background
logotype

Forsiy tildagi adabiyotning zabardast tarjimoni (Hamidjon Homidiy bilan suhbat) (2014)

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengash mening nomzodlik dissertatsiyamga O‘zbekiston fan arbobi, Xalqaro Firdavsiy mukofotining sovrindori, nozikta’b adib Shoislom Shomuhammedovni rasmiy opponent qilib belgiladi. Ertasi kuni dissertatsiyaning bir nusxasini yo‘llanma xat bilan olib, Toshkent Davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetiga yo‘l oldim. Fakultetga borib, ikkinchi qavatga ko‘tarilib, dekanatni topdim. Qabulxonadagi kotiba:

– Domla huzurlarida odam ko‘p, kutib turing, – dedi. Bir ozdan so‘ng ichkaridan 4-5 kishi chiqishdi. Kotiba o‘rta bo‘yli, orasta kiyingan, baroqqosh odamga ishora etib, “shu kishi” deganday ishoraqildi. Nimtavoze’ bilan salom berib, ilmiy Kengash yo‘llagan xatni uzatdim. Ko‘zdan kechirgach:

E, Hamidjon, sizmisiz, – deb qo‘limdan ushlab ichkariga olib kirdilar. Hol-ahvolso‘rab, dissertatsiyani vapaqlab ko‘rgach:

 – Yaxshi mavzuni tanlagan ekansiz. Mendan ustozingiz Natan Murodovich Mallaevga salom ayting, taqriz 15 kunda tayyor bo‘ladi, –dedilar.

Haqiqatan ham, o‘n besh kundan keyin borsam, taqriz ikki nusxa tayyorlanib, imzo va muhr ham bosilgandi. Unda dissertatsiya ancha izchil, sinchkovlik bilan tahlil qilingan, yuqori baholangan edi. O‘sha onda men o‘zimni g‘oyatda baxtli sezdim. Zeroki, Respublikamizning nufuzli dorilfununi dekani, o‘zbek sharqshunosligida o‘ziga xos maktab yaratgan mashhur olimning yuksak bahosiga sazovor bo‘lgandim. Shu-shu Shapq donishmandlariga xos kamtar, botamkin, hamisha ochiq ko‘ngil, fanimiz darg‘alaridan biri Shoislom Shomuhammedov bilan ustoz-shogird bo‘lib qoldik: u kishi ilmiy tadqiqotlarimga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, doktorlik dissertatsiyamga ham hakamlik qilgan, kitoblarimga o‘z mulohazalarini bildirganlar.

Bir kuni ustozni muborak sakson yoshlari bilan ziyorat qilib, dilkash suhbatlaridan bahramand bo‘lish maqsadida Ko‘kcha dahasidagi 1-Oqsoy mahallasida joylashgan hovlilariga bordim. Bir piyola choy bahona huzurbaxsh suhbat qurgandik o‘shanda:

 

Bobongizning soqol-mo‘ylovidan yosh tomardi 

Ustoz, Siz O‘zbekiston sharqshunoslari sardorisiz. Ilmning shu sohasini tanlashingiz tabiiy bir holmi yoki tasodifmi?

– Mening sharqshunos bo‘lishim tasodif emas. Zeroki bobom, otam, tog‘alarim, onam barcha oila a’zolarimiz ziyoli odamlar bo‘lishgan. Tog‘am Horun Sulaymonov hamda onam Sharofat ayalar chinakam Navoiyxonlar edilar. Ular Chor devonni arab alifbosida o‘qishardi, men esa ba’zi g‘azallarni lotinchaga ko‘chirib, yod olib yurardim. Navoiy asarlarining o‘sha nusxalarini mashhur shoirlar Hamid Olimjon, Uyg‘un hamda Amin Umariylar nashrga hozirlashgandi. Navoiy asarlarida arabcha hamda forscha so‘z, ibora, atama, birikmalar, badiiy tasviriy vositalar juda ko‘p edi. Mening ongimga arab va fors tillarini bilmagan odam Navoiy asarlarini to‘la tushunib yetmas ekan”,degan tushuncha singib qoldi. 1939 yili harbiy xizmatga chaqirildim. Toshkentdagi piyoda qo‘shinlar harbiy bilim yurtini tugatgach, frontga jo‘natishdi. Jangda yarador bo‘ldim. Gospitallarda davolanib bo‘lgach, Termiz chegara zastavasiga boshliqqilib tayinlandim. 1947 yili harbiy xizmatdan qaytib, Toshkent Davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetiga Eron-afg‘on filologiyasi ixtisosligi bo‘yicha o‘qishga kirdim.

Kunlardan bir kun buvim huzurlariga chorlab, buyuk shoir Jaloliddin Rumiy Masnaviyi ma’naviysining nodir qo‘lyozmasini berib, shunday vasiyat qildilar:

Bolam, bu ko‘p muqaddas kitob, ehtiyot qiling. Bobongiz uni o‘qiganlarida soqol-mo‘ylovlaridan ko‘z yoshlari oqib turardi.

Men bisotim kutubxonamni o‘zim uchun qadrdon bo‘lgan Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti kutubxonasiga in’om etganman. O‘sha nusxa hozir ham shu kutubxonada caqlanmoqda. Demak, sharqshunos bo‘lish mening asl zotim qonimda bor ekan.

– Oltmishinchi yillarda Siz fors-tojik adabiyoti tarixini jiddiy o‘rganishga kirishib, ko‘plab tadqiqotlar, bir qancha shoirlarning o‘zbek tilida ilk bor ancha mukammal tarjimai holini yaratdingiz. O‘nlab forsigo‘y adiblar asarlarini tarjima qilib, chop ettirdingiz va shunday jarayonlarga bosh-qosh bo‘ldingiz. Bu katta ijodiy hodisa ma’naviy ehtiyojmidi yoki zamona taqozosimidi?!

Dorilfununni tugatgach, kafedraga ishga olib qolishdi. Ana o‘shanda butun orzularim amalga oshganday bo‘ldi, Navoiy hamda forsiy tildagi badiiy ijod durdonalarini jiddiy o‘rgana boshladim, tarjimalar qilish, ular asosida majmualar, guldastalar tuzishga kirishdim. Bu orada Sharq adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha filologiya fanlari nomzodi degan unvonning ham sohibi bo‘ldim. 60-yillarning o‘rtalaridan boshlab birin-ketin “Ehson Tabariy” (1959), “Haqiqat izlab” (1961), “Umar Xayyom” (1962), “Abdurahmon Jomiy” (1963), “Fors-tojik adabiyoti klassiklari” (1963), “Sa’diy Sheroziy” (1964), “Malik ush-shuaro Bahor” (1967), “Fors-tojik adabiyoti klassiklari ijodida gumanizm” (1968), “Amir Xusrav Dehlaviy” (1971) singari risolalarim, monografiyalarim, ko‘plab maqolalarim, tarjimalarim alohida kitob shaklida chop etildi; forsiy tildagi adabiyot ixtisosligi bo‘yicha fan doktori (1969) degan ilmiy darajani olishga muvaffaq bo‘ldim. Hamma kitoblarimdagi tahlilga jalb etilgan misollarni asl dastxat matnlardan qidirib-topib, o‘zim o‘girganman.

 O‘sha yillari Toshkent badiiy adabiyot nashriyoti huzurida “Sharq xalqlari adabiyoti” tahririyati tashkil qilindi va uni boshqarish ham mening zimmamda bo‘ldi. Butun faoliyatimni Sharq adabiyotini, xususan, fors-tojik adabiyoti injularini o‘zbek xalqining ma’naviy mulkiga aylantirishga safarbar etdim. Natijada, ulug‘ shoir Ro‘dakiydan tortib, deyarli barcha klassik forsigo‘y shoirlarning ijodiy merosi tarjima qilinib, chop etildi; ko‘plab majmualar tuzildi. 1958 yili Toshkentda dunyo sharqshunoslarining Xalqaro Kongresi bo‘ldi. Bizning nashriyot arab, fors, hind, xitoy, yapon, uyg‘ur, vetnam va boshqa xalqlar tillarida ana shu Kongresga atab 57 nomda guldasta chop etdi. Bu va boshqa ishlarda mashhur shoirlar Xurshid, Muinzoda domlalar, Vasfiy va Jumaniyoz Jabborovlar bilan hamkorlik qilganmiz.

Ustoz, uzr, so‘zingizni bo‘ldim, Umar Xayyom ruboiylari Sizning tarjimangizda 12 marta qayta nashr etilgan. Buning sehri nimada?

Aslini olganda, buning hech qanday siri yo‘q. Zeroki, Umar Xayyom ruboiylari mazmunan chuqur, g‘oyaviy jihatdan teran, shaklan sodda, ravon, hammabop. Men tarjimada asliyatning ana shu xususiyatini asrashga harakat qilganman. Ayrim tarjimonlar shoir ruboiylariga o‘ta erkin yondashib, badiiy sayqal berib, “originallashtirib” o‘giradilar. Natijada, asliyatdan yiroq “yangi” ruboiy vujudga keladi. Bir kuni ziyoli bir do‘stim o‘g‘lining nikoh to‘yiga taklif etdi. Bazmda kelin-kuyovni tabriklash uchun meni o‘rtaga chorlashdi. So‘z orasida kimdir: “Domla, Umar Xayyom ruboiylaridan o‘qib bering”, deb luqma tashladi. “Yoddan bilmayman”, deb qutuldim. Davrani boshqarayotgan suxandon yigit shoir ruboiylaridan o‘ndan ziyodini o‘qib, meni hijolatdan qutqardi. Shunday, yaxshi she’rning tarjimasi ham asliyatidek xalq bilan hamisha hamroh yuradi.

Qaysi bir yili bo‘limimiz Hofiz Sheroziyning devonini nashr etishni rejalashtirdi. Ammo munosib tarjimon masalasida bir to‘xtamga kelolmadik. Maslahat Xurshid domlaga kelib to‘xtadi. Men u kishini qidirib Muqimiy teatriga bordim. “Ustoz ishdan bo‘shab ketganlar”, deyishdi u yerdagilar. Keyin bilsam, adib “mafkurasi buzuq” ijodkor sifatida adabiy emakdoshlik vazifasidan chetlashtirilgan bo‘lib, “Madaniyat” kolxozida bog‘bonlik qilib yurgan ekanlar. Bog‘lariga qidirib borib, muddaomni aytdim. Oxir-oqibatda Hofiz devoni Xurshid domla tarjimasida e’lon qilindi. Asliyatini esa mashhur hattot Abduqodir Murodiy domla ko‘chirib berdilar. Hofiz devonidan bir nusxasini o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston Markazqo‘mining Mafkura bo‘limiga eltib berdim. Ana shu tarjima bahona Xurshid domlani tez orada O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutiga ilmiy xodim qilib ishga olishdi. Buyuklar ruhini e’zozlagan odam aslo kam bo‘lmaydi.

Hayot ham murakkab, ham qiziq. Zeroki, ba’zi asarlarning yaratilishida turmushdagi biron bir turtki yoki biron kishi sabab bo‘ladi. Kunlardan bir kun xalq shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov “Shohnoma” dunyodagi deyarli barcha tillarga to‘la yo qisman tarjima qilingan. Ammo, ustoz, bu shoh kitobning o‘zbekcha she’riy tarjimasi yo‘q. Shu chun bu ishni o‘z zimmangizga olsangiz, degan istak bildirdi. Haqiqatan ham bu shoh kitob ikki marta nasr va nazmda o‘zbekchalashtirilgan bo‘lsa ham, tugal she’riy tarjimasi yo‘q edi. “Rustam va Suhrob”ning Miriy varianti original asar. Shundan so‘ng men “Shohnoma”tarjimasiga taraddud ko‘ra boshladim. Bunday qapacam, ushbu ulkan ishni bir o‘zim uddalashim mushkul ko‘rindi. Natijada, bu xayrli yumushga doimiy hamkorlarim, forsiy tildagi she’riyatning bilag‘onlari, atoqli shoirlar Jumaniyoz Jabborov, Nazarmat hamda Hamid G‘ulomlarni jalb etdim. Bir necha yillik zahmat tufayli “Shohnoma”dek ulkan kitobning uch jildlik she’riy tarjimasi o‘zbek kitobxonlari qo‘liga yetdi. Asar ilm-adab ahli tomonidan iliq kutib olindi va tez tarqalib, noyob kitobga aylandi. Undan keyingi yillarda “Gumanizm – abadiylik yalovi” (1974), “Xazinalar jilosi” (1981), “Epos”, “Fors-tojik adabiyoti tarixi” (1987), “Shoh kitob va uning muallifi” (1991), “Jahonni maftun etgan adabiyot” (1992) singari kitoblarim, ko‘plab yangi tarjimalarim e’lon qilindi; qomuslarda, to‘plam va jurnallarda chop etilgan maqolalarim, Sharq she’riyati poetikasiga doir tadqiqotlarim ham anchagina. Ko‘rinib turibdiki, bularning barchasi she’riyatga, badiiy adabiyotga mehrim, ma’naviy ehtiyojim taqozosi ekan. Hatto yozgan risolalarim hamda tarjimalarimning ayrimlari zamon ruhiga juda ham yopishib tushmas, hamohang emasdi.

 

Adabiy jarayonga nega kech qo‘shilgansiz? 

– Bilishimcha, Siz badiiy ijodga, adabiy jarayonga ancha kech kirib kelgansiz. Buning boisi nimada?!

Aslida, men adabiyotga erta kira boshlaganman. Ya’ni o‘rta maktabda o‘qib yurganimdayoq she’r mashq qilib yurardim. Bir kuni Shchors, Chapaev hamda Lazolar haqida xalq qahramonligini madh etuvchi she’r yozdim-da, bolalar gazetasiga jo‘natdim. Oradan kun o‘tmay, redaktsiyadan “uch qahramon haqidabitta she’r yozibsiz”, degan tanbehnamo javob keldi. Shundan so‘ng o‘zim she’r yozib, o‘zim o‘qib yuradigan, ba’zan “oshiq” do‘stlarimga bir bayt, ikki bayt yozib beradigan bo‘ldim. Sizning savolingizda ham ma’lum ma’noda jon bor. Zeroki, to‘qqiz yillik harbiy xizmat, yosh sal ulg‘ayganda oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirib, jon-jahdim bilan fanlarni, Sharq tillarini o‘rganishga kirishib ketishim ham adabiy jarayonga kechroq kelib qo‘shilishimni taqozo etgan.

Uzluksiz ilmiy izlanishlar, Jahonadabiyoti namunalaridan bir necha ming bayt tarjima qilishim qalbim to‘ridagi ko‘hna ehtiyojni uyg‘otdi, junbushga keltirdi. Tabiiy iqtidor, ko‘p yillik tajriba o‘z hosilini bera boshladi, bir qancha ibratomuz hikoyatlar, ruboiylar, she’rlar, g‘azallar bitdim. Ular “Baqt” (1968), “Ruboiylar” (1968), “Gulbog‘” (1972), “Gulbog‘ sayri” (1978), “Odam borki” (1982), “Gulbog‘ nasimi” (1991), “Durdonalar” (1998) nomi bilan kitobxonlar hukmiga havola qilingan. Men G‘afur G‘ulom, Mirtemir, Yunus Rajabiy, Ibrohim Mo‘minov singari ko‘plab adabiyot, ilm, san’at allomalari bilan hamkorlik qilganman, oshno bo‘lganman. Ular haqidagi esselarim “Fidoiylar va ruboiylar” (2003 ) nomli kitobimdan o‘rin olgan.

Shogirdlaringizdan ko‘nglingiz to‘ladimi? Sharqshunosligimizning hozirgi ahvoli va istiqboli haqida fikringizni bilmoqchi edim.

Qirq besh yildan ziyodki, oliy o‘quv yurtlarida talabalarga dars beraman, aspirantlar, doktorantu tadqiqotchilarga rahnamolik qilaman. Demak, shogirdlarim juda bisyor. Ular orasida akademiklar, professorlar, davlat va jamoat arboblari ham bor. Shogirdlar haqida gap ketsa,ushbu ruboiy esimga tushadi:

 Shogirdlarham misli bolalar:
 Bor-yo‘g‘ingni sendan olarlar.
Ba’zilari ko‘kka ko‘tarsa,
Ba’zilari loyga qorarlar...

Xudoga ming qatla shukurkim, mening barcha shogirdlarim ko‘kka ko‘taruvchilar, e’zozlovchilar bo‘lib chiqishdi. Hammalari mening yulimni tutishgan. Vatanimiz sharqshunosligiga ulkan hissa qo‘shib yurishibdi. Ularning hammendek piri badavlat bo‘lishlarini, shogirdlari esa, mening shogirdlarimdek sadoqatli va mehribon chiqishini istayman. Sharqshunoslik – murakkab fan. Zeroki, Sharq xalqlari ibtidosida turganimiz XXI asr tarixida ham muhim o‘rin tutadi. Dunyo tamaddunida ularning nufuzi tobora oshmoqda. Bularning bari adabiyot va san’atda ham o‘z in’ikosini topadi. Ularning hayoti, iqtisodiyoti, ma’rifati, bugungi intilishlarini har tomonlama idrok etish lozim. Hozir imkoniyatlar kengayib, sharoitlar yaxshilanib bopmoqda. Internet tizimining o‘zi bu imkoniyat naqadar ulkan ekanliginn ko‘rsatmoqda. Demak, sharqshunosligimiz yuksalib borishi, shubhasiz. Uning yutuqlarini Vatan istiqboliga xizmatqildirish shogirdlarning kelgusidagi vazifasi, deb bilaman. 

2006 yili ustoz ruboiylari Umar Xayyom ruboiylari bilan bir jildda (Nashr uchun mas’ul – Minhojiddin Haydar, Tuzuvchi – Alisher Shomuhammedov) nashr qilindi. Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutida ushbu kitobning taqdimoti bo‘ldi. Ming afsuski, Shoislom Shomuhammedov betobliklari tufayli bu tadbirda qatnasha olmadilar. Atoqli adib va olimlar bu “benazir ijodkor”ning adabiyotimiz, sharqshunosligimiz taraqqiyotidagi ulkan xizmatlari haqida to‘lqinlanib gapirdilar. Kamina ham adib Shomuhammedov ijodi haqida, xususan, hikoyatlari haqida bir nimalar gapirganday bo‘ldim. Shundan so‘ng “Ko‘pni ko‘rganlar huzurida" rukniga oldingi suhbatlarimni to‘ldirib bergim keldi.

Lekin o‘g‘illari “hozir mavridi emas, yana sim qoqarsiz” deb uchrashuvni opqaga surdilar. Hayhot,zamonamizning buyuk allomasi mana oramizda yo‘q. Ammo u kishi ilmiy asarlari, badiiy ijodlari, eng muhimi, faqat Shomuhammedovga xos ma’rifatga yo‘g‘irilgan yaxshi xislatlari bilan bizga hamisha hamnafas. Zeroki, ustozning sevgan ustozi buyuk Hofiz Sheroziy: Kimdakim bu olamda yaxshilik-la umrguzaronlik qilgan bo‘lsa, u mangu tirikdir, deganlar.

Professor Shoislom Shomuhammedov ilmiy, ijodiy faoliyatining ilk davridan boshlaboq fors-tojik adabiyoti durdonalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, bu adabiyot namoyandalari haqida ilmiy hamda ilmiy-ommabop asarlar yaratgan tolmas adib, zabardast sharqshunos bo‘lgan. Uning ijodiy bisotida fors adabiyotiga doir tadqiqotlar muhim o‘rin tutar ekan, ular barcha zamonlarda yosh o‘zbek sharqshunoslari uchun dasturulamal va manba sifatida xizmat qilaveradi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 6-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.