background
logotype

Nizomiddin Mahmudov: “O‘zbek tili – xalq ruhining ko‘zgusi”

Bundan 27 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu voqea mustaqil O‘zbekistonimizning o‘z taraqqiyot yo‘lini boshlab olishidagi ilk qadamlaridan biri bo‘ldi. Til millatning madaniyati va ma’naviyati, qadim tarixi hamda o‘sha millatga xos bo‘lgan urf-odatlar majmuyi ifodasi. Filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov bilan o‘tgan suhbatimiz aynan bugungi kunda ona tilimizga berilayotgan e’tibor va e’tirof xususida bo‘ldi.

Til har bir inson uchun xuddi “ona” va “Vatan” so‘zlaridek muqaddas tushuncha. Buni boshqa soha vakillaridan ko‘ra tilshunoslar yaxshi anglaydilar...

— Til haqida aytilgan ta’riflar bisyor. Til eng avvalo, insonning ichki dunyosi, olamni idrok qilishi, tafakkur tarzi va kamolotini belgilaydigan vosita. Tilga ko‘pincha aloqa vositasi sifatida qarashadi. Aslida bu tilning mohiyatini to‘g‘ri anglamaslik natijasida paydo bo‘lgan noto‘g‘ri qarash. Til faqat aloqa vositasigina emas, u insonning tafakkur tarzini tayin qiladigan, dunyoni bilishi, dunyoni ko‘rishi, eshitishi vositasi hamdir.

Odam dunyoni tili bilan ko‘radi, tili bilan eshitadi va tili bilan idrok qiladi. Misol uchun yer yuzidagi itlar bir xil tovush chiqaradi, lekin uni o‘zbek “vov-vov” deb eshitadi, ingliz boshqacha, rus millati vakiliga boshqacha eshitiladi. Butun dunyo tillari orasida har bir tovushning eshitilish tarzi bir-biridan farq qiladi. Bu degani inson dunyoni tili bilan ko‘radi va tili bilan eshitadi. Inson biron narsani nomlasa, bu nomni o‘zbek yoki rus o‘z tili bilan ataydi, ular nomlash motiviga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Masalan, “sinchalak” so‘zi, chittak qushining yana bir nomlanishi. Rus tilida u “синица” deyiladi. Yana bir misol, “ariq jildirayapti” deymiz. Buni ingliz boshqacha ataydi. Eshitish tilga ko‘ra bo‘lgani uchun taqlidiy so‘zlar hamma tilda bir xil emas.

Barchasining asosiy mazmun-mohiyati tabiatdagi mavjud tovushlarga taqlid qilish natijasida yuzaga keladi. Tabiatda mavjud tovushlarni qanday eshitsak, shunday taqlidiy so‘z yuzaga keladi. Tilni mana shu tarzda tasnif qiladigan bo‘lsak, til bu faqatgina aloqa vositasi emas, ko‘rish, eshitish, hattoki anglash vositasi ekanligini bilib olamiz. Yurtimizning birinchi rahbari Islom Karimov “Tilimizdagi “andisha”, “ibo”, “hayo” degan so‘zlarni boshqa tilga tarjima qilib bo‘lmaydi,” degan edi. Tillarda boshqasiga tarjima qilib bo‘lmaydigan tushunchalar mavjud. Sababi shu tushunchalar shu millatning o‘zigagina xos bo‘lgan, o‘zidagina bor va nomi ham shu tilda mavjud. Ularni tarjima qilish kerak bo‘lsa, faqatgina tavsifiy vosita yoki iboralar hamda tasvirlash yo‘li bilan tarjima qilish mumkin.

Yer yuzida qor ko‘p yoki kam joylar bor yoki o‘t ko‘p bo‘ladigan va bo‘lmaydigan joylar mavjud. O‘zbek tilida qorning to‘rt yoki beshta nomi bordir, ammo qor ko‘p yog‘adigan mamlakatlarda uning 200-400 tagacha nomi mavjud. Birgina shotlandiyaliklar tilida 421 ta qorning ma’nosini bildiradigan so‘z borligi aniqlangan. Bu davlatda qorning ustiga chang tushadimi, yomg‘ir tushadimi, u muzlab qoladimi ularning har biri alohida nom bilan ataladi. Arab tilida qorning nomi yo‘q. Ular qorni shakarga o‘xshagani uchun shunday nomlashadi. Tilni mana shunday tarzda keng tasavvur qilish kerak.

Til faqatgina aloqa vositasi bo‘ladigan bo‘lsa, u ko‘cha qoidalaridan farq qilmay qoladi. Insonning tili barqaror bo‘lsa, qaysi tilda tafakkur qilsa, u odam o‘sha til mansub millatga daxldor hisoblanadi. Lug‘atshunos olim Vladimir Dalning otasi shotland millatidan, onasi olmon bo‘lgan. Uning shunday fikri bor: “Odamning qaysi millatga mansubligini belgilashda uning nasl-nasabi, qoni, qayerda yashagani, qarindosh-urug‘i hech qanday rol o‘ynamaydi. Buni faqat qaysi tilda tafakkur qilishi, qaysi tilda o‘ylashi belgilab beradi. Men ruscha tafakkur qilaman, demak men rusman,” deydi. Aslida rus millatiga hech qanday aloqasi yo‘q.

— Suhbatlaringizning birida: “Sovet davri” deyilmish yaqin tarixda o‘zbek tilining qonuniy huquqlari poymol etildi, u har jihatdan kamsitildi, o‘zbek tili va o‘zbek xalqining yagona vatani bo‘lmish O‘zbekistonda rasmiy ishlar o‘zbek tilida emas, balki rus tilida olib borildi. Shapaloqdek qog‘oz ham o‘sha tilda bo‘lmasa, qilcha quvvatga ega bo‘lmadi”, deya xotirlagansiz.

— Millatni millat qiladigan, uni mehvarida ushlab turadigan qudrat, bu – til. Insonning dunyoni ko‘rishi, tushunishi uning hamiyati sanaladi. Mana shu hamiyat tirik bo‘lsa, demak u o‘zini himoya qila oladi. Shuning uchun ham istibdod egalari tilni yo‘q qilishga harakat qilishgan. Xitoy faylasuflaridan biri Konfutsiy shunday deydi: “Sen menga muayyan bir xalqning qo‘shig‘i, gapiradigan so‘zi yoki boshqa jihatlarini ko‘rsatsang, senga bu xalqni qanday oson idora qilish mumkinligini aytaman”. Istilochilar kishilar bilan muloqotda, rasmiy yozishmalarda tilni yo‘qotishning uddasidan chiqishdi. Lekin badiiy tilni o‘z yo‘liga sola olmadi. Chunki Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy, Cho‘lpon, Qodiriylar bor edi. O‘sha davr adabiyotida til taraqqiy qildi, lekin eng muhimi, davlatning xalq bilan, xalqning davlat bilan bo‘lgan munosabatlarida bu o‘z izmidan chiqdi. Xalq bilan davlat o‘z tilida emas, boshqa tilda muloqot qilishga majbur bo‘lgan.

O‘zbek tilining taraqqiyoti uchun juda ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Oxirgi ulkan va tarixiy tadbirlardan biri Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil qilinishi bo‘ldi.

— Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilganligi barcha uchun katta voqelik. Albatta, ushbu univesitet til va adabiyotimizning rivojiga xizmat qiladi. Universitet hayoti haqida biroz to‘xtalsangiz.

— Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti va uning istiqboli, bugungi holatini o‘rganish hamda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishda yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida 2016-yil 13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, universitetda uchta – o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlari ochilgan. O‘zbek filologiyasi fakultetida o‘zbek tili va adabiyotini ilmiy tarafdan o‘rganadigan kadrlarni yetishtirish maqsad qilib qo‘yilgan. O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakultetida esa oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida ta’lim beradigan pedagoglarni yetishtirish asosiy vazifalardan biri sifatida tilga olingan. O‘zbek-ingliz tarjima fakultetida o‘zbek adabiyotining namunalarini o‘zbek tilidan ingliz tiliga, ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiladigan tarjimonlarni tayyorlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, mazkur universitet huzurida O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil qilindi.

– Ko‘pgina ilmiy asarlarda Hazrat Alisher Navoiy o‘z ona tilini asrab qolish uchun muntazam kurashgan buyuk tilshunos olim sifatida tilgan olinadi. Bu haqdagi fikringiz?

– Alisher Navoiyning ulug‘ maqsadi turkiy tilning ifoda imkoniyatlarini va uning badiiy xususiyatlarini dunyoga ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan. Shuning uchun ham juda ko‘plab arabcha va forscha so‘zlarni o‘ziniki qilib olgan. Va bu juda katta jasorat ekanligini ta’kidlash lozim. Navoiy o‘zbek tilining asoschisi sifatida tilga olinadi va bu albatta to‘g‘ri e’tirof. Haqiqatan ham, Navoiyning asarlarini o‘qiganingizda o‘zbek tilining ildizi qanchalik chuqur ekanligi, bu tilning imkoniyatlari qanchalik katta ekanligini anglaysiz. Uning asarlarida o‘zbek tilining sintaktik, morfologik, leksik xususiyatlari xuddi ko‘rgazmali quroldek ko‘rsatib qo‘yilgan. Tabiiyki, Navoiy davrida ham fors tilini turkiy tildan ustun qo‘yish kabi harakatlar bo‘lgan. Navoiy turkiy tilni qanchalik bilsa, forsiyni ham shu darajada bilgan. O‘sha davrlarda fors tili saroy tili hisoblangan.

Keyinchalik Alisher Navoiyning harakatlari bilan turkiy til saroy tili ekanligi haqida farmon chiqarilgan. Navoiyning muhtasham va benazir ijodi, ko‘lamli faoliyati uning buyuk mutafakkir va ulug‘ shaxs ekanligining shahodatidir.

— Ba’zi manbalarda Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari hayotiy zarurat tufayli dunyoga kelgan deyiladi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

— Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari ilmiy nasrning o‘ziga xos go‘zal bir namunasi. Ba’zilar Navoiy bu asarini turkiy tilni fors tilidan baland ko‘rsatish maqsadida yozgan deydi. Yo‘q, aslida unday emas. Navoiy hech qachon turkiy tilni forsiy tilga qarshi qo‘ygan emas. Navoiydek buyuk daho bir tilni boshqasiga qarshi qo‘yish ma’qul emasligini bilgan. Lekin turkiy tilning fors tilidan qolishmasligini, bu tilning imkoniyatlari qanchalik keng ekanligini aytishni istagan. Alisher Navoiy haqiqiy tilshunos, sinchi sifatida turkiy tilning imkoniyatlarini o‘rgangan, o‘rgatgan va namoyish qilgan. Hozirda bu butun dunyoda e’tirof qilingan va ilmiy tilshunoslikning o‘ziga xos namunasi sifatida tilga olinadi.

— Ma’lumki, hozirda bir qator xorijiy davlatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish ortmoqda. Bu esa o‘zbek tilining vatani bo‘lmish O‘zbekiston bilan xalqaro aloqalarni rivojlantiradi. O‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha xalqaro hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan?

–   O‘zbek tili qadimdan mavjud ekanligi, uning shakllanish bosqichlari necha ming yillik tarixni qamrab olishini G‘arbdir, Sharqdir yaxshi tasavvur qilishadi va buni o‘rganayotgan olimlar ancha-munchani tashkil qiladi. Hattoki o‘zbek tilini o‘rganish maqsadida bir qancha millat vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurishmoqda. Koreyalik Kim Byong Il O‘zbekistonga kelib, o‘zbek tilini o‘rganib, ilmiy tadqiqot olib borish bilan birga, 2001-yilda “O‘zbekcha-koreyscha so‘zlashuv kitobi”ni nashr qildirdi. Yoki koreyalik tadqiqotchi Inkyong O o‘zbek tilini o‘rganib, taniqli folklorshunos, professor M. Jo‘rayev rahbarligida “Alpomish” va “Jumong” qahramonlik dostonlarining qiyosiy tahlili” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib ketdi. Yaqinda Amerika, Yaponiya davlatlaridan vakillar kelib o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha malaka oshirib ketishdi. O‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish katta. Bundan 25 yoki 30 yil oldin buni tasavvur qilish qiyin edi. Bundan tashqari, dunyoning bir qancha mamlakat universitetlarida o‘zbek tili kafedralari ochilgan. 2005-yildan buyon Xitoydagi Pekin millatlar markaziy universitetida o‘zbek tili kafedrasi faoliyat yuritmoqda. 2012-yildan buyon esa Pekin xorijiy tillar universitetida o‘zbek tili o‘qitilmoqda. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. O‘zbek tili qadimiy va boy til, ulkan adabiyot sifatida o‘zini ko‘rsatmoqda.

— Ustoz, mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Nilufar Murodova suhbatlashdi

"Sog‘lom avlod uchun" jurnali, 2016-yil 9-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.