background
logotype

Jabbor Eshonqul: “Folklor – millatning boqiy tarixi” (2014)

– Millat va jahon folklori namunalari bilan tanishish jarayonida o‘quvchida g‘alati hissiyotlar kechadi. Bamisoli hayotning eng mu­­­him haqiqatlari, muammolari ming yillar il­gari paydo bo‘lgan rivoyatlar, afsonalar, dos­­­­tonlarga jo bo‘lgandek tuyuladi. Suhbat avvalida folklorning o‘ziga xosligi, uning adabiyotga ta’siri haqida so‘zlab bersangiz.

– Folklor barcha san’atning boshlanishi, sarchashmasi, shu sababli ham boshqa ko‘pgina san’atlar bilan uyg‘unlikka ega, shuning bilan birga hech biriga o‘xshamagan o‘ziga xosligi bilan ajralib turuvchi alohida san’at turidir. Bu soha o‘z ichiga musiqa, raqs, hunarmandchilik, tasviriy, badiiy va boshqa san’atlar bilan bog‘liq tasavvurlarni qamrab oladi. Boshqacha aytsak, og‘zaki ijod xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida ifoda etuvchi, uning taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ijodiy jarayondir. Shuning uchun ham allomalarimiz uni el adabiyoti deb atagan. Biror bir xalqning qanday xalq ekanligini bilish uchun dastavval uning folkloriga nazar solish lozim bo‘ladi.

Xalq ijodi bu chinakam ma’nodagi doimiy o‘z­garish, doimiy harakatdagi san’atdir. Ya’ni, xalq ijodi namunalari har galgi ijroda an’analarning davomiyligini saqlagan holda muttasil yangilanib, o‘zgarib, mukammallashib boraveradi. Shuning uchun ham xalq ijodi namunalari ko‘plab variantlilikka ega. Ana shu variantlilik xalq og‘zaki ijodining o‘ziga xosligini ta’minlab beruvchi eng muhim jihatlardan biridir.

Xalq og‘zaki ijodi namunasi bor-yo‘g‘i og‘zaki ijro etilgani uchungina emas, balki og‘zaki o‘z­lashtirilib, og‘zaki ijro etilib, og‘zaki tarzda meros qoldirilishi, boshqacha aytganda, har galgi ijro jarayonida qayta yaralishi bilan farqlanib turadi. Folklorshunos olimlar ta’kidlaganidek folklorda qo‘shiq yo‘q, balki qo‘shiqning ijro ho­lati, ijro jarayoni mavjud. Bu fikrni xalq ijodining boshqa janrlariga ham tadbiq etish mumkin.

G‘urur bilan aytishimiz mumkinki, bizda dunyo folklori namunalari bilan bemalol bellasha oladigan doston, ertak, maqol-matal, qo‘shiq, afsona va rivoyatlarimiz bor. Bugungi kungacha yozib olingan dos­tonlar sonining o‘zi 400 tadan oshib ketadi. Boshqa janr namunalari variantlari esa ko‘plab jildlarni tashkil etadi. Bu rostakamiga chinakam ulkan xazinadir. Bunday bebaho meros hamma xalqqa ham nasib etgan emas. Shunday ulkan og‘zaki merosga ega xalqning yozma adabiyoti qanday bo‘lishini tasavvur qilavering.

Har qanday san’atning boshi folklorda degan gap bugun paydo bo‘lgan emas. U uzoq yillik hayotiy kuzatish, ilmiy tajribaning hosilasi. Haqiqatdan ham tasviriy, hunarmandchilik, musiqa, raqs, badiiy va hokazo san’atlarning avvali-boshi, yuzaga kelishi bevosita xalq og‘zaki ijodiga, xalqning ilk tasavvur va ishonchlariga borib taqaladi.

Folklorning yozma adabiyotga ta’siri masala­lari Alisher Navoiy zamonida qanday dolzarb aha­miyatga ega bo‘lsa, bugun ham xuddi shunday. Alisher Navoiyning barcha asarlarida biz folklorga ijodiy yondoshuvni, milliylikka suyanib, umumbashariy qadriyatlar ulug‘langanini kuzatamiz. Bu an’ana Navoiy, Bobur zamonidan so‘ng Abdulla Qodiriydan to bugungi kunda ijod etayotgan adiblarimizgacha, Cho‘l­pondan to zamonamiz shoirlarining izlanishlarida ham u yoki bu darajada davom etayapti. Faqat bizda emas, dunyo adabiyotida ham shu hol kuzatilmoqda. Aytish mumkinki, so‘nggi yuz yillikda adabiyotda folk­lorga qayta yuzlanish davri boshlandi. Joys, Borxes, Markes, Kafka, Kavabata kabi adiblar ijodi buning misolidir. XXI asrda dunyo miflariga qaytadan murojaat, yangicha talqin qilish davri, neomifologizm davri boshlandi.

Folklor har bir ijodkorga o‘z yo‘li, uslubi, o‘z­ligini, o‘q tomir ildizini topishga yordam beradi.

Lotin Amerikalik ulug‘ adiblardan biri Xorxe Luis Borxes: «Adabiyot mif bilan boshlanib, mif bilan tugaydi», – deydi. Buni boshqacharoq qilib aytadigan bo‘lsak, har qanday san’at, jumladan, badiiy so‘z san’ati ham folklor bilan boshlanib, folk­lor bilan birga taraqqiy etadi.

– Bilasizmi, men folklorning muazzam janri bo‘lmish eposni millat tarixining zerikarli raqamlardan xoli bo‘lgan, qiziqarli va zavqli tarixiga o‘xshataman. Ba’zi holatlarda epos millat adabiyoti uchun o‘q ildizlik vazifasini bajaradi. Homerning “Iliada”si, Firdavsiyning “Shohnoma”si, Sho­ta Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopin­gan pahlavon”i, hindlarning “Maxabxorat” hamda “Ramayana” eposlarini shu toifaga man­sub, deyish mumkin. Bu muazzam asarlar o‘zi mansub millatning tarixidan tortib kelajak orzularigacha qamrab olgan. Ayting-chi, davrimizning muhim mavzularidan bo‘lgan milliy qadriyatlarni asrash borasida eposga qanchalik suyanish mumkin?

– Folklor va tarix chindan ham dolzarb mavzu. Zero, epos, ya’ni og‘zaki ijod namunasi bo‘lgan dostonlar shunchaki badiiy asar emas, balki xalqning tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analari, tafakkur tarzini o‘zida mujassam etgan milliy qomus hamdir.

Birgina «Alpomish» dostonini olib qaraylik. Mazkur doston nafaqat o‘zbek, balki dunyo dostonchiligida alohida mavqega ega, tarixiy asoslari qa­dimiy, badiiy jihatdan yuksak epik ijod namunasi hisoblanadi.

Bu doston ko‘p va xo‘p o‘rganildi. Biroq hali bu dos­tonning jahon folklorshunosligidagi o‘rni, mifologik asoslari, badiiy qatlamlari takror va tak­ror o‘rganilishni talab etadi.

Dostonning boshlamasidagi ilk jumlaga e’tibor beraylik. Doston: «Burungi o‘tgan zamonda, o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot elida Dobonbiy degan o‘tdi. Dobonbiydan Alpinbiy degan o‘g‘il farzand paydo bo‘ldi. Alpinbiydan tag‘i ikki o‘g‘il paydo bo‘ldi: kattakonining otini Boybo‘ri qo‘ydi, kichkinasining otini Boysari qo‘ydi. Boybo‘ri bilan Boysari – ikkovi katta bo‘ldi. Boysari boy edi, Boybo‘ri esa shoy edi, bul ikkovi ham farzandsiz bo‘ldi». – deb boshlanadi.

«Burungi o‘tgan zamon» bu mifologik tushunchaga ko‘ra ibtidoning boshlanishi, xaosning kosmosga aylanishidir. Shuning uchun ertaklarimiz ham «Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, burun o‘tgan zamonda», deb boshlanadi. Siz aytganday, bu har qanday millatning raqamlardan xoli, sof, badiiy tarixidir. Gap bu yerda noreallik, hayotiy asosga ega bo‘lmagan badiiy to‘qima haqida ketmayapti. Balki yarmi afsona, yarmi ha­qiqat, mifologik qobiqqa o‘ralgan o‘tmish, tarix haqida hikoya qilayapti. Ertakdan farqli o‘laroq dos­tonni ijro etuvchi baxshi ham, tinglovchi ham undagi voqealar chin haqiqat ekaniga ishonadi. Qolaversa, doston ajdodlarning muqaddas xotirasi, shonli tarixi haqida. Bu shonli voqealar bir necha avlodlar tomonidan kuylanib kelingan, avlodlarga yetkazilgan va ijro etilayotgan zamonda ham davom etmoqda.

«O‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot eli» yuqoridagi o‘tmish tarixiga yanada hayotiylik bag‘ishlaydi. Bu tarix ma’lum bir urug‘, ayni bir paytda butun boshli elat o‘tmishi bilan aloqador ekanini urg‘ulamoqda.

«Dobonbiy» so‘zi dovon, yuksaklik ma’nosida keladi. Bu ism shunchaki tanlanmagan. Hayotda katta ishlarni amalga oshirgan, yuksak marralarga erishgan qahramonning ramziy timsoliy obrazidir. Dostonda bu obraz chizgilari go‘yo mukammal emasdek, doston boshlamasida eslanib, keyin unutilib ketadigan ism­dek tuyuladi. Biroq, bu obrazga keyingi jumlalar, keyingi voqealar oydinlik kiritadi. Alpinbiydek Alpning dunyoga kelishi o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Unga Dobonbiy chekkan zahmat, erishgan donishmandlik sabab bo‘lgan.

Boybo‘ri bilan Boysari ismlaridagi «Boy» old qo‘­shimchasi ularning shajarasi kimlardan ekanini ko‘rsatib turibdi. Biroq e’tibor qilsak, Dobonbiy, Alpinbiy sanalib, keyin ikki juft ism sanalayapti. Bu bejizgami?

Folklorda egizaklar tushunchasi mavjud. Har ik­kala ism ana shu egizaklar haqidagi tushunchaning ma’lum darajadagi badiiy talqinidir. Odatda egizaklar haqidagi mifologik tasavvurda egizaklarning biri katta, ikkinchisi kichik bo‘ladi. Ona urug‘chilik bilan bog‘liq tasavvurlar ustivor qonuniyat kashf etilayotgan davrda urg‘u ko‘proq kenjaga berilib, ko‘p holatlarda bevosita ona bilan bog‘lanadi. «Kenja botir», «Uchinchi o‘g‘il» kabi ertaklar, «Alibek bilan Bolibek» dostonlari buning yorqin misolidir.

Faqat bu yerda urg‘u Boysariga emas, aksincha Boy­bo‘riga qaratilgan. Alpomishning ham Boybo‘rining farzandi ekani bejizga emas. Demak, bu dostonda ota urug‘chilik bilan bog‘liq tasavvurlar bo‘y ko‘rsata boshlaganidan dalolat beradi. Biroq dostonning boshqa, jumladan, Barchin, Qaldirg‘och, Surxayil kampir, Tovka oyim obrazlari talqini shuni ko‘rsatadiki, dostonda ona urug‘chiligi bilan bog‘liq tasavvurlar ham hali barqaror turibdi.

Alp – qahramon tug‘ilishidan oldin ota-onasining farzandsizligi aslida ramziy ma’noga ega bo‘lib, gap bu yerda saltanatni mustahkamlaydigan, parokanda elni yana birlashtiradigan yangi avlod – Alpning tug‘ilishi haqidadir.

«Alpomish» dostonida millatning bo‘linishi, pa­rokandaligi Boysarining qalmoq eliga ko‘chishi or­qali ifodalanadi. Zero, turkiy xalqlar tarixning ma’lum bir davrlarida ulkan saltanat, ho­kimiyat va cheksiz hukmronlikka ega bo‘lgan.O‘zaro bo‘­linishlar, urushlar va boshqa sabablar tufayli bu buyuk saltanatga putur yetgan. So‘ngra xalqni, millatni birlashtira ol­gan Alpomishga o‘xshash yangi avlod – Alplar tug‘ilib, turkiy xalqlarning tarix sahnasidagi oldingi yuksak mavqeyi yana qo‘lga kiritilgan. Xuddi shu voqealarning badiiy ifodasi «Alpomish»ning asl mohiyatini tashkil etadi.

E’tibor qilsak, «Alpomish»da Alpinbiydan qol­gan, ko‘lda zang bosib yotgan kamonni faqat Ha­kimbek ota oladi. Alplik kamonining ko‘lda zang bosib yotishi undan oldingi avlod o‘z vazifasini oxirigacha bajara olmaganidan dalolat beradi. Bunday vazifani yangi avlod – Alplargina oxiriga yetkazadi.

Epik ijoddagi alplik tizimiga turlicha yondoshuv mavjud. Xorijlik olimlar Lord Raglen, Karl Rayxl, Ojal O‘g‘zular o‘z tadqiqotlarida «Qahramonlik qo­lipi», o‘zbek folklorshunoslari esa «alplik tizimi» degan atamani ishlatadi. Ya’ni folklordagi qahramon shunchaki qahramon emas, balki uning jasorati, mardligi, qahramonligini bo‘rttirib turadigan jihatlar mavjud. Bu jihatlar dostonlarda epik qolip shaklida keladi. Ya’ni qahramonlar ma’lum bir tizimga amal qilishadi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Dostonning ilk jumlasidayoq ajdodlarimizning shonli o‘tmishi bilan bog‘liq tasavvurlar mustahkam o‘rin olgan. Demak, mazkur holat dostonning mifologik qatlami, yuzaga kelish davriga ham ma’lum darajada aniqliklar kiritadi. Boshqacha aytadigan bo‘l­sak, xalqning ko‘p ming yillik tarixi, tafakkur tarzi haqida juda boy va qimmatli ma’lumotlar beradi.

Savolning ikkinchi qismiga kelsak, biz bugun milliy qadriyatlarimizni, an’analarimizni xalq og‘zaki ijodisiz tasavvur eta olmaymiz. Folklor milliy an’analarimizning o‘zagini tashkil etadi. Bu an’ana va qadriyatlar birinchi navbatda og‘zaki ijodda kuylanib, ulug‘lanib kelingan. Faktlarga murojaat qilaylik: hech bir eposda xalqimizning maishiy hayoti, milliy qadriyat va urf-odatlari «Alpomish» dostonichalik keng ko‘lamda o‘zining badiiy ifodasini topmagan. Farzandning tu­g‘i­lishidan oldin ovga chiqmoq, suyunchi olmoq, farzandning tug‘ilishi, farzandga ism qo‘ymoq, etagiga solmoq, beshik to‘y, to‘y maslahati, jarchi qo‘ymoq, chufurron to‘y, to‘yona bermoq, atashtirib beshikkerti qilmoq, ikkinchi ism qo‘ymoq, atashtirib ro‘mol o‘ramoq, qalliqqa bormoq, sovchi qo‘ymoq, shartlashish (kurash , ko‘pkari, poyga) kuyov navkar, to‘qqiz tovoq, kuyov tovoq, o‘tni aylanmoq, qiz yashirdi, vakil ota, vakilini bermoq, chimildiq tutmoq, it irillar, oyna ko‘rsatar, soch siypatar, qo‘l ushlatar, kuyov uloq, yuz ochdi, baqan tashlamoq, solim bermoq, o‘lan aytmoq, yor-yor, kelin salom kabi turli xil odat va marosimlarning «Alpomish» eposidan joy olishi muhim ahamiyatga ega. Bu mavzu alohida tadqiqotni talab etadi.

Shuni aytib o‘tish kerakki, eposda marosim hech qachon batafsil tasvirlanmaydi, balki uning muhim nuqtalari o‘z aksini topgan bo‘ladi. Eng e’tiborli jihati, marosim epos tizimida syujetni yuzaga keltirib, epik xarakter kasb etadi. «Alpomish» dostonidagi Hakimbekka ikkinchi ism berilishi bilan bog‘liq halqa olib tashlansa, doston mazmuniga jiddiy putur yetadi. Demak, marosim, milliy qadriyat va urf-odatlar ma’lum ma’noda epos syujet halqasining yuzaga kelishiga zamin bo‘lishi bilan birga bevosita estetik funktsiya bajarib keladi.

Jeyms Joys yarmi hazil, yarmi chin aralash mabodo Dublin shahri yer yuzidan yo‘qolib ketsa, mening «Uliss» romanimga qarab uni qayta tiklash mumkin, degan gapni aytgan. Xuddi shunday bizda qadimiy urf-odat va a’analarimizning unutilgan uzvlarini «Alpomish»ga o‘xshash epos matniga qarab tiklab olish imkoniyati mavjud.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirishimiz mumkin. Navro‘z bayrami xalqimiz hayotida nechog‘lik muhim o‘rin tutishini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyin bu bayram tamomila yangicha mazmun va mohiyat kasb etdi. Har gal uni nishonlaganimizda qadimda unut bo‘lgan qaysidir uzvi qayta tiklanib, yangicha talqin etilganiga guvoh bo‘lamiz. Ana shu uzvlarning qayta tiklanishiga xalq ijodi namunalari – doston, ertak, qo‘shiq, maqol-ma­tallar, xalq o‘yinlari asos bo‘layotganligi hech kimga sir emas.

– Xalq dostonlari bir qarashda insonning insonga muhabbatidan o‘sib chiqqandek tuyulsa-da, uning zamirida daho ijodkorning o‘z xalqiga yoki xalqning o‘z qadriyatlariga bo‘lgan sadoqati, hurmati mujassam. Zamon evrilishlari, insonlarning fikrlash tarzidagi o‘zgarishlar xalq dostonlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi?

– To‘g‘ri aytasiz, xalq dostonlari eng avvalo oila totuvligi, ishq-muhabbat, yorga sadoqat, shaxs tarbiyasi, yurtga muhabbat haqidadir. Dostonlarda ishq-muhabbat, insoniy munosabatlar, oila mavzui muhim o‘rin tutadi. «Alpomish» dostonida bir oila tarixi asosida butun bir urug‘ning, millatning tarixi hikoya qilinadi. Turli xil sabablar tufayli parchalanib ketgan millat og‘ir sinovlardan so‘ng yana qayta birlashishi, oila baxti, millatning, yurtning or-nomusi, shonu shavkati uchun kurash qahramonlik eposining bosh g‘oyasini tashkil etadi.

Ma’lumki, sho‘ro tuzumi davrida bizga Sharqda hamisha ayollarni tutqunlikda saqlab kelishgan, ular­ning oilada ham, jamiyatda ham hech qanday o‘rni bo‘lmagan va hokazo deya uqtirib kelishdi. Arxeologik topilmalar, qadimgi bitiklar, xalq dostonlari esa buning aksini urg‘ulaydi.

Yevropada etrusklar madaniyati ustida ish olib borgan olimlar qiziq bir faktga duch kelishadi. Hali G‘arbda demokratiya degan tushuncha bo‘lmagan, ayollar hech qanday huquqqa ega bo‘lmay, uyda erlarining quli bo‘lib turgan bir paytda, g‘arbliklar nazdida Yevropaga begona va yovvoyi xalq deb hisoblangan etrusklarning saroylaridagi ko‘plab qadimiy devorlarda yuksak mavqega ega bo‘lgan ayol suratlari tasvirlangan. Bu suratlarni tahlil qilgan arxeolog va tarixchilar etrusk madaniyatida ayolning o‘rni oilada ham, jamiyatda ham erkaklar bilan baravar bo‘lgan, ko‘pgina davlat ishlarini bevosita ayollar boshqargan degan xulosaga kelishgan. Garchand bahsli bo‘lsada, etrusk­larning kelib chiqishini, Yevropaga borib qolishini turkiy xalqlar tarixi bilan bog‘lashadi.

Yurtimizda topilgan arxeologik topilmalarda ham aynan ayol tasvirlangan sanamlar ko‘plab uchraydi. Xalqimizning kuy-qo‘shig‘i, maqol-matali, alqovida ayol nechog‘lik ulug‘langanini kim bilmaydi deysiz? «Alpomish» dostonining bir o‘rnida Barchin:

– Xotin bo‘lmasmikan erning vaziri, – deydi.

Bir qarashda baxshining shunchaki badi­ha­go‘y­li­gidek ko‘ringan ushbu bir misra, xalqi­mizning ta­fak­ku­ridagi evrilishlarga oydinlik kiritadi. Qa­dimgi bitiklarda ham «xotun» so‘ziga alohida urg‘u beriladi, hurmat va izzat bilan tilga olinadi:

«Otam Hoqon o‘lganda, inim Kultegin yetti yoshida Umayday onam xotun baxtiga, inim Kultegin er degan nom topdi» yoxud «Otam Eltarish hoqonni, onam El bilga xotunni Tangri o‘z martabasida tutib, yuqori ko‘­targan ekan», deyiladi Kultegin bitigida.

E’tibor qilsak, bitikda ham, dostonlarimizda ham ona (ayol) va xotun so‘zlari yonma-yon qo‘llaniladi.

Xotun so‘zi turkiy xalqlar eposida bir titul, bir unvon ma’nosida keladiki, shuning uchun u hamisha «alp», «bek», «xon», «to‘ra» kabi so‘zlar bilan baravar qo‘llaniladi. Bu esa «xotun» oddiy bir kalima emas, yuksak bir unvon, ulkan martabani ifodalashidan darak beradi.

Xalq dostonlari asrlar davomida avloddan-avlodlarga meros qolib kelayotgan san’at. Uning qat-qa­tida ibtidoiy davrlar bilan bir qatorda, ani­mistik, shomonlik, islom madaniyati va shuning bilan bir qa­torda doston ijro etilayotgan davrdagi tasavvurlar ham qorishiq holda kelishini kuzata­miz. Dostonlarimiz shu darajada serqatlamki, unda tarixning istagan bir davriga oid u yoki bu ma’­lumotlarga duch kelasiz. Siz aytganingizday zamon evrilishlari, xalqimizning tafakkur tarzidagi o‘zgarishlar bosqichma-bosqich, betakror metafora va timsollarda o‘zining badiiy ifodasini topganligini ko‘rishimiz mumkin.

– Ma’lumki, qadimiy afsona va rivoyatlar necha zamonlardan beri ijod ahli uchun tengsiz ilhom manbai bo‘lib keladi. Birgina yunon afsonalarini olaylik. Buyuk Homerning “Iliada” va “Odisseya” dostonlariga asos bo‘lgan mazkur afsonalar ayni paytda Evripid, Sofokl hamda Esxil singari olamshumul fojianavislarning benazir asarlariga mavzu bergan. Umuman olganda, dunyo adabiyoti, san’ati va falsafasi rivoji dunyo mifologiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Shunday emasmi?

– Bizga ma’lumki, san’at va mifning tili bitta – ramzlarga asoslanadi. Har ikkalasini ham ramz­larni sharhlab o‘rganish mumkin.

Momoqaldiroqni nayza deya tushunish bu miflarni yaratgan ibtidoiy ajdodlarimiz uchun tashbeh emas, shunday tushunilgan, qabul qilingan. Xalq og‘zaki ijodini tadqiq etuvchi bunday metod miflarni, ramzlarni sharhlashni inson ruhiyatini tadqiq qilish bilan birga qo‘sha oldi. Garchi ushbu metod yagona bo‘lsa-da, miflardagi ramzlarni sharhlashda har xil qarashlar dunyoga keldi.

Mif – insonning faqat o‘tmishi, ajdodlarning xayolparastligi emas, balki ularning kayfiyati va o‘zi anglab yetmagan, biroq miyada singib yotgan kechinma va taassurotlaridir. Mifga ajdodlarning jo‘n xomxayollari yoki cho‘pchaklari sifatida emas, inson ruhiyatining in’ikosi sifatida qarash zarur, shu sababli ham mif o‘tmish sadosi emas, u kecha, bugun va ertaning mujassami, inson ruhiyatining manzarasidir. Mif odam bilan birga yashaydi, odam yashar ekan u o‘zicha mif yaratadi. Biroq hamma ham o‘z miyasi yaratgan mifni “o‘qiyvermaydi”.

Amerikalik olim Erix Fromm hamma bilishi shart bo‘lgan umumiy til – ramzlar tili mif, umuman badiiyatni sharhlashda eng zarur va yagona vositalardan biridir, deya ta’kidlaydi.

Bugun ibtidoiy davr deb baho beriladigan payt­larda ajdodlarimiz bizga qaraganda yuz karra shoirroq bo‘lganlar. Minglab yillar avval ajdodlarimizning tafakkur tarzi “poetik mushohada” tarzida edi: ular hayotlari va tabiatdagi har bir narsani tasavvur qilgan tushunchalarining ramzi sifatida qabul qilardilar. U paytlar osmon, suv, ko‘kat, quyosh, oy, yorug‘lik va zulmatning joni bor deb tushunilgan; kunduz o‘rnini tun egallarkan, ezgulik va yovuzlik kurashi ketayapti deb o‘ylashgan.

Adabiyotda mifologik tasvirga ehtiyoj hech qay­si zamonda pasaymagan. Alisher Navoiy asarlari­ning asosi mifga qurilgan. Buyuk shoir mifga o‘z g‘oya­larini, inson haqidagi tadqiqot va ta’limotini singdirdi.

Mif va adabiyot mavzusi yozma ijod paydo bo‘l­gandan buyon faylasuflar, olimlar, shoirlarning eng qizg‘in munozara maydoni bo‘lib kelgan. Mifning adabiyotga ta’sirini aniqlovchi, tahlil qiluvchi turli-tuman oqimlar paydo bo‘ldi; bu oqimlarning bir qismi adabiyotni real hayotga, real tasavvurlarga yaqinlashtirish, undan mifologik tasavvurlarni surib chiqarish tarafdori bo‘lsa, bir qismi adabiyotni mifga yaqinlashtirish masalasini ko‘tardilar. Insoniyat aqli mifdan, mifologik olamdan, ajdodlarning ilk xayoliy dunyosidan qanchalik uzoqlashib va taraqqiyot zinalaridan ko‘tarilgan sayin bu mav­­zu yana ham qizg‘inroq tus oldi. Yuksak texnika ta­raqqiyoti asri bo‘lgan XX asrda ham fizika va ximiyaning yutuqlariga qaramay mifologiya yana adabiyotning asosiy mavzusiga aylandi. Dunyo adabiyotining durdonalari hisoblangan «Ulis», «Yolg‘izlikning yuz yili», «Qo‘rg‘on», «Yusuf va uning birodarlari», «Pedro Paramo», «G‘azab va Shovqin» kabi asarlar buni tasdiqlaydi. XVIII-XIX asrdagi tanqidiy, romantik realizmlarni o‘zlashtirgan, insonni o‘rganishda o‘zigacha bo‘lgan boy tajribadan unumli foydalangan XX asr adabiyoti inson dunyosi va ruhiyatini tahlil qilar ekan, ya’ni u o‘zigacha bo‘lgan adabiyotlardan ham ko‘ra inson ruhiyati va qalbiga ko‘proq yaqinlashar, uni tadqiq etar ekan, ana shu ruhiyat va qalbda ilk insonlar dunyosi kabi mifologik timsollarga duch keldi. Shundagina mifni faqat ifoda usuli, badiiylashtirish vositasi sifatida emas, balki insonni tahlil va tadqiq qiluvchi poetik til sifatida qabul qilish boshlandi. Shu sababli bugun mif va adabiyot aloqasi haqida gap ketganda, bu aloqani faqat syujetlashtirish va tasvir usuli, badiiylik vositasi sifatida emas, inson ruhiyatini aks ettiruvchi poetik til sifatidagi o‘rniga katta ahamiyat berish kerak. Zero, Tomas Mann, Frants Kafka, Joys kabi adiblar asarlarida biz ilgari ko‘nikkan parallel mifik syujetlar emas, balki ichki va tashqi olamdagi mifologik jarayon modelining yaratilishiga urg‘u berilgan.

Umuman, XX asr adabiyoti mifologiyaga yangi munosabatni shakllantirdi. Bu mifologiyani tushunish uchun mifologiyani talqin qilishda yangi nazariyani yaratgan psixoanalitiklarning inson va ijod jarayonlari haqidagi qarashlarining o‘ziyoq mifologiyani adabiyotga, san’atga yaqinlashtiradi.

Shu sababli ham bizning asrimizda adabiyotda miflar ma’lum ma’noda yangilandi va inson ru­hiyatiga kirib borilgan, uning ong qatlamlari kashf etilgan, adabiyot haqiqiy insonshunoslikka aylangan sayin tsivilizatsiya yangi bir cho‘pchak deb qaragan mifga ehtiyoj shunchalik kuchaydi.

Mif, aytish mumkinki, badiiy ijodda uslub imkoniyatlarini kengaytirdi, poetik mushohadaga erkinlik berdi, uni falsafiy ko‘lam bilan to‘ldirdi. Ma’lumki, mif olamning yaralishi, xaosning kosmosga aylanishi, tartibsizliklarga tartib berilishi, umuman, dunyo va insonning yaratilishi haqidagi tasavvurlar yig‘indisidir. Xo‘sh, bu tasavvurlarning poetik ta­savvurga, asar poetikasiga qanday aloqasi bor?! Bu shu bilan ifodalanadiki, asarda ham mifdagi dunyo kabi yozuvchi dunyosi yaraladi; ya’ni keng olam haqida asarda faqat shu yozuvchiga xos ma’lum g‘oya singdirilgan va shu g‘oya ifoda etilgan dunyo yaraladi. Ana shu kichik olam yozuvchining katta olam haqidagi mifologik mushohadasining mahsuli o‘laroq paydo bo‘ladi. Mifni shunchaki qaytarish, bayon qilish – bu hali ijod emas. G‘arbda ham ilg‘or adabiyot tug‘ilishidan ilgari miflarni shunchaki qaytarib yoki ozgina o‘zgartirishlar kiritib, mifologik ruhdagi asarlar e’lon qilgan yozuvchilar ko‘p bo‘lgan, biroq bu yuksak badiiy adabiyotning ilk bosqichi edi. Uning yuqori bosqichi yozuvchi asarida, u yaratgan dunyo modelida aks etadi. Qadimgi odamning dunyoning yaralishi, ilohiyot, atrofni o‘rab turgan kuchlarning ta’sirida tug‘ilgan tasavvuri bilan yozuvchi yaratgan dunyo tasavvuri o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlik mifologiyani poetikaga aylantirishdagi eng muhim jihatdir. Miflar insonning koinotdagi o‘rniga ma’lum ma’noda javob bergan, javob topgan. Adabiyot esa haligacha bu masalaga tugal oydinlik kiritganicha yo‘q. Bugungi adabiyot ham insonning o‘rnini va vazifasini(missiyasini) aniqlashga urinar ekan, tabiiy ravishda miflar bilan uyg‘unlashadi va mifologik tafakkur qonuniyatlariga amal qiladi.

– Har qanday afsona zamiriga (u qaysi millatga tegishli ekanligidan qat’i nazar) muhim hayotiy mazmun yashiringan bo‘ladi. Shu bois adabiy faoliyati davomida ularga murojaat etgan ijodkor kam bo‘lgani yo‘q. Chingiz Aytmatov ijodi buning yaqqol isbotidir. Adibning “Asrga tatigulik kun” romanidagi manqurt o‘g‘il afsonasi, Raymali oqin va Begimoy haqidagi rivoyat, “Oq kema”qissasidagi Shoxdor ona bug‘u rivoyati yoki “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” qissasidagi suv parilari, shamollar egasi haqidagi afsonalar o‘quvchini shu asarlarga maftun qilib qo‘yadi. Zamonaviy adabiyotimiz namunalari orasida ham shunga o‘xshash, folklor va adabiyot o‘zaro sintezlashgan asarlarni kuzatganmisiz?

– Siz aytayotgandek adabiyotdagi sintezlashuv jarayoni hech bir davrda to‘xtagan emas, hali yuqorida ta’kidlaganimdek, u bir davrda chuqur yoki yuzaki, past yoxud baland bo‘lishi mumkin xolos. Bugungi she’riyat­da ham, nasrda ham biz bu o‘zgarishlarni, ijodiy o‘z­lashtirishlarni ko‘rib turibmiz. Bu jarayon, albatta, har bir ijodkorda o‘z imkoniyati, qobiliyatiga yarasha amalga oshirilmoqda.

Nazarimda har qanday ijodkor, hatto folklor haqida tushunchaga ega emasman deb o‘ylagan taqdirida ham ongi, shuurida folkloriy an’analar yashaydi. O‘z ijodi davomida ayrimlari bilib, ayrimlari bilmay ham shu an’analarga suyanadi. Ya’ni badiiy ijod jarayonini biz folklordan ayro holda tasavvur eta olmaymiz.

Shu o‘rinda men bir narsani aytib o‘tishni istardim. Haqiqatdan ham Chingiz Aytmatovning «Oq kema», «Asrga tatigulik kun» kabi asarlarini hammamiz sevib o‘qiymiz. Ayniqsa, «Oq kema» eng yuksak maqomdagi badiiy asar bilan bemalol bellasha oladigan, dunyo adabiyotining eng nodir durdonalaridan biridir. Men har gal bu asarni o‘qiganimda, yozuvchining mahoratiga tan beraman. Qirg‘iz xalqi tarixi, tafakkuri, taqdiri bilan bog‘liq asotirlarga shu darajada chiroyli sayqal berilganki, undagi har bir jumla, har bir timsol sizning ruhiyatingizga ta’sir etmay qolmaydi. Biroq yozuvchi keyingi asarlarida o‘z xalqining emas, balki boshqa xalqlarning miflariga badiiy sayqal berishga urindi. Ammo keyingi urinishlari (bu albatta mening shaxsiy kuzatishim) oldingiday muvaffaqiyat olib kelmadi. Buning sabab­lari ko‘p, lekin eng mu­himlaridan biri shuki, ijodkor qaysi xalqning vaki­li bo‘lsa, uning ruhiyatida, shuurida, tafakkurida, bosh­qacha aytadi­gan bo‘lsak, ong osti kechinmalarida o‘sha xalqning urf-odat, an’ana, qadriyatlari, badiiy timsollari tayyor kodlar shaklida turgan bo‘ladi. Chunki u o‘sha muhitda o‘sgan, tarbiya olgan, shu tilda tili chiqqan, «g‘ayb olami» bilan ham shu tilda «gap­lasha» oladi. O‘z muhitingizdan uzoqlashsangiz, bilingki, sizni ko‘k bilan ko‘rinmas iplar bilan bog‘lab turuvchi makondan uzoqlashgan bo‘lasiz. Keyin ming urinmang, siz uni qaytib topmaysiz, boshqa begona muhit esa sizni baribir o‘zidan itarib turaveradi. Ijodkorlik o‘sha yo‘qotilgan, boy berilgan, yashiringan, boshqalar ko‘rolmagan kodlarni – milliy timsollarni topish va bugun uchun hikmatga aylantira olishda ko‘rinadi. Ijodkor qanday janrda ijod qilishidan qat’iy nazar, u qaysi zaminda, qanda ma’naviy makonda turganini, nimadan ruhiy quvvat olayotganini, tepib turgan yurak qoni qanday ajdodlarga borib tutashishini unutishga aslo haqqi yo‘q.

– Inson kelajakka intilib yashar ekan, hayot intihosi haqidagi o‘ylar uni goh oshkora, ko‘p hol­larda esa pinhona mushohadaga undaydi. Shub­­hasiz, inson uchun intihodan ko‘ra ibtido sir­liroq. Shuning uchun fan-texnika olamidagi olamshumul kashfiyotni osongina “hazm qi­lamiz”-u, afsonaviy Herakl, Yason, Axilles yoki Ali bobo va qirq qaroqchi haqidagi film­larni hayrat bilan ko‘ramiz. O‘rni kelganda, mil­liy folklor targ‘iboti haqida... O‘zbek xalq folklorida yunon yoki rim afsonalaridan qo­lish­maydigan, aksincha, ulardan bir qadar us­tun turadigan afsona, rivoyatlar bisyor. Lekin ularni jahonga olib chiqish u yoqda tursin, o‘z xalqimizga ham tuzukroq tanishtira olmayotgandekmiz...

– Bu o‘rinda men sizning fikrlaringizga qo‘­shila olmayman. Milliy folklor targ‘iboti borasida hech ham noliydigan joyimiz yo‘q, ayniqsa, o‘zbek folklorini dunyoga tanitish borasida. «Alpomish» dostonining o‘zi mustaqillikdan keyin rus, ingliz, nemis, turk, uyg‘ur tillariga tarjima qilindi, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Finlandiyada nashr etildi. An­qarada o‘ndan oshiq o‘zbek dostonlari o‘zbek va turk tillarida chop etildi, yana qirqqa yaqin doston nashr jarayonini kutmoqda. U yerda o‘zbek ertak, doston, af­­­sona va rivoyat, qo‘shiq, maqol-matallari borasidagi hamkorlikdagi izlanishlar davom etmoqda. Bu tadqiqotlar chop etilib, ilm ahlining e’tirof va havasiga sabab bo‘layapti. O‘zbek folklorshunoslari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida anjumanlarda ishtirok etib, dolzarb mavzularda ma’ruzalar o‘qib kelmoqda. Kechagina biz biror-bir xorijlik olim bilan tanishishni o‘zimizga sharaf deb bilgan bo‘lsak, bugun xorijlik mutaxassislar o‘zbek folk­lorshunoslarining ilmiy qarashlariga suyanib tad­­­­­qiqotlar olib borayapti, ularning fikri bilan hi­soblashishga majbur bo‘layapti. Folklor asarlari asosida multfilm, kinolar ishlanayapti, muntazam teleko‘rsatuvlar tashkil etilgan.

«O‘zbek folklori yodgorliklari»ning yuz jildligini chop etish borasidagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Bu ulkan merosning yaxlit holda chop etilishi, o‘ylaymanki, respublikamiz ma’naviy hayotida erishilayotgan eng ulkan yutuqlardan biri bo‘ladi. To‘g‘­ri, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Biroq bunga asta-sekinlik bilan erishiladi. Har ishning o‘z vaqti-soati bor.

– XXI asr farzandlariga “Alpomish” yoki “Go‘ro‘g‘li”ni o‘qitish metodlari haqida nimalar deya olasiz? Kezi kelganda ertak o‘qi­maydigan bolalarda dostonga qanday mu­hab­bat uyg‘otish mumkin?

– Javobni savolning keyingi qismidan boshlasak. Mening nazarimda aybni bolalardan emas, kattalarning o‘zlaridan izlash kerak. Agar kattalarning o‘zi ertaklardan uzoqlashmagan bo‘lsa, bolalarning kelajagidan xavotirlanishga o‘rin yo‘q: olmaning tagiga baribir olma tushadi. Ot aylanib yana qozig‘ini topadi. Gap faqat o‘sha qoqilgan qoziqning nechog‘lik mustahkamligida.

Kitobning qanday shaklda o‘qilishi emas, balki uni o‘qishga, o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojning mavjudligi muhim. Bir paytlar hamma narsa og‘zaki tarzda bo‘lgan. Yuqorida aytganimday, ertak ham, doston va qo‘shiqlar ham og‘zaki tarzda ijro etilgan. Og‘zaki ijod namunalarining nashr etilishi o‘z vaqtida bu san’atni tamoman so‘ndiradi deb qaralgan. Biroq kitob holida chop etish jarayoni qaysidir darajada xalq ijodining yanada ommalashishiga, yashab qolishiga ham xizmat qilmoqda.

Bugungi zamonning shiddati tez, shunga yarasha talab va imkoniyatlar ham kengaymoqda. Bugun farzandlarimiz o‘z hayotlarini zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur qila olmayotgan ekan, ularning talablarini ham inobatga olishimiz zarur bo‘ladi. Qani edi yuzlab ertaklarimiz, o‘nlab dostonlarimiz asosida ishlangan multfilm, kinolar, kompyuter va uyali telefon o‘yinlari, elektron dasturlar ishlab chiqilsa! Xalq o‘yinlaridan tortib, epos ijrosigacha barcha og‘zaki ijro jarayonining audio, video tasvirlarini istagan do‘kondan xarid qilish imkoniyati bo‘lsa! Bu bugun ehtimol bir oz xom xayolga o‘xshab tuyular, biroq albatta, shunga kelamiz. Chunki xalq bo‘lishning, buyuk bo‘lishning, globallashuvning shafqatsiz talotumida o‘z ismi va ruhi bilan yashab qolishning talabi shu. Buning uchun bizga hamisha folklor yordamga keladi, folklor qutqaradi.

«Alpomish», «Go‘ro‘g‘li» kabi xalq dostonlarini o‘qitish masalasiga kelsak, bir tomondan erishgan va erishayotgan yutuqlardan faqat quvonish mumkin, boshqa tomondan olganda biz hali ham dostonlarni cho‘pchaklar sifatida talqin qilishda, shunday saboq berishda davom etayapmiz. Usulni va uslubni yangilash kerak, folk­lordan cho‘pchak emas, fikr va hikmat izlash kerak. Chunki u azal va abad haqidagi eng buyuk hikmatdir.

– Ko‘p yillardan beri “folklor” deb atalmish beg‘ubor, zavqli, sirli olamda umrguzaronlik qilasiz. Suhbat yakunida jurnalxonlarga shu olamda erishganlaringiz haqida gapirib bersangiz.

– Bolaligimda qachondir kelib folklorchi bo‘­laman, deb orzu qilmaganman. Hayotdagi oddiy tasodif, ustozlarning e’tibori va mehri tufayli shu tomonga yuz burdim. Biroq endi o‘ylayapmanki, xalq ijodi tomon yuzlanish tasodifiy bo‘lmagan, bu taqdir bo‘lgan. Otam diniy bilimga ega bo‘lish bilan bir qatorda do‘mbirani yaxshi chertardi. Momom topishmoq, maqol-matallarni, onam esa xalq qo‘shiqlarining ko‘­pini yoddan bilardi. Men o‘sgan qishloqda bironta to‘y-hasham baxshilarning ishtirokisiz o‘tmasdi. Tandirda yopilgan nondan tortib, uydagi har bir jihoz, ularning rangi, bezagi aslida folklor bilan bog‘liq bo‘lgan. Biz mohiyatini anglamagan bo‘lsak ham folk­lor ichida yashardik, u bilan nafas olardik, dunyoni uning ko‘zi bilan ko‘rardik. Biz shunday muhitda o‘sdik. Deylik, xorijliklar yuzlab kitoblarni titkilab ang­laydigan narsalar bizga bolalikdan tanish, tushunarli, ta’bir joiz bo‘lsa qonimizga singdirilgan edi. Men buni endi-endi anglayapman.

Yutuqlarga erishish borasiga kelsak, hali qo­yil qiladigan, g‘ururlanadigan biron narsani do‘n­dir­ganimizcha yo‘q, deb o‘ylayman. Bor-yo‘g‘i, folklor deb atalgan sirli, maftunkor olam sari yuzlanib turibmiz, xolos. Men anglagan narsa shuki, biz oyoq qo‘yib turgan tuproq zarrasidan tortib, ta’bir joiz bo‘lsa nafas olayotgan havomizgacha, farzandning tu­g‘ilishidan to insonlar yoshini yashab, oshini oshab vafot etgunga qadar bo‘lgan barcha jarayonlar, marosimlar, yashash tarzimiz, ongimiz, fikrimiz, tilimiz, kuyimizu qo‘shig‘imizgacha barchasi aytilgan-aytilmagan, to‘qilgan-to‘qilmagan, yozilgan-yozilmagan folklor. Bizni folklor o‘rab turibdi, zaminimiz ham folklor, osmonimiz ham. Olam va hayotning o‘zi folklor. Faqat uni baxshilar va ijodkorlarga o‘xshab o‘qiy olishimiz kerak. Dunyoviy bilimlar, adabiyot, umuman har qanday san’at eshigiga yo‘l mana shu milliy boylikni anglashdan, o‘zingga, ruhiyatingga singdirishdan boshlanadi. Xalqimizning o‘ziday sodda, o‘ziday donishmand, ulug‘ va boqiy bu meros o‘zbek degan nomni har yerda va har doim ulug‘lab turaveradi. Chunki folklor deb atalgan meros xalqning hamisha uyg‘oq va boqiy tarixidir.

Suhbatdosh: Gulnoz Mo‘minova

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.