background
logotype

Paulo Koelo: “Mening asar yaratishim to‘lg‘oq tutayotgan ayolning holatiga o‘xshaydi” (2011)

Mening asar yaratishim to‘lg‘oq tutayotgan, yangi bir go‘dakni hayotga keltirayotgan ayolning holatiga o‘xshaydi. Hayotdan ilhomlanish uchun esa, avvalo uni sevishim kerak bo‘ladi.

Paulo Koelo

Braziliyada mashhur afsungar sifatida tanilgan Paulo Koelo ayni kunga kelib jahon adabiyot muxlislari katta qiziqish bilan mutolaa qilayotgan mualliflar ro‘yxatidan joy olib ulgurdi. Uning asarlari bugungi kungacha 68 tilda, 150 mamlakatda 100 milliondan ortiq nusxada sotilgan. U “Eng ko‘p asari sotilgan muallif” sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. Paulo Koelo ko‘plab xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan. Yozuvchiga 2007 yilda BMT tomonidan “Tinchlik elchisi” nomi berilgan. Adib o‘zbek kitobxonlariga “Alkimyogar”, “Portobello jodugari”, “Iblis va Pram xonim” asarlari bilan yaxshi tanish.

 Ba’zi bir adabiy tanqidchilar Koeloning roman va qissalarini tushunish qiyin bo‘lgan, mavhum fikrlardan iborat qo‘llanma ekanligini, ular adabiyot emas, shunchaki insonga ba’zi bir muammolarini yechishda yo‘l ko‘rsatadigan kitoblar katalogiga kiritilishi lozimligi to‘g‘risida gapirishmoqda. Paulo Koelo esa o‘zini hikoyachi deb hisoblaydi va kitoblari kitob javonining “Falsafa” hamda “Adabiyot” bo‘limlaridan joy olishi kerakligiga ishonadi. Adibning asarlarida grammatik hamda mantiqiy tushunmovchiliklar borligiga da’vo qilayotgan tanqidchilarga u necha asrlardan buyon sevib o‘qilayotgan taniqli “Don Kixot” asaridan ham bunday g‘alizliklar topilganini aytadi. Ammo hech kim rad eta olmaydigan dalil borki, Paulo Koelo ayni kunda jahonning sevib o‘qilayotgan o‘n nafar yozuvchilaridan biridir. Ijod qilishni boshlaganiga qisqa vaqt bo‘lgan bo‘lsa ham, uning kitoblarining o‘qilish ko‘rsatkichi butun umr ijod qilgan, ommabop adib deya tan olingan Jorji Amadonnikidan ham yuqorilab ketadi. Uning aytishicha, har qanday insonni ijodga undaydigan kuch – bu hayot ishqidir.

Yozishga bo‘lgan ehtiyojingizni nimadan deb o‘ylaysiz?

— Chunki biz o‘z muhabbatimizni aynan yozish orqali o‘rtoqlashishimizga, haydovchining ishi mashina haydash bo‘lgani kabi, mening ishim yozish ekanligiga ishonaman.

Bu sohaga kirib kelish rejasi anchadan beri bo‘lganmi yoxud adabiyotga nimadandir ta’sirlanish oqibatida kirib kelganmisiz?

— Men buni tanlaganimga ancha bo‘lgan edi. Har doim yozuvchi bo‘lish fikri bilan yurganman. Bu yo‘lda adashgan paytlarim ham bo‘ldi. Adabiyot doimo mening yo‘lchi yulduzim bo‘lgan. Kuchli xohish mening o‘z maqsadimga erishuvimga, zafar qozonishimga asos bo‘lgan.

Suhbatlarimizdan birida yozish uchun “quvvat markazi” bilan aloqaga kirishishingiz lozimligi to‘g‘risida aytgan edingiz. Bu atamani to‘liqroq izohlasangiz.

— Men Karl Jung iborasi bilan aytganda “mushtarak g‘ayrishuuriylik” yoki olam qalbi bo‘lmish alkimyodagi ifodalardan foydalanishni xush ko‘raman. “Quvvat markazi”ga erishganingizda siz jamiki savollarga javob olasiz, muammolar yechimini topasiz.

Bu to‘g‘rida Borxes ham juda ko‘p yozgan.

— Borxes buni Alef – jamiki narsa mujassam bo‘lgan makon deb tasvirlaydi. Alef tushunchasini u yahudiylar dinidagi “Ko‘hna o‘git” deb nomlangan tasavvufiy qarashlardan olgan. Qolaversa, bu alifboning ham boshidir. Bu shunday makonki, bir vaqtning o‘zida ushbu joy barcha narsani o‘zida namoyon etadi. Borxesning “Alef” nomli asaridagi qahramon sayohatga chiqadi, to‘siqlarga duch keladi va tasodifan Alefga tushib qoladi. U bir vaqtning o‘zida hamma narsani, chakalakzor va o‘rmonlarni, daryolarni va jamiki borliqni ko‘radi. Buni inson boshidan o‘tkazadigan g‘ayrishuuriy holat deb atasa ham bo‘ladi.

Bu siz yozayotganda his qiladigan holatmi?

— Shunday vaqt bo‘ladiki, ichingni tirnayotgan mulohaza yoki qarashlarni miriqib yozasan. Bu vaqtda charchagan bo‘lishingga qaramasdan, salomatlik me’yorini buzib bo‘lsa ham, yozging keladi. O‘zing to‘g‘ringda o‘ylamaysan. Ammo shu daqiqalarda o‘z ishingdan lazzatlanish hissi seni qurshaydi. Sen shuuriy xotirjamlikka erishasan. Bu o‘sha “quvvat manbai”dir. Shunday holatda vaqt juda tez o‘tadi. Hayot men uchun muhim ramziy ishoralardan iborat. Chunki biz, insonlar, shunchaki mavjudot emas, ishoralarmiz.

Asarlaringizda suvda chuqur ramziylik borligini ifodalaysiz.

— Ehtimol, bu men doimo – dam olayotganimda ham, yozayotganimda ham suv qarshisida turganim, undan ilhomlanganim boisdir. Sarhadsiz Atlantika okeanida joylashgan Kopakabana qirg‘oqlari ijodimda muhim o‘rin tutadi. Suv yaralish va hayotning bosh omili, shuning uchun uni ramziy obraz tarzida talqin qilish oson va asosli. Uni diqqat bilan kuzatsak, to‘lqinlar tufayli yuzaga kelgan ziddiyatlar bilan birgalikda, eng osuda damlarga ham guvoh bo‘lamiz. Hayotimizdagi barcha holatlar suvda ham mavjud. Men sirlilikni hurmat qilaman. Menimcha, biz o‘zimizga qorong‘u bo‘lgan sarhadni, sirli hodisalarni hurmat qilishimiz lozim.

Siz yozasiz. Bir muddat o‘tib yozilgan narsani o‘qib ko‘rib, hafsalangiz pir bo‘ladi. Ketgan vaqtingizga achinasiz. Keyin undan voz kechasiz...

— Bu har qanday yozuvchi bilan ro‘y beradigan holat. Men yozayotganimda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qilayotganimni bilmayman. Avvalo o‘zim uchun yozaman. Men o‘zimning birinchi o‘quvchimman. Ilgarilari ularni nashr qilishdan oldin boshqalarga o‘qitar edim. Endi bunday qilmayapman. Barcha mas’uliyatni o‘z bo‘ynimga oldim. Yozayotgan asarim o‘qishli emasligiga ko‘zim yetgan daqiqamda undan voz kechaman. Bunday jarayon ro‘y berganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Men yaqindagina lo‘lilar to‘g‘risida yozayotgan asarimni yozmaslikka qaror qildim.

Buni qanday qilib aniqlaysiz?

— Bu ichki bir sezgi. Samimiy bo‘lmagan ish uzoqqa cho‘zilmaydi. O‘zimni yozishga majburlagan kunim yozayotgan asarim hali xomligini anglayman.

Yozayotgan mavzularni qanday tanlaysiz?

— Men siyosiy jihatdan vaqt doirasida yashayotgan yozuvchiman. Ammo mening eng buyuk qidiruvim doimo ilohiy doirada bo‘lib kelgan. Bu mavzu mening har bir asarimda talqin qilinadi. Men bir vaqtlar o‘zimni barcha savolga javob bera olaman deb o‘ylaganman. Ammo bugun buning ilojsizligini tushundim. Binobarin, bu kurakda turmaydigan fikr bo‘lgan. To‘g‘ri, men buyuk ustozlardan yetib kelgan bilimlar asosida har narsani izohlab berishim mumkin. Ammo bu mening javobim bo‘la olmaydi. Haqiqat shuki, biz jumboqligimizcha qolamiz. Men bir narsaga aminmanki, biz o‘zimizdagi qobiliyatni eng yuqori darajada namoyon etish uchun tug‘ilganmiz. Buni esa o‘z ishingdan qanoatlanganingdagina uddalagan bo‘lasan. Agar sen samimiy bo‘lmasang, o‘zingni ham, atrofingdagilarni ham aldab yashaysan. Ammo bu uzoq davom etmaydi. Boisi — iblis saltanatining ham o‘z mantig‘i, qonun-qoidalari bor.

Sizni yangi kitob yozishga undaydigan yaratuvchanlik jarayoni nima?

— Men sizga bir yaxshi misol keltiraman. Men yaqindagina Yaponiyada bo‘lib o‘tgan kitob taqdimotidan qaytdim. Men u yerda ichi kovak g‘arov bo‘lagidan yasalgan g‘alati buyumni ko‘rdim. Buyumning vazifasi bug‘ularni hurkitib, ekinzorlarni payhon qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik ekan. G‘arovning ichi asta-sekin suvga to‘la boshlaydi. Suvga to‘lgach, g‘arovdan baland tovush chiqadi va bug‘uni hurkitadi. Men buni ijodkor bilan ro‘y beradigan jarayonning ramziy ifodasi deya tasavvur qildim. Chunki biz ham ma’lum bir vaqt yetganida to‘lganimizni his qilamiz va uni boshqalar bilan o‘rtoqlashishga ehtiyoj sezamiz. Buni sevgi yoki hayot bilan qovushish deb atasa ham bo‘ladi. Gap shundaki, adibni yozishga undaydigan kuch – bu o‘zi bilganlarini o‘rtoqlashish ehtiyojidir.

Shaxsan o‘zingizda bu “to‘lish” jarayoni qanday ro‘y beradi?

— Men to‘lishdan tashvishlanmay to‘laman. Barchasi hayotga bo‘lgan sevgimning mohiyatiga bog‘liq. Biror asarni yozgach, ikki yilcha tanaffus qilaman. Hech qanday qayd, biror satr yozmasam ham, tamomila hayot ixtiyorida bo‘laman, u bilan birga nafas olaman, unga moslashaman. Vaqti kelganida ich-ichimdan nimanidir his qilaman. U menga og‘irlik qila boshlaganida yozishim zarurligini his qilaman.

Siz bunga tayyor ekaningizni qanday aniqlaysiz?

— Faqat his qilish kerak.

Boshqacha qilib aytganda, siz hayotdan olasiz va bir muddatlik fikr musaffoligidan so‘ng uni namoyon qilasiz.

— Bu alkimyodagi muqarrar formula: avval eritmaga, so‘ng to‘yingan quyuq moddaga aylanib va nihoyat, yana erimoqlik. Bu nafaqat yurak mexanizmi, balki tabiatdagi turli hodisalarning yuzaga kelish va davom etish tartibiga ham o‘xshaydi.

Ijod uchun belgilagan muayyan vaqtingiz bormi yoxud bu masalada rejasizmisiz?

— Men ijoddan tashqari barcha masalada rejasiz ish tutaman. Maktabdan olgan yagona ijobiy tarbiyam – bu tartib-intizom. Ba’zida miyamda allaqachon taniqli yozuvchiligim, yozishga majbur emasligim to‘g‘risidagi fikrlar junbishga kelib qoladi. Bu shunchaki dangasalik uchun bahona. Boshlanish – har ishning eng mushkul pallasi. Men qaysidir asarni yozishga kirishdimmi, uni yozishdan to‘xtamayman. Xoh parvoz chog‘ida, xoh aeroport yoki mehmonxonada bo‘lsin, yozaveraman. Men birgina “Veronika o‘lishga qaror qildi” asarimning yozilish jarayonidagina bu tartibni buzganman. Yana bir qoidam borki, garchi uni ko‘p buzishga majbur bo‘lsam ham, men mana shu yerda, Braziliyada, Kopakabana sohillarida ijod qilishni xushlayman.

Ammo ijodingizning bir qiziq jihati bor. Asosiy asarlaringiz ispan madaniyatidan ilhomlanish ta’sirida yozilgan.

— Xuddi shunday. Bu menga xos yana bir ziddiyatdir. Bolaligimda ispan enagam bo‘lar edi. O‘sha enaga bu mamlakatga bo‘lgan tuyg‘ularim muallifidir. O‘shandan buyon mening jamiki tasavvurlarim hamda qarashlarim o‘sha zaminga yo‘naltiriladi. Ammo ularni yaqqolroq ko‘rish uchun undan uzoqda bo‘lishga majburman. Men Braziliyada tug‘ilganim, braziliyalik bo‘lganim bilan faxrlanaman, shu bois ham shu yerda ijod qilishga muhtojman.

Siz uchun braziliyalik bo‘lish nimani anglatadi?

— Bu unumdor zaminda, tub aholining, turli millatlar qurshovida, diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi tarbiya orqali kamol topgan ko‘ngil bilan musiqa, raqs va she’riyat ta’sirida namoyon bo‘ladigan jamiki mo‘‘jizalardan hayratlanib yashashi degani.

Ammo bugungi Yevropa bunday bag‘rikenglik va qarashlardan voz kechdi.

— Tamomila voz kechdi deyish xato. Unutdi desak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Asarlaringizni tinimsiz tanqid qilayotganlarga munosabatingiz?

— Mening ishim yozish bo‘lgani kabi, tanqidchilarning vazifasi tanqid qilish. Ular doimo yozuvchilarga yordam berib kelishgan. Kimningdir biror romanimga yozgan taqrizidan xafa bo‘lgan emasman. Men doimo oddiy, hamma uchun tushunarli tilda yozganim bois ham ko‘pchilik tanqidchilar meni yozishni bilmaslikda ayblashadi. Men asar yozishning muayyan aniq yo‘li bor deb o‘ylamayman. Har bir yozuvchining shaxsiyati, o‘ziga xosligi hamda o‘quvchisi bo‘ladi. Shu vaqtga qadar hech bir tanqidchiga nisbatan gina-kudurat saqlamaganman. Ular bilan doimo qadrdonlardek, jilmayib so‘rashaman. Taniqli yozuvchi ekanligimdan havolanmayman. Men hali ham ilgarigi kabi samimiy odamlarning do‘stiga aylangim keladi.

Ammo sizning noshirlar bilan kelishmovchiligingiz to‘g‘risida ko‘p eshitganman.

— Buni izohlashga harakat qilaman. Bir kuni tanishlarimdan biri mening kitoblarimni Hindistonga Buyuk Britaniyadan olib kelib sotishayotgani to‘g‘risida gapirib qoldi. Qiziqib ko‘rsam, kitoblarim 15 dollardan sotilayotgan ekan. Vaholonki, bu mamlakatda badiiy kitobning o‘rtacha narxi 3 dollar. Men shu bois portugaliyalik noshirim bilan tortishganman, unga kitoblarni o‘sha yerda chop qilishimiz lozimligi to‘g‘risida aytganman. Bu voqea boshqa bir qator Lotin Amerikasi hamda Afrika davlatlarida ham kuzatilgan. Bir qancha tortishuvlardan so‘ng kitobxonlarga qulay bo‘lsin uchun kitoblarni o‘sha yerda nashr qilganmiz.

O‘spirinlik yillaringizda kimni qahramon deb bilgansiz?

— Men uchun ikki buyuk inson bo‘lgan. Qo‘shiqchi Jon Lennon hamda yozuvchi Jorj Luis Borxes. Bolaligimda u bilan uchrashishni shu qadar orzu qilar edimki, oxir-oqibat bu buyuk inson bilan uchrashishi uchun avtobusga o‘tirib Rio-de-Janeyrodan Argentinaga yo‘l oldim. Menga berilgan manzil bo‘yicha keldim. Adib uyi qarshisidagi mehmonxona hovlisida, kursida o‘tirardi. Men unga yaqinroq bordim. Men u bilan suhbatlashish uchun ikki kecha-kunduz yo‘l bosib bu yerga kelgandim. Ammo uning salobati tufayli bo‘lsa kerak, mum tishlab qoldim. O‘z-o‘zimga “Men o‘z yo‘lchi yulduzim bilan yuzma-yuz turibman. Yulduzlar esa hech qachon gapirmaydilar. Ular bilan pinhona gaplashish mumkin,” deb taskin berdim.

Bu sizning hayotingizdagi tub burilish bo‘lgan bo‘lsa kerak?

— Shak-shubhasiz. Mening ijodimda Borxes katta ahamiyatga ega. Uning nasriy va nazmiy asarlarini takror-takror sevib o‘qiyman. Hattoki, garchi yoshimiz o‘rtasidagi farq katta bo‘lsa ham, men u bilan bir kunda – 24 avgust kuni, bir burj ostida tug‘ilganimdan faxrlanaman.

Qahramonlaringizga qanchalik o‘xshaysiz?

— Ularning barchasida o‘zimni tasvirlaganman. Menga o‘xshamagan yagona qahramonim – bu alkimyogar.

Sabab?

— Boisi — alkimyogar hamma narsani biladi. Mening esa o‘rganishim lozim bo‘lgan narsalar ko‘p. “Alkimyogar”dagi cho‘pon obrazida ham o‘zimni tasvirlaganman. Yoxud Fotimani menga ham qiyoslasa bo‘ladi. Qolgan asarlarimdagi barcha bosh qahramonlar mening ichki olamimga tegishli xarakterlar ifodasidir. Men, ayniqsa, ikki asarim – “Valkiriya” va “Ziyorat”dagi qahramonlarni to‘laligicha o‘zimman deyishim mumkin.

O‘zingizni ziyoratchi ijodkor deb bilasizmi?

— Har bir yozuvchi harakatda bo‘lishi kerak. Hech bo‘lmaganda zohiran. Adabiyotning eng go‘zal namunalari bo‘lmish “Ilohiy komediya” ham, “Don Kixot” yoki “Iliada” ham, muqaddas diniy kitoblar ham uzoq safar va ziyoratlarning mevasi bo‘lgan. Ziyorat bizni poklaydi. Shu bois ham uni qayta tug‘ilishga qiyoslasa bo‘ladi.

Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 12-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.