background
logotype

Erkin Vohidov: “Shaxmat abadiydir, she’r ham abadiy...” (2012)

— Erkin aka, ushbu nufuzli turnirning yurtimizda o‘tkazilishi xalqaro maydonda mamlakatimizning obro‘si oshib borayotganidan dalolat beradi, shunday emasmi?

— Istiqlol yillarida xalqimiz, mamlakatimiz tarix uchun qisqa, lekin mazmunan katta bir davrni bosib o‘tdi. O‘zining buyuk insonlari nomini tikladi. Dunyoda obro‘-e’tibor topdi. Ma’naviyat, madaniyat yuksaldi. Sport keng qanot yozdi. Bir kun kelib futbolimiz bugungidek dunyo darajasiga ko‘tariladi, deb kim o‘ylabdi deysiz. Nogiron sportchilarimiz jahon chempioni bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi. Bizdan shaxmat bo‘yicha jahon chempioni chiqadi, deb hech o‘ylaganmidik. Bularning hammasi yurtimizning kelajagi to‘g‘risida qayg‘urib, ham aqlan, ham ruhan, ham jisman sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun qilinayotgan harakatlarning natijasi. Birinchi navbatda, Prezidentimiz e’tibori, jonkuyarligining mevasi.

O‘zbekistonda katta shaxmat anjumani o‘tkazilayotganligi, bu–yurtimizning shaxmat vatani sifatida tan olinishidir. Undan tashqari, jahon chempioni yetishib chiqqan tuprog‘imizda dunyo tan olgan juda ko‘p grossmeysterlar kamolga yetganining e’tirofidir.

Bugun O‘zbekiston farzandlari har bir sohada o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etayapti. Men, ayniqsa, shaxmat ishqibozi sifatida bu go‘zal o‘yin bilan bog‘liq voqeliklarni muntazam kuzatib boraman. Esimda, istiqlolning ikkinchi yilidayoq shaxmatchilarimiz Butunjahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi o‘rinni olgan edi. O‘shanda shunday quvonganmizki... Sho‘ro zamonida, rosti, hech kim emas edik. O‘zbekistonning na futboli, na kurashi, na shaxmatini birov bilardi. «Kurash» degan so‘z dunyo xalqlari og‘ziga tushib, o‘zbekning milliy sport turi sifatida e’zoz topgani, dunyoga chiqqani — bu ham juda katta faxrimiz, iftixorimiz. Yurtimizda shaxmat bo‘yicha shunday nufuzli musobaqaning o‘tkazilayotgani ham nafaqat sportimiz, umuman, jamiyatimiz hayotida katta bir voqea hisoblanadi. Chunki shaxmat — intellektual o‘yin, shaxmatda erishilgan daraja xalqning intellektual qudratini ko‘rsatib beradi.

— Biz shaxmat olamida yetakchi mavqega ega xalqlardan birimiz. Sohibqiron Amir Temur davrida Samarqandda, Alisher Navoiy davrida Hirotda shatranj musobaqalari tez-tez o‘tkazilib turilgani manbalardan ma’lum...

— Shaxmat Sharqda dunyoga kelgan. Uning vatani Hindiston ekanligi to‘g‘risida Firdavsiy ham,boshqa tarixchilar ham yozgan. Lekin yapon arxeologlari 1972 yili Surxondaryodagi Dalvarzintepadan topilgan buyumlarga asoslanib, shaxmatning asl vatani shu joylar ekan, degan xulosaga kelishdi... Albatta, bu bilan biz «shaxmat vatani» degan nomni Hindistondan tortib olish niyatimiz yo‘g‘-u, lekin shu faktning o‘zi ham shaxmatning yurtimizda qadim-qadimdan sevib o‘ynab kelinganini anglatadi.

Tarixga boqasizmi, bugungi kunni olib ko‘rasizmi, iste’dodli odamlarning ko‘pchiligi shaxmatni sevishiga iqror bo‘lasiz. Masalan, o‘zingiz tilga olgan Amir Temur shaxmatga faqatgina vaqtini xush o‘tkazish vositasi emas, bugungi tilimiz bilan aytganda, taktik nazariy bilim olish vositasi sifatida ham qaragan. O‘zi ham o‘ynagan, atrofidagilarni ham bunga rag‘batlantirgan. Temuriylar saroyidagi bu an’ana yillar o‘tib Alisher Navoiy hazratlari davrida ham davom etgan. Bu haqda Mirzo Bobur ham yozganlar. Uning guvohlik berishicha, Navoiyning uyida o‘z davrining mashhur shoirlari, san’atkorlari tez-tez yig‘ilib turgan. Unda tabiiyki, mushoiralar bo‘lgan, xonandayu sozandalar o‘z san’atlarini ko‘rsatgan. Shu bilan birga shaxmat musobaqalari ham o‘tkazilgan. Bu ajoyib muhitning rahnamosi shubhasiz Navoiy bobomiz bo‘lgan. U zot shaxmatni yaxshi ko‘rganiga, nozik tushunganiga ishonaman. Masalan, mana bu baytni shaxmatga muhabbati bo‘lmagan, uni hayotning o‘zidek tasavvur etmagan shaxs aytishi mumkin emas, deb o‘ylayman. Mana, qarang:

Shah yonin farzin kibi kajravlar etmishlar maqom,
Rostravlar arsadin ruxdek tutar har dam qiroq.

Yaqin tariximizda ham yaxshi shaxmatchilar o‘tgan. Bizning birinchi grossmeysterimiz Georgiy A’zamov edi. Uning oilasi, otasini yaxshi tanirdim. U kishining uch farzandi bo‘lib, uchalasi ham kuchli shaxmatchilar edi. Yana biri shaxmat bo‘yicha ustozimiz Mamajon aka Muhiddinov nafaqat kuchli shaxmatchi, balki shaxmatning haqiqiy fidoyisi, jonkuyar inson ham edi. Ular xotirasiga bag‘ishlangan turnirlar hali hamon davom etmoqda. Aytmoqchimanki, aslida, yurtimiz juda qadimdan shaxmat vatani. Bugun bo‘layotgan yig‘in mana shuning e’tirofi.

— Yuqorida Mamajon Muhiddinov va Georgiy A’zamovni esga oldingiz. Siz ularning ikkalasi bilan ham hamsuhbat bo‘lgansiz, dona surishgansiz ham...

— Mamajon aka bizga ham shaxmat ustasi sifatida, ham yozuvchi sifatida yaqin edi. U shaxmat haqida qo‘llanmalar yozgan, shaxmat bilan bog‘liq bir qancha hikoya, qissalarni va A. Kotovning Alyoxin haqidagi «Oqlar va qoralar» romanini tarjima qilgan. Shaxmatning juda katta fidoiysi va juda katta targ‘ibotchisi bo‘lishi bilan birga bu kishi O‘zbekistonning birinchi shaxmat ustasi hamdir.

Bir safar matbuot kuniga bag‘ishlab jurnalistlar o‘rtasida turnir o‘tkazilgan. Georgiy A’zamov shu turnirda ijodkorlarga seans bergan. O‘sha vaqtda Georgiy A’zamov oilasi to‘g‘risida Mamajon aka kitob yozgandi. Shu kitobni sovrin sifatida qo‘ygan. Kim birinchi ijobiy natijaga erishsa: yo yutsa yoki durang qilsa, shu sovringa ega bo‘lishi kerak edi. Georgiy A’zamov bilan durang o‘ynab, sovrinni men qo‘lga kiritganman. Lekin o‘yinimiz juda chiroyli bo‘lgan. Mamajon aka keyinchalik o‘sha uchrashuv to‘g‘risida yozganlarida bizning o‘yinimizga alohida to‘xtalib o‘tgan. Mamajon aka tobi bo‘lmasa-da, respublika shaxmat klubining, shaxmat muhitining g‘amini yeb, shaxmat muhitidagi ayrim murakkabliklarga, qiyinchiliklarga yuragi achishib yuradigan inson edi. Sportchini musobaqa toblaydi. Hozir ham davom etayotgan juda ko‘p musobaqalarning tashkil etilishida Mamajon Muhiddinovning xizmatlari bor. Shunday insonlar borligi uchun Rustamlar yetishib chiqdi. Mamajon aka uning birinchi tarbiyachilaridan. Rustamni hech maqtamasdi. Juda qobiliyatli bola, lekin o‘zining salomatligini o‘ylamaydi, deya ba’zan xafa bo‘lardi. Shunga ham qayg‘urib, Rustam sport bilan shug‘ullanishi, shaxmatchi birinchi navbatda jismoniy qudratli bo‘lishi kerak, deya kuyib-yonib yurardilar.

— Albatta, Istiqlolga erishganimizdan so‘ng barcha sohalar qatori yurtimizda shaxmat ham yangidan, shiddat bilan rivojlana boshladi. Rustam Qosimjonovning jahon chempioni bo‘lishi tasodifiy emas edi, shunday emasmi? Rustam chempion deb e’lon qilinganida ko‘pchilik ziyoli yurtdoshlarimiz ko‘zlariga yosh quyilib kelganiga guvoh bo‘lganman...

— Haqiqatdan ham, Rustamning bu g‘alabasi ulkan voqea bo‘ldi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, raqiblaridan biri, masalan, Veselin Topalov — Bolgariyaning faxri-iftixori edi. Vatanida hamma uni e’zozlaydi. Bolgariyaga borganimda u yerda Topalovni tanimaydigan, uning muvaffaqiyatlari haqida bilmaydigan odam yo‘q ekaniga guvoh bo‘ldim.

Qosimjonov jahonni titratib turgan buyuk shaxmatchilar bilan yakkama- yakka uchrashuvda ketma-ket g‘olib chiqdi. Bu endi kichkina gap bo‘lgani yo‘q. Bilasizmi, g‘oliblik qonida bo‘lgan xalq ichidan g‘oliblar chiqaveradi. Mana, yaqindagina sakkiz yoshli Nodirbek Abdusattorov tengdoshlari orasida jahon chempioni bo‘ldi. Bu yoshda chempion bo‘lish uchun iqtidorli bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun juda katta baza bo‘lishi kerak. Bu — ruhiy jihatdan tayyor, yetarli bilimga ega bo‘lish degani. Qolaversa, chempionning qonida chempionlik yashashi kerak. Buningsiz urinishlar samara berishi qiyin.

Bularning hammasi istiqlol tufayli. Tarix uchun 21 yil nima degan gap. Lekin shu davrda erishganlarimiz asrga tatigulikdir. Ilgari boshqa odam edik, boshqa xalq edik, boshqa jamiyat edik, ruhiyatimiz boshqacha edi. Ayniqsa, mustaqillik arafasidagi «paxta ishi» degan tuhmat gaplardan boshimiz egilib, qolgandi. O‘sha paytdagi ahvol bilan bugungi kunimizni solishtirgan kishi kim edigu kim bo‘ldik, degan savolga javob topadi.

— Rahmatli Ozod Sharafiddinov va siz ijodkorlar o‘rtasidagi shaxmat musobaqalarida bir necha bor g‘olib bo‘lgansizlar. O‘sha shaxmat anjumanlaridan esda qolgan biror qiziqarli voqeani aytib bersangiz.

— Ozod aka shaxmat fidoyisi edi. U kishining xonadonida bir uy to‘la shaxmat haqidagi kitob bor. Shogirdlari ham, do‘stlari ham qaerdan bo‘lsa-da shaxmat to‘g‘risida kitob olib kelib sovg‘a qilardik. O‘yinlari ham boshqalarga o‘xshamaydigan, chiroyli yurishlarga boy bo‘lardi. Bir gal yozuvchilarning Xo‘jakentdagi bog‘ida o‘zlari rahbarligida musobaqa o‘tkazganmiz. Ozod akaning hurmati uchun Toshkent viloyatining rahbarlari ham kelishib, to‘n-do‘ppi kiydirishdi. Do‘ppi kiydirish payti ozgina askiya bo‘ldi. U kishi do‘ppi kiya turib «Sochimiz ham sizlarga xizmat qilib tamom bo‘ldi», deganlarida, shogirdlaridan biri: «Ozod aka, viloyat ahli sizning bu yo‘qotgan sochingizni, oltin boshingizni qadrlaydi, viloyatning eng so‘lim bir go‘shasiga Ozodbosh deb nom qo‘yishgan», dedi. Rosa kulishdik. Ozod aka ijodkorlar muhitida shaxmat turnirlari tashkilotchisi, ilhomchisi edi...

Tabiatan sodda, oddiy odam edi. Talabalik davrimiz paxtaga chiqqanimizda, juda katta olim bo‘lsa-da, bizning barakka kelib ertalabgacha biz bilan shaxmat o‘ynardi. Juda katta arbob, yirik she’rshunos, jasoratli, o‘z vaqtida haqiqatni ayta olgan, adabiyotimiz vijdoni bo‘lgan kishiga shaxmat ko‘rk bag‘ishlardi. Umuman, ulug‘ insonlarning ko‘pchiligi shaxmatni yaxshi ko‘rgan: akademik Sa’di Sirojiddinov, Yolqin To‘raqulov...

— Shaxmat va adabiyot, shaxmat va ijod. Shaxmat jangidagi xayolingizga kelgan kutilmagan yurishni, chiroyli kombinatsiyani betakror tashbehga yoki obrazga o‘xshatish mumkin. Ulardan olinadigan zavq ham juda o‘xshash. Shaxmat va adabiyot o‘rtasidagi bog‘liqlikni yana nimalarda ko‘rasiz?

— Men shaxmatni faqatgina sport yoki ilm, yo san’at deb emas, balki juda katta tarbiyachi deb hisoblayman. Shaxmat, birinchi navbatda, insondagi kurashchanlik va g‘alabaga ishonch ruhini tarbiyalaydi. Undan keyin bu aql gimnastikasi xatoni kechirmaydi. Bir joyda yanglishsang, mana g‘alabaga yetdim deb turganingda ham ozgina beparvolik mag‘lubiyatga olib keladi. Shuning uchun shaxmat judayam adolatli o‘yin. Aniqrog‘i, adolatning o‘zi.

Mutaxassislarning ayrimlari uning sport tomonini, birovlari san’at tomonini, boshqalari ilm tomonini bo‘rttiradi. Shaxmatda bularning bari mujassam. Fikrlarni umumlashtirib men shaxmatni inson tafakkuri yaratgan mo‘‘jiza, deb bilaman. Birinchi navbatda, Sharq donishmandligi yaratgan mo‘‘jiza bu.

Shaxmat menga ko‘p narsa bergan. Avvalo ijodiy ishda. Kattaroq bir narsa yozganda, tarjima qilganda miya xuddi toqqa chiqqan mashinaning motoriday qizib ketadi. Shunda na dam olib bo‘ladi, na ko‘zga bir uyqu keladi. Miya beixtiyor o‘zi ishlayveradi. Ana shunaqa vaqtda boshni chalg‘itish kerak. Shunda menga shaxmat yordam berardi. Biror pozitsiyani, masalan, shaxmat masalasi yoki etyudni olib shunga berilsam, miyam dam oladi. Ijodkor hayotida muvaffaqiyatli paytlari bo‘ladi, chetga surilib qolgan vaqtlari ham. Shunda shaxmat – tengsiz «daf’i xumor»dir. Shu sabab shaxmatdan minnatdorman. Shaxmatni yaxshi ko‘rgan o‘rtoqlarim davrasiga kirganimda butun dardu g‘amimni unutardim. Shaxmat shunday narsaki, unda g‘alabaga ishonch, qat’iy maqsad bo‘lishi kerak. Shaxmat o‘ynagan odam bilan shaxmat o‘ynamagan odamning farqini ajratish qiyin emas. Shaxmat o‘ynagan odam bir narsani gapirishdan oldin o‘ylab, mulohaza qilib keyin gapiradi. Shaxmat o‘ynamagan odam ba’zan oqibatini o‘ylamay gapirib yuboradi. Shaxmat insonni mana shu jihatdan ham tarbiyalaydi.

Haqiqatan ham, she’r va shaxmat bir-biriga uyqash. Hazrat Navoiy dahosini o‘ylaganimda gohida aqlim bovar qilmaydi. Inson bolasi yozishi mumkinmi shunday baytlarni! O‘ylaymanki, bu ulug‘ zot o‘ynagan shatranj yurishlari ham go‘zal bo‘lgan. Bu endi alohida ilhom talab qiladi. Shaxmatda ham ilhom bor, xuddi she’rda bo‘lganidek.

Agar shaxmat o‘ynaganimda
O‘ylagandek o‘ylaganimda,
Yetti o‘lchab bir sursaydim ot,
Bo‘lmas edim har qadamda mot.

— Toshkentlik A’zamovlar, farg‘onalik Mo‘minovalar, andijonlik Karimovlar... Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Ular endi shaxmat bilan professional darajada shug‘ullanib, muayyan muvaffaqiyatga erishgan oilalar vakillari. Umuman, shaxmatning oilaviy tarbiyadagi roli haqida to‘xtalsangiz.

— Men shunday oilalardan G‘afurovlar oilasini bilaman. Ularning otalari shaxmatchi bo‘lgan. O‘g‘illari Iskandar juda yaxshi shaxmatchi edi. Shukur G‘afurov fizik olim edi. Olamdan o‘tmasdan oldin shunday vasiyat qilgan ekan: qabrim toshiga shaxmat taxtasini o‘yib, o‘zim yaxshi ko‘rgan dona — otni terib qo‘yinglar... O‘g‘illari Iskandar, Eldor, Adhamjon ham yaxshi shaxmatchilar. Iskandar dunyodan o‘tib ketdi. Ikki aka-uka bilan ko‘rishib turamiz. Oilaviy shaxmatchilar ko‘p va juda yaxshi an’ana bu. Bolalar katta bo‘lgandan keyin hammasi o‘zining tashvishi bilan bo‘lib qoladi. Hamma zamonlarda shunday bo‘lgan, ayniqsa hozirgi texnika rivojlangan davrda. Shunaqa paytda oilani birlashtiradigan narsa bo‘lishi kerak. Ba’zi oilalar birgalikda tadbirkorlik qilishadi, bu ham yaxshi. Lekin shaxmatning o‘rni bo‘lak. Yig‘ilishib shaxmat o‘ynaydigan oilalarga havasim keladi.

— Shaxmat mavzusi ijodingizda alohida o‘ringa ega. Mushtariylarga shaxmat haqidagi she’rlaringizdan birini taqdim etsangiz.

— Bu mavzuda bir qancha she’rlarim bor. Mana, shulardan biri:

Men erkak o‘rnida turishim kerak,
Yo xotin izmiga yurishim kerak.
Xotinning to‘y, lozim, omadasi ko‘p,
Ha desa labbay deb turishim kerak.
Ha desa labbay deb turishim uchun
Uyimda pul zavod qurishim kerak.
Uyimda pul zavod qura olmasam,
Eng katta bonkani urishim kerak.
Eng katta bonka ham qo‘ldan kelmasa,
Ha desa shalvirab turishim kerak.
Shalvirab turuvchi erkak bo‘lgandan
Dunyodan yo‘q bo‘lib qurishim kerak.
Dunyodan yo‘q bo‘lib ketmaslik uchun
Men erkak o‘rnida turishim kerak.
Ya’ni erkaklarning ishini qilib
Maza qilib shaxmat surishim kerak.

Bu shaxmat ustida aytilgan hazil she’r edi. Endi shaxmat bilan bog‘liq ko‘p qiziq voqealar ham bor. Bu ajoyib o‘yinning shinavandasi bo‘lgan do‘stlarimga tug‘ilgan kunida shaxmat sovg‘a qilaman. Shulardan biri Rahmatilla Inog‘omov edi. Unga bergan bir sovg‘amga shunday yozib qo‘ygandim:

Shaxmatni bilgan Rahmatga shaxmat,
Bizni do‘st qilgan shaxmatga rahmat.

Ibrohim G‘afurovga ham shaxmat sovg‘a qilganman. Yaxshi shaxmat o‘ynaydi, «Eski gaplar jonga tegdi, yangi gaplardan gapir» deb qo‘yardi. Shaxmat taxtasi ichiga:

Eski gaplar jonga tegdi, yangi gaplardan gapur,
She’rda kim — G‘afur G‘ulom, shaxmatda Ibrohim G‘afur,

deb yozib bergandim.

Shaxmat insonni go‘zallikni sevishga o‘rgatadi. Bu tuyg‘u barchamizni aslo tark etmasin.

Husan Karvonli suhbatlashdi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 47-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.