘lda o‘zaro suhbatlashmoqchi bo‘ldik, ammo ilojini qilolmadik. Talabalar gap ochishib, bizdan avval ingliz, so‘ng ispan, nemis, frantsuz, italyan tillarini bilish-bilmasligimizni so‘rashadi. Hayron qoldim — ularning har biri 5—6 tadan til bilarkan. Bizlarning esa birortamiz chet tilini bilmas ekanmiz.

— «Biz» kimlar, talabalarmi?

— Yo‘q, jamoat arboblari, shoirlar, xullas taniqli odamlar... Bilmasligimizning sababi bizga yoshligimizdan dunyo tillarining o‘rgatilmaganligi. Men buni juda afsus bilan eslayman. Biz maktabda o‘qib yurganimizda urush endi tugagan, chet tillariga bo‘lgan munosabat kapitalizmga bo‘lgan munosabat bilan barobar edi. Kapitalistlarni ham, tillarini ham mensimasligimiz, jirkanishimiz, hatto haqorat qilishimiz oddiy hol edi.

Aleksandr Isaakovich Rezidor degan juda bilimdon, aqlli muallimimiz bo‘lardi. U bizga ingliz tilidan saboq berardi. Biz uni masxaralab, kulgi qilardik. Maktab jamoatchiligi ham bunga beparvo qarab turardi. Uni, ingliz tilini masxaralashimiz go‘yoki biz, yoshlarning kapitalizmga, imperializmga nisbatan nafrat ruhida tarbiyalanayotganligimizdan dalolat edi. Bizning bunday «siyosiy yetukligimiz»dan ijtimoiy fanlarni o‘qituvchi domlalarimiz faxrlanishini ham sezganmiz.

Yoshlarimizning bilimlari juda bir tomonlama. Uzoqqa bormay, dunyoviy fanlarning otasi — falsafani olaylik. Bizda bu fanni o‘rgatish yo‘q hisobi. «Falsafa» deganda biz faqat marksizm-leninizmni tushunamiz. Chunki faqat shuni o‘rgatishadi. Boshqa hech narsani, hech kimni bilmaymiz, tan olmaymiz. Nitsheni, Freydni, Gelvitsiyni bilmaymiz. Yurtimizdan bir qadam nariga chiqsang, ularni bilmaganing uchun uyalasan, ezilasan kishi.

Tarix ilmimiz ham ana shunday ayanchli ahvolda. Biz tarixga doim sinfiy nuqtai nazardan qarab, unga faqat bir nuqtadan turib baho berib keldik. Shuning uchun falsafamiz, tarixshunosligimiz boshqa barcha ijtimoiy fanlarimiz jahon ilmidan juda orqada qolib ketgan. O‘qitish-o‘rgatish uslubini tamomila o‘zgartirishimiz kerak... Deylik, Qur’on, Tavrot, Injilni olaylik. Ularni bilamizmi? Bilmaymiz. Ularni hatto mana men degan olimlarimiz ham ochib qarashmagan. Har qanday dahriy ham ota-bobolarimizning dunyoqarashi, falsafasi, orzu-armonlari o‘z ifodasini topgan bu qadimiy kitoblarni chuqur o‘rganmog‘i kerak. Nima uchun biz Qur’onnn, Injilni, Tavrotni bilmasligimiz bilan faxrlanishimiz kerak? Umuman, bilmaslik bilan faxrlanish jaholatdan o‘zga narsa emas.

Menga bir orzu uzoq vaqtlardan beri tinchlik bermaydi. Qani endi jumhuriyatimizda favqulodda iste’dodli bolalar uchun maxsus maktablar tashkil etsak. Ijtimoiy fanlar maktabi, texnika maktabi, tibbiyot maktabi, biznes maktabi bo‘lsa...

Fidoiy, millatparvar ziyolilarimiz O‘zbekiston bo‘ylab yurishib, bu maktablarga 5—6 sinf o‘quvchilaridan eng iste’dodlilarini tanlab olsalar. Shunday yo‘l bilan bir necha ming bolani saralab olib, ularning bilim olishi, o‘sib-ulg‘ayishi bilan xalqimizning eng ilg‘or ziyolilari — olimlar, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar, siyosat va jamoat arboblari jiddiy shug‘ullansalar, bunday maktablarda tarbiya topuvchilar kelajakda jamiyatimizni, xalqimizni, millatimizni porloq kelajak sari yetaklovchi lokomotivlar bo‘lib yetishardilar.

Biz tenglashtirish, hammaning bo‘yini bir qolipda o‘lchash qanday ko‘rguliklarni boshimizga solganini ko‘rib turibmiz. Axir juda katta — 70—80 vagonli sostavni ham lokomotivlar tortib boradi-ku. Biz jamiyatimizning lokomativlarini, katta shaxsiyat egalarini tarbiyalamog‘imiz kerak. Bu haqda SSSR xalq deputatlarining birinchi s’ezdida ochiq-oydin gapirilgani quvonchli bo‘ldi.

— Erkin aka, suhbatimiz xalq deputatlarining birinchi s’ezdiga borib taqalgan ekan, aytsangiz: u Sizda qanday taassurbt qoldirdi, qanday fikrlar uyg‘otdi? O‘zbekistondan saylangan deputatlarning faoliyati haqida nima deya olasiz?

— S’ezd jamiyatimiz hayotida juda keskin burilish nuqtasi, demokratiya va oshkoralik sari qo‘yilgan katta qadam bo‘ldi. Kelgusida tarixshunoslar unga ana shunday baho berishlariga ishonchim komil.

U kimning kimligini ko‘rsatdi. Men Boburning «Yoz fasli yor fasli, do‘stlarning suhbati...» deb boshlanuvchi baytini takrorlashni yaxshi ko‘raman. «To bilingay har kishining ta’bi birla holati», deydi ulug‘ shoir. S’ezdda ham har bir kishining, har bir xalqning, har bir regionning «ta’bi birla holati» namoyon bo‘ldi. Biz o‘z deputatlarimizni Boltiqbo‘yi, Moskva, Leningrad kabi regionlardan kelgan vakillar bilan solishtirib, shunday xulosaga keldik, O‘zbekistonlik deputatlar s’ezd kun tartibiga qo‘yilgan masalalarni muhokama qilishga, bahslarga umuman tayyor emasliklarini ko‘rsatishdi. Buni tan olishimiz kerak.

Vakillarimizning saviyasidan ma’lum bo‘ldiki, biz deputat saylashda ancha-muncha omilik qilganmiz. Aytaylik, s’ezdda kim yutdi? Iqtisodiyotni, qonunni yaxshi bilgan deputatlarning tili burro bo‘ldi. Vakillarimizning orasida bu o‘ta muhim sohalarning piri bo‘lgan iqtisodchi, huquqshunos, jamiyatshunos olimlar, mutaxassislar qancha? Yo‘q hisobi. Bu bizning kamchiligimiz emas, fojiamiz. Mahalliy Sovetlarga erta-indin bo‘lajak saylovlargacha bundan zarur xulosalar chiqarib olishimiz kerak. Toki katta anjumanlarga borgan vakillarimiz bizning dardlarimiznigina aytib qolmasdan, muammolarimizni o‘rtaga qo‘ya bilsin, ularni hal etish yo‘llarini ko‘rsata olsin... Umuman, deputat respublikamizning Ittifoq miqyosida tutgan o‘rnini millatimizning obro‘sini oshirish uchun nimalar qilish lozimligini biladigan hech kimdan, hech narsadan cho‘chimaydigan kishi bo‘lishi kerak. Bizda shunday odamlar borligiga ishonaman. Balki ular katta mavqega ega emasdir, rahbarlik joylarida o‘tirmagandir, el tanimas-bilmas, lekin shunday kishilarimiz bor. Chunki jamiyatimizdagi mavjud ma’muriy-buyruqbozlik silsilasining o‘zi bunday dadil, bilimdon, fidoiy, xalqparvar, millatparvar odamlarning ko‘kragidan itarib kun ko‘radi. Buni men yetmish yillik jamiyatimizning eng katta fojiasi deb bilaman. Bu silsila hech qachon aqlli, bilimli, fidoiy odamlarni yuqoriga ko‘tarmaydi.

— Ko‘tarmagan ham.

— Ha, bundan keyin ham ana shu silsila saqlanib qolsa, ular ko‘tarilmaydilar. Mabodo bizdan ikki odamdan biri rahbarlikka tanlab olinadigan bo‘lsa, jasur, o‘z bilimiga ishonadigan, cho‘rtkesar, qat’iyatli, jonkuyar kishi emas, bilimi past, laganbardor, mute odam ko‘tarilib ketadi. Rahbarlarimizga ish beradigani emas, tinch yuradigan ma’qul bo‘ladi. Mana shu silsila, zanjir jamiyatimizni borgan sari orqaga tortib kelyapti. U minglab talantli, uquvli, tadbirkor yoshlarning hayotda yuz ochmay o‘tib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Jamiyatning yetakchi kuchlari, durdonalari bo‘lgan bunday odamlar orqaga surilib qolmoqda. Mamlakatimizning boshiga tushib turgan bugungi fojiali inqirozlarning bosh sababini, mana shunda, yaxshi kadrlarimizning chekkaga surilib qolishida ko‘raman. Mavjud silsilada dono odamning yuqoriga chiqib qolishi juda kam uchraydigan tasodifiy hol.

Bunday ko‘krakdan itarish, orqaga tortish, maktabdan boshlanadi. Bizga maktabdanoq hamma teng bo‘lishi kerakligini uqtirishadi. O‘qituvchilarimiz ham a’lochilar ko‘payishidan emas, umumiy o‘zlashtirishdan manfaatdordirlar. Iloji bo‘lsa, hamma yaxshi o‘qisin-u lekin hech kim sinfda qolmasin, barcha o‘rtacha bilimga ega bo‘lsin. Muallimlarimiz: «Hu, bizga ko‘krak kerib yuradigan, «Oltin medal»ga da’vogarlar emas, kamtaringina, gapga quloq soladigan, mo‘min bolalar kerak», deyishardi. Shuning uchun a’lochilarga ikkichilar biriktirib qo‘yilardi. «Sen mana bu ikkichini qachon uch-to‘rtga olib chiqsang, o‘shanda bahoing «5» bo‘ladi. Ungacha sen mana shu bola bilan o‘ynaysan, dars qilasan va hokazo». Natijada talantli, a’lochi bolaning juda ko‘p vaqti ovsarni shatakka olish, sudrash bilan o‘tardi. Boshqacha aytganda, bechora iqtidorli bolaning oyog‘iga tushov solib qo‘yilardi. Hozir ham shunday. Jamiyatimizda bosh ko‘targanning boshiga urilib, yerga kirib ketganning qulog‘idan tortilib kelingan. Yomonma’noda tenglashtirish hukm surib kelingan. Axir besh qo‘l baravar emas-ku! Haligi gap: jamiyatning o‘z vagonlari, o‘z lokomotivlari bo‘ladi. Biz lokomotivlarni yo‘qotib, hammani vagonga aylantirib qo‘yganmiz. Natijada poezdimiz joyidan jilolmay yotibdi.

— Yuqorida Siz ajoyib taklifni o‘rtaga tashladingiz. Lekin uning Siz tasavvur qilgan darajada amalga oshishidan shubham bor. Sababi — jamiyatimizda ildiz otib ketgan tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik kabi illatlar o‘sha pokiza dargohlarga ham iste’dodli bolalardan avvalroq yetib bormasligiga kim kafolat bera oladi? Bunday ixtisoslashgan o‘quv yurtlari — «musiqa maktabi», «matematika maktabi» va hokazolar hozir ham bor. Boru, foydasi kam. Qoidaga ko‘ra, ularda ham favqulodda iqtidorga ega bolalar o‘qishi kerak...

— Tashvishingiz juda o‘rinli. Bunday maktablarga ham g‘irromning aralashishiga urinishi tabiiy. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan dalada madaniy ekin o‘smaydi, yovvoyi o‘t bosib ketadi. Menimcha, maktablarga o‘quvchi tanlash bilan jamiyatimizning ilg‘or odamlari shaxsan shug‘ullanishlari kerak. Men orzu qilamanki, bir maktab kibernetika sohasiga ixtisoslashadigan bo‘lsa, uni shu institutning direktori, mashhur olimimiz Vosil Qobulov o‘z zimmasiga olsa. Maktab ham «Vosil Qobulov maktabi» deb atalsa. Bolalarni u kishining o‘zlari ko‘rib-bilib, sinab, vijdonan saralab olsa yoki Vosil akaning eng ishongan shogirdlari shu ish bilan shug‘ullansalar. Ana shunda tanish-bilishlik bo‘lmasligi, g‘irrom aralashmasligi mumkin.

Bunday maktablarni barcha sohalar bo‘yicha tashkil etsa bo‘ladi. Yana bir gap: uni tashkil etuvchi yetuk shaxsning nomi bilan atash kerak. Shaxmatda «Bo-vinnik maktabi», «Kasparov maktabi» deb yuritiladi. Nima uchun, aytaylik, yosh shoirlar uchun «Abdula Oripov maktabi»ni, yosh rassomlar uchun «Bahodir Jalolov maktabi»ni yoki yosh bokschilar uchun «Rufat Risqiev maktabi»ni tashkil etish mumkin emas? Mumkin. Bunday iqtidorli bolalarni tanlab olish ham, o‘qitish ham ularning o‘zlariga topshirilishi kerak. Bu maktablarda ularning o‘zidan katta xo‘jayin bo‘lmasligi kerak. Shunday bo‘lsa, hech kim o‘z maktabiga uquvsiz bolani olishni, mehnatining zoe ketishini istamaydi.

Agar shunday maktab tashkil qilishning imkoniyati yaratilsa, men bu ishga jon deb bosh qo‘shardim. Qishloqma-qishloq, mahallama-mahalla yurib, yuzlab, minglab bolalarning orasidan talantlilarini tanlab olardim. O‘ylaymanki, mening katta maqsadimni anglab yetgan odamlar o‘rtamiyona bolani yoki qandaydir korchalonning erkatoyini tavsiya qilmasdilar...

Mana shu yo‘ldan borishimiz kerak. Chunki mavjud maktablar o‘z ishini to‘g‘ri izga solgunlaricha, o‘n yillar o‘tib ketishi mumkin. Kutib o‘tirishimiz esa fojia bilan barobar.

— Shu o‘rinda ta’lim-tarbiya bobidagi qadimiy an’anamiz yodga tushadi. Ma’lumki, bobokalonlarimiz Ibn Sino, Beruniy, al-Xorazmiy davrlaridan to asrimizning 20-yillarigacha bizda ajoyib an’ana bo‘lgan: Vatandoshlarimiz xorijiy mamlakatlarga borib o‘qishgan, yashashgan.

Hali grajdanlar urushi olovi o‘chmasdan, undan katta talafot bilan chiqqan xalqimiz o‘ziga kelmasdan, Turkiston ziyolilari, Vatanimizning, millatimizning istiqboli to‘g‘risida qayg‘urishib, o‘nlab yigit-qizlarni Germaniyaga ilm olish uchun yo‘llashganini bilamiz. Bu misli ko‘rilmagan jasorat, vatanparvarlik, xalqparvarlik edi. Negaki, o‘sha kezlarda davlatimizning yoshlarni mamlakat ichkarisida o‘qitishga ham mablag‘i yetishmasdi. Shunday bir og‘ir paytda millatparvar ziyolilar o‘zaro mablag‘ to‘plashgani, xususan otashqalb shoirimiz Cho‘lpon 7,5 ming so‘m berganini bugun faxrlanib eslaymiz.

Nega bu an’ana hozir, nisbatan yaxshi kunlarga erishganimizda davom etmayapti? Bilishimcha hozir birorta ham o‘zbek bolasi xorijda o‘qimaydi.

— Bizda ta’lim-tarbiya bobida xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish behad yomon ahvolda. Lekin Sovet Ittifoqida juda ko‘plab chet ellik studentlar o‘qiydi. Yaqinda Amirqolik Vilyam ismli bir talaba darvozamni taqillatib, kirib keldi. U sof o‘zbek tilida: «Erkin aka, bizning yurtimizga yaxshi borib keldingizmi?» deganida hayron qoldim. Amirqodek rivojlangan mamlakat fuqarosi bizning yurtimizga ilm olish uchun kelib yuribdi-yu, lekin biror o‘zbek yigiti yoki qizi nafaqat AQSh, hatto yaqinroq mamlakatlarda ham o‘qimasligiga achinasan kishi. Albatta, mamlakatlararo almashuv bor. Lekin negadir ulardan talabalar kelishadi-yu , bizdan faqat o‘qituvchilar borishadi. Hayronman: biz chet eldan o‘rganishni xohlaymizmi? Ular kelib bizda o‘qib ketishsin-u, biz borib faqat o‘qitishimiz kerakmi? Yoki xorijda ibrat olsak arziydigan tajribalar, yutuqlar yo‘qmi? Ko‘p, juda ko‘p.

Men Sietl shahrvda ikki o‘zbek yigitini uchratdim. Nihoyatda qobiliyatli yigitlar ekan. Dorilfununda talabalarga biri matematikadan, biri fizikadan ingliz tilida saboq beryapti ekan. Ularning ingliz tilini mukammal bilishlarini ko‘rib, qoyil qoldim. Faxrlandim. O‘zbek yigitlarining amirqoliklarga saboq berib turganligidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Lekin ularning yonida 2—3 o‘zbek talabasi ham bo‘lganida edi, naqadar adolatli ish bo‘lardi. O‘ylashimcha, biz amirqoliklarga o‘rgatishdan ko‘ra, ulardan o‘rganishga ko‘proq muhtojmiz. Ayniqsa bizda bo‘lmagan soha — biznes maktablariga bolalarimizni yuborishimiz kerak. Ular qanday qilib mulkdan mulk yasash, mamlakatni boyitish, chet ellar bilan aloqa qilish yo‘llarini o‘rganib kelishlari lozim. Bizda hali bunday ilmga asos solinmagan, qonimizda yo‘q. Shuning natijasida hozir kapitalistik mamlakatlar bilan tashkil etilayotgan qo‘shma korxonalarimiz yulduz ko‘rmay so‘nmoqda. Birinchidan bizneschilarning bizga ishonchi yo‘q: SSSRdagi butungi erkin siyosat, yangicha tafakkur ertaga saqlanib qoladimi, yo‘qmi? Siyosat o‘zgarsa, hamkorlikda qurgan korxonasiga jizzadek kuyib qolmaydimi?.. Shuning uchun biz bugun ularga ancha-muncha yon bossak durust bo‘ladi. Qo‘shma korxonadan ular ko‘proq foyda olarkan, deb qurilayotgan zavod yoki fabrikani darhol yopib qo‘yishga shoshilmasligimiz, uzoqni ko‘zlab ish yuritishimiz kerak.

Biz bugunni o‘ylab harakat qilamiz. Shunga o‘rganganmiz. Kapitalist esa 40—50 yil keyinini o‘ylaydi. U bugun sochgan urug‘ini nabirasi, abirasi o‘rajagini biladi. Bizning rahbarlarimiz esa 5—10 yilga tayinlanadi yoki saylanadi. Shuning uchun ham rejalarimiz 5—10 yillik planlardan nariga o‘tmaydi. Chunki men hozircha rahbarman deb o‘ylashadi ular, ertaga boshqa viloyatga yoki boshqa korxonaga o‘tib ketaman. Bu joyda qilgan ishlarim qolib ketadi. Shuning uchun barcha rahbarlarimiz nimaiki natijaga erishsa, bugun, hozir erishsa. Bir-ikki yil ichida o‘zimni ko‘rsatsam, deb o‘ylaydi. 40—50 yildan so‘ng bo‘ladigan ishlarni hech qachon o‘ylashmaydi. Chunki o‘ylashdan manfaatdor emas. 50 yildan keyin hosil beradigan daraxtni o‘tqazmaydi.

Biz katta umid bilan «qayta qurish» deb atagan va ulug‘ manzil sari yo‘lga chiqishimiz lozim bo‘lgan ulkan kemamiz joyidan jilmay turibdi. Buning bosh aybdori mamlakatimizdagi rahbarlik sistemasi deb bilaman...

Bilasizmi, bizda qancha amaldor bor?

— Bu jihatdan barcha mamlakatlarni quvib o‘tib, jahonda rekord qo‘yganmiz!

— Ha, mamlakatimizda hozir 18 million rahbar bor. Bu, taxminan 15—16 kishiga bittadan boshliq demakdir. Bir necha yildan buyon ularning sonini qisqartiramiz deb jonimiz halak. Ammo bu tomonidan qisqartirsak, afsonaviy ajdarhodek, u tomonidan yana o‘sib chiqaveradi.

Sovet rahbarlik sistemasini aravaning beshinchi g‘ildiragiga o‘xshatishadi. Mening nazarimda, rahbarlik sistemamiz aravaga o‘rnatilgan beshinchi g‘ildirak — hayotimizning, jamiyatimizning rivojlanishiga faqat to‘sqinlik qiladi.

Oddiy misol. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotiga bir necha vaqt direktorlik qilishimga to‘g‘ri keldi. Ilgari sezmagan ekanman. Tepamizda shunchalar rahbar tashkilot ko‘p ekanki, sanasangiz hisobdan yanglishib ketasiz... O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi, Oliy Kengash Hay’ati, Ministrlar Kengashi — uchalasida ham madaniy ishlar bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim va sho‘‘balar bor. Viloyat, shahar va nohiya partiya qo‘mitalari, Ijroqo‘mlarni hisobga kiritmaymiz-da, yaqinroq tashkilotlarga o‘tamiz: umumittifoq, jumhuriyat, nihoyat viloyat Poligrafiya, nashriyotlar va kitob savdosi davlat qo‘mitalari. SSSR va O‘zbekiston SSR Yozuvchilar uyushmasi. Bularning ustiga, organ xodimlari — axir ularga-da ustimizdan shikoyat yozishadi! — sud, prokuratura, militsiya, xalq nazorati qo‘mitasi. O‘z navbatida, bu tashkilotlar ham bir necha «zinapoyalardan» iborat. Xullas nomlari tilga olingan tashkilotlarning hammasi bizga rahbarlik qiladi. Ular nashriyot ishini istagan paytida tekshirish qudratiga ega. Qolaversa, kunda-kunora majlislarga taklif etishini aytmaysizmi!..

— Xotiramga tushib ketdi, Erkin aka: bundan to‘rt yilcha burun Siz rahbarlik qilgan nashriyot ishini shahar partiya qo‘mitasi tuzgan komissiya safida men ham tekshirishda ishtirok etganman. Biz, besh kommunist, nashriyot xodimlarini uch kun ishdan qoldirib, savolga tutganimiz yodimda. Chunki shunday topshiriq olgandik. Keyin bilsak, bizning taftish besh oy ichida o‘n yettinchisi ekan. Biz ham, qattiq tekshiringlar, degan ko‘rsatmaga qaramay, «hech narsa» topolmay ketgandik.

— Endi ayting: bunday holda biror ish qilib bo‘ladimi?! Joningga tegadi-yu, bir kuni qochib qutilasan-da..

Ishda qayta qurish bo‘lmog‘i uchun rahbarlikning ana shu «zinapoya»sini yo‘qotish kerak. Tashkilot, korxona, xo‘jalik va umuman, jumhuriyatlargacha to‘la iqtisodiy, ma’naviy erkinlik berilishi lozim. O‘sha korxona yoki xo‘jalik ahli o‘zi istagan mahsulotni ishlab chiqarsin, uni istagan joyga, xohlasa chet elga sotsin, oldi, berdi qilsin.

...Umuman, juda o‘ylaydigan zamon. Kim edigu kim bo‘ldik? Qaerdan qayoqqa qarab ketyapmiz? Mana hozir aytayotgan gaplarimning tasdig‘i uchun Lenindan misollar keltirgim kelyapti-yu, o‘zimni tiyib turibman. Nega? Bu endi bizning fikrimizni bezashi qiyin, sababi marksizm-leninizm klassiklari ta’limotini dogmaga — qotib qolgan nazariyaga aylantirib qo‘ydik. Uni ijodiy o‘zlashtirishni unutdik, hisob. Shuning uchun biz endi dunyoning holatiga tiyran nigoh bilan qaraydigan yoshlarni tarbiyalab yetishtirmog‘imiz kerak. Buning uchun ular olam ko‘rishlari lozim.

Robindranat Thakurning bir she’ri bor. Ona Hindiston! Farzandlaringni bunchalar sevib bag‘ringga olmasang. Sen ularni qo‘yib yubor. Chiqsin. Dunyo bo‘ylab parvoz qilsin. El-yurtlarni ko‘rsin. Ularga hechnarsa bo‘lmaydi. Boshi omon bo‘lsin. Bir kuni qaytib kelib, sening kuningga yaraydi, ular.

Men ham bugun ona O‘zbekistonimizga shunday murojaat qilgim keladi: sen ham sevikli farzandlaringni hadeb bag‘ringga bosib o‘tiraverma, Xorijga chiqsa, kapitalizmning yuqumli kasaliga chalinib, dunyoqarashi o‘zgarib ketadi, deb cho‘chima. Ularni butun dunyoga yubor... Buning uchun qudrating yetadi. 15—20 balki undan ham ko‘proq talabani Ovrupo, Amirqoga o‘qishga yuborib, tarbiyalasang, ertaga kuningga yarashi muqarrar...

— 70 yillik tariximizga nazar solib, ko‘plab iqtidorli, fidoyi odamlarning nohaqlik qurboni bo‘lganligini ko‘ramiz. Bunday odamlarning yuzaga chiqmasdan ketishi, oxir-oqibatda, mamlakatimizni nnqiroz yoqasiga olib keldi. Bu fojianing sababini menimcha, biriknchi galda tanqidning, hur fikrning bo‘g‘ilganligidan izlamoq kerak. Erkin fikr bo‘g‘ilganligining sababini esa ko‘pchilik siyosatshunoslar Kommunistik partiyaning yakkahokimligidan ko‘rishmoqda. Ko‘ppartiyaviylik, o‘zaro raqobat bo‘lganida, jamiyatimizda bunday fojialar bo‘lmasdi, deyishmoqda. Ham kommunist ham ijodkor sifatida Siz nima deb o‘ylaysiz?

— Bu muammoni men juda ko‘pdan beri o‘ylab yuraman. Menimcha, mamlakatimizda oxir-oqibat ko‘p partiyaviylik bo‘lishi kerak. O‘zga yo‘l yo‘q. Yakka partiya diktatura uchun xizmat qiladi. Demokratik davlatning qonuni esa o‘zgacha. U partiyaviy yakkahokimlik bilan aslo chiqishmaydi. Hamma sohada bo‘lgani kabi, partiyalararo erkin musobaqa ham jamiyatning yuksalishiga xizmat qiladi. Ammo hozir jamiyatimiz ko‘p partiyaviylikka tayyor emas.

— Nima uchun?

— Biz ko‘p partiyaviylik nari tursin, hatto norasmiy uyushmalarga ham tayyor emasligimiz sezilib qoldi. Millatlararo to‘qnashuvlar, reket, eketremizm, tanqidning tanqidbozlikka aylanib ketishi, saylovlardagi guruhbozliklar... Bular bizning erkinlikka tayyor emasligimizni ko‘rsatib qo‘ydi.

Tasavvur qilingki, ertadan boshlab komfirqa ham ko‘p qatori bir partiya bo‘ladi va boshqa partiyalar ham tuzishga ruxsat etiladi. Hech kim kafolat berolmaydiki, mamlakatimizda grajdanlar urushi boshlanib ketmasin. Negaki, jamiyatimiz hozir nihoyatda og‘ir, qaltis jarayonni boshidan kechirmoqda. Bunda juda ko‘p manfaatlar to‘qnashyapti. Qayta qurishdan manfaatdor bo‘lgan va bo‘lmagan kuchlar bor. Hozir undan manfaatdor bo‘lmagan kuchlarning mavqei ustunroq. Negaki turli rahbarlik lavozimlarida o‘tirgan va shu paytgacha farmoni —farmon, so‘zi — so‘z bo‘lib kelgan odamlar o‘z mavqeini berib qo‘ygisi keladimi? Yo‘q. Yangicha ishlash sharoitlariga moslashgilari keladimi? Kelmaydi. Chunki ularni bugun tugab borayotgan ma’muriy buyruqbozlik silsilasi voyaga yetkazgan.

Ana shunday mavqeni egallab kelganlarning ko‘pchiligi komsomoldan yetishib chiqqan. Ular komsomol yoshidan buyruqbozlikka o‘rganganlar. O‘rtoq Mixail Sergeevich Gorbachevning bir gapi menga juda ma’qul bo‘lgan. Men bu gapni ruscha keltiraman. Chunki shundayligicha qulog‘imda qolgan: «Byurokrat voobshe ne priyaten, no byurokrat molodoy— otvratitelen» (Byurokrat umuman hech kimga yoqmaydi, yosh byurokratga esa toqat qilib bo‘lmaydi). Haqiqatdan ham, qanchadan qancha-yoshlarimiz ayni mehnat qiladigan chog‘ida kabinetlarda o‘tirishib, qog‘ozbozlik bilan, kimlargadir chora ko‘rish bilan, buyruqlar berish bilan shug‘ullanadilar. Ota-bobolari minmagan yaltiroq mashinalarda, majlisma-majlis yuradilar. Mana shunday xo‘jayinlik, buyruqbozlik nash’asi qon-qoniga singib ketgan odamlar hozir katta lavozimlarda o‘tirganlar orasida kammi? Kam emas.

Biz yangidan qurayotgan jamiyat ana shu sistemaning mavqeini tag-tomiri bilan yo‘qotishi kerak. Shuning uchun hozir jamiyatimizdagi mavjud holat, o‘zaro ziddiyat benzindan to‘yingan havoga o‘xshaydi — uchqun chiqsa, portlab ketishi hech gap emas. Ana shunday manfaatdor guruhlar ertaga darrov o‘z partiyasini tuzadi. Savdogarlar mafiyasi o‘zaro bir partiyaga birlashishi mumkin. Ziyolilar o‘z firqasini tuzsalar, ehtimol. To‘g‘risini aytganda, bugun men qayta qurishdan manfaatdor bo‘lgan ikki guruhnigina aytishim mumkin: ishchi-dehqonlar-u, ilm-fan bilan shug‘ulanuvchi va ijodkor ziyolilar. Hozirgi paytda ijodkor ziyolilar — yozuvchilar va jurnalistlar qayta qurishning oldingi saflarida bormoqdalar. Qabohat va turg‘unlik yillarida tuproqqa qorishtirib tashlangan, azob-uqubatlarga duchor bo‘lgan hur fikrli fozillarimiz bugun qayta qurish uchun fidoiylik ko‘rsatmoqdalar. Ilgarilari ularga ishonch yo‘q edi. Hatto partiya saflariga o‘tishlari ham keskin cheklab qo‘yilgandi.

— Yuqorida Siz juda chiroyli o‘xshatish ishlatdingiz, mamlakatimizdagi ahvolni benzin bilan to‘yingan havoga mengzadingiz. Bu qaltis vaziyat millatlararo munosabatlarga ham bevosita taalluqli. Turli joylarda chiqayotgan nizolar, to‘qnashuvlar bundan dalolat. O‘ylab o‘yimga yetolmayman: bu milliy mojarolar qanday hal bo‘ladi? Nega biz 60—70 yil o‘zaro tinch-totuv yashab, bugun qonli to‘qnashuvlargacha borib yetayapmiz?..

— Bular bugun nafaqat Sizni, mamlakatimizning barcha fuqarolarini shu jumladan, meni ham qattiq o‘ylantirayotgan savollar. Berilayotgan javoblar meni sira qoniqtirmaydi, aksincha asabimga tegadi: Sababi matbuotdan, televidenie-radiodan va boshqa mo‘‘tabar minbarlardan turib aytilyaptiki, milliy muammolar, qabohat va turg‘unlik yillarida yetilib kelgan, vaqtida hal qilinmagan. Balki rostdan shundaydir — o‘sha vaqtlarda ham bugungiday muammolar bo‘lgandir. Masalan, bir oilada birga yashab turgan aka-uka, ota-bolalarning o‘rtasida muammo va ziddiyatlar yo‘qmi? Bor, bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Lekin bu oilada qandaydir Qudrat bo‘ladi. Uning nomini Insof ham, Diyonat ham, Murosa ham deb atash mumkin. O‘sha Qudrat odamlarni o‘zaro to‘qnashuvlardan saqlab turadi. So‘nggi yillarda bizda yana shu Qudrat bo‘shashib ketdi. Kelib-kelib qayta qurish zamonida bo‘shashib ketdi o‘sha Qudrat.

Mening quyida aytajak gaplarim, rasmiy tashviqotga butunlay teskari. Rasmiy tashviqot milliy nizolarning kelib chiqishida qayta qurish yillarining mutlaqo aybi yo‘q deb, barcha gunohlarni uzoq-yaqin o‘tmishimizga ag‘darmoqda. To‘g‘ri, bunda qayta qurishning aybi yo‘q. Lekin qayta qurish yillarida milliy masalalarni hal etishga nisbatan paydo bo‘lgan yangicha qarashning, targ‘ibotning aybi bor.

Bir misol. Jumhuriyatlararo, viloyatlararo, shaharlararo madaniyat, adabiyot va san’at kunlari, dekadalari qayta qurishning ilk kunlaridanoq, avvalo markaziy matbuotda, so‘ng mahalliy minbarlardan qoralana boshlandi. Ularni «qadahlar do‘stligi» kabi sifatlar bilan atashga kirishdilar. Natijada, muntazam bo‘lib turadigan o‘zaro do‘stlik bayramlari, haftaliklari, dekadalari deyarli to‘xtab qoldi.

Men O‘zbekistonning Tojikistonda, Belorussiyada, Ozarbayjonda, o‘tgan do‘stlik kunlarining, dekadalarining qatnashchisiman. Ularning kelganini, bizning borganimizni juda yaxshi eslayman. Biz ko‘plab do‘stlar orttirgandik o‘shanda!..

«Xalqlar do‘stligi» mavhum tushuncha emas. Respublikalarning yozuvchilari, san’atkorlari, olimlari, jamoat va siyosat arboblari bir-biri bilan do‘stlashsalar, xalqlari ham o‘zaro birodarlashdi, deb hisoblayvering. Agar shu holat bo‘lmasa, do‘stlashmoq uchun imkoniyatlar yaratilmasa, ular bir-biridan begonalashtirilsa, uzoqlashtirilsa, demak, xalqlar millatlar orasiga ham sovuqlik tushdi, deb sanayvering...

Lekin yana bir muammodan ko‘z yummasligimiz kerakki, milliy siyosatimizda tenglik bo‘lmaydi. O‘zbekistonda o‘zbek tili ikkinchi darajali ro‘zg‘or tili bo‘lib qoldi. Biz, o‘zbeklar, o‘rus xalqi oldida sajda qilishga, cho‘qinishga o‘xshash vaziyatni o‘zimiz yaratdik.

Tarixiy qismatimizda o‘rus xalqining, o‘rus tilining ahamiyatini unutmagan holda aytish kerakki, bunday ta’zimkorlik nafaqat bizning, o‘rus xalqining ham obro‘yiga obro‘ qo‘shmaydi. Chunki, har narsaning, jumladan, hurmat-izzatning ham me’yori buzilsa, aks ta’sir boshlanadi. Odamlarda unga nisbatan qarshilik kuchayadi.

E’tibor bering, Qulman, bizning filmlarimizda boshqa badiiy asarlarimizda o‘rus kishisi salbiy qahramon bo‘lganmi?..

— Eslay olmayman.

— Men ham. Hatto Oybek o‘z vaqtida juda ajoyib asari —«Qutlug‘ qon» romaniga o‘rus kishisini ijobiy qahramon qilib olmaganligi uchun behad tanqid qilingandi. Do‘stlikni, baynalminallikni, sadoqatni bunday jo‘n, chalasavodlarcha talqin etish hamon davom etyapti.

Masalan, o‘rus qo‘shnimning oilasini olsam, uning oilasida ham yaxshi yomon bor. Menda ham. Unda ham ichkilik ichadigani, ichmaydigani, menda ham shunday bo‘lsa... Barcha jihatlardan bir-birimizga o‘xshasag-u, lekin targ‘ibotimiz, badiiy asarlarimizda yomon faqat bizdan-u, yaxshi faqat ulardan bo‘lsa. Bu — targ‘ibotdagi no‘noqlik, soxtalik. Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikka rahna soladigan soxtalik. Bu haqda o‘rus yozuvchilarining o‘zlari, xususan Sergey Barazdunning aytayotgani quvonchli. SSSR Yozuvchilar uyushmasining plenumlaridan birida, u o‘rus xalqi boshqa millatlarning katta og‘asi emas, balki tengdoshidir. Chunki, Konstitutsion huquqlarimiz, mavqeimiz bir bo‘lsa, bunday soxta takalluf ne darkor, degan gapni aytdi.

Har bir narsa yolg‘on aralashtirilib, bo‘yab-bejab talqin etilsa maqsad har qancha urug‘ bo‘lmasin, oxir-oqibatda yomon natijalarga olib keladi. Shuning uchun yoshlarimizni tenglik, do‘stlik ruhida tarbiyalashimiz kerak. U o‘rusmi, koreysmi, tatarmi, belorusmi, katta xalqmi, kichikmi — teng ko‘rishimiz, baravar e’zozlashimiz kerak. Farzandlarimiz bolaligidan millat ajratmaydigan bo‘lib o‘ssinlar.

Men kelajakda mamlakatimiz odamlari milliy o‘zliklarini — o‘z tili, madaniyatini chuqur egallagani rus va chet tillarini bilgani holda, bir-birining qaysi millatga mansubligini esdan chiqarib yuboradilar, deb o‘ylayman. Buni yana Amirqo misolida aytaman, u yerda ham ko‘plab, balki bizdagidan-da, ko‘proq millatlar yashaydi. Lekin ma’muriyat birovning millatini surishtirmaydi, pasportiga ham kimning qaysi millatga mansubligi yozilmaydi. Qolaversa pasportning o‘zi yo‘q. Amirqo fuqarolariga faqat chet elga chiqqanlaridagina pasport beriladi va unga ham millat belgisi yozilmaydi.

Men milliy o‘zlikning saqlanib qolishi tarafdoriman. Ammo pasportimizda ism-sharif, tug‘ilgan yili va yurtdan so‘ng millat belgisining bo‘rttirib ko‘rsatilishi to‘g‘ri emas. Men umuman pasport sistemasiga qarshiman. Juda ko‘plab taraqqiy etgan mamlakatlarda bunday hujjatbozlikni uchratmaysiz. Uylaymanki, bizda ham kelajakda shunday bo‘ladi.

Pasport nima o‘zi? U tilni, madaniyatni, urf-odatlarni saqlashga xizmat qiladigan hujjat emas. U — shaxsning kimligini aniqlaydigan vosita. Ana shunday hujjatning dastlabki satrlariga shaxsning qaysi millatga mansubligini yozib qo‘yish qaysi ma’muriyatga nima uchun kerak?

Hozirgi pasportlashtirish, kishining qaysi millatga mansubligi bo‘rttirib yozib qo‘yilishi menda asosli ravishda shubha uyg‘otadi: «Demak millatlar o‘rtasida farq bor ekan-da? Kimdir oliyroq huquqlarga ega ekan-da?» Xo‘sh, nega ayrimlar o‘zlarini iloji boricha, boshqa millatga mansub qilib ko‘rsatishga urinishadi? Boshqa millatga xos ism-shariflarnv qabul qilishga harakat qilishadi?.. Bu javobsiz savollar qaerdadir, qandaydir millat ajratuvchi mashina bor, degan shubhaga borishimda asos bo‘ladi.

Yoshlarimizga aytar gapim shuki, ular mana shunday xatolarni tugatishga harakat qilsinlar. Bu balki Stalin davridan qolgan va umumiy ishonchsizlik natijasida vujudga kelgan, umri tugab borayotgan silsiladir. Balki kabohat yillari yaratgan o‘sha mashina hozir ishlamayotgandir. Har holda, o‘ylab ko‘raylik... Shunday odamlarni bilamanki, otasi belorus, onasi tatar; otasi o‘zbek, onasi o‘rus. Oti o‘ruscha, familiyasi o‘zbekcha, yoki, aksincha odamlar ham kam emas-ku? Ular nima qilishsin? Ular qaysi millatni yozishsin pasportlariga? Mening uchun ularning birinchi galda insonligi muhim.

Qayta qurishning supurgisi do‘stligimizga, baynalminalligimizga to‘siq bo‘lib turgan mana shunday ikir-chikirlarni tezroq supurib tashlashini umid qilaman. Ular qanchalik tez supurilsa, milliy nizolardan shunchalik tez uzoqlashamiz, odamlarimizn,ing ko‘ngli ravshan tortadi. Bolalarimizga ham ana shunday ravshan tuyg‘ularni yuqtirmog‘imiz kerak.

Farzanddarimizga til, kasb o‘rgatishning payida bo‘laylik. Men orzu qiladigan haligi maktabni tugatgan yigit-qizlar o‘zbek, rus, ingliz va boshqa tillarni mukammal filadigan yetuk odamlar bo‘ladilar. Ular SSSRning istalgan joyida, jahon minbarlarida turib o‘z xalqining, millatning haq-huquqlarini himoya qila oladigan bo‘ladilar. Shunda: «Bu yigitlar kim?» deb so‘rasalar, men: «o‘zbek yigitlari!» deb faxrlanaman. Lekin u O‘zbekistonning, Insoniyatning bolasi bo‘lsa, hamma faxrlanadi, biz alohida faxrlanamiz. Tariximizda bunga misollar ko‘p. Xalqimiz dunyoga ibn Sino, Beruniy, al-Xorazmiy, Forobiy, Ulug‘bek, Navoiy, Bobur kabi ulug‘ zotlarni bergan. U hozir ham jahonga ana shunday ulug‘ farzandlar berishni orzu qilaman.

— Sizdan Farg‘onada bo‘lib o‘tgan voqealar xususida so‘ramasdan ilojim yo‘q — o‘sha viloyatda tavallud topgansiz...

— Bu voqealar men uchun saratonda yoqqan qordek, kutilmagan ish bo‘ldi. Men so‘nggi ikki yil mobaynida Farg‘onada bo‘lmagan, u yerda vujudga kelgan sharoitni, muammolarni yetarlicha bilmas ekanman. Faqat men bilmayman desam, u yerda har kuni xalq bilan muomala qilib turgan rahbarlar ham bilmas ekan.

Men O‘zbekiston, SSR Oliy Kengashi Hay’atining raisi o‘rtoq Mirzaolim Ibrohimov raisligida tuzilgan komissiyaning Komfirqa Markazqo‘mi plenumiga Farg‘ona voqealarini tekshirish natijalari to‘g‘risida bergan axboroti bilan sinchiklab tanishib chiqdim. Unda va keyinchalik mazkur plenumda berilgan bahoni to‘g‘ri deb hisoblayman.

Avvalo, shuni aytish kerakki, Farg‘onada yuz bergan fojialarning bemalol oldini olish mumkin bo‘lgan. Vaziyat o‘ta jiddiylashgani va portlash ehtimoli borligi may-iyun oylaridan ilgariroq ma’lum bo‘lgan. Hatto mesxeti turklari bu xavfdan ogoh etishib, Markazqo‘mgacha kelishgan ekan. Ammo rahbarlar bu ogohlantirishlarga beparvo qarashgan.

— Batafsilroq to‘xtalsangiz: ogoh etuvchilar aynan nimalar deyishgan?

— Quvasoyda va boshqa joylarda masxeti turklari bilan o‘zbeklar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lyapti, bu katta janjalga olib kelishi mumkin, degan gaplarni aytishgan...

Juda ko‘plab farg‘onaliklar bilan suhbatlashdim. Fojialarning asl sababini ko‘pchilik viloyatda vujudga kelgan ijtimoiy nohaqliklardan, ishsizlikdan, ekologik vaziyatning yomonlashganidan ko‘ryapti.

Xalq hali norozi. OdamlarQo‘qonda tinch namoyishda ishtirok etgan begunoh kishilarning soqchilar o‘qidan halok bo‘lib, talay shaxslar jarohat olganligidan kuyib-yonib gapirdilar. Men bu to‘qnashuvning shohidlari — shaharning ayrim rahbarlari, boshqa guvohlar bilan suhbatlashdim. Fikrlar har xil. Odamlar bezovta... O‘ylanib qoldim; nahotki, bunday gaplarga, bezovtaliklarga tezroq nuqta qo‘yishning iloji yo‘q? Bor. Buning uchun jamoatchilikning adolatli komissiyasi tuzilishi kerak. Unga O‘zbekistondan, qo‘shni jumhuriyatlardan eng halol, obro‘li jamoat arboblari, mutaxassislar taklif etilsa. Komissiya a’zolariga Farg‘ona fojialariga aloqador jamiki maxfiy-nomaxfiy hujjatlar, ashyoviy dalillar bilan tanishish, eng katta lavozimdor odamlar bilan suhbatlashish vakolati berilsa, qanday odilona ish bo‘lardi! Nahotki, buning uchun SSSR Xalq deputatlarining navbatdagi s’ezdi minbaridan dunyoga jar solib, adolat talab qilishimiz shart bo‘lsa?!

Men bu gaplarni nega aytayapman? Sababi — xalq sud prokuratura va militsiyaga bo‘lgan ishonchini yo‘qotgan hisob. Farg‘ona fojialarining ayyodorlarini taftish qilayotgan moskvalik va boshqa tergovchilarga, sud a’zolariga ishongim keladi. Lekin bu ishda manfaatdor bo‘lgan ayrim partiya, Sovet, idora yoki armiya rahbarlari ularga tazyiq o‘tkazmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Axir so‘nggi 50—60 yil mobaynida shunday bo‘lib kelganligini ko‘rib, bilib turibmiz-ku. Hozir ham o‘sha tergov, o‘sha sud sistemasi bo‘lsa...

Qayta qurish davrida ham bu hol davom etyapti. Necha yuzlab odamlarimiz «Paxta ishi» uchun hibsga olingani, oylab-yillab qamoqxonalarda saqlanib, oxir oqibatda begunoh bo‘lib chiqayotganligining shohidi bo‘lmoqdamiz. Ularning ayrnmlari turmada tergovchiga bir xil, sudda — xalq oldida ikkinchi xil ko‘rsatmalar berib, fikridan qaytayotganligini bilyapmiz. Buni aybsiz aybdorlar tergov jarayonida o‘z boshlariga solingan qiynoqlarga yo‘yishmoqda. Eng so‘nggi dalil: Markazqo‘mning sobiq birinchi kotibi I. Usmonxo‘jaevning ana shunday iqrornomasi kuni-kecha matbuotda e’lon qilindi. Buni u Gdlyan va Ivanovning o‘ziga o‘tkazgan tazyiqi bilan izohladi. Tergov-sud ishidagi bunday «chalkashliklar» Moskvada-ku sodir bo‘lib turgan ekan, Farg‘onada ham shu usul ishga solinmayotibdi, deb kim kafolat berib, xalqni ishontira oladi? Buni taraqqiy etgan mamlakatlardagideq, faqat jamoatchilik vakillarigina, oshkoralik va demokratiyagina qilishi mumkin.

Bunday muammolar kishini shubhagar qilib qo‘yadi. Xalqda shubha tug‘ilsa, ishonch yo‘qolsa, uni boshqarish qiyin. Men fursatdan foydalanib, farg‘onalik birodarlarimizni osoyishtalikka, aql bilan ish tutishga, shu bilan birga yuqorida aytilganidek, jamoatchilikning adolatli komissiyasini tuzishni talab etishga chaqiraman. Biz, ijodkorlar, ayniqsa SSSR xalq deputati bo‘lgan o‘zbek ziyolilari ham bu ishda xalqimizga yordam bermog‘imiz kerak.

— Vodiyda vujudga kelgan ijtimoiy adolatsizliklar nimalarda ko‘rinadi?

— Xalq behad ezilgan, paxtadan oladigan daromadiga oilasini boqolmay qolgan. Tanglik, yo‘qchilik, chorasizlikdan sabr kosasi to‘lib ketgan. Pichoq suyakka borib taqalib turgan bir paytda mesxeti turklari bilan o‘zbeklar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik qo‘shimcha bo‘lgan. Bu nizo ayrimlarining aytishicha, besh yil burun birovlarning fikricha o‘n yil ilgari paydo bo‘lgan. Buning sababi, odamlarning aytishicha mesxeti turklarining savdo tarmoqlari, serdaromad joylarni egallab olishganida. Oqibatda, o‘sha rayonlarda vujudga kelgan tengsizlikning boyishi qismida mesxeti turklari turgan.

— Sir emaski, savdo xodimlari halol kun kechiradigan ishchi-dehqonlarga nisbatan yaxshiroq yashaydi.

— O‘n barobar, yuz barobar yaxshiroq yashaydi. Hali aytganimdek tengsizlik ishchan odamlarning boyishi, beg‘amlarning kambag‘allashuvi evaziga bo‘lsa yaxshi. Adolatli sotsializm printsiplariga mos tengsizlik, to‘g‘rirog‘i, tenglik. Ammo savdo mafiyasining boyishi evaziga vujudga kelsa, xalqning qahr-g‘azabiga uchraydi.

Mendan bugun O‘zbekistonda kimlar yaxshi yashaydi, deb so‘rashsa, birinchi navbatda, savdo, maishiy xizmat xodimlari va ko‘plab moddiy boyliklarga egalik qiluvchi boshqa shaxslar, deb aytaman. Negaki ular, ochig‘ini aytganda hozirgi sharoitda partiya-sovet rahbarlaridan ham kuchlilik qilyapti. Mendagi bu ishonchning boisi nimada? Boisi ularga hammaning, shu jumladan partiya-sovet rahbarlarining ham ishi tushadi. Savdo xodimlari ularni ham ta’minlab turishadi.

Yashirib nima qilamiz, raykom kotibining maoshi qancha? Nari borsa 300—350 so‘m. Besh-olti farzand, ro‘zg‘or tashvishlaridan tashqari uyiga turli darajadagi mehmonlar keladi. Ularni munosib (rayon rahbariday) kutib olishi kerak. Oddiy kir sovundan kiyim-kechakkacha, shakar-u araqqacha kamyob zamonda bularning hammasini topishi, topsa ham maoshini yetkazishi amrimahol... Jamiyatimizda juda katta qalloblik bor. Hamma joyda, har bir sohada hokim bo‘lib turgan qalloblik. Maosh bilan yashash sharoiti o‘rtasida osmon bilan yercha farq paydo bo‘ldi. Ming so‘m maosh oladigan akademikdan ko‘ra, yuz so‘m oladigan pivofurush yaxshiroq yashashini hamma biladi. Akademik o‘n barobar haq olsa, o‘n barobar ko‘p mehnat qilsa, o‘n barobar aqlli bo‘lsa, o‘n barobar ilmli bo‘lsa, o‘n barobar ko‘p zahmat cheksa-yu, pivofurushdan o‘n barobar yomon yashasa? Bu nimadan? Tuzumimizda hokim bo‘lib turgan qalloblikdan!

Turg‘unlik yillarida ayrim rahbarlarning qanday yashaganligi ma’lum bo‘lyapti. Uylaridan millionlab pullar chiqdi, ko‘plari qamoqxonalarda yotishibdi. Hozirgilar-chi? Qani, kim bizga kafolat berishi mumkinki, hozirgi rahbarlar shu eski yo‘ldan ketmayapti deb? O‘sha ma’muriy-buyruqbozlik silsilasi, o‘sha planlashtirish tartibi, qog‘oz-bozlik hali mavjud bo‘lsa, kamyob mahsulotlar soni kun bakun ortib borayotgan zamonda kim kafolat bera oladi bunga? Hech kim! Chunki qayta qurish boshlangandan so‘ng ham bunday fojialar sodir bo‘lganligi, va «urilganlar» o‘rniga borib o‘tirgan talay rahbarlar yana hibsga olinganligi ma’lum.

Shuning uchun, takror aytamanki, kishini bunday jinoyatlarga undovchi sabablardan xalos bo‘lmog‘imnz kerak.

— Erkin aka, oxirgi savol: suhbatimizdan ko‘rinib turibdiki, osmonimizni nihoyatda qalin qora bulutlar qoplagan. Yorug‘ kunlar tezroq kelishini butun mamlakat ahli intizorlik bilan kutmoqda. O‘sha quyoshdek charog‘on, ko‘ksimizni to‘ldirib nafas oladigan kunlar qachon keladi?

— Insonga umid tuyg‘usi berilgan. U dunyoda ana shu tuyg‘u bilan kurashadi, yashaydi. Yorug‘ kunlarning qachon kelishi o‘zimizga, har birimizga, ahlligimizga bog‘liq. Yorug‘ kunlar kelishi uchun faqat osmonga qarab boumid bo‘lib o‘tirishning o‘zi kifoya qilmaydi. Biz: «Sen o‘ylamay ketmoningni chopaver, yuqorida sendan ko‘ra aqlliroq odamlar o‘tirishibdi. Sen uchun ham o‘shalar o‘ylaydi, o‘shalarning aytganini qilsang, bas!» — deb qaysi kunlarga yetib kelganimiz ma’lum. Shuning uchun har birimiz fikrlashni, e’tiqodimiz uchun kurashishni o‘rganmog‘imiz kerak. Oldimizda haqiqatdan ulug‘ obro‘ bo‘lmasligi lozim. Ana shunday yo‘l bilan kurashsakgina yorug‘ kunlarga yetamiz.

Leqin Siz aytgan bulutlar juda quyuq, juda og‘ir. Haqiqat, erkinlik va oshkoralik quyoshi ulardan juda yuksakda. Bu bulutlarni suradigan kuch — xalqning ovozi. Menimcha, xalq ertangi kuni yaxshiroq bo‘lishini istasa Birlashmog‘i, uyushmog‘i va haqiqat uchun kurashmog‘i kerak. Jamiyatimizni oldinga yetaklaydigan qonun-qoidalar joriy etilmog‘i lozim. Bunday qonun-qoidalarni ham xalqning o‘zi taklif etmog‘i kerak. Biz hozir qurishni orzu qilayotgan, hali mutlaqo yo‘q bo‘lgan huquqiy davlatimiz xalqning ishtiyoqi, kurashi bilan bunyod bo‘ladi. Buning uchun biz, avvalo, fikrlashni o‘rganmog‘imiz kerak.

Og‘ir bo‘lsa-da, ziyolilarimizga aytadigan bir ta’nali gapim bor. Biz imkoniyatimiz darajasida fikrlaymiz, ishlaymiz, ijod qilamiz. Ko‘nglimizning tagida «kaminalik» bilan yashaymiz. Shoir yoki yozuvchi bo‘lsak; shukr, 2—3 yilda kitobim chiqib turibdi, yana 2—3 yildan so‘ng mukofot olish navbatim ham kelib qoladi. Ortig‘iga da’vo qilib, nimaga erishdim, deb kun o‘tkazamiz. Olim bo‘lsak: mana, doktorlik unvonini qo‘lga kiritdim. Risolalarim chiqib turibdi. Bundan kattasining, menga nima keragi bor, deb ovunamiz... Endi bunday shukronalik bilan yashash xalq va haq oldida katta gunoh. Biz hech qachon to‘xtab qolmasligimiz, imkoniyatimiz, kuchimiz darajasida ishlashimiz kerak. O‘z kelajagimizni, baxtimizni, maslagimizni unvonu chop etilajak kitoblarda ko‘rsak, Ona-O‘zbekistonimizning, millatimizning taraqqiyoti to‘xtab qoladi.

Akademik A. Saxarov nimaga muhtoj edi? Uch marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni, Nobel, Lenin, SSSR Davlat mukofotlari laureati, qator orden va medallar sohibi edi, u. Atomni yaratgan jahon miqyosidagi olimlardan biri edi. Lekin unvonu mukofotlar uchun yashamagan, kurashmagan ekan. Hammasidan voz kechib bo‘lsa-da, surgunlarga giriftor etilsa-da, adolat uchun kurashdi. Qarib-qartayib qolganiga qaramay, hamon kurashib yashayapti. Adolatparvarligi uchun turg‘unlik yillarida ta’qibga uchragan bu odam, endi SSSR Xalq deputati bo‘lib, yana haqiqatni himoya qilyapti.

Chingiz og‘a Aytmatovni olaylik. Bir bor Lenin, uch karra SSSR Davlat mukofotini, akademiklik unvonini olib, Sotsialistik Mehnat Qahramoni bo‘lgan bu ijodkor ham farog‘atga berilsa bo‘lardi. Vatanimda bulardan ortiq mukofot yo‘q: Qayta nashr etiladigan asarlarimning qalam haqi nafaqat o‘zimga, nabiralarimga yetib ortadi, deb o‘ylasa va orom, halovatga berilsa, bugungi Chingiz Aytmatov bo‘larmidi!..

Men dunyoga chiqish qudratiga ega bo‘lgan shoir-yozuvchilarimiz, olimlarimiz, siyosiy arboblarimiz borligini bilaman. Lekin yurakdagi ana shu «shukronalik», ularni o‘z izmiga solib olgan. Yoshlarimiz bunday qusurlardan holi bo‘lsalar. Hech qachon erishgan darajam yetarli demasdan, kuch borki, hayot borki oldinga intilib yashamog‘imiz kerak!...

— Dildan suhbatingiz uchun katta rahmat, Erkin aka!

Qulman Ochilov suhbatlashdi.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil, 15, 16, 19 sentyabr

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.