background
logotype

Sabr yaprog‘i (Halima Xudoyberdiyeva va Muyassar Isroilova suhbati) (1989)

http://ziyouz.uz/images/halima-xudoyberdieva.jpg

("Yosh leninchi" gazetasining maxsus muxbiri Muyassar Isroilova bilan suhbat)

— Suhbatimizni siz va menga yaqinroq bo‘lgan ayollar mavzusidan boshlasak, qayta qurayotganimizga ham ko‘p yil bo‘ldi. Sizningcha, shu davr mobaynida O‘zbekiston xotin-qizlari turmushida qanday amaliy o‘zgarishlar yuz berdi?

— Muyassarxon! Ayollar hayoti, taqdirini tanazzulga yuz tutayotgan bolalar taqdiri, zaharlanayotgan erkaklar taqdiri, umuman, bugungi kunda maqtangulik bo‘lmagan jumhuriyatimiz taqdiridan uzib sharhlab bo‘lmas. Hamma muammolar, dardlar boshqalardan ko‘ra ko‘proq ayol taqdirida keskinroq xuruj qilayotgani haqida aytsak, bu boshqa gap. Ayol — ildiz. Endilikda bu ildiz unutildi hisob. Yetib kelgan joyimiz shu bo‘ldiki, sariq, kamqonlik, raxit, gipotrofiya (ozib-to‘zib ketish), ichburug‘ kabi son-sanoqsiz kasalliklar bolalarning ma’sum dunyosiga ko‘p boshli ajdarhoday bostirib kiryapti. Qoraqalpogistonning Bo‘zatov nohiyasida har 1000 go‘dakdan 26 tasi nobud bo‘layotganini eshitib, o‘zimni qo‘yarga joy topmay qoldim. Navqiron yoshdagi har uch yigitimizdan bittasi harbiy xizmatga yaroqsiz. Ajdodi Alpomish, Kuntug‘mish, Rustami-doston bo‘lgan balog‘at yoshidagi o‘zbek bolalarining bugungi o‘rtacha vazni 46 kilogrammga tushib qolgan. Ularni Vatanning himoya chiziqlarida emas, qurilish batalonlarida yurishi yurakni og‘ritmaydimi? Ularning og‘ir askar etiklarini zo‘rg‘a ko‘tarib bosgan qadamlari yurakka botmaydimi? Bolalarimizning ovqatlanishi, kiyinishi, bilim olish darajalari mamlakat miqyosida boshqa jumhuriyatlardan bir necha barobar past. Qizchalarni avji g‘uncha yoshida oftob urib ketyapti. Uchrashuvlarda hilma-tolmadekkina, cho‘pday qo‘llari bilan ketmonni arang ko‘tarayotgan, kiyimlari, qizil ko‘ylaklari kun qizig‘ida oqarib, rangi bilinmay ketgan qizaloqlarni ko‘rib, qorayib ketgan enajonlarimizni ko‘rganimda ko‘z yoshimni sezdirmaslik ilojini izlayman. Yuragimdagi dardlarim satrlarga aylanaveradi:

Bu so‘lgin lolalar oh, dodim mening
Rangpar, pok bolalar faryodim mening.

Ko‘z oldimdan o‘tli fig‘onlari bilan ukrain xalqini oyoqqa turg‘izgan, o‘zini kasallik to‘shakka mixlab tashlaganiga qaramay, o‘z xalqining qulamas ustunlaridan biriga aylangan Lesya Ukrainka qad ko‘tara boshlaydi:

Ukrainam, hasratingdan yurak-bag‘rim bo‘ldi dog‘.

Biz fidoyi bo‘lolmadik. Biz fidoyi bo‘lolganimizda edi, diyonatsizlik yuziga tik qarolganimizda edi, bugungi nochor kunga qolmagan bo‘lardik. "Mamlakatning bir burchida boylik, bir burchida kambag‘allik kuchaydi", deb bejiz aytilmadi. Bugun ham to‘pig‘iga suv chiqarmay, sirtini silab, gullab-yashnayotgan ba’zilar savol tashlashlari mumkin:

— Qanday nochor kun haqida gapiryapsiz? Men esimga kelganlarini qisqacha sanab o‘tay:

— Tamoman zaharlanib bo‘lgan, bundan keyin bir gramm ham kimyoviy dorilar ishlatilmagan (holbuki hali butunlay cheklash haqida gap ham yo‘q) taqdirda ham 10—15 yillarsiz o‘ziga kelmaydigan" bemor, pajmurda tuproq.

— Ittifoqdagi eng yuqori, dahshatli o‘rinni ishg‘ol qilib turgan bolalar o‘limi.

— Qurib, manguga vidolashib borayotgan Orol... "Jumhuriyat aholisi bir so‘mdan berganida ham... Orol fondiga 18 million so‘m tushishi mumkinligi haqidagi gap haqiqatan diqqatga sazovor, hammamiz o‘ylab ko‘rishimiz, shunga ko‘ra harakat qilishimiz kerak bo‘lgan gap.

G‘ururini bosib o‘tdilar tikka
Nomus-or degani o‘tlarda kuydi.
Faqat inson chidar bunlay xo‘rlikka
Orol chidamayli,
Orol quriydi!
 
Kechdilar otadan — ortiqcha yukdan
O‘lgan diyonatga ko‘k kiydim.
Inson o‘lmaydi bu beshafqatlikdan
Orol tirik qolmas,
Orol quriydi!

— G‘ururini bosib o‘tish — 37-qatag‘on yillargagina xos emas. U kuni kechagacha davom etdi. Bechora, bezabon xalqimiz orasida "ko‘pga kelgan to‘y" tusini olgan "qama-qama"lar xususida aytayapman. Ayblari bo‘yinlariga qo‘yilib, isbotlansa-ku xo‘p-xo‘p, isbotlanmasa-chi, do‘zaxiy ko‘rgiliklar qammasi tuhmat, bo‘hton bo‘lib chiqsa-chi, buning xunini kim to‘laydi? Xalqning g‘ururi tog‘day ustunlarini sindirib, mayib qilganlar hayotimizga, ma’naviyatimizga ataylab yetkazgan katta zararlarini qachon, qanday yo‘llar bilan to‘lashadi? Axir shunday bo‘lyaptiku. Matbuotda yuzlab, minglab odamning begunohligi isbotlanib, qamoqdan bo‘shatilgani aytildi. Yana yozilyapti. Buning dodini kimga arz qilamiz?!

— Bolalarimiz ba’zan harbiy xizmat uchun uylaridan o‘ynab-kulib, novdadekkina bo‘lib chiqib ketib, o‘lib kelishyapti. Murdalari ham xor bo‘lib shishib, tobutga to‘lib kelishyapti. Nega "kelgan kuni to‘yini boshlayman" deb yangi uyni suvoqdan chiqarib o‘tirgan g‘amdiyda ota-onaning tun qorong‘usidagi tobut ustida ko‘targan fig‘oni, savollariga tayinli javob yo‘q! Nega?! Bu qanday kun bo‘ldi o‘zi?

"Qal’aning boyligi, qo‘rg‘on salomatligini saqlash maqsadida ketgan yigitni ortga shunday qaytaradilarmi?" Karim Bahriev sanab o‘tganiday ularning ko‘pchiligini emas, birginasining betayin o‘limi dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qilishga arzimaydimi?

— Dardlarning hammasi avvalo ayol yuragini kuydiradi. G‘ira-shira esimda qolgan. Bolaligimda bir qo‘shnimiz bo‘lguchi edi. Eru xotin bir-biridan xushxulq, xushsurat odamlar edi. O‘sha erkak nimadir bo‘lib (paxtaning o‘rniga makkajo‘xori ekkani uchunmidi-ey) qamaldi. Xotin hafta ichiyoq bir burda bo‘ldi-qoldi. Xudoning kuni u-bu yegulik olib, bolalarini ustidan qulflab, turmaga chopadi. Yanglishmovchilik bo‘lgan ekanmi, ikki-uch oylarda erkak oqlanib chiqdi, oradan bir haftalar o‘tib eru xotin ko‘chada erkak oqlanib chiqqan turmaning qorovuliga duch kelib qoladilar.

— Yo tavba,—debdi o‘shanda qorovul,—siz o‘sha, turmaga qatnab yurgan qoqsuyak ayolmisiz? Rostdanmi?

— Ha, nimaydi,— deyishibdi er-xotin.

— Voy yanga-ey, men sizni lo‘li-po‘li bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim, oydakkina xotin ekansiz-ku!

— Bolalar tarbiyasi o‘lda-jo‘lda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyat turlarini bugun bolalar "uddalashayapti". Oilada ona, ayniqsa ota mas’uliyatini oshirish kerak. Maksim Gorkiy "Yomon bolalar uchun ota-onani jazolamoq kerak", deydi. Shunday qo‘shimcha qilish mumkin. Tarbiyasi buzuq, bezori bolalar keltirgan har qanday zarar ota-onadan undirib olinishi kerak. Shunda o‘z tashvishidan ortmaydigan ota-onalar sergak tortadilar. Bu tadbir ishlarimizni oldinga siljitadi deb o‘ylayman. Shunday. Bugun ayol yuragiga urilayotgan zarbalarning qaysi birini aytay. Iqtisodiy taqchilliknimi? Vaqt ziqliginimi, yolg‘izliknimi? Yaqinda raqamlarni solishtirib ko‘rib, yuragim uvishib ketdi. Oilalarda qo‘ydi-chiqdilar soni kosmik tezlikda ko‘tarilib boryapti. 1950 yilda 674 ta ajralish yuz bergan bo‘lsa, bu raqam 1960 yilda 2725 ni tashkil etgan. 1986 yilda 27477 bo‘lsa, 1987 yilda 29167 ta oila ajralgan. Bir yilda buzilgan oilalar soni ilgarigi o‘n yildagidan ko‘p. Har yili o‘rta hisobda shu raqamdan 2—3 barobar ko‘p bolalar oilada yo ona, yo otaning mehriga zor bo‘lib qolmoqdalar. Holbuki, Suxomlinskiy aytadi: qorovuldan tortib ministrgacha istagan xodimni xuddi shunday yoki undan ham qobiliyatlirog‘i bilan almashtirish mumkin. Yaxshi otani esa boshqa yaxshi ota bilan almashtirib bo‘lmaydi. Bu o‘sish jarayonlarini kamaytirish hozircha qiyin ekan, hech bo‘lmasa to‘xtata olishga ta’sir etuvchi choralar topmagunimizcha, amaliy o‘zgarishlar haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas.

— Inqilobdan keyingi dastlabki yillardayoq ayollar tungi smena ishlaridan ozod qilingandilar. Afsuski, urush tufayli bunga yana majbur bo‘ldik. Oradan shuncha vaqt o‘tdi-yu, hali-hamon xotin-qizlarimiz uch smenalab ishlashadi. Nahotki mamlakatimiz ayollar mehnatiga shu qadar muhtoj bo‘lsa?

— To‘g‘ri aytdingiz. Hukumat tomonidan ayollarning og‘ir ishlar, tungi smenalarda, yer osti shaxtalarida ishlashlari taqiqlanganiga juda ko‘p yil bo‘ldi. Ammo ayollar sog‘liqlarini garovga qo‘yib ishlashda davom etayaptilar. Xuddi bizning asllarimiz paxtaning qora mehnati haqida gap ko‘paygani sayin unga bola-chaqasi bilan kundan-kunga yopishib borayotganday. Xuddi shunday gapni Navoiydagi ximiya zavodiga borib qaytgan bir do‘stimiz ham gapirdi. Homilador ayollar dekret otpuskasigacha yengilroq ishga o‘tishni o‘zlari istashmaydi. Chunki o‘tsalar kam maosh olib ishlashlari kerak.

To‘g‘ri, yuqorida aytganimizdek, urush paytlari dalalar, korxonalar erkaksiz qoldi. Qaramog‘idagi chollar, go‘daklarni boqish, urush vayronalarini tiklash zarurati ayolni uch smenalik ishga haydardi. Bugunchi, bugun uni hech kim zo‘rlayotgani yo‘q-ku? Anglab turganimiz achchiq haqiqat shundan iboratki, to biz mushtipar ayolni tirikchilik o‘tkazish g‘amidan qutqarmas, yashash tarzini o‘nglamas ekanmiz, u ishga uch smenalab o‘z rozi-rizoligi bilan bo‘zchining mokisidek qatnayveradi.

— Har holda ayollarimiz inqilobdan oldin davlat korxonalari, paxta dalalari, uyda uch smenalab tik oyoqda turib ishlashmagan. Og‘ir yuklarni ko‘tarishmagan, sariq nimcha kiyib olib, ko‘chalarda asfalt yotqizishmagan; sochlari paxtaday oppoq oqarib, yoshlari bir joyni qoralaganda yomg‘ir-qor ostida inqillab, belangi bo‘lib ko‘cha supurib yurishmagan; bugungi qishloq ayollariday kun bo‘yi dalada tutday to‘kilib, kechasi, tong bilan uy qurayotgan erga loy uzatishmagan, yarim kechalab non yopishmagan; nimjon oyoqlari zaxda, loyda zirqirab tandir tepishmagan, tomirlari bo‘rtib, sho‘ra chopishmagan.

Inqilobdan keyin esa qisma bel beqasam kamzullarni sirib kiyib, durrachalarni dol qo‘yib g‘archli maxsi kovushchalarda bosaymi-bosmaymi deb gapgashtaklarda, qiz bazmlarda ko‘ngil ochib, yayrab yurmaganlar.

V. G. Belinskiy shunday yozadi: "Ayolning vazifasi erkakning qalb shuurini, undagi olijanob ehtiroslarni alangalatish, burch tuyg‘usi va yuksaklik hamda buyuklikka bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir — ayolning qismati shu va bu qismat buyuk va muqaddasdir".

Inqilobdan keyin sezilar-sezilmas bo‘lsa-da, bu "buyuk qismat"dan chekinish boshlandi. Turg‘unlik yillarida bu kurash yana avj oldi. Paxta dalalarida dorilangan suvlarni ichib silga chalingan paxtakor qiz Oybo‘stonlarning nomi olamga doston bo‘laverdi. Yaqin yillarda ham bo‘yimiz ketmondan past bo‘lishiga qaramay, ko‘nglimiz osmonda, "Gul diyorim bor mening, gulshan diyorim bor mening"ni aytib mushtday-mushtday qizaloqlar dalani boshimizga ko‘tarmasmidik. O‘rgatdilar. Sayrayverdik. Ketmon tutqazdilar, ishlayverdik. Bu ishlarni ayol uchun xos yoki xos emasligi haqida hech kim o‘ylab o‘tirmadi. Oqibatda qo‘llarimiz ayol ishlari — igna-ip, tikuv-chatuvdan butunlay chiqib ketdi. Xalqdagi

"Yangamsan-o, yangamsan
Ishton pichar bilmaysan"

deganlari biz, bugungi jamoat ishlaridagi "faol" ayollar bo‘ldik. Nuridiyda momojonlarimizning chevar qo‘llaridan chiqqan yuzlab turdagi behishtiy kashtalar, minglab nusxada to‘qilgan olacha-yu, patu-gilamlarning jo‘ngina nusxasini eplab to‘qish qo‘limizdan keladimi bugun? Ko‘ryapsizmi, sezilar-sezilmas, yillar, o‘n yillar osha ayollar erkaklasha bordilar. "Aslda ayolga xos fazilatlarni cheklab, erkaklik xislatlarini kuchaytirish — unga ziyon yetkazish demakdir",— deydi J. J. Russo.

— Yangi ish boshlagan paytlarimda xorazmlik mexanizator qirq qizlarning tashabbusi haqida maqola yozgandim. O‘ylagandimki, xotin-qizlarga ming bukilib qo‘lda paxta tergandan, mashina boshqargan oson, ham daromadli deb. Shaharda o‘sganman, mexanizator mehnati nima ekanini bilmaganman. Ne ajabki, bu tashviqot "mehribon" erkaklarimizga paxtaning qolgan-qutgan zahmatini ham ayol zimmasiga yuklash imkonini berarkan.

Salqin xonalarda o‘tirib paxtaga narx belgilayotgan, o‘zbek xotin-qizlarini 10—12 soatlab dalada ishlashga majbur qilayotgan rahbarlarimiz, iqtisodchilarimiz ham paxta zahmati nimaligini bilishmasa kerak?

— O‘, Muyassar-a, umrbod paxta orasida ishlash zahmatini yosh xazon bo‘lgan mexanizator ayol Tursunoy Oxunova tirik bo‘lganlarida batafsil gapirib berarmidilar. To‘g‘ri, majlislarda, minbarlarda o‘tirdilar. Kremlda so‘zladilar. Biz u kishi bilan faxrlandik. Lekin bularning hammasi ro‘yo, oniy yolg‘on shuhrat ekan-da. Bundan uning o‘zi, oilasi, gulday-gulday farzandlari nima naf ko‘rdi? Rahmatli Tursunoy opaning qazolaridan oldinroq sochlari mutlaqo to‘kilib ketganligini aytishdi. Bugun bu ko‘rgulik sabablarini anglayotgandayman.

E’tibor bering: AQSh V’etnamdagi urushda "sariq aralashma" deb atalgan zahar ishlatib o‘simlik olamiga qiron keltirgan. Bu ofatdan jabrlangan ayollarning ko‘pchiligi qaytib farzand ko‘rmaganlar. Tasodif bo‘lib ko‘rganlarida ham go‘daklar mayib-majruh, nogiron tug‘ilgan. Matbuotda aytilishicha, o‘sha "sariq aralashma" tarkibida hozirgi zamon zaharlari ichida eng kuchlisi sanalgan dioksin moddasi bor ekan. Bu haqda o‘z chiqishlaridan birida tibbiyot fanlari nomzodi Jumanazar Beknazarov atroflicha, asosli to‘xtaldilar. Olim shunday yozadi: "Uning (dioksin) atigi 100 milliardidan bir qismi ham inson organizmining immunobiologik kuchlarini keskin darajada pasaytirish qudratiga ega, nasl-nasabini buzish xususiyatini esa 5—10 yil mobaynida ham yo‘qotmaydi. Dalalarimizda ishlatilayotgan har xil pestitsidlar, gerbitsidlar tarkibida ham ana shu dioksin moddasi aralashma holida uchraydi. Endilikda odamlarning qoni va onalarning sutidan ham dioksin topilayotganligini "Meditsinskaya gazeta" ham e’tirof etdi. Bolalarning 30—40 foizi har xil kasalliklar bilan tug‘ilayotganining sababi ham shu modda bilan bog‘liqdir. Amerika atrof-muhitni himoya qilish agentligining xabar berishicha, meva-chevalar, poliz mahsulotlari tarkibidagi pestitsidlarning eng kichik miqdori ham xavfli o‘smalar hosil bo‘lish va asab sistemasini zararlash xususiyatiga ega. Xo‘sh, jumhuriyatimizda oq qon o‘smasi kasalligidan nobud bo‘layotganlarning 38,3 foizini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qilayotganini qanday izohlaymiz. Butifos va undan qolishmaydigan zaharli moddalar jabrini uzoq yillar tortishimizga to‘g‘ri keladi"...

Afsuslanadigan yana bir jihati shundaki, yuqoridagi Tursunoy opaday fojiali taqdirli ayollar bir-ikkita emas. Bizning noto‘g‘ri siyosatimiz, targ‘ibotimiz o‘z ishini qilib ulgurgan, "Uzoqni ko‘zlagan qiz", "Tursunoy va uning izdoshlari" kabi asarlar, "Tursunoy bo‘lay deyman" ashulalari ta’sirida yuzlab qizlar bu kasbni egallagan edilar. Yuzlab qizlar tilga tushib, mashhur bo‘lishgan, shu bilan bir vaqtda gulgun yoshlarida sog‘liqlariga ham shikast yetkazib ulgurishgan edi. "Saodat" jurnali sahifalarida "Mexanizator bo‘lishni istaysizmi?" maqolasiga ko‘zingiz tushgandir. Qirq besh yoshlik mexanizator Habibaxon Mirzaevaning chehrasiga-chi?.. Ayol qirq yoshida qariydimi? Aksar ayollarning ayol sifatida barkamollashib, balog‘atga yetishi, ochilishi 35—40 larga to‘g‘ri kelmaydimi?

V. Panova va Yu. Vaxtin "Bibi Hadicha Muhammad Payg‘ambarga tekkanida qirq yoshda bo‘lib, Muhammad uni butun qalbi, vujudi bilan, chuqur va chin yurakdan sevib qoldi. Hadicha uning uchun eng go‘zal, yakkayu-yagona va tengi yo‘q ayolga aylandi. Hadicha Muhammaddan yetti o‘g‘il-qiz ko‘rdi", deb yozadilar.

Siz kasalliklar azobi, aziyatlaridan bir burda bo‘lib qolgan sirdaryolik mexanizator Habibaxonning savol alomatlari qotib qolgan katta-katta ko‘zlari, zavol alomatlari, faryod alomatlari ko‘rinib turgan alamzada so‘zlariga e’tibor qiling.

— Paxtaga ishlatilgan dorilar, uning qora mehnati haqida nega oldinroq yozishmadi,— deydi u titrab.— Shunda ko‘proq odamni ofatdan qutqarib qolisharmidi. Shunda mening ikki farzandim ham omon qolarmidi, balki bir umr dala kezgan opam 46 yoshida olamdan o‘tmasmidi, balki men 45 yoshimda tugab, yarim jon bo‘lib qolmasmidim?! Mening 7 xil kasalligimning hammasi paxta mehnati bilan bog‘liq bo‘lib, endi meni invalidlikka chiqarisharkan. Toshkentdaga kasb kasalliklari kasalxonasida davolashdi. Shu o‘rinda meni yana bir masala o‘ylantiradi. Dalada zaharlangan, kasallik orttirgan xotin-qizlar ozmi? Hech joyga dard aytolmay, kasalligi sababi, davo yo‘llarini bilmay olamdan o‘tayotganlar-chi. Bor. Lekin ular kasb kasalligini davolovchi shunday maxsus kasalxona borligini bilishmaydi. Hech kim bu haqda o‘ylamaydi. Men o‘zim uchun o‘zim yugurdim. O‘zi uchun o‘zi yugura olmayotganlar qancha?

"O‘zi uchun o‘zi yugurolmay" o‘ttizga kirmay o‘tin bo‘lib, yaqinda dunyodan ko‘z yumganlardan biri Qashqadaryo viloyatining G‘uzor nohiyasida yashagan mexanizator Tursuntosh Boltaboevadir. Yaqinda Tursuntosh Boltaboevaning redaktsiyadan yordam so‘rab yozilgan xati nohiya partiya komitetiga jo‘natilgan edi. Shunday mazmunda javob oldik: "Boltaboeva Tursuntosh uzoq vaqt nafas qisish kasali bilan og‘rigan. U yaqinda bevaqt olamdan o‘tdi". Kechikdik! Yordamga shoshilgan jurnal ham kechikdi! Mana shunday zahri qotil muhitimiz sog‘liqlarini yemirib ulgurgan, hayotining so‘ngga yillari, oylarini mashaqqat bilan yashayotgan ayollar, erkaklar viloyat va nohiyalarimizning har birida bor. Biz ularni taniymizmi?! Bizdan yordam so‘ragan rahmatli Tursuntosh Boltaboevaning maktubida shunday jumlalar bor edi: "1987 yildan ishsiz bo‘lib qoldim. Shu orada sog‘lig‘im yomonlashdi. Turmushim buzildi. Ikki yildan beri ota-onamga muhtoj bo‘lib yashayapman. Bir necha bor ish so‘rasam, "ish yo‘q, o‘qimagansan, kasalsan, invalidlikka chiq",— degan javob oldim".

Bugun bizning nochor tabiiy muhitimizgina emas, goho noinsoniy munosabatlarimiz ham odamlarni zaharlash, o‘ldirishga "o‘z hissasini" qo‘shayapti. Shu shafqatsizlik, noodilliklarning hisobini olib boruvchi hakam qaerda? Bugun plan, majburiyat dengiziga boshi bilan sho‘ng‘igan ayrim rahbarlarimizga bergan mehnat raportlarigagina qarab emas, qo‘l ostidagi fuqarolarning ogzida oshi, ko‘zida yoshi bilan o‘tkazayotgan tirikchiliklariga qarab baho berish kerak, deb o‘ylayman.

— "Literaturnaya gazeta"ning quyidagi jumlalariga diqqat qildim: . "O‘rta Osiyoning eng muhim xususiyatlaridan biri — uning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan nihoyatda qoloqligidir... farovon yashashning barcha ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston jumhuriyatlarning hammasidan oxirgi o‘rinda turadi".

Farovonlik bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda, ayollar kasalliklari, bolalar o‘limi bo‘yicha eng yuqori o‘rinda, savodxonlik, kitob o‘qish bo‘yicha eng oxirgi va hokazo... (kishi boshiga pullik xizmat ko‘rsatish o‘rtacha Ittifoqda 217 so‘m, Estoniyada 321 so‘m, Latviyada 292 so‘m, Gruziyada 236 so‘m, bizning jumhuriyatimizda esa bu ko‘rsatkich 117 so‘mni tashkil etadi).

Muyassarxon, haqiqatan ham soya-salqinda o‘tirib, paxtaga narx belgilayotganlar, ayollarni 10—12 soatlab dalada ishlashga majbur qilib qo‘ygan rahbarlarimiz, iqtisodchilarimiz paxta zahmati nima ekanini bilishmaydi. Bilmaganlari uchun yuqoridagi ko‘rsatkichlardan ham u qadar azob chekmaydilar.

Ulki solgay shu’la a’losiga o‘tlug‘ ohlar,
Kuymakni qaydin bilur zarboft kiygan shohlar.

deydilar hazrat Alisher Navoiy. Agar bu faktlar dahshatini hammamiz yetarli tushunolganimizda edi, bugungi oshkoralik zamonida shoir Erkin Vohidov ta’kidlaganiday "qayta qurish har birimizga faryod ko‘tarish huquqini bergan" zamonlarda ham og‘zimizga talqon solib, cho‘t qoqishda davom etmasdik.

Erkaklarimiz ayolga "teng huquqli" degan yorliqni yopishtirdilar-u, uni uydan olib chiqdilar. Yevtushenko ta’biri bilan aytganda, erkaklar ayolni yuksaklikdan o‘z yonlariga tushirdilar. Ayolni siz aytganday traktorga ham chiqargan bo‘lishdi. Tashviqot qilishdi. Ammo uning nimjon qo‘llari traktor rulini boshqarishi mushkulligi sezilib qoldimi, bu kampaniya uzoqqa bormadi. Uzoqqa bormadi, deyapman-u tag‘in ko‘zim o‘ngidan joyi jannatda bo‘lgur Tursunoy opaning aqlli, yuvosh, ko‘nuvchi ko‘zlari, qiyofalari o‘taveradi.

— Ilg‘orlikni kim qo‘yuvdi menga, oltin yulduzlari qursin, ana, tokchada qoldi-ketdi. Qiynalganda, yolg‘izgina jonim qiynaldi. El qatori ko‘kragimga shamol tegib, qattiq yerni qayirib bosib yurish menga nasib qilmasa nima qilay... Hali majlis, hali komissiya... go‘daklarimni bag‘rimga bosib, sochlarini hidlab o‘tirganimni eslolmayman-a, vodarig‘...

— Yaqinda Surxondaryoning Denov shahrida bo‘ldim. Uchrashuvlardan, suhbatlardan shu narsa ayon bo‘ldiki, mahalliy xotin-qizlarning ko‘p qismi hali qayta qurish haqida tasavvurga ham ega emaslar. Egnilariga falon pullik kiyim kiyib, qimmatbaho taqinchoqlar taqsalar, ular uchun bu baxt. Orzu-umidning ushalishi. Ne sababki, Nodira, Uvaysiydek, Zebunnisodek kurashuvchan ajdodi bor ayol bu qalar tor fikrlaydigan bo‘lib qoldi?

— Shanba, yakshanbalarni intiqlik, umid bilan kutaman. O‘sha kunlarda qanday bo‘lmasin o‘zim uchun vaqt ajratib o‘qiyman, boshqacha aytganda, ozgina boyiyman. Kichkina bo‘lsa-da, shu imkoniyat menda bor. Siz aytgan qishloq ayollarida esa bu imkon ham hali to‘laligicha amalga oshgani yo‘q. Paxta yakkahokimligi hammani va ayniqsa qishloq aslini butunlay chirmovuqday o‘rab, o‘ziniki qilib oldi. Bugun oldimizda turgan eng dolzarb masalalardan biri qishloq ayoli ma’naviyatini ko‘tarish. Ammo qarang, Muyassar, muammolar zanjiri bir-biri bilan qanchalar chambarchas bog‘liq. Ro‘zg‘ori uchma-uch yetib-etmayotgan, ochin-to‘qin odamning qulog‘iga ma’naviyat haqida gap kiradimi? Go‘daklarning oyoqlariga topsa, boshiga yo‘q, boshiga topsa egniga deganday, kam deganda 5—6 bola atrofida girdikapalak, yetishmovchiliklardan boshi aylangan ayolning kitob o‘qishga qurbi yetadimi?!

Shu yerda qozoq xalqining o‘lmas farzandi Abayning quyidagi satrlari esimga keladi:

Sho‘rlik xalqim,
Mol ortida sudralib o‘tgan xalqim!

Ajablanadigan joyi shundaki, qishloq ayollari o‘zlarini, bolalarini yemagidan, rizqidan qiyib bo‘lsa-da, oz-ozdan yig‘ib qimmatbaho kiyimlarni, taqinchoqlarni albatta olishga harakat qilishadi. Qorayib ketgan, ozg‘in, eti borib ustixoniga yopishgan ayollarning falon pulli, yalt-yult kiyimlarni savdogarlardan 2—3 hissa qimmatga olib kiyib yurganlarini ko‘rgan paytlarimda bo‘g‘zimga nimadir tiqilib keladi.

— Mamlakatimizda har yili 60 mingdan ziyod majruh go‘dak dunyoga keladi. Bu degani, 60 ming armon, 60 ming ayolning baxtsizligi. Sababi 3 million ayol zararli ishlab chiqarishda band. O‘zbekiston misolida-ku bu boradagi faktlar yanada dahshatli. Nahotki 60 ming majruhga sarflanadigan mablag‘ni ayollar salomatligiga xarj etishning imkoni bo‘lmasa?!

— Nega bo‘lmasin? Xo‘jalikni qanday yuritish o‘z qo‘limizda-ku? Agar 60 ming majruh bolalarga sarflanadigan mablag‘ ayollar salomatligiga sarflanganda edi, yuqorida aytganim, ayolni — ildizni soglomlashtirgan bo‘lardik. Bu degan so‘z daraxt gurkirab o‘sishiga omil yaratiladi. Yaxshi meva, hosil olishga ishonch bor. Buning uchun ozgina tadbirkorlik, ozgina jur’at kerak xolos. Lekin mana shu tadbirkorlik vaqti qachon keladi, bu menga qorong‘u. So‘zlarimiz qog‘ozda qolaveradi. Mutasaddi odamlar bundan ham "muhimroq" ishlar bilan band. Xullas, donishmand R. Gamzatov aytganday "Biz tayoqning o‘zini emas, uning soyasini to‘g‘rilashga urinib yotaveramiz". Hech qachon soyani to‘g‘rilab bo‘ladimi? Zararli ishlab chiqarishdan ayolni qutqarib, sog‘lig‘ini tiklash bizga majruh bolaga ketgan mehnat (ham moddiy, ham ma’naviy) xarajatlardan yengilroq, osonroq ko‘chmaydimi?

— Ajralishlarning asosiy sababi nimada deb o‘ylaysiz. O‘z-o‘ziga o‘t qo‘yayotgan ayollar haqmi?

— Ajralishlarning asosiy sabablaridan biri sifatida bizning moddiy jihatdan qiyin yashashimizni, albatta, aytish kerak. Ketma-ket yuzaga kelaveradigan ro‘zg‘ordagi kamchiliklar asabiylikni keltirib chiqaradi. Nazarimda, keyingi paytda erkaklar bemalolroq, ayollar faolroq, shu bilan birga tajangroq bo‘lib borishyapti. Ajablanarli joyi shundaki, erkaklarimiz nazarida bu qol shunday bo‘lishi kerakday qabul qilinyapti. Kichkina misol. Yaqin do‘stlarimiz bilan ko‘chada ketayotgandik. Tun qorong‘usi. Do‘stimizning ayoli uxlab qolgan polvongina bolasini bir amallab ko‘tarib, arang oyoq bosayapti.

— O‘g‘lingizni o‘zingiz ko‘tarib oling Marat, Ma’suda qiynalyapti,— luqma tashladi oramizdan kimdir.

— Nima, Ma’suda qiynalyapti? Kerak bo‘lsa Ma’sudaning meniyam ko‘tarib ketishga kuchi yetadi,— dedi do‘stimiz xotirjam ohangda.

Bu gap hazilnamo bo‘lsa-da, Marat xotinining qo‘lidan bolasini olmadi. Ori keldimi, ko‘tarmoqchi bo‘lgan boshqa erkaklarga bolani Ma’suda o‘zi bermadi...

Oilaviy hayot mana shunday oniy lahzalardagi holatlar, munosabatlardan tashkil topadi. Bularning qar biri yomg‘ir tomchisiday yig‘ilib boraveradi. Va ko‘p hollarda beiz ketmaydi.

Qadimgi qadriyatlarimizga murojaat qilamiz. Qur’onda: "Ayollarga yaxshilik ila hamhayot bo‘linglar" (Niso surasi, 19-oyat) deyiladi. Payg‘ambar alayhissalom esa: "Kim o‘z bola-chaqasiga yaxshiroq munosabatda bo‘lsa, o‘sha orangizdagi eng yaxshi odamdir",— deb ta’lim beradi (Muhammad Qutb. Islom va Ayol). Odamlar orasida bir-birini tushunish kamayib bormoqda. Er xotinni, xotin erni, ota bolani, bola otani, do‘st do‘stni, el elni...

Oilada esa bunday munosabatlar haqiqatan fojiaga aylanyapti. Bir odamdan bir odamning ketishi, oilaning darzi, jamiyatning ertangi kuni, kelajakni xavf ostida qoldirayapti. Buzilgan oilalardagi nazoratsiz qolgan bolalar axloqi to‘kis oilalarda o‘sayotgan bolalardan keskin darajada farq qiladi. Bunday oilalardagi ulg‘ayib qolgan, o‘zini tutib olgan, aqlli bolalar ko‘zlarida ham hayotga ishonchsizlik, ichki bir g‘am soya tashlab turadiki, bu g‘am hech qachon bolani ruhlantirmaydi, aksincha, yashash uchun uchmoqqa shaylanayotgan qanotlari kuchini qirqadi.

Men har holda yashashga sabab qidiradigan, topadiganlarni ikki qo‘llab yoqlayman. Odamzod bolasining har qanday qiyin kunda ham aqlsizlarcha, tentaklarcha harakat qilishga haqqi yo‘q! Ammo yana bir tomoniyam borki, ayol ermak uchun o‘zini yoqmaydi, ko‘ngil xushlik uchun bormaydi bu oxirgi yo‘lga. Iqtisodiy taqchillik, surunkali, beqadr mehnat, odamning g‘ururini yerga uradigan beshafqat munosabatlar, zug‘um, asabni egovlaydigan urush-janjallar... Bular yillar, o‘n yillar davomida zahar tomchisiday chak-chak tomib, asl yuragini teshib zaharlab boradi. Oxirgi tomchi juda arzimas sabab ham bo‘lishi mumkin. Zominda o‘n bolali, yoshgina ayol, erini boshqa ayoldan rashk qilib o‘zini yoqib yubordi. O‘n bola chirqirab qolaverdi. Ammo shu oxirgi tomchiga ayolning zada yuragi dosh berolmagan bo‘lishi mumkin.

Aybdor kim? Hech kim. Mana shu "hech kim"ligi dahshat. Bizning jamiyatimiz huquq himoyachilarining mana shu "hech kim" oldida qo‘llaridan hech ish kelmasligi yangidan-yangi jinoyatlarga yo‘l ochaveradi. Sababsiz natija yo‘q-ku axir! Shunday fojia ro‘y bergan joyda hamma oxirgi tomchini emas, yillar davomida zahar bo‘lib tomib kelgan hamma narsani tahlil qilishi, xulosa chiqarishi kerak.

L. N. Tolstoyning "o‘z uyida baxtli bo‘lgan kishigina baxtlidir", degan hikmatidan kelib chiqadigan bo‘lsak ayol oilasida baxtli bo‘lsa, u hech qachon o‘zini o‘zi osmaydi, yoqmaydi. Agar u o‘z uyida baxtsiz bo‘lsa, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning eri, shu uydagi erkak bilan bog‘liq masala. Agar uning o‘z uyidan, eridan ko‘ngli to‘q bo‘lsa, men aminmanki, hayotning hech qanday mushkul sinovlari uni sindirolmaydi. Sevgan, sevilgan erkaklarda mening nazarimda mana shunday, pinhoniy, har qanday mushkul chog‘lardan ham ayolni omon olib chiqib keta oladigan kuch-qudrat bor.

"Sevgisi yo‘q odamlar — buzuq odamlardir", deydi Bernard Shou. Sevgisi yo‘q, uyi, bola-chaqasiga mehru-muhabbati yo‘q odamlardan qanchalik qo‘rqishimni bilsangiz edi. Tabiatdagi, hayotdagi butun buzilishlarga, inqirozlarga mana shu xil qora yo‘l odamlar sabab bo‘ladi.

— Baxt haqidagi tasavvuringiz?

— Atoqli rus sarkardasi P. I. Bagrationning shunday jumlasi bor: "Baxt har doim mard odam tomonida". Haqiqatan ham odam hayotini mardlik, halollik bilan yashar ekan, baxt uni chetlab o‘tmasligiga menda ham gumon yo‘q. Faqat baxtni kim qanday tushunadi? Odamzod tirik ekan, baxtga intilib yashaydi. Ko‘zi yo‘l teshib, rangi kuzgi yaproqday sarg‘ayib, kasalxonada yotgan bemor nazarida baxt — to‘rt muchasining sog‘lig‘idan boshqa narsa emas. Qamoqxonadagi mahbus uchun baxt — ozodlikka, yorug‘likka chiqadigan kun. Odamning o‘zi qanday bo‘lsa, baxti shunday bo‘ladi degan tushuncha yuradi. Jannatmakon momojonimiz Kenagasxonim uchun baxt — dushman qo‘shinlariga asir tushgan o‘g‘lining egilmasligi, dor ostida sharmisorlik libosini kiymay, so‘nggi makoniga yorug‘ yuz, g‘oliblik bilan dushman yuragiga tahlika solib ketishi bo‘lgan.

Kenagasxonim uchqur otda osmondan tushganday paydo bo‘lib: "Ko‘ksingni tik tut, unutma, sen mening o‘g‘limsan, bolajonim", deb gulduros solib shamolday o‘tib ketishini bir tasavvur qilib ko‘ring. Jasur o‘g‘lining tiriklik dunyosidagi umrining so‘nggi lahzalarini mardlarcha yashashiga, nogoh gumbirlagan bu sadodan chayqalib ketgan xalqning darg‘azab oyoqqa turishi, yengishiga balki shu gulduros, ona faryodi sabab bo‘lgandir. Shunday. Gap kim o‘ziga qanday baxtni lozim ko‘rishida.

Men bu xil baxtni achchiq, ammo umringni tiksang arziydigan aziz baxt deb tushunaman. Kundalik hayotda bo‘lsa agar istalsa, quloq olinsa baxtni barbod bo‘lishiga sabab ko‘p bo‘lganiday baxtni butun saqlashga ham undovchi omillar, hikmatlar ko‘p. Shulardan birini qadimgi yunon faylasufi va matematigi Pifagor eramizdan besh yuz yillar oldin aytib ketgan ekan: "Oqila rafiqam! Agar ering yoningda bo‘lishini istasang, shuning payiga tushginki, toki u hech qaerda sening huzuringdagi kabi rohat-farog‘at va muloyimlikka duch kelmasin". Yaxshi, sermazmun oila qurish baxti bor. Yaxshi farzand o‘stirish, yaxshi do‘stlar orttirish... yaxshi she’r o‘qish... Tagordan o‘qiymi?

Bangoliya, ruhing bor, qalbing bor hamma yoqda
Singilu ukalaring yashar qayoq-qayoqda.
Ittifoq bo‘lsin bari, ittifoq bo‘lsin bari,
Ittifoq bo‘lsin bari, ey tangri!

— Ko‘p bolali onasiz. Ham yirik bir nashrning muharriri, bular bir-biriga xalaqit bermaydimi?

— Farzandlarimizning har biri umrimizning davomi bo‘lib dunyoga kelar ekan, oilada qancha farzand bo‘lsa shuncha baxt, tole borligiga men qattiq ishonaman. Bolalarim va ishim. Bir-biriga xalaqit beradi. Ammo men ikkala tarafga ham bog‘liqligim, ko‘ngil qo‘yganligim uchunmi bundan u qadar aziyat chekmayman. Faqat uchinchi ish (asosiy, yukingan ishim) — yozish masalasida qiynalaman. Butun jumhuriyat ayollarida bo‘lgani kabi menda ham vaqt taqchilligi...

— So‘nggi savol. Nimadan bezovtasiz?

— Ma’naviy qashshoqligimizdan. Ayrim ayollarimizning, bolalarimizning himoyasizligi, erkaklarimizning beshafqat, bemuruvvatligidan..."Saodat"ga keladigan ming-minglab xatlardan 2—3 tasini aslicha gazetxonlar diqqatiga havola qilmoqchiman.

"...O‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘ldim. Chuqurroq o‘ylab qarasam bu jafolardan o‘z jonimni qutqarib ketarkanman-u, bolalarimni ahvoli nima kechadi? Erim 5—6 oylik muttasil aroqxo‘rlikdan keyin nasha chekadigan bo‘lib qoldi. Keldi-ketdi shunday ko‘pki, chekilavergan uylar tutunga to‘lib ketadi. Ikki oycha bo‘ldi, bir-biriga ukol qilishni boshlashdi. Sarxush, piyolalarda bir nimani tayyorlaydilar. Shprits qaynatadilar. Posudalarga aralashgan qon tomchilari. Ularni qaynatib tozalayotganimni ko‘rgan erim boshimga urmoqchi bo‘lib dag‘dag‘a qiladi:

"Sen it, ulardan jirkanib qoldingmi, sening bir oy itdek ishlab topadigan pulingni ular bir kunda topadilar". Idish-tovoqlarni ayrim qilib qo‘yay desam, oladigan 100 so‘m oyligimni qaysi biriga yetkazay, yeyish-ichishimizgami, kiyimimizgami, har kuni sinadigan posudalargami? Bir kun ishdan kelsam bolalarim mo‘ralab otalariga qanday ukol qilayotganini tomosha qilishayapti. Bir gal erim ikki erkak, ikki fohisha ayolni uyimizga boshlab keldi. Ular biznikida qolishdi. Tongda barvaqtroq ishga ketishga chog‘lanayotganimda, erim "qizlarning kayfini buzib uyg‘otib yubording, iflos", deb shunday tepdiki, chuvalanib yerda qancha yotganimni bilmayman... Narkomanligi uchun psix bolnitsaga ham yotqizishgandi. Bir haftada chiqib keldi. Keyin u bilan qiziqadigan odam bo‘lmadi, shekilli. Yaqinda hushyorxonaga tushgan ekan. Yuz so‘m jarima solishibdi. Mening oyligimni to‘lab keldi. Kelgusi oylikkacha bo‘lka, choy bilan amal-taqal kun o‘tkazdik. Bolalarimga bayram kuni yirtiq kiyimlarini yamab kiydirib yubordim. Shunday qilib militsiyadagilar erimni emas, meni va go‘daklarimni jazoladilar. Turmushim shu tarz.

X. U. Xorazm".

"...Men 1983 yili o‘z rayonimizda Alimov Sindorga turmushga chiqdim. Ko‘p o‘tmay — erim ichib olib butun alamini mendan oladigan, haqoratlab uradigan odat chiqardi. Tishimni-tishimga qo‘yib toqat qilishimga qaramay turmushimiz bo‘lmadi. 1987 yil sud orqali ajraldik. Men qizcham bilan turar-joysiz, qarovsiz qoldim. Mana ikki yildan buyon 40 so‘m to‘lab kvartirada yashab kelayapman. Kiyim-kechak, oziq-ovqat puli, bog‘cha puli deganday. Ota-onam oddiy kolxozchi. Oilamiz katta.

Bir yil bo‘ldi, otam ham oyoq-qo‘li ishlamay to‘shak tortib yotib qolgan. Turmush o‘rtog‘im ikki yildan buyon bir so‘m aliment to‘lagani yo‘q. Bulung‘ur rayon xalq sudi raisi o‘rtoq Ahrorovga ikki yildan buyon qatnayman. Sud ijrochisi Hidirov ham yordam bermadi. Qachon borsam "Ering qochib yurgan bo‘lsa, biz nima qilaylik" yoki "Nima qilasan shu 20 so‘mni, shu bilan boyib ketarmiding",— deb do‘q urishadi. Men nima qilay. Yashashim qiyin bo‘lib qoldi. Oxirgi umidim sizlardan

Bozorgul Hidirova. Samarqand".

"...Mening yoshim 17 da. Esimni taniganimdan buyon dasturxon ustida tinchgina gaplashib o‘tirganimizni eslolmayman. Oilada 7 farzandmiz. Dadamiz doim ichib kelib hech bir sababsiz uyda janjal ko‘taradi. Oyimizni qaqshatib urib, uydan ketkazib yuboradi. Kim o‘z onasini yaxshi ko‘rmaydi. Shunday paytlarda men jonimdan to‘yib ketaman. Shu dunyoga kelganimdan ming-ming pushaymonman. Hayot go‘zal, deydilar! Qani bu hayotning go‘zalligi! Mening tushunishimcha hayot achchiq qismatlardan iborat ekan. Shunday achchiqki, bardosh berish qiyin. Bizning qo‘limizdan hech ish kelmaydi. Shuning uchun sizlardan yalinib iltimos qilaman, qo‘llaringdan kelsa ayting, araqni yo‘q qilishsin. Shunda balki bizning uyimizga ham tinchlik kunlar kelar!

Bilmayman... Kelajakdan hech qanday umidim yo‘q.

Shunday otalarning boridan yo‘g‘i yaxshi-ku. Shunday emasmi? Men shu paytgacha xo‘rliklarga chidab keldim. Ammo bundan buyog‘iga nima bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi. Jonimga qasd qilgim keladi. Bir necha marta bu ishga qo‘l urib ko‘rdim. Eplolmayapman!"

Ism-familiyamni to‘liq yozishga vijdonim yo‘l bermadi.

Laylo. Chimkent"

"Eplolmayapman!" Birdaniga yuragim orqamga urib ketadi... Nima bu "o‘lolmayapman" deganimi? Yorab, avj bu dunyoning siru-sinoatlariga murg‘ak aqli yetmay olamga qiqir-qiqir kulgu ulashib, o‘zi ham o‘yin-kulgularga qorishib, kapalakday uchib-qo‘nib yashaydigan o‘smir yoshdagi Layloning faryodi jonimni larzaga soldi.

Hoy, odamlar! Insof chegarasini buzib darbadar ketayotganlar. Yerni, ko‘kni zaharlaganimiz, tabiatni, qush-qumursqalarni quritganimiz, qiyratganimiz bizga saboq bo‘lmadimi?

Qaysi qahr qo‘zg‘agulik qilmishlarimiz sabab bo‘ldiki, ming yillar ajdodlarimizni undirib, o‘stirib, ko‘kartirib kelgan ulug‘ Orol biz kelganda quriy boshladi? Yoki uning qirg‘oqlariga mastlik, noshukurlik bilan qadam qo‘ydikmi? Endi navbat oila nomusini har narsadan baland qo‘yguvchi, oila baxtini tishida tishlab asraguvchi, to‘zimli, sabr yaprog‘iday sarg‘aygan ayollar, qushday begunoq, hurkak go‘daklarga keldimi?

Men yuqoridagi xatlarni qanday yozilgan bo‘lsa shundayligicha ko‘chirdim, bu xatlarni sharhlamoqchi ham emasman. Mutasaddi odamlar o‘ylab ko‘rishar, xulosalari, javoblarini yo‘llashar jurnalga. Meni iztirobga solgan narsa shu bo‘ldiki, ittifoqo qo‘limga tushgan 3 xatda ham ichkilikdan aziyat chekkan ayol dardi, go‘dak faryodi!

"Men sizlardan yalinib iltimos qilaman. Qo‘llaringdan kelsa aroqni yo‘q qilinglar!" 17 yoshli gulgun qizaloqni biz kattalardan nimalarni iltimos, iltijo qilayotganiga e’tibor berdingizmi? Yer yuzida qachon, qanday nomaqbul qora ish bo‘lgan bo‘lsa mastlik-naslikda bo‘lgan. Bizning bugungi yo‘qotishlarimiz bilan bobokalonlarimizdan Husayn Boyqaroning mastligida o‘z nabirasi Mo‘min Mirzoning o‘limiga rozi bo‘lib, muhr bosib berganligi orasida qanday farq bor?

Husayn Boyqaro-ku mastligida, oniy lahzalarda kelgan bu mash’um qarorga. Biz esa yillar bo‘yi... o‘zimiz tushungan holda it yurish, mirza turish qabilida yashayapmizki, oqibatda go‘daklarimiz hali dunyoni tushunib ulgurmay undan tezroq ketmoqqa yo‘l qidirib qolishayapti. Hali o‘n yetti yoshiga yetib-etmagan murg‘ak qolda bu mash’um ishga "bir necha marta qo‘l urib ko‘rgani, eplolmayotgani" haqida ezilib yozishyapti.

Hoy, odamlar! Atrofingizga sinchkovroq qarang. Axir dengizda ham cho‘kayotgan kemalarni qutqarishadi-ku!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.