background
logotype

Ibrohim G‘afurov: “Qodiriy qoshida qizarmaysizmi?” (2013)

– Ibrohim aka, Sizni so‘z muhiblari zakiy mu­naqqid, yetuk tarjimon, mohir adib va tang­layi kitob bilan ko‘tarilgan ziyoli deb biladi. Ijozatingiz bilan badiiy tarjima mavzusida suhbatlashsak. Menimcha, tarjimaga asar tanlashingizning o‘zi bir maktab. Hamisha “baland dorga osilgansiz” – mualliflarni chertib-chertib tanlaysiz, qo‘lga ilingan asarni yeng shimarib, tarjima qilib ketavermaysiz. Aytmatov, Dostoevskiy, Joys, Markes, Mopassan, Rasputin, Sartr, Turgenev, Folkner, Heminguey... Salaflarni o‘zbekcha gapirtirib, tarjimani “to‘yga borgudek” darajaga yetkazguncha, yillar davomida igna bilan quduq qazidingiz. Savolim “ishi bitib, ulovi loydan o‘tgan” kitobxonning noshukurligiga o‘xshab qolsa, ma’zur tutasiz. Tarjimaga xarjlagan quvvat va fursatni badiiy ijodga yo‘naltirganingizda, bo‘y baravar mag‘zi to‘q romanlar yozishingiz mumkin edi. Umringizning talay yili o‘zingiz qolib, boshqa adiblarni yuzaga chiqarishga ketganidan jilla bo‘lsa-da achinasizmi?

– Dunyo marhamatli va rang-barang. Rang-barang va marhamatli. Har kimning chekiga nimadir tushadi. Chekimga so‘z va nafosat dunyosida tanqid, tarjima va mansura tushgan. Romanlar yozilmaganidan afsuslanmayman. Romanlarga g‘oya bo‘la oladigan fikrlar ustida ishlaganman. Mansuralarning gali keladi. Tarjimalarning ham gali keladi. Tarjimalarimda jumla, jumlalarda nurli ruh va kuchli ifodaviylik, butunlik, badiiyat bor. Shunchaki tarjima emas ular.

Mo‘‘jizakor ilohiy Qur’on odamzodga nozil qi­lingan asrda Ishoq Shomiy degan ajoyib tarjimon va donishmand o‘tgan. Uning hikmatlarini ulug‘ olim va tadqiqotchi Sergey Averintsev ko‘hna oromiy tilidan ruschaga o‘girib qoldirgan. Ishoq Shomiy hikmatlari teranligining qiyosi yo‘q. Ko‘hna oromiy tilini bilmayman. Ammo Sergey Averintsev tarjimasi vositasida bu mo‘‘jizaga oshno bo‘ldim. “Yurak yashagan chog‘da, hissiyot tugaydi. Hissiyotning jonlanishi yurak uchun o‘lim. Hissiyot jonlangan chog‘da, bu Xudo oldida yuragimizning o‘lgani belgisidir”. Oddiy so‘zlar bilan aytilgan poyonsiz hikmat. Buni ilk bor o‘qiganimda, o‘zimni hech narsa yozmaganday va yozmasligim kerakday sezganman. Bunday so‘z oldida har qanday kibr, har qanday dimog‘dorlik, har qanday iftixor ma’nosiz, tamomila ma’nosiz bir narsaga aylanib qoladi. Ishoq Shomiydan besh yuz yil keyin cho‘l to‘rg‘ayiday havolanib inson sirini ochgan Yassaviy va Boqirg‘oniyni, Majnunning Majnunligini tushunganday bo‘ladi odam. Men Ishoq Shomiyning mo‘‘jiza so‘zlarini hali tushunib yetganim yo‘q. Bayron hissiyotni sajdaga aylantiradi. Har so‘zi demonsiraydi. So‘zning sohirsoz olamlarida har qalam rangin tajriba-da.

– Bir suhbatingizda tarjima payti har bir so‘zni tegirmonga don solgandek yuragimga solib, tinimsiz aylantiraman, deb tashbih qilgandingiz. Mu­sohaba bahona ijodiy laboratoriyangizga birrov bosh suqishga izn bersangiz. Heminguey “Alvido, qurol!”ning xotimasini o‘ttiz to‘qqiz marta yozib chiqqan ekan. So‘zga nihoyatda talabchan Markes “Buzrukning kuzi”ni boshdan-oyoq o‘n besh topqir tahrir qilgan ekan. Odatda, qo‘lyozmalarni qayta-qayta tahrir qi­lasizmi? Deylik, “Buzrukning kuzi” roman-epopeyasi tarjimasi qanday kechgan?

– 1978 yili yozuvchi Odil Yoqubov Maskovdan Gab­riel Garsia Markesning “Buzrukning kuzi” romanini ko‘tarib keldi. U payt atoqli adib bilan Davlat badiiy adabiyot nashriyotida bir xonada ro‘parama-ro‘para o‘tirib xizmat qilardik. Odil aka o‘zbek adib­lari paydar-pay yozayotgan roman va qissalarning qo‘lyozmalarini o‘qir, mualliflar bilan uzoq cho‘­zilmay lo‘nda-lo‘nda gaplashar, Maskovning tarbiya­sini olgan emasmi, gapning po‘stkallasini aytib qo‘ya qolar, mualliflar uning fikrlarini inobatga olishardi. “Samolyotda shu romanni o‘qib qoldim. Maskovda toza shov-shuv bo‘lyapti. Ilgari bunaqa romanni hech o‘qigan emasman. Ba’zan odam bolasi yozganmikin, shunchalar xayol, fantaziya, mifologiya zo‘r, deyman. O‘zbek tiliga o‘girib bo‘larmikin, qani, oxirigacha o‘qib chiqay-chi...”.

Odil Yoqubov romanni tarjima qilishni ko‘ngliga tugib yurdi. U kunda-kunora kanda qilmay o‘tadigan kunduzgi va kechki davra suhbatlarida roman haqidagi taassurotlarini aytar, gurung berardi. U asarlarni o‘quvchi sifatida emas, yozuvchi sifatida o‘qirdi. Odil akaning yonida yurib, nihoyat, o‘quvchi sifatida o‘qish bilan yozuvchi sifatida o‘qishning farqiga borganman. Yozuvchining kitob o‘qishi bu – to‘la ma’nodagi haryoqlama ijodiy ish. Bu o‘qish jarayonida fikr tinimsiz ishlaydi, xayol to‘xtovsiz parvoz qiladi. Yozuvchida o‘zini bezovta qilib yurgan narsalar qandaydir baxtiyor yechim topganday, ijodiy niyatlarda yangi yo‘l yoki yo‘nalish ochilganday, ilhom uchqunlari har tomonga charsillab otilayotganday bo‘ladi. Tolstoy, Dos­toevskiy, Balzak kabi ulug‘ adiblarning kundaliklari, yozishmalarini, kitoblarini ham oddiy o‘quvchi kabi emas, yozuvchi kabi o‘qiganliklari, mutolaa asnosida xayol va fikr shovvalari bir zum tark etmaganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Hozir buni chin ma’nodagi intellektual o‘qish deb aytish o‘rinli. G‘oyalardan g‘oyalar, niyatlardan niyatlar tug‘iladigan o‘qish bu...

Odil Yoqubov keyin kitobni menga o‘qishga berdi. O‘sha paytda “Telba” romani ustida bosh ko‘tarmay ishlayotgan edim. Ammo adabiy jamoatchilik o‘rtasida Markes asarlari, chunonchi, “Buzrukning kuzi” xuddi Chingiz Aytmatov kitoblari kabi faol o‘qilib, fikr yuritilib turgani uchun bu asardan bexabar “bilmasvoy” bo‘lib yurishni o‘zimga munosib ko‘rmadim. Odil aka: “Pirimqul ham o‘qimoqchi”, dedilar. Kitob qo‘limga tekkach, bir haftada xatm qildim. Voqealar bu qadar zich, bu qadar tarang, mifologiyasi, mifologik tafakkuri bu qadar boy asarga ilk bor duch kelishim edi. Albatta, “Oq kema”ning nolakorligi jondan ketmas, nasliy jarohatday tirik edi. Ammo Markes butunlay boshqa olam, o‘zga qit’a hayoti tajribalari. “Buzrukning kuzi” menda muhabbat uyg‘otmadi. Men cheksiz hayratga g‘arq bo‘ldim. Hayrat va muhabbat boshqa-boshqa narsalar ekanligini angladim.

Keyin yangi asr kirdi. “Jahon adabiyoti” jurnali chiqib, hammamizni quvontirdi. Global – yalpi dunyoga tutashdik. Yer kurrasi bitta. Temir devor, temir panjara orqasida qanday biqinib yashaysiz? Jurnal menga Nitshe va Markes tarjimasini topshirdi. Markesni yana bir qayta tadqiqotchi nazari bilan o‘qidim. Haqiqatan, yana u odam qo‘li bilan yozilganga o‘xshamadi. Uni endi odam qo‘li bilan qanday tarjima qilish mumkin? Odil Yoqubov tarixiy roman qatlamlari ichiga kirib tarjimaga vaqt va imkon topmadi...

Bir kuni Pirimqul aka: “Markesni o‘giribsiz. Nomini nima qildingiz?” deb so‘radilar. “Buzrukning kuzi” dedim. “Ha-a-a...” dedilar. Boshqa gap aytmadilar.

– Buzruk originalda ham (patriarca), ing­liz­cha tarjimada ham (ratriarch) ayni shaklda qo‘l­lanilgan. “Patriarx” qanday qilib “buzruk”ka ay­landi?

– Bu nom birdan va daf’atan tug‘ilgani yo‘q. Ungacha bir qancha variantlar nazardan kechirildi. “Buzruk” so‘zi Boqirg‘oniyni o‘qib o‘tirganda, miyamda lip etib yondi. Asliyatga to‘la monand kontseptual nom topmaguncha tarjimaga qo‘l urish mumkin emasday tuyuldi. “Buzruk” “kuz” bilan ichki-tashqi ohangdoshlik kasb etdi. Tarjima printsipining uchi topilganday bo‘ldi. Uni mahkam tutib roman labirintlari ichiga qo‘rqmasdan kirib bordim.

Mumtoz matnlarning xususiyatlaridan biri – ularga boshqa hech narsani qo‘shib va olib tashlab bo‘lmaydi. Mumtoz matn asliyatdagi qimmati barobarida boshqa tilga o‘giriladi. Mumtoz asar har qanday boshqa tilda ham mumtozlik salohiyatini saqlashi, mumtozlik xosiyatidan hech narsani boy bermasligi, yo‘qotmasligi shart. Buning uchun zargar diqqati, zargar mehnati, zargar nigohi, zargar talabchanligi lozim. E’tiborlisi, injiq zargar o‘zi yaratgan buyumga qayta-qayta sayqal berishdan hech qachon erinmaydi. Adib, tarjimon ham shunday. Tarjimonning sayqali – tahririda, qayta-qayta tahririda. Tahrirda matn ilma-teshik bo‘lib ketadi. Matnga ishlov berishning cheki yo‘q. Mumtoz tarjima matni shunday ishlovdagina yaratiladi. Tarjimashunoslikning “asliyat uslubini chiqarish”, “badiiy uslubni qayta yaratish” singari tushunchalari mavjud. Ya’ni tarjimada Turgenev Turgenevday, Goncharov Goncharovday, Dostoevskiy Dos­toevskiyday bo‘lishi kerak. Kuchli tarjimon – kuchli muharrir ham! Bunga men Zulfiya, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Hamid G‘ulom, O‘tkir Hoshimov, Mirkarim Osim, Vahob Ro‘zimatovning ijodiy mehnati timsolida guvoh bo‘lganman...

– Ilgari G‘arb adabiyoti namunalari o‘zbekcha­ga asosan rus tilidan o‘girilgan. Rus tili vositachi til (medium) vazifasini bajargan. Tabiiyki, og‘izdan og‘izga o‘tgan rivoyatning sahihligiga putur yetadi. Qolaversa, vositachi tilda yo‘l qo‘­yilgan kamchiliklar uchinchi tilga o‘tganda ham aynan takrorlanishi ehtimoli katta. Bu holatda – asliyatning ohori to‘kilmasligi, g‘ozi yo‘qolmasligi uchun mutarjim qanday yo‘l tutishi kerak?

– Vositachi til orqali badiiy tarjimada asliyat uslubi va, ayniqsa, personajlar nutqi, dialoglarning o‘ziga xos jonli jihatlarini chiqarish qiyinroq kechadi. So‘zlarda ifodalangan milliy o‘ziga xosliklar, xarakterli holatlar siyqalanib ketishi ehtimoli yo‘q emas. Bunday “yo‘qotish”larga yo‘l qo‘ymaslik tar­jimonning yozuvchi va uning aynan shu asarini qan­chalar to‘g‘ri, teran tushunishi, qanchalar nozik bilimdonlik bilan idrok etishiga bog‘liq. Eruditsiya va intuitsiya har qanday tarjimada ishtirok etishi o‘zgarmas zarurat kabi qaraladi. Ayniqsa, u vositachi til orqali tarjimada asliyatga yaqinlikni saqlashda suv va havoday zarur. Shu ikki muhim narsa bo‘lmasa, tarjimaga havaskorlik “husnbuzar”i toshib ketadi. Hamma gap asliyatni qanchalar tushunishda, tushunib talqin etishda. Hemingueyning inglizchadan ruschaga hamda inglizchadan o‘zbekchaga o‘girilgan “Kilimanjaro qorlari”, “Frensis Makomberning omonat baxti” asarlarini bir sira qiyoslab chiqsak, eruditsiya, interpretatsiya, intuitsiya kabi tushunchalar amalda qanday natijalarga olib kelgani, qanchalar jiddiy badiiy o‘zgarishlarni yuzaga chiqarganini kuzatamiz. Badiiy tarjima qonun-qoidalari, printsiplari universal, o‘zgarmas qimmatga ega va ularni bilmaslik, mensimaslik, rioya qilmaslik professional yaroqsizlikka olib boradi.

– Og‘riqli masaladan gap ochdingiz. Bugun aj­­nabiychada burro-burro so‘zlashadigan avlod yetishib kelyapti. Tili biyron yoshlarimiz sa­fi kengayayotgani nur ustiga nur. Lekin ayrim havaskorlar xorijiy tilning zeru zabarini puxta o‘zlashtirmay, g‘arq pishgan olma daraxtiga tirmashgan bola-baqradek o‘zini badiiy tarjimaga urayotgani chatoq-da. Ba’zida tarjimachilik Navoiy, Bobur, Ogahiy kabi ulug‘larimizdan qolgan tabarruk meros ekani unutib qo‘yilyapti, ba’zida esa quruq “vositai joh” bo‘lib qolyapti. Axir, badiiy tarjima bachkana mahsi tikish emas-ku. “Aldayveraman, aldayveraman, kim bilsin, balki tuyqus dono gap aytib yuborarman” deydi Dostoevskiy personajlardan biri. Ayrim grafoman-tarjimonlarda ham “O‘giraveraman, o‘giraveraman, balki tuyqus birorta zo‘r tarjima chiqib qolar” degan tagi puch da’vo bor, shekilli. Hoynahoy, italyanlarning “Traduttore – traditore” (“Tarjimon – xoin”) maqoli ham qo‘­l­yozmasi ustabuzar tilmoch qo‘liga tushib, sitam chekkan biror muallif tomonidan to‘qilgan bo‘lsa kerak... Yo‘lni tor olayotgan bo‘lsam, aytavering, balki kengbag‘irlik qilish, mutolaaga yalpi munosabat susaygan bir davrda badiiy tarjimaga qo‘l urayotgan himmatli havasmandning yelkasini qoqib qo‘ygan ma’quldir. Nafsilamri, tarjima saltanatiga kirish uchun “Sim-sim, och eshigingni!” degandek o‘ron qo‘yish kerakmi?

– Har bir ishni shu ishga layoqati hamda haqiqiy qiziqishi bor odamlar qilgani ma’qul. Har bir kasb-hunar, mutaxassislik aslida qismat. Tarjimonlik ham ijodkorlik kabi qismat. Sermashaqqat hunar. Boshqa sohalarda yaroqsiz bo‘lgan odam kun ko‘rish uchun yoki oson deb tarjimonlikka o‘zini ursa, bunda ham, albatta, yaroqsizlik qiladi. Kishi o‘z-o‘zini yaxshi ang­lamaguncha va qismat amrini mas’uliyat bilan his qilmaguncha ijtimoiy jabhalarda adashib-uloqib yurishga mahkum. U o‘ziga ham, jamiyatga ham ko‘p ortiqcha tashvishlar keltiradi. Layoqatlilik koeffitsientlari ishlab chiqilgan. Oliy o‘quv dargohlariga yoki ishga qabul qilishda shu layoqatlilik koeffitsientiga javob berishiga qarab baholagan ma’qul.

– Jahon adabiyotida har bir avlodning o‘z tarjimasi bo‘lishi lozim, degan qarash bor. Masalan, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita”si italyan tiliga o‘n xil talqinda o‘girilgan. Bir asarga turli avlod mutarjimlarining qayta-qayta murojaat etishini qanday baholaysiz?

– Insoniyatga kerakmi, badiiy hamda falsafiy darajasi yuksak kitoblarning tarjimalari yangila­nib boraveradi. Atoqli tarjimon Qodir Mir­mu­ha­medov katta jasorat bilan Homerning “Iliada” hamda “Odisseya” dostonlarini rus tilidagi eng yax­shi tarjimalaridan o‘zbekchaga o‘girdi. Tili ravon, salmoqli, o‘qiganda ichiga ohanraboday tortib ketadi. Xo‘sh, shu sharafli tarjima necha yilga chidaydi? O‘n yil, yuz yil, ikki yuz yilgami? Biz bunga javob berolmaymiz. Bu o‘zbek tilining badiiy, ilmiy, falsafiy, madaniy qobiliyati qanchalar saqlanishi, o‘sib-rivojlanib, xalqni, millatni qanchalar birlashtirib, ilhomlantirib turishiga bog‘liq. Ammo biror tarjimon bir kunmas-bir kun yunon tilini Homer miqyosida o‘rganib, insoniyatga beshik bo‘lgan bu asarlarni asliyatdan o‘zbekchaga ag‘darish fikriga tushib qolmaydi, deb kim ayta oladi? O‘shanda u albatta Qodir Mirmuhamedovning olijanob, ezgu tajribasiga ham suyanadi. O‘zidan oldingi avlod vakili bu ishga tamal toshini qo‘yganidan minnatdor bo‘ladi. O‘shanda an’ana ham boshlanadi. O‘zbek adabiyotida Homerni tarjima qilish an’anasi...

– “So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak” deb o‘git beradi hassos yozuvchimiz Abdulla Qodiriy. O‘quvchi (tinglovchi, tomoshabin) didini ayovsiz jizg‘anak qilayotgan bozor adabiyoti va tijoriy o‘zandagi teatr-kino Andishadan mosuvo ekani achchiq haqiqat. Qo‘lbola molini ustalik bilan badiiyat namunasi sifatida ko‘rsatishga urinayotganlar echkining chandirini barra qo‘y go‘shti deb o‘tkazayotgan sulloh qassobdan farq qilmaydi. Sizningcha, san’at niqobini tutgan jo‘nlik, sayozlik, o‘r­ta­miyonalik, didsizlik bilan qanday kurashish mumkin? Shishadan allaqachon chiqib ketgan devni unga qaytarish yo‘li bormi? Yo, ayrim ziyolilarimiz maslahatiga kirib, loyqa oqayotgan daryoning tinishini kutish kerakmi? Suv tinguncha, asov daryo ancha-muncha ko‘prikni buzib-yanchib-yuvib ketmaydimi? Tarjimonning o‘quvchi didiga moslashishini yoq(oq)lay­sizmi?

– Tarjimon ham, yozuvchi ham hech qachon did-fa­rosatda zamondosh o‘quvchiga moslashib, tenglashib ijod qilolmaydi. Ijodkor hamma vaqt did-farosat, vijdonlilikda zamondan, zamondoshlaridan ancha ol­dinroqda yuradi. Bo‘yi ommaning bo‘yiga baravar, qilig‘i ommaning qilig‘idan farq qilmaydigan, o‘z fik­riga ega bo‘lmagan kishi qanday qilib yozuvchi, shoir, san’atkor, tanqidchi, tarjimon bo‘lishi mumkin? Yo‘q, ijodkor hamma vaqt chuqurroq o‘ylaydi, uzoqroqni ko‘­radi, umum manfaatini o‘tkirroq, teranroq tushunadi. Shuning barobarida u ijodkor deb ataladi. Odamlar o‘qimaydi deb, Joys, Flober, Dostoevskiy, Kafka, Nitshe, Bekket, Ioneskoni tarjima qilmay o‘ti­raversak, bizni kim ijodkor deb tan oladi? Bizni insoniyat madaniyatlaridan kim bahrador qiladi? Moslashish madaniyat tabiatiga, ijtimoiy vazifasiga tamomila zid. Moslashish – ommaviy madaniyatning eng suyukli usuli, o‘yinchog‘i. Ommaviy madaniyatga o‘ng-tersi ko‘rinmaydigan, bosh-keti bir bo‘lib ketgan ommaviy ermak kerak.

– Taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad “Har qanday milliy adabiyotning nufuzi “Jarayon” o‘sha tilga o‘girilgan-o‘girilmagani bilan bel­gilanadi” deb yozgandi. Frants Kaf­kaning dov­ruqli asari Vafo Fayzulloh tarjimasida o‘z­bek o‘quvchisi qo‘liga yetib bordi. Xurshid aka­ning mulohazasidan kelib chiqsak, bemalol o‘m­ga­nimizni ko‘tarsak bo‘ladi. Sizga qolsa, milliy adabiyotning “bo‘yi”ni qaysi asarlar tarjimasi bilan o‘lchaysiz? Zamonaviy o‘zbek tarjimoni qaysi mual­liflarga ko‘proq e’tibor qaratishi zarur?

– Hozirgi milliy adabiyotning bo‘yini ham, enini ham muayyan biron asar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Milliy adabiyot bugun va ertaga ham o‘zini qidirishda davom etadi. Juda-juda ko‘plab ommaviy adabiyot, ommaviy san’at namunalari yaratiladi. Odamlar ularga ko‘nikadilar. San’at, adabiyot shu ekan-da dey­digan, chumchuqni sa’vadan, bulbulni qarqunoqdan ajratolmaydiganlar ham ko‘paygandan-ko‘payadi. Ular nainki adabiyotning vijdoni, balki insoniyatning vijdoni haqida ham o‘ylamay qo‘yadilar va bunday savol qo‘yilganda, shu hozir kerakmi, odamzod endi benzinning qayg‘usini qilsin, deydilar. Shunday sharoitda ham milliy adabiyot insonga nima kerak: bir qarich yermi yo bir burda nonmi, deb izlanishda davom etadi. Bugun va uzoq-yaqin ertaga insoniyatga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatolgan, muallimlik qilgan, axloq, axloq va yana axloqni odamzodni saqlab qolishning yagona quroli deb bilgan adiblar, faylasuflar, ta’limotchilar madadga keladilar. Bizning madadkorimiz va olislarni yorituvchi mash’alamiz klassika! Navoiy, Bobur, Tolstoy, Flober, Balzak, Stendal, Dostoevskiy, Tagor, Qodiriy, Cho‘lpon, Russo, Volterga boraylik! Avvalo, aqlimiz, so‘ng hissiyotlarimizni tarbiyalaydigan asarlarni doim ko‘z o‘ngimizda tutaylik, qulog‘imizni shularga osaylik, yuragimizni shularga ochaylik. Klassika o‘lgan emas! U doim dolzarb, doim aktual, doim bizga hamdard!

– Jaloliddin Rumiyda shunday hikoyat bo‘­lardi. Fors, arab, turk va yunon ittifoqo bir dirham topib olibdi. Aqcha bor joyda g‘alva ham chiqadi-da: to‘rtovlon tangaga nima xarid qilish masalasida o‘zaro dovlashib qolibdi. Fors – angur, arab – inab, turk – uzum, yunon – istofil co­tib olishni taklif qilibdi. Bir-birini tushunmagan to‘rtovlon o‘zinikini ma’qullab turaveribdi. Mojarodan o‘nlab tilni biladigan zukko zot (poliglot) xabar topibdi. To‘rtovlon aslida bir narsani xarid qilmoqchi ekanini tushuntirib, murosaga keltiribdi... Bu-ku, olis o‘tmish hikoyati. Lekin hozir ham – dunyo “global qishloq”qa aylanib, millatlar bir-biriga jonsarak talpinayotgan davrda tilmochga eh­tiyoj oshgandan-oshyapti. Bir dirham ustida g‘i­jillashib qolgan to‘rtovlon rivoyatini bejiz eslamadim. “Qo‘lning kiri” deb har qancha katta ketmaylik, ming taassufki, kunimiz shu zormandasiz o‘tmaydi. Ayniqsa, qalam ahli ko‘nglidagi pokiza tuyg‘ularni begard saqlashi, kuchini o‘tin yorishga sarflamasligi uchun ham aqcha zarur. Bir paytlar tarjimashunos olim G‘aybulla Salomov mutarjimlarni moddiy rag‘batlantirish zarur, deb xo‘b kuyungandi. Hozir-chi, bu borada ahvol qanday? Nashriyot va tahririyatlarda tarjima uchun belgilangan qalam haqi, moddiy rag‘batdan ko‘nglingiz to‘ladimi?

– Tarjimadan o‘zim uchun estetik, g‘oyaviy manfaatlarni birinchi o‘ringa qo‘ydim. Tarjima adabiyotimizning otalari bo‘lgan Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroyi, Alisher Navoiy tarjimani xalqning ma’naviy bahradorligi deb tushungan va bu ulug‘ g‘oyani adabiy-ijtimoiy printsip darajasiga ko‘targan edilar. Tarjimada – bahradorlik, bahradorlikda – tarjimonlik. Bu olijanob printsipdan ortiq moddiy rag‘bat, manfaatdorlik yo‘q.

– Irland yozuvchisi Jeyms Joysning “Uliss”i XX asr romanchiligining noyob namunasi deb ba­holanadi. Dunyo intellektuallariga qudratli ta’sir ko‘rsatgan roman tarjimasi ham har bir milliy adabiyot uchun HODISA desa degudek. Ma­shaqqatli mehnat va daqiq izlanishlarin­g­iz mahsuli o‘laroq, o‘zbek kitobxoncevarlari “Uliss”ga mahram tutindi. Balki sabrsizlik qi­la­yot­gandirman, lekin “Uliss” kabi salmoqli roman tarjimasidan keyin fikr ahli o‘rtasida jonli tortishuvlar, tig‘iz muhokamalar avj olishi kerak edi. Qarangki, bunday bo‘lmadi. Joy­s­ni, mayli, “xos”lar yozuvchisi, deb turaylik. Lekin necha zamonki, Dostoevskiy, Markes, Mopassan, Aytmatovdan tarjimalaringiz ham dovyurak tadqiqotchilarga ilhaq-da... Umuman, oxirgi yillar tarjimashunoslik xiyla zaiflashgani taassuf bilan qayd etilyapti. Jezga har qancha yaltir-yultur chaplagan bilan tillaga aylanib qolmaydi. Qolaversa, “oynasi bor kishining bari Iskandar” bo‘lmaydi. Jezni tilladan, chin Iskandarni qallobidan ajratib beradigan tarjima tanqidini kuchaytirish qanchalik muhim, deb hisoblaysiz?

– Albatta, tarjima ijodi bilan birgalikda, yelkama-elka tarjima tanqidi ham rivojlanib borishi lozim. Bular birini biridan ajratib bo‘lmaydigan sohalar. Tarjima tanqidi tarjimashunoslikning tar­kibiy qismidir. Har ikki soha adabiy tanqid, adabiyotshunoslik hamda tilshunoslik bilan yondosh, baqamti ish ko‘radi va ijodiy yo‘nalishlarni belgilaydi, shakl­lantiradi, jarayondagi xarakterli xususiyatlarni ochib, yoritib boradi. Tarjimachilikka adabiy tanqid bilan birga tarjima tanqidi o‘z mezoniy talablari orqali, jarayonni jahon tarjima san’atida ro‘y berayotgan ijodiy-ilmiy hodisalar bilan chambarchas bog‘lagan holda kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biz tarjima, tarjimashunoslik, tarjima tanqidi yo‘nalishida jahonda, G‘arb va Sharq mamlakatlarida qilinayotgan ulkan miqyosdagi ishlar, o‘zgarishlar, izlanishlar, yangilanishlarni jon-dildan kuzatib borish, qo‘ldan kelgancha ularga hissamizni qo‘shishni istardik. O‘zbekistonda tarjima va tarjimashunoslik jahon maktablariga uzviy bog‘lanib borishini orzu qilamiz. Katta milliy adabiyotimizning ko‘lami, tarjima maktablarimizning ko‘hna tarixi va ularda shakllangan printsiplar (sharhlar, tafsirlar, ma’nolar tarjimalari, vositachi til orqali tarji­ma namunalari, ijodiy musobaqalar, shariat, ilo­hiyotshunoslikka doir asarlar tarjimasi) shuni ta­qozo etadi. Ammo bular hali orzu, xolos. Xorijiy tillar va ayniqsa, ingliz tilini chuqur o‘rganish davlat miqyosida keng yo‘lga qo‘yilayotgani, bunga katta e’tibor qaratilayotgani kelajakning umidbaxsh ufqlari ochilayotganini ko‘rsatadi.

Yoshlardan umid katta. Ular ingliz, rus, frantsuz, nemis, ispan, italyan, arab, hind, fors, xitoy, yapon, turk tillarini chuqur bilish zaminida o‘z izlanishlari doirasiga G‘arb va Sharq tarjimashunosligi, lingvis­tikasi manbalarini ham keng jalb qilsalar, ularni amaliyotda tahlil va talqin etsalar, tadqiqotlarning kontseptual-analitik jabhasini kuchaytirib bersalar, o‘n-o‘n besh yil ichida bu soha jahon tarjimashunosligining uzviy jonli qismi kabi yashay boshlaydi. Hozirgacha bajarilgan ilmiy ishlar, tadqiqotlar rus tilida keyingi yarim asrda nashr etilgan ilmiy manbalarga suyanish, ularni xo‘jako‘rsinga qayd etish bilan cheklanib qolmoqda, jahon manbalariga murojaat etishga ojizlik qilmoqda. Bugungi tarjima tanqididagi ojizliklar, hafsalasizlik, sayozlik, siy­qaliklarning asosiy sababi nazariyadagi shu kabi umum nochorlik bilan bog‘liq. Til o‘rganishning o‘sishi ilmiy-tadqiqotchilik harakatining kuchayishi, yuksak saviyaga qo‘yilishi bilan birga uyg‘un borishi zarur. Sohalarga esa faqat shu ijodiy, ilmiy ishlarga ayon layoqatli kishilargina jalb etilishi kerak.

– Frantsuzlarda millatparvarlik kuchli. Ay­­niqsa, o‘z tilini himoya qilishda Ovro‘padagi biror millat ularga bas kelolmaydi. Ingliz tilida biror istiloh paydo bo‘lsa, faranglar hayallamay uning “egizagi”ni o‘ylab topishadi. Hatto kurrai arzning turli davlatlarida bemalol-bedallol istifoda etilayotgan somputer, software, email, blog, supermodel kabi baynalmilal so‘zlarning ham frantsuzcha muqobili bor. Fransua Rable tilining rasmiy qo‘riqchisi – Frantsuz akademiyasi 1635 yildan beri tilbuzarlarga qarshi “qilich va qalqon bilan” kurashib kelyapti. Akademiyaning ayrim bayonotlariga laqqa tushgan odam, “mustabid” ingliz tilining dastidan “baxti qaro” frantsuz tiliga kun yo‘q ekan-da, deb o‘ylaydi. Aslida-ku, farang zaboni juda o‘lar holatda emas – dunyo tillaridan biri maqomida sobit turibdi. Lekin jarohatni gazak olmasidan davolashga o‘rgangan faranglar tilini ham harislik bilan ihotalaydi. Ona tilini ko‘z qorachig‘idek asrash borasida ulardan ancha-muncha ibrat olsak, zarar qilmasa kerak. Uzoq yillar “ma’rifat chopari” (Pushkin ta’biri) rutbasida jonbozlik ko‘rsatgan, So‘z xizmatida sochi oqargan mutarjim sifatida ayting-chi, bugun ona tilimizni avaylay olyapmizmi?

– Dunyo tillarning rang-barangligi, irqlarning rang-barangligi bilan ham jozibali. Agar Xudo odamlarning manfaatlari uchun olamning rang-barang bo‘lishini istamaganida edi, hammani bir xil, bir tusda, bir tilda so‘ylashadigan qilib yaratish uning izmu ixtiyorida edi. Ammo bir xil qilmadi. Nega? Odamlar bir-birlariga jozibali ko‘rinsinlar, bir-birlariga intilsinlar dedi. Tortish kuchi – dunyo ohan­rabosining markaziga rang-baranglikni qo‘ydi.

Tilni e’zozlamagan, unga e’tiborsiz, bormi-yo‘q­mi, farqiga bormaydigan kimsalarda qandaydir noqislik, ojizlik, siniqlik ko‘zga tashlanib turadi. Til odamni go‘zal qiladi, jamoaviylik tuyg‘usini uyg‘otadi va kuchaytiradi. Tillar rang-barang bo‘l­masa, millatlar rang-barang bo‘lmasdi. Arab, rus, ingliz tilining yonboshida qadim o‘zbek tilining borligi naqadar go‘zal, naqadar ma’nodor! U Qur’onni bayon qilib, Qur’on tiliga, Injilni bayon etib, Injil tiliga, “Odisseya”ni bayon etib, “Odisseya” tiliga, “Uliss”ni bayon etib, “Uliss” tiliga aylandi. Naqadar go‘zal bu rang-baranglik! Shuning qudratini sezmaysizmi tarjimalarda! Ipakday chiyratma, o‘n ming daraja haroratda ham kulga aylanmaydigan jumlalarda! Ular xuddi Koinotning qora o‘pqonidan yog‘ilayotgan shu’lalardan bitilganday! Kechagina bir kitob o‘qi­dim, Buxoro lahjasida bosilibdi. Yana bir kitob ko‘rdim, Xorazm shevasida yozilgan. Baraka topkur, qa­ni qudratli o‘zbek adabiy tili?! Nega siz uni inkor etmoqchi bo‘lasiz? Lahja darajasiga tushasiz? Navoiy qoshida uyalmaysizmi? Qodiriy oldida yuzingiz qi­zarmaydimi? Kuningiz ommaviy madaniyatning “Uyalmasang, har ishni qilaver” qoidasiga qoldimi? Endi onadan aziz, otadan ulug‘ tilimizning yuziga tuproq sochasizmi? O‘nglaning! Uyaling! Asralmaganni asramas!

– Ibrohim aka, boya tarjimon mehnatini zar­­­gar mashaqqatiga o‘xshatdingiz. Odatda, zar­­­­gar ahli injiqlik bilan xalfa tanlaydi. Ar­doqli sirini uchragan odamga dasturxon qil­gi­­si kelmaydi-da. Negadir tarjimada shogird tayyorlamadingiz. Nahot, so‘zgarlik hu­na­­­rin­giz­ni o‘rganishga munosib, ko‘ksida laxcha cho‘­g‘i bor qorako‘z topilmagan bo‘lsa? Gustoxlikka yo‘y­man­gu, Sizdek ustozlarning shogird ho­zir­la­ma­yotgani ham maktab ko‘rmaganlarning tegirmoniga suv quymayaptimi?..

– So‘fiyga murid qanday maqom va holda bo‘lsa, adabiy ustozga shogird ham shunday maqom va shunday holatda. Imonim komilki, ustozu shogird bir tan-bir jon bo‘lib ketgandagina, ikki o‘rtada batamom uyg‘unlik tug‘ilgandagina mavjud. Aks holda, bu o‘qitganu o‘qigan, muallimu tolib munosabatlaridir. So‘fiylar ustoz – shogird muomala-munosabatlarining eng yuksak ax­loqiy darajasiga qat’iyan rioya qilganlar. Shogird o‘sib, ustozdan o‘zib keta boshlasa, so‘fiy darhol uni boshqa, o‘zidan kuchliroq ustoz so‘fiyga havola qilib jo‘natgan. Mansur Halloj, Xoja Ahror Valiy kabi ulug‘ so‘fiy donishmandlar tarjimai holida buning ulug‘ ibratli misollari bor. So‘fiylardan o‘rganadigan axloq mo‘‘jizalari ko‘p. Ammo ularning ustoz – shogirdlik (pir – muridlik) an’analari biz uchun benihoya qimmatli. Shogird desa, har jihatdan arziydigan mumtoz zotlar bor, Xudoga behisob shukur! Ammo ularga ustoz kerakmikin? Hamma gap shunda!

Men esa ustozlarimga yukinib, ular haqida hol-behol nafis majlislar tuzib, kamtarin so‘zlarimni hamisha ular poyiga sochib, boshimni mo‘‘jiza daftarlaridan ko‘tarmay tarjima yo‘sinida izlanib, shogirdlik burchlarimni Alloh imkon bergancha ado etib kelyapman. Xudo hamma narsani biluvchi, ko‘ruvchi, eshituvchi, oxirgi so‘z – Unikidir.

Suhbatdosh: Sobirjon Yoqubov

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 6-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.