background
logotype

Muharrir mas’uliyati (Ahmad Otaboyev va Vahob Rahmonov muloqoti) (2012)

Bugungi kunda badiiy tarjima adabiy jarayonning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Nashriyotlar tomonidan, jurnallar va gazetalarda izchil bosilayotgan tarjima asarlar barchaga — tarjimonlarga ham, nashriyotlar va vaqtli nashrlar muharrirlariga ham birdek mas’uliyat yuklaydi. Zotan, xom-xatala o‘girilgan asarlar, ularning nashriga yuzaki qaragan muharrirlar o‘quvchilar didining, saviyasining tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Mohir tarjimonlar ijodi namunalari esa, milliy madaniyatga munosib ulush bo‘lib qo‘shiladi. Bu ayon haqiqat xorijiy tillardan ona tilimizga va, ayni paytda, o‘zbek adabiyoti namunalarining chet tillarga tarjimasiga ham birdek taalluqlidir.

Muayyan asar tarjimasi mashaqqatli ijodiy mehnatni talab etadi. Bu ijodiy jarayonda tarjima asar o‘quvchi qo‘liga qanday saviyada yetib borishi nashr mas’ul muharririning bilimi, iste’dodi, sinchkovligiga bog‘liq. Muxbirimiz Ahmad OTABOYEVning taniqli adabiyotshunos olim ­Vahob RaHmonov bilan suhbati ayni shu — mas’ul ­muharrirlik mas’uliyati haqida.

— Vahob aka, mana, qirq yildan buyon o‘zbek mumtoz adabiyotini, jumladan, “Boburnoma”ni o‘qib-o‘rganib kelasiz. Ma’lumki, bu nodir asarni Mixail Aleksandrovich Sale asl turkiy — Haydarobod nusxasidan rus tiliga tarjima qilgan. Taniqli olima Sabohat Azimjonovaning mas’ul muharrirligida uch marta nashr etilgan. So‘zboshilarda mas’ul muharrir tarjima matnidagi nuqsonlarni birma-bir ko‘rsatgan. Mana shu tarjimaning 2008 yildagi qayta nashri Sizning mas’ul muharrirligingizda chop etildi. Bunga qanday ehtiyoj bor edi? Oddiy kitobxon Sizning tahriringizdagi “Boburnoma”ning ruscha nashrini oldingi nashri yoki asliyat bilan solishtirib o‘tirmaydi. Shu bois bu nashrlardagi farqni sezishi dargumon va unda: “Vahob Rahmonov qanday qilib ushbu nashrga mas’ul muharrir bo‘lib oldi?”, degan savol tug‘ilishi mumkin.

— “Boburnoma”ning ruscha tarjimasi, sof tarjimashunoslik nuqtai nazardan baho beradigan bo‘lsak, Mixail Salening asar uslubni tiklay olgani uchun ham juda yaxshi tarjima hisoblanadi.

Mixail Sale, darhaqiqat, kuchli tarjimon edi. U arab tilidan “Ming bir kecha”ning bir necha jildini, eski o‘zbek tilidan “Boburnoma”ni tarjima qilgan. Bobur nomidagi jamoat fondining raisi Zokirjon Mashrabovning: “Rus tilidagi “Boburnoma”ni jahon olimlari o‘qiydilar. Shuning uchun adibning 525 yillik tantanalariga “Boburnoma”ni rus tilida ham chiqarsak”, degan taklifiga binoan men salkam bir yil mobaynida asarning ruscha tarjimasini asliyat bilan qiyoslab, farqlarini baqadri hol tuzatishga harakat qildim va Sele tarjimasidagi kitobni “Sharq” nashriyotiga topshirdim. Tahririyat tahrirlarimni inobatga olib, meni mas’ul muharrirlikka taklif etdi.

— Sale tarjimasida tuzatilishi zarur bo‘lgan xatolar ko‘pmikan?

— Ochig‘i, matn asliyatidan xabardor bo‘lmagan kishi bu xatolarni payqamasligi mumkin. Tarjimon xato qilgan, deb o‘ylamaydi o‘quvchi. Tarjimani asliyat bilan sinchiklab qiyoslaganda esa yo‘l qo‘yilgan jiddiy nuqsonlar ko‘rinib qoladi. Mana, “Boburnoma”ning 1993 yilgi ruscha nashrida sutka necha minut deb ko‘rsatilganiga e’tibor qilaylik: “...v sutkax poluchaetsya chetыresta sorok minut” (288-bet).

Endi asliyatga qaraylik: “...bir kecha va kunduz ming to‘rt yuz qirq daqiqa bo‘lg‘ay” (“Boburnoma”, “Sharq” nashriyoti, 2002, 207-bet). Asliyat bilan ruscha tarjima orasidagi bir kecha-kunduz farqi ming minutni tashkil etmoqda.

Mana, yana bir misol. Asliyatda o‘qiymiz: “Adolati bu martabada ediki, Xitoy karvoni keladurgancha Andijonning sharqiy tarafidag‘i tog‘larning tubida ming o‘yluk karvonni andoq qor bostikim, ikki kishi qutuldi” (37-bet).

Endi shu parchani 1993 yilgi ruscha tarjima nashridan o‘qiylik: “Spravedlivost yego dostigala vыsokoy stepeni. Odnajdы kogda iz Kitaya shel karavan to u podoshvы gor k vostoku ot Andidjana karavan iz tыsyachi lyudey tak zasыpalo snegom, chto spaslis tolko dva cheloveka” (34-bet). Bu o‘rinda diqqatimizni “o‘yluk” so‘ziga qarataylik.

Endi 2008 yilgi mening tahririmdagi “Boburnoma” ruscha nashri matnini o‘qiylik: “Spravedlivost yego dostigala vыsokoy stepeni. Odnajdы, kogda iz Kitaya shel karavan, gnavshiy tыsyachu golov krupnogo rogatogo skota, to u podoshvы gor k vostoku ot Andidjana karavan tak zasыpalo snegom, chto iz nadsmotrщikov spaslis tolko dva cheloveka” (15-bet).

Asarning turkcha tarjimasida Rashid Rahmati Arat ham bu iborani “bing kishilik karvan”, deb o‘girgan.

“O‘y” so‘zi har qanday olimu tarjimonni ham o‘ylatib qo‘yishi tayin. Haqiqatini bilishdan avval bir o‘ylab ko‘raylik: “Ming kishilik karvon Xitoydan nega Andijonga kelmoqda? Ming kishilik karvon ham bo‘ladimi?”

Endi “o‘y” so‘zining izohiga kelganda aytish joizki, “Boburnoma”ning rus, xitoy, qozoq, uyg‘ur, arab kabi yigirmadan ortiq tildagi tarjimonlari, hatto ingliz olimi Anneta Syuzanna Boverij xonim hamda “Boburnoma”ning ilmiy tanqidiy matnini yaratgan yapon tadqiqotchisi Eyji Mano ham “o‘y”ni “odam, kishi”, deb talqin qilishgan. Bundan uch nafar mutaxassis mustasno: Garvard universiteti professori Uiler Makintosh Tekston, frantsuz Jan Bakye Lui Grammont va kamina. Biz “o‘yluk” so‘zi “qoramol” ma’nosini ifodalovchi “o‘y” so‘zi o‘zagidan yasalgan deb hisoblaymiz va bu matnda ifoda qilingan fikr mantig‘iga mos keladi.

Shu o‘rinda tag‘in bir misolga murojaat etaylik: “Har chandikim vorisi hozir yo‘q erdi, bovujudi ehtiyoj saxlab, bir-ikki yildan so‘ngra Samarqand va Xurosondin vorislarini tilab, mollarini solim topshurdi” (“Boburnoma”, “Fan”, 1960, 64-bet). Ushbu parcha 1993 yilgi ruscha tarjimada shunday berilgan: “Xotya naslednikov nalitso ne bыlo. Omar Sheyx mirza sbereg tovara ne smotrya na to, chto sam nujdalsya. God ili dva spustya on vыzval naslednikov iz Samarqanda i Xorasana i vыuchil im ix tovarы v tselosti” (34-bet). Savol tug‘iladi: Farg‘ona viloyati hokimi shu qoramollarga muhtojmidi?

— Bobur yozyapti-ku “bovujudi ehtiyoj” deb, bo‘lsa bordir-da!

— Keling, “Boburnoma”ning “Sharq” nashriyotida 2002 yili chop etilgan nashridan aynan shu gapni o‘qiylik: “Har chandikim vorisi hozir yo‘q erdi, bovujudi ehtiyot saxlab...” (37-bet). Qarang, muharrir yoki musahhihning e’tiborsizligi bois, qo‘lyozmadagi “t” o‘rniga “j” yozilib ketgani uchun Umarshayx Mirzoday hokim savdogarlar moliga zor kishi bo‘lib chiqqan. Shunga ko‘ra asarning 2008 yilgi ruscha nashri tahririda matn quyidagi holatga keltirildi: “Xotya naslednikov nalitso ne bыlo, Omarsheyx mirza sbereg tovarы. God ili dva spustya on vыzval neslednikov iz Samarqanda i Xorasana i vruchil im ix tovarы v tselosti” (15-bet). Demak, bu nashrda 1993 yilgi nashrdagi “ne smotrya na to chto sam nujdalsya”, degan yolg‘on gap yo‘q.

— Vahob aka, mulohazalaringizdan ayon bo‘lyaptiki, mumtoz adabiyotimiz namunalari tarjimasiga mas’ul muharrirlikni zimmasiga olgan kishi matnshunos ham bo‘lmog‘i kerak ekan... Tarjimon Mixail Sale garchi tarjimani “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasidan o‘girganini aytgan bo‘lsa-da, asarning 1960 yilgi nashriga ham murojaat etib, xato qilgan ekan-da. Tarjimada Siz yuqorida keltirganday jiddiy nuqsonlar ko‘pmi?

— Ha, ko‘p. Nazarimda tarjimonga asarning o‘zbekcha nashr nusxasiga qaramagani pand bergan. Bir misol. Ma’lumki, Bobur ikkinchi marta Samarqandni saharda egallab olgan. “Im v ruki opyat dostalsya gorod, i kajdыy iskal sokroviщ v kakom-nibud uglu” (102-bet). “Boburnoma”ning 1960 yilgi nashrida o‘qiymiz: “Yangi shahr ilikka tushubtur. Har kim kunjkovliqqa bir go‘shada mashg‘ul”.

Gap shundaki, eski yozuvda “kunj” va “ganj” so‘zlari shakldosh. Sale “kunj”ni “ganj” deb o‘qib yanglishgan. Bu gapni yaxshiroq tushunish uchun asar tabdiliga murojaat etamiz: “Endigina shahar qo‘lga olindi. Har kim bir go‘shada qiziqsinib so‘rab-surishtirish bilan mashg‘ul”. Forsiyda “kunjkovi” — qiziqsinib so‘rab turishni, “ganjkovi” xazina izlashni anglatadi. “Boburnoma”ning 2008 yilgi ruscha nashrida yuqoridagi gap quyidagicha tahrirda berildi: “Nam tolko chto v ruki opyat dostalsya gorod, kajdыy s lyubopыtstvom sprashival o sluchivshimsya” (56-bet).

— Salening tarjimasida ­Bobur fikrining teskari chiqqan joylar ham bormi?

— Bor. Asliyatda: “Sizga ham maslahat emaskim, qotilg‘aysiz” (“Boburnoma”, 1960, 326-bet). Ruscha 1993 yilgi tarjimada: “Vam toje sleduet s nim soedinyatsya” (259-bet). 2008 yilgi ruscha tarjimada: “Vam toje ne sleduet s nim soedinyatsya” (152-bet).

Men o‘ttiz yildan buyon o‘nlab kitoblarni tahrir qilgan bo‘lsam, mas’ul muharrirlarning uchta nuqsonini kuzatdim. Birinchisi, mas’ul muharrir nashrga tayyorlovchiga ishonib, qo‘lyozmani o‘qib chiqmaydi. Nashriyot muharriri matnni o‘qimagan mas’ul muharrirga ishonadi. Ikkinchisi, mas’ul muharrir matnni yuzaki o‘qiydi, yengil nazar tashlab o‘n-o‘n besh nuqsonini tuzatgan bo‘ladi, xolos. Uchinchisi, o‘zi mutaxassis bo‘lmagan soha adabiyotiga mas’ul muharrirlik qiladi.

— Sizning jiddiy tahriringizdan keyin “Boburnoma”ning rus tilidagi 2008 yilgi nashrini har jihatdan pishiq-puxta, desak bo‘ladimi? Mabodo, oradan o‘tgan vaqt mobaynida o‘zingiz tahrir etgan kitobdan ham kamchilik topdingizmi?

— Bo‘lmasam-chi! Siz aytayotgan ruscha “Boburnoma”ni varaqlaganimda o‘zimdan ham o‘tib ketgan, sezmagan nuqsonlarimni ko‘rib, xijolat chekkanman. Bu nuqsonlarning bir qismi muammoli — ko‘pchilik maslahati, muhokamasiga qo‘yiladigan holatda. Masalan: Xojagi Xoja — rus tilida Xodjaka xodja holida ketganki, buni o‘zbek kishi o‘qisa “Xojiaka hoji” bo‘lsa kerak, degan xato tasavvurga boradi.

Tuzatilishi shart bo‘lgan xatolardan yana birini keyinchalik sezdim. Bu jiddiy xato! Men buni o‘tgan yili Qozog‘iston va Rossiya bo‘ylab qilgan safarimiz chog‘ida sezib qoldim. ­Jezqazg‘andan yuz kilometrcha shimolda joylashgan Ulug‘ toqqa yetganimizda buyuk Sohibqironning 1391 yili bu yerdan o‘tayotib tosh bitik yozdirganlarini eslagan edik. Ko‘nglimdan: “Ie, Ulug‘tog‘ bu yerda-ku? O‘rta tepa Dahkatida nega Ulug‘tog‘ nomi bor edi ruscha tarjimada?”, degan fikr kechdi. Safardan qaytiboq, o‘zim tahrir etgan kitobga boqdim: “Dixket — selenie u podnojya gor Ura-Tepa, ono naxoditsya pod Ulug Tagom”, deb yozilgan. Ko‘ryapsizki, men “baland tog‘” tushunchasini ifodalamay, atoqli otni xato tasdiqlaganman. Agar tahrir davomida yuzlab jiddiy tuzatishlar qilgan bo‘lsam, endi takror o‘qishda o‘nga yaqin tuzatilishi zarur xatolarga duch keldim. Yuqorida shulardan ikkitasini aytdim, xolos.

— Agar ushbu nashrga so‘ngso‘z yozib, bularning hammasini qayd etganingizda, kitobxonlar ­“Boburnoma” nashrlaridagi farqlarni bilib olardi. Qolaversa, bu tarjimashunoslikdan bir amaliy saboq ham bo‘lardi...

— Bu gapingiz juda asosli. Men ikki sababga ko‘ra bunday qilmadim: birinchisi, mas’ul muharrir sifatida burchimni bajardim, xolos. Ikkinchisi, o‘sha tahrirlarni birma-bir aytsam xuddi mendan zahmatkash tarjimon Mixail Sale ruhlari aziyat chekadiganday tuyuldi. Men bu tahrirlarni ulug‘ tarjimon xizmati sharafiga bag‘ishladim. Chunki o‘sha ruscha tarjima o‘z davrida xitoy, qozoq va boshqa o‘nga yaqin tillar tarjimonlariga asliyat vazifasini o‘tagan edi...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 25-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.