background
logotype

Kibriyo Qahhorova: “Men dardimni kimga aytaman?” (1989)

http://ziyouz.uz/images/adiblar/abdulla_qahhor/abdulla_qahhor08.jpg

Bugungi kunda Kibriyo Qahhorovani jurnalxonlarimizga maxsus tanishtirib o‘tirishga hojat yo‘q. Sababi, adabiyot muxlislari va keng jamoatchilik uni mohir tarjimon, klassik merosimizning zukko bilimdoni hamda mashhur yozuvchimiz Abdulla Qahhor ijodining tolmas targ‘ibotchisi sifatida yaxshi bilishadi.

Ayniqsa, ehtiros va jasorat bilan yozilgan «Chorak asr hamnafas» nomli kitobi ustoz xotirasiga qo‘yilgan munosib yodgorlikka aylandi. Bu jajji kitob barcha o‘zbek xonadoni to‘ridan joy oldi. K. Qahhorovaning uzoq yillik zahmatli mehnatlari tufayli bugungi kunda o‘zbek kitobxonlari N. V. Gogol, L. N. Tolstoy, M. Gorkiy kabi buyuk rus yozuvchilarining olamni zabt etgan nodir asarlarnni o‘z ona tillarida o‘qishga muyassar bo‘ldilar. «Urush va tinchlik»dek shoh asarning har bir jumlasi, har bir so‘zini o‘zbek tilida asliga monand holda tiklash qanchalik og‘ir mehnat ekanini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring! Tarjimon bu zahmatli va ayni zamonda zavq va sururga to‘la ishni beminnat ado eta oldi.

Kibriyo Qahhorova o‘zbek, tojik, fors, rus tillarini mukammal biladi va bu tillarda bunyod etilgan adabiyot durdonalaridan bahramand bo‘la oladi. Shuning uchun ham u o‘zbek tiliga fors-tojik adabiyotining nodir namunalarini («Nodir hikoyatlar» to‘plami) tarjima qilib, bu borada ham o‘z mahoratini namoyish eta oldi.

K. Qahhorova o‘zbek adabiyotini qardosh Tojikistonda targ‘ib qilishda ham faol jonbozlik qilib kelmoqda. U ustoz Abdulla Qahhorning qator hikoya va qissalarini tojik tiliga tarjima qilib, Dushanbe shahrida nashr ettirdi. «Sarob» romani ham shu kunlarda chiqish arafasida turibdi.

Adibaning izlanish doirasi keng. U hozirgi hayotimizda qizg‘in ketayotgan qaynoq jarayonlarga, dolzarb muammolarga faol munosabat bildnradi, ona tilining sofligi, har bir so‘z, iboraning o‘z o‘rnida ishlatish zarurligi haqida kuyunib gapiradi. Adabiy merosimizni nashr etishda yo‘l qo‘yilgan ayrim pala-partishliklarni bartaraf etishdan aslo erinmaydi.

Opamiz hozir 75 yoshdan oshdi. Ammo xotirjam yashashni, ijod zahmatidan xoli bo‘lishni xayoliga ham keltirmaydi. Ana shu kuyunchaklik, bedorlik, tinib-tinchimaslik opaning baxti, qismatiga aylanib ketgan desak mubolag‘a bo‘lmas.

Bugungi suhbatimizda Kibriyo opa ko‘pdan beri dilini bezovta qilib yurgan ayrim muammolar haqida gapirib berdi.

— Qayta qurish sharofati bilan biz juda ko‘p dardu hasratlarimizni ro‘y-rost aytish, uzoq yillardan beri ko‘nglimizda tugun bo‘lib yotgan dardlarimizni yechish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Hammadan ko‘ra meni tashvishga solayotgan narsa bizdan keyingi avlodning adabiy merosimizdan mahrum bo‘lib qolishi masalasi. Qaysi bir «tashabbuskor»ning taklifi bilan biz 29-yilda arab alifbosidan voz kechib, lotin alifbosini qabul qildik. Keyinchalik bu ham bo‘lmadi shekilli, «krillitsa»ga o‘tdik va shu bilan odamlarni chalasavod qilib qo‘ydik.

Hozirgi davrda, modomiki biz qayta qurish munosabati bilan o‘tmishda yo‘l qo‘ygan xatolarimizni tuzatar ekanmiz, birinchi navbatda ishni o‘zimizning qadimul ayyomdan qolgan alifbomizni, arab alifbosini tiklashdan boshlashimiz kerak.

Mening nazarimda bu ishni ibtidoiy maktabdan, boshlang‘ich sinflardan boshlash kerak. Arab, fors-tojik tillari ta’limi ham o‘rta maktabdan yo‘lga qo‘yilsa maqsadga muvofiqroq bo‘lur edi. Bu tillarni bilmasdan turib adabiyotshunos olim bo‘lish sira mumkin emas. Mana Mashrabning bir mussabbaini oling:

Ey g‘unchai navxezi gulistoni malohat

Ey tozaniholi chamanoroyi nazokat

Zulfi siyahing fitnayu xolu xating ofat

Yo‘lingda tegar boshima ming sangi malomat.

Agar biz bu satrlarni tojik tiliga o‘girmoqchi bo‘lsak quyidagicha bo‘ladi:

Ey g‘unchai navxezi gulistoni malohat

Ey tozaniholi chamanoroyi nazokat.

Zulfi siyahat fitnayu xolu xatat ofat

Dar rohi tu rezad ba saram sangi malomat.

Mana ko‘rib turibsizki, oxirgi satrni istisno qilganda hammasi tojikchada ham aynan. Shuning uchun ham biz adabiy merosimizni chuqur o‘rganaman desak, fors-tojik tilini yaxshi bilishimiz zarur.

Ustoz Abdulla Qahhor 60-yillarda radio va televidenie xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda til masalasida to‘xtalib shunday degan edilar: «Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladiyu, butun bir tilni buzayotgan kishilarga hech kim hech narsa demaydi».

Bugungi kunda biz matbuot tilini ko‘zdan kechirsak, tepa sochimiz tikka bo‘ladi. Qaysi bir no‘noq jurnalistning aybi bilan tilimizga «noqoratuproq» degan so‘z kirib ketgan edi, endilikda qaerda do‘ppi tor kelsa «no»ni ishlatamiz-qo‘yamiz. Qaysi bir dehqon «bizning yerlar noqoratuproq» deb gapiradi. Men aminmanki, hammasi «bizning yerlar bo‘z yer» deydi.

«Sun’iy» degan so‘z turgan joyda «notabiiy» deymiz. «G‘ayriqonuniy»ning o‘rniga «noqonuniy» deb ishlatamiz. «Odobsiz», «uyatsiz», «manmanlikka berilgan» degan so‘zlardan «nokamtarin»ni afzal ko‘ramiz. «Kerak emas» o‘rniga «nokerak» deymiz. Bu ibora ba’zi bir jurnalistlarimizga shu darajada yoqib qoliptiki, rasmiy O‘zTAG axborotida: «falon milliard so‘mlik noozuqa-ovqat xalq iste’moli mollari...» deb yozdi.

— Bunday sun’iy so‘z yasalishiga xohlagancha misol keltirsa bo‘ladi: nozarur, noreal, nomuhim, nosoz, noishlab chiqarish, noodil, noteng... Siz juda to‘g‘ri ilg‘adingiz: oddiy xalqning gapida bunday so‘zlar ishlatilmaydi. Yosh shoirlarimizdan biri tarjimada «noodamiy qurol» degan birikmani qo‘lladi. Sun’iy, soxta, yasama so‘z. Shundoqqina tishga tegib turibdi. Shu ketishda bo‘lsa, tilimizdagi ma’no tovlanishlariga, ayniqsa, shakldosh, ma’nodosh hamda zid so‘zlarga jiddiy putur yetadi. Masalan, sog‘lom so‘zini oling. Unga qarama-qarshi ma’noda bemor, kasal, xasta kabi so‘zlar ishlatiladi. Hozir esa nosog‘lomlik deb ko‘p gapiriladigan bo‘ldi. Bunday yasama so‘zlar hadeb takrorlanaverib, odatga aylansa, muomalaga kirib ketsa, tilimizning ma’no tovlanishlari va so‘z boyligiga faqat ziyon yetkazadi. Yaxshi so‘zining ziddi yomon. Endi noyaxshi yoki noyomon deb aytib ko‘ring-chi! Nihoyatda bema’nilik bo‘ladi.

— O‘zbek tiliga davlat maqomi berilsin deb jon kuydiramiz-u, tilimizning qonun qoidasini buzayotgan odamlarga lom-mim demaymiz.

«Ichkilikbozlik» degan atamani ishlatyapmiz, bu ham mantiqsiz. «Qartaboz», «qimorboz», «kaftarboz» degan so‘zlar bor, ammo «ichkilikbozlik» degan so‘z yo‘q. «Boz» so‘zi «bozingar», ya’ni o‘ynovchi degan so‘zdan kelib chiqqan. Qarta o‘ynash mumkin, qimor o‘ynash mumkin, lekin ichkilik o‘ynab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham «ichkilikbozlik» mutlaqo noto‘g‘ri, bu so‘z quyma emas, yasama. Nashavandlarni «giyohvand» deb yozadigan bo‘ldik. Giyoh bu o‘simlik. Menimcha «nashavand» deyish kerak. Agar ko‘knordan tayyorlangan bo‘lsa, unda «ko‘knoriy» bo‘ladi.

Butun klassik adabiyotimizda ichkilikka ruju qo‘ygan odamlarni «mayzada», «mayparast» deyilgan. Biz ham shu so‘zni ishlatsak nima bo‘larkin?

Yaqinda gazetalarimizdan biri «Siam egizaklari»ni «basharadoshlar» deb yozipti. O‘zimizning o‘zbek tilida «egizaklar», «Fotima-Zuhra», «Hasan-Husan» degan so‘zlar bor-ku!

Tojik xalqi bilan o‘zbek xalqi yon qo‘shni bo‘lgani uchun ham juda ko‘p so‘zlar mushtarak bo‘lib qolgan. Masalan, «kapkir», aslida kafkgir, ya’ni ko‘pik olinadigan, «otashkurak» — bu so‘zning kurakka sira aloqasi yo‘q, «otashgirak» ya’ni o‘t olinadigan, «dazmol» asli «darzmol» darz — chok, chokni bosadigan, «chuchvara» ya’ni «to‘shbarra», barraning to‘shidan qilingan taom. Toshkentliklarning «maxorasi»ni oling. Bu ham asli tojikcha «nahoriy» so‘zidan olingan, ya’ni nahorda tanovul qilinadigan taom. Bular faqat kundalik hayotimizda uchraydigan so‘zlar. Klassik adabiyotimizning tilini yuqorida ko‘rsatgan edik. Bugungi kunda endi «hamshahar», «hamqishloq», «hammaktab» ishlatsak, tilimizning boyligiga futur yetkazar ekanmi? Tasavvur qiling, hozirgi kunda yuqorida qayd etilgan so‘zlarni tilimizdan chiqarib tashlasak, uning o‘rniga nimani ishlatamiz? Til, umuman, xalq tili hisobidan boyiydi.

«Tamojniy» degan so‘z ham «tamg‘achi» so‘zidan kelib chiqqan. Yoki admiral degan so‘zni oling. Bu ham arabcha. Aslida «amirul bahr», ya’ni dengizning amiri. Yoxud «Urra!»ni oling, bu ham o‘zbekcha «ur»dan kelib chiqqan.

— Ayni zamonda, tojik tiliga ham juda ko‘p o‘zbekcha so‘zlar o‘zlashib ketgan va unumli ishlatiladi. Masalan, av (ov), qosh, arslon, aqcha (tilla pul), aqtochi, baytal, ilg‘or, injiq, inju, ko‘kaldosh, lochin, otun (otin), og‘o (og‘a), oqsa(q)ol (oqsoqol), to‘g‘ri, o‘lka va hokazo. Hatto ayrim o‘zbekcha so‘zlarga fors-tojik tiliga xos qo‘shimchalar qo‘shilib, yangi ma’no kasb etgan holatlar ham ko‘zga tashlanadi: bayraq (bayroq) so‘ziga qo‘shimcha qo‘shish orqali tojik tilida bayraqbar, bayraqdor, bayraqkash, bayraqnamoy kabi so‘zlar yasalgan. Uloq so‘zi tojik tilida ham o‘zbekchadagi kabi barcha ma’no tovlanishlari bilan ishlatiladi: ot-ulov, payvand qilish, o‘yin turi (ko‘pkari), echkining bolasi singari manolarda... Buni tabiiy hol deb qarash kerak. Mashhur olim Ye. E. Bertels aytganidek, o‘zbek va tojik xalqlari kam deganda ikki ming yildan ortiq vaqtdan beri yonma-yon yashab, yaxshi qo‘ni-qo‘shkichilik, quda-andachilik qilib kelmoqda. Bu ikki tilning bir-biriga samarali tasir ko‘rsatib, bir-birini boyitish hodisasini chuqur tadqiq etish kerak. Shunday qilsak, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar mustahkamlanishiga amaliy hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Hozir har ikki tilda yunoncha yoki xitoycha so‘zlar uchrasa, bunga ham ajablanmaslik kerak. Masalan, xalq orasiga juda singib ketgan piyola, pul, simiyo, usturlob, falsafa, qandil, qaqnus, qo‘tos kabi so‘zlar aslida yunon tilidan o‘zlashgan. Bu hodisa tilimizning qadimiyligi, olis asrlarda jahondagi juda ko‘p xalqlar bilan yaqin aloqada yashaganidan dalolat beradi.

Tilda ba’zan juda g‘alati hodisalar ham uchraydi. «Utyug» (dazmol) so‘zi rus tiliga o‘zbekcha o‘t-luq so‘zidan o‘tgan. Qadimgi turkiy xalqlar uni shu tarzda ishlatganlar. Tasodifni qarangki, hozir rus tilidan «utyug» juda mustahkam o‘rin egalladi, o‘zbek tiliga esa forscha-tojikcha dazmol so‘zi singib ketdi. Yoki «ayva», «qayva» so‘zi turkiy tilda behini anglatadi. U shu shaklda rus tiliga o‘tdi. O‘zbek tiliga esa aksincha forscha-tojikcha «behi» so‘zi qattiq o‘zlashib qoldi.

Rus tilidagi «karandash» so‘zini hozirgi lug‘atlarda «qalam» deb tarjima qilib ishlatamiz. Holbuki, u ham o‘z so‘zimiz: «qora-tosh». Ba’zi olimlar qalam-tosh bo‘lishi mumkin deyishadi. Har ikki holda ham tildagi g‘alati hodisaga duch kelamiz. Bunday misollar tillar o‘rtasidagi jonli aloqalar hech qanday chegara, to‘siqni tan olmasligidan dalolat beradi.

— Juda ko‘p so‘zlarni ma’nosiga tushunmasdan ishlatamiz. Deyarli hamma taklifnomalarda: «Lutfan sizni taklif qilamiz» deb yozamiz. Axir, bu taklif qilinayotgan odamga nisbatan haqorat-ku! «Lutfan» degan so‘z «asli siz taklifga loyiq emassiz-u, ammo men lutf qilib sizni chaqirayapman» degan ma’noni anglatadi. «Lutfan bizning to‘yimizga tashrif buyuring» deyish kerak. Aksar yozuvchilarimiz: «Biz bir guruh yozuvchilar falon kolxozga tashrif buyurdik yoki qadam ranjida qildik» deb yozishadi. Bu ham o‘rinsiz. Kolxozchilar «falon yozuvchilar bizning kolxozga tashrif buyurdilar yoki qadam ranjida qildilar» deyishlari kerak. «Tashrif buyuring», ya’ni «kelib mening obro‘-e’tiborimni oshiring» degan ma’noni anglatadi. Qadam ranjida qilish — «oyoqlarimizga ozor berib keldik» degan gap.

Deyarli hamma shoirlarimiz «ohanrabo» so‘zini «ohangrabo» deb yozishadi va ashulachilarimiz ham buni huzur qilib aytadi. «Ohanrabo» o‘ziga tortadigan magnit, bu so‘zning «ohangrabo»ga sira aloqasi yo‘q. Asli «ohangrabo» degan so‘zning o‘zi yo‘q.

Yozuvchilarimizdan biri xotiniga yozgan xatiga «zavjangiz» deb imzo qo‘yipti. «Zavja» xotin, ya’ni sizning jufti halolingiz demakdir. Bu so‘zning muannasi (ya’ni jenskiy rodi) «zavja», muzakkari (mujskoy rodi) esa «zavj» bo‘ladi. Mana, so‘zning ma’nosiga tushunmasdan ishlatish qanaqa kulgili holatga olib keladi.

— Siz mohir tarjimon sifatida so‘z mas’uliyatini yaxshi his qilasiz, teran idrok etasiz. Birgina so‘z butun boshli jumlani o‘zgartirib, «ostin-ustun» qilib yuborishga qodir. U ma’noni yarqiratib ochib, unga yangi jilo bag‘ishlashi ham, aksincha uni ayanchli ko‘yga solib, harob holga keltirishi ham mumkin. So‘z ustida ishlash, olimlarimizdan biri nihoyatda o‘rinli aytganidek, «so‘z terish» juda mashaqqatli ish. Shu ma’noda hozirgi tarjimonlarimizning saviyasi haqida fikrlaringizni eshitish hammamizga, ayniqsa yoshlarga nihoyatda foydali bo‘ladi.

— Tarjimachilik sohasida ham muvaffaqiyatlarimiz bilan birga kamchiliklarimiz ancha-muncha. Misol tariqasida men M. Gorkiy «Asarlar»ining 10-tomida bosilgan maqolalar, ocherklar, xotiralar tarjimasidan ayrimlarini oldim. (G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, T., 1978 yil).

«G‘irt ahmoq va xotirjam, dazmolday bir kimsa...»

Bu satrlarni o‘qiganingizda ko‘z oldingizga qanaqa odam keladi? Qaysi o‘zbek shu xilda gapiradi?

Asli shunday bo‘lishi kerak: «G‘irt ahmoq, tepsa tebranmas otbashara bir kishi unga...»

«— Ichkilikboz odamlarni yoqtirmayman, ammo shunday odamlarni bilamanki, ular ichib olganida qiziq bo‘lib ketishadi, ularda hushyorligida bo‘lmagan so‘zga chechanlik, chiroyli fikrlash, oson va rang-barang so‘z topish kabi xislatlar paydo bo‘ladi» (128-bet).

Bu so‘z bo‘tqasidan kitobxon nimani tushunadi?

Asli quyidagicha bo‘lishi kerak:

«— Ichkilikka ruju qo‘ygan odamlarni xush ko‘rmayman, ammo shunday odamlar ham borki, ozgina ichib olganidan keyin qulfi dillari nihoyat daraja ochilib, shunchalik bulbuligo‘yo bo‘lib ketishadiki, yoqangni ushlab qolasan».

«Bu odam boy, yirik fabrikant bo‘lib, katta qorni, go‘shtning rangidagi semiz yuzi bor edi» (141-bet).

Qaysi o‘zbek shu tilda gapiradi?

Durusti quyidagicha bo‘lishi kerak:

«Bu odam yirik fabrikaning egasi bo‘lib, katta qorin qo‘ygan, barkashday yuzi qipqizil go‘shtga o‘xshar edi».

Quyidagi tarjimalarni ham durust deb bo‘lmaydi:

«Salkam g‘azab bilan dedi».

G‘azabning salkami bo‘lmaydi, «jahli chiqqanday bo‘lib» yoki «g‘azablanganday» bo‘lishi kerak.

«Ustuxondan sizda mo‘l, go‘shtdan bo‘lsa kam».

«Qoq suyak bo‘lib qolibsiz» yoki «faqat suyagingizgina qolibdi-ku», yoinki «cho‘p ustixon bo‘lib qolibsiz» desa bo‘lmas ekanmi?

«Ish yo‘qligidan bir necha hikoya yozdim». Bu ham noto‘g‘ri; «Bekorchilikdan bir necha hikoya yozdim» deyishi kerak.

Mana bu tarjimalarda ham so‘zlar o‘z o‘rnida ishlatilmagan:

«U aqldan forig‘ bo‘lishga intilgan holda...»

Aqldan forig‘ bo‘ldim, deb bo‘lmaydi. G‘amdan, tashvishdan forig‘ bo‘lish mumkin.

«Bu hayoti qarib nooqilona qurilgan mamlakat».

«Bu hayoti pala-partish qurilgan dunyo» bo‘lishi kerak.

«Agar biz kamida o‘n yilgina o‘ylashni mutlaqo tark eta olsak...»

Tarki dunyo qilish, tarki odat qilish mumkin, ammo o‘ylashni tark etdim, deb bo‘lmaydi. Tarki dunyo etish, ya’ni dunyodan ko‘z yumish, go‘shanishinlik ixtiyor qilish demakdir. Ba’zi bir yozuvchilarimiz va jurnalistlarimizga bu so‘z shu qadar yoqib qolganki, «uydan chiqib ketdi» deyish o‘rniga «uyni tark etdi» deb yozishadi. Axir mashoyixlar «Har suxan joeu har nuqta makone dorad», ya’ni har so‘zning o‘z o‘rni, har nuqtaning o‘z makoni bor, deganlar-ku!

Duppa durust yozuvchilarimiz minbarga chiqib: «noformal tashkilot» deb gapirishyapti. «G‘ayri rasmiy» desak bo‘lmas ekanmi?

Juda ko‘p so‘zlarning ma’nosiga tushunmasdan ishlatamiz.

Yaqinda gazetalarimizdan biri «jinoyatkor jabrlandi» deb sarlavha qo‘yipti.

Jabrlandi — birov nohaq jazo tortdi degan ma’noni anglatadi. Bu xabarda benzin o‘g‘irlayman deb omborxonaga kirgan o‘g‘ri tasodifan gugurt chaqadiyu omborxona kuyib, o‘zi ham yonadi. Buning nimasi «jabrlandi?» O‘g‘ri o‘z jazosini topdi deyish kerak.

Gazetalarimizning birida yo‘qolgan bola haqida e’lon bosilgan ekan. Ehtimol bu material rus tilida kelgandir. Unda bolaning tashqi qiyofasini tasvirlab «chertы litsa pravilnыe» deyilgan bo‘lsa kerak, «bolaning yuz chiziqlari to‘g‘ri edi» deb yozishipti. Bu qanday bedodlik deydigan odam yo‘q. Asli, «yuzi bejirimgina» bo‘lishi kerak. Xullas, aytaman desak, gap ko‘p.

— Adabiy merosimizni o‘rganish va ayniqsa nashr etish ham ko‘ngildagidek emas. Bu borada Siz bir necha jiddiy maqolalar bilan matbuotda chiqqansiz...

— Matnshunoslik sohasida ham anchagina nuqsonlarimiz bor. Agar ish shu yo‘sinda davom etsa biror 20 yildan keyin mutlaqo chalasavod bo‘lib qolamiz. Menimcha, she’riyatga havasni ibtidoiy maktabdan boshlash kerak. Eski maktabda hatto alifbo ham she’r bilan yodlanar edi. Bobo Mashrabning «Alifbo»si deyarli hamma maktab bolalariga o‘rgatilar edi:

Ey «Alif» otingga qildim sarxat topmay iqtido,

«Be» baloyi dog‘i hajring dilga jo qildim bu kun.

«Te» tilovat qilg‘ay erdim oyati ruxsorini

«Se» savobi xatmi qur’on ibtido qildim bu kun.

«Kim» jamolingni ko‘ray deb keldim, ey shohi jahon,

«He» hayotim boricha jono duo qildim bukun.

«Xe» xaloyiq ichra bir xushxo‘yu neku sandadur,

«Dol» dilni olg‘uchiga oshno qildim bukun.

«Zol» zoe’ bo‘lmasun deb har zamon mehring saning,

«Re» raboting ichra to mehru vafo qildim bukun...

Shu tarzda maktab bolalarida she’riyatga havas uyg‘otilar edi.

Zarb jadvali ham she’r bilan o‘rganilar edi. Masalan:

Babdu bajvo‘n badhu bahen bav yabi

Bazyaden bahyun baden bat jadyabi

Ya’ni, «b»— ikki, ikkini ikkiga zarb ursang to‘rt bo‘ladi. Ikkini uchga zarb qilsang olti bo‘ladi, ikkini to‘rtga zarb qilsang sakkiz bo‘ladi, ikkini beshga zarb qilsang o‘n bo‘ladi va hokazo.

Shu usulni hozir ham ibtidoiy maktablarga joriy qilsak foydadan xoli bo‘lmas edi. Hozirgi kunda biz marhum Porso domla, professor Azizxon Qayumov, professor Xolid Rasul va yana bir necha murabbiylarni istisno qilganimizda matnshunos olimlarimiz deyarli yo‘q.

Mana, matnshunoslik da’vosini qilayotgan ikki olimimizning ishlaridan ayrim misollarni o‘qib ko‘raylik:

Icharman jon-i husnidin sharob-i sof-i ro‘honiy

She’riyatdan uncha-muncha xabardor odam biladiki, bu «Icharman jomi husnidin sharobi sofi ro‘honiy» bo‘lishi kerak. Xusnning joni bo‘lmaydi, faqat jomi husn bo‘lishi mumkin. (Hofiz Xorazmiy devoni, 40-bet).

Ikkinchi misol ham shu g‘azaldan:

Qaro xat chunki xush ko‘runur hamisha zarvaraq birla.

Bu satrda ham «chunki» so‘zi ortiqcha.

Uchinchi misol:

Sarvdin qaddi base husnda ham ra’nodir.

Husnda qanaqa ra’no bo‘lishi mumkin? Husnda faqat yakto, yagona bo‘lishi mumkin.

Asli:

Sarvdin qaddi base husnda ham yaktodir bo‘lishi kerak.

To‘rtinchi misol:

Jon berurman rashkdin gar qilsa bemor o‘zgani

Qanaqa oshiq ekanki, yori o‘zgani bemor — kasal qilsa joni chiqar ekan. Faraz qilaylikki xattot tomonidan shunday xatoga yo‘l qo‘yilgandir. Lekin matnshunos odam ma’nosiga ham e’tibor berishi kerak emasmi? Asli quyidagicha:

Jon berurman rashkdin gar qilsa bedor o‘zgani.

Ya’ni, agar meni qo‘yib, boshqa birovni uyg‘otsa o‘lib qolaman, degan ma’noda.

Yana bir misol:

Ko‘ra bilsam bu maydon zebo shohsuvorimni.

Bu satrda vazn mutlaqo buzilgan. She’riyatdan bexabar odam balki tushunmasligi ham mumkin, lekin e’tibor qilib o‘qisangiz bilasizki, bitta so‘z tushib qolgan. Asli shunday bo‘lishi kerak:

Ko‘ra bilsam bu maydon ichra zebo shohsuvorimni.

Yana Xofiz Xorazmiydan bitta misol:

Yuzi chun mehri anvardir, so‘zi chun shahdu shakkardir

Ko‘zi chun turk-i kofirdurki yo‘qdur dinu islomi.

Dinning murodifi «imon» bo‘ladi. She’riyatdan yiroq odam bunga e’tibor bermasligi mumkin. Muallif aytmoqchiki, u pari-paykarning na dini bor va na imoni. Lekin islomi emas!

To‘g‘risi:

Ko‘zi chun turki kofardurki yo‘qdur dinu imoni.

Yana bir matnshunoslik da’vosini qilib yurgan olimimizning ishidan bir nechta misol keltiraman.

Bobo Mashrab:

Na qilsang man o‘shandog‘.

Nigorim ahdida turdi (58-bet)

E’tibor qiling. She’rning vazni buzuq. Bitta so‘z tushib qolgan.

Asli quyidagicha:

Na qilsang man o‘shandoqman.

Nigorim ahdida turdi.

Yana bir misol:

Sendan o‘zga kimga sargardon qilay (72-bet)

Kimga emas, kimni sargardon kilay bo‘lishi kerak.

918-g‘azalning maqtai kuyidagicha:

Chun ayozi xos bo‘ldim eshigingda Xofizo

Ushbu dam mendan talab qil navbati mahmudni.

Avvalo Mahmud ham, Ayoz ham ism, bular katta harf bilan yozilishi kerak. Keyin «navbat» emas, davlat. Shoir g‘aznaviylar shohi Sulton Mahmud bilan uning hozirjavob quli Ayozni ko‘zda tutayapti.

Men Ayoz singari sening xizmatkori xosing bo‘ldim, sen endi mendan Sulton Mahmudning davlatini talab qilaber demoqchi. Bu yerda «navbat» degan so‘zning aloqasi yo‘q.

Sulton Mahmud bilan Ayoz haqida Xusayn Koshifiyning dostoni bor.

Dehqon Somon degan fors-tojik shoirining mana bu misrasida ham ana shu ismlar keltiriladi:

Sari Mahmud shuda xoki kafi poi Ayoz

Shah nadidamki sarash poyi g‘ulom andozad.

Mazmuni:

Mahmudning boshi Ayozning oyog‘iga tegyapti, shoh g‘ulomining oyog‘ini o‘pganini ko‘rmaganman.

Olimlarimizdan biri mening maqolamga sharh — izoh yozib:

«Ayoz kichik harf bilan yozilgani durust, chunki ayoz sovuq ma’nosini anglatadi. Mahmud ham ism emas, qiyom payti saroyda chalinadigan nog‘ora», deb fatvo berdilar. Biz kabi ilmiy darajasi yo‘q odamlar bunga nima ham deymiz?

Matnshunos olim faqat arab alifbosini o‘qishinigina emas, butun sharq adabiyoti, uning tarixini bilishi ham shartdir.

Murodif — juft keladigan so‘zlar bor. Masalan, ishqu muhabbat, dardu hasrat, g‘amu g‘ussa, shodu xurram. Bular hamisha juft keladi. Matnshunosgina emas, har bir qalam ahli buni bilishi kerak.

1038-g‘azalda shunday misra bor:

Tunu kun zoru afg‘on chekar bo‘lsam g‘arib ermas.

So‘zsiz bu quyidagicha bo‘lishi kerak:

Tunu kun nolayu afg‘on chekar bo‘lsam ajab ermas.

279-betda:

Ko‘rar bo‘lsa muazzin qomatini

Unutqay bexato takbiru qomat.

Agar namoz vaqti mabodo muazzin uning qaddu qomatini ko‘rsa toatu ibodat, ya’ni takbiru toatni ham unutib yuboradi. «Qomat»ning bu yerda aloqasi yo‘q.

513-g‘azalda shunday misra bor:

Gar to‘tisifat kandu shakar tolibi bo‘lsang

Shakar labni qilg‘ilu shirin bo‘la ko‘rgil.

Men bu haqda bir vaqtlari «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasiga «Qilni qirq yorganda» sarlavhasi bilan maqola yozib: shoir shu tariqa behayo, beodob bo‘lmasa kerak. Ma’nosiga qaraganda bu satr quyidagicha:

Gar to‘tisifat qandu shakar tolibi bo‘lsang

Shakar labini so‘rg‘ilu shirin bo‘la ko‘rgil,—

bo‘lishi kerak degan edim. Nashrga tayyorlovchi olimimiz: «Yo‘q, Qahhorova nohaq. Shakar labni qilg‘ilu shirin bo‘la ko‘rgilining o‘zi durust deb raddiya yozdilar. Nima ham der edik. Tilimiz lol.

Men kitobda ketgan xatolar haqida hech narsa deganim yo‘q. Faqat matnshunoslarimizning aruz zazniga tushunmasliklari haqida fikr-mulohazalarimni aytdim, xolos.

Oxirgi bir misol:

Tabib g‘ami tirigu bemor a’molini so‘rgudek.

Mana, diqqat qilib o‘qing, aruz vazniga sira tushmaydi. Asli quyidagicha:

Tabibi g‘am kerak bemor a’molini so‘rgudek.

Mening nazarimda, hozirgi kunda yoshlarimiz orasida ma’naviy qashshoqlik hukm surmoqda. Juda ko‘p shoirlarimiz hatto o‘z she’rlarini qog‘ozsiz o‘qimaydi. Ilgari shoir bo‘lish uchun kamida ikki ming satr she’rni yoddan bilish kerak bo‘lgan. Hozirgi kunda bizda she’rxonlik umuman yo‘q. Nima bo‘lar ekan, agar Yozuvchilar uyushmasi hech bo‘lmasa oyda bir marotaba she’rxonlik — baytbarak kechalarini uyushtirsa. She’riyat ahli kelib bir kechani Navoiyga, bir kechani Boburga, bir kechani Muqimiyga bag‘ishlab, she’riyat oqshomi o‘tkazsa...

Hali yuqorida aytdim, maktablarda o‘qituvchilar hech bo‘lmaganda har kun o‘quvchilarga to‘rt misra she’r yodlab kelishni vazifa qilib qo‘ysa, nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi.

Suhbatni Ortiqboy Abdullayev olib bordi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 12-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.