background
logotype

Po‘lat Saidqosimov: “San’at faqat tirikchilik vositasi emas!” (2009)

O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov psixologik murakkab rollar ustasi sifatida nom qozongan. O‘ziga xos ovoz egasi bo‘lgan san’atkor yarim asrdan oshiq vaqt mobaynida kino va teatrda yuzlab rollarni maromiga yetkazib ijro etdi. U talqin etgan obrazlar codda va samimiyligi, hayotiyligi, betakror nutqi bilan ajralib turadi. Aktyor ijrosidagi Abu Rayhon Beruniy, Abdulatif, Avrangzeb, Mirzakarimboy, Muhammad chatoq kabi rollar kino va teatrimizning yorqin obrazlari deya e’tirof etiladi.

– “Go‘daklikdan ma’lum har odam, Bola boshdan degan gap to‘g‘ri...” deb yozadi Sergey Yesenin. Po‘lat aka, siz ham bolalikdan aktyor bo‘laman deb maqsad qilganmidingiz? Yoki san’at olamiga tasodiflar olib kelganmi?

– San’atga kirib kelishimni tasodif emas, taqdiri azal deb aytgan bo‘lardim. Ko‘ngilga san’atkor bo‘laman degan ishtiyoq ko‘cha changitib yurgan bolalik davrimda tushgan. O‘zbekiston xalq artisti, teatrimizning darg‘alaridan biri Qudrat Xo‘jayev qo‘shnimiz edi. Mahalla-ko‘yda hamma boshqacha hurmat ko‘rsatadigan bu insonga ixlosim baland edi. Shu kishi sharofatidan bolalikdanoq dunyoda teatr degan mo‘’jiza borligidan voqif bo‘ldim. O‘smirligimiz Abror Hidoyatovning Otellosi rosa dovruq qozongan paytlarga to‘g‘ri kelgan. “Otello” spektakliga kirish uchun tomoshabinlar joy talashib, bir-biri bilan yoqalashishgacha borardi. O‘sha mahallar Hamza teatriga Shekspir yurti – Angliya parlamentidan mehmonlar kelardi. Abror akaning ijrosini ko‘rgan inglizlar hayratdan yoqa ushlaydi, hatto bizning mamlakatda ham Otelloni bunchalik o‘ynay oladigan aktyor yo‘q deb tan berib ketishardi.

Butun zalni sehrlab olgan aktyorlarning ijrosini ko‘rgandayoq men ham san’atkor bo‘laman degan qat’iy qarorga kelganman. Shuning uchun ham o‘rta maktabni bitirib, hech ikkilanmasdan Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutiga hujjat topshirdim. 1954 yili o‘qishni bitirib, Samarqandga yo‘llanma oldim. Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat teatrida kuchli aktyorlar jamlangandi. Bu dargohda ishlash menga katta maktab bo‘ldi.

– San’at yo‘liga qadam qo‘yishingiz qanday kechgan? Aktyor bo‘laman degan qaroringizga oilada e’tirozlar bo‘lmaganmi?

– Ota-onam soddadil, halol insonlar edi. Pokiza luqma bilan, to‘g‘ri tarbiya berishgani uchun ham farzandlaridan ko‘ngli to‘q edi ularning. Otamning do‘konlari bor edi. U kishi savdo-sotiq qilib ro‘zg‘or tebratganlar. Onam esa butun umrini bolalar tar­biyasiga bag‘ishlagan munis ayol edi. Aktyor bo‘laman deganimda har ikkilari duo qilib unib-o‘sishimni tilashgan.

– San’atkor o‘z yo‘lini topishi uchun ustozlarning sabog‘i va duosini olishi – “maktab ko‘rishi” kerak. Siz kimlarning maktabini ko‘rgansiz?

– Shukrki, ustozlardan yolchiganman. Uch yil Samarqandda ishlab, Toshkentga – Hamza teatriga kelgan paytimda O‘zbekiston xalq artisti Etim Bobojonovning qo‘liga tushdim. Etim aka maktabida teatrning ko‘p sinoatlarini o‘rgandim. Rejissyorlik, aktyorlik va pedagoglikni baqamti olib borgan bu inson ko‘p iste’dodlarni ro‘yobga chiqardi. Ijodiy faoliyatim davomida Qudrat aka Xo‘jayevdan ham saboqlar oldim. Qudrat aka salbiy rollarni qo­yilmaqom o‘ynardi. Rol aktyorga emas, aktyor rolga ta’sir ko‘rsatishi kerak deyishadi-ku. Qudrat aka ana shunday iqtidor egasi edi.

Avvalo, ishonchni oqlab, ustozlarga shogird tushib olishning o‘zi bo‘lmasdi. Keyin esa shogird­lik mashaqqatlariga sabr qilish kerak edi. Temir intizom, talabchanlik, tinimsiz repetitsiyalar... Bunga hamma ham bardosh berolmasdi. Lekin ana shu qiyinchiliklarni bosib o‘tmasdan turib, san’atning chinakam saroyiga kirib bo‘lmasdi.

Ustozlarimiz dili va tili bir, ijodni e’tiqod va hayot mazmuniga aylantirgan zotlar edi. Misoli xazina edi ular. Katta san’atkorlar bergan saboqlarni unutib bo‘larkanmi! “Aktyor qanchalik mahorat bilan o‘ynayotganini bilish uchun sahna bilan tomoshabin o‘rtasida qalin oyna qo‘yish kerak” – degandi ustozlardan biri. – “Garchi ovozi eshitilmasa ham, zal uning harakatlaridan voqelikni anglayaptimi, ana uni mohir aktyor deyish mumkin”. Ishonchim komilki, hozir ham mazkur mezonga javob beradigan aktyorlar u qadar ko‘p emas.

– Umri teatrda o‘tib, kinoda rol o‘ynolmagan aktyorlar bor. Yoki aksincha – kinoda shuhrat qozonib, teatr ostonasidan hatlay olmagan san’atkorlar qancha. Sizga esa ham kino, ham teatrda o‘ynash nasib qildi. Rollar borasida armoningiz qolmagan bo‘lsa kerak?

– Falon rol armon bo‘lib qoldi desam noshukurlik bo‘lar. Kinoda ham, teatrda ham ketma-ket yaxshi asarlarda ishtirok etdim. Bu jihatdan o‘zimni peshonasi yarqiragan aktyor deb aytaman. Vaqti kelganda, bitta rol uchun o‘nlab da’vogarlar bilan bellashgan vaqtlarimiz bo‘ldi. “Gamlet”dan rol olish juda qiyin edi – menga Gersogni ishonib topshirishdi. «Mirzo Ulug‘bek» spektaklida Abdulatif, “YUlduzli tunlar”da Qosimbek, “Zebuniso”da Avrangzebni o‘ynadim. Kinoda Beruniy, Zavqiy kabi ulug‘ zotlar obrazini yaratdim. “Qutlug‘ qon” filmida Mirzakarimboy, “Girdob”da Muhammad chatoq, “Diyonat”da Otaqo‘zi... Eh-he, yosh bir joyga borib, mundoq sarhisob qilsam, kino va teatrda juda ko‘p yaxshi asarlarda o‘ynash nasib qilibdi.

– Suhbatlardan birida aktyorning o‘zi bilan olib ketadigan roli bo‘lishi kerak degandingiz. Chindan ham, katta san’atkorlarning har biri o‘z qahramoniga ega. Oradan qancha yillar o‘tgan bo‘lsa ham, Olim Xo‘jayevni Alisher Navoiy, Abror Hidoyatovni Otello, Zaynab Sadriyevani Farmon buvi, ўani A’zamovni Mo‘min, Obid Yunusovni O‘tkuriy siymosida eslaymiz. Siz qaysi rolingizni “o‘zimniki” deb aytgan bo‘lardingiz?

– Vaqt o‘tgandan keyin avlodlar aktyorni eslaganda bitta yoki ikkita rolini e’tirof etadi. Vaholanki, u hayoti davomida yuzlab obrazlar yaratgan bo‘lishi mumkin.

Aslida, rollar ham farzanddek gap. Shu ma’noda barcha – katta-yu, kichik obrazlarim birdek qadrli. Ammo odamlar yodida qolgan yorqin rollar sifatida Abu Rayhon Beruniy, Mirzakarimboy va Muhammad chatoqni aytaman. Ayniqsa, Mirzakarimboy obrazi qi­yinchiliklar bilan ro‘yobga chiqqani uchunmi, juda ko‘ngilga yaqin. Ochig‘i, 42 yoshimda 68 yashar keksa boy obrazini ochib berish oson bo‘lmagan. Ammo mehnatga yarasha ijro ham yomon chiqmagan, chog‘i. Hozirgacha muxlislar meni Mirzakarimboy deb chaqirishadi.

– Milliy teatr xususida... Uzoq yillar ana shu dargohda ishlagan san’atkor sifatida teatrning bugungi holatidan qoniqasizmi?

– Yashirib nima qildim, milliy teatrning bugunidan qoniqmayman. Teatrimizga milliy maqom berilgan. Demak, sahnaga olib chiqilayotgan spektakllar ham ana shu rutbaga munosib bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, “Daraxtlar tik turib jon beradi”, “Bir qadam yo‘l”ga o‘xshagan yaxshi sahna asarlari qo‘yilayapti. Lekin umuman olganda, teatr tomoshabin saviyasini ko‘tarish o‘rniga tobora o‘tmaslashib borayotgan didga moslashayotgandek. “Agar pesa kuchsiz bo‘lsa, uning sahnadan tushishiga yordamlashish kerak. Kim biladi, balki sahnaga chiqib olgach, tushishga kuchi yetmayotgandir” deydi teatrning dar­g‘alaridan biri. Hazilomuz aytilgan bu gapda achchiq haqiqat bor...

Ustozlarimiz belgilab bergan mezonlar juda baland ekanmi yoki o‘zimiz ham juda talabchan bo‘lib ketdikmi, san’atga yangi kirib kelayotgan yoshlar orasida tug‘ma talantlisi, yarq etib ko‘zga tashlanadigani kam. Aslida-ku, aktyorlar ancha ko‘payib qolgan. Davralarda hech kimga gap bermayotgan yoshlarni ko‘rib qolamiz. Kim ekan bu deb surishtirsak, u “mashhur” san’atkor bo‘lib chiqadi...

Ustoz san’atkorlar spektakl boshlanishidan besh-olti soat oldin kelib unga hozirlik ko‘rishardi. Hozir-chi? Ayrim aktyorlar o‘n daqiqa qolganida amal-taqal qilib yetib kelib, rolini o‘ynaydi-yu, keyin to‘yga shoshadi. To‘y or­qali tanilaman, san’atda biror natijaga erishaman degan odam adashadi. Bunaqa yo‘l bilan faqat omonat obro‘-yu, o‘tkinchi davlatga erishish mumkindir. Ammo san’at faqat kun ko‘rish, pul topish vositasi emas!

Nazarimda, san’atga kirib kelayotgan yoshlarga ijro mahoratidan ham avval sahna mas’uliyati, ijodkor xulq-atvori kabi muhim jihatlarni o‘rgatish kerak.

– Bugungi kino san’atiga qanday baho berasiz? Bir marta namoyish etilar-etilmas ekrandan tushib ketayotgan arzon-garov filmlar o‘rniga dunyo kino bozoriga chiqadigan umrboqiy filmlar yaratish vaqti kelmadimikin?

– Klassika darajasida yangi kinokartinalar yaratish kerak, albatta. Amir Temur haqida badiiy film olindi. Kartina uchun davlat tomonidan kattagina mablag‘ ajratilgandi. Lekin... Amir Temur – dunyo tan olgan sarkarda! U haqda olingan film ham jahon tan oladigan saviyada bo‘lishi kerak! Tariximizda film qilish mumkin bo‘lgan, tayyor kinomateriallar ko‘p. Masalan, qo‘rqmas sarkarda Jaloliddin Manguberdi to‘g‘risida baquvvat film ishlash mumkin.

San’at – pokiza tushuncha, unga pul, ta’ma, g‘araz aralashdimi, u tijoratga aylandi deyavering! Xususiy studiyalarning yengil-elpi kinolari ko‘payayotganidan men ham tashvishdaman. Pul tikaman degan hotamtoy topilsa bas, s’yomkaga tushib ketishayapti. Natijada “xontaxta” deysizmi, “tijorat”mi – bir martalik filmlar ko‘payib borayapti. Filmlarning tezkorlik bilan olinayotganini aytmaysizmi! Haligacha ohorini yo‘qotmagan, katta-yu, kichik tomoshabinni hayratga solayotgan filmlar, deylik, “Nas­riddin Buxoroda” kartinasi bir necha yil davomida olingan. Hozir esa uddaburon ijodkorlar bir badiiy filmni o‘n besh-yigirma kunda olib qo‘yishayapti. Film shoshma-shosharlik bilan olingach, saviya ham shunga yarasha bo‘ladi-da. Kinoijodkorlar ko‘paygani yaxshi. Ammo kinoni konveyerga aylantirib yubormaslik kerak.

– Gap aylanib, rejissuraga kelib taqalmoqda. Aktyor sifatida hali yo‘lini topib ulgurmasdan rejissyorlikda o‘zini sinab ko‘rayotganlar bor. Bu esa muxlislar tasavvurida rejissyorlik har kim eplay oladigan ish ekan-da, degan qarashni shakllantirayotgandek...

– Aktyor agar rejissurada kuchini sinab ko‘rmoqchi ekan, mayli, bir ko‘rsin sohaning past-u, balandini. Ammo rejissyorlik da’vo qilayotgan vallomatning odamlarga aytadigan so‘zi yo‘q bo‘lsa, unda o‘zini ham, tomoshabinni ham ovora qilmagani ma’­qul. Odam biror universitetda o‘qib shoir yoki Yozuvchi bo‘lib qolmaganidek, san’at instituti diplomini olish bilan ham rejissyorga aylanmaydi. Tug‘ma iste’dod egasi, ko‘nglida dardi bor hassos odamdangina chinakam rejissyor yetishib chiqadi. Komil Yormatov, Nabi ўaniyev ana shunday ijodkorlar edi. So‘nggi yillarda Zulfiqor Musoqov yaxshi asarlar oldi. Yoshlardan Ayub Shahobiddinov, Yolqin To‘ychiyev o‘z yo‘lini topishga intilayapti.

– Kinoasarning muvaffa­qiyati ko‘p jihatdan uning adabiy negizi – ssenariyga bog‘liq. Yaxshi kartinalar uchun balki mahorat bilan yozilgan ssenariylar yetishmayotgandir?

– Ilgari katta Yozuvchilar ham kinossenariyga ming bir istihola bilan qo‘l urishardi. Hozir oson bo‘lib qoldimi, ul-bul mashq qilib yurgan boshlovchi ijodkorlar ham ssenariy yozishga tushib ketishdi. Avvallari adabiyotda shov-shuv bo‘lgan asarlar tez fursatda kino va teatrga ko‘chardi, ular asosida spektakl va kinokartinalar yaratilardi. Adabiyot va san’at ahli juda yaqin ijodiy hamkorlikda ishlardi. Nazarimda, bugun ana shu hamkorlik ancha susayib qolgandek.

Ammo so‘nggi yillarda Yozuvchi Erkin A’zam asarlari asosida yaxshi filmlar olindi.

Kino rivojida munaqqidlikning ham o‘rni katta. Xuddi adabiyotshunoslikda bo‘lganidek, kinoda ham badiiy filmlarni tahlil qiladigan, saragini sarakka, puchagini puchakka chiqaradigan, aktyorning yutug‘i-yu, kamchiligini ko‘rsatib beradigan xolis tanqidchilar suv va havodek zarur.

Abdul Bosit suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.